Qadim zamonda bir savdogarning erka oʻgʻli bor ekan. Bola otasi hayot vaqtida uydagi yaxshi-yaxshi narsalarni koʻchaga chiqarib, oʻzining doʻstlariga berar, ularni kunda ziyofat qilib yurar ekan. Qazo ajal oʻqini otib, savdogarni olib ketibdi. Hovlida savdogarning koʻcha kezar oʻgʻli onasi bilan qolibdi.
Lekin bu ahmoq bola kap-katta yigit boʻlguncha savdogar otasidan qolgan dunyoni qirq doʻstiga va bir boyga yedirib, oxiri na uyida, na qoʻlida bir chaqasi qolmabdi.
Kunlardan bir kun onasi:— Bolam, bir ishning boshini tut, uydagi narsalarni kul supurganday supurib boʻlding, otangdan qolgan dunyolarni palapartish sarflab bitirding.
Endi kap-katta yigitsan, roʻzgʻorga qarash, — debdi.
— Ey, ona, mening qirq joʻram bor, har qaysisinikiga berib bir kundan mehmon boʻlsam, qirq kunim, ikki kundan mehmon boʻlsam sakson kunim oʻtadi, ishlab nima qilaman?
— debdi oʻgʻli.
— Mayli, bolam, borib koʻr-chi, qaysi oshnang yaxshi kutib olar ekan, — debdi onasi.Ertasi kuni savdogarvachcha bir doʻstining uyiga borib mehmon boʻlmoqchi boʻlgan ekan, uning qoʻlida hech nimasi yoʻqligini bilgan doʻsti uyiga kelib xotiniga: «Agar meni soʻrab falon kishi kelsa, uyda yoʻq, oʻzi kelganda kelarsiz, deb ayt», debdi.Bir mahal savdogarvachcha kelib eshikni qoqqan ekan, doʻstining xotini eshikni ochib:— Uyda yoʻqlar, oʻzlari kelganlarida kelarsiz, — deb, eshikni qattiq yopib kirib ketibdi.
Savdogarvachcha esa tilini tishlab qolaveribdi. Yurib-yurib yana bir doʻstinikiga borsa, bundan ham battar ahvolga duch kelibdi. Xullas, birma-bir qirq doʻstining uyiga borgan ekan, hech qaysisi uni bu yoqqa kel demabdi. Savdogarning oʻgʻli och, tinkasi qurib uyiga qaytibdi. Onasi oʻgʻlining ahvoliga achinib, otasidan qolgan-qutgan pullarini yigʻib beribdi-da:— Bolam, endi bor-yoʻq pulimni berdim.
Boshqa hech narsam yoʻq, aql bilan sarfla, behuda yurma, — debdi.Bola sevinib, pulni choʻntagiga solib, yana koʻchaga chiqib, qirq joʻrasini topib ziyofat qilibdi. Qolgan-qutgan pulini ham yigitlarning boshligʻi — boy aldab-suldab olibdi.
Shunday qilib, savdogarning oʻgʻli yana ikki qoʻlini burniga suqib onasining oldiga boribdi. Onasining unga berishga sariq chaqasi ham qolmagan ekan.Boy har kuni xotiniga kelib allaqaysi yigitni aldab pulini olganini aytar ekan. Boyning xotini bir kuni savdogarning oʻgʻlini uyiga chaqirib, bunday debdi:— Sen meni oʻzingga xotin qilib ol, men seni boy qilaman.Bu gapni eshitib savdogarvachchaning ogʻzi qulogʻiga yetibdi.
— Bor endi ketaver, ertaga shu mahal yana kel, — deb boyning xotini bir lagan tilla berib joʻnatibdi.Savdogarvachcha tillani olib toʻgʻri boyning oldiga boribdi-da:— Mana tilla, yana maishat qilamiz, — debdi. Yigʻilishibdi qirq yigit, qurilibdi katta bazm, boʻlibdi hangoma, jaranglabdi gulkosa, ichilibdi sharob, itlar ketibdi koʻpisining ogʻzi-burnini yalab.Ertasi kuni savdogarvachcha yana boyning xotini oldida hozir boʻlibdi.
U yigit bilan oʻynabdi, kulibdi, vaqtini xushlabdi va yigit ketishi oldida yana bir lagan tillani berib:— Ertaga yana shu mahal kel, — deb yigitni kuzatib qoʻyibdi.«Aqlsiz bugunini, aqlli ertasini oʻylar», degan gap juda ham toʻgʻri ekan. Savdogarvachcha bir lagan tillani koʻtarib yana yigitlarning joʻraboshisi — boyning oldiga boribdi. Bugun ham kechagidek, qurilibdi gurung, boʻlibdi vasvasa, aljirabdi ogʻiz, soʻyilibdi qoʻy semiz.
Harom pulning qadri yoʻq ekan, qirq yigit savdogarvachcha topib kela yotgan pullarni bebiliska sarflashaveribdi.
Kunlardan bir kuni boy savdogarvachchaga:— Sen qanday qilib buncha pulni topib kelayotibsan, axir puling tugab qolgan edi-ku?
— debdi, yigit:— Meni bir xotin yaxshi koʻrib qoldi, har kuni u meni mehmon qiladi-da, qaytishimda bir lagan tilla berib, yaia shu mahal kel, deydi, — debdi. Boy qiziqib xotinning rang-roʻyini, hovli-joyini soʻragan ekan, savdogarvachcha hammasini, roʻyirost aytib beribdi. Boy nima deyarini bilmay hayron qolibdi.Boy savdogarvachchani «aldab pulini olib yuribman», desa, aldanib yurgan ekan. Bu gapni sir tutibdi, savdogarning oʻgʻli bilan xotinini bir yerda tutib oʻldirishga qasd kilibdi va yigitga:— Yana qachon borasan sevgiling oldiga?
— deb soʻrabdi.
— Shu bugun kechqurun boraman, — debdi u. Boy bu gapni ichiga tugib qoʻya beribdi.Savdogarvachcha xotin aytgan mahalida uning yonida hozir boʻlibdi. Boyning xotini uni ichkari kiritib, u bilan rosa oʻyin-kulgilar qilib oʻtirganlarida, eshik taqillab qolibdi. Boyning xotini yigitni toʻrda turgan temir arja ga solib qoʻyibdi-da, borib eshikni ochib, erini izzat-ikrom bilan kutib olibdi. Boy xotiniga bildirmay hamma yerni qarab chiqibdi, lekin hech yerda yygitni koʻrmay yana qaytib ketibdi.
Eri ketganidan keyin boyning xotini yigitga bir lagan tilla berib, yana ertaga kelishini aytib, joʻnatibdi.Savdogarvachcha bugun ham bir lagan tillani olib borib boyga beribdi va:— Bugun bir xudo asradi, naq qoʻlga tushay deb qoldim, — debdi.
— Qanday qilib qutulding?
— debdi boy.Yigit hammasini gapirib beribdi. Boy ichidan zil ketib yigitdan soʻrabdi:— Endi qachon borasan?
— Yana oʻsha vaqtda, — debdi yigit.U boyning xotini aytgan mahalda yana boribdi. Boy ham uning izi bilan boraveribdi. Xotin yigitni uyiga kiritib, endi vaqtixushlik qilmoqchi boʻlib turganida boy eshikni qoqibdi. Xotin yigitni suv kadiga solib hovuzga oqizib qoʻyibdi-da, eshikni ochib boyni kutib olibdi. Boy hamma yerni tintib chiqibdi. Arjani ham ochib qarabdn.
Biroq, yigitni topa olmay xunob boʻlib, yana bazmga ketibdi. Boy ketganidan keyin xotin yigitni hovuzdan chiqarib olib, ketar vaqtida yana bir lagan tilla berib joʻnatibdi.Savdogarvachcha bu gal ham bir lagan tilla bilan boyning oldiga kelib boʻlgan voqeani soʻzlab beribdi. Boy boʻlsa rosa dargʻazab boʻlib, suv kadini qaramaganiga mingda bir pushaymon boʻlib, gurungni buzmasdan oʻtiraveribdi. Oxiri chiday olmasdan:— Ertaga yana borasanmi?
— deb soʻrabdi.
— Ha, boraman, — debdi yigit.Savdogarning oʻgʻli kelishilgan mahalda yana boribdi. Xotin uni rosa izzat-ikrom bilan kutib olib, koʻigli toʻyguncha oʻynashibdi. Yigitni endi kuzatay deb turganida eri eshikni qoqibdi. Xotin yigitni osma savatga solib, osib qoʻyibdi.Eriga eshik ochib, uni kutib olibdi, eri ham hamma joylarni tintuv qilib, yigitni topa olmay xunob boʻlib oʻtiraveribdi. Ikkisi ham savat osilgan uyda allavaqtgacha churq etmay oʻtirishibdi. Bir mahalda savat uzilib ketib ularning ustiga tushibdi.
Shu zamonnyoq xotin: «Voy, bu na balo, bolam tushadigan boʻldi-ku», deb erining ustiga oʻzini tashlab, koʻylagi bilan erining boshini bekitibdi-da, yigitni qochirib yuboribdi.
Lekin yigit bugun pulsiz ketibdi. Ertasi kuni boyning oldiga yigit quruq borgan ekan, boy:— Ha, inim, nima gap?
— debdi.
— Ey, soʻramang, bir oʻlimdan qoldim, — deb hamma voqeani aytibdi.Boy osma savatni qaramaganiga va xotinining hiylasiga ichi yonib, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib oʻtiraveribdi. Boy hech chiday olmay oxiri qoziga borib, xotini va savdogarning oʻgʻli ustidan arz qilibdi. Qozi esa:— Agar yigit boʻyniga olmasa unda sen nima qilasan?
— debdi.Boy esa:— Agar yigit menga aytgan gaplarini sizga ham aygib bersa, menga xotinimni ham, yigitni ham shu payt oʻldirishga guvohlik berasiz, agar aytmasa mening boshim oʻlimda, — debdi.Qozi bu masalaga yigitning onasi bilan xotinning ikki akasini chaqirishibdi. Ularga voqeani aytishgap ekan. Ikki akasi:— Agar singlimiz haqiqatan ham yomon yoʻlga kirgan boʻlsa, yigitni ham, singlimizni ham oʻldiramiz, bordi-yu, bu gaplar yolgʻon boʻlsa seni oʻldiramiz, — debdilar boyga.Qozi muhrlangan qogʻozni boyga va yigitning onasiga, qizning ikki akasiga beribdi.
Boy yigitni uyiga mehmopga chaqirishini va ziyofat vaqtida yigitni soʻzlatishini aytibdi. Hammalari rozi boʻlibdilar. Boy yigitni mehmonga chaqirish uchun ketibdi. Yigit kechqurun boyning oldiga kelgan ekan, boy:— Seni bir yerga mehmonga olib borsam, sen rosa qiziq gaplar aytib gurungni qizitar eding, sharti shu: haligi xotin bilan boʻlgan hangomalaringni ham aytib berasan, — debdi.
— Jonim bilan aytib beraman, olib boravering, — debdi yigit.Qorongʻi tushib, yulduzlar chiqqanda boy yigitni oʻz uyiga boshlab boribdi.
Lekin xotinini va yigitning onasini boshqa uyta kiritib, chiqmaslikni shart qilib qoʻyibdi.Ziyofat rosa qizibdi. Boy yigitga qarab:— Endi sen bizga bir qiziq narsalar aytib ber, — debdi. Yigit aytishga shaylanib, oʻzining tugʻilganidan to stasining topgan-tutganini sarflaganigacha aytib boʻlib, endi oʻzining boy xotini bilan boʻlgan voqeasini aytishga kirishganida, bular oʻtirgan uyning bir teshigidan xotin yigitga koʻrinibdi va «aytma» degan imo-ishora qilibdi. Yigit gapini shartta toʻxtatib qoʻyibdi.
Boy esa:— Ha, ha, ayt endi oʻsha goʻzal qizning senga tillalar berib sandiqqa, suv kadiga va osma savatga solib qoʻyganlarini, — debdi. Yigit ham yaxshilab oʻtirib olib:— Qaysi qiz meni sandiqqa, suv kadiga, osma savatga solibdi, nima, men jinni boʻlibmanmi sandiqqa kirib, suv kadida yotib, osma savatda osilib, — deb boyni jerkib tashlabdi.
Shu vaqt ikki yigit birdan oʻrnidan turib boyning ikki yonidan ikki pichoq urib oʻldirib yuboribdi. Bir qancha vaqt oʻtgandan keyin xotinni yigitga nikohlab qoʻyibdilar.