← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunPodsholarMehr-oqibatAql-zakovatJasoratOilaTijoratUzun

Xoʻjamurod

1720 soʻz

Bor ekan, yoʻq ekan, och ekan, toʻq ekan, boʻri bakavul ekan, tulki yasovul ekan, qargʻa qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, gʻoz karnaychi ekan, oʻrdak surnaychi ekan, tovuq qaq etdi, bilmadim qaqqa ketdi.Oʻtgan zamonda bir cholu bir kampir boʻlgan ekan. Cholu kampir oz emas, juda koʻp — roppa-rosa oʻn besh farzand koʻrishibdi. Ular oʻlib-oʻlib, bittagina farzandi qolibdi. Chol-kampir oʻylab-oʻylab, bolaning otini Xoʻjamurod qoʻyishibdi. Bola koʻp qiyinchiliklarda och qolib, toʻq qolib, oʻn yetti yoshga boribdi.

Ne-ne umidlar bilan oʻstirgan enasi ham oʻlib ketibdi. Otasi yosh, chiroyli bir qizga uylanibdi. Tirikchilikdan juda ham qiynalishgach, ota-bola ikkalasi bir boyning zigʻirini baholab olishibdi.

Kunlardan bir kuni zigʻir gʻarq pishganini koʻrgan ota-bola uni oʻrishga chiqishibdi. Zigʻir oʻrimining uchinchi kuni bir oʻq tekkan tuvaloq osmonda uchib kelib, toʻppa-toʻgʻri Xoʻjamurodning oldiga dumalab tushibdi.Xoʻjamurod darrov tuvaloqning kallasini uzib tashlab, zigʻir dastasining tagiga berkitib qoʻyibdi. Oʻzi hech narsani koʻrmagandek boʻlib, oʻrishni davom ettira beribdi. Bir vaqt uzoqdan osmonga chang koʻtarilibdi.

Ota-bola bundoq qoʻllarini peshonalariga qoʻyib tiklab qarashsa, bir mergan ot choptirib, bular tomon kelayotgan emish. Mergan Xoʻjamurodning oldiga kelib, «hormanglar!» debdi.Xoʻjamurod:— Ha, oʻzimoq turibman, — debdi. Mergan:— Hoy bola, shu tomonga yaralangan bir tuvaloq uchib keldimi?

— debdi.Xoʻjamurod:— Ha, zigʻirni ikki chorakka baholab olganmiz.

Shu arzonmi, qimmatmi?

— debdi.Mergan tutaqib:— Zigʻirni soʻramadim, bir tuvaloq oʻtdimi, deb soʻrayapman, — debdi.

— Otam charchab qoldi, oʻzim oʻryapman, — deb javob beribdi Xoʻjamurod.Mergan bir soʻkinib, otini choptirganicha keta beribdi.Kechqurun Xoʻjamurod haligi tuvaloqni qoʻygan joyidan olib, koʻtarib onasining oldiga kelibdi. Xoʻjamurod enasiga qarab aytibdi:— Mana bu tuvaloqni qaynoq suvda ivitib, patini yulib, osh qilib, ustiga bosib bering.Xoʻjamurodning ikkinchi enasining uchta oʻynashi bor edi. Enasi oʻylab turib: «Tuvaloqni xudo olgur Xoʻjamurodga pishirib berguncha, uni aldab, oʻynashlarimga tayyorlaydigan oshimning ustiga bosganim yaxshi emasmi», deb tuvaloqni yaxshilab pishirib, berkitib qoʻyibdi.

Keyin: «Pisht, hay pisht, yer yutgur, pisht», deganicha qichqirib, qargʻab tomning orqasiga yugurib qolibdi. Xoʻjamurod chopib kelib:— Ha, ena, nima boʻldi?

— deb soʻrabdi.

— Tuvaloqni pishirib qoʻysam mushuk oʻlgur opqochib ketdi, har qancha qilsam ham unga yeta olmay qoldim. Harom-oʻlgur, qoʻshnining ola mushugi juda yaramas chiqdi, — deb javob beribdi enasi.Enasining tuvaloqni berkitib qoʻyib, hiyla-nayrang qilayotganligini Xoʻjamurod payqagan ekan:— Ha, mayli, ena, tuvaloq kimga buyurgan boʻlsa, oʻsha yeydi-da. Mushukka nasib qilgan ekan, u yeya qolsin!

— dgb yenasini tinchlantirgan boʻlibdi.Ota-bola juda charchaganligidan, oʻsha kuni har kungidan koʻra ertaroq yotishibdi. Azon pallasida turishib, chala-chulpa choy ichishib yana zigʻir oʻrogʻiga joʻnashibdi. Bnr oz yurishgach, Xoʻjamurod otasiga:— Ota, meni ichim ogʻrib qoldi. Siz keta bering, bir ozdan keyin yetib olaman, — deb orqasiga qaytibdi.Uyga kelib, tomning ustiga chiqib olibdi. Buni hech kim payqamabdi. Xoʻjamurod tomning tepasida moʻridan uyning ichini kuzatib, poylab yota beribdi.

Bir vaqt enasining uch oʻynashi haybat bilan kirib kelibdi. Enasi ularni ikki bukilib, xursandchilik bilan kutib olibdi. Kayf-safo, maishat boshlanib ketibdi. Bazm avjiga chiqqanda ayol oʻynashlariga qarab:— Shoshmanglar, azizlarim! Haligi darbadar Xoʻjamurod bir tuvaloq urib kelgan ekan. Ena, pishirib, oshga bosing, degan edi, men uni aldab bekitib qoʻydim. Hozir osh qilib tuvaloqni osh ustiga bosib olib kelaman, — debdi.Shunda oʻynashlari:— Yoʻq, bizning vaqtimiz yoʻq.

Zangdagi zigʻirlarni oʻrgani ketayotibmiz, — deyishibdi.Xotin xiralik qilib:— Boradigan joylaringni aytinglar. Men oshni pishirib, oʻsha yerga olib boraman, — debdi.

— Biz doʻkonga chiqib uchta qovun olib, qovunni soʻyib karch qilib yeb, poʻchogʻini tashlab keta beramiz. Sen oʻsha poʻchoqqa qarab bizni qayerda ekanligimizni topib olasan, — debdi oʻynashlaridan biri.Uchta oʻynashi koʻchaga chiqib, uchta katta qovun olib, karch qilib yeb, poʻchogʻini tashlab ketaveribdi.Xoʻjamurod bu gapni eshitib olgan ekan, ularning orqasiga tushib, tashlagan poʻchoqlarini etagiga terib bu ham ketaveribdi. Xoʻjamurod choponini etak qilib poʻchoqni terib olibdi-da, keyin otasi ishlayotgan zigʻirpoyaga qarab ketibdi.

U yoʻl-yoʻlakay birma-bir poʻchoq tashlab ketaveribdi.Bir vaqt Xoʻjamurodning ikkinchi onasi seryogʻ oshni qilib, ustiga tuvaloqni bosib, tovoqni boshiga qoʻyib koʻchaga chiqibdi. Koʻchada onda-sonda tashlab ketilgan qovun poʻchoqqa qarab ketaveribdi-ketaveribdi, bir vaqt qarasa, oʻzining eri bilan Xoʻjamurodning oldidan chiqib qolibdi. Xoʻjamurod enasini koʻrib:— Hoʻ, barakalla, enajon. Oʻzi ham vaqtida keldingiz. Qorinlar juda ochgan edi. Nima ovqat olib keldingiz? Oshmi, qatlamami?

— debdi.Enasi noiloj oshni olib kelib, ota bilan bolaning oldiga qoʻyibdi. Xotin bundoq yon-atrofga qaragan ekan, bulardan uzoqda zigʻir oʻrayotgan uch oʻynashini koʻrib qolibdi. Xotin ularni tanib, Xoʻjamurodga:— Iya, oʻgʻlim, hu anavi uchta kishini ham ovqatga aytib kelsang boʻlmaydimi. Osh katta; hammangizga yetib-ortib ham qoladi, — deb qistayveribdi.Enasi hadeb qistayverganidan keyin Xoʻjamurod ola otini minib, choptirib, enasining uch oʻynashining oldiga joʻnabdi. Ularning oldiga borib:— Hoy odamlar, sanlar uchoving mening enamning oʻynashi ekansizlar. Buni otam bilib qopti, hozir enamni boplab adabini beryapti.

Keyin bu yerga kelib uchalangni birdan soʻyar ekan. Mening sizlarga rahmim kelib, ogohlantirgani ot choptirib keldim. Otam chopqir otini minib, shu tomonga yurib qolsa, oʻldim deyaveringlar. Yaxshisi, otam kelmasdan oldinroq jonlaringni saqlab qolinglar, — debdi.Xoʻjamurod otini choptirganicha qaytib enasining oldiga kelibdi. Enasiga qarab shunday debdi:— Ena, oʻroqchilarning oldiga borib, oshga yuringlar desam, unashmadi.Enasi unga bir xoʻmrayib qoʻyib, endi otasini qistabdi:— Boring oshga aytib keling.

Ular u yerda ishlab tursinu, sizlar bu yerda uyalmay ovqatlanasizlarmi? Uyalishayotgandir, qistasangiz, albatta kelishadi.Chol ham ola otga minib, oʻroqchilarning oldiga joʻnamoqchi boʻlib turganda, Xoʻjamurod:— Ota, men qaytayotganda ana u yerda bedani koʻrdim, oʻshani ham oʻrib olib keling deb otasining qoʻliga katta bir panshaxa beribdi. Otasi panshaxani qoʻliga olgan zamon bolasi otni qamchi bilan bir-ikki savalabdi. Qamchining zarbiga chiday olmagan ot cholni olib qochibdi.

Og toʻppa-toʻgʻri haliti oʻroqchilar tomonga quyundek uchib ketaveribdi. Buni koʻrgan uch oʻroqchi «bolaning aytgani toʻgʻri ekan, otasi panshaxa koʻtarib bizni oʻldirgani kelyapti» deb, qochib qolishibdi. Buni koʻrib chol orqasiga qaytibdi:— Tavba, oshga desa qochadi-ya! Hayronman. Xoʻjamurod u yoqqa agʻanabdi, oshdan olibdi, bu yoqqa agʻanabdi, oshdan olibdi. Qornini rosa toʻygʻazib, tovoqni enasining qoʻliga berayotib shunday debdi:— Barakalla, enajon. Oshni rosa boplabsiz, mazza qilib yedik.Enasi ichida: «Osh yemay zaharni yegin!»

debdi-da, jahl bilan tovoqni olibdi. Kech kirgach, uchovlari uyga qaytishibdi. Ota-bola oʻz joylariga yotishibdi, ertan-azonda oʻrinlaridan turib naridan-beri choy ichib tagʻin zigʻir oʻrgani joʻnashibdi.Bir oz yurganlaridan keyin Xoʻjamurod yana:— Ota, mening ichim ogʻrib qoldi, siz boravering, men ichim bosilgach, yetib boraman, — debdi.Otasi: «Xoʻb, bolam», deb ketaveribdi. Xoʻjamurod toʻgʻri uyiga kelib, tomga chiqibdi-da, moʻrining yonida uy ichiga quloq solib oʻtiribdi.

Xoʻjamurodning bu ishini bu gal ham hech kim payqamabdi. Bir payt eshikning sekin-sekin taqillagani eshitilibdi. Enasi borib eshikni ochibdi. Ichkariga yana haligi uch odam kirib kelibdi. Enasi ularni izzat-ikrom bilan kutib olib, toʻrga solingan qalin koʻrpa-toʻshak oʻrindiqqa oʻtqazibdi. Choy qaynatib, dasturxon yozibdi. Dasturxon ustida turli nozu neʼmatlar, shirin-shakar mevalar bor emish. «Ha, laʼnati, — debdi Xoʻjamurod, — biz ota-bola yil oʻn ikki oy bunday shirinliklarni koʻrmaymiz.

Qani, bu yogʻini kuzatay-chi, nima boʻlar ekan».Enasi oʻynashlarining birini tizzasida oʻtirib, erkalanib, yygʻlamsirab:— Kecha, oshni qilib tuvaloqni ustiga bosib, poʻchoqni belgi qilib, adashib Xoʻjamurodlarning oldiga borib qolibman. Sizlar ham oʻsha yerda ekansizlar. Xoʻjamurod yer yutgurdan ayttirsam, nimaga kelmadinglar. Sizlarga tayyorlagan palovimni, ajalingdan besh kun avval oʻlgur chol bilan uning yetimcha oʻgʻli mazza qilib yedi qoʻydi, — debdi.

— E, nimasini aytasan, — debdi ulardan biri, — Xoʻjamuroding oldimizga kelib, «yuring, oshga!» demadi-da. Bizni qoʻrqitib: «Senlar mening enamga oʻynash ekansizlar. Otam buni payqab qolibdi.

Shuning uchun ham ertalabdan beri sizlarni qidirib yuribdi, basharti otam sizlar tomon yurib qolsa, qochib qolinglar, boʻlmasa uchalang ham oʻlasan», dedi.Xoʻjamurodning enasi: «Voy shoʻrim, Xoʻjamurod payqab qolibdi-da, sizlar tashlagan qovun poʻchoqni oʻsha terib olib, oʻzi tomonga tashlab ketgan ekan-da.

Shu Xoʻjamurod yetimchani oʻldirib boʻlarmikin. Xudo shunga ham oʻlimni yuborarmikin», debdi.

— Qibla tomondagi Lagalaga ota mozorida bir gumbaz bor.

Shu gumbazning ichiga kirib, «Lagalaga ota!» deb uch marta chaqirsa, «Labbay!» degan ovoz kelar emish. «Falonchi qachon oʻladi» deb soʻrasa, «falon kuni, falon sabab bilan oʻladi», deb aytib berarmish. Oʻsha yerga borib, Xoʻjamurodning qachon oʻlishini bilib kelsa boʻlar!

— deyishibdi oʻynashlari.Enasi oʻynashlari bilan kayfu safoni tugallagandai keyin, uchta oʻymani qilib olib, Lagalaga ota mozori qaydasan, deb joʻnab qolibdi.Bu gaplarni eshitib turgan Xoʻjamurod tomdan sakrab tushibdi-da, enasidan oldin Lagalaga ota gumbazining orqasiga borib kichik bir teshikchadan gumbazning ichiga qarab oʻtiraveribdi. Bir vaqt enasi kelib, oʻzini gumbazning ichiga uribdi. U «Lagalaga ota, Lagalaga ota, ho, Lagalaga ota», deb uch marta chaqiribdi. Ayol uchinchi bor chaqirganida gumbaz tomidan «Hooo…» degan ovoz kelibdi.

Shunda ayol:— Mening bir Xoʻjamurod degan yetimcham bor.

Shunga ham oʻlim bormi?

— deb baqiribdi.Xoʻjamurod:— Ha, unga ham oʻlim bor!

— debdi.

— Nima qilsam oʻladi?

— debdi ayol.

— Uchta semiz doʻnon qora qoʻyni bir kunda soʻyib, yogʻini eritib, xumga quyib, goʻshtini tuzlab, zira-kashnichlab, dorga osib, har kuni bir martaba palov, bir marta shoʻrva qilib, Xoʻjamurodga yedirib, parvarish qilasan. Bu yogʻ-goʻshtdan boshqa kishi yemasligi kerak, agar yeb qoʻysa oʻsha zahoti oʻladi. Yogʻdan bir oshlik qolganda Xoʻjamurodingni koʻzi ogʻrib oʻladi.Xoʻjamurodning enasi:— Ovozingizdan oʻrgilay, Lagalaga ota, — deb gumbazdan chiqib ketibdi.

Yoʻlda poylab turgan uch oʻynashiga Lagalaga otaning aytganlarini birma-bir gapirib beribdi. Ular ham suyunishib: «Nomingizdan aylanay, Lagalaga ota», deyishibdi. Haligi oʻnnashlarnint har biri bittadan uchta katta, semiz qoʻchqor olishib, ayolning uyiga kelishibdi. Qoʻyni soʻyib, yogʻini xumga, goʻshtini tuzlab, kashnich-ziralar sepib, dorga osib qoʻyishibdi.Enasi har kuni Xoʻjamurodga yogʻliq palov, shoʻrva qilib beraveribdi. Haddan ziyod mehribonlik qilibdi. Qoʻyning yogʻi bilan goʻshtidan boshqa hech kimga bermabdi.

Axir, Lagalaga otaning: «Bu qoʻyning goʻshtidan kimda-kim yesa oʻsha zahoti oʻladi», degani yodida ekan-da. Xotinning eri ham hayron. Nima boʻlayotganligini, xotinining oʻgʻliga bunchalik mehribonligining sababini hech anglab yetmabdi.Xoʻjamurod kundan-kunga semirib, yetilib kuchiga kuch, quvvatiga-quvvat qoʻshilibdi.

Oradan bir kam qirq kun oʻtibdi. Xoʻjamurod, yogʻdan qancha qoldiykin, deb qarasa, xumning tagida bir oshlik yogʻ qolibdi. Enasi oxirgi yogʻni qozonga solib dogʻ qilayotsa Xoʻjamurod: «Voy ena, koʻzim!» deb oʻzini har yerga uraveribdi, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolgan kishidek tipirchilanaveribdi. Enasi ustida: «Voy, sizga nima boʻldi, bolam. Xudo saqlasin!» desa, ichida suyunib: «Ha, tezroq oʻlgin-a.

Lagalaga otamning aytganlari rost ekan-a», deb girdikapalak boʻlaveribdi.Xoʻjamurod yolgʻondan rosa oʻzini u yoq-bu yoqqa urib, oxiri sulayib, choʻzilib qopti.Enasi suyunganicha oʻynashlarini chaqirib kelgani ketibdi. Xoʻjamurod darrov oʻrnidan turib enasining koʻylagini kiyib olibdi. Bitta koʻrpachani odamga oʻxshatib dumaloqlab oʻzining toʻniga oʻrab qoʻyibdi.

Shu payt koʻcha eshigidan enasining oʻynashlari kirib kela boshlabdi. Xoʻjamurod ovozini ayollarning ovoziga oʻxshatib:— Ha, keldinglarmi. Qani ichkariga marhamat, — debdi.

— «Oʻldimi!»

— deyishibdi ular. «Yashamagur, oʻldi!» debdi Xoʻjamurod. Enasining oʻynashlarini ichkariga boshlab kirib, oʻringa oʻtqazibdi-da, oʻzi qaznoqqa chiqib ketibdi. Qozondagi dogʻ boʻlib turgan yogʻni bir kosaga olib, haligilarni nomma-nom chaqiraveribdi.Qaznoqqa kirganini, «Qani, ogʻzingizni oching-chi, Xoʻjamurodning oʻlgani munosabati bilan ogʻzingizni bir shirin qilay», deb bir piyola-bir piyola yogʻni quyib yuboraveribdi.Uchalasi dogʻ boʻlgan yogʻdan til tortmay oʻlibdi.

Enasi rosa axtarib horib-charchab, oʻynashlarini topolmay qaytib uyiga kelsa, qay koʻz bilan koʻrsin, qay til bilan soʻzlasin, uchalasi oʻlib yotibdi. Ayol, ichida zil ketib, aslida esa bildirmay, ularni tanimaganlikka solibdi.

— Bular kim. Nima qilib bu yerda yotibdi?

— Tanimadingizmi, bular sizning oʻynashlaringiz, — debdi-da, Xoʻjamurod mardikor chaqirib, ularni koʻmdirib yuboribdi.Otasi ishdan qaytgach, boʻlib oʻtgan butun voqealarni unga hikoya qilib beribdi. Gʻazablangan ota xotinini oʻroq bilan chopib tashlamoqchi boʻlgan ekan, Xoʻjamurod uni toʻxtatibdi. Benomus ayolni uydan quvib haydab, ota-bola tinch-farogʻatda yashay boshlabdilar.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!