← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatTabiatOilaTijorat

Savdogarning taxmini

874 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir mamlakatda bir savdogar boʻlgan ekan. Uning juda chiroyli bir xotini boʻlib, hamma vaqt savdogarga shunday der ekan:— Men, odam bolasi u yoqda tursin, osmondagi quyoshga ham koʻrinmayman.Savdogar xotinining gapiga hamma vaqt ishonar, unga mehri juda ham zoʻr ekan.Kunlardan bir kuni savdogar savdoga joʻnamoqchi boʻlib qolibdi.

Shunda qoʻshnisi chiqib:Savdoga ketayotgan emishsiz, shu gap toʻgʻrimi?

— debdi.

— Ha, mana tayyorgarlik koʻryapman, — debdi Savdogar.

— Unday boʻlsa ozgina pulim bor, ola keting, ul-bul ola kelsangiz sizga ham, menga ham boʻlar, — debdi qoʻshnisi.Savdogar safar taraddudida band ekan, xotiniga:— Anavi pulni olib qoʻy!

— debdi.

— Men qoʻlimni nomahramga koʻrsatamanmi?

— debdi xotini.

— Pulni olib qolaver, gunohing mening boʻynimga, — debdi savdogar.Xotin pulni qoʻshnisidan koʻylagining yengi bilan olib, savdogarning oldiga tashlabdi-da, yugurib uyga kirib boltani olib chiqibdi. U toʻgʻri erining yoniga kelib:— Pul olgan qoʻlimni chopib tashlang. Pul olaman deb qoʻlim gunohga botdi. Choping. Nomahramga koʻrsatdingiz qoʻlimni, — debdi.Savdogar xotinining qoʻlidan boltani olib, uni yupatib erkalabdi.Savdogar xotinidan koʻngli toʻlib, savdoga joʻnabdi. Uch tosh chamasi yoʻl bosilganidan keyin qoʻshnisi bergan pulni kigiz tagida qoldirgani esiga tushib qolibdi.

— E, qoʻshnim bergan pul yodimdan koʻtarilibdi. Men borib pulni olib kelay. Savdodan qaytsam, qoʻshnim qoʻlimga qarasa, nima deyman. Tagimda yaxshi ot, sizlar asta-sekin ketaveringlar, men sizlarga yetib olaman, — deb uyiga qaytibdi.Kelsa, uyining ichida dutor, tanbur va childirmaning ovozi avjida. Darvozani itarsa ichidan qulfloq. Savdogar devordan sekin oshib, hovlisiga tushibdi. Derazadan ichkariga qarasa, oltita haybatli barzangi qalin koʻrpa-toʻshaklar ustida dutor, tanbur chertib oʻtiribdi.

Xotini boʻlsa oʻrtada ularga qarab turli-tuman muqomlar qilib oʻyin tushmoqda.Savdogar buni koʻrib hang-mang boʻlib qolibdi. «Buning gapini qara-yu, qilayotgan ishini qara», deb orqasiga qaytibdi.Savdogar karvonga yetib olib, bor mol-dunyosini xizmatkorlariga boʻlib beribdi-da, oʻzi boshini olib boshqa yurtlarga ketibdi.Savdogar bir mamlakatga borib yashay boshlabdi.

Bir kuni savdogar koʻchada ketayotsa, malla salla oʻragan, malla chopon kiygan bir chol qoʻsh haydayotgan emish. U haydayotgan yerning u boshiga borib ham hoʻkizining toʻrt oyogʻini yuvarmish, bu boshiga kelganda ham hoʻkizining toʻrt oyogʻini yuvarmish.Savdogar cholning oldiga kelib:— Salomalaykum, hormang, bobo, — debdi.

— Vaalaykum assalom, bor boʻling, boʻtam, — debdi bobo.

— Nima uchun u yoqqa borib ham hoʻkizingizning oyogini yuvasiz, bu yoqqa kelib ham yuvasiz, — debdi savdogar.Chol podshoning eng ishongan taqvodor eshoni ekan.

— E, siz soʻramang, men aytmay, — debdi u.

— Yerimning ana yogʻi vaqf. Vaqfning tuprogʻi yerimga qoʻshilib qoladi, deb u yoqqa borganimda hoʻkizimizning oyogʻini yuvaman. Yerimning mana bu yogʻi sagʻirniig mulki. Sagʻirning tuprogʻi yerimga qoʻshilib qoladi, deb bu yoqqa kelganimda hoʻkizimning oyogʻini yuvaman.Savdogar ichida: «Sen ham qip-qizil oʻgʻri, xuddi mening xotinimning xilidan ekansan», debdi-da, yoʻlida davom etibdi. Koʻchada ketayotgan ekan, ikkita jarchi qichqirib yurganining ustidan chiqib qolibdi.

— Odamlaru odamlar, bogʻda bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar, podshohimizning toʻrt xum tillasi yoʻqoldi, kim topsa bir xumi suyunchiga beriladi.Savdogar oʻylabdi: «Tillani shu chol oʻgʻirlagan boʻlsa kerak». Savdogar uch-toʻrt kun yuribdi. Hech qayerdan tillaning daragi chiqmabdi. Boshqalar ham tillani topolmabdi. Podshoning jarchisi esa jar chaqirgani chaqirgan.Savdogar podshoning oldiga borishga va oʻzining gumon qilgan kishisini aytishga qaror qilibdi. U saroyga borib, qorovullardan ruxsat olib, podshoning oldiga kirib salom bergach, bunday debdi:— Taqsiri olam, tilla yoʻqotdilarmi?

— Ha, xazinadan toʻrt xum tillam yoʻqoldi, — debdi podsho.

— Shu yoʻqolgan tillani men topib beraymi? Bu soʻzdan podshoning jahli chiqibdi.

— Sen oʻzing kimsan, — debdi u, — sendaqa tilla toparlarni koʻpini koʻrdim. Bor, yoʻqol, koʻzimga koʻrinma!Savdogar podshoga qarab shunday debdi:— Men falon mamlakatdan kelgan savdogar boʻlaman. Men albatta tillangizni topib beraman.

— Sen boshqa davlatdan kelgai boʻlsang, qayerdan topasan tillani. Oʻzimizning xalq — qancha mulla, qancha fuqarolar ham topolmay yuribdi-yu, senga yoʻl boʻlsin.

— Topaman dedimmi, topaman, — debdi savdogar. Odamlar podshoga qarab:— Taqsir, topib beraman desa, mayli topib bersin, — deyishibdi.Savdogar: — Menga, kes kallasini, deganda shart kesadigan oʻnta yigit berasiz. Podsho savdogarning shartiga koʻnibdi. Oʻnta baquvvat, falonchining doʻppisini olib kel, desa, kallasini tanidan judo qiladigan yigitni boshlab, yaxshi otlardan minib, toʻgʻri haligi eshonnikiga kelibdi. Savdogar qamchinning dastasi bilan darvozani taqillatib, cholni chaqiribdi. Tovush boʻlmabdi.

Savdogar hovliga qarab:— Ey chol, bu yoqqa chiq deyapman, — deb baqiribdi. Chol chiqibdi. Savdogar unga qarab doʻq qila ketibdi.

— Podsho xazinasidan olgan tillani qayerga qoʻyding? Tezda top, boʻlmasa kallang ketadi.Chol ham boʻsh kelmabdi, u ham savdogarga qarab poʻpisa qila boshlabdi:— Sening oʻzing kim? Hali seni podshohimizga aytib zindonga soldiraman, inshoollo, kallangni tanangdan judo qildiraman, — deb hech boʻyniga olmabdi.Savdogar yigitlardan biriga qarab:— Buning kallasini kesinglar!

— deb buyuribdi. Yigitlardan biri cholning oldiga yugurib kelibdi-yu, qoʻrqib ketib uning boshiga qilich sololmabdi.Savdogar oʻtkir qilichi bilan haligi yigitning kallasini shartta uzib tashlabdi. Savdogar ikkinchi yigitga buyruq qilibdi:— Kes buning boshini!Ikkinchi yigit ham oradan otilib chiqibdi-yu, cholning boshini chopa olmabdi.Savdogar uning ham kallasini uzib tashlabdi. Savdogar uchinchi yigitga buyuribdi:— Cholning kallasini uzib tashla!Uchinchi yigit qilichini gʻilofidan sugʻurib, havoda oʻynatibdi-da, cholning boʻynini moʻljallabdi. Qilichni endi solaman deganda, chol:— Urma, tillani topib beraman!

— debdi.Chol savdogarni yertoʻlasiga boshlab kiribdi. Yertoʻlada podshoning toʻrt xum tillasi turgan ekan. Tilladan boshqa yana allaqancha oʻgʻirlangan mollar, matolar va bezaklar bor ekan.Tilla toʻla xumlarni olib, savdogar podshoning oldiga boribdi. Podsho savdogarga tan berib:— Barakalla, hech kim topolmagan tillani topib berding, — debdi.

Keyin qoʻshimcha qilib:— Sen uning oʻgʻriligini qayoqdan bilding, u bizning eng ishongan, mehr qoʻygan karomatli eshonimiz edi-ku. Hech kim uni oʻgʻri deb oʻylamagan edi, — debdi.

— Mening bir xotinim bor edi, — deb savdogar boʻlgan voqeani va yoʻlda hoʻkizining oyogʻini yuvayotgan eshonni koʻrib, uning qallobligini fahmlaganini va taxmini toʻgʻri chiqqanini aytibdi. Podsho savdogarning donoligiga qoyil qolibdi va uni oʻziga vazir qilib olibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!