Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir podsho bor ekan. Uning yakka-yu yagona qizi bor ekan.Kunlardan bir kun u boqqa sayrga chiqmoqchi boʻlibdi. Uning oʻz kanizaklari bilan boqqa chiqishini eshitgan qoʻshni yurt podshosining oʻgʻli yashirinib oʻsha boqqa kirib olibdi. Podshoning oʻgʻli anchadan beri shu qizni koʻrish istagida yurgan ekan. Qizni koʻrgach, yigit uni yaxshi koʻrib qolibdi. Yigit shu haqda qizga aytibdi. Podshoning qizi:— Mening bitta shartim bor. Agar shuni bajarsangiz, sizga turmushga chiqishga rozi boʻlaman.
Siz «attang»ni topib kelishingiz kerak, — debdi.Yigit «attang»ni qayerdan izlashni bilmay, koʻp sarson boʻlibdi, lekin hech qayerdan topa olmabdi.Yigit bir kuni tush koʻribdi. Tushida u bir qorongʻi uyga kirib qolganmish. Qarasa, bir chol tokchaga oʻxshash yerda oʻtirib, hadeb «attang, attang» deb takrorlayotgan emish. Yigit bunga ajablanib, choldan soʻrabdi:— Ota, nimaga siz hadeb «attang» deysiz? Chol esa:— Oʻgʻlim, meni bu dunyoga kelmasimdan burun qiladigan ishlarim bor edi, qolib ketdi.
Shuni oʻylab doim «attang» deyman. Oʻgʻlimni uylantirib, bir boshini ikki qilib qoʻymoqchi edim. Ulgurmadim, shu menga armon boʻlib qoldi, — debdi.
— Men sizga biror ish bilan yordam bera olamanmi?
— deb soʻrabdi yigit.
— Oʻgʻlim, gapimga quloq solgin. Katta chinor daraxti bor hovlini topgan. Oʻsha hovliga kirgin. U yerda mening oʻgʻlim yolgʻiz yashaydi. Oʻsha chinor daraxtining tagida oʻchoq bor. Oʻchoqni buzib, tagini kovlasang, ikki xumcha toʻla tilla chiqadi.
Shularni sarflab, oʻgʻlimni uylantirib qoʻygin.
Shundagina men bu dunyoda tinch yota olaman.Yigit cholning shu gaplaridan keyin uygʻonib ketibdi.
Tong otganda, «qani bir qidirib koʻray-chi» deb chol aytgan hovlini axtarishga tushibdi. Oxiri katta chinori bor hovlini topibdi. Hovliga kirsa, bir yoshgina yigit oʻtirgan emish. Undan soʻrabdi:— Otangiz qayerdalar? Kim bilan yashaysiz?Yosh yigitcha otasi yaqinda qazo qilganini, hozir yolgʻiz oʻzi yashashini aytibdi. Yigit chinor daraxti tagidagi oʻchoqni koʻrsatib:— Mana bu oʻchoqni buzib koʻraylik. Balki u yerdan biror narsa chiqib qolar, — debdi.Ikkovlari oʻchoqni buzibdilar. Tagini ancha kovlaganlaridan keyin, u yerdan ikki xumcha chiqibdi. Ular juda ogʻir ekan, ichi toʻla tilla ekan-da.
Shundan keyin yigit cholning oʻgʻliga:— Bu tillalarni otangiz sizga, sizning toʻyingizga sarf qilmoqchi edi.
Shu maqsadda butun umr toʻplagan edi.
Lekin otangiz sizga shuni aytolmay, toʻyingizni koʻrolmay armonda ketdi, — debdi.Yigit tillaning ozgina qismiga hovlining u yoq-bu yogʻini tuzattiribdi. Qolgan bir qismiga katta toʻy qilib, cholning oʻgʻlini uylantirib qoʻyibdi. Ortganlarini esa tejab-tergab roʻzgʻorda ishlatishini unga uqtiribdi.Shundan keyin yigit saroyga qaytib kelibdi. «Eh, baribir «attang»ni topa olmadim-da» deb xafa boʻlibdi. Oʻsha kuni kechasi yana tush koʻribdi. Tushiga yana oʻsha chol kiribdi.
Endi chol qorongʻi uyning tokchasida emas, pastda jimgina oʻtirgan emish. Yigit tushida yana oʻsha chol bilan suhbatga kiribdi. U barcha qilgan ishlarini cholga aytib beribdi. Chol esa yigitdan juda xursandligini aytibdi. Chol endi avvaldagidek «attang, attang» demas ekan.
Shunda birdan yigit uygʻonib ketibdi.Yigit kuni bilan oʻylab-oʻylab, oxiri qizning yoniga — saroyga borib, unga hammasini ochiq aytmoqchi, yaʼni hech qayerdan «attang»ni topa olmaganiga iqror boʻlmoqchi boʻldi. Yigit xomush boʻlib qoʻshni yurtga yoʻl olibdi. Saroyga kelib, qizni koʻrishga rosa urinibdi. Oxiri bir amallab qizning yoniga yashirin kiribdi. Kirsa, qiz uni ochiq chehra bilan, kulib kutib olibdi va:— Sizdan juda ham xursandman. Yaxshiyam siz «attang»ni yoʻq qildingiz.
Endi mazza qilib, rohatlanib uxlayapman. Avvallari doim bir chol tushimga kirib, faqat «attang, attang» degan soʻzlarni qaytarardi, — debdi.Shundagina yigit qizning tushiga oʻsha chol kirib, u «attang, attang» deyaverib qizni uxlatmasligini, oʻzi esa cholning yorugʻ dunyoda qilolmay ketgan ishini bajarib, «attang» deyishdan toʻxtatganini bilibdi.Shunday qilib, yigit qizning shartini bajargani uchun qiz toʻyga rozilik beribdi.
Shu kuniyoq ikki qoʻshni yurt oʻrtasida toʻy-tomosha boshlanib ketibdi.Chol ham narigi dunyoda tinchgina yotibdi. Ha, bu dunyoda hech kim armon bilan, «attang» demay ketganiga nima yetsin.