← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliDehqonlarIbn SinoMehr-oqibatTijorat

Kimyogar

554 soʻz

Oʻtgan zamonlarda Buxoroning Devonbegi hovuzi yonida, havoning issiq kunlarida ellik yoshlarga kirgan bir chol sopol koʻzachada oʻtgan-ketganlarga suv berib oʻtirar ekan. Yoʻlovchilar uning suvini ichgach, pul bermoqchi boʻlganlarida, uzatilgan pullarni oʻz qoʻli bilan qaytarib: “Rahmat, pulingiz kerak emas, ikki ogʻiz soʻzingiz kerak, xolos”, der ekan.

Buni eshitgan ayrim kishilar qiziqib: “Nima deb aytaylik?” deganlarida chol: “Abu Ali ibn Sinoning padariga laʼnat”, desangiz boʻladi, der ekan.Kunlarning birida bir yosh mullavachcha suv ichgach, cholning bu soʻzini eshitib, hayron qolibdi, yoʻl boʻyi oʻylanib ketibdi. Mullavachcha vatani Xorazmga borgach, oʻqiyotgan madrasasining mudarrisiga koʻrgan va eshitganlarini soʻzlab beribdi. Bu gap mudarrisni ham qiziqtiribdi.

Mudarris bir kuni Buxoroga kelsa, mullavachcha aytgan chol hamon suv berib, kishilarni Abu Ali ibn Sino nomiga laʼnat oʻqishlariga undab oʻtirar ekan. Mudarris suv ichib, cholga oltin tashlabdi, chol oltinni olmabdi. Kechga yaqin mudarris yana kelib suv ichgach, oltin berib, choldan bir kecha mehmon boʻlishni soʻrabdi. Suv sotuvchi chol musofirga rahmi kelib uyiga boshlab boribdi.

Kechki ovqatdan soʻng mudarris gap boshlab, uning Ibn Sino nomiga laʼnat ayttirishining sababini soʻrabdi, chol koʻp qarshilik koʻrsatsa hamki oxiri aytishga majbur boʻlibdi.Chol oʻz sarguzashtini boshlab, shunday debdi:— Bundan bir necha yil oldin rahmatlik otam oʻlimi oldidan meni oldiga chaqirtirib, behad koʻp qoʻy, echki, sigir, ot, dangʻillama hovlilarni meros qoldirdi va umrbod ota kasbi — savdogarchilik qilishimni vasiyat qildi. Men ham turli shaharlarga borib, davlat orttira boshladim.

Kunlardan birida Balx shahrida mollarimni pullagach, kechki bozorda, bir kitob savdosi ustidan chiqib qoldim. Kishilardan: “Bu qanaqa kitob?” deb soʻrasam, ular: “Bu kitobni oʻqib tushungan kishi tuproqdan oltin qilarmish”, deyishdi. “Men yonimdagi bor pulimni berib, oʻsha laʼnati kitobni oldim, uni oʻqidim. Buxoroga kelib kitobda koʻrsatilgan jamiki kimyoviy dorilarni topdim, bu dorilarga butun davlatimni sarfladim.

Oxiri bir kuni shu dorilarni kitobda koʻrsatilgandek bir-biriga qoʻshib, idish ostiga qoʻydim-da, oʻt yoqdim, yetti kun kutdim, keyin ochib ichida oltin bitgandir desam, oltin emas, bir hovuch kul turibdi. Mana shu kitob tufayli bor davlatimdan, hovli-joyimdan ajraldim. Ana shundan beri shu kitobni yozib, meni oʻtday kuydirgan Abu Ali ibn Sinoga laʼnat oʻqish bilan oʻzimni ovutib yuribman.Mudarris bu gaplarni eshitgach, choldan biroz sut, guruch va boshqa narsalarni olib kelishni soʻraydi, soʻngra shu keltirilgan narsalardan shirin ovqat tayyorlab sotishni aytadi va oʻzi qaytib Xorazmga ketadi.Bu lazzatli ovqatni birinchi marta koʻrgan Buxoro xalqi talab ketadi, chol bu ovqatning keltirgan foydasini koʻrib, kuniga ikki-uch martalab pishiradigan boʻladi.Oradan koʻp vaqt oʻtmay mudarris Xorazmdan chiqib: “Chol yana Abu Ali ibn Sinoga laʼnat oʻqiyotganmikin yoki bas qildimikin”, deb Buxoroga keladi.

Buxoroga kelib oʻzi koʻrsatgan ovqatni har bir koʻchada koʻradi, soʻngra cholning oldiga keladi, chol esa ovqatlarni hamma kishilar pishirayotganligini va oqibatda qadri ketib zarar koʻrayotganligini aytadi. Mudarris cholga yana pul berib, bundan bir necha yil oldin Balx shahrida olgan kitobda koʻrsatilgan giyohlardan olib kelishni soʻraydi. Mudarris kitobda koʻrsatilganidek qilib ularni idishga solib uch kun qizdirgan ekan, uchinchi kuni oltin paydo boʻlibdi.

Shunda mudarris bir butun oltinni cholga uzatayotib: “Mana bu oltinni sizning kuli koʻkka sovurilgan davlatingiz evaziga beraman. Siz bu oltinga har qancha davlat topishingiz mumkin. Siz oddiy lazzatli ovqat sirini uddalay olmasdan, hammaga tarqatdingiz. Agarda oltinning sirini bilganingizda uni tuproq bilan teng qilar ekansiz. Oltinning siri siz pul berib olgan kitobda emas, ilmda, mansabni pulga olish mumkin, lekin ilmni sotib olib boʻlmaydi.

Bu kitobni yozgan kishi oʻttiz-qirq yillik ilmiy tajribaga asoslanib yozgan. Mana shu kitobni yozgan Abu Ali ibn Sino men boʻlaman, bundan keyin mening nomimga laʼnat aytishni toʻxtatarsiz, deb umid qilaman”, deb chiqib ketgan ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!