← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatSabrTabiatOilaTijoratUzun

Luqmoni hakim

2595 soʻz

Bor ekan, yoʻq ekan, och ekan, toʻq ekan, bir zamonda Iskandar degan podsho oʻtgan ekan.Iskandar Yamandan Yasargacha (kun chiqishdan kun botishgacha) joyni soʻragan ekan. Podshoning gapdon bir vaziri bor ekan. Podsho bir kun vazirlari bilan oʻtirganda:— Bir soʻzim bor, sizlarga aytaman. Aytgan soʻzimni uddasidan chiqasizlarmi? —debdi. Shunda vazirlar:— Gapiring, gapiring, biz eshitaylik, — deb taʼzim qilib turishibdi.Podsho:— Men yer yuzini soʻrayman, bu sizlarga maʼlum, endi sizlar mening vazirim boʻlsalaring, osmonning ustida, yerning ostida odamzod boʻlar emish, degan gaplar bor. Osmonning ustidagi odamlarni yerga tushirish, yer tagidagi odamlarni yuqoriga chiqarib, shularning ham ixtiyorlarini menga qaratishlaringizni soʻrayman. Ularning soʻzlarini menga olib bersalaringiz. Agarda mening topshirgan topshirigʻimni bajarsalaringiz chin vazirlik oʻrinlaringizda qoldiraman, — debdi. Vazirlar:— Jonimiz sizga tasadduq boʻlsin. Bu gapni endi gapirdingiz bizga, endi sizga gapimiz, qiladigan nafimiz shu, topshirgan vazifangizga bizdan javob eshiting. Bu gap, yoʻq gap — osmon uzoq, yer qattiq, ilojimiz yoʻq, sizga beradigan xirojimiz yoʻq. Har qanday topshiriq topshirgan vaqtingizda biz bajargan edik. Lekin bu topshiriqni bajara olmaymiz, — deyishibdi.Podsho vazirlarining javobiga nima deyishini bilmay turganda, vazirlari ichidan gapga usta Toyirjon degan vazir chiqib shunday debdi:— Taqsir, siz bu topshiriqni topshirish bilan qanday fikrni oʻyladingiz? Lekin men sizning topshirgan vazifangizni bajarish uchun bir misol aytaman.Podsho:— Qani ayt-chi, eshitay! — debdi.Toyirjon:— Daryolarning ichida kattakon daryo bor, uni shoʻr daryo deyishadi. Shoʻr daryo boʻlsa ham juda kattakon zoʻr daryo! Men bul daryoning tagida, suv ichida odami obi, odami lobi, odami sobi degan odamlar bor deb eshitganman. Endi shu daryoning tagida odam borligini bilaylik, ularni qoʻlga olishning ilojini qilaylik, — debdi. Podsho:— Qanday qilib ilojini topsalaring, qilinglar! — debdi. Vazir Toyirjon:— Bir shishadan uy yasaymiz, necha botmon temirdan zanjir yasaymiz, shishaga zanjirni bogʻlaymiz. Zindondan bir odamni olib chiqib shishali uyga nafasi qaytmaydigan qilib joylab, suvga tosh tashlaganday tashlaymiz. Zindondan olib chiqilgan odamga aytamizki, shu daryoning tagiga tushasan, daryo tagida odam borligini bilib chiqasan, bilib chiqsang, har qanday jinoyat qilgan boʻlsang ham seni zindondan ozod qilamiz, deymiz, — debdi.Bu soʻzlar podshoga maʼqul tushibdi. Podsho vaziriga:— Bu soʻzlaring maʼqul, barakalla. Har qanday yoʻl bilan boʻlsa-da, bilishimiz kerak, — deb shishadan bir uy yasatibdi-da, zanjirni tayyor qilib, zindonda umrbod yotadigan odamni olib chiqib: — Shu daryoga tushib odam bor-yoʻqligini bilib chiq. Keyin seni boʻshataman, — debdi.Shunday qilib, zindondan olib chiqilgan odamni shisha uyga solib, zanjir bilan bogʻlab, tosh tashlaganday qilib daryoga tashlab yuboribdilar. Daryoga tashlangan odam daryoning eng tagiga yetganda, daryo tubidagi odami obi, odami lobi, odami sobilar shishaning ichidagi odamni koʻrib, dargʻazab boʻlib:— Senday maxluq bizning ichimizda yoʻq. Sen oʻzingni bizga maʼlum qil, bizga kim ekanligingni ayt, aytmasang har narsa qilishga kuchimiz yetadi, — deyishibdi.Shisha ichidagi odam ularga:— Men sizlarga yuqoridan tushgan elchiman, yuqoridagi podsho meni sizlarga elchilik maqsadida tushirdi. Shu daryoning tagida odamlar yasharmikin yoki yashamasmikin? Agarda odamlar yashasalar, podsholari boʻlmasa, arzlarini menga aytsalar, degan maqsadda meni tushirdilar. Sizlar nima deysizlar? — debdi.Shunda daryoning tagidagi odamlar bu xabarni eshitib:— Yuqoridagi, yer yuzidagi podsho yer yuzini soʻrayotgan esalar, nahot bizlarni ham oʻzlariga qaratmoq maqsadida boʻladilar, — deb hayron boʻlishib, shishadagi odamga:— Mayli boʻlmasa, siz elchi ekansiz. Sizga biz shu narsani beramiz, podshohingizga olib chiqib bering. Shu kosadagi unni non qilib — oʻzlari yesin, soʻng kosaning ichiga tanga yoki tillani toʻlgʻizsin, agar yer yuzida shu kosani tanga yoki tillaga toʻldirsa, biz bu yerda bilamiz, soʻngra arzimizni aytamiz, agar toʻldira olmasa ovora boʻlmasin, biz arzga bormaymiz, — deb soʻzlarini tamom qilishibdi.Bu soʻzlarni eshitib haligi odam bir kosa unni olib daryo tagidan chiqibdi.— Qani, nima xabar topib chiqding, — deyishganda, mana shu nishona, mana shu kosa, mana shu gap. Mana shu kosa ichidagi unni olib non qilib yoptirib yer ekansiz, soʻngra kosani tangaga yoki tillaga toʻlgʻazar ekansiz. Agar kosani tangaga yoki tillaga toʻlgʻazsangiz, sizga arziholga chiqar ekanlar, boʻlmasa siz bu yerda, ular u yerda qola berar ekanlar, — debdi daryo tagiga tushirilgan kishi.Podsho bu kosani koʻrib, daryoning tagida tanga, tilla yoʻq ekan-da, deb koʻngliga keltirib: “Bir hovuch tanga solsa, toʻladi-yu”, deb oʻylabdi. Unda Toyirjon vaziri:— Daryoning tagida tanga va tilla yoʻq emasdir, bordir, ammo bu kosaning bir hikmati bordir, — debdi. Podsho:— Qanday hikmati boʻlar ekan? —deb soʻrabdi.Toyirjon:— Unni olsak, bir toʻppi tangani olib kosaga solsak, nima hikmati borligini bilamiz-qoʻyamiz, — debdi.Podsho:— Boʻlmasa shunday qilib koʻraylik, — deb kosani oʻrtaga qoʻyishib, gʻaznachini chaqirib, “Bir etak tanga olib kel, menga”, debdi. Gʻaznachi tangani olib, etagiga solib kelib:— Nima qilay? — debdi.— Kosaga bir hovuch tilla sol! — debdi. Ular bir etak tangani kosa-ga solib tamomlashibdi. Kosaning ichidagi tanga koʻrinmay qolibdi. Podsho:— Men, bas, demaguncha olib chiqib tangani kosaga sola beringlar! — debdi. Podsho bas demabdi, gʻaznachi etak-yetak tanga olib chiqib kosaga solaveribdi. Kosada tanga koʻrinmay qola beribdi. Podshoning jahli chiqib, folchi va qurandozlarini chaqirtiribdi.Qurandozlar taʼzim bilan:— Chaqirtirgan ekansiz, xizmatingizga keldik, — debdilar.Podsho:— Oʻtiringlar, men sizlarni chaqirtirganimning boisi shuki, shoʻr daryoning tagiga bir elchi tushirgan edim. Shularni ham soʻrasam degan edim. Tushirgan elchimning qoʻliga bir kosa berishibdi. Shul kosani tanga yoki tillaga toʻlgʻazsalar, bizni soʻrasalar mayli, oʻzimiz chiqib arzimizni aytamiz. Agar kosani toʻldirmas ekanlar, biz arzimizni chiqib aytmaymiz, deyishibdi. Biz kosaga koʻp tanga soldik, kosani toʻldira olmadik. Shuning maʼnosi nima, bilib beringlar!— debdi.Folchi va qurandozlar:— Biz shashqol tashlaymiz. Tashlangan shashqolning meʼyoriga qarab gapiramiz, — deyishibdi. Podsho:— Ishqilib nima maʼnosi bor ekanini aytsangizlar, bas, — debdi.Folchilar va qurandozlar shashqol tashlab podshoga taʼzim qilib, bul kosani sizga tajribaga bergan ekanlar. Yaʼni yer yuzini soʻrayotgan podsho endi bizni ham soʻrayman, degan boʻlsalar, bu kosa, yaʼni toʻlmagan kosa tuproqqa toʻlmasa, boshqa narsaga toʻlmaydi. Biz bilan ishlari boʻlmasin, degan maʼnoda ekan. Yaʼni kosaga tuproq solsa, kosaga solingan tuproqda tanga koʻrinib qolsa, koʻrinib qolgan tangani gʻaznalariga solsalar, ul kishi u yoqda qolsalar, biz bu yoqda qolsak. Biz bilan ishlari boʻlmasa, degan ekan, — deb podshoga bul gapni bayon qilibdilar.Podsho shu qurandozlarning soʻzi bilan kosaga tuproq solgan vaqtda tanga kosaning atrofida koʻrinib qolibdi. Podsho tangani olib, gʻaznaga solib indamasdan qolibdi, shunda oʻylab-oʻylab bu kosadan koʻrgan ish bu boʻldi, endi undan nima chiqar ekan deb, unni olib xotiniga berib non qilib yopib berishni buyuribdi. Podshoning xotini xamir qilib tandirga yopaman desa, hadeb oqib keta beribdi. Podshoning xotini hayron boʻlib, boshqa undan xamir qilib non yopib chiqarib beribdi.Podsho nonni yeb “Hech asorat, foydali narsa yoʻq”, debdi. Endi podsho u yoqda qola bersin, gapni boshqa tomondan eshiting.Shul vaqt podshoning eshigiga bir devona tilanib kelibdi. Podshoning xotini haligi tandirning tepasida yopilmay qolgan nonni xayr qilib berib yuboribdi. Devona nonni olib, xurjunga solib, ketib qolib, bir ariqning yonidagi tolning salqiniga yetib qolib, nonni ariqdagi suvga ivitib yeb oʻtirganda, tol egilib:— Ey, devona, mendan gap soʻrab ket! — debdi. Devona hayron boʻlib bu toldan nechuk ovoz chiqdi, deb:— Gapir, nima gaping bor! — debdi.Tol aytibdiki:— Men shundaymanki, kimki sil kasaliga yoʻliqqan boʻlsa, mening salqinimda oʻtirsa, shuning dardini ketkizishga quvvatim keladi.Devona “Ha, ha”, deb keta turib, yoʻlda tut daraxtini uchratibdi. Tut:— Ey, devona, bir soʻzim bor… — debdi.— Ha, nima soʻzing bor, — debdi devona.Tut:—Jami daraxtlar ichida mening davoyim beqadr. Lekin mening poʻstlogʻimni shilib olib qozonga solib, qaynatib suviga choʻmilgan odamga yara chiqartirmayman, — debdi.Devona “Ha-ha”, deb kulib ketib qolibdi.Nariroqqa yetib borsa, devonaga ajriq oʻt uchrabdi.— Mening ham soʻzim bor, — debdi ajriq.— Nima soʻzing bor, — debdi devona.— Meni kovlab olib tomirimni oftobda quritib, talqon qilib yegan odamning ichidagi butun illatini yoʻqotishga quvvatim keladi, — debdi. Xullas, butun yer yuzidagi giyohlar oʻzlarining nimaga davo ekanliklarini bu kishiga birma-bir bayon qilib aytgan ekanlar.Koʻkargan giyohlarning soʻzi bilan bu kishi har qaysisidan ozgina-ozgina yigʻib olib devonalikni tashlab, tabibchilik qilgan ekan.Bu kishining tabibchilik hunaridan koʻp odamlar shifo topib kelganliklari uchun unga, “Luqmon-devona”, “Luqmon hakim” deb nom qoʻyishgan ekan. Lekin u odam devonalik qilib yurgan vaqtlarida bopandalik ham qilgan ekan. U yildan bu yilga shu podsho Iskandarning kiyadigan kiyimlarini toʻqib berishning kafilini olgan ekan. Hech bir bopanda ish toʻqib, u kishidek podshoga maʼqul qila olmagan ekan. Shunday boʻlsa-da, podshoning bergan inʼomi bu kishini taʼminlamagandan, devonalik ham qilib yurar ekan.Bir kun podsho Luqmon hakimga: “Mana bu inʼomni oling, joʻnab qoling, endigi kelishingizda oʻgʻlimga va menga yetarli kiyimlik toʻqib keling!” deb topshiriq beribdi. Luqmon hakim, “Xoʻp”, deb chiqib ketibdi.Luqmon hakimning ham podsho oʻgʻlidek oʻgʻli bor ekan.Luqmon hakim oʻylab “Podshoning oʻgʻli kiyadi-yu, mening oʻgʻlim kiymaydimi?” deb havas qilib uch kiyimlik toʻqib oʻgʻliga loyiq qilib olib qolib, podshoning oʻziga va oʻgʻliga yetarli kiyimlik olib borib beribdi. Podsho har vaqtdagidek Luqmon hakimga inʼom berib joʻnatib yuboribdi.Podsho bir kuni vazirlarini chaqirib:— Ovga chiqib biror narsa ovlab kelaylik, — deb ovga chiqibdi.Podsho ovini ovlab, dovini dovlab qaytib Luqmon hakimning mahallasidan oʻtib ketayotganda Luqmon hakimning oʻgʻlini koʻrib qolibdi. Luqmon hakimning oʻgʻli podshoning oʻgʻli kabi kiyinib, koʻchada varrak uchirib yurgan ekan. Podsho uni oʻz oʻgʻli deb oʻylabdi. Vazirlaridan soʻrasa, ular:— U sizning oʻgʻlingiz emas, bu bola Luqmon hakimning oʻgʻli, — deyishibdi. Podsho:— Mening kiygan kiyimim bilan oʻgʻlimning kiygan kiyimi nusxasidan oʻgʻliga kiygizib, mening yuz-xotirimni qilmagani uchun men unga jazo tayin qilaman, — debdi. Vazirlar:— Nima desangiz oʻzingiz bilasiz, — debdilar. Podsho:— Bunga beriladigan jazo shuki, oʻgʻli bilan oʻzining qoʻl-oyogʻini bogʻlab, Oqtepa degan choʻlga tashlaysizlar. Choʻl oʻrtasiga terak boʻyi chuqur kovlab, ota-bolani tiriklayin shu chuqurga tashlaysizlar! Ustini yogʻoch va tuproq bilan toʻldirasizlar. Soʻngra bir oy poylab, ikki oygacha tuproq joylab, tuproq ustini loylab, soʻngra oldimga borasizlar, — deb uyiga ketibdi.Vazirlar Luqmon hakim bilan oʻgʻlini olishib, Oqtepa choʻliga ketgan ekanlar. Shu bilan Luqmon hakimni ketkizib, Oqtepa biyobon choʻliga yetkazib, terak boʻyi kovlashib, ikki arava terakni keltirishib, Luqmon hakim bilan oʻgʻlini chuqurga tashlashib, hunarlarini xushlashib, ustini bekitib, tuproq toʻkishib, vazirlar xayol surishib turganlarida, bir odam xoʻtik bilan oʻtin terib yurganini koʻrishibdi. Uni chaqirib olib, gapga solib:— Shu yerga ikki oygacha tuproq toʻkish kerak. Shu xizmating uchun qancha soʻraysan? —deyishibdi.Gaplashib boʻlishganidan keyin ikki oygacha tuproq toʻktirib, atrofini joylashib, ustini loylashib, bir oy poylashib, podshoning oldiga borishib:— Buyurilgan topshiriqni oʻrniga qoʻyib keldik, — deb taʼzim qilib turishibdi. Podsho:— Barakalla! — debdi.Oradan oʻn-oʻn besh yil oʻtgan. Iskandar podsho oʻlgan. Podshoni koʻmishgan. Podshoning oʻgʻlini xalq podsho qilib koʻtargan.Shundan soʻng xalqning xohishi bilan podshoning oʻgʻli uylangan. Bir yildan soʻng bir oʻgʻil koʻrgan. Oʻgʻli yetti yoshga toʻlgan. Bir kun podsho ovqat yeb turganda, bir suyak uning halqumiga tiqilib dasturxonga yiqilgan, oʻgʻli bilan xotini tashqariga chiqib:— Podsho ovqat yeb turib, tomoqlariga suyak tiqilib, yiqilib qoldilar, — deb xabar berib, — tabib keltiringlar! — degan.Tashqaridagilar darrov besh-oltita tabibni olib kelishib podshoning oldiga yetkizishibdi. Podshoning bu holini koʻrib, tabiblar:— Biz bu kasalning ilojini qila olmaymiz, — deyishibdi. Vazirlardan biri:— Luqmon hakimning qadrlari oʻtdi-ku, — deganda, podsho:— Luqmon hakimning maʼnisi nima? — deb soʻrabdi.Vazir turib:— Otangizning davrida oʻtgan bir hakim edi. Uning oʻlgan odamni ham tiriltirib olishlikka quvvati yetar edi. Otangiz bir zulm bilan Oqtepa choʻliga koʻmdirib yuborgan, — debdi.Vazirlardan biri aytibdi.— Agar chindan ham Luqmon hakim boʻlsalar, tirikdurlar. Biz borib qaraylik, — deb necha kishi biyobon choʻlga borib qarasalar, bu kishining tepasiga toʻkilgan tuproqni shamol uchirib har tarafga toʻzgʻitib yuborgan ekan. Izlashib topolmay, hayron qolishibdi. Vazirlardan biri turib:— Luqmon hakimning ustiga Abdurayim oʻtinchi eshagi bilan ikki oy tuproq tashigan. Shuning uchun biz Abdurayim oʻtinchini topaylik. Eshagini soʻrab olamiz-da, ustiga bir qop tuproq ortamiz, qayerga borib toʻxtasa, oʻsha joyni kovlaymiz va Luqmon hakimni topamiz, — deb eshakni izlashga kirishibdilar. Abdurayim oʻtinchini topib eshagini soʻrab olishibdi. Biyobon choʻlga yetkizishib, ozgina tuproq olib, qopga solib eshakning ustiga ortishib, eshakni haydab boraverishibdi. Eshak bir joyga borib taqqa toʻxtabdi, yetaklasalar ham yurmabdi. Eshak toʻxtagan yeridan uch-toʻrt ketmon kovlashsa, bir yerdan teshik ochilibdi. Ichkaridan ovoz chiqibdi:— Kimsan! Menga shabada kirgizma! Suvning koʻpigidek ilvillab yotibman. Menga zarar yetkazma!Bular:— Sizga bizni podsho yubordi. Podshoning tomogʻiga suyak tiqilib qoldi. Shuning dorisi nima? — deb soʻrashibdi.— Bu kasalga men oʻzim bormasam boʻlmaydi, — degan ovoz chiqibdi. Ular:— Oʻzingiz boraman deysiz, suvning koʻpigidek ilvillab qolganman deysiz, unday boʻlsa qanday borasiz! — deyishibdi.Luqmon hakim:— Agar meni olib borish uchun kuchlaringiz yetsa, bu teshikni bekitib ketinglar. Qirq qadoq yogʻ, qirq qadoq goʻsht, qirq qadoq piyoz, qirq qadoq tuz, qirq pogʻonali shoti va qirqta qiz olib kelasizlar.Olib kelgan pogʻonali shotini qoʻlim yetarli joyga tushirasizlar, olib kelgan qizlarni har pogʻonaga oʻtqazib qoʻyasiz, shunda men u qizlarning qoʻllaridan ushlab yuqoriga chiqaman. Ovqat yeyolmayman. Piyozdogʻisi dimogʻimga kirsa, ovqat yegan hisobda oʻtaman va kuchga kiraman, podsho oldiga yetaman, — debdi.Ular bu gaplarni xiyol oʻtmay, podshoga yetkazishibdi. Bu gaplarni eshitgan podsho buyruq beribdi. Usta shotini tayyor qilguncha, koʻchama-koʻcha, guzarma-guzar, mahallama-mahalla yurib boʻyi yetgan qizlarni toʻplashibdi. Shu bilan shoti ham, qirq qiz ham, boshqa aytgan narsalari ham tayyor boʻlibdi. Bularning hammasini aravaga joylab, Luqmon hakim yotgan joyga yetkazishibdi. Shotini tushirib har pogʻonaga bittadan qizni oʻtqazib qoʻyishibdi. Soʻngra Luqmon hakim qizlarning qoʻllarini ushlab quvvat topib, qizlar bequvvat boʻlib, sap-sariq zaʼfaronday boʻlib, pogʻonadan yiqilib tusha beribdilar. Chuqurdan Luqmon hakim chiqibdi. Lekin oʻgʻli chuqurda qolibdi. Piyozdogʻni qovurib turganda isi Luqmon hakimning dimogʻiga urib, shundan bahra olib, podshoning oldiga yetibdi.Luqmon hakim podshodan hol soʻrab:— Oʻgʻlim, nima dardingiz bor! Ayting! — debdi. Podsho:— Shoshilib ovqat yeb turganimda tomogʻimga suyak tiqildi.Shuning iloji qanday? — debdi. Luqmon hakim:— Buning iloji, oʻgʻlingizni soʻyib qonini ichkazaman, shu dori boʻladi. Boshqa dori hech tuzata olmaydi, — debdi. Podsho bu gapga, unamabdi. Oʻlsam oʻzim oʻlay, lekin oʻgʻlimning soʻyilishiga noroziman, — debdi. Shunda Luqmon hakim vazirlariga gap oʻrgatib:— Bir oʻgʻilning bahridan oʻting, tagʻin boshqa oʻgʻil koʻrasiz, deb podshoni koʻndiringlar! — debdi.Vazirlar shu soʻzlar bilan podshoni koʻndiribdilar. Soʻngra bolaning ust-boshini yechishib, otasining oldiga yotqizib, boʻgʻizlashga tayyorlab qoʻyganlar. Keyin bolani podsho oldidan olib chiqib, unga koʻrsatmay nariroqqa yotqizib, uning oʻrniga bir echkining bolasini keltirib, uning tomogʻiga pichoq tortibdilar, shunda echki “ba, ba” deyishi bilan podsho “Voy bolam, voy bolam”, deb qichqirib yuboribdi. Shu mahal uning tomogʻiga tiqilib qolgan suyak ogʻzidan otilib chiqib ketibdi.Podsho “Voy bolam, voy bolam”, deb esini yoʻqotib turgan vaqtida, bolasi oʻynab yurganini koʻrib qolibdi. Podsho Luqmon hakimga doʻq qilib:— Nega meni shuncha qiynading?! — desa, Luqmon hakim:— Boshqa ilojim yoʻq edi. Mana endi bolang va oʻzing ham omon boʻlgin, mening tabibligim shu, — debdi, Podsho:— Murod-maqsadimga yetdim. Tilang, tilagingizni beray, — debdi. Luqmon hakim:— Gapni gapga urishtirib, soʻzni soʻzga solishtirib, haqni yoki nohaqni tekshirib ish qilsang, menga shu yetarli. Boshqa tilagim yoʻq, — debdi. Podsho:— Otam siz bilan oʻgʻlingizni shunday yomon jazoga buyurgan ekanlar. Oʻgʻlingiz qani? — deb soʻrabdi. Luqmon hakim:— Barakalla, bu gaping maʼqul gap boʻldi. Bir devorning kavagida kaptar bola ochgan ekan. Oʻgʻlim yoshlik qilib shu kaptarning bolasini olaman desa, qoʻli yetmabdi, shunda doʻppisini kavakka tiqib, shotiga ketgan ekan. Kelguncha kaptarning bolasi oʻlib qolibdi. Shuning jabriga qoldi, — deb podshoning soʻroviga javob berib, uyiga ketgan ekan, oʻgʻli bilan qirq qizni olib, davolab murodiga yetgan ekan.Luqmon hakim uyiga kelganini butun oshna-ogʻayni, qavm-qarindoshlari eshitib, koʻrgani kelib, oʻrtaga olishib gapirtirib oʻtirishibdi. Kelgan oshna-ogʻaynilardan biri:— Luqmon hakim, bir koʻrgan-kechirganingizni gapirib bersangiz, — debdi. Luqmon hakim “Xoʻp” deb soʻz boshlabdi:

Hasratim daftarga sigʻmas bitolmayman, uka,Ogʻzimdagi bor narsani chaynab yutolmayman, uka,Koʻrganimda koʻz yoshimni toʻxtatolmayman, uka.Koʻrmayin bosdim tikanni tortib keldim dardini,Koʻrsam edim, bosmas edim, tortmas edim dardini,Xor-zorlik torta-torta tanda toqat qolmadi.Keldim kulbam aro, koʻrdim sizlarni,Yurakda armon qolmadi.

Shu bilan Luqmon hakim oʻz tabibligini davom ettirib, koʻp vaqtlar yashab yurgan chogʻlarida oʻzlaridan oʻzlari notob, betob boʻlib yotib qolgan ekanlar. Oshna-ogʻaynilar, qavm-qarindoshlar va bu kishidan davolanganlar Luqmon hakimning betob boʻlib qolganini eshitib koʻrgani kelibdilar. Ular Luqmon hakimdan:— Siz bizga hayron qolarli foydalanadigan soʻzlardan gapirib bersangiz, — deb soʻrashibdi. Luqmon hakim:— Qish chillasida oqib turgan sovuq suvga choʻmilgan kishining ariq labida oʻlib qolmaganiga hayron qoldim. Issiq suv bilan oʻlgan oʻlikni yuvgan vaqtda tirilib ketmaganiga hayron qoldim. Tobi yoʻq odam hammomga tushib, hammomdan chiqqan vaqtda uchib ketmaganiga hayron qoldim. Har qanday odam yalpizning tomirini kovlab olib, suvga solib, yuvib, oftobda quritib, sutga solib, shuni qaynatib ichsa odamning ichida toshi boʻlsa, shul toshni eritib yuboradi. Ikkinchi halilayi zangi degan giyoh boʻladi, uni olib, kuvachaga solib, tuyib, talqon qilib, kap otib yursa, har qanday odamni quvvatli, kuchli qiladi. Har qanday odam yoʻtal boʻlsa, shunday dardga behi olsa, behining ichidagi urugʻini olib, urugʻ oʻrniga dumba yogʻ solsa, soʻng pishirib yesa, yoʻtal boʻlgan odam tuzaladi, yana har qanday odam har haftada hammomga tushib tursa, sogʻlom-baquvvat boʻlib yuradi. Sizlarga gapim, qilgan nafim shu, — deb soʻzini tamom qilgan.Kelgan oshna-ogʻaynilar, qavm-qarindoshlar bu soʻzlarni eshitib, oʻz uylariga ketgan ekanlar, Luqmon hakim bir-ikki kundan soʻng oʻz ajali bilan oʻlgan ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!