← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatAql-zakovatJasoratTabiatOilaTijoratUzun

Ayoz

3628 soʻz

Oʻtgan zamonda Xundarxon degan bir podsho oʻtgan ekan. Uning Malikaxon degan xotini bor ekan. Podsho bu xotinidan toʻqqiz qiz koʻrgandan keyin, xotini yana homilador boʻlibdi.

Bir kun podsho xotiniga:— Men sen bilan shuncha yil umr qilib, oh-voh bilan oʻtdim. Har safar homilador boʻlganingda, bu gal oʻgʻil tugʻar deb yuraman, lekin qiz tugʻasan. Bu safar ham qiz tugʻsang, jahl ustida seni oʻldirib qoʻymayin deb, ovga chiqib ketyapman. Oʻgʻil tugʻsang, mening orqamdan xabar yubor, bordi-yu, qiz tugʻsang, kelgunimcha uyni boʻshatib qoʻy, — deb otiga minib joʻnabdi.Shu kuni yarim kechada podshoning xotini yana qiz tugʻibdi.

Malika momo xotinga:— Otasi: “Qiz tugʻsang, kelgunimcha uyni boʻshatib qoʻy”, degan edi. Menga bolani yoʻrgaklab bering, men boshim oqqan tomonga ketayin, — debdi.Kampir:— Ey, jon bolam, shunday saltanat-dabdabani tashlab, ikki koʻzingni yoshlab, qayoqqa borasan? Sen mening gapimga kirgin-da, oʻn besh tilla pul bilan qizingni menga ber.

Shu atrofda besh-oltita homilador xotin: “Momo, bizdan xabar olib turing”, deb aytgan edi.

Shulardan birontasi oʻgʻil tugʻgan boʻlsa, oʻn besh tillani berib, qizingni alishtirib kelaman, — debdi.Malika suyunib oʻn besh tilla berib:— Ilohim, toleimga birortasi oʻgʻil tugʻgan boʻlsin, — deb kampirni joʻnatibdi.Kampir bola bilan oʻn besh tilla pulni olib, bir eshik yonida toʻxtab uni taqillatibdi. Uydan bir bola chiqib:— Ey, ena, nimaga chaqirdingiz?

— deb soʻrabdi.

— Sening onang ikkiqat edi, “Mendan xabar olib turing”, degan edi. Onangdan xabar olgani keldim, — debdi. Bola:— Dadam bir yoqqa ketgan edi, onam inqillab yotibdi, yaxshi kelibsiz, ichkariga kiring, — debdi.Kampir ichkariga kiribdi, homilador xotin qiynalib yotgan ekan, unga qarashibdi.

Keyin xotin bir oʻgʻil tugʻibdi. Kampir unga:— Ey bolam, sen oʻgʻil tugʻding. Mana bu qiz podshoning qizi edi. Sen oʻn besh tillani ol, oʻgʻlingni menga ber. Ering kelsa, qiz tugʻdim deysan-qoʻyasan. Men oʻgʻlingni podshoning xotiniga olib borib beraman, — debdi.U xotin ham toʻrtta oʻgʻil tugʻgan ekan. Eri: “Bitta ham qiz tugʻmading”, deb yurar ekan. Xotin xursand boʻlibdi, oʻn besh tilla bilan qizni olib, oʻgʻlini kampirga berib yuboribdi. Kampir oʻgʻilni olib, qoʻyniga solib, malikaning yoniga boribdi.

Podshoning xotini bolani qoʻliga olib quvonibdi, podshoga chopar yuboribdi.Podsho malikaning tugʻganini eshitib, borgan kishiga koʻp suyunchi beribdi, ovdan qaytib: “Men ham oʻgʻil koʻrar ekanman”, deb xursand boʻlib, qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy qilib beribdi. Bola uch yashar boʻlganda, podsho xatna toʻyi qilibdi.Bola olti yashar boʻlganda podsho katta dasturxon qilib, bolani qoʻlidan yetaklab maktabga olib boribdi.

Domlaga: “Eti sizniki, suyagi bizniki, yaxshi oʻqiting”, deb tayinlabdi.Domla, “Bolani urib-soʻksam, koʻngliga ozor bersam, borib otasiga aytadi, podsho meni hukmikushga buyursa, hech kim meni ajratib ola olmaydi”, deb oʻylabdi. Bolani yetti qavat koʻrpachaning ustiga oʻtqazib, koʻp izzat-ikrom bilan oʻqitib yuribdi.Oradan bir oy oʻtgandan keyin podsho oʻgʻlidan:— Oʻgʻlim, domlangiz qalay?

— deb soʻrabdi. Oʻgʻli:— Ey, ota, domlam meni yaxshi koʻradilar, yetti qavat koʻrpachaga oʻtqazib oʻqitadilar, — debdi. Podsho bolaning gapiga razm solib:— Oʻgʻlim, endi domlaning oldiga sira bormang. U sizni oʻqita olmas ekan, — debdi. Ertasigayoq oʻgʻlini boshqa maktabga olib boribdi.Podshoning oʻgʻli maktabga borib yuribdi.

Oradan besh-olti kun oʻtgandan keyin podsho oʻgʻlidan:— Oʻgʻlim, u domlangiz qalay?

— deb soʻragan ekan. Bola:— Bu domlam u domladan ham yaxshi ekan, — debdi. Podsho:— Boʻlmasa endi bu domlangiznikiga ham bormang, — debdi.Oradan uch-toʻrt kun oʻtgandan keyin podsho dasturxon qildirib, bir piyola tanga olib, yana bir domlaning darsxonasiga olib boribdi.Domla podshoga:— Fuqaroingizning bolalarini qanday oʻqitsam, sizning oʻgʻlingizni ham shunday oʻqitaman. Ilm degan narsa qiyinchilik bilan egallanadi.

Shunga rozi boʻlib, qoʻlingizdan qogʻoz bersangiz oʻqitaman, boʻlmasa yoʻq, — debdi.Podsho rozi boʻlibdi, oʻgʻlini maktabga berib ketibdi. Bola maktabga bormay desa, otasidan qoʻrqadi, maktabga borsa, domla zax yerga oʻtqazib qoʻyib, “Tez-tez oʻqi”, deb qistaydi.Shu ahvolda bola olti yil oʻqib, oʻn ikki yoshga kiribdi.

Bir kuni bola otasiga domladan shikoyat qilib:— Domlaning qiynogʻidan zerikdim, men endi oʻqib boʻldim, shu ilm ham menga yetadi, — debdi.Podsho:— E, oʻgʻlim, hali yoshsiz, koʻp oʻqishingiz kerak, — desa, oʻgʻli:— Men oʻzim katta mulla boʻlib qoldim, endi oʻlsam ham oʻqimayman, — debdi.

— Agar mulla boʻlib qolgan boʻlsangiz, maktabga borish, bormaslik sizning ixtiyoringizda. Dunyoda toʻrt yomon narsa bor, shu narsalarni aytib bersangiz, sizning mulla boʻlib qolganingizni eʼtiborga olaman, aytib bera olmasangiz, yana shu domlangizda oʻqiyverasiz, — debdi podsho.Bola maktabga bormay: “Shu toʻrt yomon narsani bilib, otamga aytib bermasam, domladan qutulmas ekanman”, deb dalaga chiqib qoʻsh haydab yurgan bir dehqonning yoniga borib:— Yur bu yoqqa!

— debdi. Dehqon:— Sen oʻzing kimsan, menga ”Yur bu yoqqa”, deyishga nima haqqing bor!?

— debdi.

— Meni bilmaysanmi? Men podshoning oʻgʻli boʻlaman!

— debdi.

— Podshoning oʻgʻli boʻlsang boʻlibsan-da, nega menga “Yur bu yoqqa”, deysan, — debdi.

— Otam “Dunyoda toʻrt yomon narsa bor, shuni bilib kelgin”, degan edi.

Shuning bittasini topdim. Bu — sen. Agar yaxshi odam boʻlsang, silliq yerning yuragini yorib, gʻadir-budir qilarmiding, yur bu yoqqa!

— deb dagʻdagʻa qilibdi.Shunda dehqon:— Sen meni otangning oldiga olib bormagin. Toʻrt yomon narsani oʻzim aytib beray.

Ammo otang mening aytganimni bilmasin. Otang: “Topib keldingmi, qani ayt!” desa, qushlarning ichida kalxat yomon, hayvonlarning ichida xachir yomon, toʻqayda toʻngʻiz yomon, odamlar orasida laqmasi yomon, degin, otang xursand boʻladi, — debdi.Bola bularni bilib ketgan ekan, otasining oldiga yetgan ekan.

— E, oʻgʻlim, nimaga kelding?

— deb otasi soʻrabdi.

— Siz aytgan toʻrt yomonni topib keldim: qushlarning ichida kalxat yomon, hayvonlarning ichida xachir yomon, toʻqayda toʻngʻiz yomon, odamning ichida laqmasi yomon, — debdi.

— Oʻgʻlim, bu gapni oʻrgatganning oʻzi yomon. Kimki senga bu gapni oʻrgatgan boʻlsa, yoningda turgan navkarni olib borib, oʻsha odamni koʻrsat, bu yerga uni olib keladi, — deb oʻgʻlining yoniga bir odam qoʻshib yuboribdi. Bola navkarni dalaga olib chiqib qoʻsh haydab turgan odamni koʻrsatibdi:— Ana shu odam, — debdi. Podsho yuborgan odam dehqonning yoniga boribdi:— Bu bolaga gap oʻrgatganingiz uchun podsho sizni chaqiryaptilar, yuring, — debdi, dehqon navkar bilan podshoning oldiga boribdi.

— Bizning oʻgʻilga toʻrt ogʻiz gapni siz oʻrgatdingizmi?

— Oʻgʻlingiz soʻragan edi, aytdim.

— Sizning otingiz nima?

— Mening otim Ayoz.

— Ey, Ayoz, oʻzingni bil, oʻzgani qoʻy. Men oʻqishdan qolmasin deb, undan hech kim bilmaydigan gapni talab qilgan edim. Sen shunday gapni bilar ekansan. Sendan ancha maslahat chiqadiganga oʻxshaydi. Mening oʻnta vazirim bor, seni ham vazirlikka oldim, — deb oʻziga vazir qilib olibdi.

— Oʻgʻlim, sizning birovdan oʻrganib olgan gapingiz eʼtiborga olinmaydi, endi siz maktabingizdan qolmang, — deb podsho oʻgʻlini yana maktabga joʻnatibdi.Ayoz podshoga vazir boʻlib qolgan ekan.Oradan uch-toʻrt kun oʻtgandan keyin podshoning xizmatchisi uning otini sugʻorish uchun yetaklab olib oʻtib ketayotgan ekan, podsho ichida “Yangi vazirni bir sinab qoʻyay”, debdi-da:— Ayoz, bu ot qalay, senga yoqadimi?

— debdi. Ayoz:— Otingiz otjon ekan-u, enasi moljon ekan-da, — debdi.

— Buni otjon deganing yaxshi, enasi moljon ekan, deganing nimasi?

— debdi podsho.

Shunda Ayoz:— Taqsir, shu otni sizga kim olib kelgan boʻlsa, oʻshandan soʻrang. Bu otning enasi otmi, molmi ekanini keyin bilasiz, — debdi.Podsho darrov otni tortiq qilgan odamni chaqirtirib kelib, undan soʻrabdi:— Bu otning enasi otmi yoki molmi?Otning egasi aytibdi:— Rostini aytsam, bu otning otasi ham ot, onasi ham ot.

Ammo, onasi tugʻgandan keyin, uch-toʻrt kun oʻtgach, oʻldi. Toy enasini emolmay qoldi.

Shunda nima qilishimni bilmay, sigir suti berib boqdim. Katta boʻlgandan keyin, kambagʻalchilik asar qilib, sotmoqchi boʻldim.Bozorga olib borib sotishga koʻzim qiymay, sizga tortiq qildim. Ozdir-koʻpdir inʼom berdingiz, oldim, — debdi.Podsho unga javob berib, Ayozdan soʻrabdi:— Bu otning sigir suti ichib katta boʻlganini qanday bilding?

— Xizmatchingiz otni ariqqa olib borib sugʻordi. Qarab tursam tumshugʻini bu yoqqa burib, keyingi oyogʻini ariqqa qarab silkidi. Ot bolasi bunday qilmas edi-ku, deb taxmin qildim, — debdi. Podsho bu javobdan qanoat hosil qilib:— Xazinachi, xazinadagi ikkita gavhar shamchiroqni olib chiqib, Ayozning oldiga qoʻy!

— debdi.Xazinachi shamchiroqni olib chiqib, Ayozning oldiga qoʻyibdi. Podsho:— Buni senga inʼom qilib qoʻyganim yoʻq, buning qaysi biri toza, qaysi biri past ekanini aytib ber, — debdi.Ayoz gavharga qarab turib, ular past deb yurganini toza, toza deb yurganlarini past degan ekan, podshoning achchigʻi kelib:— Ey, Ayoz, sen shunga qolganda ayniding. Qizil, sariq boʻlib tovlanadigan gavharni past deb, nega past gavharni toza deysan?

— debdi.

— Ey, podsho, achchigʻingiz kelmasin. Buning tovlanishiga sabab, uning ichida qurti bor. Qurt u yoqqa-bu yoqqa agʻanaganda, gavhar tovlanganga oʻxshab koʻrinadi, u gavhardan bu gavhar past, — debdi.Podsho vazirlariga:— Shu gavharning ichida qurti bor degani uchun sindiringlar, koʻraman, — debdi.Vazirlar bir-birlariga qarab, sindirishga yuraklari betlay olmay turishganida, Ayoz bir toshni olib, gavharning oʻrtasiga urib, ikki boʻlibdi. Gavharning ichidan bir qurt chiqib, oʻrmalab ketayotganini podsho koʻribdi, lekin gavharning singaniga achinib:— Gavharni nimaga sindirding?!

— debdi.

— Gavharni men sindirganim yoʻq, vazirlaringiz sindirdi, — debdi.Shunda podsho.

— Oʻzing sindirib, men sindirganim yoʻq, vazirlaringiz sindirdi, deganing nima deganing?

— debdi.Ayoz aytibdi.

— Taqsir, men sindirsam nihoyati bir dona gavharni sindiribman. Sizning soʻzingizni sindirganim yoʻq-ku, bular sindirdi.Podsho uning soʻzini eʼtiborga olib:— Kamol top, Ayoz!

— debdi.

Shunday qilib uch-toʻrt kun oʻtganda vazirlarning rashki kelib, Ayozni podshoga yomon koʻrsatish uchun:— Kecha kelgan vaziringizni bizdan ortiq koʻrasiz, biz buning bilimdonligini sinaymiz, — deyishibdi. Podsho:— Qanaqasiga sinab koʻrsalaring, koʻringlar, — debdi.Shunda vazirlar Ayoz oʻtiradigan koʻrpachaning tagiga bir yupqa qogʻozni tashlab, askiya-safsata qilib oʻtirishganda, Ayoz kelib, koʻrpachaga oʻtiribdi. U sukutga ketibdi. Podsho buni koʻrib:— Nega xayoling parishon?

— deb soʻragan ekan, Ayoz:— Bilmayman, yer piyozning poʻstidek koʻtarildimi yoki osmon sal pastga tushdimi, deb oʻylayapman, — debdi.Shunda vazirlar:— Taqsir, endi sizning oldingizda Ayoz tursin, biz turmaymiz, — deyishibdi. Podsho:— Mening ishim bir Ayoz bilan bitmaydi. Sizlar Ayozni gʻash koʻrsalaring, men ham Ayozning vazirligidan kechdim, — degan ekan.Podsho vazirlarining koʻngli uchun Ayozni zindonga solgan ekan.Bir kun ertalab vazirlar podshoning oldiga salomga kirishganda podsho chalqancha yotgan ekan. U vazirlarga qaramay:— Olib keling!

— debdi.Vazirlarning nimani olib kelishga aqllari yetmabdi. Uch kun oʻylashibdi. Oxiri toʻgʻri Ayoz yotgan zindonga borib Ayozni chaqirishibdi. Ayoz zindonda turib:— Kimsizlar, — debdi.

— Biz vazirlarmiz. Podsho bizga “Olib keling” dedi, ammo nimani olib kelishni aytmadi. Biz uch kundan beri nima olib borishni bilmay, uning roʻparasiga bora olmayapmiz. Podshoga nima olib borsak ekan, deb sizdan soʻragani keldik.

— Podsho yerga qarab “Olib keling” dedimi, osmonga qarab “Olib keling” dedimi?

— deb soʻrabdi Ayoz. Vazirlar:— Chalqancha yotgan vaqtlarida, uyning atrofi, shiriga qarab aytdilar, — debdi.Ayoz:— Chalqancha yotib, uyning atrofi, shiriga qarab aytgan boʻlsa, bitta duradgor, bitta sirchi, bitta suvoqchi, sartarosh olib boringlar.

Ammo men aytganimni bilmasin, — debdi.Vazirlar Ayoz aytgan toʻrtta ustani podshoning oldiga olib borishibdi. Toʻrt usta podshoga taʼzim qilibdi. Podsho:— Sizlar kimsizlar?

— deb soʻragan ekan.Ulardan biri:— Taqsir, vazirlaringiz olib keldi. Birimiz duradgor, birimiz sirchi, birimiz suvoqchi, birimiz sartarosh, — debdi.Shunda podsho:— Sen duradgor boʻlsang, anavi uyning toʻrtta vassasi egri boʻlib qolgan, shu vassalarini olib tashla, oʻrniga toʻgʻri vassa qoʻy. Sen sirchi boʻlsang, darrov oʻshani sirla. Sen suvoqchi boʻlsang, anavi gʻadir-budur boʻlib turgan joyni tekislab, u devor bilan bu devorni suvab qoʻy.

Sen sartarosh boʻlsang, shu uchovi ishni bitirguncha mening sochimni olib qoʻy, — debdi.Toʻrtta usta ishni bitirib ketganda, nariroqqa yetganda, podsho vazirlaridan soʻragan ekan:— Kimning aqli bilan mening oldimga bu toʻrtta ustani olib keldinglar, aniq aytinglar!Vazirlar aytibdi:— Taqsir, biz oʻz aqlimiz bilan ularni olib keldik.Podsho:— Rostini aytinglar, sizlardan bunday maslahat chiqishiga hali koʻp qovun pishigʻi bor, — debdi, ularga koʻp dashnom beribdi: — Buni sizlarga Ayoz oʻrgatgan, sizlardan bunday fikr chiqmaydi.Vazirlar:— Toʻgʻri, shohim, Ayoz aytdi.

“Mening aytganimni podsho bilmasin”, degani uchun sizga aytmagan edik, — deyishibdi. Podsho:— Unday boʻlsa, Ayozni zindondan ozod qilinglar, u sizlarning yeydiganlaringni yeb, ichadiganlaringni ichib qoʻygani yoʻq, — debdi.Podsho Ayozni oʻsha topda oldirib kelib, yana oʻz oʻrniga vazir qilib qoʻygan ekan.Ayoz vazir boʻlib yurganda, besh-olti kun turganda vazirlardan bittasi: “Ayoz ketadi, uyiga borib yotadi.

Buni bir poylay-chi, uyida nima ish qilar ekan”, deb oʻylab, Ayozni poylabdi.Ayoz uyiga borgandan keyin, vazirlik libosini yechib, sandiqqa solib, sholi poxolga chalqancha yotibdi, qoziqqa ilib qoʻygan eski chorigʻiga qarab naql oʻqibdi:— Ey, Ayoz, vazir boʻldim deb, oʻtgan kuningni unutma, eski chorigʻingni quritma.Ayoz orqasidan poylab yurgan vazir uning bu naqlini eshitib olib, toʻgʻri podshoning oldiga boribdi:— Ey, taqsir: goʻshtning asli qartadir, asl zotiga tortadir.

Vaziringiz Ayozning eshigini qoʻyib, teshigidan poylab qarab tursam, ishdan uyiga qaytgach, siz bergan kiyimlarni yechib, sandiqqa solib, tagiga bir bogʻ sholi poxolni solib, chalqancha yotgan joyida qoziqqa ilib qoʻygan eski chorigʻiga qarab: “Ey, Ayoz, podshoga vazir boʻldim deb, oʻtgan kuningni unutma, eski chorigʻingni quritma”, deb vaysab yotar ekan, — deb chaqibdi.Ertasiga Ayoz podshoning oldiga taʼzimga kiribdi.

Podsho:— Ey, Ayoz, sen qoʻsh haydab yurganingda kiyadigan chorigʻingni uyingning qozigʻiga ilib qoʻygan ekansan, kechqurun oʻrdadan uyingga borib, mening bergan kiyimlarimni bu yoqqa qoʻyib, bir bogʻ poxolni tagingga solib, chorigʻingga qarab vaysaganing nimasi?

Shu gap rostmi?

— deb soʻrabdi.

— Ha, taqsir, rost, — debdi Ayoz.Podsho:— Rost boʻlsa, senday vazirning menga keragi yoʻq, bor ket!

— debdi-da, vazirlik kiyimlarini ustidan yechtirib olib, eski choponini egniga solib joʻnatib yuboribdi.Ayoz yoʻlda ketayotganida saksonga kirgan bir chol uchrab qolibdi. Cholning yonidan oʻtib, uni qoldirib ketish odobdan emas, deb oʻylabdi. U chol bilan barobar ketayotib:— Ota, yoʻl boʻlsin?

— debdi.Chol:— Nima boʻlsa pul boʻlsin, — debdi.

— Ota, uzoq yoʻlni yaqin qilib ketaylik, — desa, chol indamabdi.Yana biroz yurib:— Ota, ot boʻlmasa ham, toy minib ketaylik, — debdi. Cholning gʻashi kelib, indamabdi. Sal yoʻl bosgach, chol eshikka kirib ketibdi.Ayoz yoʻlida davom etibdi.Cholning oʻn sakkiz yashar bir qizi bor ekan, qiz otasidan:— Ota, qayoqqa borib keldingiz?

— deb soʻrabdi. Otasi:— Koʻchalarni aylanib, tomosha qilib keldim, — debdi. Qiz:— Xoʻsh, koʻchada nima gaplar bor?

— deb soʻrabdi.

— Hech gap yoʻq. Yoʻlda bir betamiz odam bilan hamroh boʻlib qolgan ekanman: “Uzoq yoʻlni yaqin qilib ketaylik; ot boʻlmasa ham, toy minib ketaylik”, deb, to uyga kelgunimcha gapirib keldi, — debdi.Qizi aytibdi:— Ey, ota, “Uzoq yoʻlni yaqin qilib ketaylik”, degani gapirishib ketaylik, degani. “Ot boʻlmasa ham, toy minib ketaylik”, degani keksa ekansiz, bitta-yarimta yogʻochdan hassa qilib beray, degani. Siz oʻsha yigitni taniysizmi?

— Uning aytgan gapiga gʻashim kelib, aftiga ham qaramabman, koʻrsam ham tanimayman.

— Boʻlmasa siz mana bu ikki pulni oling, bozorga boring, “Ikki pulga uch xil yeydigan ovqat bormi?” deb boqqolma-boqqol yuring.Oʻsha yigit bozorda yurgan boʻlsa, ikki pulga uch xil yeydigan narsa olib beradi, olib keling. Oʻsha narsani olib bergan odamga: “Siz mana bu choyxonada turing”, deb tayinlab keling, — debdi.Chol ikki pulni olib, bozorga borib: “Ikki pulga uch xil yeydigan ovqat bormi?” deb soʻrasa, odamlar cholga dashnom berib. “Nari bor, chol, ikki pulingga nima keladi”, debdi.

Shu vaqtda Ayoz kelib:— Ota, menga bering. Sizning aytgan narsangizni men olib beray, — deb ikki pulga bitta handalak olib, cholga beribdi.

— Ota, ikki pulga uch xil yeydigan ovqat mana shu.Chol:— Bu handalakni bir kishi yeydi, handalak bir xil narsa, yana ikki xili qani?

— debdi.Ayoz:— Ey, ota, shu ikki pulga uch xil yeydigan narsa olib keling, degan odamga olib borsangiz! “Mening aytganim mana shu edi”, deb etini oʻzi yeydi, poʻchogʻini echkiga beradi, urugʻini tovuqqa beradi, — debdi. Chol:— Xoʻp, bolam, boʻlmasa, siz hech qayoqqa ketib qolmang, mana shu choyxonada turing, otingiz nima?

— debdi. Yigit:— Otim Ayoz, — debdi.Chol handalakni olib uyga borgandan keyin qiz handalakni soʻyibdi, otasi bilan yeb toʻyibdi, poʻchogʻini molga, urugʻini tovuqqa beribdi.

Shu bilan darrov bir tandir patir bilan ancha chuchvara qilib pishirib, bir laganga tushirib, zich qilib terib, ustidan moy quyib, betiga patirni qoplab, dasturxonga oʻrabdi. Bir kampir qoʻshnisini chaqirib:— Xolajon, mana shu dasturxonni olib, bozor boshiga borib, choyxonadan: “Shu yerda Ayoz degan yigit bormi?” deb soʻrang. “Ha, men” desa, shuni bering. Qoʻlingizdan dasturxonni olayotganda siz unga: ”Havo qorongʻi, yulduz zich, oy butun”, deb qoʻliga bering, deb tayinlabdi va kampirni joʻnatibdi.

Kampir yoʻlda ketayotib oʻz-oʻzicha: ”U u yoqda, bu bu yoqda, bilib oʻtiribdimi”, deb dasturxonni ochib, chuchvaradan yeb, siyraklatib, moyni ichib, patirning yarmini yeb boshqatdan dasturxonni oʻrab choyxonaga boribdi. Ayozni soʻrabdi:— Ayoz degan yigit kim?

— debdi.

— Ha, men, — debdi Ayoz. Kampir dasturxonni berayotib:— Shu dasturxonni sizga birov berib yubordi. Havo qorongʻi, yulduz zich, oy butun, — debdi. Ayoz ichkariga kirib, dasturxonni ochib qarasa, chuchvara juda siyrak, moyi yoʻq, patir yarimta. Ayoz laganni boʻshatib, kampirning qoʻliga berib aytibdi:— Bu dasturxonni sizga kim bergan boʻlsa, unga borib ayting: “Havo yorugʻ, yulduzlar siyrak, oy yarimta ekan”, deng, — debdi.Kampir laganni olib, qizning oldiga boribdi. Qiz: “Nima dedi?” deb soʻrabdi. Kampir aytibdi:— Yigit laganni bera turib: ”Havo yorugʻ, yulduz siyrak, oy yarimta”, deng, dedi.

— Shu yuborgan narsamni yoʻlda ochib, chetroq joyga qochib, yogʻini ichib, chuchvara, patirning yarmisini yebsiz.

Shunday ham badnafslik boʻladimi?

— degan ekan. Kampir hayron boʻlib, uyalib uyiga chiqib ketibdi. Qiz Ayozni chaqirtiribdi, unga tegmoqchi boʻlibdi, Ayoz olmoqchi boʻlibdi.Ayoz toʻy qilib, cholga kuyov boʻlgan ekan. Cholning biroz yeri bor ekan, Ayoz yana eski chorigʻini kiyib, ekin ekib, dehqonchilik qilib yura bersin, indamay tura bersin.

Endi ikki ogʻiz gapni podshodan eshiting.Podsho otxonaga chiqib, otlariga qarab: “Olib kelinglar!” deb, dahshat bilan vazirlariga buyruq beribdi. Vazirlar nima olib kelishini bilmay, podshoning oldiga bora olmay qoʻrqib yurishibdi.

Shunda bir odam vazirlarga aytibdi:— Ayozning oldiga borib maslahat qilinglar. U Iqon degan qishloqda dehqonchilik qilib yuribdi. Bu buyruqning tugunini hech kim yecha olmaydi, Ayoz yechib beradi, — debdi.Vazirlar shoshilgancha qishloqqa borib, Ayozning hovlisini topib, eshigini qoqib chaqirishgan ekan, Ayoz chiqib:— Xoʻsh xizmat?!

— debdi. Vazirlardan biri:— Podsho bizga dahshat bilan “Olib kelinglar!” dedi. Nima olib borishimizni bilmay hayronmiz, shunga nima maslahat berasiz, soʻragani keldik, — debdi.Ayoz:— Podsho qayoqqa qarab turib “Olib kelinglar” dedi, — deb soʻrabdi.Vazirlar:— Otxonadagi otlarga qarab aytdi.

— Gapingizga qaraganda podsho ovga chiqib kelgan.

Shunda otning uzangisi, yo ayili, yoki yuganining biror joyi uzilgan.

Endi sizlar bitta sarroj olib borsalaringiz boʻladi, — debdi.Bular podshoning oldiga bir sarrojni olib borishibdi.

— Mana, taqsir, bu kishi sarroj, — deyishibdi. Podsho:— Xoʻp boʻlmasa, uzangi uzilib, ayillar toʻzib ketgan edi, ot abzalining butun kam-koʻstini tayyorlab qoʻying, — deb sarrojga tayinlabdi. Sarroj ketgandan keyin podsho vazirlarga qarab:— Sizlar buni oʻz aqllaring bilan olib kelganlaring yoʻq.Ochigʻini aytinglar, buni sizga kim aytdi, — debdi.Shunda vazirlar turib:— Taqsir, rostini aytsak, ilgarigi vaziringiz Ayoz Iqon qishlogʻiga ketib qolgan ekan.

Daraklab uni topib, shuning aqli bilan olib keldik, — deyishibdi.Podsho:— Shu bir ogʻiz gapning mazmunini yecha olmay, sarson boʻlib, qishloqqa borib Ayozning gapi bilan ish qilibsizlar. U dedinglar, bu dedinglar, xullas, Ayozni mening oldimdan ketkazdinglar. Koʻpdan koʻp aql chiqadi, ozdan oz aql chiqadi. Hali ham boʻlsa, Ayozni oldirib kelishimiz kerak, — debdi.Podsho Ayozni oldirib kelgandan keyin, vazirlar yana uni gʻash koʻrib, nima qilishlarini bilmay qolishibdi.

Kunlardan bir kun vazirlar yigʻilib podshoga:— Taqsir, sizga Ayozning oʻzi vazir boʻlib tura qolsin. Bizga javob bering!

— deyishibdi. Podsho:— Boʻlmasa men Ayozga bir ish buyuraman. Ayoz u ishning uddasidan chiqmay, bu yerga kelmaydigan, hech narsa demaydigan boʻlib ketadi, — debdi.Ertasi ertalab Ayoz podshoning oldiga taʼzimga kiribdi. Podsho:— Men senga bir ish buyuraman, agar shu ishning uddasidan chiqa olmaydigan boʻlsang, bu yerga kelma, birov ish oʻrgatgin desa, oʻrgatma, — debdi.

Ayoz:— Xoʻp, —debdi.Podsho:— Menga tepasi osmonga yetmaydigan, tagi yerga tegmaydigan qilib imorat soladigan usta topib kel, — debdi.Ayoz podshoning qilgan ishiga, aytgan gapiga xafa boʻlib uyiga borganda, xotini:— Muncha rangingiz olingan, qovogʻingiz solingan. Sizga nima boʻldi?

— deb soʻragan ekan, Ayoz aytibdi:— Ey, xotin, chaqimchilar gap chaqishtirib, meni podshoning koʻziga koʻp yomon koʻrsatib qoʻyishdi. Podsho meni shuncha ovora qilib, yana “Tagi yerga tegmaydigan, tepasi osmonga yetmaydigan qilib imorat soladigan usta topib kel”, — dedi.Xotini:— Bu gapga xafa boʻlsangiz ham boʻladi, xafa boʻlmasangiz ham boʻladi. Men sizga oʻsha podsho aytgan ustani topib beraman. Siz bugun dalaga chiqib, ikkita joʻr toʻrgʻayning bolasini topib keling.

Men shuni oʻn besh kunda usta qilib beraman, — debdi.Ayoz hayron boʻlib: “Qani olib kela beraychi, nima qilar ekan”, deb dalaga chiqib ikkita joʻr toʻrgʻayning bolasini olib kelibdi. Xotini joʻr toʻrgʻayni olib, qafasga solib, kecha-yu kunduz qafasning yoniga oʻtirib: “loy, gʻisht, loy, gʻisht”, deb joʻr toʻrgʻayning qulogʻiga ayta bergan ekan, joʻr toʻrgʻay ham oʻn besh kun ichida “loy, gʻisht, loy, gʻisht” deydigan boʻlib qolibdi.

Oʻn besh kundan keyin xotini Ayozning qoʻliga joʻr toʻrgʻayni berib:— Mana, qafas bilan podshoning oldiga boring, joʻr toʻrgʻayning oyogʻiga ir bogʻlab uchiring, u yogʻini oʻzingiz bilasiz, — debdi.Ayoz xotinining soʻzi bilan podshoning oldiga borib, taʼzim qilibdi. Podsho:— Nimaga kelding?

— deb soʻrabdi.Ayoz:— Siz aytgan ustani topib keldim, — deb joʻr toʻrgʻayning oyogʻiga ir bogʻlabdi-da, qafasdan chiqarib yuboribdi. Joʻr toʻrgʻay osmonga chiqib: “Loy, gʻisht, loy, gʻisht” deb sayray beribdi. Ayoz podshodan soʻrabdi:— Taqsir, bu nima deyapti?

— Loy, gʻisht, loy, gʻisht, — deyapti.

— Loy, gʻisht deyayotgan boʻlsa, siz aytgan usta mana shu.

Endi loy bilan gʻisht yetkazib beradigan mardikorni topib bersangiz siz aytgan imoratni solib beradi, — debdi.Podsho noiloj, nima qilishini bilmay, yana Ayozni oʻziga vazir qilib olgan ekan.Kunlardan bir kun podshoning tobi qochib, xalqni soʻrashga madori qolmay, oʻrniga kimni qoʻyishni bilmay: “Yosh boʻlsa ham oʻgʻlim-da”, deb, oʻz oʻgʻli bilan Ayozni chaqiribdi:— Ayoz, sen vazir, oʻgʻlim, sen podsho. Ikkoving men tuzalgunimcha xalqni soʻrab turasan, — debdi.

Keyin oʻgʻlini yoniga chaqirib olib: — Ayoz juda bilgir odam, bitta-yarimta chaqimchining soʻziga kirib, uni oʻldirib yuborma. Agar juda gʻashing keladigan bir gap gapiradigan boʻlsa, shu gapni surishtirib, maʼnosini bilib, shunga qarab hukm chiqar, — deb tayinlabdi. Besh-olti kundan keyin podsho oʻlibdi. Kun oʻtibdi, oy oʻtibdi.

Bir kun shahzoda Ayozdan soʻrabdi:— Mening zarbim qalay, xalqqa ozor beryapmanmi?

— deganda Ayoz turib javob beribdi.

— Xalqni soʻrashingiz juda yaxshi. Bunga mening eʼtirozim yoʻq, ammo zarshunosligim yoʻrigʻidan koʻnglingizga qattiq olmasangiz bir soʻz aytaman.

— Otamning qilgan nasihati hurmati, har qanday gap gapirsang ham koʻnglimga qattiq olmayman, — debdi shahzoda.

— Agar koʻnglingizga olmaydigan boʻlsangaz, siz podshoning oʻgʻliga oʻxshamaysiz, asli sizning otangiz novvoymikan, deb xayol qilaman, — debdi Ayoz. Ayozning bu gapiga shahzodaning gʻazabi kelibdi.Ayozni oʻldirmoqchi boʻlibdi.

Shunda Ayoz:— Taqsir, arzimni aytay, bu gapni aytishga aytdim-u, endi nima qilay. “Har qanday gap gapirsang ham koʻnglimga qattiq olmayman” deganingiz uchun aytgan edim. Siz ichkariga kirib, onangizdan soʻrab chiqing, onangiz nima der ekan. Undan keyin bilganingizni qiling, — debdi.Shahzoda Ayozning bu gapi bilan onasining yoniga kiribdi. Ayoz bilan boʻlgan voqeani aytib, haqiqatni soʻrabdi.

— Jon bolam, men otang bilan yigirma yil umr qilib, toʻqqizta qiz tugʻdim. Oʻgʻil koʻrmadim. Yana homilador boʻlib oy-kunim yaqinlashganda, otang: “Sen menga oʻgʻil tugʻib bermading. Bu safar ham oʻgʻil boʻlmay qiz boʻlsa, jahl ustida seni oʻldirib qoʻymayin, men ovga chiqmoqchiman, oʻgʻil tugʻsang mening orqamdan xabar yubor, bordi-yu, qiz tugʻsang, kelgunimcha uyni boʻshatib qoʻy”, degan edi. Mening oy-kunim yetib yana qiz tugʻdim.

Men otang aytgan gapning yoʻrigʻidan bolani yoʻrgaklab, boshim oqqan tomonga ketmoqchi boʻlganimda, momo-kampir meni qaytardi. Qoʻlimdan oʻn besh tilla bilan bolani olib ketib, bir toʻlponday oʻgʻil bola olib kelib berdi. Momo-kampirdan soʻrasam, bu bola Abdusattor novvoyning bolasi ekan. Bolam, sen oʻsha Abdusattor novvoyning oʻgʻlisan, unda yurgan qiz mening qizim, — debdi onasi. Shahzoda onasining oldidan chiqib, Ayozni chaqirib:— Zarshunosligingga balli, mening otam novvoy ekan. Sen buni qayoqdan bilding?

— deb soʻrabdi.

— Siz oʻrningizdan turasiz, asta-sekin yurasiz, koʻpincha, novvoyxonaga borasiz. Novvoyxonaga koʻp kirganingiz uchun, otangiz novvoymikan, deb xayol qilib edim.Shahzoda bu gapni eshitib:— Bor, podsholigimni oʻzingga berdim, men novvoyxonada otamning kasbini qilaman, — deb podsholikni Ayozga tashlab ketgan ekan.Shu bilan Ayoz oʻzi podsho boʻlib, oʻzining donoligidan xalqni odillik bilan soʻrab, mamlakatda adolat oʻrnatgan ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!