Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, ilgari zamonda bir chol bilan kampir bor ekan. Ular uzoq vaqt farzandsiz umr kechirib, eri ellikka, xotini esa qirqqa kirganda bir oʻgʻil koʻrishibdi. Er-u xotin oʻgʻilni tarbiyalay boshlashibdi. Bola oʻsib ulgʻayibdi. U maktab yoshiga yetgach, yaxshi domlaga berishibdi. Bolaning zehni oʻtkir ekan, savodi tez chiqa boshlabdi, har xil kitoblar oʻqibdi, tushunmagan narsalarini domlasidan yoki boshqa biror kishilardan soʻrab olishga harakat qilibdi.
Shunday qilib, bola yigirma yoshga toʻlgach, yaxshigina ilmga ega boʻlibdi.Bir kun bolaga bir chol yoʻliqibdi, ancha suhbat qilibdi, unga koʻp nasihatlar beribdi, koʻpgina sirli soʻzlarni oʻrgatibdi, mendan senga yodgorlik boʻlsin, deb bolaga bir gilamcha beribdi. Bola oliyhimmat choldan:— Bobo, bu gilamchani nima qilaman, buning qanday siri bor?
— deb soʻragan ekan, chol gilamchaning sirini aytib beribdi.
— Endi sen katta boʻlib qolding, uylanishing kerak, ota-onangga aytgin, seni uylantirib qoʻyishsin. ”Menga podshohning qizini olib beringlar!” degin, boshqa qizni olib berishmoqchi boʻlishsa, yoʻq, deb aytgin, — debdi.Bola chol bilan xayrlashibdi…Gilamchaning siri bunday ekan: uning ustiga chiqib oʻtirib: “Ey gilamcha, cholning hurmati, meni falon joyga yetkazgin!” desa, koʻzini yumib-ochguncha oʻzini oʻsha yerda koʻrar ekan.Gilamchani qoʻliga olib:— Ey gilamcha, cholning hurmati uchun kichkina roʻmolcha boʻl!
— deb gilamchani bir qoqsa, kichkina roʻmolcha boʻlar ekan.Chol ketgandan soʻng, bola gilamchaning sirlarini bir necha marta sinab koʻrib, qanoat hosil qilibdi.
Kechqurun ovqatdan keyin chol bilan kampirga:— Men katta boʻlib qoldim, endi meni uylantirib qoʻyinglar, — degan ekan, chol bilan kampir:— Xoʻp bolam, ertadan boshlab toʻy harakatiga tushamiz, — deyishibdi.
— Menga kimning qizini olib berasizlar?
— Kimning qizi chiroyli, odobli, ota-onali, tagli-taxtli boʻlsa, shuning qizini olib beramiz.
— Yoʻq, menga podshohning qizini olib berasizlar, — debdi bola.
— Podshohning qizini deysanmi, bolam, bizlar bir kambagʻal boʻlsak, podshohga qanday qilib quda boʻlamiz, u qizining qaliniga qancha dunyo soʻrar, unga bizning qudratimiz yetmaydi-ku, xudoga shukr, sening aqling, idroking joyida, hamma narsaga aqling yetadi-ku!
— debdi chol.
— Ota, siz podshohning qiziga sovchilikka boring, u sizga nima javob qaytarar ekan, soʻngra shunga qarab ish tutamiz, — debdi.
— Bolam, podshoh qizini podshohzodaga beradi, bizga oʻxshagan kambagʻalning sovchi boʻlib kelganini eshitishi bilan jallodga buyuradi.
— Yoʻq, ota, siz qoʻrqmang, avval boring!
— Xoʻp bolam, — deb vaʼda qilibdi chol.Ertasi kechqurun:— Ha ota, bordingizmi?
— debdi bola.
— Yoʻq, bolam, qoʻrqdim, — debdi chol. Qoʻrqib-qoʻrqib, nihoyat, uchinchi kuni chol azonda borib podshohning eshigini supurib kelibdi.Ertasiga yana eshigini supurayotganda podshohning mulozimlari cholni ushlab saroyga olib kiribdilar va podshoh oldiga yoʻllabdilar:Podshoh gʻazab bilan cholga qarab:— Ha, chol, nima qilib yuribsan?
— debdi.
— Taqsiri olam, sultoni bokaram, kamina qulingiz qulchilikka keldi, bir… Qull…ba… changiz bor… — deb tili tutilib qolibdi.Shohning gʻazabi kelib, koʻzlari kosasidan chiqib ketguday boʻlibdi, birdan:— Jallod!
— deb baqirib yuboribdi. Birdan uch nafar jallod podshohga taʼzim qilib:— Tigʻimiz burro, tilimiz goʻyo, kimning ajali yetdi?
— deb muntazir boʻlib turibdilar. Podshoh ularga qarab: ”Cholni bu yerga ajal haydab kelgan ekan, boshini tanasidan judo qilib tashla, boshqalarga ibrat boʻlsin, haddidan oshmasin!” — deb dahshat qilibdi. Jallodlar cholni sudrabdilar. Podshohning bir donishmand vaziri bor ekan.
Shu vazir cholning gunohidan oʻtishni podshohdan soʻrabdi.Podshoh:— Nima demoqchisan, shu bachchataloq cholning bolasiga qizimni beraymi?
— deb vazirga oʻshqiribdi.
— Podshohi olam, u bechora cholning qonini toʻkib nima qilasiz, bir ogʻirroq, qiyinroq shart qoʻying, shu bilan yoʻq boʻlib ketadi, — deb yana taʼzim qilibdi.
— Boʻlmasa, oʻzing unga oʻsha qiyin shartingni ayta qol!
— debdi podshoh. Vazir cholni jallodlarning qoʻlidan ajratib olib, unga:— Ota, oʻgʻlingizga borib ayting, shu shaharning kunchiqar tomonida bir qishloqning chetida bir tandir bor.
Shuning ichida bir chol bilan bir kampir yashaydi. Ular tashqariga chiqqanda bir xil chopon bilan chiqadilar. Bolangiz borib shu chol-kampirdan ular nima uchun tandirning ichida turadilar, nima uchun boshqalarga oʻxshab ochiq joydan hovli-joy qilishmaydi va nima uchun ular bir chopon bilan tashqariga chiqishadi. Chopon bir xilmi yoki choponning oʻzi bir donami? Ana shuni bilib kelsa, podshoh qizini oʻgʻlingizga beradi, — debdi. Chol uyga qaytibdi.Kechki ovqatdan keyin chol oʻgʻliga boʻlgan voqealarni va shartlarni tushuntira boshlabdi.
Ertalab yigit ota-onasidan oq fotiha olib, sirli gilamda uchib borib, tandirning qarshisiga borib oʻtiribdi. Peshindan oldin bir oppoq soqolli chol eski choponni kiyib tandirdan chiqibdi, yozilib, tahorat qilib yana kirib ketibdi, undan keyin xuddi oʻsha choponni kiyib bir kampir chiqibdi, u ham tahorat qilib kirib ketibdi.
Oradan toʻrt soatcha oʻtgach, kechga yaqin namozgar oldidan oq soqolli kishi yana chiqib, tahorat qilib, tandirga kirib ketibdi. Undan keyin kampir ham chiqib, yana kirib ketibdi.Ertasi tushga yaqin yigit yana kelib poylabdi, oq soqolli chol chiqib tahorat qilib boʻlgandan keyin, yigit uning oldiga borib salom beribdi, koʻrishibdi va tandirning ichida turishi va kampiri bilan bir chopon kiyib yurishining sababini soʻrabdi.
Oq soqolli chol unga:— Qoʻy, bolam, ishimdan qoldirma, namozim qazo boʻladi, — degan ekan, yigit unga mahkam yopishib:— Ota, aytmasangiz boʻlmaydi, — deb turib olibdi. Chol yigitning soʻzini uch-toʻrt marta qaytaribdi. Qarasa, yigit boʻsh kelmaydi.Oʻylab turib:— Mening bir shartim bor, agar shu shartimning uddasidan chiqib bajarsang, aytib beraman, boʻlmasa, meni ham, oʻzingni ham ovora qilma, bolam, — debdi.
— Qanday shart ekan, otajon, ayting, — debdi yigit.
— Shartim shuki, — debdi chol, — falon shaharning qabristonida kichkinagina bir hujra bor.
Shu hujra ichida bir qari chol qorovul boʻlib turadi va kecha-yu kunduz tinmay yigʻlaydi. Sen borib shu qariyadan oʻsha yerda uning kimi bor ekanini, kecha-yu kunduz yigʻlashining sababini, tirikchiligi nima bilan oʻtishini soʻraysan. Ana shularni bilib kelsang, men ham sirimni aytib beraman, — debdi.Yigit sirli gilamchasiga oʻtirib oʻsha goʻristonga boribdi, qariyani poylabdi, ikkinchi kuni salom berib qariyaning hujrasiga kiribdi. Qariya bilan koʻrishib, odob bilan koʻrsatgan joyga oʻtiribdi.Qariya yigitga savol nazari bilan qarab:— Keling bolam, qayerdan kelayotirsiz, kelishingizdan maqsadingiz nima?
— deb soʻrabdi.
— Men falon shahardan sizning taʼrifingizni eshitib keldim. Kechadan beri hujrangiz qarshisida oʻtirib, sizning yigʻlashingizni koʻrdim, endi ikki-uch savolimga javob berishingizni soʻrayman, — debdi.
— Qoʻy, bolam, savollaring bilan boshimni qotirma, meni yigʻimdan qoldirma, sening savollaring menga maʼlum. Bunaqa savollar bilan senga oʻxshaganlardan juda koʻpi kelishadi, lekin birontasi ham mendan javob ololmay ketadi.
— Ota, meni boshqalarga oʻxshatmang, men sizdan javob olmay ketmayman.
— Bolam, mening bir shartim bor, agar shu shartimni bajarib kelsang, men ham aytaman, — debdi chol.
— Jonim bilan bajarib kelaman, otajon, qani ayting!
— debdi yigit.
— Falon shaharda bir novvoy bor, — debdi qariya, — Uning novvoyxonasida yigirmata tandir qurilgan, oʻsha tandirlarda har kuni erta sahardan tushgacha non yopiladi.
Lekin birorta non birovga sotilmaydi. Tushdan keyin novvoyxona yigʻishtirilib, ertalabdan beri yopilgan nonlarni yigirma-yigirma besh aravaga ortadilar, eng oldingi aravaga nov-voyxonaning egasi oʻtiradi va aravalarni haydashga buyuradi.
Shu shahardan yigirma chaqirimcha joyda katta daryo oqadi. Aravalar daryoga yetgach, novvoyxonaning egasi hamma nonlarni daryoga tashlaydi-da, aravalarni boʻshatib shahriga qaytadi. Necha yildan beri bu novvoyning qiladigan ishi shu. Sen novvoydan soʻragin, uning qoʻlida yetmish-sakson odam ishlaydi, ularga ish haqi toʻlash kerak, bir kunda yuz qopcha un ketadi, bularning hammasiga u pulni qayerdan topadi va topganda ham daryoga tashlashning nima foydasi bor?Yigit gilamchasi bilan toʻppa-toʻgʻri novvoyning oldiga boribdi.
Novvoylarning ishini kuzatib turibdi. Nonlar yopilib boʻlgach, aravalarga ortibdilar va daryoga qarab joʻnabdilar. Yigit ham eng keyingi aravaga oʻtirib ular bilan ketibdi. Daryoga yetib borgach, novvoyxonaning egasi nonlarni daryoga irgʻita boshlabdi va aravalarni boʻsha-tib qaytibdi.Ertalab yigit novvoyxonaga kirib boribdi; qarasa katta nonvoyxonada yigirmata tandirda non yopilayotgan emish. Novvoyxonada hamma oʻz ishi bilan mashgʻul.
Novvoyxonaning oʻrtasida baland supa, supaga qir-qizil gilam toʻshalgan, koʻrpacha solingan, par yostiqlar qoʻyilgan.
Shu supada ellik yoshlarga borgan yoʻgʻon gavdali kishi oʻtiribdi. Bu kishi novvoyxona egasi edi. Yigit salom berib, supaga chiqibdi va novvoyxona egasi bilan koʻrishibdi. Xoʻjayin darrov yigitga joy koʻrsatibdi, choy buyuribdi.Yigitning oldiga issiq nonlardan sindirib qoʻyibdi va nonga taklif qilibdi.
— Keling, uka, — deb gap boshlabdi xoʻjayin.
— Sizning taʼrifingizni eshitib kelgan edim, eshitganlarimning hammasi toʻgʻri ekan. Eshitishimga qaraganda, siz shu ishni yigirma besh yildan beri qilar ekansiz.
Shuncha pulni qayerdan topasiz va nima uchun davlatingizni suvga oqizasiz.
Shuni aytib bersangiz, — debdi.
— Ey, ukam, sizga pul kerak boʻlsa, beray, boshqa narsa kerak boʻlsa, uni ham ayting, lekin bu voqeadan ogʻiz ochmang!
— debdi.
— Amaki, men bir maqsadga qadam qoʻyganman, shu maqsadimga albatta yetishim kerak. Maqsadimga yetishimning bir kaliti sizning javobingiz boʻladi, shuning uchun meni xursand qilarsiz deb ishonaman.Novvoyxonaning egasi biroz jim turgach:— Mening bir shartim bor, shuni bilib kelsangiz, men ham aytaman, boʻlmasa ovora boʻlasiz, ukam!
— debdi.
— Xoʻp, ayting, u nima shart ekan?
— debdi yigit.
— Falon shaharda bir egarchi bor.
Shu egarchi bir yilda bir dona egar yasaydi, egar bitgach, uni birovga ming tangaga sotadi. Egarni olgan odam pulni beradi va oʻn-oʻn besh qadamcha yurib uzoqlashgach, pulga qarab turib egarchining rangi oʻzgaradi, koʻzlari chaqnab ketadi-da, oʻrnidan irgʻib turib, egar olganni chaqiradi. Egar olgan qaytib kelgach, undan egarni qaytarib oladi va pulini qaytarib beradi.
— Ha, amaki, nima boʻldi?
— Egarning bir joyida chalasi bor ekan.
— Mayli, pul sizda tursin.
— Yoʻq, kerak emas.Egar olgan hayron qoladi.Egarchi esa, egarni olib doʻkoniga qaytadi-da, egarni toʻnkaning ustiga qoʻyib teshasi bilan urib mayda-mayda qilib tashlaydi.
Shu egarchi bir yilda bir dona egar yasar ekan, nima uchun sindiradi: hech boʻlmasa oʻzining mehnatiga achinsa boʻlmaydimi? Egarni-ku sindiradi, yana nima uchun yasaydi, baribir yasagan egarini sindiradi.
Shuning sababini bilib kelsang!
— debdi.Yigit gilamchaga oʻltirib egarchining oldiga boribdi. Egarchi egarni bitkazib, pardozlayotgan ekan. Ikki kundan keyin egar tayyor boʻlibdi. Egarchi doʻkon oldidagi peshayvonga chiqib, egarining u yoq-bu yogʻiga qarab zavq bilan oʻz hunaridan xursand boʻlib oʻltiribdi.Doʻkonning oldidan oʻtganlardan baʼzilari egarga xaridor boʻlar, uni qoʻllariga olib koʻrar va qimmat ekan deb egasiga qaytarib, oʻz yoʻllariga qarab ketishar ekanlar.Shu ahvolda uch-toʻrt kun oʻtibdi. Yigit ham egarchini kuzatib yura beribdi. Beshinchi kuni bozor kuni boʻlibdi, tushga yaqin bir boyvachcha kelib:— Qani, ota, egaringiz necha pul?
— debdi.
— Ming tanga, mulla, — debdi egarchi.
— Juda qimmat-ku, ota!
— desa.
— Moliga ham qarang, uka!
— debdi.
— Ming tangaga koʻp narsa olsa boʻladi. Ota, siz bir egarni ming tanga deysiz-a?
— debdi.
— Ishqiboz boʻlsangiz, mehnatni qadrlasangiz olasiz, uka, boʻlmasa egasiniki, — debdi egarchi.
— Sal keltirib ayting, — debdi xaridor.
— Boʻlgani shu, mulla, qimmatlik qilsa olmay qoʻya qoling, — debdi egarchi.Nihoyat, koʻp talashganlaridan keyin ishqiboz yigit ming tangaga egarni olibdi. Pulni sanab berib, egarni olib ketibdi. Pulni qoʻliga olishi bilan egarchining koʻzlari olayib, rangi oqarib ketibdi va oʻrnidan turib boyvachchani chaqiribdi. U qaytib kelgach: “Egarni menga bering, pulingizni olib turing!” — debdi egarchi.
— Nima uchun, ota?
— debdi xaridor.
— Bir joyida chalasi bor ekan, tuzatish kerak, — debdi usta.
— Mayli, pul sizda tursin, — desa, — Yoʻq, olib turing, — deb pulni egasiga topshiribdi-yu, egarni doʻkoniga olib kirib, tesha bilan mayda-mayda qilib tashlabdi.Ertasiga yangi egar ishlashga kirishibdi.Tushga yaqin salom berib yigit doʻkonga kelibdi va chol bilan koʻrishib boʻlgach:— Ota, sizning ishlaringizni eshitib ishonmagan edim, kelganimga bir hafta boʻldi, ishingizni kuzatib yurdim. Eshitganlarimning hammasi toʻgʻri ekan, — debdi.
— Bolam, mening toʻgʻrimda nima eshitdingiz?
— debdi.
— Falon shahardagi novvoydan eshitgan edim. Ota, bir oy emas, bir yil deganda bir egar yasar ekansiz, sotgandan keyin qaytib olib sindirdingiz, yana shunday egarni yasaysiz, bir kun buni ham sindirasiz-ku, hech boʻlmasa bir yillik mehnatingizga achinmaysizmi?
— debdi yigit.
— Qoʻy, bolam, meni ishdan qoldirma!
— Yoʻq, ota, men qoʻymayman, aytasiz.
— Uni aytishga vaqtim yoʻq, — debdi usta.
— Keling, otajon, ayta qoling!
— debdi yigit.Nihoyat:— Mening bir shartim bor, shuni topib kelsang, men ham aytaman, — debdi usta.
— Mayli, ota, ayting!
— debdi yigit.
— Bir shaharda Sanobar degan podshoh bor emish, shu Sanobar Gul degan qizni besh-olti yoshlik vaqtida yaxshi koʻrib, ota-onasini ham rozi qilib olibdi va unga yaxshi enagalar tayin qilibdi. Qizning tarbiyasi uchun hech narsani ayamabdi.
Nihoyat qiz voyaga yetgach, toʻy qilib olibdi. Hozir shu bechora Gulni temir qafasga solib qoʻygan emish. Bu xotinni shunday qiynar ekan, qoʻyib yuborsa boʻlmasmidi, uni ota-onasi voyaga yetkazib, oʻz munosibiga bersa boʻlmasmidi? Borib shu sirni bilib kelsang, men ham bu sirlarni aytib beraman, — debdi.Yigit egarchi bilan xayrlashib, gilamchaga oʻtirib Sanobarshoh shahriga ravona boʻlibdi.Baland qalʼa. Qalʼaning ustida soqchi sarbozlar oyboltalarini yelkalariga qoʻyib, oʻq-yoylarini boʻyinlariga osib yurgan ekanlar.
Shaharda oʻn-oʻn besh kun yurib, past-balandni koʻrib, yaxshi-yomonni ajratib bilib olibdi.Yigit koʻp oʻylab, Sanobarshoh huzuriga kirish chorasini izlabdi.
Nihoyat, bir dehqon yordamida podshohning oshxonasiga shogird boʻlib kiribdi.Oshxonada astoydil xizmat qilibdi, tez kunda oshpazlik hunarini oʻrganib olibdi. Mehnatini ayamabdi, tirishqoqlik bilan ishlabdi. Oshpazlikdan tashqari suv tashibdi, ogʻir mehnat qiluvchilarga qarashibdi. Mehnatsevarligidan hammaning hurmatiga sazovor boʻlibdi. Uni oshxonadagilar yaxshi koʻribdilar.
Bora-bora u Sanobarshoh oshpazining yordamchisi boʻlibdi.Bu vazifada u jonu dili bilan ishlabdi, podshoh yeydigan ovqatlarining deyarli hammasini oʻrganibdi, hatto usta oshpazdan ham mazaliroq ovqat pishiradigan boʻlibdi. Katta oshpaz ovqatlarni yigitga pishirtirib, oʻzi uni kuzatib yurar ekan.Kunlardan bir kun usta oshpaz oʻrtogʻinikiga toʻyga ketibdi.Ertasi kuni yigit bor hunarini ishga solib ovqatlarni pishiribdi.
Vaqt-vaqtini bilib ovqatlarni podshohga kirgizib turibdi.Ertasiga katta oshpazning oʻzi ovqat tayyorlabdi.Tushki ovqatdan keyin Sanobarshoh oshpazni chaqirib undan:— Kechagi ovqatlarni kim pishirgan edi?
— deb soʻrabdi. Qoʻrqib ketgan oshpaz:— Oʻzim, podshohi olam, — debdi.
— Rostini ayt!
— Oʻzim pishirdim, — debdi.
— Yolgʻon aytma, kechagi oshpaz boshqa!
— Podshohi olam, bir qoshiq qonimdan oʻtsangiz aytaman, — debdi oshpaz.
— Ayt, oʻtdim!
— debdi shoh.
— Shohim, bir yilcha boʻldi, yoshgina bir bolani oshxonaga ishga olganmiz, hozir u men bilan ishlaydi, oʻzi juda uddaburon, qoʻl-oyogʻi chaqqongina, tirishqoq, serharakat yigit.
— Ilgari u senga shogird boʻlgan boʻlsa, endi sen unga shogird boʻlishing kerak. Ovqatni u sendan yaxshi qilar ekan, bor, shu yigitni mening oldimga yubor, — debdi. Oshpaz podshohga uch martaba taʼzim qilib chiqib ketibdi. Oshxonaga kelib yigitga:— Ukam, omading kelgan ekan, shoh seni chaqiryaptilar. Agar seni mening oʻrnimga bosh oshpaz qilib tayinlasalar, meni esingdan chiqarma, ukam, har holda seni oshpazlikka men oʻrgatdim-ku, — debdi.
— Usta, xotiringiz jam boʻlsin, men yaxshiligingizni unutmayman, — debdi yigit.Yigit podshoh saroyiga boribdi, oybolta koʻtargan sarbozlar, oʻnboshi va yuzboshilardan, hashamatli qasrlardan oʻtib, Sanobarshohning dargohiga kiribdi. Podshoh oldiga boribdi. Sanobarshoh oltin tojini kiyib taxtida oʻtirgan ekan.Yigit podshohga uch marta taʼzim qilib, yer oʻpib, boshini egib turibdi.
— Oshpaz yigit senmisan?
— debdi shoh.
— Shunday, taqsirim!
— debdi yigit.
— Otang-onang bormi?
— Bor, shohim.
— Ular qarimi?
— Qarib qolgan, shohim.
— Sen bizga yaxshi xizmat qilding.
— Shohim, men faqat oʻz vazifamni bajardim, hech qanday jonbozlik koʻrsatmadim, — debdi.
— Mendan tilagingni tila!
— debdi shoh.
— Shohim, hozir yoshman, dunyoning achchiq-chuchugini totmaganman, nima ham tilagim boʻlar edi.
— Kamtarlik qilmasdan tila, odam bolasida, albatta, turli orzu-havaslar boʻladi, tila tilagingni!
— debdi shoh.
— Oʻzim yosh boʻlganim uchun mol-dunyoga hozircha ehtiyojim yoʻq, agar sizga ogʻir kelmasa, sizdan bir voqeani soʻramoqchi edim, — debdi yigit.
— Qanday voqea ekan?
— debdi shoh.
— Xotiningiz Gulni qafasda saqlash voqeasini…— debdi yigit.
— Hoy yigit, boʻlmagʻur narsalar bilan boshingni qotirib nima qilasan, mendan mol-dunyo soʻrasang-chi.
— Agar lozim topsangiz, tilagim shu edi, boshqa tilagim yoʻq, shohim, — debdi yigit. Sizning oshxonangizda ishlab yurishim ham menga katta davlat, — debdi.Sanobarshoh bir yasovulboshini chaqirib:— Bu yigitga “Ibrat” saroyini koʻrsatib kel!
— deb buyuribdi.Yasovulboshi yigitni ergashtirib podshohning gulbogʻi tomon yuribdi. “Ibrat” saroyi gul bogʻining naryogʻida boʻlib, bogʻ orqali borilar ekan.Bogʻda har xil gullar chaman boʻlib ochilib turar, gullar shoxida bulbullar, qumrilar, toʻtilar sayrab, shoxdan-shoxga uchishib, bir-birlari bilan bahslashgandek galma-gal sayrashar va oʻynashar ekan. Bu qushlar odamga shunday oʻrgangan ediki, hatto oʻtib ketuvchilarning boshlariga, yelkalariga qoʻnishardi.
Ariqlardan zilol suvlar shildirab oqar, bu shildirashlar qushchalarning sayrashiga joʻr boʻlar edi.Gulbogʻ shunday xushhavo, xushmanzara va kishiga rohat baxsh etar ekanki, hatto shu gulbogʻga kirgan oʻlik tiriladi, — deb oʻylash mumkin ekan.Yasovulboshi yigitga qarab:— Hayot qanday yaxshi, bu bogʻni qara, qanday chiroyli.
Shu bogʻda bir kun yursang, besh yilcha yosharib ketasan, — debdi.Bogʻdan oʻtib “Ibrat” saroyiga kelibdilar. Saroy darvozasidan kirish bilan yigitning badani titrab, yuzi burishib ketibdi, saroyning ichi dahshat ekan. Saroyning hamma tomonida kesilgan boshlar osilib yotgan emish.
— Amaki, bu boshlar kimlarning boshi? Ularni kim, nima uchun kesgan va nimaga osib qoʻyibdilar?
— deb soʻrabdi.
— Bu boshlar senga oʻxshagan ahmoqlarning boshi, shu dahshatli saroyga bir kirsang, oʻn yil qariysan. Bu boshlar senga oʻxshagan oddiy kishilarning boshi emas, shahzoda, bekzodalar va katta amaldorlarning boshlari. Bular ham xuddi senga oʻxshab Sanobarshoh bilan Gulning sirini bilaman, deb oʻlib ketgan. Uka, yosh joningga rahming kelsin, bekorga Sanobarshoh bilan Gul voqeasini bilaman deb oʻlib ketma, agar sen shohdan soʻragan boʻlsang, u aytadi, lekin aytib boʻlgach, boshingni kesdiradi-da, mana bu yerga osib qoʻyadi, — deb osib qoʻyilgan boshlarni koʻrsatibdi.
Shu boshlardan ibrat olsin, niyatidan qaytsin, bekorga oʻlib ketmasin, deb seni bu yerga yubordilar.Yigit “Ibrat” yoki dahshat saroyidan qaytib chiqibdi, yana gulbogʻ ichi bilan Sanobarshoh saroyiga qaytib, podshohning oldiga kelib taʼzim qilib turibdi.
— Yigit, men senga achinayotirman, yoshsan, bekorga oʻlib ketma, mendan boylik tila!
— deb nasihat qilibdi shoh.
— Podshohi olam, xohlamasangiz aytmang, lekin men sizdan boshqa narsa tilamayman, — debdi yigit.
— Men senga vaʼda qildim, mendan faqat bir tilak tilashga haqqing bor, masalan, davlatimning yarmini tilasang ham beraman. Agar haqiqatan ham maqsading Gul voqeasini bilish boʻlsa, unda senga voqeani aytib beraman-u, boshingni kestiraman.
Shu shartga rozi boʻlsang, mayli, oʻzing bilasan-u oʻlasan: mening sirim olamga yoyilmasin!
— Men sizning shartingizga roziman, lekin bir iltimosim bor, hikoyangiz tamom boʻlgandan keyin bir piyola choy ichguncha menga muhlat berasiz, dunyo bilan xayrlashaman, shundan keyin boshimni olishingizga roziman, — debdi yigit. Sanobarshoh bu shartga koʻnibdi.
— Men Gul degan xotinimni yetti yasharlik vaqtida yaxshi koʻrib, ota-onasini rozi qilib oldim, unga saroyda enagalar va boshqa tarbiyachilar tayinladim. Uni katta otinlarga topshirib oʻqitdim. Katta boʻlib boʻyi yetgach, qirq kecha-yu qirq kunduz butun shaharga toʻy berib, oʻzimga xotin qilib oldim. Men uni juda yaxshi koʻrar edim. Koʻp vaqtimni Gul bilan oʻtkazar edim, biror kun davlat ishi bilan ovora boʻlib, uni koʻrolmasam, devonalardek boʻlardim, hatto ovga chiqqanimizda ham ikkalamiz birga chiqar edik.
Ovga minishga ikkita alohida otim bor edi.Uylanganimga uch yil boʻlganda, ertaga ovga chiqsak, deb xayolimdan oʻtkazdim-u, otxonaga borib koʻrsam nima uchundir otlarim ozib qolgan, yunglari hurpaygan, charchoq koʻrinadi. Otboqarni chaqirib:— Ablah, nima uchun bu otlar muncha ozib ketgan, charchagan koʻrinadi?
— deb soʻrasam: —”Shohim, har kuni minilgandan keyin, albatta charchaydi, ozadi-da”, — deb beparvo javob berdi. Bularni mendan boshqa kim minadi, deb baqirgan edim:— Oʻzlari har kun kechasi kelib minib ketadilar-ku, — dedi.
— Ahmoq, yolgʻon gapirma!
— dedim.
— Bir kecha unisini, bir kecha bunisini egarlab qoʻygin degan edingiz-ku! Men har kuni egarlab qoʻyaman, har kuni kelib minib ketasiz, ertalabga yaqin kelasiz-u, yana mendan soʻraysiz-a, — deb javob berdi.Oʻylab turib hayron qoldim va otboqarga:— Bugun otlarning ikkalasini ham egarlab qoʻy, oʻsha odam kelib otning birini minib ketgandan keyin, meni uygʻotgin!
— dedim.Ertalab qarasam oʻrinda yotibman. “Nima uchun uygʻotmading, nimadan qoʻrqding”, deb otboqardan soʻrasam: “Shohim, borib uygʻotgan edim, turmadingiz, uyqingiz juda qattiq ekan, eshikni qattiq-qattiq tepsam ham uygʻonmadingiz”, — dedi.
— Bugun har qanday boʻlsa, ham uygʻotgin, — dedim.Men xotinimdan hech qanday shubha qilmas edim. Kechasi otboqar uy eshigini buzib, meni koʻtargandan keyin uygʻondim, shu vaqt koʻkragimdan boshbarmoqning tirnogʻidek yumaloq narsa tushdi, uni olib choʻntagimga soldim-u, otga mindim va otboqardan qaysi tomonga qarab ketganini soʻrab, otimning boshini qoʻydim.Kechasi oydin edi.Mendan oldin ketgan otliq odamga koʻzim tushgach, otning jilovini tortib qorama-qora ketaverdim. Shaharning kunbotar tomonida chorbogʻim bor edi.
Yoz vaqtlarda koʻngil ochish uchun borib, ikki-uch kun dam olib kelar edim. Hozirgi yoʻlimiz xuddi oʻsha chorbogʻga borar edi.Oldingi nomaʼlum otliq chorbogʻga kirdi-yu, otini bogʻlab mehmonxonaga qarab yurdi. Men ham otimni bogʻlab uning ketidan yurdim.Bogʻni Qahraton degan zanji boshchiligidagi qirq nafar qullarim qoʻriqlab yotar edilar.Katta mehmonxonada Qahraton boshliq qirq nafar qullar koʻzalarga sharoblarni toʻldirib, Gulni poylab oʻtirgan ekanlar.Gul mehmonxonaga kirishi bilan Qahraton qichqirib uni yomon soʻzlar bilan soʻkdi.
Gul esa yalinib:— Zoʻrgʻa Sanobarni uxlatdim, xayolimda xuddi orqamdan kelayotganga oʻxshaydi, — dedi.
Shunda Qahraton:— Sanobarning koʻkragiga men bergan muhrani qoʻygan boʻlsang, badanini burda-burda qilib tilsang ham uygʻonmaydi. Oʻtir, sharobni quy!
— dedi. Allaqanday shubhalarga tushgan Gul:— Shu bugun xavotirdaman, Sanobar kelib qoladi deb qoʻrqayotirman, — dedi.
— Quy sharobni, Sanobaring kelsa, ming joni boʻlsa ham tirik qolmaydi, agar kelsa, uni ajal haydab keladi.
— Qoʻrqayotirman, bahodir.
— Oʻtir deyman senga, quy sharobni.Gul toʻrga chiqib Qahratonning yoniga oʻtirdi-yu, sharobni quyib avval unga, keyin boshqalarga noz-u karashma bilan uzata boshladi.Qilichimni yalangʻochlab eshikda poylab tayyor boʻlib turdim.Gul har zamonda: “Bugun qoʻrqayotirman” deb qoʻyardi. Qahraton yigitlardan biriga: Eshikka chiqib kel, buni xotirjam qil, — dedi. Yigitlardan biri dahlizdan boshini chiqarishi bilan uning boshini kesib tashladim. Eshikka chiqqan qul qaytib kirmagani uchun Gulning qoʻrquvi oshdi;— Chiqqan yigit kelmadi-ku?
— dedi. Qahraton ikkinchi yigitni chiqardi, uning ham boshini kesdim, uchinchisi chiqdi, toʻrtinchisi chiqdi, beshinchi chiqdi, chiqqanining boshini kesaverdim va borib-borib Qahraton bilan Guldan boshqa mehmonxonada hech kim qolmadi. Faqat Gul emas, Qahraton ham mening eshikda turganimni bilgan edi. Uning ham kayfi tarqagan edi.
— Hoy Sanobar, qani kir, baxtimizni bir sinab koʻraylik!
— deb chaqirdi Qahraton. Men kirdim. Ikkalamiz talashib ketdik. Kurashimiz ancha davom etdi. Goho men uni surib borar edim, goho u meni surib kelar edi, ikkalamiz ham bir necha joyimizdan yarador boʻldik. Koʻp olishuvlardan keyin men fursatni qoʻldan bermay, Qahratonning boshini kesdim. Gulni shaharga olib keldim va temir qafasga solib qoʻydim.
Gulni qafasga solishimning sababi shu, qani endi dunyo bilan xayrlashgin, jallodni chaqiraman, — dedi.Yigit choʻntagidan roʻmolchani olib duosini oʻqib, cholning hurmati, deb bir qoqqan edi, gilamchaga aylandi, gilamchaning ustiga oʻtirib:— Ey gilamcha, cholning hurmati, meni egarchining oldiga yetkaz!
— degan ekan, gilamcha havoga koʻtarilib gʻoyib boʻlibdi. Yigit egarchining oldiga “Assalomu alaykum”, deb kirib kelibdi va u bilan koʻrishibdi.Egarchi yigitning oldiga dasturxon yozib, non qoʻyibdi va choy damlab kelibdi. U yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtiribdilar.Yigit egarchiga Sanobar bilan Gul voqeasini aytib beribdi.
— Oʻgʻlim, sen Sanobarning qoʻlidan qanday qilib qutulding, uni hech kimga sir aytmaydi, mabodo aytsa, eshitganning boshini oʻshal zamoniyoq kestiradi, — deyishardi-ku!
— Otajon, shartingizga muvofiq buyrugʻingizni bajarib keldim, mening qanday qilib Sanobarshoh qoʻlidan qutulganim bilan ishingiz boʻlmasin-u, oʻzingiznikini, yaʼni nima uchun egarni sindirishingizni aytib bering!
— debdi.
— Xoʻp, oʻgʻlim, endi aytmasdan ilojim yoʻq, aytaman, siz bugun menga mehmon boʻling, hasratlashib yotamiz, — debdi.
— Mening asli ota kasbim egarchilik, bu ishni otamdan oʻrganganman. Ota-onamdan bir singlim bilan qoldim, singlim uy ishini qilar, men egarchilik qilib, roʻzgʻorimizni oʻtkazar edik. Ota-onamizdan keyin uch yil shu ahvolda kun kechirdik.Kunlarning birida kechqurun uyga qaytsam, chiroyli, xushbichim, kelishgan odamlar bilan hovlimiz toʻla. Hayron boʻldim. Kimdan soʻrashimni bilmayman. Ichkari hovliga kirib xotinlar orasidan singlimni topib, undan: — Nima gap, bular kim, qayerdan kelishdi?
— deb soʻragan edim:— Bugun sizning toʻyingiz, sizni uylantirishyapti, — dedi.
— Kimlar meni uylantirishadi?
— Bu yoqqa keling, — deb singlim meni bir uyga olib bordi, meni kiyintirishdi, chimildiqqa olib kirishdi, chimildiqda juda ham chiroyli kelinchak turgan edi.Bu kelinchak shunday chiroyli ediki, uning taʼrifiga til ojiz edi, umrimda shunday chiroyli qizni koʻrmagan edim. Koʻzlarimga ishonmas edim, dunyoda shunday chiroyli qiz ham boʻladimi?
— deb oʻzimdan oʻzim soʻrar edim.Toʻy marosimlari oʻtdi, hovlidagi odamlarning koʻpchiligi ketdi, biz bilan xotinimning ikkita kanizi va bir quli qoldi.
Shunday qilib, xotinim bilan yaxshi kun kechira boshladik.Bir yildan keyin xotinim oʻgʻil tugʻdi. Er-u xotin chaqaloqni qoʻyishga joy topolmas edik.Turmushimiz yaxshi oʻtar, urish-janjalimiz yoʻq, rohat va farogʻatda yashar edik. Oʻgʻilchamiz ikki yoshga toʻlganda xotinim yana bir oʻgʻil tugʻdi.Katta oʻgʻlim toʻrt yoshga, ikkinchisi ikki yoshga kirdi.
Bir kun arzimagan narsa ustida er-u xotin urishib qoldik. Gapimni koʻp qaytara berganidan jahlim chiqib ketdi-yu, bir tarsaki urib, chiqib ketdim.Kechqurun hovliga kelsam, hech kim yoʻq, singlim uyning bir burchagida yigʻlab oʻtiribdi.
— Ha, nima uchun yigʻlaysan, yangang qayoqda, bolalar qani, nima uchun uyda hech kim yoʻq?
— deb soʻradim.
— Akajon, urib nima qilardingiz, qayerdan kelgan boʻlsa, oʻsha yoqqa ketdi, — deb hoʻngrab yigʻlab yubordi.U qoʻshnidan soʻradim, bu qoʻshnidan soʻradim, mahallamizning oqsoqollaridan soʻradim, shaharning amaldorlaridan, yasovulboshilaridan soʻradim, xullas, birov koʻrdim demaydi, shu yoʻq boʻlganicha hozirgacha yoʻq.Shundan buyon kunim oʻtsin, shu bilan ovunay, ermak boʻlsin deb egar yasayman.
Egarni sotib, pulni olishim bilan xotinim, oʻgʻillarim, xotinim bilan kechirgan kunlarim koʻz oldimdan oʻta boshlaydi-yu, yaram yangi boʻladi, yaraga tuz sepgandek boʻladi-yu, rangim oʻzgarib ketadi. Pulni egasiga qaytarib, egarni sindirib tashlaganimdan keyin hovrim bosilib, biroz tinchlanaman, — deb egarchi oʻz sarguzashtini tamom qilibdi.Yigit egarchi bilan xayrlashib, gilamchaga oʻtirib, novvoyning oldiga boribdi. Novvoyxona egasi bilan salomlashib, unga egarchining sarguzashtlarini aytib beribdi.
— Ukam, siz egarchini qanday eritdingiz, u juda oʻjar chol edi-ku?
— debdi.
— Nima qilsam ham ayttirdim, endi siz ham ayting!
— debdi yigit.
— Otam juda qashshoq yashar edilar, tirikchiligimiz juda ham qiyinchilik bilan oʻtar edi. Otam oʻlgandan keyin uyda hech narsa qolmadi. Hech qanday hunarim boʻlmaganidan mardikorchilikdan boshqasiga yaramadim.Bir kun ertalab mardikor bozorida turgan edim, bozorga qora qashqa ot mingan bir boyvachcha keldi. Boyvachchaning boshida suvsar telpak, egnida kimxob toʻn, belida oltin kamar, oyogʻida yaxshi etik bor edi.
Ot anjomlariga ham oltin-kumush va har xil javohirlar qadalgan edi.Boyvachcha oyogʻini uzangiga tirab turib: “Menga bir yilcha ishlash uchun birorta odam kerak, ishim ogʻir emas. Oʻn bir oy men unga xizmat qilib boqaman, oʻn ikkinchi oyda bir oy u menga ishlab beradi.
Shunaqa odam bormi?
— deb soʻradi.Men irgʻib oʻrnimdan turib, uning oldiga bordim.
— Mana men boraman, xoʻjayin, — dedim. Basharamga tikilib turdi-da, yuring!
— deb yoʻl boshladi, yoʻl-yoʻlakay mendan har xil gaplarni soʻrab bordi.Xoʻjayinning uyiga yetib keldik. Otini otxonaga bogʻlab, mehmonxonani ochib, meni olib kirdi-da, “Mana shu uy sizniki, ertalab shirchoy, tushda palov, kechqurun shoʻrvani ichib, bemalol yotaverasiz”, deb ichkari hovliga kirib ketdi.Ichkaridan avval dasturxon bilan non olib chiqdi, dasturxonni yozib, nonni ushatib qoʻydi-yu, bir kosa saryogʻ solingan shirchoy olib chiqdi, oʻzi esa ichkariga kirib ketdi.Shirchoyga nonni toʻgʻrab yedim, qorinni toʻygʻazib, dasturxonni yigʻib qoʻydim.
Xoʻjayin chiqib menga ish buyurar, deb ishga tayyor boʻlib turdim, lekin xoʻjayin tushgacha chiqmadi.Tushda xoʻjayin bir lagan palov koʻtarib keldi, mening oldimga qoʻyib, oʻzi kirib ketdi, kechgacha yana chiqmadi.Kechqurun ikkita non bilan bir kosa shoʻrva olib chiqdi.
Shu zaylda kunlar, oylar oʻtaverdi. Meni oʻn bir oy yaxshilab boqdi, hech qan-day ish buyurmadi. Oʻn ikkinchi oy boshlanishi bilan ertalab xoʻjayin chiqib:— Qani, endi sizning ishlaydigan vaqtingiz keldi, turib aravani qoʻshing!
— deb buyurdi. Aravani qoʻshdim, namat, koʻrpacha, idish-tovoq va bitta katta meshni aravaga ortdik, oʻzi aravaga chiqib oʻtirdi-yu, menga:— Otga minib haydang!
— deb buyurdi.Xoʻjayin koʻrsatgan koʻchalar bilan shahar darvozasidan chiqdik, katta yoʻl bilan ketaverdik. Yarim manzil yurganimizdan keyin dengiz boʻyiga chiqdik. Otni aravadan chiqarib, eski bir qoziqqa bogʻladik.Dengiz boʻyiga joy soldim, koʻrpacha toʻshadim, aravadagi narsalarning hammasini tushirdim.Oʻsha yerda bir eski oʻchoq bor ekan, qozonni shu oʻchoqqa osdim.Xoʻjayin oʻzi pishirgan oshni suzib keldi-yu, kosani menga uzatib, bitta suv oling!
— deb buyurdi. Men suv olgani dengizga engashganim-da, mening oshimga behush qiladigan dori sepib qoʻyibdi.Oshni “oling-oling” qilib yedigu, men oʻzimdan ketib qoldim. Oʻzi bemalol oshni yebdi, meni meshga solibdi, meshning ogʻzini bogʻlab, dengizga oqizib yuboribdi.Suv toʻlqini meni dengizning narigi qirgʻogʻiga tashlabdi. Bir vaqt oʻzimga kelsam, bir narsaning ichida siqilib yotibman. Bir kuchangan edim, meshning ogʻzidagi ip yechilib ketdi-yu, boshim meshdan chiqdi. Qarasam, meshning ichida ekanman.
Meshdan bir amallab chiqib oldim. Qarasam, atrofim toʻla qimmatbaho toshlar. Koʻzimga yaxshi koʻringanini terib, meshga sola boshladim. Meshni toʻldirib, ogʻzini chilvir bilan mahkam bogʻladim. Choʻntaklarimni ham toshlarga toʻldirdim.Bir vaqt qarasam, osmondan katta bir tuyaqush uchib keldi-yu, meshni koʻtarib uchib ketdi. Men koʻp azoblar chekdim. Dengizdan baliq tutib, toshlarga yopib yeb yurdim.Shu ahvolda olti kecha-yu olti kunduz yurdim, yettinchi kuni kechasi yigʻlab uxlab qolibman. Tush koʻribman.
Tushimda bir oppoq soqolli nuroniy chol oldimga kelib:— Tur, bolam, mana bu koʻprikdan oʻtib ketgin!
— dedi. Choʻchib uygʻondim. Koʻzimni ochib qarasam, dengiz ustida baland koʻprik paydo boʻlibdi.Irgʻib oʻrnimdan turdim-u koʻprikka qarab yugurdim. Koʻprik juda uzun edi. Zoʻr mashaqqatlar bilan dengizning narigi tomoniga oʻtib oldim. Orqamga oʻgirilib qarasam, dengiz ustidagi koʻprik buzilib, baliq boʻlib suvga tushib ketdi.Oʻshanda: “Agar baxtim chopib, davlat topsam, topganimni baliqlarga beraman” deb niyat qilgan edim.Shu kuni dengiz boʻyida uxladim. Uyqudan turib, shaharga joʻnadim.
Yoʻlda kela turib tuproqda meshning izini koʻrdim.Keyinchalik bilsam, xoʻjayin har yili menga oʻxshagan bir bechorani dengizga oqizar ekan. Oʻsha odam ham menga oʻxshab asl toshlarni meshga solib tayyorlab qoʻyganda, tuyaqush kelib meshni changallab uchar va dengizning bu tomoniga olib oʻtib tashlar ekan. Buni poylab turgan xoʻjayin meshni aravaga ortib uyiga olib kelar ekan.Shaharga yetib keldim. Yonimdagi toshlardan birini sotib kiyimlarimni yangiladim, bir saroyga kelib yotdim.
Ertalab mardikor bozoriga borib, xoʻjayinning kelishini poylay boshladim.Beshinchi kuni xoʻjayin kelib, odam soʻragan edi.
— Men boraman, xoʻjayin, — dedim.Yuzimga, kiyimlarimga uzoq tikilib qaragach, orqasidan ergashtirib joʻnadi.Xoʻjayin hovlisiga kelib, yana avvalgicha yashayverdim.
Nihoyat aravani qoʻshish kuni yetib keldi. Bu gal men ham behush qiladigan dori olib qoʻygan edim.Bulturgidek dengiz yoqasiga yetib bordik. Otni aravadan chiqazib bogʻladim, oʻltiradigan joyimizni supurib namat va koʻrpachalarni soldim. Xoʻjayin menga osh qilishni buyurdi.Bu gal xoʻjayin meni alday olmadi. Avval kosaga suv olib qoʻydim-u, keyin oshni suzdim va xoʻjayinning oshiga dorini sepib aralashtirib qoʻyib: “Qani, xoʻjayin, oling!” — deb oshni tushira boshladim.
Xoʻjayin qovogʻini solib osh yeyishga tushdi, besh-olti osham yeganidan keyin oʻzidan ketdi.Men oshni yeb boʻlib oʻlgudek qotib qolgan xoʻjayinni meshga soldim va meshning ogʻzini bogʻlab, dengizga oqizib yubordim, oʻzim aylanib yuraverdim.Kun botishiga yaqin bir qush meshni changallab kelib, aravadan nariroqqa tashladi-yu, oʻzi uchib ketdi.Meshni aravaga ortdim-u, shaharga qarab otni haydab ketdim.Aravadan narsalarni hovliga olib kirdim, oʻrta eshikni taqillatdim.
— Kim u,— deb ovoz berdi xoʻjayinning xotini.
— Bu yoqqa qarang!
— Kimsiz, nima deysiz?
— Qoʻrqmang, men ikki yildan beri sizning mehmonxonangizda turgan odamman, bultur ajalim yetmagan ekan, xudo yoʻl berdi, dengizdan eson-omon oʻtib, ikkinchi marotaba shu hovliga keldim.Bu gal oʻzim va oʻzimga oʻxshaganlarning oʻrniga xoʻjayinni yubordim, u kishi endi vahshiy hayvonlarga yem boʻldi.Men mana shu hovli va undagi boyliklarning egasiman, menga oʻxshagan bechoralarni qurbon qilgan eringizning gunohiga siz sherik boʻlgansiz.
Bilib qoʻying, qozi, hokim va boshqalarga arz-u dod qilaman desangiz, oʻzingiz gunohkor boʻlasiz, chunki eringizning qilmishlarini bilib turib, yashirib kelgansiz.Menga tegishga rozi boʻlsangiz, uy egasi boʻlib tura bering, agar rozi boʻlmasangiz, mana katta koʻcha, toʻrt tomoningiz qibla. Sizga besh-olti kun muhlat beraman, xoʻp tanangizga oʻylang-da, javobini bering!
— dedim.
— Xoʻp, aylanay, oʻylab koʻraman, erimning gunohiga meni sherik qilmang, xotinlarning ishi erining buyurganini qilish boʻladi, — dedi.Kunlar avvalgidek oʻta berdi, ayol menga tegishga rozilik bildirdi. Ayol bilan er-u xotin boʻlganimizdan keyin eridan qolgan asl toshlar: yertoʻlada toʻlib yotgan gavhar, zumradlarni koʻrsatdi.Bu bitmas-tuganmas boylikni asrab nima qilaman, dedim-u shu novvoyxonani qurdim. Nonlarni esa baliqlarga yedirib yuribman. Bu tuganmas boylik mendan keyin oʻgʻil va nabiralarimga ham yetib, ortadi.
Hozir oʻsha xotinimdan bir oʻgʻil va bir qizim bor, — deb novvoy oʻz sarguzashtini tamomladi.Yigit novvoy bilan xayrlashib, gilamchasiga oʻtirib goʻrkov oldiga kelibdi.Yigit goʻrkov chol oldiga kirib, novvoyning sarguzashtlarini soʻzlab beribdi.
— Meni ham aytishga majbur qilding, bolam, — deb gap boshladi goʻrkov chol. Mening asli kasbim savdogarlik. Savdogarchilik bilan uzoq-uzoq shaharlarga borar edik, safarimiz baʼzi vaqtlarda besh-olti yillarga ham choʻzilar edi.Bir kuni xotinim homilador boʻlib qoldi. Oy kuni yetib, bir qiz tugʻdi. Eson-omon qutuldi, deb xursand boʻldim. Chaqaloqqa chillasida kasal tegdi-yu, aʼzoyi-badani yara boʻlib ketdi.
Yara kundan-kunga badtar boʻla boshladi, hech qanday dori-darmon taʼsir qilmadi.Bolani koʻrsatmagan tabib, jarroh, duoxon, azayimxon, qasidaxon, domla, otin va folbin qolmadi.Uyimizda faqat qiz emas, uning gʻamida biz ota-ona ham kasalga oʻxshar edik.Birovni koʻrganimizda “Siz biror tabib, duoxonni bilmaysizmi?” deb soʻrar edik.Oradan oʻn yetti yil oʻtdi, qizimiz oʻn yetti yoshga kirdi.
Koʻklam vaqti edi, juma kuni qarindoshimizning toʻyiga borib, qaytishda goʻriston ichidan oʻtib ketayotganimda bir bosh suyagiga koʻzim tushdi. Suyakning peshonasida “Shu kalla oʻn toʻrt kishini oʻldiradi”, deb yozib qoʻyilgan edi.Kallani qoʻlimga olib, sinchiklab qaradim, quruq bosh suyagi ekan.Bu quruq bosh suyak qanday qilib oʻn toʻrt kishini oʻldirar ekan deb uzoq oʻyladim, kallani qoʻynimga solib uyga keldim-da xotinimga: “Xotin, shu suyakni hovonchada tuyib talqon qilib, bitta xaltachaga solib qoʻygin”, deb buyurdim.
Xotinim kalladan qoʻrqmasin, deb u hovonchani olib kelguncha, teshani olib uni sindirib qoʻydim.Xotinim suyakni hovonchaga solib, tuyib, sandiqqa solib qoʻydi.
Shu kunlarda shahrimizdagi bir qancha savdogarlar safarga tayyorlanayotgan edilar. Meni ham birga olib ketmoqchi boʻlishdi.Oʻylab turib rozilik berdim va safarga tayyorlana boshladim. Karvon tayyor boʻlgach, xotinim bilan xayrlashib joʻnab ketdim.Karvonimiz bilan yoʻl yurib, yoʻl yursak ham moʻl yurib, u shahardan bu shaharga oʻtib, savdo qilib uzoq yil yurdik.Uydan ketganimdan bir yil oʻtgach, xotinim meni sogʻinibdi shekilli, sandiqni ochib kiyimlarimni bir-bir koʻrib turgan ekan, kiyimlarim orasidan xaltachadagi suyak talqoni chiqibdi.Bu nima ekan deb ochib koʻrib, ozgina yalab koʻrgan ekan, oddiy talqondek tuyulibdi, shundan qizimga ozgina bersam nima qilarkin, deb qizning ogʻziga solgan ekan, qiz yana soʻrabdi, yana talqondan ozgina beribdi.
Ertasi kuni qizning yarasi biroz qotgandek koʻrinibdi, ikkinchi kuni undan yaxshiroq boʻlibdi: keyin-keyin yaraning nishoni qolmabdi.
Oradan uch oy oʻtgach, qiz butunlay sogʻayib ketibdi-yu, lekin homilador boʻlib qolibdi. Hamma hayron boʻlibdi.Oy kuni toʻlib, bir oʻgʻil tugʻibdi, tugʻilishining ikkinchi kuniyoq bola tilga kiribdi. U tez oʻsar, oʻzidan-oʻzi oʻqish-yozishni bilar, hatto mullalar bilmagan gaplarni bilar ekan.Shunday bir donishmand boʻlibdiki, unga hamma hayron qolibdi.Bola toʻqqiz yoshga toʻlganda, karvonimiz bilan qaytib keldim.
Bizni qarshi olib chiqqan qarindosh-urugʻ, oshna-ogʻaynilardan nabiramning donishmandligini eshitdim-u, mening maslahatimsiz erga berganlariga jahlim chiqib hovliga kirdim. Koʻchamizga burilishim bilan nevaram:— Bobojon, — deb quchogʻimga otilishi bilan, yuragim mehrga toʻldi-yu, jahlimdan asar ham qolmadi.Nevaramni quchoqlab bagʻrimga bosdim. Hovliga kirdik, uning gaplariga ogʻzim ochilib qoldi.
U uyda boʻlgan oʻzgarish va yangiliklarni menga soʻzlab berar, shahrimizdagi donishmandlar bilan masala talashib, ularni mot qilganini va boshqa bir qancha voqealarni gapirib berar edi. Safardan qaytganimizning beshinchi kuni shahrimizning podshosi bizni chaqirdi. Podshohning ziyofatiga hamma savdogarlar hadyalar olib boradi. Men ham oʻz tuhfamni koʻtarib ketayotganimda nevaram:— Bobojon, meni ham olib boring, — deb yalinib yopishdi.
— Qoʻy, bolam, podshohlarning majlisi nozik boʻladi, men darrov kelaman, — deb aldasam ham koʻnmadi. Noiloj olib borishga majbur boʻldim.Tuhfalarni yasovulboshi-bakovulboshilarga topshirib, podshohning mehmonxonasiga kirib oʻtirdik.Har kim koʻrgan voqealarini aytib berar, har xil xalqlarning urf-odatlari haqida gapirib berishar edi. Savdogarlardan biri gʻaroyib baliqni suvga solib olib kelgan ekan. Baliqni oʻrtaga qoʻydi.Bu jonivorni koʻrganlar hayron qoldilar.
Podshohdan tortib, oʻtirganlarning hammasi ham baliqqa qiziqdi. Hamma bir-bir koʻrib boʻlgach, podshoh ichkariga olib kirgin, xotin-qizlar ham koʻrishsin, deb buyurdi. Mahram bola baliqni haramga olib kirdi-yu, birozdan keyin darrov olib chiqdi.
— Ha, nima uchun darrov olib chiqding?
— Bu jonivor nomahram ekan, erkak emish, — deyishdi. Nomahram ekan, degan soʻzni eshitgan nabiram “piq” etib kulib yubordi.Oʻtirganlarning hammasi bolaga qarab qoʻydi.
— Kim u kulgan?
— deb baqirdi podshoh.Mening yonimda oʻtirgan bir savdogar, mana bu bola, deb nabiramni koʻrsatdi.Gʻazablangan shoh:— Jallod! U bolaning boshini ol!
— dedi. Jallod kirib bolaning qoʻlidan ushlagan edi: “Podshohi olam, avval soʻrash, keyin soʻyish, kulishimning sababi bor”, dedi nabiram.
— Ayt sababini!
— dedi podshoh.
— Qulogʻingizga aytaman, — dedi.
— Kel, ayta qol!
— dedi podshoh.Nabiram podshohning qulogʻiga bir nima dedi-yu, kelib yonimga oʻltirdi. Dasturxonlar yozildi, necha turli taomlar yeyildi, sharoblar ichildi.Ziyofatdan soʻng podshoh mehmonlarga inʼomlar berdi..Menga qarab:— Sizning nabirangiz bugun bizga mehmon boʻladi, — dedi.Podshohga qulluq qilib chiqdim. Uyga keldim-u, aql-u hushim nabiramda qoldi.
Ertalabgacha mijja qoqmasdan chiqdim.
Ertalab podshoh saroyiga qarab yurdim. Nabiram podshoh bilan choy ichib oʻtirgan ekan. Podshoh meni choyga taklif qildi.Oʻsha kuni podshoh shunday katta inʼom berdiki, shuncha yildan beri savdogarchilik qilib orttirgan davlatim podshoh bergan inʼom oldida dengizdan bir qatra, oftobdan bir zarra edi.Juda xursand boʻlib uyga qaytdik. Nabiram podshohning qulogʻiga:— Kulganimning sababini kechasi aytaman, meni bobomdan soʻrab olib qoling!
— degan ekan.Yarim kechagacha nabiram podshoh bilan shatranj oʻynab oʻtiribdi. Yarim kechadan keyin:— Qani, shohim, qurollaning, menga ham qurol bering, — deb oʻrnidan turibdi. Qurollanib boʻlgach, ikkovlari saroyga kirishibdi.Nabiram podshohni katta qizining uyiga boshlab kiribdi; unda hech kim yoʻq ekan. Podshohga dahlizdagi obrezni koʻrsatib, “Shu joyni oching!” — debdi.Podshoh obrezni ochgach, uning tagida bir zina koʻrinibdi, zina bilan yana bir dahlizga tushibdilar. Tokchada sham yoqigʻliq.
Dahlizda bir katta kovush va ikkita kichkina bola kovushi bor ekan.Dahlizdagi uyning eshigini ochib uyga kirishibdi.Podshohning qizi bir badbashara kishi bilan yotar, bir tomonda ikkita uch-besh yoshlar chamasidagi bolalar, ikkinchi tomondagi beshikda esa yana bir bola yotar ekan.
— Podshohi olam, bu badbashara mahram-u, tilsiz baliq nomahrammi? Mana kulishimning sababi, — debdi bola.Shoh yertoʻladagilarni jazolabdi.
Shundan soʻng podshoh nabiramni tez-tez chaqirib turadigan boʻldi.Bir kun namoz oʻqiyotganimda nabiram kelib namozimni buzdi. Bolam, sen bir oz tashqarida oʻynab yurgin, men namozimni oʻqib olay, keyin ikkalamiz bir joyga boramiz, — deb aldab yubordim. Oʻzim namozimni oʻqiy boshlagan edim, yana kelib nomozimni buzdi, aldab yuborib namozimni boshlashim bilan kelib, namozni yana buzdi.Ming aqlli boʻlsa ham, bola bolaligiga boradi-da. Bolaga qoʻshilib oʻzim ham bola boʻlib qolibman.
Endi bunga bir poʻpisa qilib qoʻrqitib qoʻymasam boʻlmaydi, dedim-u, bir shapaloq urdim, bola ikki yumaladi-yu, goʻristondan topganim quruq suyak kalla boʻlib qoldi.Oʻsha kallani mana shu goʻrga qoʻyganman, endi pushaymon qilamanki, nima uchun men uni urdim, namozimni yuz martaba buzsa ham, ming marta buzsa ham mayli edi, men nima qilib qoʻydim, — deb yigʻlayman, ammo foydasi yoʻq.Mollarim va pullarimni bir sodiq qulimga berganman, xotinim bilan qizimning roʻzgʻoriga oʻsha qaraydi, oʻzim oʻlgunimcha shu goʻristonda qorovul boʻlib yigʻlab yotishga ahd qilganman, — debdi chol.Chol bilan xayrlashib, tandirchi oldiga kelgan yigit goʻrkov sarguzashtini aytib beribdi.
Chol bolaga:— Bizning turmushimizda bunday gʻaroyib voqealar boʻlmadi. Turgan joyimiz tandir boʻlsa ham ichi katta joy. Kiygan choponimiz esa bitta, chunki juda qashshoqmiz, topganimiz zoʻrgʻa ovqatimizga yetadi, — deb bu kishi ham oʻz sarguzashtini soʻzlab beribdi.Uzoq safar va mashaqqatlarda sarson boʻlgan, nihoyat, koʻp sirlarni bilib olgan yigit uyga kelgach, ota-onasi bilan koʻrishib, butun voqeani soʻzlab beribdi, ertasidan boshlab siyoh, qalam va qogʻozlarni gʻamlab olibdi-yu, oʻtgan voqealarni bir kitob qilib, otasining qoʻliga beribdi va podshohning vaziriga topshirishni va javobini olib kelishni iltimos qilibdi.Chol saroyga kirib podshohga salom beribdi.Podshoh vazirga qarabdi: Vazir:— Ha, ota, nima xizmat, kimga arzingiz bor?
— debdi.Chol qoʻynidagi kitobni vazirga beribdi.
— Bu nima, ota?
— debdi vazir.
— Bu, oʻsha tandirda turuvchi chol-u kampirning hikoyasi. Qulbachchangiz berib yubordi, — debdi chol.
— Ular kitobni qoʻliga olib varaqlab koʻrishibdi; har joy har joyidan bir xat, yarim xat oʻqib, ota siz ketavering, bu kitobni oʻqib koʻrib, sizni oʻzimiz chaqiramiz, — deb cholga ruxsat berishibdi.Podshoh bilan vazir kitobni diqqat bilan oʻqib chiqishibdi.
— Podshohi olam, bu yigit juda aqlli koʻrinadi, bu ishlar har qanday odamning qoʻlidan kelmaydi. Bu kitobda yozilgan goʻrkov, novvoy, egarchilarning sirini bilish uchun koʻp kishilar ovora boʻlib, ularni gapirtira olmaganlar. Ayniqsa, Sanobarshohning oldiga borgan odam tirik qaytmagan.Siz uning kambagʻalligiga qaramang, davlati boʻlib, aqli boʻlmasa, u davlatdan nima foyda? Bizlarning maslahatimizga kirsangiz malikani shu yigitga bering, — deyishibdi vazirlar.
Podshoh bu maslahatga koʻnibdi.Bir haftadan keyin cholni chaqirtirib, unga bu xushxabarni va toʻy tayyorgarligiga kirishishni aytibdilar. Qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomosha qilib, malikani cholning oʻgʻliga berib, hammalari murod-maqsadlariga yetgan ekanlar.