Uch ogʻayni bor ekan. Toʻngʻichining oti Yulduzsanar, oʻrtanchasining oti Daryobogʻlar, kenjasining oti Qilichqora ekan. Bularni otalari uylantirmabdi. Uch ogʻayni maslahatlashib, bitta odamni vosita qilib aytibdilar:— Otamizga chiqib ayting, bizni uylantiradimi, yoʻqmi? Otalari:— Darvoqe, men oʻgʻillarimni uylantirganim yoʻq edi. Uchoviga uch oyday xotin olib berayin, — debdi. Haligi odam chiqib oʻgʻillariga: “Uchalangizga uch oyday xotin olib berar ekan”, debdi.Oʻgʻillar sayohat qilish uchun yoʻlga chiqishibdi.
Choʻl-u biyobonlar kezib bir joyga borganda bir qoʻrgʻonni koʻrishibdi. Qoʻrgʻon devorining tepasida koʻp odamlar toʻplanib turganmish. Ular bir choʻpondan soʻrabdilar:— Bu yerda nima hodisa boʻlyapti? Odamlar nimaga toʻplanib turibdilar?Choʻpon aytibdi:— Bu ishni soʻrab nima qilasiz?
Shu qoʻrgʻonda bir ajdar turadi.Ajdarning yemagi uchun shu shaharning podshohi har bir uyga bir qoʻy, bir bola berishni buyurgan edi. Bugun podshohning oʻziga navbat keldi. Podshohning bitta-yu bitta qizi bor edi.
Shu bilan bir qoʻy keltirib qoʻyganlar.
Shuni tomosha qilyapmiz.Qilichqora aytibdi:— Podshoh ajdarni oʻldirgan odamga qizimni beraman demadimi?
— Shunday degan edi.
Lekin shuni qiladigan odam chiqmadi-da.Qilichqora akalariga:— Akalar, sizlar bir takyaga borib turinglar, men bu ajdar bilan olishib koʻraman. Ajdarni nobud qilsam, oldilaringizga boraman. Agar nobud qila olmasam, mendan umid qilmanglar, — debdi.Yulduzsanar va Daryobogʻlar shahardagi takyaga — musofirxonaga qarab ketishibdi.Qilichqora devorga irgʻib chiqibdi. Qarasa, podshohning qizi bilan bir qoʻy boylogʻliq turganmish. Qilichqora tushib, qizni tomga chiqarib qoʻyibdi.
— Singlim, siz shu yerda turing, sizni yeydigan ajdar meni yesin, — debdi. Qilichqora qizning oʻrniga kelib turibdi. Buning qilgan ishiga qarab turgan xaloyiq hayron boʻlibdi. Shamol, toʻpolon bilan ajdar kelib, qoʻrgʻonga yaqinlashibdi. Qoʻyni domiga tortibdi. Qilichqoraning bir isfahon qilichi bor edi. Ajdar Qilichqorani ham domiga tortganda, u qilichini peshonasida ushlab ajdarhoni ikki nimta qilibdi. Podshohning polvonlari: “Ajdarni men oʻldirdim”, deb maqtanibdilar. Podshohning qizi saroyga qaytib kelibdi. Qizi sogʻ-salomat kelgach, podshoh sevinib:— Ajdarhoni kim oʻldirdi, qizim?
— deb soʻrabdi.
— Bir yigit oʻldirdi. U bu yerlik emas, — deb javob beribdi qiz. Podshoh:— Qizim, oʻldirgan odamni taniysanmi?
— Albatta, taniyman.Podshoh qizining qoʻliga bir olma berib, shunday debdi:— Olti yashardan oltmish yashargacha boʻlgan kishilarni chaqirtiraman. Ajdarni oʻldirgan odamni olma bilan urasan, — debdi.Podshoh olti yashardan oltmish yashargacha boʻlgan odamlarni chaqirtirib: “Hamma mening ravogʻim tagidan oʻtsin” debdi. Olti yashardan oltmish yashargacha boʻlgan odamlarning hammasi podshohning ravogʻi tagidan oʻtibdi. Qiz hech kimni urmabdi. Podshoh soʻrabdi:— Hech kim qoldimi?Bir bobo aytibdi:— Mening uyimda uch musofir yigit qoldi.
— Ularni ham olib kelinglar, — debdi podshoh.Haligi bobo uch musofirni olib kelibdi. Ravoqning tagidan toʻngʻichi oldin, oʻrtanchasi oʻrtada, Qilichqora esa eng keyin oʻtibdi. Oʻtishlari bilan qiz Qilichqorani olma bilan uribdi. Kishilar bularni darrov oq namatga solib koʻtarib, ravoqqa olib chiqibdi. Podshoh qirq kun toʻy-tomosha qilib beribdi. Qirq kun boʻlgandan keyin kuyovga sarpo olib chiqibdi. Qilichqoraning oldiga qoʻyibdi. Qilichqora soʻrabdi:— Sizning rasmingizda toʻnni yoqasidan kiyadimi, etagidan kiyadimi?
— Ey mehmonjonim, toʻnning yoqasidan kiymay, etagidan kiyadimi, — debdi. Qilichqora turib aytibdi:— Boʻlmasa, mening shu ikki akam bor. Qizlarini katta akamga bersalar, ming marta biz rozi, bermasalar yana oʻzlari biladilar.Shunda podshoh: “Akasiga bersam berayin”, debdi. Sarponi akasi Yulduzsanarga qoʻyibdi.Qilichqora bilan Daryobogʻlar yoʻlga ravona boʻlibdi. Ular yoʻlda ketayotganlarida bir tegirmontosh koʻrinibdi.
Qilichqora kuchini sinab, tegirmontoshni koʻtarib koʻrsa, uning tagida bir qancha chumoli bosilib qolgan ekan. Ular tosh ostidan chiqib, xursand boʻlib yayrabdilar. Chumolilarning podshohi Qilichqoraning qoʻliga bir tutatqi beribdi:— Qanday mushkul ishingiz boʻlsa, tutatsangiz, biz hozir boʻlamiz — debdi.Shundan soʻng Qilichqora yurib-yurib bir podshohning mamlakatiga boribdi. U podshohning bir qizi bor ekan. Vazirlar podshohga:— Taqsir, qizingizning boʻyi yetibdi, kuyovga bering, — deyishibdi.
— Mening ikkita shartim bor.
Shuni kim bajarsa, qizimni oʻshanga beraman. Birinchi shartim shuki, otamdan qolgan bir nogʻoram bor, shuni kimki bir tepib yorsa; ikkinchi shartim — bir tuyaga koʻtarguncha ikki qop tariq yuklayman.
Shuni yetganicha yerga sepadi. Yana qaytib bittalab qopga soladi. Tuyaga ortib oʻz joyiga olib kelib qoʻyadi. Mana shu shartni bajargan odamga qizimni beraman, — deb yurtga jar solibdi.Buni eshitgan odamlar, podshohning oʻrdasiga qarab kelaveribdilar. Podshoh oʻrdasiga shodiyona nogʻorasini olib chiqib qoʻyibdi. Kelgan odam bir martadan haligi shodiyona nogʻorani tepib oʻtibdi. Uch kungacha hech kim yorolmabdi. Podshoh soʻrabdi:— Hech qayerda odam qoldimi?Bir odam:— Menikida ikkita musofir odam qoldi, — debdi.
— Oʻsha musofirlarga aytinglar. Kelib ular ham nogʻorani tepsin, armonda qolmasin, — debdi.Haligi kishi kelib musofirlarga aytibdi:— Podshohning ana shu ikkita sharti bor.
Shuni har kim qilsa, podshohning qizini oladi. Sizlar ham borib tepib koʻringlar, armonda qolmanglar, — debdi.Qilichqora bilan Daryobogʻlar ikkovi sakrab oʻrnidan turibdi. Podshohning oʻrdasiga qarab yuribdi. Yoʻlda ketayotib Qilichqora akasiga:— Shu shodiyona nogʻorani tepish sizning navbatingiz edi.
Endi bemalol boʻlsa, shu navbatingizni menga bersangiz, nogʻorani men tepsam, — debdi.Akasi ruxsat beribdi. Ukasi borib, podshohning oʻrdasiga kirib, turgan odamlarga taʼzim qilibdi. Hech kim odamlarga bu yigitday taʼzim qilmagan edi. Qilichqora bir zarba bilan nogʻorani tepibdi, oyogʻi nogʻoraning naryogʻiga oʻtib ketibdi. Toʻplanib turgan xalq: “Barakalla kuchingga!” deb ofarin oʻqibdi.
Podshoh Qilichqoraga:— Endi yana bitta shart bor: mana shu tuyadagi tariqni olib chiqib yerga sepib, qopni boʻshatib, ikkita odamga koʻrsatib, yana shu tariqni bittalab terib, qopga solib, mana shu joyga olib kelib qoʻyasiz, — debdi.Yigit qabul qilibdi. Tuyadagi tariqni Qilichqora bilan uch kishi olib borib dalaga sepibdi. Qopni boʻshatib ikki kishi haligi joyga qaytib kelibdi. Qilichqora oʻzi yakka qolib, chumolining tutatqisini tutatibdi. Birpasda hamma yoqqa chumoli toʻlib ketibdi.
Chumolilarning podshosi aytibdi:— Boshingizga nima mushkul ish tushdi?
— Shu yerga ikki qop tariq sepilgan, shuni terib, qopga solib bersangiz.Shundan keyin chumolilarning podshosi chumolilarga:— Mana shu yerga sepilgan tariqni terib, shu qopga solib beringlar, — deb buyuribdi.Haligi ikki qop tariq, chumolining baʼzisiga tegib, baʼzisiga tegmay qolibdi.Qilichqora chumolilar terib bergan tariqlarni ikki qopga toʻldirib, tuyaga ortib joyiga olib kelib qoʻyibdi. Podshoh shartni bajargan botirga qirq kun toʻy-tomosha qilib qizini bermoqchi boʻlibdi.
Qirq kundan keyin kuyovga sarpo olib chiqibdilar. Qilichqoraning oldiga qoʻyibdilar. Qilichqora aytibdi:— Ey azizlar, sizlarning rasmlaringda toʻnni yoqasidan kiyadimi, etagidan kiyadimi?Shunda sarkardalar:— Ey yigit, toʻnning yoqasidan kiymay, etagidan kiyadimi?
— debdilar. Qilichqora:— Bitta-yu bitta akamiz bor. Qizlarini akamizga bersalar, biz xursand boʻlar edik, — debdi.Sarkardalar bu soʻzni podshohga yetkazibdilar. Podshoh aytibdi.
— Kimga bersam ham ixtiyorim. Mayli berdim.Sarponi Daryobogʻlarga kiygizib, qiz bilan yigitni qoʻshib qoʻyibdilar.Qilichqora xayr-maʼzur qilib, choʻl-u biyobonlarga chiqib ketibdi.Necha kun choʻl-biyobonda yuribdi.
Bir kuni choʻlda bir qoʻrgʻon koʻrinibdi. Qoʻrgʻonga qarab borayotgan ekan, bir yalmogʻiz kampir yoʻlni toʻsib chiqibdi. Ikkovi uch kecha-yu uch kunduz tutqilashib olishibdi. Axiri Qilichqora yalmogʻiz kampirning boshiga shamshir solibdi. Yalmogʻizning kallasi choʻrt uzilib ketibdi.Kampirni oʻldirib, qoʻrgʻonga kirib boribdi. Qampir bir Xalchaoy degan qizni qoʻrgʻonda saqlar ekan. Koʻp xushsurat, yaxshi qiz ekan. U yigitga qarab:— Ey aka, qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan bu yerga nima uchun keldingiz?
— deb soʻrabdi.Qilichqora aytibdi:— Jamolingizga tasadduq boʻlay, sizning ishq-muhabbatingiz meni tortib keldi. Ana shu yerda yalmogʻiz kampir bilan uch kecha-yu uch kunduz olishib, tutqilashib, uni oʻldirib keldim, shunga xursandmisiz, — degandan soʻng, haddan tashqari sevinib ketgan Xalchaoy turib, aytibdi:— Agar siz meni deb shuncha mashaqqatlarga bardosh qilgan boʻlsangiz, men sizga oʻz ixtiyorimni berdim.Shunday qilib, ikkovi er-xotinlikni qabul qilibdilar.
Shu yerda kun kechiraveribdilar. Bular bu yerda turaversin, endi ikki kalima soʻzni Koʻktemir podshohdan eshiting.Koʻktemir podshohga yetib maʼlum boʻldiki, bir yigit kelib yalmogʻiz kampirni oʻldirib, Xalchaoyni olibdi. Koʻktemir podshoh:— Kimki borib Xalchaoyni olib kelsa, boʻyi tengi zar beraman, — debdi. Bir pismiq kampir:— Bir sandiqcha yerni lahim qilib kovlaydigan asbob, bir izvoshchi bilan uch oylik ovqat berasan. Biz borib olib kelamiz, — debdi.Podshoh uning aytganini muhayyo qilibdi.
Narsalarni olib, kampir yoʻlga tushibdi. Bular yoʻlda ketaversin, endi ikki kalima soʻzni Qilichqoradan eshiting.Qilichqora uxlab yotib edi, uyqusida bir kishi: “Ey Qilichqora, sening yoningdagi shamshir qiliching qachon yoʻqolsa, oʻsha kuni oʻlasan. Yoningdan judo boʻlmasa oʻlmaysan”, debdi. Choʻchib uygʻonibdi. Nonushta qilib ovga chiqib ketibdi. Bu ovini ovlab yuraversin, ikki kalima soʻzni kampirdan eshiting.Bular bir joyga kelibdilar. Qarasaki, koʻklama maydon, oʻtloq joylar ekan. Kampir aytibdi.
— Izvoshingni shu yerda toʻxtat!Shu yerda izvoshni toʻxtatibdi. Kampir aytibdi:— E izvoshchi, qoʻl-oyogʻimni, koʻzimni bogʻlab anavi joyga — yoʻl ustiga tashlab kelasan, keyin shu yerga qaytib kelib, qimirlamay yotasan.Men bir oyda kelamanmi, yarim oyda kelamanmi, shungacha kutasan.Izvoshchi kampirni olib borib, aytganidan ziyoda qilib qoʻl-oyogʻini va koʻzini bogʻlab, yumaloq qilib tashlab ketibdi. Kampir “Voy-voy”lab yotaveribdi. Qilichqora ovni ovlab kelayotganida, “Voy-voy” degan ovozni eshitibdi.
Kelib qarasa, birov bir kampirni yumaloq qilib bogʻlab tashlab ketgan ekan. Qilichqora soʻrabdi:— Ey kampir, nimaga bunday qilib yotibsiz?
— Ey bolam, mening bitta-yu bitta oʻgʻlim bor edi. Kelinim aytdiki: “Yo enangni degin, yo meni degin, enangni desang, menga javob bergin, meni desang, enangni yoʻqotgin!” Xotinining soʻziga kirgan oʻgʻlim meni olib kelib shu yerga tashlab ketdi, — debdi kampir.Qilichqora aytibdi:— Ey ona, men uyimga olib ketsam, xizmat qilib yurasizmi?
— Ey bolam, jonim bilan yuraman.Qilichqora uyiga olib ketibdi. Xalchaoy buni koʻrib achchigʻlanibdi. Qilichqoraning qoʻlidagi ilvasinlarga ham qaramabdi: Qilichqora:— Nimaga xafasiz, oyim?
— deb soʻrabdi. Xalchaoy aytibdi:— Siz bilmaysiz, mana shu yoqda Koʻktemir degan podshoh bor. Necha marta menga sovchi yuborganda, yalmogʻiz kampir yeb qoʻygan. Men shu kampirni Koʻktemir degan podshoh yuborganmikan deb qoʻrqaman, deb oʻz shubhasini bildiribdi.
— Shunday yomon yalmogʻiz nima qildi, bu nima qilardi. Yaxshi boʻlsa oshini, yomon boʻlsa boshini yer!
— debdi Qilichqora.Xayr, shu bilan Xalchaoy indamay qolaveribdi. Kampir bir necha kun xizmat qilib yura beribdi. U poydevorning tagidan moʻljallab Qilichqora bilan Xalchaoyning ikkovi yotadigan joygacha lahim kovlab, yetib olibdi. Xalchaoyim bilan Qilichqora ikkovi nimaiki degan boʻlsa, kampir barchasini eshitib yotar ekan.
Bir kuni Qilichqora yoʻgʻida kampir aytibdi:— Ey, Xalchaoy, shunday yolgʻiz qoʻrgʻonda zerikmay oʻtirar ekansiz-da? Xalchaoy:— Oʻzimnnng oʻrgangan joyim, boʻlmasam nima qilay?
— debdi.Kampir har xil gaplarni aylantirib, oʻsmoqchilab debdi:— Qilichqora bilan gaplasha turib, sizning joningiz qayerda turadi, deb soʻrang. Bir shapaloq, yarim shapaloq urgan bilan hech narsa boʻlmaydi.
Keyin “Nima qilasan” deb soʻrasa, sizning joningizga men jonimni qoʻshib qoʻysam, oʻynashib yursa, deb ayting.
Keyin jonining turgan joyini artib beradi, — debdi.Qilichqora kelgandan soʻng Xalchaoy kechasi Qilichqoradan kampir aytganini soʻrabdi. Qilichqora aytibdi:— Yonimdagi isfahon qilichim — mening jonim.Bu soʻzni kampir eshitib olibdi. Kampir yarim kechada uyqusidan uygʻonib chiqib Qilichqoraning isfahon qilichin olib, eshigining tagida bir daryo bor ekan, shu daryoga tashlab yuboribdi.Xalchaoy erta bilan turib qarasa, eri oʻlib yotibdi.
Kampirni chaqirib aytibdi:— Ey ona, nimaga oʻgʻlingiz qimirlamaydi?Kampir kelib qarasa, Qilichqora qimirlamas emish. Kampir aytibdi:— Ey bolam, ikkovimiz bir joyga koʻmaylik.Xalcha aytibdi:— Ey ona, oʻlikni qirq kun saqlayman.Xalchaoy qoʻlidagi nigin — uzugini murdaning qoʻliga solibdi. Etagini gʻiracha qilib yopib qoʻyibdi, uyni qulflab chiqibdi. Kampir aytibdi:— Ey bolam, Xalchaoy, bu yerda diqqat boʻlib qolasiz.
Endi bizning joyimizga borib ikki kungina aylanib kelaylik.Xalchaoy xoʻp deb joʻnabdi. Kampir Xalchaoyni boshlab, izvosh turgan joyga olib kelibdi:— Ey izvoshchi, falon yerga necha pulga olib borasan, — degach, izvoshchi:— Oʻn soʻm berasiz, — debdi.
— Xoʻp boʻladi, — deb izvoshga chiqadigan boʻlishibdi. Kampir aytibdi:— Ey bolam, izvoshda yurmagansiz, yoʻlda koʻzingiz tinadi, sandiqqa tushib oling, — debdi.Xalchaoy sandiqqa tushib olgach, sandiqning qopqogʻini bekitib olib:— Hayda!
— debdi kampir.Kampir Xalchaoyni podshohning dargohiga olib boribdi:— Olib keldim, — debdi.Podshoh kampirga boʻyi tengi zar beribdi. Kampirga bitta belanchak qilib, bitta choʻrini tayinlab qoʻyibdi. Podshoh choʻriga:— Umrbod shu kampirning xizmatida boʻlasan, — debdi.Xalchaoyni bir uyga olib kiribdi. Xalchaoy aytibdi: “Ey podshoh, mening soʻzimga bovar qilgin. Qirq kungacha qirqta choʻri bilan idda saqlayman.
Qirq kundan keyin senga javob beraman, — debdi.Podshoh “Xoʻp” debdi-yu, qirqta choʻri bilan bir bogʻi eramga chiqarib qoʻyibdi.Endi ikki kalima soʻzni Qilichqoraning akalaridan eshiting:Qilichqoraning akasi Yulduzsanar malikaga:— Ikkita ukam meni uylantirib qoʻyib, ketaverdi. Men xabar olmadim. Tezlik bilan menga otangizdan ruxsat olib bering. Ukalarimni koʻrib kelayin, — deb aytibdi.
Xotini podshohga chiqib:— Dada, kuyov oʻgʻlingiz ukalarimni koʻrib kelaman, ruxsat bersalar, deb soʻrayapti, — debdi.Podshoh qirqta lochinga oʻxshagan yigitni kuyoviga qoʻshib yuboribdi. Bular yoʻlda ketaversin, ikki kalima soʻzni Daryobogʻlardan eshiting. Bu ham qayin otasidan ruxsat olib, qirqta yigit bilan akasi tomonga joʻnabdi. Ikkala ogʻayni yoʻlda uchrashibdilar. Ikkovlari soʻrashib boʻlgach, akasi soʻrabdi:— Qilichqora ukang qayoqqa ketdi?Daryobogʻlar ukasining ketgan tomonini koʻrsatibdi.
Yulduzsanar:— Boshla, — debdi.U ham qirqta yigiti, bu ham qirqta yigiti bilan yoʻlga tushib joʻnabdi. Bir necha kun yoʻl yuribdilar. Kechasi Daryobogʻlar akasiga debdi:— Ey aka, Qilichqoraning yulduzini qarang-chi, bormi, yoʻqmi?Yulduzsanar osmonga qarab, yulduzlarni sanab:— Ey uka, Qilichqoraning yulduzi yoʻq, — debdi. Bir joyga borib daryoga roʻpara kelishibdi.
Shu yerga tushishibdi.
Tong otibdi. Yulduzsanar Daryobogʻlarga:— Ey uka, daryoni bogʻla, — debdi.U daryoni bogʻlabdi. Daryoga tushib, yurib ketayotganlarida Yulduzsanar Qilichqoraning isfahon qilichini koʻribdi va darrov qoʻliga olibdi:— Ey uka, Qilichqoraning qilichini bu yerdan topdim, endi mana bu qoʻrgʻonga kirishimiz zarur, — debdi.Daryo yoqasidagi qoʻrgʻonga kirib qarasalar, qirqta hujra bor ekan.Hammasi qulflangan. Daryobogʻlar bilan Yulduzsanar bir uyni ochib Qilichqoraning oʻligini topib olibdilar.
Qilichqoraning koʻkragiga qoʻllarini qoʻyib turishibdi. Qilichqora aksa urib oʻrnidan turib, u yoq-bu yoqqa qarab, akalarini koʻribdi. Akalari:— Sen shunday yotgan ekansan, boshqa narsani koʻrmadik, — debdilar. Qilichqora:— Xay mayli, akalar, mening orqamdan yuraveringlar, — debdi. U Koʻktemir podshohning shahriga qarab yoʻl boshlabdi. Necha kun yoʻl yurib, shaharga yaqinlashibdilar. Qilichqora aytibdi:— Ey yigitlar, sizlar shu yerda turinglar.
Biz uch ogʻayni shaharga kirib chiqamiz.Har uchovi shaharga kirsa, Xalchaoyning qirqta kaniz bilan oʻtirgan bogʻi oldidan oʻtibdilar. Qarasaki, bir juvon bir oftoba suvni olib Bogʻi Eramga kirib ketayotibdi. Qilichqora haligi juvonni chaqirib olib soʻrabdi:— Ey singlim, suvni qayerga olib borasiz?Juvon aytibdi:— Ey aka, podshoh Xalchaoy degan qizni shu yerga oldirib kelgan edi. Xalchaoy qirq kunga muhlat olgan edi.
Shu bugun muhlat tamom boʻlib, toʻyi boʻlayotir, shularning qoʻliga suv olib borayotirman.
— Boʻlmasa toʻxtang, — deb Qilichqora uzugini oftobaga solibdi.
— Oldin hamma choʻrilarga suv bering. Xalchaoyning qoʻliga eng keyin suv quying, — debdi.Boyagi juvon aytgandan ham ziyoda qilib, suv quyibdi. Xalchaoyning qoʻliga jildiratib-jildiratib quymoqda ekan. Xalchaoyning achchigʻi kelib, “Quy!” debdi. Juvon sharqiratib suvni agʻdarib yuboribdi. Uzuk Xalchaoyning qoʻliga tushibdi. Xalchaoy qarasa, erining qoʻliga solib kelgan uzugi. Haligi juvonga qarabdi, uzukka qarabdi. Xalchaoy haligi juvonni chekkaga chaqirib olib:— Bu uzukni senga kim berdi?
— debdi.
— Koʻchada uch otliq turibdi. Uzukni oʻshalar berdi, — debdi. Xalchaoy koʻchaga chiqib qarasa, oʻzining eri.
— Tasaddugʻing boʻlay, — deb boʻyniga yopishib yigʻlabdi.Eri otga mindirib, joʻnabdi. Yigitlarning oldiga yetib kelganda orqasidan chang paydo boʻlibdi. Bular Koʻktemir podshohning askarlari ekan.Ular Koʻktemir podshoh bilan urishib, uni yengibdilar va Yulduzsanar turgan mamlakatga qarab joʻnabdilar. Har uch ogʻayni tinch mehnat qilib, oʻz sevganlari bilan yashab, murod-maqsadlariga yetibdilar.