← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatAdolatJasoratTabiatOilaTijoratUzun

Oʻtinchi chol

4239 soʻz

Oʻtgan zamonda sakson yashar bir oʻtinchi chol bor ekan. Daladan bir koʻtarim oʻtin terib kelib, uni sotib, xotini bilan tirikchilik oʻtkazar ekan.

Bir kuni oʻtinini sota olmasdan bozorga tashlab qaytib kelibdi. Chol eshikdan kirishi bilan, xotini:— Nima olib keldingiz? Kechadan beri hech narsa yeganim yoʻq, — debdi.

— Oʻtinimni sotolmay, quruq qaytdim,— debdi chol.

— Ha, toʻgʻri, qachon oʻtin sota olsangiz ovqat olib kelasiz-da, boʻlmasa yoʻq. Mana shunday vaqtda uyda biror narsa boʻlsa, pishirib-kuydirib yerdik.

Endi ertaga ikki qoʻshnini hasharga aytsangiz, ular ikki koʻtarim oʻtin olib kelsa, uni yoqarmiz, siz olib kelgan oʻtinni sotsangiz ovqat boʻlar,— debdi.Kambagʻal xotinining soʻzini maʼqullab, kosiblarni hasharga chaqiribdi. Ular ham rozi boʻlishibdi. Erta bilan ikki kosib cholning eshigiga kelib chaqiribdi. Uchovi uchta arqon olib, oʻtin terishga chiqib ketishibdi. Daladan oʻtin terib, uchovi uch koʻtarim oʻtinni orqalayotganda shamol turib, oʻtinlarini uchirib ketibdi.

Chol: “Er-xotin kecha och yotgan edik, endi bugun ham och qolamizmi?” deb yigʻlabdi. Kosiblar cholni yupatib:— Ey ota, yigʻlamang, bugun er-xotin ikkovingizga ovqat topib berarmiz. Ertaga shamol tingandan keyin yana kelib oʻtin terib ketamiz,— debdi. Ular qaytib kelayotganlarida bir chinorning tagida chuqur koʻrishibdi. Qarashsa, ular tergan oʻtinlarni shamol kelib shu chuqurga tashlagan ekan. Kosiblar:— Ota, mana bizning tergan oʻtinimiz, siz tushib olib berib turing, biz taxlaymiz, — deyishibdi.

Chol uch koʻtarim oʻtinni olib bergandan keyin oyogʻining tagiga qarasa, uch xum oltin turgan emish. Chol bu oltinlarni sheriklaridan yashirmay, chuqurdan olib chiqib, uch bogʻ oʻtinning orasiga bir xumdan bogʻlabdi.Chol kosiblarga:— Oʻzingiz koʻtargan xumdagi oltinlar oʻzingizga, ammo oʻtinni uyimga olib borasizlar,— debdi.

Ikki kosib bir-biriga imo-ishora qilib, cholni oʻldirib, uning ham oltinini olmoqchi boʻlishibdi.Kosiblardan biri:— Sen cholning oʻtinini bogʻla, men qoʻlini bogʻlayman, soʻng chohning boʻyiga olib borib soʻyib tashlaymiz-da, ustiga tegirmon toshini bostirib ketamiz.

Ammo oʻtinni uyiga eltib beramiz, — debdi. Ikkovi cholni sudray boshlaganda chol ulardan:— Nimaga meni azoblaysizlar?

— deb soʻrabdi. Biri turib:— Sizni oʻldirib oltinning hammasini oʻzimiz olmoqchimiz, — deb javob beribdi. Chol:— Bolalarim, meni oʻldirmanglar, mening oyogʻimni goʻr tortib qolgan qari cholman, buning ustiga xotinimning yetti oylik gumonasi bor. Qizmi, oʻgʻilmi shuni bir koʻrsam, undan keyin oʻlsam armonim yoʻq,— debdi. Ular cholga quloq solmay:— Yoʻq, oʻldiramiz, — deyishibdi. Chol yalinib:— Men bu voqeani hech kimga aytmayman, ishoning. Faqat oʻtinimni uyga olib borib bersangiz boʻlgani,— debdi. Ular:— Yoʻq, soʻyamiz, — deyishibdi. Chol turib:— Boʻlmasa, xotinimga bir vasiyatim bor.

Shuni borib aytinglar: “Chol yoʻlda oʻtin koʻtarib kela turib, uch joyda shamoldan yiqilib tushganiga achchiqlanib, boshini olib boshqa bir shaharga ketdi. Agar xotinim oʻgʻil tugʻsa, otini Dod qoʻysin, qiz tugʻsa, oʻzi bilib ot qoʻysin, deb aytdi”, deng.Ular cholni oʻldirib, oʻligini chohga tashlab, tegirmon toshini bostirib qoʻyishibdi. Uch koʻtarim oʻtinni oltin bilan koʻtarib uylariga qarab ketishibdi.

Haligi uch koʻtarim oʻtinni oʻtinchining uyiga keltirib, cholning xotiniga:— Eringizning feʼli qursin, bizni ham xafa qildi, oʻzi ham uch joyda yiqilib tushib, achchigʻidan boshqa bir shaharga boshini olib ketdi. Keta turib: “Xotinimga aytinglar: boʻyida gumonasi bor edi. Agar oʻgʻil tugʻsa, otini Dod qoʻysin, qiz tugʻsa oʻzi bilib ot qoʻysin”, dedi,— debdilar.Xotini yigʻlay-yigʻlay oʻtinni olib kirib ketibdi. Kosiblar yarim xumdan oltinni sarf qilib, naqshin saroy solishibdi.

Ular har shahardan gumashta orttirib, katta boy boʻlib, yetti qiron podshohlarga eʼtiborli boʻlib ketibdilar. Adras kiyimlar kiyib, poʻta belbogʻlar bogʻlashib, kumushdan hassa ushlab yuradigan boʻlishibdi.Endi bir kalima soʻzni oʻtinchining xotinidan eshiting. Vaqt-soati yetib xotin bir oʻgʻil tugʻibdi, otini Dod qoʻyibdi. Dod kunda bir yashab, oyda bir yashab yettiga qadam qoʻyibdi. Onasi Dodni koʻchaga chiqarmay, eshikka qulf solib qoʻyib, oʻzi charx yigirib kun oʻtkazar ekan.

Bir kun Dod koʻchada oʻz tengqurlarining ovozini eshitib yigʻlab, onasiga:— E ona, men ham chiqib bolalar bilan oʻynab kelay,— debdi. Onasi:— Mening gapimga kirsang chiqaraman; betingga niqob tortib qoʻyaman, shu niqobing bilan oʻynaysan. Bolalar niqobingni och desa “Ochmayman” degin,— debdi. Dod yuziga niqob tortib chiqib, kechgacha bolalar bilan oʻynabdi.

Soʻngra qorni ochib uyga kiribdi:— Ona, non bering,— debdi. Onasi:— E bolam, sening tashvishingni tortib oʻtirgan edim, uyda bir burda non yoʻq.

Endi otangning hunarini qilmasang boʻlmaydi. Otang oʻtinchi edi.

Endi ikkimiz dalaga borib ikki koʻtarim oʻtin olib kelsak, birimizniki ovqat boʻlsa, birimizniki qoʻr boʻladi, — debdi.Ona-bola maslahatlashib, ikkovi arqon olib dalaga borishibdi. Oʻtin terib yurib, onasining beli ogʻrib qolibdi. Onasi:— Men birpas yotib dam olay, sen oʻynab tur,— deb bir daraxt tagida yotib uxlab qolibdi. Uyqusidan uygʻonib qarasa, bolasi yoʻq.Bolasini qidirib, “Dod” deb toʻqayga kirib ketibdi. Toʻqaydan chiqib “Dod” deb togʻ orasiga qarab izlab ketibdi.

Togʻ orasidan chiqib, “Dod” deb daryo yoqalab ketibdi. Undan choʻlga qarab “Dod” deb ketibdi. Oʻgʻlini topa olmay, bolasining dogʻida choʻlda zor-zor yigʻlab ketayotgan ekan, oldidan sakkiz yuz askari bilan kiyik oviga chiqqan bir podshoh chiqib qolibdi. Podshoh xotinning dodini eshitib ikkita yasovulga: “U xotinni chayon chaqqanmi yo ilon zahar solganmi oʻzidan-oʻzi “dod” deb yigʻlab yuribdi, uni olib kelinglar!” deb buyuribdi. Yasovullar xotinni podshohning oldiga olib kelishibdi.

Podshoh xotindan:— Nima uchun dod deb yigʻlaysan, ilon chaqdimi, chayon chaqdimi?

— deb soʻrabdi. Xotin:— Bolamni yoʻqotdim, oti “Dod” edi. Otini aytib yigʻlab ketayotib edim,— debdi. Podshoh:— Boshqa ot qurib ketdimi, shu otni qoʻyasanmi,— debdi. Xotin erining ikki qoʻshnisi bilan oʻtin olib kelishga ketganda boʻlgan voqeani va erining vasiyatini aytibdi.

Soʻngra bolam bilan oʻtin terishga chiqqan edim, belim qotib birpas yotdim, uxlab qolibman. Oʻrnimdan turib qarasam, bolam yoʻq,— debdi. Podshoh:— Ering bilan oʻtin terish uchun hasharga chiqqan qoʻshnilaring hozir bormi?

— deb soʻrabdi.Xotin:— Bor, ular boy boʻlib ketgan. Bozor chorsida naqshli saroyda turadigan, kumush kursida oʻtiradigan ikki boy oʻsha qoʻshnilarimizdir.Podshoh: “Cholni oʻsha qoʻshnilar oʻldirgan boʻlsa kerak”, deb oʻylab, uchta yasovulni chaqirib:— Uchoving “Dod” deb shaharga uch tomondan kiringlar. Shahar ichida qaysi bola “Ha” desa, tutib, otga mindirib olib kelinglar — debdi. Uchta yasovul “Dod” deb shaharga kirishibdi. Shaharda kabobpazning doʻkonida kabob yeb oʻtirgan bir bola “Ha” debdi.

Yasovul boladan: “Oting nima?” deb soʻrabdi. Bola:— Dod, — debdi. Yasovul:— Dod boʻlmay oʻl. Choʻllarda onang Dod deb yigʻlab yuribdi, — debdi-da, Dodni otga mindirib podshohning oldiga olib kelishibdi.Podshoh niqobdor bolani koʻrishi bilanoq:— Betingdagi niqobingni och,— debdi: Bola:— Ey podshohi olam, betimdagi pardani ochtirib nima qilasiz? Qanday gapingiz boʻlsa, ayta bering,— debdi. Podshoh:— Agar otang bilan oʻtinga chiqqan kishilarni chaqirib, otangning oʻligini toptirib bersam, niqobingni ochasanmi?

— debdi.

— Niqobimni ochish ixtiyori menda emas, onamda,— debdi bola.Podshoh onasini chaqirib:— Bolangning niqobini ochish ixtiyori senda ekan, niqobini ochsin!

— debdi. Onasi podshohga:— Bu yosh bola boʻlsa, buning yuzini koʻrib nima qilasiz?

— debdi.Podshoh ikki yasovuliga boylarni olib kelishni buyuribdi. Yasovullar boylar oldiga boribdi, ularga siyosat qilib “Podshoh sizni chaqirdi”, deb ikki boyning qoʻllarini orqasiga bogʻlab, otga mindirib podshohning oldiga olib kelibdi. Podshoh ularning oyoq-qoʻllarini yechtirib yerga tushirtiribdi. Podshoh ikki boydan:— Shu bolaning otasini qayerda oʻldirdinglar? Rostini aytsangiz, sizga zulm yoʻq,— debdi. Boylar:“Bizga zulm yoʻq ekan”, deb cholni oʻldirganlariga iqror boʻlishibdi:— Chinor tagida oʻldirdik, chohga tashladik, — deyishibdi. Podshoh:— Nima sababdan oʻldirdinglar?

— deb soʻrabdi. Boylardan biri boʻlgan voqeani birma-bir aytib, chuqurda topilgan oltinning hammasini olmoqchi boʻlib, cholni oʻldirmoqchi boʻlganlarini, oxirida cholning: “Meni oʻldiradigan boʻlsalaring, bir vasiyatim bor, borib xotinimga shunday deb aytinglar: eringizning feʼli qursin, bizni ham xafa qildi, oʻzini ham xafa qildi. Uch joyda shamoldan yiqilib tushdi. Achchigʻidan boshini olib boshqa shaharga ketdi. Keta turib, agar xotinim oʻgʻil tugʻsa, otini “Dod” qoʻysin, qiz tugʻsa otini oʻzi bilib qoʻysin”, dedi.

Biz “vasiyating shumi” deb uni oʻldirib, chinor tagidagi chohga koʻmib, ustiga tegirmon toshi bostirib ketdik. Oltinni uyimizga olib borib, bir yarim xumdan boʻlib oldik. Cholning xotiniga oʻtinni olib borib berib, cholning vasiyatini aytdik.

Shu bilan biz boyib ketdik!

— debdi. Ikkinchi boy:— Ey podshohi olam, sultoni bokaram, dunyo shirin ekan.

Shu ishlarni qildik. Nima zulm qilsangiz, mana, oldingizda turibmiz, — debdi. Podshoh:— Ikki xum oltin turibdimi?

— debdi. “Turibdi”, deyishibdi boylar.Podshoh:— Ikki xum tillani olib kelinglar,— deb ikki yasovulga buyuribdi. Yasovullar ikki xum oltinni olib kelishibdi. Podshoh Dodni chaqirib:— Mana bu bir xum oltin otangning oʻldirilgani uchun, mana bu bir xum oltin otangning oʻz haqi, ol, rozimisan?

— debdi. Dod:— Men otamning xunidan kechdim. Otamning oʻz haqi — bir xum oltinni bering, boshqasi kerak emas,— debdi. Dod bir xum oltinni koʻtarib onasining oldiga olib boribdi. Podshoh bir xum oltinni boylarning oʻziga boʻlib beribdi. Podshoh Dodni chaqirtirib:— Otangning oʻligini topib berdim.

Endi yuzingdan pardangni och, koʻray!

— debdi. Dod:— Qanday podshohsiz, men yetti yashar bola boʻlsam, yuzimni koʻrib nima qilasiz?

— debdi. Podshoh “Niqobingni ochmaysanmi?”— deb qilichini sugʻurib, Dodga hamla qilibdi. Bola qilichdan qoʻrqib, yuzini ochib yuboribdi. Podshoh bolaning yuzini koʻrib otning tagiga yiqilibdi. Bola sarkardalarni chaqirib:— Ulugʻlaring behush boʻlib yiqildi. Daryo boʻyiga olib borib hushiga keltiringlar, — debdi. Sarkardalar kelib, podshohni yelpib hushiga keltirishibdi. Podshoh “Dod qayerda?” deb soʻrabdi. Dodni keltirishibdi. Podshoh:— Ey bolam, qaysi bogʻning gulisan, devmisan, parizodmisan, qanday gavhar donadan paydo boʻlding?

— debdi. Dod:— Mana shu kampirdan bino boʻlganman,— debdi. Podshoh:— Yetti iqlim podshosi boʻlib, sendek husndorni Koʻhiqofdan ham topmadim. Mening oʻgʻlim ham yoʻq, qizim ham yoʻq. Sen menga oʻgʻil boʻl, olib ketay. Avgʻon bogʻlarimda, saltanat taxtlarimda oʻtir, seni podshoh qilay,— debdi. Dod turib:— Men yetti yashar bolaman, ena sutim ogʻzimdan ketgani yoʻq, oʻrdaga loyiq emasman, odamning sarasini ajrata olmayman.

Menga shu choʻllarning ixtiyorini bersangiz, men ariq chiqartirib, imorat soldirib, beva-bechoralarga bersam, ming tanob yerni bogʻ qilib, yetti yilda obod qilsam. Oʻn toʻrt yoshga kirganimdan keyin kelib olib ketarsiz,— debdi.Podshoh Dodga bir sanoch oltin berib “yendi ota-bola boʻldik”, deb askarlarini, vazir-sarkardalarini, yasovul-yuzboshilarini olib togʻga kiyik oviga ketibdi. Dod enasiga qarab:— Ey onayi mehribonim, sizga shu yerga bir tol yogʻochdan kapa qilib beray, siz shu yerda istiqomat qilib turing.

Men bir-ikki ming mardikor olib kelay,— debdi. Ertasi bir qancha mardikor olib kelib Qoʻqon viloyatidan ariq chiqartiribdi; imorat qildirib beva-bechoralarga beribdi. Yetti yilda ming tanob yerga bogʻ qildiribdi. Bu bogʻ Dodning bogʻi deb mashhur boʻlibdi.Bogʻni tayyor qilib oʻtirganda, podshoh qirqta sarkardasini yuborib Dodni tilla qafasga, enasini kajava savatga solib oldirib kelibdi. Dodning onasiga qirqta zinasi sangi-marvarid toshdan yasalgan ravoq beribdi.

Enaga xotin, qirqta kaniz, qirqta choʻri, qirqta qul uning xizmatini qilibdi. Har kun Dodning enasiga qirqta qoʻyning iligidan osh qilib beribdi.Podshoh Dodga:— Endi qoʻlimga tushding, ota-bola boʻldik, betingdagi niqobingni olib, taxtimga oʻtir!

— debdi.Dod:— Menga onamdan javob olib kelishga ruxsat bering, undan keyin niqobimni ochay,— debdi. Podshoh ruxsat beribdi. Dod onasining yoniga yugurib borib:— E onam, mehribonim, podshoh “yuzingni och”, dedi. Unda donolar, vazirlar, qirqta sandalnishinlar, yasovullar, ponsodlar, yuzboshi-sarkardalar oʻtiribdi. Ular oldida yuzimni ochsam, podshohning yana hushi ketib qolsa, biror dushman chiqib podshohni oʻldirib ketsa, men javobgar boʻlib qolmay tagʻin,— debdi.Shunda onasi:— Ey, Dod bolam, ogʻzingni och boʻlmasa,— debdi.

Dod ogʻzini ochibdi.Enasi bir tuflabdi:— Bor bolam, endi borib niqobingni ochib oʻtira ber,— debdi. Dod podshohning saltanat taxtiga chiqib podshohning oʻng tomoniga borib, niqobini yuzidan olib oʻtiribdi.

Shunda odamlar Dodning husni-jamolini koʻrib tahsin-ofarin oʻqib, podshohga: ”Oʻgʻlingiz qutlugʻ boʻlsin”, deyishibdi. Podshoh bular ustidan dur sochibdi. Dod Avgʻon bogʻiga ov qilish uchun kiribdi. Dodning husnini oʻrdaklar, churraklar tomosha qilib, ketidan yurishibdi. Oʻrdak, churrakdan qochib tuyaxonaga kiribdi, unda ham karvonlar Dodning husnini tomosha qilishibdi. Undan chiqib ichkari oʻrdaga kiribdi, undagi qizlar Dodning husnini koʻrib, uni quvlab ketishibdi.

U yerdan koʻcha darvozasiga chiqqan ekan, eshikdagi qirq-ta shotir uning husnini tomosha qilib quva beribdi. Undan podshohning chillaxonasiga kirib qutulibdi. Chillaxonada bagʻrini zaxga berib yotib uxlab qolibdi. Tushida Koʻhiqofdan bir parizod bir qoʻlida kabob, bir qoʻlida sharob ushlab uchib kelib, sharobni ichirib, kabobni yedirib ketibdi. Podshohzoda choʻchib uygʻonib oʻng tomoniga, soʻl tomoniga qarasa, yonida parizod yoʻq emish. Dod shikastalik bilan oʻrnidan turib qushxonaga kirib, podshohning qushini qoʻliga qoʻndiribdi.

Chakasni beliga qistirib, kamon, oʻq-yoylarni beliga taqibdi, podshohning otxonasiga kiribdi. Tulpor otni yetaklab chiqibdi. Unga minib, yor ishqida togʻ ichiga kirib ketibdi. Togʻma-togʻ, choʻlma-choʻl, koʻlma-koʻl yurib bir tilsimli togʻga kirib qolibdi. Unda uch kecha-yu uch kunduz yuribdi.

Oxirida togʻ orasidan bir kiyik chiqib choʻlga qochibdi. Dod kiyik orqasidan quvlab, u ham choʻlga chiqib qolibdi, kiyikni topa olmay yoʻl yuribdi. Yolgʻiz oʻzi choʻlma-choʻl, koʻlma-koʻl, yetti kecha-yu yetti kunduz yoʻl yurib, bir daryoning boʻyiga yetibdi. Belidagi chakasni yerga suqib, qushni qoʻndiribdi. Daryo boʻyida dam olib oʻtirsa, roʻparasida sallasining pechi yelkasiga, soqoli koʻksiga tushgan, qoʻlida xassa ushlagan malla toʻnli, betidan nur yogʻilib turgan bir moʻysafid chol paydo boʻlibdi. Dod moʻysafidga salom beribdi.

Moʻysafid:— Oʻgʻlim Dod, bu tilsim daryosi oldida turmang, bunda devlar bor. Siz oshiqlikning ishqida kelgan ekansiz. Sevgan qizingiz parilardan.

Lekin buni olib chiqishning iloji yoʻq,— debdi. Dod cholga qarab yigʻlab bayt oʻqibdi. Cholning rahmi kelib:— Men topib beray. Koʻzingni yum, yetti damdan keyin och,— debdi.Dod koʻzini yumib, yetti damdan keyin ochib qarasa, oʻzini daryoning narigi tomonida koʻribdi. Chol:— Oʻgʻlim, hov oʻsha koʻringan tanasi zumraddan, shoxi laʼli-yoqutdan, bargi zabarjaddan boʻlgan daraxt yonidagi qoʻrgʻonning ichiga kirsang, unda jami devlar-parilar uxlab yotganini koʻrasan.

Oyogʻing tagida gavhar shamchiroqlar boʻladi, unga nazar koʻzingni solmay, undan oʻtganingdan keyin, qirq bir hujra bor, unda ham gavhar shamchiroqlar bor, bunga ham qarama. Oxirgi hujraga kirsang, tokchada uchta qovoq turibdi. Oʻrtadagi qovoqni menga olib kelib ber, — debdi.Dod cholning aytganiday borib oxirgi hujraga kiribdi, oʻrtadagi qovoqni olib kelib cholga beribdi. Chol:— Ey bolam, sening tushingda koʻrgan yoring shu.

Endi koʻzingni yum, — debdi. Birozdan keyin “koʻzingni och!” debdi. Dod koʻzini ochib qarasa, oʻzini oti oldida koʻribdi. Chol yana: “Sen oʻn toʻrt kunlik yoʻlni bosib kelding, endi men senga bir duo oʻrgatay, tez yetasan”, deb unga duo oʻrgatibdi. Dod qovoqni qoʻltigʻiga qisib otiga minibdi. Chol: “Oʻgʻlim, olgin — oldirma, toʻlgin — toʻkilma, yoʻlda hargiz qovoqqa hazil qilma, yana oʻz boshingga jabr-u jafoni ortdirma”, debdi.

Dod yoʻlda chol oʻrgatgan duoni oʻqibdi, bir qancha yoʻl bosgach, otining boshini toʻxtatib: “Men tushimda parizodni koʻrgan edim. Jodugarga uchrabman. Quruq qovoqni nima qilaman”, deb yerga tashlamoqchi boʻlib ushlaganda, qovoqning ichidan “Voy, nozik badanim” degan tovush eshitilibdi. Dod darrov tilla qilichini sugʻurib olib qovoqni bandidan ochibdi.

Qarasa: oy desa ogʻzi bor, kun desa koʻzi bor, shirindan-shakar soʻzi bor, oʻng betida chaparasta xoli bor, necha alvonlar kiygan, qirq kokiliga duri javohirlar taqilgan bir parizod qiz oʻtiribdi. Yigit parini koʻrib, hushidan ketib yiqilibdi. Parizod uni yelpib hushiga keltiribdi. Dod:— Boʻyingdan aylanib ketay gavharim, topilmas qimmatbaho durri gʻaltonim. Qaysi bogʻning gulisan, qaysi chamanning bulbulisan, devmisan, parimisan, ins-jinsmisan, qaysi gavhar donadan paydo boʻlgansan?

— deb soʻrabdi. Parizod:— Cholning soʻzini qulogʻingizga olmay oʻzingizga jabr-jafo orttirdingiz.

Endi meni uch xil yoʻl bilan uyingizga olib borasiz, — debdi. Dod:— Zarvaraq toʻnimni yopib, zarrin roʻmolni parda qilib, otga mindirib olib ketaman, — debdi. Qiz:— Men otga minishga munosib emasman, soyabon aravaga munosibman, — debdi. Yigit:— Boʻyingdan aylanay, gavharim. Shahar yaqin qoldi. Shaharga yetganda sizni bir tomga chiqarib qoʻyib, otam saroyidan qirqta qiz-juvonlarni aravaga solib kelib, karnay chaldirib olib ketaman. Sakson zinali ravoqqa qoʻyaman.

Ravoqning zinalari marmar toshdan, tepasi qizil marjondan, kunguralari laʼli-yogʻutdan, — debdi. Malika rozi boʻlib, otning orqasiga mingashib shaharga joʻnashibdi. Shaharga yaqin qolganda bir tomga qizni qoʻyib, oʻzi shaharga arava olib kelishga ketibdi. Parizod betidagi pardasini ochib atrofga tabassum bilan qarabdi. Bu joyning roʻparasidagi uyda bir kampir turar ekan. U jodugar ekan. Bir yeganda qirqta qoʻyning goʻshtini yeb, har suv ichganda bir mesh suv ichar, nafasiga bir juvoz aylanar ekan.

Shu kampirning uyiga bir yorugʻ shuʼla tushibdi. Kampir, “Bu qanday shuʼla ekan, bilay-chi”, deb suv oladigan koʻzasini koʻtarib, koʻchaga chiqibdi. Jodugar kampirning koʻzi parizodga tushibdi. Qiz kampirga salom beribdi. Kampir:— Ha, onang aylansin, pastga tushib shu koʻzada ariqdan suv olib ber, — debdi. Qizning achchigʻi kelib:— Men sizning choʻringiz emasman,— debdi.

Kampir:— Sen menga suv olib bergani buloq boshiga borsang shuʼlang suvga urib qolsa, men shu shuʼlang yorugʻida charx yigirib, ovqat qilarman, degan edim,— debdi. Parizod kampirga:— Men parizodman, bir dumalayman ilon boʻlaman, bir dumalayman kaptar boʻlaman, bir dumalayman kampir boʻlaman,— debdi.Kampir:— Bunchalik hunaring boʻlsa, qani kaptar boʻl-chi,— debdi.

Parizod bir yumalab oyogʻi qizil marjondan, qanoti laʼli yoqutdan, tumshugʻi zabarjaddan bir kaptar boʻlibdi, yana yumalab qadimgi asl holiga kelib parizod boʻlibdi.

— Meni Dod qancha mashaqqatlar bilan topib olib keldi. Siz menga suv olib ber, deysiz,— debdi.Kampir, “Qoʻy, olib bermasang oʻzim olaman”, deb zarda bilan koʻzasini koʻtarib buloq boshiga ketibdi. Malikaning kampirga rahmi kelib:— Toʻxtang, ona, men oʻzim olib boray,— deb kampirning orqasidan boribdi. Kampirning qoʻlidan koʻzasini olib, buloqdan suv olayotganda, kampir kelib qizning orqasidan bir tepibdi. Qiz suvga tushib, gʻoyib boʻlibdi. Kampir koʻzasini yerga urib sindirib tomga chiqibdi.

Qizning zarrin roʻmolini yuziga parda qilib oʻtiribdi. Birozdan keyin Dod besh yuz sarkarda, qirq qiz-juvon bilan har xil oʻyinlar qilib kelib qolibdi. Kelib qarasa, qizning oʻrnida koʻzi chaksa guruch damlaydigan qozonday bir kampir oʻn toʻrt kishilik joyni egallab oʻtirgan emish. Yigit yuzini ochib qarabdi, qoʻrqqanidan oʻzini pastga tashlab yuboribdi.Sarkardalar Dodning yuziga suv purkab hushiga keltirishibdi. “Ey podshohzoda, sizga nima boʻldi?” deb soʻrashibdi.

Dod ularga kampirning taʼrifini aytishga nomus qilib, oʻrnidan irgʻib turib, kampir oldiga borib:— Sen oʻsha parizodmisan yo oʻzgamisan?

— debdi. Kampir:— Men oʻsha siz olib kelgan parizodman,— debdi.

— Boʻlmasa, yana yuzingni koʻray, —debdi. Kampir:— Men sizga hozir yuzimni koʻrsatmayman, qachon meni nikohingizga olasiz, mendan bir oʻgʻil koʻrasiz, shu oʻgʻil yetti yoshga kirganda otangiz toʻy qilib beradi, shu kuni yuzimni koʻrsataman. Ungacha yuzimni koʻrsatmaslikka qasam ichganman. Menda hali hunar koʻp: bir yumalayman kaptar boʻlaman, bir yumalayman ilon boʻlaman, bir yumalayman kampir boʻlaman, bir yumalayman tagʻin parizod boʻlaman, mana, hozir bir yumalab kampir boʻldim,— debdi.

Dod:— Bir yumalab ilgarigi parizod boʻling, men sizni podshoh saroyiga olib boraman,— debdi. Kampir:— Xohlasangiz shu, xohlamasangiz koʻk kaptar boʻlib Koʻhiqofga uchib ketaman,— debdi. Dod oʻylab turib:— Yetti yil kutish yigit kishiga nima gap, aravaga tushing!

— debdi.Kampir:— Aravaga oʻzingiz koʻtarib soling!

— debdi. U kampirni koʻtaraman deb yetti yumalab agʻdarilib tushibdi. Enaga xotinlar koʻplashib podshohzodani koʻtarib olishibdi. Kampir podshohzodaga:— Otni oʻzingiz minib oling,— debdi. Dod otga minib “chuv” deb bir qamchi urishi bilan, quduqning ichidan bir qora ot chiqib, uning oldiga kelib gir-gir aylana beribdi.

Shu yerdagi odamlar otni koʻrib ofarin qilibdi. Dod oʻzi mingan otdan tushib, quduqdan chiqqan otning boʻynidan quchoqlab silay beribdi. Kampir buni koʻrib:— Bu otni chiqarib, quduqdan chiqqan qora otni aravaga qoʻshing!

— debdi. Enagalar qora otga tilla yuganlar kiygizib, aravaga qoʻshibdi. Podshohzoda otga minib bir qamchi urib oʻrdaga ketibdi. Har qirq odimni bir odim qilib oʻrdaga yetibdi. Podshoh bularga durri javharlar sochibdi. Qiz-juvonlar oʻlan aytishib kelishib, kelinni ravoqning tepasiga olib chiqib ketishibdi. Kampir zarrin roʻmolni yuziga parda qilib, chimildiqning ichida yuzini koʻrsatmay oʻtiribdi. Dod quduqning ichidan chiqqan otni yakka qoziqqa boylab qoʻyibdi.

Ot suvligʻini chaynab turibdi.Podshohzoda ot oldidan keta olmay otning betidan, ot Dodning betidan yarim kechagacha silab chiqibdi. Kampir kanizaklarga aytib podshohzodani chaqirtiribdi. Dod kampirning oldiga salom berib kiribdi. Kampir turib:— Ey podshohzoda, yo oʻsha qora otni deng, yo meni deng. Boʻlmasa koʻk kaptar boʻlib uchib ketaman, meni desangiz vaqtliroq nikohingizga oling, farzand koʻrishning orzusini qiling,— debdi.Podshohzoda kampirdan bu soʻzni eshitib, qoʻliga zarrin roʻmolcha olib zor-zor yigʻlab, otasining saltanat taxtiga chiqibdi.

Podshoh oʻgʻlining holini koʻrib:— Sizga kim zulm, alam yetkazdi. Zulm yetkazganlarni olib kelib kallasini olib, kallani minoraga uraman,— debdi. Podshohzoda:— E podshoh, men Koʻhiqofdan bir qovoq olib kelayotib, yoʻlda ochdim. Ichidan bir qiz chiqdi. Shaharga kirganda uni bir tomga qoʻyib oʻzim oʻrdadan soyabon arava olib kelgunimcha, qizning oʻrnida bir kampir paydo boʻlib qolibdi.

Kelib yuzini ochib qarasam, koʻzi chaksa guruch damlaydigan qozonday bir kampir oʻn toʻrt kishilik joyni egallab oʻtiribdi; bu kampir bir yumalayman kampir boʻlaman, bir yumalayman ilon boʻlaman, bir yumalayman, koʻk kaptar boʻlib oʻn sakkiz ming olamni aylanib kelaman, bir yumalayman parizod boʻlaman, deydi. Men kampirga: “Yana parizod boʻling, doʻst-dushmanning oldida men sizni qanday qilib shu holingizda oʻrdaga olib boraman”, dedim.

Kampir: “Men husnimni koʻrsatmaslikka qasamyod qilganman, meni shu holimcha nikohingizga olasiz, oʻgʻlingiz yetti yashar boʻlib, otangiz toʻy qilib bergan kuni asli husnimni koʻrsataman. Xohlamasangiz bir yumalab koʻk kaptar boʻlib, Koʻhiqofga uchib ketaman”, deydi.

Endi men yigʻlamay kim yigʻlasin. Uni asli parizodligida yaxshi koʻrib qolgan edim. Yoʻlda bir quduqdan qora ot chiqib gir-gir aylanib turdi. Otdan tushib qora otni quchoqlab silay berdim. Jami odamlar otni koʻrib tahsin qilishdi.

Shunda kampir ilgarigi otni aravadan chiqarib quduqdan chiqqan otni aravaga qoʻshtirdi. Ot qirq odimni bir odim qilib oʻrdaga yetkazdi. Kelgandan keyin ham ot bilan oʻynab tursam, kampir chaqirib “Tezda nikohingizga oling”, dedi. Men qanday qilib bu kampirni nikohimga olaman, har kim sevganini oladi-da,— debdi. Podshoh aytibdi:— Koʻp xafa boʻlmang, bir ilojini qilarmiz. Rasmi parizodlar duo oʻqib har turga kira beradi, oʻgʻlim. Bir iloj qilib oʻgʻil koʻrishga harakat qiling!

— debdi. Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy tomosha qilib nikoh oʻqitibdi.Podshohzodani mast qilib kampirning oldiga kirgizishibdi. Podshohzoda ertasiga yana qora ot yoniga chiqib, boʻynidan quchoqlab silay beribdi. Bir oxurga sharbat, bir oxurga shakar toʻkib beribdi. Oylardan oy oʻtib kampirning haligi qora otga boshi qorongʻi boʻlib qolibdi. Podshohzodani chaqirib:— Qassobni olib kelib, shu qora otni soʻydirib ber. Goʻshtini kabob qilib yeyman, — debdi.

Podshohzoda noiloj, qassobni chaqirtirib kelib:— Shu otni soʻyib beringlar, — deyishi bilan qassobning qoʻlidan pichogʻi bilan boltasi tushib ketibdi. Qassobning koʻziga ot parizod boʻlib koʻrinibdi.

— Taqsiri olam, bu ot emas, parizod-ku. Men bu otni soʻya olmayman, men oʻz jonimdan qoʻrqaman,— deb qassob qaytib ketibdi. Xizmatchilar yana boshqa qassobni olib kelishibdi. Podshohzoda qassobga:— Shu otni soʻyib bering!

— debdi. Otni koʻrishi bilan bu qassobning ham qoʻlidagi pichogʻi bilan boltasi tushib ketibdi, oʻzi behush boʻlib yiqilibdi. Qassob oʻrnidan turib:— Oʻrdangizda shunday bir parizod yursa, shuni soʻydirmoqchisiz, jinni boʻldingizmi?

— debdi. Podshohzoda: “Bu nima gap, mening oldimga jinni qassoblar keladi. Ikkovi ham bu otni parizod deb soʻymadi”, deb qassobga qarab:— Shu otni qanday qilib boʻlsa ham soʻyasiz!

— debdi. Qassob podshohzodadan qoʻrqib:— Men otni soʻysam, boshimga kelgan balolarga balogardon boʻlasizmi?

— debdi. Podshohzoda:— Albatta, balogardondirman,— debdi. Qassob “Qanday qilay, hukmi podshoh vojib ekan”, deb otning oyogʻiga arqon solishi bilan ot oʻzi beozor yiqilibdi. Qassob otning boʻyniga pichoq tortibdi. Otning boʻynidan uch joyga uch tomchi qon sachrabdi.

Shu uch tomchi qon oʻrnidan uch tup terak koʻkarib chiqib, har biri besh qulochdan boʻlibdi.Kampirning oldidan bir kaniz chiqib:— Otning jigaridan berar ekansiz, — debdi. Qassob jigarini olib beribdi. Qassob bir yon nimtasini teridan ajratayotganda yana bir kaniz chiqib:— Otning bir sonini berar ekansiz,— debdi.

Shunday qilib kampir otning goʻshtini yeb tamom qilibdi.Podshohzoda otidan ajralganiga xafa boʻlib, yigʻlab taxtiga chiqibdi. Oylardan oy oʻtib, toʻqqiz oy, toʻqqiz kun, toʻqqiz soat, toʻqqiz daqiqadan keyin bir oʻgʻil tugʻilibdi. Bolani beshikka belaydigan boʻlishibdi. Kampir podshohzodani chaqirib:— Bolangizni beshikka belashadi.

Shu teraklarni kesib, mana bu ravoqning toʻrt tarafidan toʻrt eshik va bir beshik qilib bering, — debdi. Podshohzoda daraxtni kestirib eshik ham, beshik ham qildirmoqchi boʻlib usta chaqiribdi. Usta kelib, daraxtlarni koʻrishi bilan arra, teshasi qoʻlidan tushib ketibdi.

— Ey podshohzoda, bular parizod-ku, oʻrdangizda shu uch parizod yashasa nima qiladi?

— debdi. Podshohzoda:— Kessangiz ham kesasiz, kesmasangiz ham kesasiz!

— debdi. Usta turib:— Boshimga tushgan balolarga giriftor boʻlsang kesay, — debdi. Podshohzoda qabul qilibdi.

Shunda oltita arrakash uch terakka arra qoʻyibdi. Teraklar beozor oʻzlari yiqila beribdi. Daraxtlardan taxta tilibdi; beshik yasaydigan beshik yasabdi, duradgorlar eshik yasabdi, eshikni kampirning ravogʻiga olib chiqib qurib beribdi. Duradgorlarga bir dona gavhar beribdi, ular chiqib ketibdi. Beshikni olib kelib, bolani yoʻrgaklab, beshikka solib, ustidan durlar sochibdi. Bolani beshik siqib oʻldiribdi. Kampir dod deb yigʻlab, qochib chiqmoqchi boʻlganda, eshik kampirni siqib qolibdi. Dod kelib kampirni ajratib olibdi.

Dod beshikdan bolani koʻtarib chiqib kelayotganda enagalar unga:— Ey podshohzoda, hali yoshsiz, koʻp bola koʻrasiz, oʻlikni koʻtarganingiz bilan tiriladimi? Qora kigizni yuvgan bilan oqaradimi?

— deb bolani qoʻlidan tortib olishibdi.Dod koʻz yoshini oqizib, tashqariga chiqib ketibdi. Eshikdan chiqsa, bir qalandar turgan emish. U qalandarga choʻntagidan bir dona dur olib uzatibdi. Qalandar durni olmay aytibdi:— Ey, podshohi aʼzam, shu tarasha, shox-shabbalarni menga bersangiz, men uni yoqib, haqingizga duo qilsam,— debdi. Dod:— Ol, yoqaver, — deb qalandarga besh arava shox-shabba, tarashalarni inʼom qilibdi. Qalandar ularni yigʻishtirmoqchi boʻlib turganda shox-shabba, tarashalar osmonga koʻtarilib uchib ketibdi.

Podshohzoda bilan qalandar hayron boʻlib qolibdi. Qalandar oʻz yoʻliga ketibdi. Uyiga kelsa, oʻzining chordevori oʻrnida qirq zinali katta saroy paydo boʻlib qolibdi. Qalandar saroyni koʻrib, hushidan ketibdi; yana hushiga kelib oʻz uyini aniqlash uchun qoʻshnilarinikiga kiribdi.Qoʻshnisining uyida besh kishi oʻtirgan ekan. Qoʻshnisi qalandarni koʻrib:— Uying boshingni yesin. Uyingni dev-parilar bosib ketdi, — jonimizni hovuchlab oʻtiribmiz, — debdi. Qalandar uyidan xabar olay deb ichkariga oyoq uchi bilan kiribdi.

Qarasa, ravoqning tepasidan bir parizod ikki dev bilan tushib kelyapti. Parizod uyning egasi qoʻrqib kira olmay turganini koʻrib, devlarga javob berib yuboribdi. Parizod qalandarni uyga taklif qilib:— Ey mehribon ota, kiravering, shu joy, shu davlatlar sizniki, endi shunga loyiq usti-bosh kiying, — deb bir boʻxcha zarrin kiyimlar berib kiyintiribdi.

Qalandar davlatli boʻlibdi.Kunlardan bir kun qiz qalandarga:— Ey ota, ichkari kirib sandiqni oching, undagi durri-gavharlardan olib sarf qilib mamlakatga osh bering. Podshohlarni ham chaqiring, podshohzoda Dodni ham chaqiring. Har qaysisiga zarvaraq toʻnlar kiygizib yuboramiz, — debdi.Qalandar qirq kunlik xarajatni uch kunda tayyor qilibdi. Qirqta doshqozon quribdi. Avgʻon bogʻda qirq kecha-yu qirq kunduz tuynugidan tutun chiqarmaydigan kambagʻalgacha osh beribdi.

Podshoh “gadoynikiga boramanmi?” deb kelmay, qirqta sarkardasi bilan podshohzoda Dodni yuboribdi. Podshohzoda zar-saltanat bilan kelibdi. Qalandar qiz oldiga kirib:— Qizim, podshohning oʻzi kelmadi, shahzoda qirqta sarkardasi bilan keldi, — debdi. Qiz:— Podshoh kelmasa ham mayli. Ziyofatni katta qiling. Mehmonlarga yetti iqlimga arziydigan kiyimlar kiygizing.

Podshohzodaga shohona libos kiygizing, chiqib ketish oldida imoratlarni tomosha qildiring, keyin podshohzodani mening ravogʻimga olib chiqing, — debdi.Qalandar podshohzodaga imoratlarni tomosha qildiribdi. Qizning ravogʻiga olib chiqibdi. Parizod necha alvon kiyimlar kiyib, oʻziga oro berib oʻtirgan ekan.Podshohzoda bilan parizod bir-birlariga salom berib, ikkisi ham hushlaridan ketib qolibdi.

Podshohzoda hushiga kelib parizodga qarab, uni sevib, sahrolarda kezib yurganlarini, yuragi zardobga toʻlganini aytib bayt oʻqibdi. Parizod:— Ha, podshohzoda, kalla deb qovoqni kiyib olgan ekansiz-da. Bitta jodugar kampirning soʻziga kirib, bola qilganingizga rahmat. Quduqning ichidan chiqqan qora ot men boʻlaman, bilmay aravaga qoʻshdingiz. Qirq odimni bir odim qildim. Qora otni jodugarga soʻyib berganingizda uch terak boʻlib koʻkarib chiqdim.

Beshik bilan eshik qildirdingiz, beshikdagi bolani qisib oʻldirdim, eshikda kampirni siqqanimda ajratib oldingiz — bilmadingiz, uyalganimdan qoʻyib yubordim. Bolaning dogʻini tortib, koʻzdan yosh oqizib tashqariga chiqdingiz. Qalandar keldi, shox-shabbani unga inʼom qildingiz. Shox-shabba oʻzicha yigʻishtirilib osmonga chiqib ketib, qalandarning hovlisiga tushdi, — deganda, Podshohzoda:— Toʻxtang, malikam, bundan ortiq menga gap yoʻq, — deb oʻqday otilib pastga tushibdi. Otiga minib oʻrdaga kelibdi.

Kampirning oldiga kirib:— Ha, jodugar, qani, hunaringni koʻrsat, kaptar boʻlib koʻr-chi, — debdi. Kampir:— Men hali hunarimni koʻrsatmayman. Hali tagʻin oʻgʻil koʻraman, shuning toʻyida koʻrsataman, — debdi. Podshohzoda kampirning bosh yuvib oʻtirgan joyidan sochidan burab pastga olib tushibdi. Jallodlarni keltirib kampirni bir enlikdan qirqib tashlatibdi. Podshohzoda otasi oldiga chiqib:— E ota, mehribonim, suyunchi bering, yorimni topdim, — debdi. Podshoh darhol karnay-suray qoʻydiribdi.

Dod qirqta soyabon aravaga qiz-juvonlarni solib, oʻyin-kulgilar bilan yorini olib kelibdi. Qirq kecha-kunduz toʻy qilib, Dod parizodga uylanibdi. Podshoh Dodni oʻz oʻrniga podshoh qilibdi. Murod-maqsadga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!