Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir shahar chetidagi chorbogʻda bir chol bilan kampir bor ekan. Ular halol mehnat bilan, dehqonchilik qilib kun kechirar ekanlar. Chol-kampirning farzandi yoʻq ekan.
Shu sababdan ular qattiq qaygʻurar ekanlar. Yillar oʻtibdi, chol-kampir yana qarib, bellari bukchayibdi, koʻzlari xiralashibdi, ogʻir ishga yaramaydigan boʻlib qolibdilar.
— E, kampirim, — debdi kunlardan bir kuni chol, — agar farzandimiz boʻlganda edi, qoʻlimizdan ishimizni olar edi. Juda boʻlmaganda dastyorlik qilar edi.
Endi dunyodan koʻzimiz ochiq ketadigan boʻldi-da.Kampir uni yupatibdi.
Kunlardan bir kun ertalab kampir cholni uygʻotibdi:— Turing, chol, — debdi kampir, — oʻgʻillik boʻlib qoldik.
— Nimalar deyapsan, kampir, qanday oʻgʻil, kimning oʻgʻli?
— deb soʻrabdi chol hayron boʻlib.
— Kimniki boʻlar edi, oʻzimizning oʻgʻlimiz. Turing, qarang, toʻpday chiroyli, dumaloqqina bola!
— debdi kampir.Chol oʻrnidan irgʻib turib qarasa, uyning oʻrtasida oyoqlari chillakdek, qorni meshdek bir bola chol-kampirga qarab, tirjayib turgan emish. Xursand boʻlib ketgan chol bolani quchoqlab bagʻriga bosib erkalabdi va unga ot qoʻyish toʻgʻrisida kampir bilan maslahatlashibdi. Unga ismi-jismiga munosib boʻlsin deb, Pufakvoy deb ot qoʻyibdilar.
Shu kundan boshlab chol-kampir Pufakvoyga oʻzlari yemagan yaxshi taomlarni yedirib, ichmaganlarini ichirib yura beribdilar. Ularning niyati Pufakvoyni tezroq katta qilib, dastyor qilish ekan. Pufakvoy kundan-kunga semirib, qorni katta boʻlaveribdi. Chol-kampir uni koʻp erkalatar ekanlar, shu sababdan taltaygan Pufakvoy chol-kampirni mensimaydigan boʻlib qolibdi.
Keyingi vaqtlarda Pufakvoy juda ochkoʻz boʻlib ketibdi, chol-kampirning bergan ovqatlariga qanoat qilmay, koʻziga nima koʻrinsa “Hoʻpla, ogʻzim” deb yutib yuboraveradigan boʻlib qolibdi.
Bir kuni chol oʻgʻli Pufakvoyni dalaga qoʻsh haydashga olib boribdi. Pufakvoy kechgacha cholga yordamlashibdi.
Kechqurun qorni ochib qolib uydagi ovqatga yetib kelishga ham sabri chidamay, “Hoʻpla, ogʻzim” deb birdan qoʻsh hoʻkizni yutib yuboribdi. Chol: “Hoʻkizlar qani?” degan ekan, Pufakvoy: “Oʻtloqqa haydab yubordim”, deb javob beribdi.Ertasi bozor kuni ekan, chol bir bozor qilib kelay deb, koʻchaga chiqib ketibdi. Cholga qorama-qora Pufakvoy ham bozorga joʻnab qolibdi. U avval koʻchada bir eshakka minib, bir qancha xoʻroz va tovuqlarni bozorga olib kelayotgan kishini koʻribdi.
Pufakvoy: “Shu tovuqlarni olsa, maza qilar edim”, deb oʻylabdi. U birdan “Hoʻpla, ogʻzim” deyishi bilan haligi eshakdagi kishi eshak-peshagi va xoʻroz, tovuqlari bilan uning ogʻziga kirib ketibdi. Pufakvoy qatiq va suzma koʻtarib ketayotgan bir kishiga duch kelibdi. “Hoʻpla, ogʻzim” degan ekan, u kishi ham xaltadagi suzmalari, xurmachadagi qatiqlari bilan Pufakvoyning ogʻziga kirib ketibdi. Yana Pufakvoy bozor tomon bora beribdi: u yoʻlda koʻringan hamma narsalarni ochkoʻzlik bilan yutaveribdi.
Qoʻy haydab ketayotganlarni ham, mol haydab ketayotganlarni ham, arava-arava yuk olib ketayotganlarni ham, yilqilarni ham, tuyalarni ham odam-podami bilan yutib yuboraveribdi. Oxiri Pufakvoy bozorga yetibdi. Bozor darvozasi oldida turib “Hoʻpla, ogʻzim” degan ekan bozorda hech zogʻ qolmay Pufakvoyning ogʻziga kirib ketibdi.Pufakvoy endi sal-pal qorni toʻygandek boʻlib uyga qaytibdi.
Endi Pufakvoyning qorni juda katta gumbazdek boʻlib shishib ketibdi. U shaharning koʻchalariga arang sigʻib uyiga yetib kelibdi, kampir koʻchada katta gumbaz dumalab kelayotganini koʻrib hayron boʻlib qolibdi. U qoʻrqqanidan eshikni bekitib, uyga kirib ketibdi. Pufakvoy eshik yoniga kelib kampirni chaqiribdi, kampir oʻgʻlim keldi, deb eshikka chiqsa, haligi gumbaz devordan moʻralab turgan emish.
Kampir yana uyga qochayotgan ekan, Pufakvoy:— Oyi, men keldim, qoʻrqmang, sizni yeb qoʻymayman, qornim toʻydi, bozordagilarni yeb keldim, — debdi. Kampir oʻgʻli yalmogʻiz ekanini sezib qolibdi. Pufakvoyni aldab uxlatish fikriga tushibdi. U uxlaganda oʻzim bilib ishimni qilaman, debdi kampir. Kampir Pufakvoyni silab-siypab, bolam-boʻtam qilib:— Bolam, qorning toʻq boʻlsa ham charchagandirsan, senga bir yaxshi joy qilib beray, salqinda bir maza qilib uxlab olgin, sen turguningcha men choy qaynatib, istasang shiringina atala ham pishirib qoʻyay, — debdi.
Pufakvoy uyga sigʻmagani uchun koʻchadagi daraxtlar tagida yotmoqchi boʻlibdi. Kampir koʻchalarni supurib suv sepibdi, katta kigizni yozib, Pufakvoyga yumshoqqina oʻrin solib beribdi. Pufakvoy oʻlgudek charchagani uchun darrov yotib uyquga ketibdi. Kampir atalaga olov yoqib, choydishni qozon yoniga ilibdi, otashkurakni oʻchoqqa tashlab qoʻyibdi.
Pufakvoyning yoniga yaqinroq kelgan ekan, uning qornidan: xoʻrozlarning qichqirigʻi, eshaklarning hangrashi, otlarning kishnashi, tuyalarning boʻkirishi, qoʻy, sigir va hoʻkizlarning maʼrashi va nihoyat odamlarning qiy-chuvi eshitilayotgan emish. Kampir koʻchalarda hech kim koʻrinmaganidan xavotir boʻlib oʻtirgan ekan.
Endi hamma voqeani tushunibdi. “Mening yalmogʻiz oʻgʻlim bozordagi va koʻchadagi hamma narsalarni, odamlarni yutib yuborgan boʻlsa kerak. Men bu bechoralarni Pufakvoyning qornidan chiqarib yuborishim kerak, boʻlmasa shaharda odam qolmaydi”, deb oʻylabdi kampir. Oʻchoqdagi otashkurak laqqa choʻgʻ boʻlganda kampir uni sekin olib kelib, uxlab yotgan yalmogʻiz oʻgʻli Pufakvoyning qorniga bosibdi. Katta gumbazdek qorin toʻp otgandek “paq” etib yorilib ketibdi.
Uning qornidan chiqqan odamlar hech qanday zarar koʻrmay, sevinishib, kulishib oʻz narsalarini olib uylariga tarqalishibdi. Ular orasida chol ham bor ekan.Chol kampirga oʻgʻli Pufakvoyning qiliqlarini birma-bir gapirib beribdi. Ikkisi qorni yorilib yotgan oʻgʻillariga juda achinibdi, Pufakvoyning tepasiga kelib, qarashsa, hali joni bor emish.
Pufakvoy sekin koʻzini ochib ota-onasiga yalinibdi:— Mening qornimni tikib qoʻyinglar, boʻlmasa men oʻlaman, endi tuzalsam, hech kimni yemayman, yaxshi bola boʻlaman, soʻzingizga kiraman, nima ish buyursangiz qilayin, — debdi. Chol jarrohga boribdi, jarroh kelib Pufakvoyning qornidagi choʻzilib, katta boʻlib ketgan hamma ichak, tomirlarini kesib tashlab, tikib qoʻyibdi. Pufakvoyni chol-kampir yana qirq kun tarbiya qilishibdi. Unga har kuni ozgina-ozgina atala va shirchoy qilib berar ekanlar.
Oxiri Pufakvoyning qornidagi yaralari tuzalibdi. Qirq bir kun deganda u hovlida asta-asta yura boshlabdi, keyin butunlay tuzalib ketibdi. Chol Pufakvoyni dalaga olib borib, unga dehqonchilikni oʻrgatibdi. Pufakvoy yaxshi dehqon boʻlib yetishibdi.Chol-kampir dam olib yotar ekan. Pufakvoy hamma ishni bir oʻzi bajarib kelar ekan. U qarib qolgan ota-onasiga qanday mehribon boʻlsa, boshqa odamlarni ham shunday yaxshi koʻrar ekan.
Shunday qilib chol bilan kampir murod-maqsadiga yetibdi.