Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonlarda bir podshoh boʻlib, uning Mahliyo, Muhabbat, Iqbol nomli uch qizi boʻlgan ekan. Mahliyo yigirma ikki yoshga, Muhabbat yigirma yoshga, Iqbol esa oʻn sakkiz yoshga toʻlgan ekan, goʻzallik bobida yetti iqlimga dongʻi ketgan ekan.Ammo podshoh qizlariga mamlakatning turli viloyatlaridan kelgan sovchilarni “U mening tengim emas, men qizlarimni oʻzimdan ham aʼloroq shon-shuhratga ega boʻlgan kishilarga beraman”, deb qaytara berar ekan.Kunlarning birida bu qizlar otasining davlatini tomosha qilishib, bogʻi Eramda sayribogʻ aylashib, gulhovuz boʻyiga kelib oʻtiribdilar. Gul ishqida sayrab turgan bulbullar, butoqlardan butoqlarga sakrab uchayotgan qushlar, koʻklarda parvoz qilayotgan kaptarlar, uya gʻamlarini chekayotgan maynalarni koʻrishib, oʻzaro suhbat boshlabdilar. Shunda Mahliyo gap boshlabdi:— Koʻryapsanmi, tabiat qanday goʻzal yasangan, qushlar erkin uchadilar; shu hayot koʻp afzal. Ular balandparvoz qilishib, jahon gulzorlarini sayr etishadi, — debdi. Muhabbat esa Mahliyoga javoban:
— Kelinglar, opa-singil biz ham uchov —Bu dargohdan chiqaylik,Ota davlati, taxti-baxtidanBizlar kechaylik.Qafasga solingan toʻtidek doimHasratda oʻtmay,Podshoh dargohini tashlab,Bizlar ketaylik, —
debdi.Shundan soʻng Iqbol opalariga qarab:— Opalar, endi biz oqshomda turib, egnimizga yigit libosini kiyib, ot minib qochmasak boʻlmaydi, — debdi. Bu uch qiz oltin qafasga solingan toʻtidek, hech narsani koʻrmay yoki sevgan yoriga yetmay yurishdan koʻra boshlarini shu dargohdan olib ketishni afzal koʻribdilar.Yarim kechada Mahliyo, Muhabbat va Iqbol bogʻdan chiqib, sekin-asta otxonaga kirishibdi. Qarasalar, otboqar, poyloqchilar uxlab qolibdi. Uchala qiz yigitlar libosini kiyibdilar, yonlariga qilich, sovut-qalqon olishib, boshlariga qunduz telpak kiyishib, sochlarini bostirib, etik, shimlarni tarang tortib, bedov otlarga minishib, yigit suratida uzoq safarga ketibdilar.Qizlarning saroydan chiqib ketganini hech kim sezmay qolibdi.Qizlar tong otib, quyosh chiqqungacha ancha yoʻl bosib, notanish oʻlkalarga borib yetibdilar. Ammo toʻxtamasdan hamon yoʻlda davom etibdilar.Ertalab podshoh uygʻonib haramga kiribdi. Soʻngra qizlari maskaniga boribdi. Qarasa, hech kim yoʻq. Podshoh dargʻazab boʻlib, saroy posbonlaridan qirqtasini oʻlimga buyuribdi. Mamlakatning barcha xon-beklariga noma yozib, qizlarini izlab topishni buyuribdi va topgan kishiga boʻyi barobar zar toʻkib, podshohlikning yarmini berishga vaʼda qilibdi, ammo qizlaridan darak topolmabdi.Endi ikki kalima soʻzni qizlardan eshiting:Uch qiz yoʻl yursa ham moʻl yurib, necha shahar, daryo, sahrolar oshib, nihoyat bir togʻning kanorasiga yetib boribdilar. Togʻ kanorasiga borganda yoʻl uch tomonga ketgan boʻlib, oʻrtaga oʻrnatilgan bir toshga: “Oʻng tomonga yursang, borsa kelmas, oʻrta yoʻlga yursang, borsa dargumon, chap tomonga yursang, borsa kelar”, deb yozib qoʻyilgan ekan. Shu joyga kelganda qizlar toshdagi xatni oʻqibdilar va oʻzaro maslahat qilibdilar. Shu vaqt Iqbol turib opalariga:— Men borsa kelmas, degan tomonga boraman. Baxt-iqbolimiz ochilsa, albatta, diydor koʻrisharmiz. Ammo har kimning erki oʻzida. Oʻz ixtiyori bilan sevganiga turmushga chiqsin, — debdi. Muhabbat esa:— Mayli men “Borsa dargumon”ga boraman, opamiz Mahliyo esa, “Borsa kelar”ga borsin, — debdi. Bunga uch opa-singil rozi boʻlibdilar. Oʻsha kuni togʻ kanorasiga kirishib, yotishibdi. Ertasiga tong otganda yoʻlga ravona boʻlibdilar. Mahliyo “Borsa kelar”ga, Muhabbat “Borsa dargumon”ga, Iqbol esa, ”Borsa kelmas” degan yoʻlga ravona boʻlibdi.Iqbol yoʻl yursa ham moʻl yurib, choʻl-u biyobonlar oshib, necha mashaqqat-kulfatlarni boshdan kechirib, kunlarning birida qorongʻi tushganda baland togʻ etagidagi oʻrmonzorga yetib boribdi. Bir pana joyni topib uyquga ketibdi.Erta tong otishi bilan Iqbol oʻrnidan turib atrofga qarasa, baland togʻlar, qalin oʻrmonzorlar, koʻm-koʻk dengizdan boshqa hech narsa koʻziga koʻrinmabdi, hatto qaysi yoʻldan kelganini ham bilmabdi. Bir vaqt uzoqdan bir narsaning tebranib oʻzi tomonga kelayotganini koʻribdi. Shu vaqt opalarining oʻzaro qilgan vaʼdalarini yodiga olib, “Nima boʻlsang ham sen birinchi uchrading, sen meniki, men seniki” deb, kelayotgan narsaga qarab turaveribdi.Bir vaqt haligi narsa Iqbol tomonga qarab kela boshlabdi. Qarasa, bir ayiq ekan. Iqbol salom berib ayiq huzuriga boribdi va oʻziga hamsoyalikka qabul qilishini soʻrabdi.Ayiq Iqbolni uyiga boshlab olib boribdi. Qiz ayiq bilan birga turmush kechira boshlabdi. Ayiq kechalari ovga chiqib, yon qoʻshni qishloqlardan mol-matolar, sigir-qoʻylar oʻgʻirlab kelib, shu bilan bir necha yillar kun kechiribdilar. Ayiq oʻz yertoʻlasini zebi-ziynatlarga toʻldirgan, qimmatli boyliklar toʻplagan ekan. Iqbol bu buyumlarning qaysi yurtdan, qanday oilani qaqshatib keltirilganiga achinar ekan. Ammo ayiqqa bu toʻgʻrida soʻz ochishga botina olmas ekan. Kundan-kun, oydan-oy, yildan-yil oʻtib, Ayiq bilan Iqbol oʻgʻillik boʻlishibdi.Tugʻilgan bolaning belidan yuqori qismi odam, pastki qismi junli — ayiqsimon ekan. Bola kunda bir oʻsar ekan. Bolaning otasi ayiq esa, bu holni koʻrib, bolaga oʻzini koʻrsatmas, har kuni tong otishi bilan ona-bolani gʻorda qoldirib tepasidan tegirmon tosh bilan bekitib ketar ekan. Iqbol oʻz bolasining zerikmasligi uchun toshlar koʻtarish, irgʻitish, qilich chopish, ot minish, kurash kabi oʻyinlarni oʻrgata boshlabdi.Nihoyat oʻn toʻrt yoshga yetganda bola onasi Iqboldan:— Mening otam bormi? — deb soʻrabdi. Onasi:— Otang bor, biroq u odam qiyofasida emas, kechasi yurt talaydi, kunduzi oʻrmonda yotadi, — debdi. Bola bunga gʻazablanib, otasining oldiga bormoqchi boʻlganda, onasi:— Gʻor ogʻzida tegirmon tosh bor, uni koʻtarib ocha olmaysan, — debdi. Bola tosh koʻtarish ishiga mohir boʻlganidan, toshni bir hamla bilan koʻtarib gʻor ogʻzidan yuz qadam joyga uloqtirib tashlabdi-da, oʻrmon tomonga yura boshlabdi. Oʻrmonda yotgan ayiq bu holni koʻrib, gʻazablanibdi va bolaga hamla qila boshlabdi. Shu vaqtda kurash va chaqqonlikka mohir boʻlgan bola ayiqni tanimay, unga nisbatan xirs qilib, kurashda ayiqni yengibdi, natijada ayiqni tosh bilan urib oʻldiribdi. Ammo oʻrmonni koʻp izlab otasini topa olmabdi. Yurib-yurib kun kech boʻlganda onasi oldiga kelib, qandaydir bir hayvon bilan olishib, uni oʻldirgani, otasini izlab topa olmaganini aytibdi.Bundan xabardor boʻlgan ona bolasi bilan oʻrmonga boribdi. Oʻlgan hayvon otasi ekanini bolaga bildiribdi. Shundan keyin barcha voqeadan Iqbol bolani xabardor qilib, oʻz sarguzashtini soʻzlab beribdi.— Bolam, men Kanʼon viloyati podshohining qizi edim. Mening Mahliyo, Muhabbat nomli opalarim bor edi. Otamiz zolim, oʻz erkimizga qoʻymaganidan, ota dargohidan chiqib, yigit libosini kiyib, sovut-qalqon taqib, bedov otga minib, borsa kelmasga gʻozlanib, shu joylarga kelganman.Sening otang — shu ayiq bu tomonlarga kimki kelsa oʻldirgan, mol-mulkini talab, nom-nishonini oʻchirgan. Shuning uchun bu yerlarni, “Borsa kelmas” deb atagan ekanlar. Opalarim Mahliyo bilan Muhabbatlar boshqa yoʻldan — “Borsa kelar”, “Borsa dargumon” kabi joylarga ketganlar, — debdi.Shundan soʻng ona-bola Kanʼonga qarab yoʻl olibdilar. Yoʻl yursa ham moʻl yurib, Kanʼon viloyatiga yetib boribdilar.Ona-bola Kanʼon viloyatidagi musofirxonaga tushibdilar va oʻzlarining Kanʼon shohinikiga mehmon boʻlish uchun kelayotganlarini soʻzlabdilar. Shunda bir donishmand qoʻshchi hoʻkizlarini koʻlankaga bogʻlab turgan ekan, musofirxonaga kelib tushgan kimsaning ayol ekanligi, oldidagi navqiron yigitcha uning oʻgʻli ekanligini payqab, bundan bir necha yillar ilgari podshohning uch qizi gʻoyib boʻlgani, podshoh ularni topgan odamga boʻyi teng zar toʻkib, shohlikning yarmini bermoqchi boʻlganini xotirlab, podshohga bu xabarni yetkazibdi.Ammo podshoh bunga ishonmay, bu qoʻshchi yolgʻon soʻzlab, podshohdan suyunchi olaman degan boʻlsa kerak, deb darhol uni zindonga tashlatibdi.Podshohning bir dono vaziri bor ekan. Bu qoʻshchi yigit yolgʻon gapirmasa kerak, deb bir amallab musofirxonaga borib, haqiqatan podshohning kichik qizi Iqbolning oʻz oʻgʻli bilan ota yurtiga kelganini bilibdi. Saroyga kelib shohga bu voqeani aytibdi. Podshoh sevinganidan butun mamlakatga xabar qilibdi. Necha xil izzat-ikromlar bilan qizini podshoh huzuriga olib kelibdilar. Podshohning hamma qarindoshlari, xon-beklari, amir-amaldorlari qozikalon shariat peshvolari yigʻilishibdi. Bu sevinch sharafiga katta bazmlar oʻtkazishibdi: Iqbolning oʻgʻliga “Xolpolvon” deb nom qoʻyibdilar. Iqbol oʻz oʻgʻli bilan shoh saroyida bir goʻshada hayot kechira boshlabdi. Ammo Mahliyo va Muhabbatlardan darak topilmabdi. Podshoh aytgan vaʼdasini vazirga berishga koʻzi qiymay: “Qoʻshchi yigitning gapi rost chiqdi, shuning uchun uning bu xabari evaziga zar va podshohlikning yarmini berishdan ham aʼloroq, uni zindondan boʻshatishga ijozat beraman”, debdi. Yigitni oʻz huzuriga chaqirib, bundan keyin birovlardan eshitgan gap uchun podshohdan inʼom olaman, deb yolgʻon gapirmagin, seni oʻldirmoqchi edim, biroq rahmim kelib, mening haqimga duo qilar deb, seni zindondan boʻshatdim, debdi. Yigit “qulluq” qilib oʻz yurtiga joʻnab ketibdi.Podshoh uch qizidan biriga ega boʻlganiga shukrlar qilib, Xolpolvonni tarbiyalay boshlabdi. Xol polvon kundan-kunga, oydan-oyga yetilib, katta boʻlib, koʻcha-koʻyga chiqib, oʻz tengqurlari bilan oʻynab yuribdi. Kunlarning birida Xolpolvon koʻchaga chiqsa, bir necha yosh yigitlar oshiq oʻynayotganini koʻrib, yugurganicha Iqbol oldiga kirib:— Menga ham oshiq yasab berasan, — debdi. Onasi unga har biri bir botmondan keladigan toʻrtta choʻyan oshiq yasab beribdi. Xolpolvon oshiqlarini koʻchaga olib chiqib oʻynaganida, oshiq bir necha yigitlarga tegib ketib koʻplarni mayib qilibdi. Orada katta janjallar chiqibdi, Xolpolvonga hech kimning kuchi yetmabdi.Ota-onalar podshohga shikoyat qila boshlabdilar. Podshoh esa, saroy aʼyonlarini yigʻib, bu toʻgʻrida kengash oʻtkazibdi. Donishmandlardan biri turib soʻz boshlabdi:— Ey shahanshohi olam, dunyoda hech kimsa oʻz nasl-nasabini oʻldirgan emas. Kimsan Kanʼon viloyatining podshosi arzimagan gunoh uchun nevarasini oʻldiribdi, degan gap tarqalsa, yaxshi boʻlmaydi. Undan koʻra, bolaning qonini toʻkmasdan, uni uzoq safarlarga, borsa kelmas joylarga yuborish kerak. U oʻsha tomonlarda nomsiz-nishonsiz yoʻq boʻlib ketsin, — debdi.Podshoh boshqalardan ham maslahat soʻrabdi. Shu vaqtda majlisda oʻtirgan kishilardan biri oʻrnidan turib, podshohga qulluq qilib, soʻz boshlabdi:— Yaxshisi, Xolpolvonni devlar mamlakatiga yuborish kerak, uni devlar halok qilsin, onasi oʻzini kasallikka solib yotsin. Bola undan hol-ahvol soʻraydi. Shunda onasi, kasali qattiqligini, devlar mamlakatida oʻsadigan hayot daraxtining ildizi va yaprogʻini qaynatib ichmasa, odam boʻlmasligini aytsin, debdi. Shundan keyin bola u hayot daraxtining ildizini izlashga ketadi, qaytib kelmaydi. Shundagina mahalla-koʻy dod-faryoddan, podshohimiz esa arzdod tinglashdan qutuladi.Bu maslahat podshohga maʼqul tushibdi. Bir vaqt bola koʻchadan kelib, onasining qattiq kasal boʻlib yotganini koʻribdi. Bola kasallik sababini soʻraganda, devlar mamlakatidagi hayot daraxtining ildiz va yaproqlarini qaynatib ichsa, tuzalishini bayon qilibdi. Shu kundan boshlab Xolpolvon oʻsha daraxtning ildiz va yaproqlarini keltirish uchun boshiga temir dubulgʻa, egniga sovut, oyogʻiga oʻttiz botmon poʻstakdan choʻqay tikib, qoʻliga qalqon olib, devlar mamlakatiga ravona boʻlibdi.Oradan koʻp oʻtmay, Kanʼon shohining nabirasi Xolpolvon devlar mamlakatiga yurish qilganmish, degan gaplar tarqalib ketibdi.Bu dovruqni eshitgan ne-ne pahlavonlar oʻzlarini chogʻlab, bellarini bogʻlab, kurashga hozirlanib, Ayiqpolvonni (Xolpolvonni) qidirishib, yura beribdilar…Ayiqpolvon yoʻl yursa ham moʻl yurib, bir sahroga chiqibdi. Yoʻlda bir navqiron yigitning ikki qoʻlida ikkita tegirmon toshni koʻtarib, uni olmadek osmonga otib oʻynab turganini koʻribdi. Bola unga yaqinlashib salom beribdi va undan bu tegirmon toshlarni olmadek oʻynab mashq qilish sababini soʻrabdi. Tosh oʻynamoqda davom etayotgan pahlavon:— Eshitishimga qaraganda, Kanʼon viloyatidan bir Ayiqpolvon degan chiqibdi. U juda zoʻr pahlavon emish. Oʻsha bilan kurashish uchun kuchimni sinagani mana shu toshlarni oʻynab mashq qilayotirman. Juda katta boʻlsa, bir tegirmon toshining ogʻirligicha boʻlar-da, — debdi. Shunda bola:— Ey, pahlavon yigit! Men oʻsha Kanʼon viloyatidan kelayotirman. Oʻsha Ayiqpolvonning qoʻshnisi boʻlaman. Har zamon kurashga tushganimizda goh u meni, goh men uni yiqitar edim. Agar sen meni yiqitsang, uni ham yiqitgan boʻlasan, — debdi.Shundan soʻng har ikkisi ochiq maydonda kurashga tushibdilar, Ayiqpolvon tosh oʻynab yurgan pahlavonni koʻtarib turib yerga bir urganda, u tizzasigacha yerga botib ketibdi. Shunda:— Oʻsha sen aytgan Ayiqpolvon men boʻlaman, — debdi. Toshchi polvon unga qoyil qolibdi va ikkovi aka-uka boʻlib yoʻlga ravona boʻlibdilar.Bular yoʻl yursa ham moʻl yurib, bir togʻ oraligʻiga yetib boribdilar. Qarasalar, bir pahlavon yoʻllarini toʻsib, bir togʻni ikkinchi bir togʻ oʻrniga irgʻitib, ikkinchi togʻni esa koʻtarib, irgʻitib, oʻynab turgan ekan. Bu ahvol sababini soʻraganlarida, haligi Togʻchi polvon:— Kanʼon viloyatida bir Ayiqpolvon degan chiqibdi. Oʻsha bilan kurashish uchun kuchimni sinamoqdaman, — debdi. Shunda Ayiqpolvon:— Boʻlmasa men bilan kurash tush, chunki yoshlikda Ayiqpolvonning necha kurashlarida boʻlganman. Goh u meni, goh men uni yiqitar edim. Agar meni yengsang, albatta, Ayiqpolvonni ham yengasan, — debdi.Ular kurash tushibdilar, Ayiqpolvon Togʻchi polvonni koʻtarib turib yerga bir urib, koʻkragigacha yerga botirib yuboribdi va oʻzini tanitibdi.Uchala polvon doʻst boʻlishib, yana uzoq yoʻlga joʻnabdilar.Tun qorongʻisida bir qishloqqa yetib boribdilar, shu qishloqda tunamoqchi boʻlishibdi. Bir cholga duch kelishib, undan biror kecha yotib ketish uchun joy soʻraganlarida, haligi chol:— Bolalarim, men sizlarga jonim bilan joy beraman. Biroq bu joylarda kunduzi dev, kechasi esa oʻgʻrilar tinchlik bermaydi. Shuning uchun dalada qoʻsh haydasak ham hech tovush chiqarmaymiz, qorongʻi tushishi bilan uylarimizga kirib, navbatchilik bilan tong ottiramiz. Shuning uchun sizlarga ham joy toʻgʻrisida aniq javob bera olmayman. Agar tavakkal desalaring, mayli, — debdi.Bunga yigitlar rozi boʻlibdilar. Ayiqpolvon cholga shu qishloqni xavf-xatardan saqlab, soʻngra yoʻlga chiqishini bildiribdi. Cholning uyida uch kun tunabdilar. Kunduz kunlari ovga chiqibdilar. Kunlardan bir kuni chol bu uch bahodir yigitdan qanday maqsad bilan, qayerdan kelayotganlarini soʻrabdi. Ayiqpolvon devlar mamlakatiga hayot daraxtining ildiz va yaproqlaridan olib kelishga ketayotganini aytibdi. Shunda chol:— Sizlar bormoqchi boʻlgan manzil koʻp mashaqqatli yoʻldir. U yerga faqat devlarni minib borish kerak. Oʻzlaringizga qirq kunlik obi-ovqat gʻamlashingiz shart. Bizning joylarni vayron qilayotgan devlar ham oʻsha mamlakatdandir, — debdi. Yigitlar cholning uyida uch kun tunagan boʻlsa ham, hech qanday dushmanni uchratmabdilar. Shu kunlarda dev va oʻgʻrilar yon qoʻshni qishloqlarni xonavayron qilganligi haqidagi xabar tarqalibdi.Ayiqpolvon choldan bu xabarni eshitib, obi-ovqat gʻamlash maqsadida dalaga chiqib ketibdi. Ertalab uchovlon ovga chiqibdilar. Koʻp ilvasinlar ovlabdilar. Nihoyat qorinlari ochganda bir koʻprik oldiga borib yetibdilar. Qarasalar, bir tup chinor daraxti oʻsgan, taglari salqin, supalar koʻtarilgan, oʻchoqlar qazilgan, qozonlar toʻntarilgan joy. Dala tuzdan oʻtin yigʻishib, ov-oʻljalarini qoʻyishib, Toshchi polvonni oshpaz qilib qoldirib, Togʻchi polvon bilan Ayiqpolvonlar ovga ketishibdi. Toshchi polvon shoʻrvani pishirib turgan paytida, koʻprikning tagidan boʻyi bir qarich, soqoli qirq qarich bir narsa “qiy-qi-qiy” deb chiqib kelibdi-da, soqolining bir moʻyi bilan haligi Toshchi polvonning qoʻl-oyogʻini mahkam bogʻlab, qaynab turgan shoʻrvani ichib, suyaklarini purkib ketibdi.Ayiqpolvon bilan Togʻchi polvon ovdan koʻp ilvasinlar ushlab kelsa, qozonda shoʻrva yoʻq, Toshchi polvon qoʻl-oyogʻi bogʻlangan holda yotibdi. Toshchi polvon voqeani soʻzlab beribdi. Bu gal oshpazlikka Togʻchi polvonni qoldirib, Ayiqpolvon bilan Toshchi polvon ovga ketibdilar. Bu safar ham ilgarigidek hol roʻy beribdi. Togʻchi polvonning qoʻl-oyogʻini bogʻlab, shoʻrvani boyagi maxluq ichib ketibdi. Ammo unga Togʻchi polvonning kuchi yetmabdi. Nihoyat, uchinchi kuni navbat Ayiqpolvonga kelibdi.Ayiqpolvon ilvasinlarni tozalab, shoʻrvaga solib pishirib, tura beribdi. Bir vaqt qarasa, koʻprik ostidan boʻyi bir qarich, soqoli qirq qarich bir maxluq chiqib, toʻgʻri Ayiqpolvonning oldiga kelib:— Yigit, shoʻrvangiz pishdimi?— deb soʻrabdi.— Ha, pishdi, — deb Ayiqpolvon bir kosaga shoʻrva quyib beribdi. Shoʻrvani haligi maxluq bir hoʻplabdi. Soqolidan yulishga harakat qilayotganini sezib qolgan Ayiqpolvon bir tarsaki bilan uni oʻldiribdi. Shu vaqt ovdan kelayotgan Toshchi polvon bilan Togʻchi polvon oʻzaro soʻzlashib, u maxluq Ayiqpolvonni ham bogʻlab ketadi, Ayiqpolvonning ham kuchi yetmaydi, agar bogʻlab ketsa, Ayiqpolvonni oʻldiramiz, unga qaramlikdan qutulamiz, — degan maslahat bilan kelishib qarashsa, shoʻrva pishgan, Ayiqpolvon kulib oʻtirgan emish.Haligi maxluq esa qozon boshida oʻlib yotgan emish. Shundan soʻng uchovlari shoʻrvani ichibdilar, qorinlarini toʻydiribdilar, keyin ovga chiqib ketibdilar.Yoʻlda bir chohga uchrabdilar. Bu choh nihoyatda chuqur, ammo tagidan jaranglagan, xoʻrozlar qichqirgan ovoz eshitilibdi. Bu chohning sirini bilish uchun uning ichiga tushmoqchi boʻlibdilar.Turli oʻsimlik va daraxt qobiqlaridan arqon eshib, eng avval Toshchi polvonni chohga tashlabdilar. Ammo u chohning yarmiga yetmasdan, issiqlik haroratiga chiday olmasdan dodlay boshlabdi. Uni chohdan tortib olibdilar. Undan soʻng Togʻchi polvonni tashlabdilar, u ham chohning ikkinchi qismiga borganda issiqlik haroratiga chiday olmay dodlay boshlabdi. Uni ham chohdan tortib olishibdi. Navbat Ayiqpolvonga kelganda, u:— Men qancha dod-faryod etsam-da, chohning tubiga yetmagunimcha, bu yoqqa tortib olmanglar, — debdi.Shundan keyin Ayiqpolvonni chohga tushiribdilar. Chohning issiqlik harorati qancha koʻp boʻlmasin, Ayiqpolvon bardosh beribdi. Nihoyat chohning tagiga yetibdi.Ayiqpolvon chohning tagiga tushib qarasa, quyosh shuʼla sochib turgan bir mamlakatga borib qolibdi. Yigit sayohat qilib yurib bir joyga borsa, bir bino ichida goʻzallar goʻzali boʻlgan bir qiz oltin sandiqqa suyangan holda yigʻlab oʻtirgan emish. Yigit uni koʻribdi-yu, oshiq boʻlib qolibdi. Qizdan bu mamlakatning otini va nima uchun bu yerlarda yolgʻiz oʻtirganini soʻraganda, u oʻzining bir podshoh qizi boʻlganini, bu yerga sehr bilan bir dev olib qochib kelganini, bu mamlakat esa, devlar makoni ekanini soʻzlabdi.Yigit qizni yorugʻ dunyoga chiqarib, soʻngra u bilan turmush qurish orzusini soʻzlaganda, qiz:— Bu yerlardan odamzod qochib ketolmaydi.— debdi.Yigit u qizni oltin sandiqqa solibdi, gʻor ogʻziga kelib sandiqni arqonga bogʻlab, sheriklariga ishora qilibdi. Sheriklari sandiqni chohdan tortib olibdilar-u, uning ketidan chiqayotgan Ayiqpolvon osilgan arqonni uzib yuboribdilar.Ayiqpolvon yer yuziga qaytib chiqish ilojini topolmabdi. Yer ostidagi mamlakatni keza boshlabdi. U yerda turli-tuman narsalarni koʻrsa ham, insonni uchratmabdi. Kunlardan bir kun gʻamgin boʻlib oʻtirgan paytda bir chol uchrab:— Ha boʻtam, nimaga gʻamgin boʻlib bu yerlarda adashib yuribsan? —debdi. Ayiqpolvon oʻzining boshidan oʻtgan voqealarni cholga soʻzlab beribdi. Bunga rahmi kelgan chol:— Bu yerda yana qirq kun tursang, devlarga yem boʻlasan. Chunki bu joylar devlar mamlakati. Devlar uyquga ketgan. Yana qirq kunda uygʻonadilar. Mana bu baland togʻ tepasiga chiqib qarasang, bir tup chinor koʻrinadi. U chinorga semurgʻ uya solgan. Har yili ikkita bola ochadi. Bolasini bir ajdar yeb ketadi. Yana yigirma bir kunda ajdar chinorga yopishadi. Uni oʻldirsang, ehtimol, bolalarini oʻlimdan saqlaganing evaziga semurgʻ sen izlagan hayot daraxtini topib berar, — deb koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. Yigit chol koʻrsatgan tomonga boribdi. Yigirma bir kun poylab, nihoyat, chinorga ajdar yopishgan paytida kamonidan oʻq uzib, uni yiqitibdi, soʻngra qilichi bilan chopib tashlabdi. Bu ahvoldan shodlangan qush bolalari gʻazab bilan uchib kelgan onasiga, odam bolasining qilgan yaxshiligini soʻzlabdi. Shunda semurgʻ ham yigitga yaxshilik qilmoqchi boʻlibdi. Ayiqpolvon:— Meni yer yuziga chiqarib, hayot daraxti qayerda ekanligini koʻrsatib qoʻy, — debdi.Semurgʻ yigitni qanotlari oʻrtasiga mindirib, parvoz qilibdi. Uzoq uchib borib bir manzilga yetibdi, bir togʻ ustiga tushib:— Endi koʻzingni och, yer yuziga chiqding. Sen istagan hayot daraxti yer yuzida. Shu togʻning kun chiqishiga qarab yursang, boshi koʻklarga yetgunday bir daraxt bor. Shu daraxt atrofida odamlar dehqonchilik qiladi. Oʻsha dehqonlardan soʻrasang, murodingga yetasan. Mening boshqa soʻzim qolmadi, — deb uchib ketibdi.Yigit togʻning kun chiqish tomonidagi bir joyga borib qarasa, bir dehqon qoʻsh haydamoqda ekan. Yigit dehqonga salom berib “Hormang, ota”, deganda u:— Bolam, sekin tovush chiqar, bu yerlar juda xatarli. Biror sharpa eshitilguday boʻlsa, devlar chiqib, hammamizni ham yeb ketadi, — debdi. Yigit:— Ota, men ochman, ovqat topib bering, men qoʻshingizni haydab turay, — debdi. Dehqon ovqat keltirishga ketibdi. Yigit baland ovoz bilan “Xoʻsh, xoʻsh!” — deb hoʻkizlarni haydayotganda ikki dev yugurib kelib, yigitga hujum qila boshlabdi. Yigit epchillik bilan ikki devning quloqlaridan mahkam ushlab, hoʻkizlar oʻrniga omochga qoʻshib, dehqonning yerlarini haydab tamomlab, boʻsh yotgan qoʻriq, adir va qirlarni hayday boshlabdi. Dehqon bu ishni koʻrib, sevinibdi. Yigit, devlarning burnidan zanjirband qilib, bir daraxtga bogʻlab, biroz ovqatlanibdi-da, dehqonga:— Mana endi bemalol ekin eka berasizlar! — debdi. Dehqon sevinganidan yigitni nima bilan xursand qilishni bilmay qolibdi.Shunda yigit:— Ota, menga hayot daraxtini koʻrsating, uning ildiz va yaproqlaridan olay, tezroq olib borib, onamning kasalini davolay, — debdi.Shunda dehqon:— Bolam, ana shu koʻrinib turgan ulkan daraxt hayot daraxtidir. Uning soyasida doim devlar yotganidan hozirgacha hech kim undan bahramand boʻlolmagan. Mana endi sen devlarni bandga solding, bizni ham xavf-xatardan qutqarding, biroq uni uzoq yoʻlga koʻtarib bora olarmikinsan? — debdi. Shunda yigit daraxtni ildiz-pildizi bilan devlarga ortib, ustiga oʻzi oʻtirib, ona yurtiga ravona boʻlibdi.Bir necha manzil yoʻl yurib, bir joyga kelsa, ikki kishi oʻrtaga bir narsani qoʻyib, oʻzaro mushtlashmoqda ekan. Ular tomonga yaqin borsa, boyagi oʻzining sheriklari Toshchi polvon bilan Togʻchi polvon mushtlashmoqda. Ular chohdan chiqarilgan oltin sandiqni talashib, bir necha kunlardan beri urushmoqda ekanlar. Bu holni koʻrgan Ayiqpolvon vafosiz doʻstlarini shu joydagi chohga tashlab yuboribdi. Sandiqni hayot daraxti ustiga yuklab, dastlab uch kun tunagan cholning uyiga kelibdi. Unga boʻlgan voqealarni aytibdi. Chol ham endi tinch yashayotganlarini aytib, yigitga minnatdorchilik bildiribdi.Yigit xayrlashib, oʻz yurtiga joʻnabdi. Ayiqpolvonning kelayotganini eshitgan saroy ahllari sarosimaga tushibdi. Necha kun, necha vaqt yoʻl yurib, Ayiqpolvon Kanʼon shahriga kirib kelibdi.Tumonat odam koʻchaga chiqib qarasa, bir katta daraxtni devlarga sudratgan, tepasiga oltin sandiq ortgan Ayiqpolvon eson-omon kelayotgan emish.Daraxt tor koʻchalardan zoʻrgʻa sigʻib, hamma yoqni tep-tekis qilib, Kanʼon viloyati shohining saroyiga yetib kelibdi. Bola uyga kirib onasi bilan koʻrishibdi. Hayot daraxtini keltirganini soʻzlabdi.Ayiqpolvon devlarni otxonalarga bogʻlab tashlabdi. Bunday ahvolni koʻrgan saroy ahllari yana Ayiqpolvonni yoʻqotish chorasini qidiribdilar. Ammo Ayiqpolvon bundan xabardor boʻlib, ularga qarshi kurashibdi. Orada urush boshlanibdi. Ayiqpolvon podshohning butun askar-lashkarini qirib tashlabdi. Onasining iltimosi bilan Mahliyo va Muhabbat nomli xolalarini ham ne-ne mashaqqatlar bilan topib kelibdi.Ularni oʻz yurtiga keltirib turmushga chiqaribdi. Ayiqpolvon esa asir tushirib keltirgan devlarini qoʻshga qoʻshib, butun qishloqning yerlarini haydab, yuklarini tashib, oltin sandiqda keltirilgan malikaga uylanib, juda tinch hayot kechira boshlabdi. Butun mamlakat xalqi Ayiqpolvonni sevib qolibdi.