← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarJasoratTabiatOilaTijorat

Qorasochxon

1380 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, oʻtgan zamonda bir podshoning qizi bor ekan. U vazirning Qorasochxon degan goʻzal qizi bilan birga maktabda oʻqir ekan. Podshoning qizi uncha chiroyli emas ekan.

Kunlardan bir kuni oʻrtoqlari oʻrtasida “Podshoning qizi chiroylimi yoki vazirning qizimi”, degan tortishuv boʻlibdi, oxirida “Vazirning qizi chiroyli”, degan natijaga kelib-dilar. Buni eshitgan podshoning qizi uyiga qaytganda otasiga yigʻlab:— Oʻrtoqlarim meni “Sen Qorasochxondan xunuksan”, deb uyaltirdilar, — debdi. Podsho gʻazabga kelib, Qorasochxonning otasini chaqirtiribdi:— Qizing mening qizimni oʻrtoqlarining oldida uyaltiribdi, endi qizingni jallodga topshir!

— debdi. Vazir:— Ey, podshohi olam, bitta-yu bitta qizimni oʻldirmasligingizni soʻrayman. Agar siz uni menga topshirsangiz, bu yerdan joʻnatib yuboraman, yosh narsa bekorga nobud boʻlmasin, — deb podshoning oyogʻiga bosh urib yigʻlab iltimos qilibdi. Vazir yalinib iltimos qilgandan keyin podsho Qorasochxonni mamlakatdan chiqarib yuborishga ruxsat beribdi.Vazir bir oyga yetadigan ovqat bilan qizini sandiqqa solibdi.

Shu bilan birga, sandiqning ichini tilla va turli qimmatbaho toshlar bilan toʻlatibdi.Vazir sandiqni xalq toʻplangan joyga — bozorga olib chiqib:— Kim shu sandiqni yuz tillaga sotib oladi?

— debdi.Hech kim sandiq ichida nima borligini bilmabdi.Baʼzilar qimmatbaho mol bordir deb, boshqalari hech narsa yoʻq, faqat tosh toʻldirib kelgandir, deb oʻylabdilar.Savdogarlar oʻylab sandiqqa xaridor boʻlibdilar. Axiri toʻplangan xalq ichidan oyoqyalang, sochlari oʻsib qoshiga tushgan, churik kiyim kiygan bir kishi chiqib:— Men oʻn yildan beri suvchilik qilib, shu hunarim orqasidan topgan pulim yuz tilla edi, shunga sandiqni ola qolay. Mayli, tavakkal, — debdi. Bunga hech kim ishonmabdi. “Bu jinni boʻlib qolgan kishiga oʻxshaydi”, deb suvchini itarib tashlab, sandiq oldiga yoʻlatmabdilar.

Lekin suvchi sandiq egasiga yuz tilla sanab berib, sandiqni olib chiqib ketibdi.Suvchi oʻzining turadigan joyiga borib sandiqni ochib qarasa, unda bir xushsurat qizni koʻribdi, sevinib, u bilan uch-toʻrt kun yashabdi, yana uni sandiqqa solib, Bagʻdod shahriga, onasiga yuboribdi.Suvchining onasi Bagʻdod shahrida oʻgʻli yuborgan sovgʻalar bilan hayot kechirar ekan. Ona oʻgʻlidan koʻpdan beri darak yoʻqligiga va hech narsa kelmaganligiga juda xafa boʻlib yurgan vaqtida bir odam oʻgʻlidan sandiqni sovgʻa qilib olib kelibdi.

Sandiq ichidan Qorasochxon chiqib, kampirga qulluq qilibdi. Kampir uning kimligini soʻrabdi. Qiz boʻlgan voqeani aytib, unga kelin boʻlganini bildiribdi.Kampir sevinib, Qorasochxonni yaxshi kutib olibdi.Qorasochxon bir necha vaqt oʻz qaynonasi bilan umr kechiribdi. Oʻzi birga olib kelgan qimmatbaho toshlarni va tillalarni sarflabdi. Avval u kampirning yiqilib ketay deb turgan uylari oʻrniga toʻrt qavatli ark soldiribdi. Bu arkni qurishda baʼzan oʻzi loyga tushib, binokorlarga yordam beribdi. Ark tez kunda bitibdi.

Arkni qurish vaqtida ustalardan Usta Olim degan kishi Qorasochxonni yoqtirib qolibdi.Ark bitgach, Qorasochxon usta va mardikorlarga pul berganda Usta Olim pul olmay ketibdi va bir necha kundan keyin Qorasochxonga sovchi yuboribdi. Qorasochxon sovchilarga eri borligini aytibdi va Usta Olimga tegmabdi.Qorasochxonga qasd boʻlib qolgan Usta Olim Bagʻdod shahridan suvchining oldiga borib:— Sen qanday yuzsiz insonsan! Sening onangga yuborgan sovgʻang bir buzuq xotin ekan. U Bagʻdod shahridagi kishilarga isnod keltirdi.

Yomonlik bilan nom chiqardi. U buzuqlikdan topgan puliga toʻrt qavatli ark soldirdi va oʻzi shu arkda Bagʻdodning yigitlari bilan aysh-ishrat qilmoqda, — debdi.Bu shum xabarni eshitgan suvchi haddan tashqari gʻazablanib, Bagʻdodga borishga va Qorasochxonni oʻldirishga shoshilibdi. Bagʻdodga kelgan suvchi oʻz hovlisida qurilgan katta bir arkni koʻrib, oʻzi eshitgan xabarning rost ekanligiga ishonibdi va hech kimdan surishtirmay, hatto onasiga ham uchramay arkka borib, Qorasochxonni ark tepasidan tepib yuboribdi.Arkdan dumalab tushgan va behush yotgan Qorasochxonni bir kishi kelib, koʻtarib aravaga solib olib ketibdi.

Bu kishi Bagʻdodning mashhur tabiblaridan biri ekan. U Qorasochxonni oʻz uyiga olib borib davolabdi. U tez kunda tuzalibdi.Qorasochxon tuzalgandan keyin tabibning uyida bir necha oy yashabdi.

Kunlardan bir kun tabib Qorasochxondan oʻziga tegishni talab qilibdi. Qorasochxon unamabdi. Tabib: “Seni olmasdan qoʻymayman”, debdi. Qorasochxon: “Men shu qari cholga tegarmidim, undan koʻra oʻlganim yaxshi”, deb qochmoqqa jazm qilibdi.Qorasochxon boshqa iloj topolmay tabibning bogʻi yonida oqayotgan daryoga oʻzini tashlabdi. Daryo toʻlqinlari oʻz bagʻriga tashlangan Qorasochxonga rahm qilganday uni asta-sekin suv yuzida olib borar, Qorasochxon esa tinmay suzishda davom etar ekan. Qorasochxon suzaverib, suzaverib charchabdi.

Shu vaqtda kemada borayotgan uch kishi suvda oqib borayotgan bir qizni koʻrishibdi.Ulardan biri suvga oʻzini tashlab, qizni halokatdan qutqaribdi va qirgʻoqqa olib chiqishibdi.Bu yoʻlovchilar uch aka-uka ekan. Ular qizning goʻzalligini koʻrib, bir-birlari bilan talasha boshlabdilar. Bu talashuv ustiga oʻsha shaharning bir sirohi otda kelib qolibdi va ularning nima uchun janjallashayotganliklarini surishtiribdi. Sababini bilgan sirohi uch aka-ukaga qarab:— Men qoʻlimdagi oʻq-yoyimni otaman!

Kimki oʻsha oʻq-yoyni oldin olib kelib menga topshirsa, qiz oʻshaniki, — debdi.Bunga koʻngan yigitlar oʻq-yoy otilishi bilan chopib ketibdilar. Bundan foydalangan sirohi oʻz kiyimlarini qizga kiydirib, qizni olib qochibdi. Sirohi shaharga yaqinlashgach, otdan tushib, qizga oʻz uyining tayinini aytib, toʻppa-toʻgʻri borishni buyuribdi.

Qiz boʻlsa ot minib erkakcha kiyingani holda sirohining uyiga bormay, toʻppa-toʻgʻri shaharning gavjum yeriga qarab joʻnabdi.Bu mamlakat xalqi podsho oʻlsa, “Baxt qushi” degan qushni uchirib, shu qush kimning boshiga qoʻnsa, oʻsha kishini podsho qilib qoʻyar ekan. Erkakcha kiyim kiygan qizning shaharga kirish vaqti “Baxt qushi”ni uchirish vaqtiga toʻgʻri kelgan ekan. Qiz ham oʻsha mamlakatning xalqi kabi, otdan tushib bir yerda turibdi, uchirilgan “Baxt qushi” toʻgʻri qizning boshiga kelib qoʻnibdi.

Lekin amaldorlar qushning musofir “yigit” boshiga qoʻnishiga qarshilik koʻrsatib, qushni uchirib yuboribdilar.

Ammo “Baxt qushi” uch marta uchirilsa ham hech kimga qoʻnmay, musofir “yigit”ning boshiga kelib qoʻnibdi. Qiz oʻsha mamlakatning podshosi boʻlib qolibdi.Qiz podsho boʻlgandan keyin ham oʻzining kimligini hech kimga bildirmay, doim qalpoq va erkakcha kiyim kiyib yuribdi.U podsho boʻlgach, mamlakatda katta oʻzgarish qilibdi. Oʻz qoʻli ostidagi qullarni ozod qilibdi va mahbuslarni qamoqdan boʻshatibdi. U mamlakatning obodonchiligi uchun ishga kirishibdi va katta-katta binolar, bogʻlar barpo qilibdi.

Taxt tagiga ham katta gulbogʻ qildirib, uning oʻrtasiga hovuz qazdiribdi.Kunlardan bir kun qiz bir suratchini oʻz yoniga chaqirib, podsholik kiyimini yechib, oʻz suratini boʻy barobar qilib soldiribdi va suratchiga:— Bu suratni bitkazib, podshoga topshirasan, — debdi, suratchi ham qizning rasmini tayyorlab, podshoga taqdim etibdi. Podsho bu suratni eng qimmatbaho toshlar bilan bezatib, oʻzi yasatgan hovuzning oʻrtasiga oʻrnashtiribdi va hovuz oʻrtasiga qorovul qoʻyibdi.

Podsho:— Agar kimki hovuzdan suv ichib turib, qizning suratiga koʻp tikilib qarasa, darrov u zindonga solinsin, — deb buyruq beribdi.Bir kun hovuzdan suv ichayotganlardan biri qizning suratiga koʻproq tikilib qolibdi. Oʻsha zahotiyoq qorovul bu kishini ushlab, zindonga solibdi. Bundan besh kun oʻtgach, yana bir kishi suratga tikilib qolibdi, qorovul uni ham zindonga tashlabdi.

Shu holda bir oyning ichida qizning suratiga tikilib, zindonga tushganlar olti kishi boʻlibdi.Bundan keyin podsho hovuz chetiga qorovul qoʻymaslikni va hech kimni zindonga solmaslikni buyuribdi.

Keyin zindondagilarni birma-bir chaqirtirib, soʻray boshlabdi. Birinchi galda faqat bir kishini olib chiqib soʻrabdi:— Nega seni zindonga soldilar?

— Janob podsho, bir mamlakatda tabibchilik qilar edim. Bu shaharga sayohatga kelgan edim. Faqat mening aybim, sizning hovuzingizdan suv ichganim boʻldi, — debdi qaltirab u kishi. Podsho:— Hovuz oʻrtasiga oʻrnatilgan suratdagi qizni taniysanmi?

— debdi.

— Yoʻq-yoʻq, umrimda bunday odamni koʻrgan emasman. Meni qutqarishingizni iltmos qilaman, — debdi yigʻlab tabib.Shunga oʻxshash bir necha savol-javoblardan keyin podsho tabibni eshikka chiqib turishga buyuribdi. Podsho oʻz-oʻziga: “Meni bu tabib oʻlimdan qutqazgan edi”, debdi va vazirni chaqirib, tabibga bosh-oyoq sarpo qilib, zindondan boʻshatib yuborishni buyuribdi.Ikkinchisida uch kishini chaqirib:— Nega sizlar zindonga tushdingiz?

— debdi podsho.

— Ey, podsho, — debdi eng kattasi, — biz uch ogʻa-ini daryoda baliq tutamiz. Bu yerdagi hovuzning taʼrifini eshitib, suv ichgani kelgan edik, nima uchundir bizni zindonga soldilar, — debdi zor yigʻlab.Podsho:— Hovuz oʻrtasiga oʻrnatilgan suratdagi qizni taniysizlarmi?

— deb soʻrabdi.

— Yoʻq-yoʻq, umrimizda bunday kishini va suratni koʻrgan emasmiz, — debdi uch ogʻa-ini.Podsho oʻz-oʻziga: “Bu uch ogʻa-ini ham meni oʻlimdan qutqargan edilar”, deb ularga ham bosh-oyoq sarpo kiygizib, chiqarib yuboribdi. Uchinchisida yana bir kishini chaqirib:— Nega seni zindonga soldilar?

— debdi podsho.

— Janob podsho, men qoʻl ostingizda sirohigarchilik qilaman.Mening aybim hovuzdan suv ichganim boʻldi. Boshqa jinoyatim yoʻq, meni qutqarishingizni iltimos qilaman, — debdi. Podsho:— Hovuz oʻrtasiga oʻrnatilgan suratdagi qizni taniysanmi?

— debdi.

— Yoʻq-yoʻq, umrimda bunday odamni koʻrmaganman ham, — debdi sirohi tiz choʻkib. Podsho sirohini ham boʻshatib yuborishga buyruq beribdi.Toʻrtinchisida yana bir kishini chaqirtirib, gʻazab bilan:— Nima qilib yuribsan bu yerda?

— debdi podsho.

— Men bagʻdodlik suvchi boʻlaman. Bu yerga oʻz yorimni qidirib keldim, — debdi.

— Hovuz oʻrtasiga oʻrnatilgan rasmdagi qizni taniysanmi?

— Albatta, taniyman, u mening oʻn yil mehnat qilib erishgan xotinim boʻladi, uni men oʻlgunimcha qidiraman, — debdi dadillik bilan suvchi.

— Ismi nima edi.

— Ismi Qorasochxon edi?Qorasochxon yigitning soʻzlarini eshitib, uni tanib:— Mana men boʻlaman, siz istagan Qorasochxon!

— deb boshidagi tojini olibdi. Oʻz xotinini qidirib oxirida topgan suvchi sevinchi ichiga sigʻmay: “Mening Qorasochxonim”, deb unga tashlanibdi.Qorasochxon boshidan kechirgan sarguzashtlarini eriga aytib beribdi, suvchi ham oʻz gunohini kechirishni xotinidan soʻrabdi.

Bir necha kundan keyin qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomosha qilib, Qorasochxon suvchiga qoʻshilibdi. Usta Olimni igʻvogarligi uchun dorga osibdilar.Qorasochxon podsholik taxtini oʻz eri — suvchiga beribdi.Shunday qilib ikkalasi murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!