Bor ekan, yoʻq ekan, och ekan, toʻq ekan, qadim zamonda, Bagʻdod tomonda Zunnun nomli podsho yashar ekan. Podshoning bir necha xotinlari boʻlib, hech biridan farzand koʻrmabdi. Farzandsizlik alami podshoning jon-jonidan oʻtibdi. Oxirgi marta uylanishga qasd qilib, boy ham, kambagʻal ham boʻlmagan bir kishining qiziga uylanibdi. U homilador boʻlib, dunyoda goʻzallikda hech tengi yoʻq bir qiz tugʻibdi. Qizga Oina deb ism qoʻyibdilar. Oina kundan-kunga katta boʻla boshlabdi. U juda ham ziyrak, aqlli qiz boʻlib oʻsibdi.
Sakkiz-oʻn yoshlarida qiz podsholik ishlarida otasiga yordam bera boshlabdi.Podsho toj-taxtimga, davlatimga ega boʻladigan qizim bor deb, xotirjam boʻlib kayf-safoga, maishatga berilib ketibdi.Kunlardan bir kun podsho koʻshkda dam olib uxlab qolgan ekan, bir qush sharq tomondan uchib kelibdi-da, uning boshida ikki marta “gʻaq-gʻaq” deb, gʻarb tomonga uchib ketibdi va birozdan soʻng gʻarb tomondan qaytib kelib, yana “gʻaq-gʻaq” deb sharq tomonga uchib ketibdi. Podsho uygʻonib qarasa tushi ekan.
Hayron boʻlib, bu sirni kimga aytishini bilmasdan, besh-oʻn kun sir tutibdi.
Lekin tashvish tortib, koʻrgan tushining taʼbirini bilmoqchi boʻlibdi. Buning uchun avval vazirlarini chaqirib, maslahat soʻrabdi. Vazirlar shahardagi butun mulla va ulamolarni chaqirib, ulardan soʻrashni maslahat beribdilar. Podsho uch kun ichida shaharning butun katta-kichik ulamo-fuzalolarini chaqirib, koʻrgan tushining taʼbirini aytib berishni soʻrabdi, lekin bironta odam ham javob bera olmabdi. Podsho ularni oʻlimga hukm qilibdi. Buni eshitib qolgan dono qiz — Oina otasi oldiga chiqib, salom va taʼzim qilib, tushning taʼbirini oʻzi aytib berishini bildiribdi. Podsho ruxsat beribdi.
Shunda Oina:— Hurmatli padar, qushning sharqdan gʻarbga uchib ketayotib aytgani “Yaxshi xotin gadoni shoh qiladi”, gʻarbdan sharqqa qaytishidagisi esa “Yomon xotin erni gado qiladi”, deganidir, — debdi. Bu gapni eshitgan podsho dargʻazab boʻlibdi, Oinaga qarab:— Meni podsholik darajasiga yetkazgan sening onang emas, — debdi-da, Oinani oʻlimga buyuribdi. Vazirlar va jallodlar qizni oʻldirmaslik uchun hiyla oʻylab topibdilar. Ulardan biri podshoga:— Podshohi olam, hamma narsadan farzand dogʻi yomon.
Oina har holda farzandingiz, uni koʻz oldingizda oʻldirsak, otalik mehringiz albatta qoʻzgʻalur, shuning uchun sizga hurmat yuzasidan qizingiz Oinani bir dasht-biyobonga olib borib oʻldirsak, — debdi. Podsho boshini qimirlatib, “mayli” degan ishorani bildiribdi.
Shundan soʻng jallodlar qizni dasht-biyobonga olib chiqib, qoʻl va oyogʻini mahkam bogʻlab tashlab kelibdilar.Oina dasht-biyobonda qoʻl-oyogʻi bogʻliq holda ikki kun ochlik azobini tortib yotibdi, uchinchi kuni Oina uzoqdan bir odamning qorasini koʻribdi. Koʻringan odam qizning oldiga kelib, darrov uning qoʻl-oyogʻini yechibdi va qizdan hol-ahvol soʻrabdi, qiz biroz dam olib oʻziga kelgach, boʻlgan voqeani yigitga aytib beribdi va yigitning nima ish qilishini soʻrabdi.
Yigit oʻzining hech kimi yoʻqligini, tirikchilik uchun faqat oʻtin terib, uni bozorga olib borib sotib, kun kechirishini aytibdi.Yigitning ota-onasi yoshligida ochlikdan oʻlib ketganidan keyin, u oʻtin terib kun koʻrishga majbur boʻlgan ekan, u har kuni bir bogʻ oʻtin terar, tergan oʻtinini bir dona non badaliga sotar ekan, yigitning nomi Salom ekan. Salom bir dona nonga qanoat qilib yashar ekan, Oina bilan uchrashganidan soʻng Oina unga yordam beribdi. Bir bogʻ oʻtinni yigit tersa, bir bogʻ oʻtinni qiz teradigan boʻlibdi.
Ikki bogʻ oʻtinni ikki nonga sotib, birgalashib tirikchilik qilishibdi.
Bir kun Oina Salomga:— Endi ikki bogʻ oʻrniga uch bogʻ oʻtin teraylik: ikki bogʻi non uchun boʻlsa, bir bogʻi boshqa kamchiligimiz uchun yaraydi, — debdi.Bir necha kun shu xilda ishlab, oz-moz pul orttirishibdi. Oina bu pulni Salomning qoʻliga berib, bir dona igna, irak, bosh kiyimi tikish uchun tag olib kelishni buyuribdi. Salom olib kelibdi. Qiz bir necha kun oʻtirib doʻppi tikib, Salomga beribdi.
— Buni bir dona oltinga soting, puliga bozorda nima koʻrinsa shuni oling, — debdi.Salom ajoyib doʻppini bir oltinga sotibdi. Yigit bozorni aylanib, koʻringan narsani olib kelmoqchi boʻlibdi. Bir joyda koʻpgina odamlarning toʻplanib turganini koʻribdi.
Shu toʻplangan odamlar oldiga borib qarasa, oʻrtada turgan bir qalandar: “Bitta gapim bor, kim bir tilla bersa aytaman”, der emish. Salom: “Xayr, qalandarning gapini shu bir oltinga sotib olsam ola qolay”, deb bir oltinni qalandarga beribdi. Qalandar esa bir oltinni olib: “Omin, boshing bilan kirib, oyogʻing bilan chiqqin”, deb duo qilibdi.
Salom uyga qaytib kelib, Oinaga:— Bosh kiyimni bir oltinga sotdim, bozorni aylanib koʻringan narsani olay desam, bir qalandar “bir tillalik gapim bor”, deb turgan ekan, shu gapni eshitgim kelib bir tillani unga berdim, u menga: “Boshing bilan kirib, oyogʻing bilan chiqqin”, dedi, — debdi.Oina bu safarcha mayli deb, yana ikkinchi marta irak va tag oldirib, doʻppi tikib tayyorlab beribdi va:— Buni bir tillaga sotib koʻringan narsani olib keling, — deb tayinlabdi.Salom bosh kiyimni olib borib bir tillaga sotibdi.
Yana aylanib yurib, haligi qalandarga duch kelibdi. Qalandar yana kechagi gapni hadeb takrorlamoqda ekan. Salom bu safar ham qalandarning gapini eshitgisi kelib, bir tillani unga beribdi.Qalandar:— “Bugungi achchigʻingni, albatta, ertaga qoʻy”, — debdi. Yigit qilgan ishini Oinaga borib aytibdi. Sabri tugagan Oina oxirgi marta bosh kiyim tikib berib, bir tillaga sotishni va koʻringan narsani olib kelishni buyuribdi.
Salom bu safar ham bosh kiyimini avvalgidek sotib, yana oʻsha qalandarga uchrab, bir oltinga gap sotib olibdi. Bu safar qalandar:— “Har kimniki oʻziga, oy koʻrinar koʻziga”, — debdi.Salom uyga qaytibdi. Bu voqeani eshitgan Oina juda xafa boʻlibdi.
— Har safar shu hol qaytarila bersa, nima yeb tirikchilik qilamiz. “Boʻlmaganga boʻlishma” deganlaridek sizga yordam qilay desam, siz mening mehnatimni qadrlamadingiz, oltinlarga gap sotib olib keldingiz, — debdi.Oina Salom bilan uchrashgandan keyin umr irlarini bir-birlariga bogʻlagan ekanlar. Ular shaharning eng chekkasida katta bir qayragʻoch tagida oʻzlariga kichkina bir yertoʻla qilib olgan ekanlar. Ikkisi shu yertoʻlada yashashar ekan.
Oina Salomning qilgan ishidan xafa boʻlib oʻtirganida koʻchadan oʻtayotgan karvonlarning qoʻngʻirogʻi eshitilib qolibdi. Oina yugurib chiqib, karvonboshiga oʻz eri Salomni karvon bilan birga olib ketishni, oʻziga yarasha bir ish berishni iltimos qilibdi. Karvonboshi rozi boʻlib, Salomni karvonni yetaklab borishi uchun xizmatga olibdi.
Salom Oinaga oʻzi qaytib kelgunicha yetadigan oziq-ovqat qoldirib ketibdi.Oina qoldirgan narsalarni juda ehtiyotlik bilan sarflab, erining kelishini kutibdi.Salom uzoq yoʻlda yurib karvonlarning xizmatini qilib, boshidan koʻp mashaqqatlarni kechiribdi. Karvon uzoq shaharlarga borib qaytib kelayotganida issiq jazirama qum choʻllaridan oʻtmoqda ekan. Karvon ahliga maʼlum boʻlgan bu qum choʻllarida faqat bir quduq boʻlib, yoʻlovchilar undan bahramand boʻlar ekanlar. Bu choʻlda undan boshqa quduq yoʻq ekan.
Bu safar suvsagan karvon ahli quduqdan suv olmoqchi boʻlsa, hech suv chiqmabdi.
Shundan soʻng odam tushirishga majbur boʻlib-dilar. Bir xizmatkorni belidan bogʻlab quduq ichiga tushiribdilar.
Soʻngra tortib olsalar tushgan odamning boshi kesilgan holda tanasi chiqibdi. Yana boshqa odamni tushirishibdi. Yana shunday boʻlibdi. Kimni quduqqa tushirishsa, boshi kesilgan holda tanasi chiqaveribdi. Bu ahvoldan taajjublangan karvon ahli nima qilishini bilmay, shoshib qolibdi. Manzil yiroq, suv albatta kerak. Agar suv boʻlmasa, hammasi halok boʻlishi mumkin.
Shunda Salom.
— Mayli, men tushay, baxtimni sinab koʻray, meni belimdan bogʻlamangiz, oyogʻimdan bogʻlab, boshim bilan sekin-sekin tushiringiz, — debdi. Chunki xuddi shu paytda qalandardan bir tillaga sotib olgan gapi esiga tushgan ekan.Salomni quduqqa sekin-sekin tushirayotganlarida tirikmi yo oʻldimi deb “Salom” deb chaqirishibdi.
Shunda birdan Salomning esiga “Assalomu alaykum” soʻzi kelibdi-da, “Assalomu alaykum” deb yuboribdi. Quduq tagida ikki dev bir-biriga roʻbaroʻ boʻlib oʻtirgan ekan. Birinchisining qoʻlida toshbaqa, ikkinchisining quchogʻida bir goʻzal qiz turgan emish. “Assalomu” soʻzi devlarga maʼqul boʻlib, yigitning boshini uzmabdilar, undan gap soʻray boshlabdilar. Devlardan biri yigitga:— Ey, odamzod, biz ikkimiz bir yildan buyon tortishib oʻltiribmiz. Birimiz mana bu qizni, birimiz esa mana bu toshbaqani yaxshi koʻramiz.
Seningcha qaysi biri yaxshiroq, agar toʻgʻri javob bersang, har qanday talabing boʻlsa ham bajarishga tayyormiz, — debdilar.Salomning esiga qalandardan bir oltinga sotib olgan gapi tushib, darhol:— Har kimniki oʻziga, oy koʻrinar koʻziga, — debdi.Bu soʻzdan xursand boʻlgan devlar qah-qah otib kulib yuboribdilar va suv yoʻlini ochib beribdilar. Salom chelakda suv chiqara berib butun karvonni taʼminlabdi. Suv chiqarib boʻlgach, devlar Salomga juda koʻp oltin, gavhar va qimmatbaho narsalar inʼom qilishibdi.
Salom quduqdan chiqqach, suvga sarob boʻlgan karvon ahli uni juda xursand boʻlib kutib olishibdi. Karvonlar manzilga tezroq yetib olish uchun yana yoʻlga ravona boʻlibdilar.Oina eri ketgach, oʻzi yolgʻiz kun kechira boshlabdi. Uning qornida gumonasi qolgan ekan, oy-kuni yetganda bir oʻgʻil tugʻibdi.Xuddi oʻgʻil tugʻilgan kuni Oinalar yashab turgan yertoʻla tepasidagi qayragʻochda qaldirgʻoch ham bola ochgan ekan.
Shuning uchun Oina oʻgʻliga Qaldirgʻochbek deb nom qoʻyibdi. Bola kundan-kunga oʻsib, katta boʻla boshlabdi. U endi onasiga yordam beradigan boʻlib qolibdi.Kunlardan bir kun Oina ota-onasini va uzoq muddatdan buyon kelmayotgan erini oʻylab xafa boʻlib yigʻlabdi.
Shunda Qaldirgʻochbek:— Ona, nega yigʻlaysiz?
— debdi.Oina:— Oʻgʻlim, senga qarab turib yigʻlayapman. Sen ancha katta boʻlib qolding, qoʻlingdan har ish keladigan boʻldi, otang boʻlganda sen unga yordam berarding, bechora otang tirikchilikning hasratida ketganicha dom-u daragi yoʻq. Tirikmi, oʻlganmi, bilmayman. Seni koʻrganda albatta quvonar edi, — debdi.
Shu kuni ona-bola uzoq gaplashib, hasratlashib uyquga ketibdilar.Tun yarmidan oʻtganda karvonlar shaharga yaqinlashibdi. Salom uyiga yaqinlashgan sari xotini Oinani oʻylab: ”U meni kutmagandir, boshqa erga tekkan boʻlsa kerak yoki ochlikdan oʻlgan boʻlsa kerak”, deb oʻylayveribdi. Qayragʻoch tagiga yetib kelganda, tong yaqinlashgan ekan. Salom tuyaga ortilgan oʻziga qarashli oltin, gavhar va qimmatbaho narsalarni tushiribdi, karvonlar bilan xayrlashib, sekin yertoʻlaga tusha boshlabdi.
Tushib qarasa, Oina qattiq uyquda, yonida bir chiroyli yigit yotgan emish. Darhol pichogʻini qinidan olib uni oʻldirmoqchi boʻlibdi, lekin qalandardan bir tillaga sotib olgan “Bugungi achchigʻingni, albatta, ertaga qoʻy!” degan gapi esiga tushib qolibdi. Salom achchigʻini toʻxtatib: “Avval uygʻotay, gap soʻrab, anigʻini bilay, soʻngra oʻldiray, har bir ishda haqiqat kerak, oʻldirish qochmas, oʻldirib qoʻygandan keyingi pushaymon arzimas”, deb xotinini uygʻotibdi. Oina koʻzini ochib qarasa, qarshisida eri Salom turgan emish.
Sevinganidan birdan qichqirib yuboribdi:— Tur, Qaldirgʻochbek, dadang, keldi, — deb oʻgʻlini ham uygʻotibdi. Ota-bola yigʻlab koʻrishibdilar.
Shundan soʻng er-xotin boshidan oʻtgan barcha voqealarni bir-birlariga aytib beribdilar. Achchigʻini ertaga qoʻyganiga Salom xursand boʻlibdi. Chunki uxlab yotgan yigit oʻgʻli ekaniga quvonibdi. Salomning keltirgan boyligini koʻrib Oina benihoyat shodlanibdi. Ehtiyot bilan sarflash uchun reja tuzibdi. Oina avvalo zolim otasidan oʻch olmoqchi boʻlibdi.
Buning uchun otasining saroyiga oʻxshagan saroy bino qilishni, saroy tayyor boʻlgach, ota-onasini mehmonga chaqirib, oʻzini tanitishni oʻylabdi.Oinaning maslahati bilan Salom shahardagi eng yaxshi ustalar, duradgorlar va naqsh soluvchi oʻymakorlarni toʻplab, bino qurdira boshlabdi. Oina saroy rejasini oʻzi chizib beribdi. Imoratlarni otasining binosi taxlitida qurdiribdi. Imorat bir oyda tayyor boʻlibdi. Binoning ichki-tashqi bezaklari juda yaxshi qilinibdi.
Binoga qoʻyish uchun podshoning uyida qanday jihozlar boʻlsa, shunday jihozlarni toptiribdi.Ungacha Oina va Salomning dongʻi butun shaharga, hattoki boshqa shaharlarga ham tarqalibdi. Qizning otasi — podsho imoratni koʻrar ekan-u, lekin oʻz qizini va Salomni tanimas ekan. Imoratlar bitgach, podsho Salomga imoratning ichki bezaklarini ham kirib tomosha qilmogʻini aytibdi.Salom podshoni xotini bilan mehmonga chaqiribdi. Podsho: Oinaning onasi va yana bir necha xotinlarini olib, mehmonga kelibdi.
Oina katta tayyorgarlik bilan ularni kutib olibdi.Podsho imoratga asta oyogʻini qoʻyib kira boshlab, to mehmon boʻladigan xonaga yetguncha ajoyib manzarani koʻribdi. Uylar, uylardagi xilma-xil buyumlar goʻyo podsho uyidagidek. Bu holdan taajjublangan podsho sukut bilan mehmonxonaga kirib oʻtiribdi. Dasturxondagi turli mevalar, ajoyib taomlarni koʻrib, yana hayron qolibdi.
Hammasidan ham, ayniqsa, shu uy podshoning mehmonxonasiga oʻxshagani va undagi buyumlar ham podshonikiga oʻxshagani uchun podsho ichida: “Men podsho boʻlsam-u, mening fuqarom shu darajaga yetib, mendan oʻtib ketsa, bu qanaqasi”, deb rashk qilibdi.Ziyofat davom etib turgan paytda Oina mehmonxonaga kirib kelibdi, mehmonlarga salom berib, ularning kelganiga oʻz xursandligini bildiribdi, soʻngra otasiga shunday debdi:— Otajon, meni kechiring, tush taʼbirini aytgan gunohkor qizingiz Oina — men boʻlaman.
Men sizga haqiqatni aytgan edim. Mana, kuyovingiz kimsasiz oʻtinchi edi. Ikkimiz birgalashib mehnat qildik, xor boʻlmadik, och qolmadik, reja bilan ish qilib bordik, mehnatdan bosh tortmadik, kam boʻlmadik. Natijada sizning darajangizga yetdik. Demak, gadoni podsho qiladigan ham xotin ekan, — deb otasiga taʼzim qilibdi.Podsho Oinani koʻrib, hushidan ketibdi, hushiga kelgach, oʻzining butun qilmishlariga pushaymon qilibdi va bu kechirilmas gunohlari uchun Xudoga tavba qilib, uzr soʻrabdi.Qiz otasini kechiribdi.
Podsho butun toj-u taxtini Oinaning oʻgʻli Qaldirgʻochbekka tutibdi.
Shunday qilib, er-xotin — Salom, Oina va oʻgʻli Qaldirgʻochbek har ikki saroyda tinch yashay boshlashibdi.