← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunSehrliPodsholarMehr-oqibatAql-zakovatTabiatOilaTijorat

Ajdar qush

919 soʻz

Oʻtgan zamonda bir katta togʻning kamarida qoʻrqinchli gʻor bor ekan. Ovloqda yashashni ixtiyor qilgan kishilar shu gʻorni makon qilishar ekan.

Kunlardan bir kuni ota-onasi oʻlib, yoshligidan yetim qolgan bechora bir qiz oʻsha vahimali gʻorni oʻziga makon qilibdi. Bu qizning bir shol-lungidan boshqa kiyishga kiyimi, yotishga koʻrpa-toʻshagi ham yoʻq ekan.

Shunday boʻlsa ham qiz oʻzining husn-jamoli, qaddi-barkamoli bilan toʻlin oyni ham xira qilar ekan. Gʻor tepasidagi teshiklardan burgut, lochinlar changalidan tushib qolgan kichik goʻsht parchalari qizning kundalik ovqati uchun kifoya qilar ekan. Oʻtkinchilarning shu gʻor yonidan guzari tushib qolsa, gʻordagi qizni koʻrib, bu gʻorni bir parizod makon qilibdi, deb ketar ekanlar. Kundan kunga el-yurt orasida bu gap tarqala boshlabdi. Kichik bolalar gʻor yaqiniga yoʻlay olmay “parizod bor” deb qoʻrqib qochar ekanlar.

Shu gʻor yaqinidagi bir daraxtda keksayib qolgan ajdar qush ham yashar ekan.

Bir kuni ajdar qush qizni koʻrib oshiq boʻlibdi. U shu vahimali gʻordagi qiz yoniga kelib, qizning jamoliga tikilib tomosha qilar ekan.

Shunday qilib, ajdar qush ham gʻorni oʻziga makon qilibdi. Oʻzi ketganda qizni gʻor ichida qoldirib, gʻorning ogʻziga katta tosh qoʻyib, tilla shoxi bilan tilsimlab ketar ekan. Qaytib kelib tilsimli tilla shoxi bilan gʻor ogʻzidan toshni olib, yana qizning jamoliga tikilib yotar ekan. Har kuni oqshom boʻlganda gʻordan chiqib, dumini bilanglatib qishloqlar ustida uchib yurar, oʻshqirib odamlarni damiga tortar ekan. Uchganda quyruqli yulduzning quyrugʻiday koʻringanidan odamlar juda qoʻrqar ekanlar.

Oydan oy oʻtibdi, yildan yil oʻtibdi. Bu gap podshoning qulogʻiga yetibdi.Podshoning qizi “Kimki shu ajdar qushni oʻldirsa, shu odamga tegaman”, deb jar soldiribdi. Hech kim yurak botinib, ajdar qushni oʻldirish uchun bel bogʻlab chiqmabdi. Ajdar qush oqshomda shahar ustigacha keladigan boʻlibdi.Shu shahar yaqinida bir botir yigit bor ekan.

U oʻz gʻayratiga chiday olmay, har kuni ogʻzi koʻpirib mast boʻlgandan, togʻlarga chiqib toshni toshga urishtirib, arslon ovlab yurar ekan.Bir kuni podsho “Togʻlar orasida toshni toshga urishtirib yurgan yoʻlbars bilakli, arslon yurakli polvon yigit bor emish”, deb eshitibdi-da, oʻz odamlarini yuborib, yigitni chaqirtirib kelibdi. Podshoning qizi yigitni yoniga chaqirib, ajdar qushni oʻldirishga buyuribdi-da, “Ajdarni oʻldirsang, senga tegaman”, debdi.Yigit rozi boʻlib ajdar qush yashagan gʻor tomonga yoʻl olibdi.

Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib ajdar qush yashagan togʻga yetibdi. Togʻning past tomonga engashib turgan choʻqqilariga qarab, ajdar qushning uyasi qaysi ekanini bilmay oʻtirgan ekan, kun botib, olam qorongʻilashganda ajdar qush uyasidan dumini bilanglatib, toshlarni dumalatib, changallarni ildizi bilan agʻdarib chiqib kela beribdi. Polvon shunday qarasa, ajdar qush kelayotibdi, ikki yonida rosa toʻrt qulochdan sakkiz quloch qanoti bor. Badanidagi nuqtalaridan yalt-yalt etib olov shuʼlasi chiqib turibdi.

Haybatidan ulugʻ daraxtlar yiqilib ketayotgan emish. Polvon ham uni koʻrib dovdirab, oyoqlari unda-bunda boʻlib, keyin oʻzini tiklab olibdi. Polvonning karkidon shoxidan qilingan oʻq-yoyi bor ekan. Yerga oyogʻini tirab, Allohdan madad tilab, ajdar qushning qoq manglayidan koʻzlab otibdi. Oʻq borib ajdar qushning manglayiga toʻrt qarich botibdi, ajdar qush uchmoqchi boʻlgan ekan, ucholmabdi, birdan yerga agʻdarilib tushib oʻlibdi. Polvon ajdar qushning tilla shoxini choʻntagiga solib qoʻyibdi.

Soʻngra biroz damini olib, koʻngli tinib togʻ choʻqqisiga chiqib oʻtiribdi. Polvon yana ilgarigidek togʻdagi toshlarni bir-biriga toʻqnashtirish bilan mashgʻul boʻlib, podsho qizi bilan qilgan shartini ham esidan chiqarib yuboribdi.Kunlardan bir kun yigit yurib-yurib yana ajdar qush yashagan gʻorga borib qolibdi. Gʻor ogʻzida ajdar qushning izlari hali ham turgan emish. Polvon yigit “Ajdar qushning gʻori shu ekan”, deb gʻor ichiga kiribdi. U gʻorning toʻrida katta bir tosh turganini koʻribdi.

Toshni oyogʻi bilan itarib koʻribdi, tosh qimirlamabdi. Yigit hayron boʻlib toshning u yoq-bu yogʻiga qarabdi. Qarasa, toshning chetida “Men tilsimli toshdirman, yuz ming polvon koʻtarsa ham ochilmayman. Mening kalitim ajdar qushning shoxi”, deb yozilgan xati bor emish, polvon uning tilsimli tosh ekanini bilib, darrov choʻntagidan ajdar qushning shoxini olib toshga tekkizibdi. Tosh birdan sharaqlab agʻdarilib ketibdi. Polvon yigit ichkariga kirib qarasa, bir chiroyli qiz oʻtirgan emish. Qiz ham roʻparasida turgan yigitni koʻribdi.

Yigit qizning qaddi-qomatiga, chiroyiga boqib, uning husnini koʻrib, unga mehr qoʻyibdi.

Shunday qilib, polvon bilan qiz bir-birlariga muhabbat qoʻyib, birga yashay boshlashibdi.Polvon har kuni togʻlarga chiqib ov ovlab, kiyik va turli jonivorlarni tutib kelar ekan. Yigit qiz bilan gʻorda vatan-roʻzgʻor qilib yashay beribdilar.Ajdar qush oʻlgandan keyin xalqning koʻngli tinibdi. Podshoning qizi esa ajdar qushni oʻldirgan polvon yigit kelmagandan keyin, biror joyda oʻlib qolgan boʻlsa kerak, deb vazirning oʻgʻliga tegibdi.Kunlardan bir kuni podsho “Polvon yigitning zarbidan ajdar qush oʻlgan emish, gʻorda yashovchi qizni olgan emish, shuning uchun kelmay qolgan emish” deb eshitibdi.

Podsho gʻordagi parizodga gʻoyibona oshiq boʻlibdi. U bir qancha askarlarini olib shu gʻor tomonga yoʻl olibdi. Yoʻl yursa ham moʻl yurib, uch kun deganda gʻorga yetibdi. Togʻning choʻqqilariga qaratib toʻplarni ota beribdi. Gʻorning atrofini askar tutibdi. Yigit togʻ choʻqqisidan turib bir katta toshni dumalatib yuboribdi. Dumalagan tosh boshqa toshlarga urilib oʻzi bilan bir qancha toshlarni dumalatib tushibdi. Dushmanning koʻp askarlari togʻ tagida yanchilibdi, qolganlari qochib ketibdi.

Polvon yigit gʻorga qaytib kelib, xotini bilan davrni suraveribdi. Odamlar bu voqeani eshitib, polvonga ixlos qoʻyishibdi. Uning xizmatiga kela boshlashibdi.Podshodan xalqning ixlosi kundan-kunga susaya beribdi. Polvon yashagan gʻorga har kuni yuzlab, minglab mehmonlar kelar ekan.

Lekin ularni mehmon qilish uchun polvon hech narsasi boʻlmaganidan xafa boʻlar ekan.

Kunlardan bir kuni polvon yigit uyqusidan uygʻonib koʻzini ochib qarasa, qorongʻi gʻorning toʻrida ninaning koʻziday yorugʻlik shuʼlasini koʻribdi. Borib teshikni kattaroq oʻyib qarasa, u tomonda katta bogʻ, oʻrtada chiroyli qasrlar, saroylar oldida turli-tuman daraxtlar mevalari pishgan, pishib tagiga tushgan emish.Shisha hovuzlar atrofi gulzor, marmar supalar, jodu koʻzli, shirin soʻzli qizlar ovqatlar tayyorlab yurgan emish. Polvon yigit teshik yonidagi katta toshni agʻdarib tashlab qiz bilan oʻsha bogʻga oʻtishibdi. Qizlar ularni hurmat bilan kutib olishibdi.

Shu bogʻni qiz bilan yigit oʻzlariga makon qilib, tinch yashay boshlashibdi.

Shu bogʻ-saroylarda har kuni yuzlab va minglab mehmonlarni kutadigan boʻlishibdi. Bu bogʻi chorbogʻ qizning azob chekkan kunlarida koʻzidan oqqan yoshidan paydo boʻlgan ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!