← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatTabiatOilaTijorat

Abduaziz

655 soʻz

Bir boyning oʻgʻli bor ekan. Uning ismi Abduaziz ekan.

Kunlardan bir kun boy oʻlib, moli davlati oʻgʻliga qolibdi. Oʻgʻli esa oʻziga qirqta joʻra orttirib, ularni ziyofat qilar ekan. Joʻralari ketadigan vaqtida har biriga bir hamyondan tilla berib yuborar ekan. Bir necha yillar oʻtgandan keyin otasidan qolgan mollar tugabdi. Qirqta joʻrasi ham uni tashlab ketibdi.

Bir kuni yigitning hatto yeyishga ham hech narsasi qolmabdi. Bozorga chiqib qarasa, haligi qirqta joʻrasi har xil narsalar sotishyapti. Yigit ularning oldiga borib:— Mening xotinim homilador edi. Yeyishga hech narsamiz qolmadi. Biror narsa beringlar, — debdi. Joʻralar “E, bor yoʻqol, bizning senday joʻramiz yoʻq”, deb hech narsa bermay joʻnatishibdi. Yigit hech narsa topa olmay, maʼyus boʻlib xotini oldiga qaytibdi. Xotinini bir hamsoyasiga topshirib, oʻzi biror narsa topib kelarman, deb yana chiqib ketibdi.

Shahardan chiqib ketayotganda karvonlarga yoʻliqibdi. Karvonboshi yigitga:— Ey, yigit, yoʻl boʻlsin, — debdi. Yigit:— Men non talabman, ish qidirib chiqdim, — debdi. Karvonboshi:— Non talab boʻlsang, biz bilan yur, — debdi. Yigit xursand boʻlib, ularga sarboz boʻlib, karvon bilan joʻnab ketibdi. Bir necha kun yurgandan keyin sahroda bir quduqqa yetibdilar. Quduq yoniga kelishlari bilan tuyalari choʻkib qolibdi. Tuyalarni sugʻormoqchi boʻlib, quduqqa paqir tashlasalar, quduq suv bermabdi.

Quduqqa odamlarni tushirishsa, ularning kallasi kesilgan holda chiqibdi. Navbat Abduazizga yetibdi. Karvonboshi:— Quduqqa tushib suv olib chiq!

— debdi. Abduaziz:— Odamlarni tashlaganingizda qaysi tomoni bilan tashlaysizlar?

— debdi. Karvonboshi:— Belidan bogʻlab tashlaymiz, — debdi. Abduaziz:— Boʻlmasa meni oyogʻimdan bogʻlab, boshim bilan tushiringlar, — debdi.Ular Abduazizning oyogʻidan bogʻlab, boshi bilan quduqqa tushirib yuborishibdi. Abduaziz quduqqa tushib koʻzini ochib qarasa, biri oq, biri qora ikkita dev oʻtiribdi.

Shu ikkita dev hech kimga suv bermay, tushgan odamlarning boshini olib qolar ekan.

Shuning uchun hech kim suv ola olmas ekan. Oq dev bilan qora dev Abduazizdan:— Mana shu tizzamizdagi oq va qora qurbaqalardan qaysi biri chiroyli, — debdi. Abduaziz oʻylab turib:— Ey, devlar, har kimning sevgani oʻziga chiroyli, — deyishi bilan, devlar quduq boshidan ketibdi. Abduaziz karvonlarga yetarlicha suv chiqarib beribdi. Karvonlar tuyalarga toʻyguncha suv ichiribdi.

Suvni chiqarib boʻlgandan keyin devlar Abduazizga bir savat gavhar berishibdi.Savdogarlar Abduazizning xizmatlari uchun oltita tuyani ustidagi yuki bilan unga beribdilar. Abduaziz uchta yukli tuya bilan quduqdan olib chiqqan gavharini bir odam orqali xotiniga yuboribdi. Oʻzi uchta yukli tuyaga bosh boʻlib, bir shaharga qarab yoʻl olibdi.Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib shaharga yaqinlashibdi. U shaharning xalqi koʻktirnoq degan kasalga yoʻliqqan ekan. Koʻktirnoq kasaliga uchragan odam murch yesa tuzalar ekan.

Abduaziz bu voqeani eshitib, toʻgʻri podsho saroyiga borib, oʻzining oʻttiz tuya murch olib kelganligini aytibdi. Podsho Abduazizga:— Ey, yigit, murchingning narxini ayt, — debdi. Abduaziz:— Ey, podsho, menga hech narsa kerak emas, faqat shahar xalqi kasaldan tuzalsa boʻldi, — debdi.Podsho vazirlariga:— Boʻlmasa, murchning narxini sizlar belgilanglar, — debdi. Vazirlari:— Podshohi olam, bir qoshiq qonimizdan kechsangiz, aytamiz, — deyishibdi. Podsho:— Kechdim, aytinglar, — debdi.

— Qizingizni shu yigitga berasiz, — debdi vazirlar. Podsho rozi boʻlibdi. Xotin, bola-chaqasi boʻlgani uchun Abduaziz bu taklifni qabul qilmabdi.Endi gapni Abduazizning xotinidan eshiting. Abduaziz yuborgan oʻttiz tuya molni olgan xotin gavharlarni tokchaga terib qoʻyibdi. Toʻrt yoshli oʻgʻli qoʻliga xivich olib, tokchadan gavharlarning birini biriga urib oʻynaganda, bir anor donasidek gavhar yerga tushib ikkiga boʻlinib ketibdi.

Abduazizning xotini ikkiga boʻlingan gavharning chiroyliligini koʻrib hayron boʻlibdi.Yarim gavharni zargarga olib boribdi. Zargar yarim gavharni olib oʻrniga tilla beribdi. Xotin tillani olib kelib, bir qancha ustalarni chaqirib juda ham yaxshi, hashamatli uylar qurdirib, badavlat boʻlib ketibdi.Abduaziz bir necha yillardan keyin karvonga mollar ortib, oʻz shahariga joʻnabdi. Bir qancha yoʻl yurib shahariga kelsa, uyi oʻrnida katta imorat qurilibdi. U kechgacha shu uy darvozasi yaqinida yura beribdi.

Abduazizning xotini derazadan erini koʻrib qolib, oʻgʻlini chaqirib gap oʻrgatibdi:— Oʻsha darvoza yonida turgan yigit yoniga borib “Onamdan nimaga koʻnglingiz qoldi”, deb aytib kelaver, — debdi. Abduaziz bu bolaning oʻz oʻgʻli ekanligini bilib, uyga kirib xotinining shuncha ish qilganiga qoyil qolibdi. Abduaziz xotini bilan soʻrashib, joʻralarini chaqirib, mehmon qilibdi.

Joʻralari oʻzlarining qilgan ishlaridan uyalib “Bu pishirib bergan oshi, oxirgi oshi boʻlsa kerak”, deb qoʻrqib turishibdi.Abduaziz yana badavlat boʻlib, murod-maqsadiga yetibdi. Oqibatsiz joʻralar esa oʻz qilmish-lariga afsuslanib, uyalib qolibdilar.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!