← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatAql-zakovatJasoratTabiatOilaTijoratUzun

Toʻqliboy

3214 soʻz

Qadim zamonda Oʻzgan shahrida Toʻydiboy degan bir odam oʻtgan ekan. U odam juda badavlat ekan.

Ammo tirnoqqa zor ekan. Xotinlari tugʻmas ekan. Oʻsha shaharda Salimboyvachcha degan bir odam bor ekan. Salimboyvachchaning Qumrixon nomli oqila qizi bor ekan. Koʻp chiroyli qiz ekan. Toʻydiboy shu qizga gʻoyibona oshiq boʻlibdi. Uning ketidan bir qancha sovchi kampirlarni qoʻyib, koʻp pullar sarf qilib, unga uylanibdi.Oydan oy, kundan kun oʻtib Qumrixonning boʻyida boʻlibdi. Toʻqqiz oy, toʻqqiz kun oʻtganda bir bola tugʻibdi. Otini Qoʻldosh qoʻyibdi.

Oradan ikki-uch yil oʻtgandan keyin u yana bir oʻgʻil tugʻibdi. Unga Yoʻldosh deb ot qoʻyibdi. Toʻydiboy qariganda ikki oʻgʻilning otasi boʻlgandan boshi osmonga yetib, el-yurtga karnay-surnay qoʻydirib, odamlarni osh-nonga toʻydirib, uloqni choptirib, toʻy-tomoshalar qilib beribdi. Qoʻldosh bilan Yoʻldosh birin-ketin oʻsaveribdi. Kattasi yettiga, kichigi beshga kiribdi.Toʻydiboy bir kuni oʻgʻillarimga bir narsa olib kelay, deb Oʻzgan bozoriga chiqibdi.

Shu kuni havo bulut boʻlib, bir damda qattiq yomgʻir yogʻa boshlabdi. Toʻydiboy oʻgʻillariga kiyim-kechaklar olib, endi uyimga ketay, deb bozordan chiqib kelayotganida Oʻzgan darvozasi oldida, devor tagida eski-tuski narsalarga burkangan bir bola sovuqdan tishlari takillab yigʻlab yotganini koʻribdi. Toʻydiboyning bolaga rahmi kelib soʻrabdi:— Hoy, bola, sen kimning bolasisan, bu yerda nima qilib yotibsan, nimaga yigʻlaysan?Bola javob beribdi:— Ota-onam oʻlgan, koʻchada qoldim, qornim och!Toʻydiboy bolani uyiga olib boribdi. Uni yuvintirib, yangi ust-boshlar kiydirib, ovqat yedirib, qornini toʻqlab:— Sening oting nima?

— deb soʻraganda, bola:— Mening otim Toʻqli, — deb javob beribdi. Toʻqli Toʻydiboyga oʻgʻil boʻlibdi. Boy ham uni oʻz oʻgʻillariday koʻrib, tarbiya qilibdi.Toʻqli koʻp esli bola boʻlib, Toʻydiboyning aytgan hamma ishlarini bajararkan. Bundan Toʻydiboy xursand boʻlib, har kuni qoʻliga bir tangadan pul berar ekan.Toʻqli otasi bergan pullarni toʻplab koʻpaytiribdi.

Shu pulga ot olmoqchi boʻlib, bozorga boribdi. Ot bozorida ertadan kechgacha yurib, koʻnglidagidek ot koʻrmabdi. Unga dallollar, jalloblar yaxshi otlarni koʻrsatsa ham hech qaysisi yoqmabdi.Kechki payt bir kampir ot olib kelib qolibdi. Bu ot nihoyatda oriq, qovurgʻalari sanogʻliq ekan. Qoq suyak, yotgan yeridan turolmas ekan, turgʻizib qoʻyilsa, qadamini sanab bosar ekan. Toʻqliga shu ot yoqib qolibdi.

Shu otni olmoqchi boʻlganda hamma kulibdi. Dallollar:— Siz katta boyvachcha boʻlsangiz, sizga shu ot yarashadimi?

— deyishibdi.Toʻqli:— Mayli, ola beraman, — debdi. Kampirdan otni oʻn tillaga sotib olib, uyiga zoʻrgʻa olib kelibdi. Otxonaga kirgizib boqa beribdi.Toʻydiboy Toʻqliga har kuni bir doʻppidan mayiz berar ekan. Toʻqli shu mayizdan ozginasini oʻzi yeb, qolganini otiga berarkan. Yaxshi bedalar, yemlar ham berib turarkan. Har kuni ustini qashlab, yuvib-tarab yuraveribdi.

Shu taxlitda otini olti oy boqqandan keyin, ot semirib, tuppa-tuzuk boʻlib, oʻynoqlaydigan boʻlib qolibdi.Bir kuni Toʻydiboy uzoq bir safarga ketibdi. Uyda uch bola bilan Qumrixon qolibdi. Toʻydiboy boqib olgan oʻgʻli Toʻqlini oʻz oʻgʻillardan ham yaxshi koʻrar ekan.

Shuning uchun Qumrixon bolani yoʻqotish niyatida bir jodugar kampir oldiga borib, Toʻqlini qanday yoʻqotishning yoʻlini soʻrabdi. Jodugar kampir unga yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatibdi:— Menga uchta olma olib kel, biri katta va yaxshi, ikkitasi yomon boʻlsin, — debdi. Qumri jodugar kampir aytganday uchta olma keltiribdi. Jodugar kampir u olmalardan eng yaxshisini zaharlab, Qumriga berib, unga:— Sen shu olmalarni uyingga olib bor, mana bu katta, yaxshisini Toʻqliga ber. U shu olmani yeb oʻladi.

Yomon olmalarni oʻz oʻgʻillaringga ber, — deb tayinlabdi. Bola onasi kelguncha otdan xabar olish uchun otxonaga kirsa, oti yigʻlab turgan emish. Bola otdan:— Ha, jonivor, nimaga yigʻlaysan?

— desa, ot tilga kirib:— Seni bugun onang oʻldirmoqchi. Uchta olma olib keladi. Eng kattasini senga, kichkinalarini ukalaringga beradi. Sen olmani yesang, oʻlasan.

Shuning uchun olmani yema, ukalaringni aldab, koʻchaga olib chiqib, u olmani katta ukangga ber, — debdi.Enasi yetib kelib, bolalarini chaqiribdi.

— Bolajonlarim! Mana, men sizlarga olma olib keldim. Mana bu kattasini Toʻqlijon yesin. U hammalaringdan katta, — deb zaharlangan olmani unga beribdi.

— Mana bularni sizlar yenglar, — deb bittadan oʻz bolalariga beribdi. Toʻqli olmani yemasdan: “Yuringlar, ukalar, koʻchada oʻynaymiz!” deb ularni koʻchaga olib chiqib, olmani ukalariga koʻz-koʻz qilib:— Sizlarnikidan mening olmam yaxshi!

— debdi. Ukalari uning olmasini talashibdi.

Shunda Toʻqli oʻz olmasini katta ukasi Qoʻldosh bilan almashtiribdi. Qoʻldosh olmani yebdi-yu, tirrakdek qotib oʻlibdi.Toʻqli yugurib, onasining oldiga kirib, ukasining oʻlib qolganini aytibdi. Qumri yugurib chiqsa, oʻgʻli boyagi zaharlangan olmani yeb, oʻlib qolibdi. Yigʻlab, dod-faryod qilib, bolasini koʻmibdi. Qumri yana jodugar kampirning oldiga boribdi. Bu safar jodugar kampir mana bunday deb gap oʻrgatibdi:— Sen katta darvozaning oldiga bir chuqur qazdirgin.

Uning ustiga ikkita qilich qoʻyib, ustiga boʻyra yotqizib, ozgina tuproq tortib qoʻygin. Toʻqli oʻgʻling oʻtganda shu chuqurga tushib oʻladi. Ustidan tuproq tortib koʻmib yuborasan.Shu payt Toʻqli otdan xabar olgani otxonaga kirsa, oti yana yigʻlab turgan emish. Toʻqli otdan soʻrabdi:— Ey, jonivor, men bir falokatdan qutuldim, yana qanday falokat bor?

— debdi. Oti shunda:— Onang yana seni oʻldirishga qasd qildi. Seni tushib ketsin, deb darvozaning ostini kovlab, ustini yopib qoʻydi. Sen u yerdan bir amallab uning oʻz oʻgʻlini yurgizgin. U chuqurga tushib ketsin, — debdi.Bir vaqt onasi kelibdi. U kechasi jodugar kampir aytgan chuqurni qazdirib, tayyorlab qoʻyib, endi Toʻqlining shu chuqurga tushishini poylabdi. Toʻqli ukasi Yoʻldoshga:— Uka, koʻchaga ayiq kelibdi, chiqib koʻramiz, sen tomorqadan aylanib chiq, men darvozadan chiqaman, — debdi.

Shunda ukasi:— Ha… a! Siz oʻzingiz yaqin yoʻldan chiqib, meni uzoq yoʻl bilan chiqadi, deysizmi?

— deb darvoza bilan chiqmoqchi boʻlib, chuqurga tushib ketibdi, ustidan qilich tushib ikkiga boʻlib oʻldiribdi. Toʻqli “dod!” deb onasiga kirib, voqeani bildiribdi. Qumri chiqib qarasa, oʻzi kovlagan chuqurga oʻz bolasi tushib oʻlib yotibdi. Buni ham yigʻlab-siqtab koʻmibdi.Bir kuni u yana jodugarning oldiga boribdi.

Voqeani unga aytsa, jodugar kampir aytibdi:— U bolaning bitta tilsim oti bor ekan. Hamma narsani bilib turar ekan. Sen qilgan narsalarni oʻsha ot bilib bolaga aytib qoʻygan ekan. Sen oldin otni oʻldir, otni oʻldirmasang bolani oʻldirib boʻlmaydi, — debdi. Qumri:— Otni qanday oʻldiraman?

— debdi. Jodugar kampir aytibdi:— Yaqinda ering keladi. Oʻzingni kasallikka solib yot. Ering “Nimaga kasal boʻlding, nima qilsa tuzalasan?” deb soʻrasa:— Men juda qattiq kasalman, tabiblar uch yashar ot goʻshtini kabob qilib yesang, tuzalasan, deyishdi. Mana oʻgʻlingizning boqib qoʻygan toyi uch yashar boʻldi.

Shuning jigarini kabob qilib bering, degin.

Shunda ering otni soʻydiradi, sen undan qutulasan, — debdi.Xotin jodugar kampirning oldidan chiqib, uyiga joʻnabdi.

Shu vaqtda Toʻqli otidan xabar olish uchun kirsa, oti yigʻlab turgan ekan. Toʻqli:— Ey jonivor! Sen meni ikki oʻlimdan qutqarding, endi yana qanday falokat bor, nimaga yigʻlaysan?

— debdi.

Shunda ot:— Menga bergan tuzingdan rozi boʻl! Onang jodugar kampirning gapi bilan meni oʻldirmoqchi boʻlib kelyapti, — debdi. Bola:— Sen meni oʻlimdan qutqarishning ilojini topding, oʻzingni qutqarishning ilojini topolmaysanmi?

— desa, ot aytibdi:— Iloji bor, onangning buyrugʻi bilan meni soʻyish uchun otang qassobni olib kelganda, meni otxonadan olib chiqish uchun yechayotgan vaqtida bir kishnayman, otxonaning eshigidan chiqayotganda ikkinchi marta kishnayman, soʻyish uchun oyogʻimni bogʻlayotganda uchinchi marta kishnayman. Agar mening kishnaganimni eshitib kelsang, otangga: “Otajon!

Shu otni koʻp boqdim, biror marta ham minganim yoʻq.

Endi soʻyadigan boʻlsangiz, ustiga minib, biroz yuray, armonda qolmayin, keyin soʻysangiz ham mayli!” deysan.

Shunda u rozi boʻladi. Sen ustimga minasan-da, hovlini bir aylanasan, keyin: “Otajon, koʻchani ham bir aylanib kelayin!” deysan. U ruxsat beradi. Sen koʻchani bir aylanib qaytganingda, darvozaga ikki qadam qolganda, meni qamchi bilan yaxshilab ikki marta urasan, qolganini oʻzim bilaman, — debdi.Oradan bir qancha vaqt oʻtgandan keyin Toʻydiboy safardan qaytib kelibdi. Xotini kasal boʻlib yotib olibdi.Buni koʻrib, Toʻydiboy xotiniga:— Kasalingga nima dori?

— deb soʻrasa, xotini:— Tabiblarning aytishicha, menga uch yashar otning jigari dori. Mana, oʻgʻlingizning oti uch yashar boʻldi.

Shuni soʻydirib, jigarini yedirtirsangiz tuzalar edim!

— debdi. Toʻydiboy xotinining hiylasini tushunmasdan qassobni chaqirib kelibdi. Toʻqlining boqib qoʻygan otini soʻyishni buyuribdi.

Shu vaqt Toʻqli maktabda oʻqishda ekan. Bir vaqt otining qattiq kishnagan ovozi eshitilib, Toʻqlining yuragi oʻynab ketibdi. Domlasidan soʻrab:— Mening onam qattiq kasal edi.

Shundan xavotirdaman, javob bering, bir borib kelay, — debdi. Domla javob bermabdi.Oradan biroz oʻtgach, otning ikkinchi marta kishnagan ovozi eshitilibdi. Toʻqli domladan yana soʻrab:— Taqsir, javob bering, onamdan koʻp xavotirdaman, yuragim oʻynab ketyapti, borib kelay!

— debdi. Domla yana javob bermabdi. Sal turib, oti yana bir kishnabdi.

Shunda Toʻqli domladan javob soʻramasdan chiqib qochibdi. Toʻqli chopganicha, uyiga yetib borsa, qassob otini yiqitib oyogʻini bogʻlab, soʻyish uchun taraddud qilib turgan ekan. Toʻqli otasiga arz qilib:— Otajon, shu otni uch oy boqib biror marta minmadim. Ruxsat bersangiz, ustiga minib hovlini bir aylansam, keyin soʻysangiz armonda qolmas edim, — debdi. Otasi ruxsat beribdi.

Shunda bola darrov pichogʻini chiqarib otning oyogʻidagi arqonni kesib tashlab, uni minibdi, hovlini bir aylanibdi, keyin: “Koʻchani ham bir aylanib kelsam”, debdi va otni koʻchaga minib chiqib, bir aylanib qaytibdi. Darvozaga ikki qadam qolganda qamchi bilan otni yaxshilab ikki marta uribdi.

Shunda otdan qanot chiqib, osmonga koʻtarilib uchib ketibdi. U yerdagilarning ogʻzi ochilib qola beribdi. Ot shu uchgancha borib bir yaylovga tushibdi. Nariroqda bir bogʻ koʻrinibdi. Ot bolaga aytibdi:— Endi men ketaman, sen oʻsha bogʻga kirib, shunda yashaysan. Sendan kim gap soʻrasa javob bermay, “Nebilay” deya berasan, — deb ot koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. Toʻqli hayron boʻlib, otning aytganini qilib, oʻsha bogʻga boribdi. Bu bogʻ juda katta ekan.

Bogʻning bir tarafi olmazor, bir tarafi uzumzor, bir tarafi gulzor, oʻrtada katta hovuz, hovuzda oʻrdaklar suzib yurar, atrofida gullar ochilgan, har xil qushlar sayrab yurishgan ekan. Mevalar pishib, tagiga toʻkilib yotgan ekan. Toʻqli bogʻga kiribdi. Mevalardan yeb qornini toʻqlab, bitta gulning tagiga kirib uxlab qolibdi. Uyqudan tursa bogʻda hech kim koʻrinmabdi. Toʻqli bekor turgisi kelmay, gullarning tagini oʻtab, gullarga suv quyib yura beribdi. Ikki kundan keyin bogʻbon kelibdi. U Toʻqlini koʻrib:— Sen kimsan?

— debdi. Toʻqli:— “Nebilay”, — deb javob beribdi. Bogʻbon:— Qayerdan kelding!

— desa, “Nebilay” debdi. “Nebilay” deganing nima deganing, desa ham “Nebilay” debdi. Gap soʻrasa, “Nebilay” deya beribdi. Bu bogʻ shu mamlakat podshohi Mahmudshohning bogʻi ekan. Bogʻbon podshoga borib:— Ey, taqsiri olam, bogʻimizda bir begona bola yuribdi. “Kimsan?” desam, “Nebilay” deb javob beradi. Nima qilamiz?

— debdi. Podsho: “Unday boʻlsa borib oʻzim koʻray!” deb vazir-u vuzarolari bilan bogʻga boribdi. Qarasa, bir begona bola gulning orasida gullarni parvarish qilib oʻz-oʻzidan kuyib-pishib ishlab yurgan emish. Podsho birdan:— Hoy, bola, sen kimsan, qayoqdan kelding?

— debdi. Bola “Nebilay” debdi. Nima gap soʻrasa “Nebilay” deya beribdi. Podsho hayron boʻlibdi.

— Bu mehnatkash bola ekan, oʻzi tentakroqqa oʻxshaydi. Bogʻda yursa yuraversin, — deb qaytib ketibdi. Mahmudshohning uchta qizi bor ekan. Kattasining oti Gultoji, oʻrtanchasining oti Gulnora, kichigining oti Gullola. Haligi gap qizlarga ham eshitilibdi. Qizlar otasiga aytibdi, “Otajon, biz ham bogʻga borib, oʻsha bolani koʻrib, gapga solaylik-chi, balki bizga gapirar”. Mahmudshoh javob beribdi. Qizlar bogʻga kelibdi. Bogʻga kelib qarashsa, bir gulning tagida bir yigit uxlab yotganmish.

Qizlarning koʻngliga allaqanday xayollar kelib, bir-biridan tortinib, oxiri Toʻqlini uygʻotishibdi. Bular ham gap soʻrasa, ”Nebilay” deb javob beribdi.

Shunda bittasi: Yuringlar, ketamiz, oʻla qolsin “Nebilay” demay, jinniga oʻxshaydi!

— debdi.

Shunda bittasi: He, oʻl, yigit boʻlmay, “Nebilay” deguncha, mana bu olmaga chiqib bizga olma uzib bersang oʻlasanmi?

— debdi. Bola pishib turgan olmaga sekingina chiqibdi. Bitta pishib oʻtib, yarmi chirigan, bitta pishib oʻtib, endi chiriyotgan, bitta juda pishib, yetilib turgan olmani uzib tushib, yarmi chiriganini Gultojiga, endi chiriyotganini Gulnoraga, pishib yetilib turganini Gullolaga beribdi. Qizlar hayron boʻlib, oʻng qoʻl vaziri Oyxon, chap qoʻl vaziri Kunxonni cha-qirishibdi. Ularga voqeani aytganda, dono vazir Oyxon podsho huzuriga borib voqeani bayon qilib:— Ey, podshohi olam, u bola katta qizingizning vaqti oʻtibdi, oʻrtancha qizingizning vaqti oʻtyapti, kichigi yetilib turibdi, deb ishora qilibdi.

Shuning uchun qizlarni erga berish kerak, — debdi.Podsho qizlarini chaqirib:— Sizlarni endi erga beraman, — debdi. Qizlar:— Bizni erga bersangiz, bir maydonga darvoza qurdiring, hamma yigitlarni chaqirtirib, shu darvozadan oʻtkazdiring. Biz darvozaning tepasiga chiqib turamiz. Kimni yoqtirsak, shuni olma bilan uramiz. Bizni oʻshanga berasiz, — debdilar. Podsho qizlar aytganday bir joyga darvoza qurdirib, mamlakatdagi hamma yigitlarni shu darvozadan oʻtkazdiribdi.

Katta qizi Gultoji bilan oʻrtancha qizi Gulnora shoshilib, bittadan yigitga olma otishibdi. Kichik qizi Gullola hech kimga olma otmabdi. Hech kimni yoqtirmabdi. Podsho hayron boʻlib:— Yana oʻtmagan odam qoldimi?

— deb soʻrabdi. Bir joyda bir qoʻychivon qolgan ekan.

Shuni ham aytib kelib oʻtkazdiribdi. Gullola unga ham otmabdi. “Endi kim qoldi?” deganda, odamlar: ”Bogʻdagi Nebilay qoldi”, deyishibdi. Podsho:— Uni ham aytib kelib oʻtkazinglar!

— debdi. ”Nebilay”ni aytib kelibdilar. U darvozadan oʻtayotganda Gullola unga olmani otibdi. Podsho “Kelib-kelib “Nebilay” jinnini xohladi”, deb, Gulloladan xafa boʻlibdi. Qizlarini toʻy-tomoshalar qildirib, erga beribdi. Gultoji bilan Gulnora kuyovlari bilan yaxshi uylarga kiribdilar. Gullola bilan ”Ne-bilay”ni otxonaga tushiribdi. Ular yaxshi uylarda, bular otxonada turisha beribdi. Toʻqli hamon “nebilay” dan boshqa gapni aytmas ekan.Gullola Toʻqlini juda sevarkan. U bilan gaplashgisi kelarkan.

Toʻqli ham uni yaxshi koʻrib gaplashgisi kelarkan-u, ammo gapirolmas ekan. U boshqa odamlarga ham aralashmas ekan. Oxiri juda zerikibdi. Nima qilarini bilmay boshi qotibdi. Xafa boʻlib, otxonaning bir burchagiga borib yigʻlay boshlabdi.Shunda oti paydo boʻlib: ”Nimaga yigʻlayapsan!” debdi. Toʻqli aytibdi:— Men yomon kunga qoldim. Sen kim gap soʻrasa, “nebilay” degin devding, men “nebilay”dan boshqa gapni unutib qoʻydim, otim “Nebilay jinni”ga chiqdi.

Endi nima qilaman!

— debdi. Oti aytibdi:— Sen shoshma, ertaga qaynatang Mahmudshoh ovga chiqadi. Kuyovlarini ham olib chiqadi. Senga bir yagʻir ot berishadi. Sen falon uch koʻchaga borganingda roʻparangda mening ot ukam paydo boʻladi. Ustida kiyim-boshlar ham boʻladi. Sen yagʻir otni tolga bogʻlab, qora otga minib, podshoning ketidan yetib borib, ov qilib qaytgin, yoʻlda yana yagʻir otni minib, qora otni qoʻyib yuborgin, — deb koʻzdan gʻoyib boʻlibdi.Ertasi erta bilan podsho ovga joʻnaydigan boʻlibdi.

Katta va oʻrtancha kuyoviga yaxshi otlar berib, “Nebilay”ga bir yagʻir otni mindirib, ovga joʻnabdi. “Nebilay”ning oti yurmay juda qiynabdi. Ot aytgan uch koʻchaga borganida koʻz oldida kelishgan qora ot paydo boʻlibdi. Uning ustida shohona kiyimlar ham bor ekan. Toʻqli xarish otdan tushib, uni bir tolga bogʻlab, kiyimlarini almashtirib kiyib, qora otga minib oʻynoqilatib, podshoning orqasidan yetib boribdi. Podsho odamlari, kuyovlari Toʻqlini tanimabdi.

Ular bilan soʻrashganda “Men falon podshoning oʻgʻliman, ovga ketyapman!” debdi. Bular ov qilinadigan koʻlga yetib borishibdi. Ov boshlanibdi. Boshqalar oz narsa otishibdi. Toʻqli juda koʻp gʻoz, oʻrdak otibdi. Qaytishda xarish otning oldiga yetib borganida otdan tushib, oʻz kiyimlarini kiyib, otni qoʻyib yuboribdi, ot gʻoyib boʻlibdi. Toʻqli xarish otga minib xotinining oldiga kelibdi.

Shu kuni kuyovlari podshoga osh qilib kiritibdi.“Nebilay” ham boyagi gʻoz, oʻrdak goʻshtlari bilan osh qilib kiribdi. Oshni tovoqqa solayotganida bir chekkasiga bir siqim goʻng tashlab qoʻyibdi.Podsho kuyovlarining oshlarini yeb koʻrib, yoqtirmabdi. “Nebilay” qilib kirgan oshni yoqtirib yebdi. Oshni maza qilib yeyayotganda goʻng chiqib qolibdi. Podsho achchiqlanib:— Bu nima degan gap?

— deb soʻraganida, dono vazir:— Taqsir, bu kichik qizingiznikidan chiqqan osh. Ular otxonada turishadi. Ehtimol, oshni tovoqqa suzayotganida goʻng tushib qolgandir, — deganda podsho:—Ularni somonxonaga olib chiqib qoʻyinglar, — debdi.Endi Gullola bilan “Nebilay” otxonadan qutulib somonxonada turadigan boʻlishibdi.Bir kuni Toʻqlining oldiga yana oti kelibdi. Oti Toʻqliga:— Ertaga yana ovga borasizlar. Senga yana xarish otni berishadi.

Endi sening yoʻlingga mening akam saman ot chiqadi. Sen saman otni minib ovga borasan, ovdan qaytib kelib, qaynatangga osh qilib kirgizganingda oshga somon solib qoʻy, — debdi-da, gʻoyib boʻlibdi. Ertasiga ertalab podsho ovga otlanibdi. Katta kuyovlariga yaxshi otlar beribdi. “Nebilay”ga yana avvalgi xarish otni mindiribdi. Podsho tantana bilan ovga joʻnabdi. “Nebilay” xarish otni minib sekin-asta ularning orqasidan keta beribdi.

Yana avvalgi joyga yetganida bitta kelishgan saman ot paydo boʻlibdi, tilla egar, tilla yugan, tilla quyushqonlari bor ekan. Ustida shahzodalar kiyadigan yaxshi ust-boshlar, miltiq va oʻqlar bormish. ”Nebilay” xarish otni qoldirib, ust-boshlarini yechib, yangi ust-boshlarni kiyib, otga minib, shahzodalarga oʻxshab, otni oʻynoqlatib podshoning orqasidan yetib boribdi. Podsho qarasa, oʻtgan safar qora ot minib kelgan shahzoda bu safar saman ot minib, ov qilmoqqa kelyapti.

Mahmudshoh uni izzat-hurmat qilibdi, ovga birga borishibdi. Bu safar ham Toʻqli hammadan koʻp ilvasin otibdi. Podsho va uning odamlari ovga jon-jahdlari bilan kirishsalar ham ilvasinni oz otibdilar. Podsho obi taom qilib, notanish “shahzoda”ni mehmon qilibdi. Toʻqli podshoning oldida juda odob saqlab, bemaʼni gaplar gapirmay oʻtirib, uni hayron qoldiribdi.

Kechqurun qaytishibdi. Yoʻlda Toʻqli podsho bilan xayrlashib, boshqa yoʻl bilan ketibdi. Boyagi uch koʻchaga borib, saman otdan tushib, yangi ust-boshlarni eskisi bilan almashtirib olibdi. Saman ot koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. Toʻqli yana xarish otni minib kelib, somonxonaga kirib yota beribdi. Bojalarining yoʻliga qancha odamlar, qizlar chiqib kutib olishibdi. “Nebilay”ning yoʻliga Gulloladan boshqa hech kim chiqmabdi.

Kechqurun Gullolaxon eri keltirgan ilvasinlardan sergoʻsht palov qilibdi. Bir chekkasiga somon solib, bir lagan oshni podshoning oldiga olib kiribdi. Boshqa qizlari ham osh olib kirishibdi. Podsho uchala qizining oshidan oz-ozdan yeb koʻrsa, kichik qizining oshi mazali.

Shu oshdan yeyishga boshlabdi. Oshni ishtaha bilan yeb tursa, ichidan somon chiqib qolibdi.

Shundan soʻng ularni bir eski mehmonxonaga olib chiqib qoʻyishibdi.

Oradan bir qancha kun oʻtgandan keyin Mahmudshoh qattiq kasal boʻlib qolibdi. Podsho shahardagi hamma ulamo-fuzalo, tabiblarni chaqirtiribdi. Tajribali tabiblar:— Ey, taqsir, gʻozning oʻng qanoti goʻshtini qaynatib, shoʻrvasini ichsangiz tuzalasiz, — deyishibdi.

Shunda podsho chap qoʻl vaziri Kunxonga: ”Kuyovlarim bilan ovga borib, gʻoz otib keling!” deb buyuribdi. Kunxon katta va oʻrtancha kuyov bilan ovga joʻnabdi. Ular: “Boshimizga balo qilib uni nima qilamiz deb, “Nebilay”ni tashlab ketishibdi.

Shu payt Toʻqlining oldiga tilsim ot kelibdi va unga:— Sen tezda piyoda uch koʻchaga bor. Mening katta akam — qizil ot keladi. Minib ovga borasan. Bojalaring gʻoz otolmaydi. Sen koʻp otasan. Ular otgan gʻozlaringdan berishni soʻrab, senga yalinishadi.Sen shunda mana bu muhrni koʻrsatib: ”Boʻlmasa, shu muhrni orqalaringga bittadan bosib qoʻyaman, keyin, bittadan oqqush beraman degin”, — debdi.“Nebilay” yugurganicha uch koʻchaga boribdi. Ajoyib bir qizil ot paydo boʻlibdi.

Ustida yaxshi ust-boshlar, miltiq va oʻqlari ham bor ekan. “Nebilay” bu ust-boshlarni kiyib, miltiq va oʻqlarni taqinib, qizil otga minib, Kunxon va bojalarining ketidan yetib boribdi. Ular buni tanimasdan, izzatini qilib, otdan tushib koʻrishibdilar. Birga koʻlga boribdilar, ov boshlanibdi. Kunxon va bojalari shuncha oʻq otsalar ham, birorta gʻozni urolmabdilar. Toʻqli juda koʻp gʻoz otibdi. Ovdan qaytadigan vaqt boʻlibdi.

Shunda chap qoʻl vazir, podshoning katta va oʻrtancha kuyovlari juda xafa boʻlib: “Endi podshoning oldiga qay yuz bilan boramiz!” deyishib, vahimaga tushishibdi.

Shunda kuyovlari shahzodaga yalinishib:— Bizga bittadan gʻozingizdan bering!

— deyishibdi.

Shunda Toʻqli:— Mayli, bersam berayin, ammo bitta muhrim bor.

Shuni orqalaringga bosib qoʻyaman!

— debdi. Bojalari:— Mayli, bossangiz bosing!

— debdilar. Toʻqli muhrini ularning orqasiga bosib, bittadan gʻoz beribdi.

Keyin hammasi joʻnashibdi.Yoʻlda Toʻqli ular bilan xayrlashib, boshqa yoʻl bilan ketibdi. Uch koʻchaga borib, otni qoldirib oʻzi ketibdi. Bojalari gʻozning oʻng qanotini qaynatib ichirgach, podsho tuzalibdi.Podsho bir kuni yana ovga chiqibdi. Bu safar “Nebilay” koʻk ot minib boribdi. Mohirlik bilan ov qilib, podshoni qoyil qoldiribdi”.

Kechqurun ovdan qaytarda Mahmudshoh Toʻqliga:— Ey, shahzoda, yaqinda meni bir podsho mehmonga chaqirgan, falon kuni kelsangiz, birga borardik!

— debdi.Podshoning mehmonga boradigan kuni boʻlibdi.

Shunda “Nebilay” ning koʻz oldida tilsim ot paydo boʻlib:— Sen yana uch koʻchaga bor, qora ot paydo boʻladi. Minib podsho bilan mehmondorchilikka bor. Mehmondorchilikdan qaytganingda pod-sho seni oʻz uyiga chaqiradi. Qoʻrqmasdan kiraver, — debdi.Ular mehmondorchilikdan qaytishibdi, podsho uni uyiga taklif qilibdi. Dasturxon yozib, turli noz-u neʼmatlar tortib, “Nebilay”ni aziz mehmon gumon qilib, uni ziyofat qilishibdi. Har xil gap-soʻzlar oʻtibdi. Toʻqli odob saqlab oʻtiribdi. Podsho bunga yana qoyil qolibdi.

Bojalari ham buni tanimasdan yugurib-yelib xizmat qila berishibdi. Bir vaqt Toʻqli bojalarini koʻrsatib:— Huv oʻsha ikki odam menga tanish koʻrinadi. Bir vaqt ikkita qulim qochib ketgan edi. Bular oʻsha qullarimga oʻxshaydi, — debdi.Mahmudshoh hayron boʻlib:— Agar sizning qullaringizga oʻxshasa, birorta tanigʻi bordir?

— debdi.Shunda “Nebilay”:— Men ularning orqasiga mana bu muhrimni bosib qoʻygan edim!

— deb muhrini podshoga beribdi. Podsho kuyovlarini chaqirtirib, orqasini ochib qarasa, darhaqiqat oʻsha muhr bosilgan ekan. Kuyovlari hech gap aytolmay qolishibdi. Podsho ham juda hayron boʻlib qolibdi.Shu payt Toʻqli oʻrnidan turib, boshidagi tojini tashlabdi, ustidagi shahzodalik kiyimini yechib, “Nebilay” qiyofasiga kirib:— Ey, otajon, men shahzoda emasman, oʻzingizning ”Nebilay” kuyovingizman. Men sizga shuncha ishlar koʻrsatdim. Siz meni tanimadingiz!

— debdi va chopqillab chiqib eski mehmonxonasiga kirib ketibdi. Podsho ham, vazirlar ham va boshqa odamlar hang-mang boʻlib qolishibdi.

Shunda podsho:— Hay, attang, bu bolada sir bor ekan. Biz tushunmay, uni “Nebilay jinni” deb yurgan ekanmiz, — debdi.Podsho kuyovidan uzr soʻrab, darhol yaxshi dangʻillama uyga koʻchiribdi.Shundan keyin:— Mening oʻrnimni bosadigan oʻgʻlim yoʻq edi. Seni menga xudo yetkazgan ekan. Men bilmagan ekanman. Mana, men qaridim.

Endi men podsholikni senga topshirdim. Bu kuyovlarim senga xizmat qilsin. Men sening duoi joningni qilib yotayin!

— debdi.

Shunday qilib Toʻqli podsho boʻlibdi. Shohning katta va oʻrtancha kuyovi Toʻqliga, katta va oʻrtancha qizi kichik qiziga xizmat qila boshlabdi. Toʻqli bilan Gullola farogʻatda yashay boshlashibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!