Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir podshoning birgina oʻgʻli bor ekan. U bir kuni uxlab yotib, tushida bir parini koʻribdi. Uygʻonsa, tushi emish.
Shundan keyin u gapirmabdi ham, kulmabdi ham. Podsho oʻgʻlining ahvoliga achinib yigʻlabdi.
Oradan bir necha kun oʻtgach, podsho vazir-vuzarolarini chaqirib:— Kimki mening oʻgʻlimni gapirtirsa yoki kuldirsa, istaganini beraman, — debdi.Bu soʻz xaloyiq orasiga yoyilibdi. “Podshoning oʻgʻlini men kuldiraman”, deb har tomondan odamlar kela beribdi. Shahzodani kuldirish u yoqda tursin, hatto hech kim gapirtira olmabdi ham.Podsho juda xafa boʻlib: “Men shunday katta podsho boʻlsam, keksaygan chogʻimda bir oʻgʻil koʻrgan boʻlsam-u, uni ham gapirtira olmasam, men podsho boʻlib nima qildim”, deb oʻylab, yaqin odamlarini chaqirib: “Yurtimizda kelmagan biror odam qoldimi?” debdi.
Bir vaziri turib:— Ey, taqsir, kelib oʻgʻlingizni koʻrmagan bir kampir qoldi, u falon tegirmonchining onasi, oʻtirsa tura olmaydi, tursa yura olmaydi, — debdi.Podsho kampirga darrov navkarlarini yuborib, uni tilla zambilda keltiribdi. Kampir shahzodani koʻrib, unga qarab:— Ha, bolam, tushingda pari koʻribsan-da, — debdi.Shahzoda birdan kulib yuboribdi, oʻrnidan turib, yugurib kampirning yoniga kelib:— Enajon, siz menga aytib bering.
Qanday qilsam u pariga yetishaman, — debdi.Kampir:— Shahrimizdan yetti kunlik naridagi togʻning boshida mening inim Qiron dev yashaydi. Qironning yoniga borsang, u senga parini topib beradi, — debdi.Podsho oʻgʻliga qirq xachir tilla berib, qirq xizmatkorni hamroh qilib safarga joʻnatibdi. Ular yetti kecha-yetti kunduz yoʻl yurib, bir togʻning tagiga yetishibdi, unda tunashibdi. Yarim kechada shahzoda uygʻonib qarasa, togʻning ustida bir narsa yilt-yilt qilar emish. U hayron boʻlib, xizmatkorlarga:— Sizlar shu yerda turinglar.
Men yolgʻiz oʻzim borib koʻrib, bilib kelaman, — deb togʻga chiqib qarasa, yuzta polvon Qironni arqonga bogʻlab turgan emish, Qiron esa qimirlamay yotganmish. Qiron uxlab yotgan ekan. U bir kecha-yu bir kunduz uxlar ekan. Shahzoda atrofdagi kishilarga:— Nega buning qoʻl-oyogʻini bogʻlayotibsizlar? Tagʻin oʻzlaring oʻlib ketmanglar, — debdi. Ular aytibdi:— Agar Qiron akani bogʻlab olib kelmasak, podshohimiz bizni oʻldiradi. U ”Yuztangning boshingni baravar uzaman”, degan.Shunda Shahzoda:— Ey, podshohing bekor aytibdi.
Bu togʻning tagida qirq xizmatkor bilan qirq xachir tillam bor. Oʻshani olib keta beringlar, — debdi.Polvonlar shahzodaning aytganini qilib, togʻdan pastga tushib ketibdilar. Shahzoda Qironning qoʻl-oyogʻini yechib, uning uygʻonishini kutibdi. Biroz vaqt oʻtgach, Qiron uygʻonibdi. Qiron yonida oʻtirgan bolani koʻrib, undan:— Bu yerda nima qilib oʻtiribsan, kim boʻlasan?
— deb soʻrabdi.Shahzoda boʻlgan voqealarni aytib beribdi.Qiron:— Yur boʻlmasa, men oʻtin qilib beray. Sen yoqib oʻtir, olovning yorugʻi bilan pari qizni senga olib kelib beraman, — debdi. Qiron koʻp oʻtin yigʻibdi. Shahzoda olovni gurillatib yoqib oʻtiribdi. Qiron yoʻlga ravona boʻlibdi. Shahzoda qirq kecha-qirq kunduz olov yoqib oʻtiribdi. Qirq bir kun deganda Shahzodaning uyqusi kelibdi, bir bogʻ oʻtinga boshini qoʻyib uxlab qolibdi.
Bir kecha-kunduz uxlab uygʻonsa, olov oʻchib qolgan emish, har tomonga kul sochilib ketgan emish. Hayron boʻlib, endi qanday qilib olov yoqaman, deb oʻrtada qolgan kulni kovlasa, mushtumday choʻgʻ qolgan ekan. Choʻgʻni olib, doʻppisiga solsa, choʻgʻ osmonga otilib, doʻppisiga tushar emish. Shahzoda qoʻrqib ketibdi. Nima qilarini bilmay, shoshilib qolibdi. Bola orqasiga qarasa, Qiron kelib, kulib qarab turgan ekan.
Shunda Qiron bolaga bir quti berib:— Sening istaganing shu qutining ichida, tagʻin yoʻlda ocha koʻrma, ochsang qochib ketadi, keyin pushaymon boʻlib yurma!
— debdi. Bola qutini olib yoʻlga tushibdi. Yurib-yurib charchabdi, bir yerda dam olibdi.Shahzoda: “Men Qironga ishonib qutini olib kelayotibman. Quti juda yengil, ham kichkina-ku, ichida pari bormi, yoʻqmi, bir ochib koʻrayin-chi”, debdi. U qutini ochib koʻrsa, ichida pari oʻtirgan emish. Pari shahzodaning yuziga ham qaramabdi, oʻz tizzasiga boshini qoʻyib oʻtiribdi. Shahzoda unga “Tur, otga min, ketamiz”, desa ham indamabdi. Shahzoda pariga yalinib-yolvoribdi.
Oxirida pari:— Siz menga nomahramsiz, avval meni nikoh qilib oling, soʻngra soʻzlashamiz, — debdi.Shahzoda hayron boʻlib:— Seni bu yerga yolgʻiz qoʻyib, tanish boʻlmagan joyda qayerdan domla topaman. Balki men qaytib kelguncha qochib ketarsan, — debdi. Pari:— Yoʻq, qochmayman, siz domla topib kelguningizcha men shu yerda oʻtiraman, — debdi.Shahzoda:— Xayr, boʻlmasa, — deb otini minib, domla qidirib ketibdi.Yurib-yurib, bir temir qoʻrgʻonga yetibdi. Eshikni taqillatsa, bir dev chiqibdi. Shahzodani darrov ushlab, zindonga tashlabdi, otini soʻyib yebdi. Pari Shahzoda ketgan zamoniyoq qochib ketgan ekan.Kunlar, oylar oʻtibdi.
Bir kun Qiron tush koʻribdi. Tushida bola devning zindonida yotgan emish. Qiron tongda uygʻonibdi, uygʻonibdi-yu, bir yaxshi otga minib yoʻlga chiqibdi, bir qancha vaqt yoʻl bosib, devning qoʻrgʻoniga borib, darvozasini uribdi. Dev chiqibdi. Qironga taʼzim qilibdi.Qiron:— Shu yerga otliq odam keldimi?
— deb soʻrabdi.Dev:— Ha, keldi, otini yedim, oʻzini zindonga tashladim. Otiga ot beraman, oʻzi oʻlikmi, tirikmi bilmayman. Buni toleingizdan koʻrasiz, — debdi.Qiron zindonning ichiga arqon tashlagan ekan, Shahzoda arqonga tirmashib zoʻrgʻa chiqibdi. Dev Qirondan qoʻrqqanidan shahzodaga bir otini egarlab beribdi. Shahzoda Qiron bilan yoʻlga chiqibdi. Ular yoʻl yurib, yoʻl yursalar ham moʻl yurib, Qironning uyiga yetibdilar. Bir-ikki kun oʻtgach, Shahzoda Qirondan parini yana olib kelib berishini soʻrab yalinibdi.
Qiron unga bir kam qirq hujraning kalitini berib: “Mana bu kalitlarni ol, men kelguncha hujralarni ochib, ichini tomosha qilib turgin: men parini olib kelaman”, debdi. Qiron ketib yetti kecha-yetti kunduz deganda parini olib kelib, Shahzodaga nikohlab qoʻyibdi.Qiron har kuni ovga chiqib yurar ekan, u ovga ketganda shahzodaga bir kam qirq hujraning kalitini berar ekan, ammo bir hujraning kalitini bermas ekan.
Kunlardan bir kun Qiron ovga chiqib ketayotganida Shahzoda:— Qirqinchi hujraning kalitini bersangiz, boshqa hujralarning kalitini bermasangiz ham mayli, — debdi. Qiron avvaliga kalitni bermabdi, Shahzoda sira qoʻymagandan keyin Qiron qirqinchi hujraning kalitini ham berishga majbur boʻlibdi. Shahzoda bilan qiz hujrani ochib qarasa, ikkita qora ot turgan emish. Har biri bir gʻishtning ustida yetti xil oʻyin koʻrsatib turar emish. Pari Shahzodaga:— Yuring, otlarni minib, sugʻorib kelamiz, — debdi.Shahzoda:— Qoʻy, tagʻin qochib ketmasin. Qochsa, qanday qilib ushlaymiz, — debdi.
— E, yuring, nima qilardi, bu otlar qochib keta olmaydi, — debdi pari. Ikkisi otni yechib, tizginidan ushlab, sugʻorishga olib boribdi.Qironning bogʻida bir hovuz bor ekan. Otlar shu hovuzdagi suvning hammasini ichib qoʻyibdilar. Shahzoda hayron boʻlib: “Endi otlarni joyiga olib kirib bogʻlaymiz”, deb turganida, ikki ot bir dumalab ikkita kaklik boʻlibdi. Shahzodaning xotini esa bir dumalab kaptar boʻlibdi, uchovi qoʻshilib uchib ketibdi. Shahzoda yigʻlabdi. Birozdan keyin Qiron kelibdi.
Shahzoda yana Qironga yalinibdi, yigʻlab: “Endi sira gapingizdan chiqmayman”, debdi. Qiron Shahzodani tilagiga yetkazish uchun yana yoʻlga ravona boʻlibdi. Yurib-yurib bir togʻga borsa, unda bir eshik koʻrinibdi, eshikni taqillatib:— Och eshikni, kampir!
— debdi. Uyning ichidan bir kampir, “Qiron juvonmarg kelgandir”, deb eshik tomon yoʻnalibdi. Bu yoqda Qiron tashqaridan turib:— Qiron keldi, olov keldi, ikki ukang qani, qayerda turibdi, tezroq ayt, — debdi.Kampir:— Anovi eshikdan kirsang, mendan kichik singlim oʻtiribdi, oʻsha biladi, — debdi. Uning yoniga borsa, u ham: “Anovi singlimdan soʻra”, — debdi.Oʻsha togʻning tagida yetti egachi-singil bor ekan, Qiron ularning hammasidan pari bilan kaklik suratiga kirib qochgan devlarni soʻrab chiqibdi.
Hammasi “Bilmayman”, deb javob beribdi. Eng kichkinasi ham “Men bilmayman”, degan ekan, Qiron:— Qironning kuchini bilganing yoʻqmi hali?
— deb qilichini koʻtaribdi.
— Yoʻq, yoʻq, oʻldirma meni, men aytsam, uning eshigi mening eshigimning yonidagi eshik, — debdi.Qiron uning koʻrsatgan eshigiga kirsa, bir katta bogʻ: bogʻning oʻrtasida bir ustun. Ustunga bir qafas osigʻliq ekan. Qafasda esa pari oʻtirgan emish. Dev kelib pariga salom berib ketar ekan. Birpasdan keyin shamol-toʻpolon bilan aka-uka dev kelibdi, kelibdi-yu, dumalab kaklik boʻlibdi. Haligi tilla qafasga oʻzini urib, tap etib yerga tushibdi.
Qiron sekin borib, ikkovini ikki qoʻliga qisib, tilla qafasni boshiga qoʻyib, uyiga qaytibdi.Qiron parini Shahzodaga qaytadan nikohlab beribdi. Ikki devni esa hujraga qamab, eshigini qulflab qoʻyibdi. Ikkisi ham boyagiday ot boʻlib, oxurdan bedani yeb tura beribdi.Qiron Shahzodani bir bolali boʻlguncha oʻz yonida olib turibdi. Shahzoda bolali boʻlgach, “Otang, onang sogʻingandir”, deb uyiga joʻnatibdi.Podsho yigʻlab-yigʻlab koʻzi koʻr boʻlib qolgan ekan. Oʻgʻlining pari xotini bilan qaytganini eshitib sevinibdi.
Pari podshoning koʻziga bir nay bilan puflasa koʻzi ochilibdi. Podsho bolasi, kelini va nevarasini koʻrib, dimogʻi chogʻ boʻlibdi. Shahzoda otasining taxtiga oʻtirib, davr-davronlar surib, murod-maqsadiga yetibdi.