Oʻtgan zamonda shuhrati olamga ketgan bir savdogar boʻlgan ekan. Bu savdogarning olti yuz karvoni bor ekan.
Ammo savdogar yetmish yoshga kirganida ham farzand koʻrmabdi. Kunlarning birida oʻzining olti yuz karvonlarini toʻplab, farzandi yoʻqligini ularga gapirib, juda afsuslanib, dunyodan befarzand, nom-nishonsiz ketayotgani uchun xafa boʻlibdi.
Shundan keyin savdogar boshqa yurtga savdo-sotiq ishlari bilan shugʻullanish uchun safarga joʻnabdi. Bu vaqtda xotini homilador boʻlib qolgan ekan. Bir qancha vaqt oʻtgandan soʻng, savdogarning xotini oʻgʻil tugʻibdi. Oʻgʻlini 6 yoshga kirguncha hech kimga koʻrsatmasdan tarbiyalabdi. Savdogar oʻz farzandini oʻqish uchun maktabga beribdi.
Endi savdogar oʻz farzandining yoshga kirganidan faxrlanib, savdo ishida oʻgʻlim oʻrnimni bossin, degan umidda koʻp shaharlarga olib borib, mollarning sifati va oldi-sotdi ishlari bilan tanishtira boshlabdi. Kunlarning birida savdogar oʻz oʻgʻlini sinash uchun yosh karvonboshilardan tasini unga qoʻshib, qoʻliga 0 tilla berib, bozorga joʻnatibdi. Bozorning bir chetida koʻpgina odamlar toʻplanishib turgan ekan. Oʻgʻil ularning oldiga borsa, bir odam chiroyli bir kuchuk bolasini sotmoqchi boʻlib ushlab turgan ekan.
“Kuchuk necha pul”, deb soʻrasa, u kishi “0 tilla”, debdi. U 0 tillani berib, kuchuk bolani uyga olib kelibdi. Ota-onasi ertasiga yana 0 tilla beribdi. Bola pulni olib bozorga boribdi. Bozorda bir kishi mushuk bolasini koʻtarib turgan ekan, uni ham sotib olibdi. Bolaning ota-onasi buni koʻrib hayron boʻlibdi. Ertasi kuni unga yana 0 tilla berib, bozorga joʻnatishibdi. Bu safar bola ulfatlari bilan oshxonaga kiribdi. Oshxonada bolaga joy tegmay qolibdi.
Burchakda bir sandiq turgan ekan, bola shuni olib kelib oʻtirmoqchi boʻlib boribdi-da, sandiqni ochib koʻribdi. Sandiq qopqogʻini endigina koʻtargan ekan, birdaniga uning ichidan bir ilonning bolasi chiqib yigitning boʻyniga oʻralibdi.
Shu payt bir loʻli xotin dod-faryod solib, “Nega ilonimni chiqarib yubording”, deb yigitga yopishib ketibdi. Yigit:— Ma, oladigan narsang shu-da, — deb qoʻlidagi qirq tillani haligi xotinga beribdi. Tasodifan ilonning bolasi tilga kirib:— Ey, yigit, mendan qoʻrqma, men butun yirtqich jonivorlar podshosining yolgʻiz oʻgʻli boʻlaman, oʻynab yurgan vaqtimda bu xotin meni tutib olib, mana shu sandiqqa solib qoʻygan edi.
Sen meni oʻlimdan qutqarding, endi meni ota-onam oldiga olib borib qoʻyasan, — debdi.Yigit hayron boʻlib, maslahat qilish uchun ota-onasining oldiga kelibdi. Ota-onasi bu voqeadan tashvishga tushibdi va noiloj unga ruxsat beribdi. Yigit ilon bilan birga kuchuk va mushugini ergashtirib yoʻlga chiqibdi. Ular yoʻl yursalar ham moʻl yurib, yetti togʻ-u yetti qirdan oshib, uch oy deganda ilonlar vodiysiga yetib kelibdilar.
Shunda ilon yigitga:— Sen otamning oldiga 9 ta darvozadan oʻtib kirasan, yoʻlda yirtqich hayvonlardan qoʻrqma, men ”chir” desam, hammasi birga salom berishib, darvozalarni ochib qoʻyishadi, kirib ketaveramiz, — deb uqtirib qoʻydi. Uning ota-onasi yolgʻiz farzandlarining dogʻida kuyib, onasining ikki koʻzi ham koʻr boʻlib qolgan ekan. Bolasi kelganini eshitgan ilonlar podshosi farzandi yoʻliga juda koʻp kanizlari bilan peshvoz chiqib kutib olibdi.
Shu vaqtda bolasini koʻrgan ona ilonning ikki koʻzi xursandchilikdan ochilib ketibdi. Ular yigitni qirq kecha-yu qirq kunduz mehmon qilibdilar. Yigit oʻz yurtiga qaytmoqchi boʻlib, ilondan javob soʻrabdi.
Shunda ilon yigitga qarab:— Senga otam sovgʻalar beradi. Otam “Tila tilagingni”, deganda, “Menga hech narsa kerak emas”, deb javob berasan. Uchinchi martaba “Tila tilagingni”, deb soʻraganda: ”Tilingizning tagidagi mehrigiyoyingizni bering”, deysan.
Shunda otam tili tagidagi mehrigiyosini senga beradi, bunda juda sir koʻp. U boshingga mushkul ish tushsa, seni qutqaradi, — debdi.Bir-ikki kundan keyin ilonlar podshosi yigitga: “Tila tilagingni”, deganda, yigit: “Menga hech narsa kerak emas”, deb javob beribdi. Shoh ilon uchinchi marta undan soʻrabdi.
— Shohim, agar xoʻp desangiz menga tilingizning tagidagi mehrigiyoyingizni bering, agar yoʻq desangiz men unga ham xafa boʻlmayman, — debdi.
Shunda shoh ilon:— Oʻgʻlim, mayli, sen meni juda nozik joydan ushlading, men uni sendan ayamayman. Chunki sen menga yuragimning madori, koʻrar koʻzim, yolgʻiz farzandimni dushmanlar qoʻlidan qutqarib olib kelding. Bizga yaxshilik qilding.
Ammo sen bu mehrigiyoni qoʻlingdan boy berib qoʻyma, uni sir saqla, bu seni har qanday mushkuldan omon qoldiradi, seni murod-maqsadingga yetkazadi. Ma, men senga mehrigiyoyimni berayin, — deb unga tili ostidagi mehrigiyosini beribdi va uning hamma sirlarini aytibdi.
— Agar senga kerak boʻlib qolsa: “Labbay tosh, men senga yoʻldosh”, deb tilagingni tilasang, koʻzingni yumib-ochguningcha xohlagan narsang tayyor boʻladi.Ilon shoh yigit bilan xayrlashib, uni joʻnatibdi. Yigitga ular juda chiroyli qilib yasatilgan bir ot ham beribdilar. Yigit otni minib, mushuk va kuchukni ergashtirib, yoʻlga ravona boʻlibdi. Juda koʻp yoʻl yuribdi, nihoyat, madordan ketib, otdan tushib dam olay, deb turgan vaqtida birdaniga mehrigiyosi yodiga tushib qolibdi.
U mehrigiyodan bir kosa suv bilan ikkita non soʻrabdi va koʻzini yumib-ochsaki, non, suv tayyor turibdi. Bitta nonni teng boʻlib, yarmini kuchukka, yarmini mushukka beribdi. Ikkinchi nonni teng boʻlib, yarmini yarim kosa suv bilan oʻzi yeb, yarmini suv bilan otga beribdi. Damlarini olib, yana yoʻlga ravona boʻlibdilar. Oʻn besh kunlik yoʻl yurganlaridan soʻng yigit: “Endi yoʻlning qoq oʻrtasiga kelibman.
Osmon yiroq, yer qattiq, qani, men shu yirtqich hayvonlarning aytganiga amal qilib boqay-chi, deb mehrigiyoga: “Labbay tosh, men senga yoʻldosh, sen shu choʻlni boʻstonga aylantir, bu boʻstonning oʻrtasidan juda katta daryo oʻtib tursin, daryoning qoq oʻrtasida esa, tagi daryoga tegmagan, balandligi osmonga yetmagan, marmar toshlar bilan tiklangan, ichidagi anjomlarni hech qanday inson koʻrmagan bino boʻlsin-u, binoning ichida husnda yer yuzida tengi yoʻq, dono bir Malika boʻlsin.
Malika bilan men parquvlarga yonboshlab yotib, noz-neʼmatlar bilan choy ichib oʻtirgan boʻlay”, debdi. Yigit koʻzini yumib-ochsaki, oʻzining aytganidan ham ziyoda hamma narsa tayyor boʻlibdi. Yonida Malikasi qirq kanizaklari bilan taʼzim qilib, xizmat qilmoqda. Yigit bora-bora har kuni ovga chiqa boshlabdi.Endi gapni Chin mamlakatining podshosidan eshiting.
Chin mamlakatining podshosi har kuni ovga chiqar ekan, ov ovlashda bu podshoga hech kim teng kelolmas ekan, keyingi kunlarda podsho nazar solib yursa, bu savdogarvachcha yigit ovning eng yaxshilarini otar ekan-u, podsho esa mayda ovlarni otar ekan.
Shunga qaramay, ikkalasi ham bir yerda ov qilishar ekan. Podsho bu savdogarvachchaning yaxshi ov qilganiga hasadi kelib, mamlakat odamlarini chaqirtiribdi va ovchi yigitning aʼlo darajada ov qilish sirini bilib berishlarini buyuribdi, buning uchun u xalqqa bir kecha-yu bir kunduz muhlat berib: “Agar kimda-kim bu sirni bilib kelsa, to umrining oxirigacha oltin belanchakda qirq kanizakka tebrattirib parvarish qilaman, agar hech kim bila olmasa, hamma yoqni xonavayron qilib yuboraman”, debdi.
Muddat tugay deb qolganda bir kampir podshoning oldiga kelib:— Sizning xizmatingizni men bajargani keldim, — debdi. Podsho bu jodugardan xursand boʻlibdi. Kampir:— Endi menga bir tuyaga zar yuklab, bir eshakka oʻzimni mindirib qoʻyasiz, men shunda bu sirni sizga bilib kelaman, — debdi. Podsho kampirning aytganlarini tayyorlab beribdi.
Kampir yoʻlga ravona boʻlibdi, 8 kun deganda kampir yigitning eshigi oldiga kelib, bir tishini sugʻurib pichoq qilib, eshakning oyogʻiga sanchib-sanchib choʻloq qilibdi, tuyani choʻktirib, uning ogʻziga ikkita sovunni solib, oq koʻpigini oqizib, qoʻliga roʻmolchani olib, koʻzidan oqqan yoshni artib oʻtiribdi.
Bir kuni kanizlar chiqib, kampirni koʻribdilar va Malikaga kirib voqeani aytibdilar. Malika ham chiqib qarasa, bir kampir darvoza oldida yigʻlab oʻtiribdi. Malika kampirdan: “Nima boʻldi, ena, nega muncha yigʻlab oʻtiribsiz”, deb soʻrabdi. Kampir:— Ey, bolam, men hajga ziyorat qilgani borgan edim, shu yerga kelganimda eshagimning oyogʻi sinib, tuyaning madori ketib, yiqildi; oʻzim esa birgina qizim bor edi, uni koʻrarmikanman yoki koʻchada qolarmikanman, deb yigʻlab oʻtiribman, — debdi.
Malikaning kampirga rahmi kelib, uni uyiga olib kirib ketibdi. Kanizlar esa tuya va eshaklarga yem-suv bera boshlabdi. Kech kirganda yigit kelibdi va kampir bilan soʻrashibdi.
Biroq u kampirning xosiyati yoʻq, jodugar kampir ekanligini sezib: “U mening Malikamni oʻgʻirlagani kelgan boʻlsa kerak, ammo mening mehrigiyoyim bor, olib ketsa ham yoʻldan qaytarib kelaman”, deb oʻylabdi-da, beparvo yuraveribdi.Kampir esa Malikaning oldiga kirib, “Bolam, kuyovingiz muncha koʻp ov qilib keladi, hamma podshovachchalar hayron qolishsa kerak, qanday qilib ov qilishini bilasizmi?” deb soʻrabdi. Malika: “Yoʻq, enajon”, deb javob beribdi.
Kampir Malikani aldab, erining yaxshi ov qilish sirini bilishga buyuribdi. Malika eri bilan oʻtirganda kampirning gapi yodiga tushib, birdan qovogʻini solib, xafa boʻlib qolibdi. Yigit Malikadan nima uchun xafa boʻlganini soʻragan ekan, Malika:— Men siz bilan yetti yil birga umr kechirdim. Siz menga qanday qilib hammadan koʻp ov qilishingizni aytmadingiz, — debdi. Yigit shunda Malikaning husn-jamoliga mahliyo boʻlib, butun boshidan kechirganlarini va siri — mehrigiyosini ham aytib beribdi.
Qiz mehrigiyoni koʻrsating, deb qoʻymabdi. Yigit Malikaga beribdi. Erta bilan mehrigiyoni esidan chiqib qoldiribdi-yu, yigit ovga chiqib ketibdi. Kampir Malikadan erining ov qilish sirini yana soʻrabdi. Malika mehrigiyoni qoʻlga olib, kampirga koʻrsatibdi. Buni nima qilar ekan, bu oddiy tosh-ku, deb kampir hayron boʻlibdi.
Shunda Malika: “Labbay tosh, men senga yoʻldosh, meni tilagimga yetkaz”, desa, koʻzni yumib-ochguncha, kishini murodiga yetkazar ekan, debdi. Kampir uni qoʻliga olib koʻrishni soʻrabdi. Malika unga beribdi.Kampir mehrigiyoni qoʻliga olib, “Labbay tosh, men senga yoʻldosh, sen shu yerda turgan hamma narsani Chin mamlakati podshosining oʻrdasiga olib borib qoʻy,” debdi. Koʻzini yumib-ochguncha Chin shahriga borib qolibdi. Podsho butun xalqini chaqirib, bu moʻjizani koʻrsatibdi.
Kampirni esa oltin belanchakda tebratib, kanizaklarni unga xizmatkor qilibdi. Malika kampirdan oʻz erining nega kelmaganini soʻrabdi. Besh kundan soʻng kampir Malikaga “Shu sening ering boʻladi”, deb podshoni koʻrsatibdi. Malika dod-faryod qilib yigʻlabdi. Podsho mehrigiyoni olganligiga xursand. Malika esiga ham kelmabdi. U ovqat vaqtida mehrigiyoni dasturxonning bir chekkasiga qoʻyib qoʻyar ekan.Yigit ovdan qaytib kelsa, bogʻ-rogʻi yoʻq, kuchugi bilan mushugi yigʻlab oʻtirar ekan.
Yigit bu ishlarni koʻrib, peshanasiga bir urib, qilgan ishiga ming pushaymonlar qilibdi. It bilan mushuk:— E, aka, sen yigʻlab xafa boʻlma, boshingga tushgan bu mushkul ishni biz yengillatamiz, — deyishib, Chin mamlakatiga joʻnab ketibdilar. Chin mamlakatiga yetib kelganidan soʻng podshoning uyiga mushuk kiribdi. Kuchuk esa Malikaning oldiga kirib akillabdi. Malika kuchukni tanibdi.
Shu vaqtda podsho “tosh”ni dasturxonning chetiga olib qoʻyib ovqatlanayotgan ekan. Mushuk u yoq-bu yoqqa oʻtib turib “tosh”ni olib qochib, kuchukning oldiga kelibdi. Ular yoʻlda ketayotganlarida bir katta koʻprik uchrabdi, kuchuk “Toshni men olib oʻtaman”, debdi. Mushuk kuchukdan qoʻrqqanidan unga beribdi. Yaqin joyda ovchilar baliq ovlab yurishgan ekan, kuchuk ovchilarga qarab hurigan ekan, tosh suvga tushib ketibdi. Baliq uni yutib yuboribdi. Ovchilar suvga toʻr solganlarida katta bir baliq ilinibdi.
Ular baliqning qornini yorib, ichaklarini irgʻitib, tanasini olib ketibdilar. It bilan mushuk baliq ichaklarini titkilab, toshni topib olibdilar. Toshni yigitga olib kelib beribdilar. Yigit xursand boʻlib, kuchuk bilan mushukni quchoqlab oʻpib, mehrigiyoga “Labbay tosh, men senga yoʻldosh, mening bogʻ-rogʻimni shu yerdan qanday olib ketilgan boʻlsa, oʻshanday holida qaytargin va ular bilan birga qirqta ot, qirqta xachir ham boʻlsin”, debdi.
Yigit koʻzini ochib yumguncha aytganidan ham ziyoda uyi, Malikasi qirqta kanizi bilan paydo boʻlibdi. Jodugar kampir ham keltirilibdi. Yigit kampirning hamma gunohlarini boʻyniga qoʻyib, uni qirqta ot, qirqta xachirning dumiga bogʻlab, choʻl-biyobonga qaratib haydab yuboribdi. Yigit esa ota-onasining oldiga kelib, sogʻ-salomat diydor koʻrishibdi. Quchoqlashib, boshidan oʻtgan voqealarni bir-bir ota-onasiga bayon qilibdi, goʻzal Malika bilan birga yashab, davlatlari ziyoda boʻlib murod-u maqsadiga yetibdi.