← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarSabrTabiatOilaTijoratUzun

Erkenja

3135 soʻz

Bir podshoning uch oʻgʻli bor ekan.

Kunlardan bir kuni podsho oʻgʻillariga:— Uchovlaringizni ham uylantirmoqchiman, nima deysizlar?

— debdi. Oʻgʻillari:— Ey, ota, uchovimizga ham bir odamning qizlari boʻlsin. Kattamiz kattasini, oʻrtanchamiz oʻrtanchasini, kichigimiz kichkinasini olamiz, boʻlmasa uylanmaymiz, — deyishibdi.

Lekin podsho uchoviga bir odamning qizini topa olmabdi. Podshoning bir qushi bilan qushboni bor ekan. Qushning oyogʻida tilladan qoʻngʻirogʻi bor ekan.

Kunlardan bir kuni shu qushini olib, qushboni bilan ovga chiqibdi. Qushboni tilla qoʻngʻiroqli qushni bir qushga solibdi. Tilla qoʻngʻiroqli qush quvlab uchib, araz tortib, yoʻq boʻlib ketibdi. Podsho qushbonga:— Shu qushni qanday boʻlsa ham topasan, topmasang, moling talonda, boshing oʻlimda. Boshingdan xamir aylantirib, zigʻir moyini qizdirib quyib, dunyodan badargʻa qilib joʻnataman, — debdi. Qushbon qushni topib berishga podshodan qirq kun muhlat olib, xafa boʻlib uyiga boribdi. Qushbonning oʻn bir yoshli bir qizi bor ekan. Otasining xafa boʻlib kelganini koʻrib:— Ota, bugun nimaga xafa boʻlib keldingiz?

— debdi.Qushbon:— Nimaga xafa boʻlmayin, bolam, podshoning qushini yoʻqotib qoʻyib, qaygʻu-kulfatga qoldim. Podsho shu qushni topsang topasan, topmasang oʻlasan, deb qirq kun muhlat berdi. Qizim, qani menga bir yoʻl koʻrsat?

— debdi Qizi:— Ota, xurjunga koʻp tilla solib, saman otning beliga minib, choʻl-u biyobonga chiqing, balki topilib qolar, — debdi.Qushbon qizning gapi bilan xurjunga tilla toʻldirib, saman otiga minib, choʻl-u biyobonga joʻnab ketibdi. Qushbonning oti shunday yoʻrgʻa ekanki, olti oylik yoʻlni uch kunda bosar ekan. Qushbon yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, suvsiz choʻl yurib, olti oylik yoʻlni uch kecha-kunduzda bosibdi. Juda chanqab qolibdi.

Otini qantarib, xurjunni boshiga qoʻyib, koʻkragini zaxga berib, holdan ketib, uxlab qolibdi. Ertasi choshgoh vaqtida oppoq soqolli bir moʻysafid mol boqib kelib qolibdi. Qarasa, bir ot qantarilganicha turganmish. Bir yigit zax yerga bagʻrini qoʻyib, uxlab yotganmish. Chol: “Bu odam oʻlikmikan, tirikmikan, bir xabar olay”, deb yigitning qoshiga kelib qarasa, uxlab yotgan ekan. Chol:— He, oʻgʻlim, uxlab qoldingmi, qaydan boʻlasan?

— debdi. Qushbon joyidan turib cholga salom beribdi.

— Bobo, men juda charchadim, suvsadim, och qoldim, — debdi.Chol:— Boʻlmasa, mening uyimga borgin, oʻgʻlim, yaxshi yigit ekansan, — debdi.Qushbon:— Bobo, uyingiz yaqinmi?

— debdi.

— Bolam, uyim uzoq emas, — debdi chol.Chol qushbonni bir mehmonxonaga olib kiribdi. Mehmonxonaning oltmishta derazasi bor ekan. Toza koʻrpachalar, gilamlar solingan. Derazadan qarasa, hovlisida besh yuzta qoziq qoqilgan, uning har qaysisiga noʻxta bogʻlangan, banatdan qilingan besh yuz toʻrva osilgan. Qushbon: “Bizning podshohimizda ham bunday uylar, bunday boyliklar yoʻq, bu uy biror podshonikimikan yoki biror boynikimikan”, deb oʻylabdi. Chol choy-non, har xil taomlar keltirib, qushbonni mehmon qilibdi.

— Oʻgʻlim, soʻramoqning aybi yoʻq, senga yoʻl boʻlsin, nimani yoʻqlab yuribsan?

— debdi chol.Shunda qushbon:— Ey, bobo, men podshoning qushboniman, podshoning bir qushi bor edi, bir oyogʻida tilladan qoʻngʻirogʻi bor edi. Bugun toʻrt kun boʻldi, shu qush arazlab, yoʻq boʻlib ketdi. Podshodan qirq kunga muhlat olib, qidirib yurganimga bugun toʻrt kun boʻldi. Bobo, bu yerlardagi xalqdan bir soʻrab koʻring, koʻrgan bormikan, bilgan bormikan, — debdi. Chol:— Ha, bolam, yoʻgʻing topilsin, — debdi. Qushbon ichkaridagi hovliga qarasa, uchta tilla oʻtov: biri kattaroq, ikkinchisi undan kichikroq, uchinchisi undan ham kichikroq tikuvli turibdi.

Shu oʻtovning biridan uch qiz chiqibdi. Biri baland boʻyli, ikkinchisi pastroq, uchinchisi undan ham pastroq. Bir oʻtovdan ikkinchi oʻtovga, ikkinchi oʻtovdan uchinchisiga chopishib, oʻynab yurishibdi. Qushbon:— Ey, bobo, bu uch oʻtov kimniki?

— debdi. Chol:— Oʻgʻlim, bu oʻtovlar bizniki, — debdi.Qushbon:— Shu oʻtovlarning biridan ikkinchisiga chopib yurgan qizlar kimning qizlari?

— debdi.Chol:— Oʻgʻlim, uchovi ham bizning qizlar, — debdi.Qushbon:— Shu uchovi uch enadan boʻlganmi, bir enadan boʻlganmi?

— debdi.Chol:— Oʻgʻlim, uchovi ham bir ota, bir enadan boʻlgan, — debdi.Qushbon:— Qizlaringizning uchovi ham boʻymi? Hech kimga unashganingiz yoʻqmi?

— debdi.Chol:— Ha, boʻy, hech kimga unashganim yoʻq, — debdi.Qushbon:— Bobo, otingiz nima?

— debdi.Chol:— Otimni, bolam, Nodir elbegi deydilar, — debdi.Qushbon:— Shu joylar podsholik joyimi yo beklik joyimi?

— debdi.Chol:— Bu Nodir bobongizning joyi. Besh yuz otga yem beraman, besh yuz mullavachchaga non beraman. Bobongizning joyi shunday joy boʻladi, — debdi.Qushbon:— Bobo, endi ketsak boʻladimi?

— debdi.Chol:— Ertaga ketasiz-da, oʻgʻlim! Mana bugun toʻrt kun boʻldi. Tilladan qoʻngʻirogʻi bor bir qush oʻrtadagi tilla oʻtovning tepasiga har kuni kelib turadi.

Shu boʻlsa, ehtimoli bor, — debdi.Qushbon:— Bobo, u qush qay vaqtda keladi?

— debdi.Chol:— Odamlar uxlagandan keyin, yarim kechada kelib shu oʻtovning boshiga qoʻnadi, tong vaqtida, odamlar uygʻonmasdan ketadi, — deb javob beribdi.Qushbon:— Bobo, qush kelganda menga qanday qilib xabar qilasiz?

— debdi.

— Bolam, siz damingizni olib yota bering, keladigan vaqtida oʻzim uygʻotaman, — debdi.Shu bilan qushbon yotib uxlab qolibdi. Yarim kecha boʻlganda jingir-jingir qilib qush oʻtovning boshiga kelib qoʻnibdi.Chol kelib:— Ey, oʻgʻlim, koʻzingizni ochib qarang, qush keldi, — debdi. Qushbon joyidan turib, oʻrtadagi oʻtovning tepasiga qarasa, shu oʻzining yoʻqotib yurgan qushi ekan. “Ey, jonivor ozoda qushim, sening dastingdan ukajonim, xotin, bola-chaqamdan ayrilib, seni axtarib keldim. Buyo-buyo keling, qoʻlimga qoʻning”, debdi.

Qush darrov qushbonning qoʻliga kelib qoʻnibdi. Qushni erkalab mehmonxonaga olib kelib, don berib, suv berib, toʻydiribdi.Shu kecha yotibdi, ertasi tong otibdi, joyidan turib:— Ey, bobojon, shu qush meniki ekan. Topib, murodimga yetdim, bizga javob bering. Siz ota boʻlsangiz, biz bola boʻlsak. Biz ham elimizga ketsak, — debdi.

— Oʻgʻlim, bir necha kun mehmon boʻling, keyin ketarsiz, — debdi chol.

Shu bilan qushbon bobosining uyida oʻn besh kecha-kunduz mehmon boʻlibdi. Chol qushbonga bosh-oyoq sarpo, tilla abzalli bir ot berib, odam qoʻshib bir kunlik joyga chiqarib qoʻyibdi. Qushbon kecha-kunduz yoʻl yurib, bir kam qirq kun deganda yarim kechasi uyiga kelibdi. Qizi kutib olib:— Ota, qushni topdingizmi?

— debdi.Shunda qushbon:— Topdim, qizim! Mana, ertaga podshoga topshirib, oʻlimdan qutulaman, — debdi. Ertasi turib oti va qushini olib borib podshoga topshiribdi. Podsho qushbonga beklik vazifasini beribdi. Qushbon podshoga:— Ey, podshohim, mening sizga bir gapim bor, bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytaman, — debdi.Podsho:— Ayt, — debdi.

— Bir cholni koʻrib qoldim. Uning dargohi, boyligi sizning podsholigingizda yoʻq. Tilladan yasalgan uch oʻtovi bor, uchta oʻtovda uchta qizi bor: biri baland, ikkinchisi past, uchinchisi undan past. Uchovi ham bir ota, bir onadan ekan.

Shu uchovini uch oʻgʻlingizga olib bersak, — debdi.Podsho:— Biz bilan teng kelarmikan?

— debdi.

— U sizdan ham boy ekan!

— deb javob beribdi qushbon.

— Boʻlmasa, oʻzing sovchilikka borasanmi?

— debdi shoh.Qushbon:— Katta qushbegingizni, ulamolaringizdan yetti kishini bering, toʻqqizta ot bering, hammamiz birga boramiz, — debdi. Qushbon bilan sovchilar joʻnashibdi. Yoʻl yurishib, yoʻl yurishsa ham moʻl yurishib, Nodir boboning uyiga kelib, otlarini bogʻlashibdi. Nodir bobo qushbonni tanib, sakkizta mehmonni tanimasa ham mehmonxonaga olib kirib, izzat bilan mehmon qilibdi. Nodir bobo:— Bolam, soʻramoqning aybi yoʻq, qayerdan boʻlasizlar? Ilgari kelishingiz yoʻlchi edi, endi kelishingiz elchiga oʻxshaydi?

— debdi.Qushbon taʼzim qilib:— Bobo, shunday, elchi boʻlib keldik. Bizning shohimizning uch oʻgʻli bor edi, sizda uchta qoʻgʻirchoq bor ekan.

Shu uchovini podshoning uch oʻgʻliga bersangiz. Quda boʻlib yursak, deb kelgan edik, — debdi.Chol:— Kelganlaring juda yaxshi.

Lekin bizda ham aka bor, uka bor, qavm-qarindosh bor; oʻshalar bilan bir maslahat qilib koʻraylik, “kengashli toʻy tarqamas”, berar-bermasligimizni soʻng aytarmiz, — debdi.Chol qavm-qarindosh, tanish-bilishlarini yigʻib:— Podsho uch oʻgʻliga uch qizimni soʻrab sovchi yuboribdi.

Shunga nima maslahat berasiz?

— debdi. Ogʻa-ini, qavm-qarindosh, tanish-bilishlar cholni koyib:— Bizlarda ham yigitlar bor, podshoga bermaymiz, — deyishibdi.Chol:— U podsho boʻlsa, gʻazab qilsa, biz unga teng kela olmaymiz. Bermaymiz degandan koʻra, “bermas qizning qalini koʻp” boʻladi. Dunyoda yoʻq narsalarni qalin qilib roʻyxat qilaylik, — debdi. Ular ham cholning soʻzini maʼqullab, uch kecha-uch kunduz roʻyxat qilib, uni bir qop, bir xurjunga solib, sovchilarga olib kelib beribdi.

Qushbonga bosh-oyoq sarpo, hammasiga bittadan ot berib, oʻn kishini qoʻshib, ikki kunlik yoʻlga chiqarib kuzatibdi. Bular kecha-kunduz yoʻl yurishib, podsho oldiga kelishibdi. Podsho qushbonni koʻrib:— Boʻrimi, tulkimi?

— debdi.Qushbon:— Taqsir, boʻri, — debdi,Podsho:— Boʻri boʻlsa, nima gap, ayting?

— debdi. Qushbon:— Bobo qalinni katta qildi, bir qop, bir xurjun roʻyxat berib yubordi, — debdi. Podsho katta-katta ulamolarini, vazirlarini yigʻdirib, bir qop, bir xurjun roʻyxatni oʻqib chiqishga beribdi. Ulamolar roʻyxatni uch kecha-uch kunduzda oʻqib chiqishibdi. Podsho buni eshitib:— Bunga mening dunyoim yetmaydi, buncha molni berolmayman, — debdi.Shunda qushbon:— Podsho bir gapni aytmas, aytganidan qaytmas. Menga uch kunlik podsholigingizni va muhringizni bering. Molni men oʻzim topaman, — debdi.

Podsho qushbonga muhrini va uch kunlik podsholigini beribdi.Qushbon oʻziga qarashli beklarga, ellarga, “Beshdan bir xirojni yigirma kun ichida podsho dargohiga olib kelinsin”, deb buyuribdi. Yigirma kun deganda podshoga olib kelingan mol yer-u koʻkni bosib ketibdi.Qushbon:— Ey, podsho, mana mol, — debdi. Podsho bir qancha odamlarni yigʻib, mol-u dunyoni olib yoʻlga tayyorlanibdi.

Oʻgʻillariga qarab:— Oʻgʻillarim, yuringlar, kelinlarni olib kelamiz, — debdi.Eng kichik oʻgʻli Erkenja turib:— Ota, ikkita akamni olib, sizlar ketaveringlar. Mening xotinimni mana shu xanjarimga bagʻishlanglar. Qoʻrgʻon egasiz qolmasin, men oʻrningizda qolay.

Lekin sizga uch nasihatim bor. Birinchi kuni kelinlarni olib kelayotganda yoʻlda juda qattiq issiq boʻlib, odamlaringiz suvsab qolib, ikki, uchta odamingiz oʻladi.

Shunda odamlar: “Podsho, izingga qayt, xalqni qirasan”, deyishadi. Orqaga qaytmang. Ikkinchi kuni qattiq boʻron boʻladi, unda ham ikki, uch odam oʻladi, “Izingga qayt”, deyishadi. Ketingizga qaramay ketavering, uchinchi kuni odam boʻyi qor yogʻadi. Yana ikki, uchta odam oʻladi. “Izingga qayt”, desa ham, qaytmay ketavering, — deb otasi va akalarini joʻnatib, oʻzi qolibdi. Podsho odamlari bilan yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi, suvsiz choʻl yurib cholning makoniga borib yetibdi.

Chol kutib olib, otlarini tilla qoziqqa bogʻlab, oʻzlarini mehmonxonaga olib kirib, mehmon qilibdi. Podsho:— Bobo, qizlaringizga aytgan qalinni olib keldik, — debdi.Chol podshoning olib kelgan qalinlarini qabul qilib, katta oʻgʻliga katta qizini, oʻrtancha oʻgʻliga oʻrtancha qizini, kichkina oʻgʻli Erkenjaning xanjariga kichik qizini bagʻishlabdi. Toʻy-tomosha qilibdi. Podsho kelinlarni olib yoʻlga tushibdi. Birinchi kuni juda qattiq issiq boʻlibdi. Odamlar chanqab qolib, ikki, uchta odam oʻlibdi.

Odamlar “E, podsho, xalqni qirding, izingga qayt”, deyishibdi. Podsho orqasiga qaramasdan ketaveribdi. Ikkinchi kuni juda qattiq boʻron boʻlibdi, xalq “Ey, podsho, izingga qayt, xalq halok boʻlayotir!” debdi. Podsho yana indamay ketaveribdi. Unda ham ikki, uchta odam oʻlibdi. Uchinchi kuni odam boʻyi qor yogʻib, juda sovuq boʻlibdi. Yana ikki, uchta odam oʻlibdi. Qolgan odamlar “Uying kuygur podsho, odamlar qirildi-ku, qayt!” deb baqirishibdi. Podsho orqasiga qarasa, koʻp odamlari qirilib ketayotibdi.

Kun kech boʻlib qolibdi. Podsho oʻzi ham chidamay orqaga qaytibdi, bir qoʻrgʻonga kirib yotishibdi.

Tong otgandan keyin podsho oʻrnidan turib qarasa, butun atrofi poʻlatdan qilingan devor boʻlib qamalib qolibdi. Hamma qanday qutulishini bilmay, hayron boʻlib turganda, poʻlatdan qilingan darvoza koʻrinibdi. Darvoza tagida bir dev yotganmish. Boʻyi sakson gaz, kallasi kapaday, tanasi tepaday, har qoʻli panshaxaday, oyogʻi dushaxaday, burni pakkining qiniday, koʻkragida oʻsgan juni oʻttiz serkaning qiliday, koʻzi zigʻirning gulidaymish. Podsho:— Ey dev, bizga yoʻl ber, chiqaylik, — debdi.

— Menga qoʻrgʻoningda qolgan Erkenja degan oʻgʻlingni bersang chiqaraman, boʻlmasa darvozani ochmayman, — debdi dev.Podsho:— Sen mendan bir oʻgʻil tilaysanmi, och darvozani, yuz oʻgʻil boʻlsa ham beraman, — debdi. Dev joyidan turib, darvozani ochibdi. Podsho odamlari bilan darvozadan chiqib, yoʻlga ravona boʻlibdi. Bu sir Erkenjaga maʼlum boʻlibdi-da, oyogʻiga choriq tortib, qoʻliga hassa ushlab, egniga janda kiyib, devning makoniga qarab yoʻl olibdi.

Yoʻl yurib, suvsiz choʻl yurib, kelinlarni olib kelayotgan otasiga roʻpara kelib qolibdi.Podsho:— Ey, bolam, nimaga kelasan, nimaga bunday ahvolga tushib qolding? Xanjaringga bagʻishlangan qalligʻingni olib kelayotibman, — debdi.Erkenja:— Ota, qoʻrgʻondan chiqib ketayotganingizda uch narsani tayinlagan edim. Qaytib kelayotib ikkitasini bajardingiz, uchinchisida nasihatimni olmasdan orqangizga qaytdingiz, dev meni soʻraganda berishga rozi boʻldingiz.

Podsho bir gapni aytmas, aytgandan qaytmas, endi bizdan rozi boʻling, devning ixtiyoriga boraman, — debdi.Podsho:— Oʻgʻlim, qalligʻingni nima qilaman?

— debdi.Erkenja:— Yuzini oching, umid tortib kelayotgan qalligʻimning betidan ikki iskay: noumid boʻlmasin, — debdi-da, qalligʻining yuzini ochib ikkigina muchchi olib, “Koʻrishguncha xayr, yetti yildan keyin kelaman”, deb devnikiga qarab yoʻl olibdi. Podsho yigʻlab-yigʻlab oʻgʻil, kelinlari va odamlari bilan oʻz qoʻrgʻoniga qaytibdi. Erkenja etagini bar urib, piyoda boʻlib, gʻamga toʻlib, sakkiz kecha-kunduz yoʻl tortib, devning makoniga yetibdi.

Dev uxlab yotgan ekan, uygʻota olmay, uch kun yotibdi, toʻrtinchi kuni dev uygʻonib qarasa, oʻng yonida Erkenja oʻtiribdi. Erkenja devga:— Ey, dev, meni otamdan tilagan ekansan, nima xizmating bor, qilay?

— debdi.Dev:— Falon mamlakatda Sovashoh degan podshoning bir qizi bor. Oti Xonoyim. Oʻshanga oshiq boʻlib qoldim.

Bir kuni kechasi tush koʻrdim. Tushimda bir odam “Podshoning oʻgʻli Erkenja kelib, shu qizni senga olib beradi”,— dedi.

Shuning uchun seni otangdan tiladim. Ana ot, ana tilla, ana qoʻrgʻon, qoʻy-u qoʻrxona, ana mol. Hammasini ola ber. Faqat shu Xonoyimni olib kelib ber, — debdi. Erkenja devning talabini bajarmoqchi boʻlibdi. Devning xazinasini olib, Xonoyim yashagan mamlakatni axtaribdi. Olti kecha-olti kunduz yoʻl tortib, yoʻlda bir qoʻsh haydayotgan dehqonni koʻrib:— Hormang, ota, — debdi.Dehqon:— Bor boʻling, — debdi.Erkenja:— Nima ekmoqchisiz?

— debdi.Dehqon:— Ey, joʻra, shu yerni yetti yildan beri haydayman, hech narsa koʻkarmaydi, — debdi. Erkenja:— Yerni haydaganda urugʻ sepib haydaysizmi?

— debdi. Dehqon:— Urugʻ sepmay haydayman, shuning uchun koʻkarmas ekan-da. Ey, oshna, men bu ishni qoʻyay, bir nonga toʻydirsang, senga yoʻldosh boʻlay, — deb hoʻkizini haydab yuboribdi. Ikkovi uch kecha-uch kunduz yoʻl yurib, bir joyda qoʻy boqayotgan bir choʻponni uchratibdi. U qoʻyini soʻyib, qozonga solib qovurib, yerdan qum olib ustiga sepayotgan ekan.Bu ahvolni koʻrgan Erkenja:— Ey, choʻpon, goʻshting-ku juda yaxshi, ustiga sepayotganing nima?

— debdi.Choʻpon:— Sepayotganim tuz, — debdi.Erkenja:— Tuz bunday boʻlmaydi, — debdi.Choʻpon:— Tuz qanday boʻladi?

— debdi.Erkenja:— Oq, yirik-yirik, dumaloq boʻladi, — debdi.Choʻpon:— Ey, oshna, unday boʻlsa bir tuzga toʻydir, senga yoʻldosh boʻlay, — deb mollarini haydab yuboribdi. Uchovi kecha-kunduz piyoda yoʻl yuribdi.Uchovi kelayotsa, bir mushuk kalamushni quvlab kelayotgan ekan, ikkovi ham charchab qolibdi. Erkenja “Shu jonivorni ozod qilay!” deb xanjarini olib mushukka uribdi. Mushuk ikki boʻlinib ketibdi.

Kalamush ozod boʻlgandan keyin:— Ey, Erkenja, tila tilagingni, berayin, — debdi.Erkenja:— Sen bir kalamush boʻlsang, sendan nima tilayman, — debdi.Kalamush:— Men jami kalamushlarning podshosiman. Bir yildan beri mana shu mushuk tinchlik bermasdi. Meni mushukdan qutqarding. Men senga yordam qilishim kerak. Boshingga biror mushkul ish tushganda kerak boʻlarman, — deb junidan ozgina yulib beribdi.Erkenja kalamushning junini bir qutichaga solib qoʻyibdi. Uchovi yana yoʻl yurishibdi.

Bir joyga borishsa, gʻing-gʻing deb tovush chiqaveribdi. Borib qarasalar, oʻrgimchak uyasiga bir chivin ilinib qolgan ekan. Oʻrgimchak chivinni olib yeyman desa, oʻrgimchak ini yonida turgan chigirtka chivinni oldirmay qoʻrib turganmish. Jonivor chivin shunday qilib oʻrtada halok boʻlay deyotganmish. Erkenja buni koʻrib:— Ey, jonivor, seni ham ozod qilayin, — deb oʻrgimchakni oʻldiribdi. Chivinni avaylab qoʻliga olibdi.Shunda chivin:— Ey, Erkenja, shu balodan meni ozod qilganing uchun bir yordam qilishim kerak.

Tila tilagingni, — debdi.Erkenja:— Sen bir kichkina chivin boʻlsang. Men sendan nima tilay, — debdi.Chivin:— Mana shu tuzoqqa ilinganimga bir yil boʻldi. Men jami chivinlarning podshosiman. Mana, boshingga biror mushkul ish tushgan vaqtda shuni kuydirsang hozir boʻlurman, — deb qanotining uchidan gartdak qirqib beribdi. Erkenja uni ham bir qutichaga solibdi. Chigirtka ham ozod boʻlibdi.

U ham “Tila tilagingni” debdi.Erkenja:— Oʻzing bir kichkina chigirtka boʻlsang, men sendan nima tilay, — debdi.Chigirtka:— Men jami chigirtkalarning podshosiman.

Shu chivinni oʻrgimchakka oldirmay, bir yildan beri qoʻrib turibman. Sen meni ozod qilding. Agar boshingga biror mushkul ish tushsa, mana shu tukimni tutatsang hozir boʻlurman, — deb tukidan yulib beribdi. Erkenja uni ham qutichaga solib ketaveribdi.Uchovi yoʻl yurib, bir daryo yoniga kelishibdi. Qarashsa, bir qumursqa daryoni yoqalab oʻta olmay ovora boʻlib yurganmish.

Erkenja uni koʻrib, “Jonivor daryodan oʻtolmay yuribdi, shuni ham oʻtqazib qoʻyay”, deb qumursqani qoʻliga olib daryodan oʻtkazib qoʻyibdi.Qumursqa:— Ey, Erkenja, shu daryodan oʻta olmaganimga yetti yil boʻldi. Sen meni oʻtkazib qoʻyding. Men qumursqalarning podshosi boʻlaman. Boshingga biror mushkul ish tushib qolsa, mana bu tutatqini ol, uni tutatsang hozir boʻlaman, — deb sixidan ozgina yulib beribdi. Erkenja uni ham qutiga solib joʻnabdi.

Yoʻl yurib bir katta toʻqayga borishsa, bir narsaning ovozi chiqayotganmish.Erkenja joʻralariga:— Sizlar shu yerda turinglar, men bir xabar olib kelay, — deb ovoz kelgan tomonga ketibdi. Borib qarasa, bir yoʻlbars, qamishning shiydasi oyogʻining ostidan kirib, betidan chiqib yotganmish. Yoʻlbars oyogʻining ogʻrigʻiga chiday olmay azoblanib yotgan ekan.Erkenja:— Ey, jonivor, seni shu azobdan qutqaray, — debdi.Yoʻlbars:— Qanday qutqarasan?

— debdi.Erkenja:— Oyogʻing tagidan yerni kovlab kiraman, qamishning tagidan qirqib, shiydani sugʻurib olaman, — debdi.Yoʻlbars:— Qanday qilsang ham ol, jon shirin, — debdi. Erkenja yerni kovlab kirib, oyogʻi tagidan shiydani sugʻurib olibdi. Yoʻlbars oyogʻining ogʻrigʻiga chiday olmay, oh uribdi.

Shu on toʻqaydan uchta yoʻlbars bolasi yetib kelibdi.Yoʻlbars Erkenjaga:— Men jamiki yoʻlbarslarning podshosiman. Yetti oy tortgan azobimdan sen meni qutqarding. Tila tilagingni, men beray, — debdi.Erkenja:— Menga shu kichkina sherbachchangni ber, — debdi. Yoʻlbars kichik bolasini beribdi. Erkenja yoʻlbars bolasini olib ikkita yoʻldoshi bilan joʻnabdi. Uchovi piyoda uch oy yoʻl tortib, Turkiston mamlakatiga yetibdi. Shaharga borib, bir kampirdan uning uyida bir kecha yotishni soʻrabdi. Kampir joy beribdi. Erkenja erta bilan turib qarasa, odamlar bir oʻlikni koʻtarib ketayotibdi. Uyiga kirib, kampirdan:— Bu qanday janoza?

— debdi.Kampir:— Ey, oʻgʻlim, buni soʻramang ham, kuymang ham, podshohimizning bir chiroyli qizi bor. Podsho shart qoʻygan, kim shu shartni bajarsa oʻshanga qizini beradi. Uning shartlari shunday, namozshomdan erta azongacha yuz botmon nonni yeyish, yuz botmon tuzni yalash, yuz tulum qatiqni ichish, uch yuz botmon tariq va bugʻdoy bilan arpani aralashtirib sepib, bugʻdoyini bugʻdoyga, arpasini arpaga, tarigʻini tariqqa ajratish, yuz botmon keladigan yerdagi yoʻngʻichqani yeyish, bir choshkalik yerdan lahim qazib qoʻrgʻonga kirish yoʻlini toʻsib yotgan yakchashmani oʻldirish.

Mana, oʻgʻlim, podshoning shu shartlarini bajara olmay, qancha-qancha yigitlar oʻlib ketyapti… Har kuni azonda shu yigitlarning janozasi boʻladi, — debdi.Erkenja:— Momo, shu shartlarni biz bajaramiz, podshoga xabar bering,— debdi. Kampir podshoga borib xabar beribdi. Podsho bu shartlarni bajarish uchun oqshomdan azongacha muhlat beribdi.Momo kelib:— Ey, oʻgʻlim, gʻayrat qil, hamma narsa tayyor, — debdi. Erkenja yoʻldoshlari bilan ketmon olib borib lahim kovlay boshlabdi.

Ancha vaqtgacha kovlab qarasalar, ozgina yerni kovlashibdi.

Shu vaqt kalamush esiga kelib, qutichadan kalamushning junini olib tutatibdi.

Shu zahoti yer tegidagi kalamushlarning hammasi yigʻilib kelibdi.Erkenja:— Ey, kalamushlar, azongacha shu yerdan podshoning qoʻrgʻonigacha lahim qazinglar, — debdi. Chivinning qanotini tutatibdi.

Shu zamon jami yerning chivini yigʻilib kelibdi. Erkenja ularga “Yuz tulum qatiq sizniki, azongacha shuni ichib tamom qilasizlar”, debdi. Yana qutichadan chigirtkaning sixini olib kuydiribdi. Jami chigirtkalar yigʻilib kelibdi. Erkenja: “Yuz botmon yerdagi yoʻngʻichqani azongacha yeb tamom qilinglar!” debdi. Yana bir qutichadan qumursqaning sixini olib tutatibdi. Jamiki yer yuzidagi qumursqalar yigʻilib kelibdi. Erkenja ularga ham “Yuz botmon tariq, yuz botmon arpa, yuz botmon bugʻdoyning hammasi qoʻshilgan.

Erta azongacha bugʻdoyini bugʻdoyga, tarigʻini tariqqa, arpasini arpaga ajratasizlar!” debdi.Erkenja bir yoʻldoshiga:— Meni bir nonga toʻydir, degan edingiz, mana shu yuz botmon non sizniki, azongacha yeb tamom qiling!

— debdi. Choʻponga: ”Sen tuzga toʻydir, degan eding. Mana shu yuz botmon tuz seniki. Azongacha yeb tamom qilasan”, debdi. Sherni chaqirib: ”Ey, jonivor, sen azongacha yak-chashmaning ilojini qilasan. Devning ilojini esa men qilaman”, debdi. Erta tong otibdi, kalamushlar lahim kovlabdi, chivinlar yuz botmon qatiqni ichibdi, chigirtkalar bedani yebdi. Qumursqalar uch yuz botmon, chumolilar yuz botmon bugʻdoy, arpa va tariqni ajratibdi. Dehqon yuz botmon nonni yebdi, choʻpon yuz botmon tuzni yalabdi.

Sher yakchashmaning ilojini qilibdi. Erkenja ularning hammasiga javob berib yuboribdi. Erta tong otibdi. Turkiston shahrining xalqi qarasa, podshoning hamma sharti bajarilibdi. Xonoyim ham bu shartlarning bajarilganligini koʻrib, “Shu yigitni bir koʻray” deb, momoning oldiga kelibdi.Momo:— Ey, qizim, shu ishlarni bajargan yigit mana shu, — deb Erkenjani koʻrsatibdi.Xonoyim:— Ey, Erkenja, dev seni tushida koʻrib, otangdan soʻrab olgan. Shartlarimni bajarib, meni devga olib ketyapsan.

Dev ham murodiga yetdi, men ham murodimga yetdim, sen ham murodingga yet. Men devniki. Mana bu otamning mamlakati seniki boʻlsin, — debdi.Erkenja shu mamlakatga dehqonni podsho, choʻponni bek qilibdi. Sherbachchaga “Ey, jonivor, onangning oldiga bor!” deb, javob berib yuboribdi.Xonoyim bir tilsim duosini oʻqishi bilan bir sandiq tayyor boʻlibdi. Xonoyim Erkenjani sandiqqa solib, sandiqni qoʻltigʻiga olib parvoz qilib, devning makoniga boribdi.

Qarasa, dev bir qulogʻini yopinchiq, bir qulogʻini toʻshanchiq qilib yotgan emish. Xonoyim Erkenjani sandiqdan chiqarib olibdi. Devga qarab:— Ey, dev, — debdi. Dev Xonoyimning tovushini eshitishi bilan xursand boʻlibdi. Dev Erkenjaga koʻp mol-u dunyo berib joʻnatibdi.Erkenja necha kunlar yoʻl tortib, yetti yil toʻlganda otasining qoʻrgʻoniga boribdi. Erkenja ota-onasi va qalligʻi bilan soʻrashibdi, qaytadan toʻy-tomoshalar qilib, murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!