← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunTabiatOilaQisqa

Ikki qargʻa

226 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan. Bir oʻrmonda ikki qargʻa yashar ekan. Ular ovqat topishga erinib, hiyla oʻylashibdi.

Shunda bir qargʻa ikkinchi bir qargʻaga: — Men hiyla oʻyladim, oʻsha hiylani ishlatsak, biz tekin ovqatlanib yotaveramiz, — debdi. Qargʻa:— Bir-birimizning patimizni bir dona qoldirmay yulamiz.

Shunda biz yosh qushchalar boʻlib qolamiz. Bir qushning iniga boramiz, uning tuxumlarini olib tashlab, joyiga oʻtiramiz. Ona qush kelib “bolam” deb bizni ovqatlantiraveradi, — debdi. Ikkinchi qargʻa:— Mayli, — debdi.

Keyin ikki qargʻa bir qush iniga borib, bir-birining patlarini yulib, qip-qizil goʻshtga aylanibdilar. Indagi tuxumlarni olib tashlab, oʻrniga oʻtiribdilar. Oʻz iniga kelgan qush ikkinchi qushga:— Mana, bolalarimiz ham tuxumdan chiqibdi, — debdi. Ular har xil ovqatlar keltirib beraveribdilar.

Bir necha kundan keyin ikki qargʻadan asta-sekin pat chiqa boshlabdi.

Shunda ular yana bir-birlarining patlarini olib tashlabdilar. Buni koʻrgan qush “bolalari”ga:— Endi hech yerda ovqat qolmadi.

Endi oʻzlaringiz oʻzlaringizga ovqat topinglar, — debdi.

Shunda ular qushga qarab:— Bizlar ovqat bor joyni bilamiz.

Shu soylikdan boraversangiz, bir boqqa borasiz, u yerda har xil qurt-qumursqalar koʻp, — debdilar.

Shunda qush ikkinchi qushga:— Bizning bolalarimiz yosh boʻlsa ham hamma joyni biladilar-a, — debdi.

Shundan keyin qushlar u yerdan ham ovqat keltirib beribdilar. Kunlar ketidan kunlar oʻtibdi.

Bir kuni oʻrmonda qayerdandir oʻt chiqibdi. Oʻrmon yona boshlabdi.

Shunda hamma qushlar oʻzlarini qutqarib uchib ketibdilar. Bu ikki qargʻa esa patsizlikdan ucholmay, qilgan ishidan pushaymon boʻlib, olovda jizgʻanak boʻlib kuyib qolibdilar.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!