Dunyo birinchi marta barpo boʻlganda Xudo har xil hayvonlar va odamlami yaratibdi, ularga yeydigan ovqatlarigacha aytib beribdi. U eng keyin ilonni yaratibdi, unga:— Sen oʻzing mehnat qilib oʻz rizqingni oʻzing top, — debdi.
Lekin ilon koʻnmabdi:— Men, — debdi ilon, — mehnat qilmay yeyman, oʻzing eng yaxshi goʻshtlarni topib berasan, — debdi. Xudo unga aytibdi:— Boʻlmasam sen oʻzing borib hamma hayvon va odamlarning goʻshtidan yeb koʻr va qaysisining goʻshti senga yoqsa menga kelib aytasan.Ilon borib hamma hayvonlarning goʻshtidan yeb koʻribdi. Unga odamni goʻshti juda yoqib qolibdi. Odam goʻshti shirin ekanda. U Xudoning oldiga kelayotib, osmonda uchib kelayotgan qaldirgʻochni koʻrib qolibdi. Uning ham goʻshtini yeb koʻrmoqchi boʻlibdi.
Lekin qaldirgʻoch oʻz goʻshtini yedirmabdi. Ilon yaqinlashib ogʻzini ochganda, tilini choʻqib olibdi. Va uchib ketibdi. Ilon tilsiz boʻlib qolibdi. U Xudoning oldiga kelib, odam goʻshti shirinligini aytmoqchi boʻlibdi, lekin tili boʻlmaganidan gʻuldirab aytolmabdi. Xudo esa:— Bor baqalarni yeyaver, — debdi.
Shunda ilon yana gʻuldirabdi. Xudo ilonni dumidan ushlab suvga uloqtirib yuboribdi.
Shundan beri ilon baqa, baliq kabi hayvonlarni yeb tirikchilik qilar emish.Qaldirgʻoch qilgan bu yaxshiligi uchun ota-bobolarimiz uni uylarida saqlar, unga uyachalar yasar va unga ozor bermas ekanlar.