← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarTabiatOilaTijorat

Ur, toʻqmoq

878 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir kampir bilan bir chol bor ekan. Ular ovchilik bilan kun oʻtkazar ekanlar.

Bir kun chol tuzoq poylab oʻtirgan ekan, tuzoqqa katta bir laylak tushibdi. Yugurib borib laylakni tuzoqdan chiqaribdi, laylak odamdek soʻzlamoqqa boshlabdi:— Chol, men laylaklarning boshligʻiman, meni qoʻyib yubor, nima tilasang shuni beraman. Mening makonim shu qarshidagi togʻning orqasida. «Laylakvoyning uyi qayerda», desang, hamma aytib beradi, — debdi.Chol laylakni qoʻyib yuboribdi. Ertasiga ertalab turib, Laylakvoyning sovgʻasini olib kelish uchun yoʻlga tushibdi. Yurib, yurib bir joyga borib yetibdi. Qoʻy boqib yurgan choʻponlardan:— Bu qoʻylar kimning qoʻyi?

— deb soʻrabdi.

— Bu qoʻylar Laylakvoyning qoʻyi, — deb choʻpon cholni yoʻlga solib yuboribdi. Bir joyga borib yilqi haydab yurgan yilqichidan:— Bu yilqilar kimniki?

— deb soʻrabdi chol. Yilqichi:— Laylakvoyniki, — debdi.

— Laylakvoy menga sovgʻa vaʼda qilib edi, nima soʻray?

— degan ekan, yilqichi bunday debdi:— Laylakvoyning bir xumchasi bor, «qayna, xumcha» desa, tilla qaynab chiqadi, shu xumchani soʻra, — debdi.Chol oz yurib, koʻp yurib, koʻp yursa ham choʻl yurib, yetti kecha-yu, yetti kunduz deganda Laylakvoyning uyiga borib yetibdi. Eshikdan kirib:— Assalomu alaykum, — debdi. Laylakvoy:— Hap saloming boʻlmasa, taʼziringni berardim. Sen sovgʻa uchun kelgan boʻlsang kerak, qani, nima soʻraysan?

— debdi.

— Men sizdan: «Qayna, xumcha»ni soʻrayman, — debdi chol. Laylakvoy oʻylab qolibdi:— Chol, senga bir tilla tovoq beray, — desa ham chol koʻnmabdi. Axir «Qayna, xumcha»ni berishga rozi boʻlibdi. Chol «Qayna, xumcha»ni olib joʻnabdi. Yoʻl yurib, choʻl yurib, bir joyga yetibdi. Dam olish uchun oʻtiribdi. Qishloqning bolalariga qarab: «Oʻgʻillarim, mana bu xumchaga qarab turinglar.

Men bir oz mizgʻib olay, faqat «qayna, xumcham», demanglar», deb tayinlabdi.Bolalar: «Qayna, xumcham», deb baqirishgan ekan, xumdan tilla qaynab chiqibdi, shoshib-pishib, bolalar tillalarni yigʻib olishibdi-da, xumni uylariga olib kirib bekitib qoʻyibdilar. «Qayna xumcha»ning oʻrniga boshqa bir xumchani olib kelib oʻtiribdilar. Chol uyqudan turib xumchani olib joʻnabdi. Yetti kecha-yetti kunduz yoʻl yurib, uyiga yetib kelibdi.

U:— Qani, kampir, dasturxonni yoz, hozir tillaga boy boʻlamiz, — debdi.Kampir dasturxonni yozibdi, dasturxonning oʻrtasiga xumchani qoʻyib, chol bor kuchi bilan: «Qayna, xumcham», deb baqiribdi. Xumchada tilla qaynab chiqmabdi, chol yana baqiribdi, tilla qaynamabdi. Cholning jahli chiqib: «Ha, padaringga laʼnat, Laylakvoy, aldab boshqa xumcha beribdi. Ertaga borib boshqa sovgʻa soʻrayman», deb qoʻyibdi.Ertasi saharlab chol yoʻlga chiqibdi. Yilqichining oldiga borib:— Laylakvoy meni aldadi, endi nima sovgʻa soʻray?

— debdi.Yilqichi oʻylab turib:— «Ochil, dasturxon»ni soʻrang, dasturxonni yozib, «Ochil, dasturxon», desangiz har xil taomlar tayyor boʻladi, — debdi.Chol Laylakvoyning eshigidan kirib:— Assalomu alaykum, — debdi.Laylakvoy:— Hap saloming boʻlmasa, taʼziringni berardim. Oʻtgan gal senga «Qayna, xumcha»ni berib edim, koʻngling toʻlmadimi?

— debdi. Chol hamma voqeani aytib:— Meni aldading, «Qayna, xumcha»ning oʻrniga boshqa xumcha beribsan, endi sendan «Ochil, dasturxon»ni soʻragani keldim, — debdi.Laylakvoy oʻylab qolibdi. «Ochil, dasturxon»ni cholga sovgʻa qilibdi.Chol yoʻlga tushibdi. Oz yurib, koʻp yurib, oʻtgan gal dam olgan qishloqqa borib yetib, oʻzi tanish boʻlgan bolalarni koʻribdi.

— Oʻgʻillarim, mana shu dasturxonni olib oʻtiringlar. Men bir oz mizgʻib olay, faqat «ochil, dasturxon», demanglar, — deb ularga tayinlabdi. U ketgandan soʻng bolalar: «Ochil, dasturxon», deb baqirgan ekanlar, yetti xil taom tayyor boʻlibdi. Bolalar taomlarni oʻrab, dasturxonni uylariga olib kirib, oʻrniga boshqa dasturxon olib chiqib oʻtiribdilar. Chol qaytib kelib dasturxonni olibdi, yoʻlga tushibdi. Uyiga kelib:— Kampir, nima taom desang, hozir tayyor boʻladi, — deb dasturxonni yozibdi.

«Ochil, dasturxon», degan ekan, hech qanday taom chiqmabdi. Cholning joni chiqib:— Laylakvoy meni ikkinchi marta aldadi, ertaga borib boshqa bir sovgʻa soʻray, — debdi.Ertasi saharlab chol yoʻlga chiqibdi. Yilqichining oldiga borib:— Endi Laylakvoydan nima soʻray?

— debdi.

— Endi Laylakvoydan «Ur, toʻqmoq»ni soʻrang, dushmaningiz koʻpga oʻxshaydi, agar «Ur, toʻqmoq», desangiz oldingizda kim boʻlsa, urib tashlaydi, — debdi yilqichi.Chol yoʻlga tushibdi, eshikdan:— Assalomu alaykum, — deb kiribdi. Laylakvoy:— Hap saloming boʻlmasa, taʼziringni berardim. Yana pima uchun kelding? «Qayna, xumcha»ni olding, «Ochil, dasturxon»ni olding, yana nima kerak?

— debdi.

— Meni bu gal ham aldading, Laylakvoy. «Ochil, dasturxon» oʻrniga boshqa bir dasturxon beribsan.

Endi sendan bir narsa soʻrayman, menga «Ur, toʻqmoq»ni ber, — debdi. Laylakvoy cholga «Ur, toʻqmoq»ni hadya qilibdi.Chol «Ur, toʻqmoq»ni olib yoʻlga tushibdi. Oz yurib, koʻp yurib avvalgi oʻzi bilgan qishloqqa borib yetibdi. Tanish bolalarni chaqiribdi:— Oʻgʻillarim, mana bu toʻqmoqni ushlab turinglar, men bir oz mizgʻib olay, faqat «Ur, toʻqmoq», deb gapirmanglar, — debdi.U ketgandan soʻng bolalar qiziqib: «Ur toʻqmoq», deb baqirishgan ekan, toʻqmoq hammasini ura boshlabdi. Bolalarning baqirgani uchun chol yugurib kelibdi.

Bolalar boʻlsa, yigʻlashib:— Jon ota, toʻqmoqni toʻxtating, biz sizning xumchangizni, dasturxoningizni olib, oʻrniga boshqa xumcha, boshqa dasturxon qoʻygan edik, tavba qildik, ota, toʻqmoqni toʻxtating, — deyishibdi.Chol: «Tur, toʻqmoq» deb baqirgan ekan, toʻqmoq urishdan toʻxtabdi. Bolalar yugurib borib uylaridan «Qayna, xumcha» bilan «Ochil, dasturxon»ni chiqarib beribdilar, chol yoʻlga tushibdi. Oz yurib, koʻp yurib, koʻp yursa ham moʻl yurib, koʻl demay, choʻl demay yetti kecha-yetti kunduzda uyiga borib yetibdi.«Qayna, xumcha»

degan ekan, xumchadan tilla qaynab chiqibdi. «Ochil, dasturxon», degan ekan, har xil taomlar muhayyo boʻlibdi. Umrilarida koʻrmagan taomlarni yeb, chol bilan kampir xursand boʻlibdilar.Tillalarga chol yaxshi uy soldiribdi va xonni uyiga mehmondorchilikka chaqirgan ekan, xon: «Men xon boʻlsamu, oʻsha kambagʻal, qashshoq cholning uyiga mehmondorchilikka boramanmi», deb bormabdi.Cholning jahli chiqib xonni urushga chaqiribdi.

Ertasiga xon yetti ming askarni tayyorlab, cholning uyi oldiga tizib:— Qani, chol, joning boʻlsa urushga chiq!

— debdi. Chol eshikdan chiqib toʻqmoqqa qarab:— Ur, toʻqmoq!

— deb baqirgan ekan, toʻqmoq hamma askarlarni bittadan urib yotqizib qoʻyibdi, oxirida toʻqmoq xonni ura boshlabdi.Xon:— Chol, toʻqmogʻingni toʻxtat, sen yengding, meni oʻlimdan olib qol, yurtga sen hokim boʻla qol, — debdi.Chol toʻqmoqni toʻxtatibdi. Oʻzi yurtga hokim boʻlibdi. Murodi maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!