← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarTabiatOilaTijorat

Oltin tarvuz

503 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, oʻtgan zamonda bir kambagʻal dehqon bor ekan. Uning atigi bir tanobgina yeri bor ekan. Dehqon shu yerda kechayu kunduz tinmay mehnat qilib kun koʻrar ekan. Bahor kelib qolibdi. Dehqon yer hayday boshlabdi. Yerni ikki marta haydab boʻlib, yaqinidagi katta soyning boʻyida salqinlab oʻtirsa, osmonda uchib ketayotgan bir laylak yiqilib tushibdi. Dehqon qarasa, laylakning qanoti siniq emish.

Dehqon haligi laylakni darrov uyga olib borib, siniq qanotiga taxtakach bogʻlab bir qancha vaqt uni boqibdi. Laylak sogʻayib, uchib ketibdi.Bir kun dehqon chigit ekib yursa, laylak pastlab uchib oʻtibdi. Dehqon esa chigitni ekaveribdi.

Biroq laylak yana pastlab oʻtibdi.

Shu oʻtishda uch dona tarvuz urugʻi tashlab ketibdi.Bir necha kundan keyin chigit bilai baravar tarvuz urugʻi ham unib chiqibdi. Ekinni vaqtida oʻtabdi, sugʻoribdi, chopibdi.

Shunday qilib, hosilni yigʻadigan payt ham kelibdi.

Bir kuni tarvuzdan uchtasini uzib, uyiga olib ketibdi. Tarvuzlar juda katta ekan. Dehqon oʻzining yaqin karindoshlarini va oshna-ogʻaynilarini mehmon kilib chaqiribdi. Bir mahal tarvuzga pichoq ursa, pichoq sira botmas emish. Uni qoʻyib ikkinchisini soʻymoqchi boʻlibdi, pichoq oʻtmabdi, uchinchisi ham shunday boʻlibdi. Dehqon ham, mehmonlar ham hayron boʻlishibdi. Yerga bir urib yorib qarasalar ichi toʻla tilla emish. Qolgan ikkitasini ham yorib koʻrishibdi. Ularning ichi ham tilla emish.

Kambagʻal sevinib ketib, hammasini mehmonlarga ulashibdi, ular ham xursand boʻlib, uy-uylariga tarqabdilar. Uch tup tarvuzning har biri oʻntadan solgan ekan. Dehqon qolgan tarvuzlarni ham yigʻib olibdi.

Shunday qilib kambagʻal dehqon juda boyib ketibdi.Uning bir boy dehqon qoʻshnisi bor ekan. U haligi kambagʻal dehqondan: «Sen nima qilib boyiding?» deb soʻrabdi.Dehqon voqeani aytibdi: «Qoʻshni, mening yerimni oʻzingiz bilasiz. Erta bahordan yerni haydashga kirishdim.

Bir kun charchab, soy boʻyida salqinlab oʻtirsam, osmonda uchib ketayotgan bir laylak yiqilib tushdi. Qarasam bir qanoti singan ekan. Rahmim kelib, koʻtarib uyga olib keldim. Qanotini taxtakach bilan bogʻlab, dori-darmon bilan parvarish qildim, boqdim. Laylak bir necha kundan keyin tamom sogʻayib uchib ketdi.

Kunlardan bir kun yer haydab boʻlib, chigit ekib yursam, haligi laylak tepamdan uchib oʻtdi. Ishimni qilaverdim. Bir ozdan keyin laylak orqasiga qaytdi. Qaytishda pastlab uchib yerga uch dona tarvuz urugʻi tashlab oʻtdi. U urugʻlar yerdan unib chiqdi. Uni gʻoʻzalarim bilan baravar parvarish qila berdim. Tarvuzlarni soʻysam, ichidan tilla chiqdi.

Shunday qilib boyib ketdim», — debdi.Buni eshitgan boy dehqon: «Zora men ham shunday oltinlarni qoʻlga kiritsam», deb soyga borib turibdi. Bir vaqt boy nariroqda bir laylakni koʻribdi. U sekin borib, poylab turib laylakning oyogʻiga tayoq otibdi. Laylakning oyogʻi sinib, ucholmay qolibdi. Boy darrov uni tutib, uyga olib kelibdi, oyogʻiga taxtakach bogʻlab, parvarish qilibdi.

Bir necha kundan keyin laylakning oyogʻi tuzalib uchib ketibdi. Boy dehqon har kuni dalaga chiqib, laylakni kutaveribdi. Kunlarning birida uning tepasidan tanish laylak oʻta turib ikki dona urugʻ tashlab ketibdi. Urugʻi koʻkarib chiqib tarvuz solibdi. Tarvuz pishishi bilan boy dehqon hamma qarindosh-urugʻini mehmonga chaqiribdi. Tarvuzga pichoq urgan zamon ichidan katta-katta qovoq arilar chiqib, oʻtirganlarni talay boshlabdi. Boy tura solib ularni haydamoqchi boʻlganda, arilar uni boshi demay, yuzi demay chaqib tashlayveribdi.

Oradan sal oʻtgach, boyning kallasi, burni, lablari shishib ketibdi. Buning alamiga chidolmay, oʻzini katta suvga tashlab choʻkib ketibdi.Kambagal dehqon halollik bilan murodiga yetibdi, boy dehqon oʻz qilmishiga yarasha jazosini tortibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!