Bir zamonda bir echki uydan chiqib, qirning boshida oʻtlab yurgan vaqtida boʻri kelib echkini tutib, yemoqchi boʻlibdi. Echki qarasa, qoʻlga tushdi, endi oʻladi. Echki oʻzicha fikr qilib turib: “Bunga bir miyani ishlatmasam hozir oʻlaman”, — oʻylagancha, boʻriga taʼzim qilibdi.
— Ha, taqsir, xush keldingiz. Onamdan tugʻilganimdan beri oʻtlab yurganimda, boʻri meni tutib olib yesa, deb orzu qilar edim. Alhamdulilloh, orzuyimga yetishdim. Armon bilan ketmay, sizni hofiz deb eshitar edim. Meni yeyishdan oldin ashula qilib bersangiz. Undan keyin meni yesangiz mayli, — debdi.Boʻri oʻzicha fikr qilibdi: “Men uni hozir yemoqchi edim, meni kim hofiz, deb aytdi ekan. Xayr, shuni ham sazasi oʻlmasin”, debdi va yerga oʻtirib, osmonga qarab hofizligini boshlabdi.
Shunda qishloqdagi itlar boʻrining tovushini ilgʻab, chiqib yugurishib qolishibdi. Ular boʻrini oldiga solib, quvib ketishibdi.
Shu tadbir bilan echki oʻlimdan qutulib qolibdi. Ikki kalima soʻzni boʻridan eshiting.Boʻri bir baland togʻning ustiga chiqib, itlar qaytib ketganidan keyin oʻziga-oʻzi: “Mening hunarim qassoblik edi. Menga kim qoʻydi hofizlikni”, deb oʻziga dashnom beribdi.