Qadim zamonda bir podsho oʻtgan ekan.
Kunlardan bir kun podsho oʻz eliga ikkita savol beribdi.
— Shirindan shirin nima? Achchiqdan achchiq nima?Podsho bu savolni yechish uchun odamlarga qirq kun muhlat beribdi: «Agar hech kim savolni yecha olmasa, yurtga qirgʻin solaman», debdi. Bu savolga hech kim toʻgʻri javob topa olmabdi. Podsho zulmidan qoʻrqqan xalq boshqa tomonlarga qarab qochib keta boshlabdi.Shu mamlakatda bir kambagʻal chol qizi bilan kun kechirar ekan. Koʻchadagi shovqinlarni eshitib, qiz tashqariga chiqib qarasa, odamlar toʻp-toʻp boʻlib qochib ketyapti. Qiz ulardan nima sababdan qochayotganliklarini soʻrabdi.
Shunda qochayotganlardan biri shunday debdi: «Podsho butun xalqqa savol bergan. Savolini yechish uchun qirq kun muhlat qoʻygan. Agarda hech kim yecholmasa, yurtga qirgʻin soladi».Shunda qiz otasini chaqirib, unga:— Otajon, siz podshoning oldiga borib savolini yeching va yurtni zulmdan qutqaring. Birinchi savolga:— Shirindan shirin — bola shirin. Ikkinchi savolga: Achchiqdan achchiq — oʻlim achchiq, deng, — debdi.Chol podshoning oldiga borib, savoliga javob beribdi. Podsho choldan kim aytganini soʻrabdi.
Chol oʻz qizining aytganini maʼlum qilibdi. Chol qizining donoligiga podsho hayron qolibdi. Qizning donoligini yana sinash uchum podsho odamlariga: «Borib ayt, oʻsha qiz hoʻkizni bolalatib bersin», — debdi. Bir qancha kundan keyin podsho odamlari qizning oldiga kelib: «Hoʻkizni bolalatdingmi?» deb soʻrabdilar.
Shunda qiz: «Dadam hammomga tuqqani ketgan, kelsa javobini aytaman», debdi. Kelgan odamlar qah-qah urib kulishib: «Hech vaqt erkak kishi ham tugʻadimi?» deganda, qiz: «Hoʻkiz bolalaganda, nima uchun erkak kishi tugʻmasin?» deb odamlarni mot qilibdi.Bu gapni odamlar podshoga aytib beribdilar. Podsho qizning aqlliligiga qoyil qolibdi va qirq kechayu qirq kunduz toʻy-tomosha berib qizga uylanibdi.Kunlarning birida podsho ovga ketibdi. Darvozaning oldida odamlarning janjallashayotgan tovushi qizning qulogʻiga eshitilibdi. Qiz qarasa, ikkita qoʻychivon mojaro qilib turgan ekan.
Shunda qiz ulardan janjalning sababini soʻrabdi. Har ikkisining ham ikkiqat qoʻyi bor ekan.
Kechqurun bittasining qoʻyi tugʻib, ikkinchi qoʻyning tagiga yotib olibdi. Qiz ikkovining mojarosini toʻxtatib turganda podsho kelib qolibdi. Xotinining koʻchaga chiqib turganini koʻrib, gʻazablanibdi va saroydan xohlagan narsasini olib otasining oldiga joʻnashini aytibdi.
Shunda qiz ketmasdan turib, podsho bilan oxirgi marta oʻtirish qilib, ziyofat berishni soʻrabdi. Podsho rozi boʻlibdi.Qiz xilma-xil nozu neʼmatlarni podshoning oldiga qoʻyib, rosa ichiribdi.
Shunda podsho mast boʻlib, yotib qolibdi. Qiz soyabon aravaga podshoni yotqizib, aravakashga bozorlarni aylantirib yurishni aytibdi. Bir vaqt podsho koʻzini ochib qarasa, xotini bilan aravada bozorlarni aylanib yurgan emish.
Shunda podsho xotinidan:— Nima uchun meni bunday qilib olib yuribsan?
— deb soʻrasa, u shunday debdi:— Ey podshohim, oʻzingiz uydan xohlagan narsangni olib, otangnikiga ket, dedingiz. Uy ichidan xohlaganim siz edingiz, endi uyga olib ketyapman, — debdi.Podsho qizning donoligiga, aqlliligiga qoyil qolib, u bilan yana turmush kechiravergan ekan.