← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
DonishmandlikBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatAdolatAql-zakovatTabiatOilaTijorat

Dono xotin

779 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda bir podsho boʻlgan ekan. Uning yomon bir xotini bor ekan. Oʻzi tugʻmas ekan, podsho boshqa xotin olay desa qoʻymas ekan. Qitmir, badkirdor ekan. Yuzi oq boʻlsa ham ichi qora ekan, undan koʻplarning koʻngli yara ekan. Podshoning oʻlgan xotinidan bir qiz qolgan ekan. Qiz podshoning yakka-yu yagona farzandi boʻlsa ham uni yomon koʻrar ekan. «Qiz bola-tuz bola», deb qizini xafa qilaverar ekan. Lekin podshoning qizi juda chiroyli, dono va chevar ekan. Qiz podshoga koʻp aqlli gaplarni aytar ekan, lekin podsho xotinining soʻziga kirib, qizining gapiga quloq solmas ekan, bir gapda turmas ekan. Qizi olim ekan, podsho zolim ekan.Kunlardan bir kun podsho kayf-safo qilib oʻtirgan ekan, birdan hovuz boʻyidagi qaramon  tepasiga chiroyli bir qush kelib qoʻnibdi. Keyin podsho tomonga qichqirib, sayray beribdi. Podsho odamlariga shu qushni tutinglar, deb buyruq beribdi. Biroq hech kim tuta olmabdi. Qush uchib ketib yana aylanib kelibdi-da, yana haliginday qichqirib, sayrabdi. Podsho vazirlariga:— Qush nima deyapti, shuni aytib berasizlar, — deb buyruq beribdi. Vazirlar nima deyishlarini bilmay, ogʻizlarini ochib oʻtiraveribdilar. Keyin podsho gʻazab qilib:— Kim shu qushning nima deganini aytib bermasa, oʻzi oʻlimda, moli podsholikniki! —debdi.Vazirlar hayron boʻlib:— Bu balodan qanday qutulamiz? — deb tashvish chekibdilar. Vazirlar yurtni aylanib, dono olimlardan qushning nima deganini soʻrabdilar. Hech kim javob bera olmabdi. Eng oxirida vazirlardan bir aqllirogʻi:— Bu soʻroqqa podshoning qizi javob berar, agar u ham berolmasa, hammamiz mol-jonimiz bilan xayrlasha bersak ham boʻladi, — debdi.Qirq vazir yashirincha borib podshoning qizidan soʻrabdilar. Podshoning qizi:— Agar otamga aytmasanglar, men savolingizga javob beray, bordi-yu, otam bilib qolsa, unda meni tirik qoʻymaydi, — debdi.Vazirlar hammasi qasam ichishibdi.— Hovuz boʻyidagi qaramon tepasida oʻtirgan qush: «Jinni erni sogʻ qiladigan ham xotin, sogʻ erni jinni qiladigan ham xotin, hazir boʻl. Xotining seni jinni qiladi!» degani. Qushning joniqib sayraganining maʼnisi shunda, — deb javob beribdi.Vazirlar juda suyunib hammalari podshoning oldiga borishibdi. Qiz nima degan boʻlsa, hammasinn podshoga gapirib beribdilar. Podsho gʻazablanib:— Sizlarga buni kim aytdi? — deb soʻrabdi.— Oʻzlarimiz topdik, — debdilar.— Sizlarga birov aytgan, tez javob bering, boʻlmasa hammangizni dorga ostiraman! — deb siyosat qilibdi.Vazirlar qoʻrqqanlaridan:— Qizingiz aytdi, — debdilar.Podsho:— Qizimni dorga osinglar, — deb buyruq beribdi. Shunda vazirlarning bittasi:— Podshohim, oʻz qizingizni el orasida dorga ostirmang, yaxshisi, choʻl-biyobonga oborib oʻldirsinlar, hech kim bilmaydi, — debdi. Podsho koʻnibdi.Vazirlaridan ikkisi ikki jallodni olib, qizning qoʻl-oyoqlarini bogʻlab, otga oʻngarib, choʻl-biyobonga qarab ketibdilar. Vazirlar bu qiz gunohsiz, bizni oʻlimdan saqlab qoldi, biz ham buni oʻldirmaylik, degan maslahatga kelibdilar, qizni sahroga olib borib qoʻl-oyoqlariki yechib yuboribdilar-da:— Hamma balo sening aqlingda, xafa boʻlma, qiz ajaling yetmagan boʻlsa, kuningni koʻrib ketarsan, — deb bir koʻylakni qonga boʻyab, podshoga keltirib beribdilar.Endi soʻzni podshoning qizidan eshiting:Qiz choʻl-biyobonda yolgʻiz oʻzi qolib, nima qilishiii bilmay, boshi oqqan tomonga qarab ketaveribdi. Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi. Kechga borib, uzoqdan bir yolgʻiz gujumni koʻribdi. Shu gujum tomonga qarab ketaveribdi. Yaqin borib qarasa, gujumning tagida bir bostirma, bostirmaning oldidan tiniq bir chashma shildirab oqib turibdi. Qiz asta borib, uyning ichiga qarabdi. Uyning ichida hech kim yoʻq, yerga yirtiq palos tashlangan, har yer-har yerda boʻyra choʻplari sochilib yotibdi. Qiz uyga kirib haligi palos ustiga yotibdi-da, qattiq charchaganligidan darrov uxlab qolibdi.Bir ozdan keyin qizning qulogʻiga uyqu aralash bir ovoz eshitilibdi:

Otim Qulman devona,Odamlardan begona,Turar joyim vayrona,Dunyo bevafo ekan.

Qiz koʻzini ochib qarasa, sochlari jingalak-jingalak boʻlib oʻsgan, koʻzlari oʻtdek chaqnab yonib turgan bir badburush odam tepasida turgan emish. Qiz irgʻib oʻrnidan turibdi, haligi odam qah-qah urib kulib, oʻz ashulasini aytaveribdi. Qiz bir oz oʻziga kelib, undan: «Sen kimsan?» deb soʻrabdi. Lekin u odam aljirayveribdi. Qiz: «Bu jinni ekan», deb oʻylabdi. Qiz haligi odamni boshlab, chashmaning yoqasiga olib boribdi. Uning sochlarini olibdi, soqollarini tarabdi, ust-bosh kiyimlarini yuvib beribdi. Kunlar oʻtaveribdi. Qiz turli giyohlardan dori yasab, haligi odamni davolay boshlabdi. Olti oy deganda, haligi devona tuzalibdi. Shunda u odam oʻz boshidan oʻtgan voqealarni bir-bir aytib beribdi.— Mening bu ahvolga tushishimga xotinim sababchi: kambagʻalsan, mol-dunyong yoʻq, deb meni haydab yubordi, xotinimni yaxshi koʻrardim, ikki yil sargardon boʻlib yurdim, undan keyin nima boʻlganimni oʻzim ham bilmayman, — debdi.Qiz Qulmanga xotin boʻlib, birga yashayveribdi. Yigit dehqonchilik qilar ekan, ov ovlar ekan, xotini boʻlsa, odamlarni davolar ekan, gilam toʻqir ekan, kashta tikar ekan. Oradan ikki yil oʻtibdi, turmushlari juda yaxshi boʻlib ketibdi. Bir oʻgʻil, bir qiz koʻrishibdi.Kunlardan bir kun Qulmanning xotini eriga:— Agar koʻnsang, podshoni vazirlari bilan bir ziyofatga chaqiramiz, — debdi.Eri ham koʻnibdi. Podsho vazirlari bilan Qulmanning uyiga mehmon boʻlib kelibdi. Qiz podshoga boʻlgan voqealarning hammasini birma-bir aytib beribdi. Podsho yomon xotinining jabridan joni azobda qolgan ekan, uning ustiga qizidan ajralib, farzandsizlik oʻtida kuyar ekan. Qizining hikoyasini eshitib podsho yigʻlayveribdi. Keyin hammalari yurtga qaytib kelishibdi. Podsho yangidan toʻy-tomosha qilib, qizini Qulmanga nikohlab beribdi. Qulman yurtga podsho boʻlib, hammalari murod-maqsadlariga yetishibdi. «Erni er qiladigan ham xotin, erni qora yer qiladigai ham xotin», degan naqlning maʼnisi shu ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!