← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatAdolatSabrTabiatOilaTijoratUzun

Tuhmat

2094 soʻz

Bor ekan, yoʻq ekan, och ekan, toʻq ekan, qadim zamonda, Buxoro shahrida Xondarxon degan podsho oʻtgan ekan. Podshoning vazirlari ichida Qosim jallod degan bir vazir bor ekan. Podsho uning soʻzini eʼtiborga olar ekan.Muhammadjon degan bir yigit orzu-havas bilan bir boyning qizini olgan ekan. Muhammadjon xotini bilan yetti yil birga umr kechirib, hech farzand koʻrmabdi.Bir kun Muhammadjon xotiniga qarab aytibdi:— Ey xotin, men tengi uylanganlar farzand koʻrdi. Ulardan birortasi bolasini koʻtarib koʻchaga chiqqanini koʻrsam, yerga kirib ketaman. Men sen bilan yetti yil umr qilib, farzand koʻrmadim. Juda xafaman. Mahallamdagi oʻrtoqlarim bilan bir sayohat qilib kelmoqchiman. Sen meni uch yil kut. Agar uch yil kutmasdan boshqa er qilsang, sendan rozi boʻlmayman.Yigit uch yilga yetar-yetmas uy xarajatlarini toʻgʻrilab, xotiniga:— Ostona xatlab eshikka chiqmaysan, — deb safarga ketibdi.Xotini eridan homilador boʻlib qolgan ekan. Oradan toʻqqiz oy, toʻqqiz kun oʻtgach, oʻgʻil koʻribdi. Oʻgʻlini yaxshi tarbiyalabdi. Erining ketganiga ikki yarim yil boʻlibdi. Kunlardan bir kun bolasini allalab uxlatayotganida, erining soʻzlari esiga tushib, shunday qoʻshiq aytibdi.

Alla bolam, allayo, alla,Jon bolam, jonim bolam, allayo, alla.Baland-baland tepada qush oʻltirar, alla.Yoʻqchilik boshimga kulfat keltirar, alla.Yoʻq boʻlib otang, yonimda xor boʻlguncha, alla,Togʻdagi arslon boʻlay to oʻlguncha, alla.Yaxshi boʻlsa er yigitning xotini, alla,Shul chiqarar yigitning otini, alla.Derazadan oy tushdi yuzimga, alla,Sizdan boshqa yor koʻrinmas koʻzimga, alla.Kecha-kunduz sabr tilayman oʻzimga, alla,Jon bolam, jonim bolam, allayo.Otasini koʻrmagan, yigʻisini qoʻymagan, alla,Jon bolam, jonim bolam, allayo, alla.

Ona bolasini uxlatib, beshikka bosh qoʻyib, uxlab qolibdi. Tushida erini koʻribdi. Muhammadjon kelib koʻcha eshigini taqillatib uni chaqiribdi, yugurib chiqib, eshikni ochib koʻchaga qarasa, eri loyga botib qolgan emish.Eri:— Ey, xotin, kiray desam eshiging berk ekan, loyga botib qoldim. Kel, qoʻlimdan tort! — debdi.U, erining qoʻlidan ushlab tortgan ekan, erining oyogʻi tagiga yiqilib tushibdi. Xotin uygʻonib qarasa, tong payti ekan. Beshikka bosh qoʻyib uxlab oʻtirgan emish.«Ajabo, bu nima boʻldi, buni kimga aytaman. Erim ostona xatlab eshikka chiqmagin degan edi», deb oʻylabdi. Choy qaynatib, dasturxon yozib, choydan bir piyola ichmoqchi boʻlib turgan vaqtida, birdan darvoza taqirlab qolibdi. Bu kim ekan, deb eshik yoniga borib:— Kimsiz? — deb soʻrabdi:— Men, och eshikni! —degan ayol tovushi eshitilibdi. Eshikni ochib qarasa, qoʻshnisi Mastura kampir emish. Kampir bu xotinning payida yurar ekan. Koʻrinishi doʻst boʻlsa ham, ichdan dushman ekan.— Keling, ena, xizmat? —  debdi uy egasi.— Aylanay bolam, — debdi kampir, — uyimda gugurtim tamom boʻlib qolgan ekan. Sizda boʻlsa, soʻragani chiqdim.— Yaxshi chiqibsiz. Ichkariga kiring! Bir piyola choy iching, — debdi uy egasi. Kampir:— Ha, mayli, ichsam icha qolay, — deb oʻtiribdi. Ikkisi choy ichishibdi. Uy egasi:— Men sizni enamday koʻrib yuraman. Bugun bir tush koʻrdim. Siz shu tushimni yaxshiga joʻyib bersangiz, — debdi.— Ayt-chi, bolam, nima tush koʻrding? —  debdi kampir.— Tushimda, erim kelib chaqirganday boʻldi. Quvonib, yugurib borib eshikni ochdim, chiqib qarasam, erim eshik oldida loyga botib qolgan emish. Erim: «Mening qoʻlimdan ushla, tortib ol!» dedi. Men erimning qoʻlidan tortaman desam, oyogʻi tagiga yiqilib tushdim, uygʻonib qarasam, tushim ekan.— Ey bolam, — debdi kampir, — sen tushingda boyingning oyogʻi tagida loy koʻrgan boʻlsang, uning oyogʻi tagiga yiqilgan boʻlsang, ikki-uch kun ichida bir tuhmatga uchraysan. Seni podshoning oldiga olib borib, bir yuz sakson gaz minoradan tashlab yuboradilar.Xotin:— Sening menga dushmanliging bor ekan. Endi kirsang oyogʻingni sindiraman, dushmanliging oʻzingga yetsin! — deb gugurt bermay, kampirni uydan haydab yuboribdi.Xotin: «Qurib ketgur, kampir mening oʻchgan oʻtimni yondirib, yuragimni kuydirdi, tushimni aytmasam boʻlar ekan», deb oʻylabdi. Kampirning soʻziga, koʻrgan tushiga eri ketganidan buyon yigʻib qoʻygan ipini olib sotib, uch-toʻrt gadoyga sadaqa berib kelmoqchi boʻlibdi. Oʻylab, oʻziga-oʻzi soʻylab: «Qanday kiyim kiyib borsam ekan? Yoshga oʻxshab kiyinib bozorga borsam, bitta-yarimta yigit koʻz qirini tashlamasin, har holda kampirlarga oʻxshab boray», deb eski kiyimlar kiyib uydan chiqibdi. Kalava ip bozoriga boribdi. Kalava bozorga yaqin kelib, birovdan:— Aylanay bolam, kalava bozori qayerda? — deb soʻrabdi. U:— Yaqin qoldi, — deb kalava bozorini koʻrsatib yuboribdi.Kalava bozoriga kirib ketayotsa, bir doʻkondor yigit:— Qoʻlingizdagi nima? — deb soʻrabdi.— Aylanay bolam, kalava, — debdi.— Sotasizmi?— Sotaman.Shunda doʻkondor:— Olib keling, boʻlmasa, — debdi-da, taroziga solib tortib koʻribdi.— Kalavangiz oʻn qadoq ekan. Qancha soʻraysiz?— Aylanay bolam, men nima der edim, oʻzingizga insof bersin, — debdi. Yigit:— Un qadoq kalavangizga oʻn tanga beraman, xoʻp desangiz bering, — debdi…— Mayli, — debdi xotin. Doʻkondor:— Men kalavangizni oʻn tangaga oldim, lekin besh tanga pulim bor ekan. Shu rastaning narigi boshida mening oʻrtogʻim bor. Sizga shu oʻrtogʻimdan besh tangangizni olib beraman, — debdi.— Mayli, bolam! —deb javob beribdi xotin. Endi gapni boshqa tomondan eshiting:Podsho bir oʻgʻrini dorga osgin, deb farmon bergan ekan. Doʻkondor bilan ketayotgan xotin podsho vaziri Qosim jallod oʻgʻrini kalava bozoridan haydab kelayotganini koʻrib, qoʻrqqanidan hushidan ketib, boshidan paranjisi tushib, oyogʻiga oʻralib yiqilibdi. Qosim jallod yuzi ochilib qolgan xotinning husni-jamolini koʻrib, «yaxshi xotin ekan-da», deb oʻgʻrini haydab keta beribdi. Xotin bir doʻkon taxtasining orqasiga yashirinib qolibdi. Qosim jallod yoʻlda keta turib, mugʻombir, ayyor, har yaramas ishga tayyor Abdulla chaqqon degan odamni uchratib:— Sen orqangga qayt! Kalava bozorda bir xotinni koʻrib qoldim. Shu xotinni olib kelib, men bilan gaplashtirsang, senga bir ot, yuz tanga pul beraman, — deb oʻgʻrini haydab ketibdi.Abdulla chaqqon bu soʻzni eshitib kalava bozoriga chopibdi. Kalava bozoriga borsa, kalavafurushning oldida bir xotin turgan emish. Unga kalavafurush:— Mana, besh tanga, oling. Kalavani bering, — deb turganini eshitgan Abdulla chaqqon otdan tushib kalavafurushning yoqasidan ushlabdi.— Birodar, men nima ish qildim, meni yoqamdan boʻgʻasiz? —  debdi kalavafurush. Abdulla chaqqon kalavafurushga: — Nega sen bu xotinga pul beryapsan? —  debdi.— E, bolam, bu gapni aytmang? Men bu kishiga kalava sotdim. Shunga pul beryaptilar, — debdi xotin.— Ha, ha, kalavangiz qaysi?— Ha, anavi, — debdi.— Boʻlmasa, bu kalavani olib taroziga solib koʻr-chi, qancha kelar ekan.Kalavafurush uning gapi bilan kalavani olib taroziga qoʻyib:— Mana oʻn qadoq. Har qadogʻi bir tangadan, oʻn tanga berdim, — debdi.— Boʻlmasa sen oʻn tangaga olgan boʻlsang, aldamaganing shu xotin qolganmi edi. Bu kalavani har kim oʻn besh tangaga oladi-yu, sen oʻn tangaga olasanmi? —  debdi Abdulla chaqqon.Kalavafurush:— Siz oʻzingiz oʻn besh tangaga olasizmi? — debdi.— Ha, olaman, — debdi.— Oling boʻlmasa, — debdi kalavafurush. Kalavafurushning qoʻlidan Abdulla chaqqon kalavani olib:— Mana, ena, oʻn tanga, besh tangasini mening uyimdan olasiz. Shu yerdan toʻgʻri borib, ikkinchi mahallaga yetib «Abdulla chaqqonning uyi qayerda?» deb soʻrasangiz hamma koʻrsatib beradi, — debdi.Xotin kalavafurushga oʻn tangasini qaytarib berib, Abdulla chaqqonning soʻziga ishonib, uning oʻn tangasini olibdi.Abdulla chaqqon:— Ena, endi siz bora bering. Mening bozorda ishim bor, — deb bozorda qolgandek boʻlib, xotinning ketidan qorama-qora bora beribdi. Xotin Abdulla chaqqonning uyiga yetib borib eshigidan qarasa, uyda hech kim yoʻq emish. Qaytib chiqay desa, koʻcha eshigi bekilib qolibdi. Abdulla chaqqon eshikni bekitib koʻchada turgan emish. Xotin chiqib ketmoqchi boʻlibdi. Abdulla chaqqon:— Chiqarmayman seni. Shu yerda bir oz turasan. Agar turmayman desang, qanoting boʻlsa osmonga uchib ket, ilojini topsang, yerga kirib ket. Lekin seni menga bir odam tayinlagan. Oʻsha odam kelib: «Shu edi» desa, xoʻp-xoʻp, agar boshqa odam desa, keta berasan, — debdi. Xotin:— Vo ajabo, bu qanday gap? Uyda yosh bolam qolgan, — deb koʻziga yosh olibdi.Qosim jallod oʻgʻrini dorga tortib, qaytib kelib, Abdulla chaqqondan:— Nima qilding? —  deb soʻrabdi.— Eshikni ochaman, kirib koʻring, — deb javob beribdi Abdulla chaqqon.— Qani, ochgin, koʻray, — debdi jallod. Abdulla ayyor eshikni ochibdi. Jallod eshikdan kirib, oʻzi tayinlagan xotin ekanini koʻrib, Abdullaga:— Seni bir kun xursand qilarman, — debdi-da, xotinga qarab:— E, yanga, choʻntagim toʻla tanga. Bu kecha men bilan gapirishsang, oʻn ming tanga beraman, — debdi. Xotin:— Oʻn ming tanga ekan, yuz ming tanga bersang ham, senga yuzimni koʻrsatmayman, — debdi.Jallod bu soʻzni eshitib, jahli chiqib, Abdulla chaqqonga:— Hayda buni! Podsho oldiga olib boramiz, bunga podshoning jazosini berdirmasam, Qosim jallod otimni boshqa qoʻyaman, — debdi.Xotin aytibdi:— Mayli, meni podshoning oldiga olib bor, nima jazoga tortsa tortsin.Qosim jallod bilan Abdulla chaqqon xotinni podshoning oldiga olib borishibdi. Podsho:— Qosimboy, nima gap-soʻz topib keldingiz? —  deb soʻrabdi. Qosim jallod aytibdi:— Kecha yarim kechada Chordanzi mahallasidan oʻtib ketayotsam, bir uyning ichidan gangur-gungur ovoz chiqayotganini eshitib qoldim. «Yarim kechada bu ovoz qayerdan kelayotir?» deb tomga chiqib, moʻridan qarasam, bu xotin qirqta yigitga musallas quyib berib oʻtiribdi: «Hap senimi? Senga koʻrsatib qoʻymasam», deb tomdan tushib, eshikdan kiray desam, hovlisining orqa tomoni bogʻ ekan, bu xotin qirq yigitni bogʻ tarafdan qochirib, eshikni ochdi. Menga:— Nima koʻrding? — dedi. Men: — Bu yerda oʻtirgan yigitlar qani? — deb soʻrasam. U: «Qoʻling bilan tutgin-da, nima qilsang qila ber», deb menga doʻq qildi. Shuning uchun sizning oldingizga keltirdim. Shunga jazo berishingizni soʻrayman, — debdi.— E ayol, yosh ekansan, mening zamonimda bunday ish uchun oʻlimga buyurishimni bila turib, shu ishni qilishga qoʻrqmadingmi? —  debdi. Xotin:— Ey podshohi olam, sultoni bokaram, men ham arzimni aytay, eshiting, — deb yolvoribdi.Podsho:— Ayt, — debdi.Xotin eri sayohatga chiqib ketgani, unga ikki yarim yil oʻtgani, bir kun bolasini allalab uxlab qolgani, tush koʻrgani va boshidan kechirgan butun voqeani podshoga soʻzlab beribdi. Soʻzining oxirida: «Qilgan gunohim shul taqsir», debdi. Podsho:— E Qosimboy, buning aytgan soʻzi toʻgʻrimi? — deb soʻrabdi: Jallod:— Taqsir, oʻgʻri: — oʻgʻriman, yomon: — yomonman, buzuq: — buzuqman deydimi?! Sizga men xizmat qila boshlaganimdan beri yolgʻon gapirganmanmi? Agar buning gapiga ishonib, mening gapimga ishonmasangiz, oʻzingiz bilasiz, — debdi. Podsho jallodga qarab:— Bu xotinning gapi yolgʻonligiga toʻrtta guvoh topib kelsangiz, uni jazoga buyuraman, — debdi. Qosim jallod:— Xoʻp, boʻlmasa, men guvoh topib kelay, — deb chiqib ketibdi. Bir qimorxonaga borib, toʻrtta yutqizgan qimorbozni topib, bozor boshiga yetganda, toʻrttoviga ham mullalar kiyadigan kiyim kiydirib, oshxonaga olib kirib, qornini toʻygʻazibdi, gap oʻrgatibdi, podshoning oldiga olib boribdi. Podsho:— Qosimboy, bularni nimaga olib kelding? —  debdi. Qosim jallod:— Siz guvoh olib kel, deganingiz uchun guvohlikka olib keldim, — debdi. Podsho kelganlarga qarab:— Sizlar Qosimboyga guvohmisizlar? —  debdi. Qimorbozlar:— Ha, guvohmiz, — deyishibdi. Podsho ularga qarab:— Qosimboy bu xotinni fohisha deydi, bu xotin esa, «Men fohisha emasman», deydi. Qosimboyning gapi toʻgʻrimi, yo xotinning gapi toʻgʻrimi? —  debdi. Qimorbozlar:— E podsho, sizga tasadduq boʻlaylik. Qosimboyning gapi toʻgʻri. Biz bilamiz: bu xotin buzuq, har qanday jazo bersangiz arziydi, — deyishibdi. Podsho:— Xoʻp, mening davrimda, shu odam yomon deb toʻrt odam guvohlikka oʻtsa, uni qilgan ishiga qarab jazoga buyuraman, — debdi va xotinga qarab. — Fohishaliging yoʻrigʻidan seni oʻlim jazosiga buyuraman. Jazo minorasidan tashlataman, yo ostiraman yoki toʻpga tutdiraman. Shu uch jazodan qaysi biriga rozisan, ayt! — debdi. Xotin:— Ey podsho, sizga bularning tuhmati maʼqul boʻlib, mening gapim nomaʼqul boʻlsa, mening yana sizga bir arzim bor, mana shu kalitni bir odamingizga bersangiz. Mening uyimga borib eshikni ochib kirsa, beshikda qolgan bolam bor. Shu bolamni oldirtirib keltirsangiz. Agar oldirib keltirmasangiz, bolam uyda qolib, meni jazoga torttirsangiz, rozi emasman. Bolamni oldirib kelib, shu bir yuz sakson gazlik minoradan tashlating, roziman, — debdi.Podsho shu onda xotin tayinlagan joyga odam yuborib, bolasini oldirib, xotinning qoʻliga beribdi. Xotin bolasini olib, bir yuz sakson gazlik minoraning tagiga borib, bolasini emizib turib, xalqqa qarab:— E xaloyiq, podsho meni nohaq jazoga tortayotir. Shuning uchun shu bolamni kim oladi? Agar olgan odam asrab katta qilsa, xursand boʻladi, xafalik tortmaydi, — debdi.Bir chol kelib:— Mening qizim, oʻgʻlim yoʻq edi, farzandga zor edim. Sen mening qizimsan, oʻgʻlim oʻrniga oʻgʻlimsan. Bolangni men olay, boqib katta qilay, — deb bolani olibdi.Podsho xizmatkorlari xotinni qopga solib, bir yuz sakson gazlik minoraning tepasidan: «Hukmi podsho vojib», deb tashlab yuborishibdi. Xotin aylanib-aylanib azob tortmay, xuddi tomdan sakrab tushganday tikka yerga tushibdi. Xalq xotinning tirik qolganini koʻrib hayron boʻlibdi. Xalq ichidan uch-toʻrtta odam chiqib jallodga:— E, Qosimboy, berahmlik bilan nohaq tuhmat qilgan ekansan-da, bu minoradan tashlagan odamlar parcha-parcha boʻlib, zambardagi loyday yoyilib ketar edi. Bu xotin parcha-parcha boʻlmay, tik tushib qoldi. Sening gaping nohaq gap, tuhmat, bu xotinning yolborgani toʻgʻri ekan, — deyishibdi.Qosim jallod turib:— Bu xotin jodugar, sehrgar ekan, shuning uchun oʻlmadi, yana qaytadan tashlataman, — debdi. Odamlar:— Sen qanday odamsan? Tagʻin minoradan tashlash kerak deysan. Senda insof bormi? Lekin biz podshoga borib aytamiz: «Siz minoradan tashlashga buyurgan xotin, vohaq jazo berilgani uchun minoradan azob chekmay, sogʻ-salomat tushdi, oʻlmadi», deymiz. Podsho «yana minoradan tashlanglar» desa, tashlaymiz, boʻlmasa, yoʻq, — deb xotinning tarafini olishibdi. Qosim jallod minora tagida qolibdi, besh-olti odam podshoning oldiga borib, boʻlgan voqeani birma-bir bayon qilishibdi. Podsho ularga:— Unday boʻlsa, xotinni minoradan yana tashlanglar! — debdi.Bir vazir turib:— Siz bir marta hukm chiqargansiz. Xotin haq boʻlgani uchun minoradan tushib oʻlmabdi. Endi uni ozod qilib, bolasini qoʻliga berib joʻnatish kerak. Qosim jallodni esa, begunoh bir odamga tuhmat qilgani uchun jazoga tortish kerak, — debdi.Podshoga bu gap maʼqul tushibdi.— Boringlar, xotinni ozod qilib, choldan bolasini olib qoʻliga berib, yana unga oʻn tanga ham berib, uyiga eltib qoʻyinglar. Qosim jallod, Abdulla chaqqon va toʻrtta guvohini bu yerga olib kelmasdan, shahardan chiqarib haydab yuboringlar, —deb farmon beribdi. Bu odamlar minora tagiga borib, xotinni qopdan chiqarib, choldan bolani olib, qoʻliga tutqazib, oʻn tanga berib joʻnatishibdi.Qosim jallod va guvohlarni esa boshqa tomonga haydab yuborishibdi. Xotin uyiga kelib uch oy turgandan keyin eri kelibdi.Hol-ahvol soʻrashib:— Men hayallab qoldim. Xafa boʻlmay yurdingmi? — debdi. Xotini u ketgandan keyin boshidan kechirgan sarguzashtlarini aytib beribdi.Eri:— Shunchalik malomatga qolibsan, joning salomat qolibdi. Endi xafa boʻlmay ikkovimiz yaxshi yashaylik, — debdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!