Bor ekan-da, yoʻq ekan, och ekan-da, toʻq ekan, oʻtgan zamonda bir savdogar yashagan ekan. Uning bitta-yu bitta oʻgʻli bor ekan. Xotini farzand koʻrganidan keyin koʻp oʻtmay oʻlib ketgan ekan. Savdogarning oʻzi ham koʻp vaqt kasal boʻlib yotibdi. Bu vaqt ichida bisotidagi bor davlatini sarflabdi.Kunlardan bir kuni savdogar oʻgʻlini chaqirib:— Oʻgʻlim, sen juda yosh boʻlganingda onang oʻlib ketdi. Men yolgʻiz oʻzim seni qiyinchilik bilan tarbiyaladim. Bor davlatimizni ham ishlatib boʻldik.
Endi sen ham katta boʻlib qodding, men esa qaridim. Bitta tanga topsang ham, uyga tashigin, — deb qoʻliga bir soʻm beribdi.Shu vaqtgacha otasidan hech pul olmagan bola hayron boʻlib undan soʻrabdi:— Ota, men bu pulni nima qilaman?
— Ertaga katta bozor boʻladi. Sen ham bozorga borib, oldi-sotti qilib, koʻpaytirib kelasan. Bundan keyin shunday qilib tirikchilik qilamiz, — debdi otasi.Bola ertasiga saharda turib, bir soʻmni olib bozorga yoʻl olibdi. Yoʻlda muyulishdagi katta qayragʻoch tagidagi choyxonada odamlar gavjum ekan. Bir qari oqsoqol turib-turib, «kim nasihat eshitadi?» deb qoʻyar ekan-da, yana choyini ichib oʻtiraverar ekan. Bola sekin borib, «men nasihat eshitaman», debdi.
Shunda chol, «oʻgʻlim, bir soʻming bormi?» deb soʻrabdi. Odamlar ichida qaytib ketishga uyalib, otasi bergan bir soʻmni beribdi.
Shunda moʻysafid:— Bolam, dunyoda ikki yoʻl bor: biri — toʻgʻri yoʻl, ikkinchisi egri yoʻl. Toʻgʻri yoʻldan borsang, yetarsan murodga, egri yoʻldan yursang, qolarsan uyatga, — deb nasihat qilibdi va bolaga ijozat beribdi.Bola oʻrnidan turib, narigi chorpoyaga oʻtib oʻtirib-oʻtirib, kunni kech qilibdi. Choyxoʻrlar tarqalgach, u ham uyiga joʻnabdi. Uyiga kelgach, otasi undan.
— Xoʻsh, oʻgʻlim, bozorda nimalar qilding? Bir soʻmni koʻpaytirib keldingmi?
— deb soʻrabdi. Bola:— Oʻrtoqlarim bilan choy ichdim, — deb yolgʻon gapiribdi.Otasi indamabdi. Bir necha kun oʻtgach, savdogar oʻgʻliga yana bir soʻm berib, bozorga yuboribdi. Bola pulni olgach, yana oʻsha choyxonaga borib, oʻtgan safar nasihat qilgan cholni topibdi. Unga yana nasihat eshitmoqchi ekanligini aytibdi.
Shunda moʻysafid:— Bolam, sen hunar oʻrgangin. Yigit kishiga qirq hunar oz. Hunar bilsang, oʻzasan. Hunar bilmasang, toʻzasan, — deb nasihat qilibdi.Bola otasi bergan bir soʻmni oqsoqolga beribdi. Oʻzi esa kuni bilan koʻchalarni aylanib yurib, kech kirganda uyiga qaytib kelibdi. Otasi undan pulni nimaga sarf qilganini soʻrabdi. Bola otasiga yana yolgʻon gapiribdi:— Kuni bilan aylanib yurib qornim ochgan edi, turli narsalar olib yedim. Otasi yana indamabdi.
Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, savdogar oʻgʻliga yana bir soʻm berib, bozorga yuboribdi. Bola pulni olib, yana oʻsha nasihatgoʻy cholning yoniga kelib, undan yana bir nasihat aytishini soʻrabdi.
Shunda moʻysafid:— Bolam, doim rost gapirgin. Toʻgʻri til tosh yorar, egri til — bosh, — deb nasihat qilibdi. Bola otasi bergan bir soʻmni yana cholga beribdi. Bola kunni bir amallab oʻtkazibdi. Uyiga qaytgach, otasi undan pulni nima qilganligi haqida soʻrabdi. Bola endi otasiga rostini aytmoqchi boʻlibdi.
— Ota, men bir moʻysafiddan nasihat eshitdim, — debdi bola.Buni eshitgan savdogarning juda jahli chiqibdi, «Senmi, hali nasihat eshitadigan, pullarni yoʻq qiladigan», — deb rosa kaltaklabdi va uydan haydab chiqaribdi.Bola uydan yigʻlab chiqib, boshi oqqan tomonga qarab ketaveribdi. Yoʻl yursa ham, moʻl yurib, bir anhor boʻyida xafa boʻlib dam olib oʻtirsa, tuyalarga mol ortgan savdogarlar oʻtib qolibdi.
Ularning karvonboshisi boladan:— Bu yerda nima qilib oʻtiribsan, xafa boʻlib,— deb soʻrabdi.Bola boshidan oʻtgan voqealarni aytib beribdi va hunar oʻrganmoqchi ekanligini aytibdi. Karvonboshi:— Menga shogird boʻlib tushasan. Oʻzim senga hunar oʻrgataman, — debdi.Shunday qilib, bola karvonboshi bilan birga turli shaharlarda savdo qiladigan boʻlibdi.Bir kuni savdogar, uning yana bitta shogirdi va bola uzoq safarga otlanibdilar.
Ular qum sahrosida ketayotib, yoʻlda adashib qolishibdi, suvsizliqdan juda ham qiynalishibdi, «birorta quduq chiqib qolar», deb izlay boshlashibdi. Oxiri qiynalib, zoʻrgʻa bitta quduq topishibdi. Rosa xursand boʻlishibdi. Quduqqa karvonboshining birinchi shogirdi tushibdi. Quduq juda chuqur ekan. Savdogarning shogirdi hech chiqavermabdi. U quduqda dev goʻzal xotini bilan yashar ekan. Shogird bola quduqqa tushganida dev uning yoqasidan ushlab:— Nega tushding, quduqqa?
Tez aytmasang, hozir oʻldiraman, — debdi.Shogird bola devning xotinini koʻrgach, hamma narsani unutib, unga xushomad qila boshlabdi. Dev xotinini juda rashk qilar ekan, boladan jahli chiqib, uni boʻgʻib oʻldiribdi.Shogird bola chiqavermagach, savdogar uni «choʻkib ketdi, shekilli» deb oʻylab, belidan arqonni bogʻlab oʻzi tushibdi. Dev uning ham yoqasidan olib:— Nega tushding, quduqqa? Tez ayt, boʻlmasa oʻlasan, — debdi.Savdogar ham devning goʻzal xotinidan koʻz uzolmay qolibdi. Devning savollarini eshitmabdi ham.
Bundan devning jahli chiqib, uni ham boʻgʻib oʻldiribdi. Bola ularni «ana suv olib chiqadi, mana suv olib chiqadi» deb rosa kutibdi. Oxiri oʻtira-oʻtira zerikkanidan, oʻzi quduqqa tushmoqchi boʻlibdi. Quduqqa tushsa, u ham devga yoʻliqibdi.Dev uning ham yoqasidan ushlab, oʻsha savollarini beribdi. Bola yerga qarab:— Savdoga ketayotgan edik. Suvsizlikdan qiynaldik. Suv olgani tushdim, — debdi.
Shunda dev goʻzal xotinini chaqiribdi. Bola esa u xotinga qaramay, uning suvdagi aksiga qarab turaveribdi. Dev boladan:— Nega sen mening xotinimga qaramayapsan?
— deb soʻrabdi.
Shunda bola:—Toʻgʻri yoʻldan borsang, yetarsan murodga, egri yoʻldan borsang, qolarsan uyatga, — debdi.Devning koʻngli koʻtarilib, bolaga suv ichishga ruxsat beribdi. Oʻzi yuqoriga suv olib chiqishga ham yordam beribdi, birga tuyalarni sugʻorishibdi. Bola dev bilan xayrlashib, oʻz yoʻlida davom etibdi. Bir qancha yoʻlni bosibdi.Bir kuni tunda unga qaroqchilar xujum qilishibdi. Ular bolaning bir necha tuyasini olib qolishibdi. Bola qolgan uchta tuyadagi mollari bilan karvonsaroyga yetib kelibdi. Saroybon:— Nega muncha kech qolding? Karvonboshi va uning yana bitta shogirdi qani? Mollar ham kam-ku!
— debdi.Bola yoʻlda yuz bergan voqealarning hammasini aytib beribdi. Saroybon bolaning yolgʻon qoʻshmasdan gapirganiga xursand boʻlibdi. Karvonboshining shogirdi bilan oʻlganini, mollarni qaroqchilar talaganini u bilar ekan. U bolaning koʻnglini koʻtaribdi.Bir oz vaqt oʻtgach, bolani karvonboshi qilib tayinlabdi. Bola ishlab yurib, koʻp doʻstlar orttiribdi, obroʻsi borgan sari koʻtarilaveribdi, Uni xaloyiq savdogarlarning hokimi qilib saylamoqchi boʻlishibdi, Shunda bola unga nasihat qilgan oqsoqolni hokim, oʻz otasini unga vazir qilib saylashlarini soʻrabdi.Xaloyiq rozi boʻlibdi.
Bolaning otasi oʻsha paytda oʻgʻlini nohaq xafa qilganidan ancha xijolat tortibdi. Bolaning oʻzi esa karvonboshi boʻlib yuraveribdi.U oqsoqolning nasihatlariga amal qilgani uchun shunchalik darajaga yetibdi. Bundan keyin ham shu nasihatlarga amal qilib yurishni niyat qilibdi.