Iskandar Zulqaynarning ikki chakkasida shoxi bor ekan. Qachon sochini oldirmoqchi boʻlsa, sochini olgan sartaroshni birovga aytib qoʻyishidan qoʻrqib, darrov boshini kesar ekan. Iskandarning har sochini olganda bittadan sartarosh oʻlib, sartarosh kamayib ketibdi. Iskandar bir kuni sartaroshga:— Mening shoxim borligini sira birovga ayta koʻrma. Agar birov «Iskandarning shoxi bor» desa, xili xishting bilan yoʻqotib yuboraman, — debdi. Sartarosh ham:— Xoʻp, bu sirni hech kimga aytmayman, — debdi.
Iskandar:— Agar sen bu sirni maxfiy tutsang, mening sochimni doimo sen olasan. Seni dunyolikdan beniyoz qilaman, — debdi. Sartarosh bu sirni yuragiga sigʻdirolmabdi. «Iskandarning shoxi bor», deb aytay desa, oʻlimdan qoʻrqibdi. Xullas, bu sirni ichiga solaverib, kundan-kunga rangi ketaveribdi. Bora-bora juda oʻladigan boʻlibdi.Bir kuni oʻz-oʻziga, «bir toqqa chiqay, hech kim yoʻq joyda «Iskandarning shoxi bor», deb aytay» debdi, lekin aytgani qoʻrqibdi. Oʻsha yerda bir quduq bor ekan.
Quduqqa boshini tiqib turib, «Iskandarning shoxi bor», «Iskandarning shoxi bor» debdi. «Iskandarning hoʻkiz shoxi bor» deganida, ogʻzidan zardob tomib quduqqa tushibdi, shundan keyin yuragi boʻshabdi. Bir yil oʻtgandan keyin oʻsha quduqdan bir tup qamish koʻkarib chiqibdi.Togʻdagi choʻponlardan biri haligi qamishni olib puflagan ekan. Qamishdan «Iskandarning shoxi bor» degan ovoz chiqibdi.
Keyin kim oʻsha qamishdan olib chalsa, «Iskandarningshoxi bor», deb ovoz kelaveribdi. Bu Iskandarning qulogʻiga borib yetibdi. Iskandar «kim aytdi» deb surishtira ketibdi. Kimdan soʻrasa: «falon togʻda bir quduq bor, undan bir tup qamish koʻkarib chiqqan, uni kim olib chalsa, «Iskandarning shoxi bor» degan ovoz keladi», deyarmish.
Shundan soʻng, Iskandar sartaroshni chaqiribdi:— Agar rost gapirsang, oʻlimdan qutulasan, sen bu sirni quduqqa aytibmiding?
— deb soʻrabdi.Sartarosh:— Taqsir, bu sirni yuragimga solaverib juda oʻladigan boʻldim. Yuragimni boʻshatish uchun sekingina quduqqa aytgan edim.
Shu dam ogʻzimdan quduqqa zardob tomdi, oʻsha suvdan qamish koʻkarib chiqqan boʻlsa kerak.
Endi nima qilsangiz qilavering, rost gap shu, — debdi.Iskandar:— Mayli endi, boʻlar ish boʻldi, — deb sartaroshni oʻlimdan ozod qilgan ekan.