Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda bir mamlakatning podshosi bor ekan. Uning xazinasiga oʻgʻri tushibdi. Podshoning yasovullari oʻgʻrini qoʻlga tushirishibdi. Podshoning buyrugʻi bilan oʻgʻrini oʻn besh yilga zindonband qilishibdi.Kunlardan bir kuni oʻgʻri yasovulboshidan iltimos qilibdi:— Mening bir farzandim bor.
Shu bolam bilan meni yuz koʻrishtirib, gaplashishga ruxsat bersangiz, ming tilla beraman. Qoʻriqchilaringiz nazorati ostida menga bir kunga ijozat bering yoki xotinim va bolamni chaqirtiring.Zindon yasovulboshisi bunga koʻnmay, oʻgʻrining gapini rad etibdi. Oʻgʻri uch ming tilla berishga vaʼda qilsa ham, yasovulboshi koʻnmabdi.Oradan bir necha yil oʻtgach, yasovulboshi oʻgʻrining yoniga kelib:— Hoy jinoyatchi, sen oʻsha vaʼda qilgan tillalaringni bersang seni bir kunga uyingga yuboraman. Farzanding bilan gaplashib kelasan, — debdi.
— Endi senga men bir tilla ham bermayman. Oʻsha vaqtda oʻgʻlimning tili endigina chiqayotgan edi. Uning shirin gaplarini eshitgim kelgan edi. Hozir oʻgʻlimning shirinlik davri oʻtgan. Men zindon muddatini oʻtab boʻlib chiqaman, — deb javob beribdi oʻgʻri.