← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliDehqonlarOilaTijoratQisqa

Oltin olma

231 soʻz

Oʻtgan zamonda ikki qoʻshni yashagan ekan. Biri boy, lekin befarzand, ikkinchisi esa bola-chaqasi koʻp-u, biroq nihoyatda kambagʻal ekan.Bola-chaqasi koʻp kambagʻal qoʻshnining uyi kecha-yu kunduz shovqin-suron, toʻpolon, bagʻir-bugʻur boʻlib, boy qoʻshnisiga hech tinchlik bermas ekan.Bir kuni boy qoʻshni kambagʻalnikiga chiqib:— Tinchlik berasizlarmi, yoʻqmi, yeyishga ovqatlaring yoʻq, hamma yoqdan qarz boʻlib yotibsanlar-ku, kechasi-yu kunduz uylaringda kulgi, shovqin-suron, bu nima degan gap!

— deb doʻq uribdi.

Shunda kambagʻal javob qaytaribdi:— Ey, qoʻshni, bizning oltin olmalarimiz bor.

Shularni dumalatib oʻynab, dimogʻimizni chogʻ qilamiz.

Shuning uchun bizning uyimizdan kulgi arimaydi, —debdi.Bu soʻzni eshitgan boy qoʻshni indamay oʻz uyiga kirib xotiniga:— Xotin, sandiqni och, oltinlarni ol. Men ularni zargarga olib borib, ikkita oltin olma yasatib kelay, soʻngra biz ham shod-xurram boʻlib yashaymiz, — debdi.Xotini sandiqdan oltinlarni olib eriga beribdi. Boy ularni zargarga olib borib ikkita olma yasatibdi. Olmalarni olib kelib uyida er-xotin toza dumalatishibdi.

Biroq har ikkisida hech qanday kulgi paydo boʻlmabdi. Ular oltin olmani dumalata-dumalata charchab, «endi qanday qilsak biz ham kulib, xursand boʻlar ekanmiz», deb oʻylashibdi.

Nihoyat boy yana qoʻshnisinikiga chiqib soʻrabdi:— Qoʻshni, biz ham oltin olmani er-xotin juda koʻp dumalatib-dumalatib hech qanday xursandchilikka ega boʻlolmadik. Buning siri nimada, aytib beringiz-chi?

— debdi. Qoʻshnisi:— Ey, boy bobo, bizning oltin olmalarimiz, kulgimiz, baxtimiz mana shu bolalarimiz. Biz har kuni shular bilan quvonamiz, kulamiz, yayraymiz. Natijada qiyinchiliklarimiz ham, qarzlarimiz ham unutilib ketadi. Bular bizning bozorimiz, — debdi.Boy oʻzining befarzandligidan afsuslanib, peshonasiga bir urib, uyiga kirib ketgan ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!