← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarAql-zakovatTabiatOilaTijorat

Boyning oʻgʻli

458 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda bir boy oʻtgan ekan. U boyning kayf-safoga berilgan, erka bir oʻgʻli bor ekan. Otasi qarib, oʻladigan vaqtida oʻgʻlini yoniga chaqiribdi-da:— Yolgʻiz bola — «yalmogʻiz bola» degan ekanlar. Sen hech oʻnglanmading. Tirikligimda seni koʻp ardoqladim, lekin oʻzimga ham, senga ham ziyon qilgan ekanman.

Endi boʻlgan ish boʻldi, oʻlar oldida senga aytadigan soʻzim shu, qachon vaqting yetib, oʻlar boʻlsang, mana shunga osilib oʻlasan, — debdi-da, uyning yuqori burchagidagi rapchani koʻrsatibdi. Yigit bunga hech parvo qilmay, kayf-safoda yuraveribdi.Kunlardan bir kuni otasining qazosi yetib, oʻlibdi. Haligi yigit otasi oʻlgandan keyin ham aqli hushini yigʻib olmay, besh-oltita oʻrtoqlari bilan har kuni ziyofat, soz-suhbat qurar ekan.

U ziyofatda oʻtirib, nima nomaʼqulchiliklar qilsa ham, oʻrtoqlari indashmas ekan, qanday bemaʼni gaplar aytsa, uni qoʻllab-quvvatlashar ekan.Bir kuni ziyofatda oʻtirib:— Men kechasi yotganimda osmonga qarasam, osmonning tepasidan ikkita it pastga qarab hurib turgan ekan, — debdi u joʻralariga. Oʻrtoqlari ham:— Ha, shunday, osmonda it hurib turganini biz ham koʻrdik, — deyishibdi.Shunday qilib, yigitning ogʻaynilari uning bor-yoʻgʻini yeb yuraveribdilar.

Boshqa bir kuni boy yigit yana:— Bugun kechasi otamning xazinasiga kirib qarasam, sichqonlar choʻyan sandiqlarni kemirib, oltinlarni yeb yotishgan ekan, shunda qoʻlimga qilich olib, hamma sichqonlarning boshini kesdim, lekin sichqonlarning podshosi qochib qutuldi, ana, ana qaranglar, yana qaytib kelibdi, — deb shipni koʻrsatibdi. Ogʻaynilari ham shipga qarab:— Ha, koʻrib turibmiz, uni ham tutib oʻldirish kerak, — deyishibdi.Kunlar, oylar oʻtib, bu yigitning otasidan qolgan mol-dunyo sovurilib bitibdi.

Ogʻaynilari ham yigitdan yuz oʻgirib, uni koʻrganda qochadigan boʻlib qolishibdi.Borib-borib yigitning hech narsasi qolmabdi. Yigitning boshiga ogʻir kunlar tushibdi. Odamlarning xizmatini qilibdi, tilanchilik ham qilishga majbur boʻlibdi.

Bir kuni uyidagi qaqir-ququrlarini sotib, puliga bitta molning kallasini olibdi-da, ogʻayni-joʻralarini mehmonga chaqiribdi. Bir oʻrtogʻining uyiga kirib ketayotib, kallani eshik oldida qoldiribdi. Oʻrtogʻini mehmonga aytib chiqib, qarasa, kallani koʻchadagi itlar tortqilab yurgan emish. Yigit ovqat qilmay oʻtiraveribdi.Kechqurun oʻrtoqlari kelib qarashsa, hech narsadan darak yoʻq. Joʻralari:Ha, shoʻr peshona, ziyofating qani?

— deb soʻrabdilar.

Shunda yigit:— Men Avazmat shovzinning uyiga kirganimda, kallani eshikka qoʻyib kirgan edim, chiqib qarasam, itlar tortqilab ketibdi, — deb javob beribdi.

Keyin joʻralari yigitni tutib olib uribdilar. «Kallani ham it yeydimi?»

— deb uni toza xoʻrlashibdi.

Shunda yigit:— Osmonda it hurishiga ishondinglar, choʻyanni, oltinni sichqon yeyishiga ishondinglar, endi «kallani it yedi» desam nega ishonmaysizlar?

— debdi. Joʻralari yigitning gapiga quloq solmay, uni urib sulaytirib ketibdilar.Yigit alamiga chiday olmay: «Bunday qilib yurganimdan koʻra oʻlganim yaxshiroq», — debdi-da, otasi yasab bergan rapchaga oʻzini osibdi, shunda u oʻpirilib ketibdi, yigit yerga yumalabdi. Ustidan oltin-kumush sochilib ketibdi. Kallasini ishlatib qarasa, otasi bu rapchaning ichiga oltin-kumush toʻldirib qoʻygan ekan.

Shundan keyin uning turmushi yaxshilanib ketibdi. Joʻralari yana shiraga qoʻngan pashshaday toʻplanib kelaverishibdi. Yigit ularning barini haydab solibdi.

Keyin hunar oʻrganibdi, bola-chaqa qilib, murod-maqsadiga yetibdi.

Shuning uchun ham donolar:Qoʻlda moling borida, begonalardin yor koʻp,Davlating ketsa agar dildor yoʻq, ozor koʻp, — deyishgan ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!