← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatAql-zakovatTabiatOilaTijoratUzun

Baxtli kal

1631 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, oʻtgan zamonda, bir shaharda bir kal bor ekan. Kalning ota-onasi va bola-chaqasi yoʻq ekan. Oʻzi uzoq dalalardan oʻtin terib kelib, sotib, ovqat qilar ekan.

Bir kun sahroda oʻtin terib yursa, shamol turib, uning zarbidan daraxtlar, koʻkatlar larzaga kelibdi. Kal qarasa, boʻyi terakdek bir dev kelyapti. Kal oʻrogʻi bilan argʻamchisini bir koʻkatning tagiga berkitib, tovushini chiqarmay yotaveribdi.Dev kelib kalning yonidagi bir tutning kallagida turgan quruq kallani olib, duo oʻqib dam solibdi. Haligi kalla oy desa oy, kun desa kundek bir qiz boʻlibdi. Dev qizni tizzasiga oʻtqazib, uning qoʻlidan sharob ichibdi, kayfini chogʻ qilib, mast boʻlib yiqilibdi.

Birozdan keyin turib, bir duo oʻqigan ekan, qiz yana boyagiday quruq kalla boʻlib qolibdi. Dev kallani tutning kallagiga qoʻyib, yana yoʻliga ravona boʻlibdi. Kal ham oʻrnidan turib argʻamchi bilan oʻrogʻiga qaramay, joʻnab qolibdi. U yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, moʻl yursa ham koʻl yurib, koʻl yursa ham choʻl yurib, kun yurib, oy yurib, yil yurib, bir shaharga yetibdi.Bir oshxonaga borsa oshpaz ovqatlarini oʻt yoqmasdan pishirib turgan ekan. Kal koʻrib hayron boʻlibdi. Kal oshpazga:— Men sizga shogird boʻlaman, — debdi.

Oshpaz:— Menga shogird kerak emas, — debdi. Kal:— Och qoldim, tanishim yoʻq, holim tang, — debdi. Oshpaz:— Mayli boʻlmasa, uyga ul-bul tashib yurarsan, — debdi.Bir kuni kal oshpazning uyiga goʻsht-yogʻ olib boribdi, goʻsht-yogʻni oshpazning boʻyi yetgan qiziga bera turib, uning qoʻlidan ushlabdi. Qiz qoʻlini shuncha tortsa ham kal oyogʻini tirab turib olibdi.

Shunda qiz:— Qoʻlimni qoʻyib yubor, koʻchadan nomahramlar oʻtib turibdi, — debdi. Kal:— Bir gap soʻrayman, toʻgʻri aytsang qoʻyib yuboraman, — debdi.

— Gaping nima, ayt!

— Otang qanday qilib oʻt yoqmay osh pishiradi?

— Qoʻlimni qoʻyib yubor, ichkarida aytaman.Kal qoʻyib yubormabdi. Oxiri qiz aytishga majbur boʻlibdi:— Otamning bir duosi bor, shuni oʻqisa, osh pishaveradi.Kal qizning qoʻlini qoʻyib yuborib, oʻzi bozorga ketibdi.Oy oʻtib, yil oʻtib, haligi ish qizning esidan chiqqandan keyingina, yana bir kuni goʻsht-yogʻ olib kelibdi. Uni olgani yana qiz chiqibdi, kal uning qoʻlidan ushlab, “dod” desa ham qoʻyib yubormabdi.

— Oʻsha otangning duosini oʻrgatib qoʻysang, qoʻyib yuboraman.

— Otam bilsa, ikkalamizni ham tirik qoʻymaydi.Shunda kal qizning qoʻlini undan ham qattiqroq tortibdi. Qiz yalinibdi:— Mayli, oʻrgatib qoʻyay, — deb rozi boʻlibdi. Kal shundan keyingina qizning qoʻlini qoʻyib yuboribdi. Qiz kalga otasining duosini oʻrgatib qoʻyibdi. Kal oʻrgangan duosini oʻqib, kaptar boʻlib, osmonga uchibdi. Oshpaz ham lochin boʻlib osmonga chiqibdi. Kalning orqasidan quvib qolibdi. Oshpaz quvib, yetay-yetay deganda, bir joyda bir qancha hukmdorlari bilan bir podsho ziyofatda oʻtirgan ekan.

Kal bazmning oʻrtasiga tushibdi-da, qizil gul boʻlib ochilibdi. Oshpaz ham kelib bir daraxt shoxiga qoʻnib, bulbul boʻlib sayrabdi. U chunon sayrabdiki, podsho bilan yonida oʻtirganlar sel boʻlib oqibdi. Podsho bulbulga qarab:— Tila-tilagingni, — debdi. Bulbul:— Oʻsha oldingizdagi gulni tilayman, — debdi. Podsho:— Ushla, nokas, — deb gulni irgʻitib yuborgan ekan, gul bir hovuch tariq boʻlib, sochilib ketibdi. Haligi bulbul bolali tovuq boʻlib, tariqni terib yebdi.

Kavushlarning ichida bittasi qolgan ekan, yana kaptar boʻlib uchib ketibdi. Oshpaz lochinga aylanib, orqasidan quvibdi.Bir joyda yonar togʻ bor ekan, kal bir duo oʻqigan ekan, oʻt-tutun boʻlibdi, kal oʻtib bir xashak tagiga berkinib qolibdi, oshpaz toʻgʻriga oʻtib qidirib ketaveribdi.Kal bir duo oʻqib, odam boʻlib, oʻz shahriga joʻnabdi.Boyagi dashtdagi kalla turgan tutga boribdi. Kallani olib, duo oʻqibdi, haligi kalla bir qiz boʻlibdiki, uning husni jamoli oldida oy xiralik qilar ekan.

Qiz koʻzini ochib:— He, kal, men seniki boʻldim, endi uyingga ketaylik, — debdi.Kalning uyiga boribdilar. Kal qizni oʻziga nikohlatib olibdi. Kal yana oʻtin terib, ovqat qilib yuraveribdi.Bir kuni oʻtin terib yursa, dasht yonidagi katta daryodan bir gul oqib kelaveribdi. Kal argʻamchiga xashak bogʻlab, suvga tashlabdi, gulni ilintirib, oʻziga qaratib tortibdi. Gulni olib turib oʻylabdi.Oʻsha kunlarda shahar podshosi qizining chiroyiga mahliyo boʻlib: “Dunyoda mening qizimdan chiroyli qiz bormikin?” deb eʼlon qilgan ekan.

Kal gulni koʻtarib, podsho oʻrdasiga boribdi. Podsho qizi bilan qirq pogʻonali ravoqda oʻtirgan ekan. Kal bir pogʻonaga chiqib qoʻyniga bir qarab, ravoqdagi podshoning qiziga bir qarabdi. Yana bir pogʻonaga chiqib, bir qoʻyniga qarab, bir podshoning qiziga qarabdi. Toʻrt-besh pogʻonaga borganda podsho jallodni chaqirib, unga kalni oldirib chiqib, ravoqdan pastga tashlab, oʻldirishni buyuribdi. Jallod kalni olib chiqib tashlayotganda kal podshoga:— Arzim bor, — debdi.Podsho:— Nima arzing bor?

— debdi.

Shunda kal:— Siz dunyoda mening qizimdan chiroyli qiz bormikin, deb aytgan edingiz. Men bir gul topgan edim, shuni olib kelib, sizning qizingiz chiroylimi yo gul chiroylimi, deb solishtirib koʻrayotgan edim, — debdi-da, qoʻynidagi gulni olib beribdi. Podsho vazirga gulni berib:— Chorbogʻga olib borib koʻring-chi, shu guldan bormikin, — debdi.Podshoning chorbogʻida turli-tuman gullar boʻlar ekan. Vazir gulni solishtirib koʻribdi. Haqiqatan u guldan yoʻq ekan. Podsho gulni olib, eng kichik xotiniga beribdi. Podshoning toʻrtta xotini bor ekan.

Bir kun toʻrt xotini podshoning etagidan ushlab olib: “Bizga ham bittadan shunaqa gul topasiz, boʻlmasa bizning javobimizni berasiz. Hammamizdan ham shu xotiningiz yaxshimi?” deb janjal chiqaribdilar. Podsho kalga:— Gul keltirmay oʻl, boshimni baloga qoʻyding. Yana shu guldan bir kam toʻrtta topib kelasan, boʻlmasa oʻlasan, — debdi. Kal qirq kunga muhlat olib ketibdi.Kal oʻtin terib, sotib, ovqat qilib yuraveribdi. Bir kam qirq kun oʻtib ertasi kun deganda, kechasi kal oh tortib yuboribdi. Xotini:— Xoʻsh, nimaga oh tortasiz?

— debdi. Kal:— Ertaga mening ajalim yetadigan kun, — deb podshoga bergan vaʼdasini soʻzlab beribdi. Xotini:— Ish oson ekan, — deb erta bilan kalga:— Bir bogʻ hoʻl govron olib keling, — debdi. Kal govronni olib kelibdi. Xotini uyni qorongʻi qilib bekitibdi. Govronni bir tokchaga qoʻyibdi. Kalga:— Meni shu govron bilan urasiz, men “dod” deb uyning ichini aylanaman. Govronning singanini boʻsh tokchalarga tashlaysiz, — debdi. Kal unamabdi. “Sizga tirnogʻimni ham tegizmayman”, debdi.

Xotini:— Mayli, uravering, agar meni yaxshi koʻrsangiz, mening oʻlishimni xohlamasangiz, ayamay uravering, menga zarar qilmaydi, — debdi. Kal “Xoʻp”, deb uraveribdi. Xotini “dod” desa ham qoʻymabdi. Bir vaqt xotini kalga:— Uyning eshigini oching!

— debdi. Kal eshikni ochsa, haligi xotinining badaniga tegib singan govronlar, bir kam toʻrtta boyagi guldan boʻlib qolibdi. Xotiniga hech narsa boʻlmabdi.Kal gullarni koʻtarib podsho oldiga joʻnamoqchi ekan, uchta jallod kelib: “Podsho seni chaqirdi!” debdi. Kal gulni koʻtarib podsho huzuriga boribdi. Gulni unga beribdi, oʻlimdan qutulibdi.

Shunda jallodlar kalning uyida chiroyli xotini bor ekanini podshoga aytibdilar. Podsho u xotinni qanday qilib qoʻlga olish haqida ziyrak vaziri bilan maslahatlashibdi. Vazir:— Ishi oson, siz tishim ogʻridi, deb yotasiz, tabib kelib, ayiq suti dori, deydi. Kalni ayiq suti olib kelishga buyuramiz. Toʻqayzorlarda yoʻlbars, ayiqlarga yem boʻlib oʻlib ketadi. Xotini sizniki boʻladi, — debdi.Podshoga bu maslahat yoqib, vazir aytgandek qilibdi. Kalni chaqirtiribdi. Kal qirq kunga muhlat olibdi.

Bir kam qirq kun deganda, kechasi bir oh uribdi. Xotini sababini soʻrabdi. Kal avvalgiday yana voqeani soʻzlab beribdi. Xotini yana:— Xafa boʻlmang. Erta bilan turib bitta kosani qoʻltiqqa tiqib, falon toʻqayga borasiz. U joyda ayiqlar podshosining oyogʻiga choʻgir kirib, shishib, yurolmay yotibdi. Uzun bir qamichni uchlik qilib, ayiqning oyogʻidagi yarani teshib yuborasiz, zardob chiqib, patos oqib, ayiq koʻzini ochadi,— “Tila-tilagingni” desa, siz bir kosa sut tilaysiz, — deb maslahat beribdi.Kal xotinining aytganiday qilib, sutni podshoga olib boribdi.Podsho vaziriga:— Yana omon keldi, endi nima qilamiz?

— debdi. Vazir:— Yana hiyla qilib, belim ogʻridi, deb yotasiz. Tabib bel ogʻrigʻining tuzalishi uchun Koʻhiqofdagi Guliqahqah parining oltin supasida yotsangiz tuzalasiz, deydi. Kalni yuborasiz, kal oʻsha yoqda oʻlib ketadi, — debdi.Podsho vazir aytganiday qilib kalni chaqiribdi. Kalga supani olib kelishni buyuribdi. Supa oltindan ekan, uning yonida oltin teragi, terak ostida zabarjaddan koʻrpa-toʻshak, yostiq bor ekan. Terak shoxlari zumrad, barglari marvariddan ekan.Kal ertaga qirq kun boʻladi, deganda oh uribdi.

Xotini ahvolini soʻrabdi. Xotiniga voqeani soʻzlab beribdi.Xotini:— Oson ekan, — debdi.Tong otibdi. Xotini kalning qoʻlidan ushlab: “Koʻzingizni yuming!” debdi. Kal koʻzini yumibdi.

— Koʻzingizni oching!

— debdi. Kal koʻzini ochib qarasa, xotini bilan haligi oltin supada oʻtirgan emish. Xotini kalni bir joyga bekitib qoʻyib, Guliqahqah parini chaqiribdi. Guliqahqah pari Koʻhiqof parilarining podshosi ekan. Kalning xotini Guliqahqah parining singlisi Qunduz pari ekan. Qunduz parini oʻn yil ilgari bir dev yaxshi koʻrib, olib qochib ket-gan ekan. Guliqahqah singlisi Qunduzni koʻrib sevinganidan qichqirib yigʻlabdi. Tamomi parilar toʻplanibdilar.

— Seni u zolimning qoʻlidan kim qutqardi?

— deb soʻrabdi, Qunduz pari bir qoshiq qonini soʻrab olgandan keyin, haligi kalni chiqarib koʻrsatibdi. “Shu qutqardi”, debdi.

Shu bilan Guliqahqah pariga terak bilan supa uchun kelganini aytib beribdi. Guliqahqah pari bir hujrani ochib, bandda yotgan uch devni chaqiribdi:— Shu supani terak, oʻrin-koʻrpalari bilan qancha vaqtda falon podshoning bogʻiga olib borasan?

— debdi. Devlar:— Bir soatda, — debdilar. U devlarni oʻz oʻrniga kirgizib qoʻyib, boshqa devlarni chaqiribdi. Oxiri beshinchi hujradagi ikki dev, uch daqiqada olib borishini aytibdilar.

— Koʻtar!

— debdi Guliqahqah pari. Supada Guliqahqah pari, Qunduz pari va kal oʻtirar edilar. Kal koʻzini yumib ochsa, haligi podshoning bogʻida turibdilar. Har uchalasi kalning uyiga ketibdi. Erta bilan podshoning jallodlari kalni shohning huzuriga eltibdilar. Shoh kalga:— Hozir oʻlasan!

— debdi. Kal:— Hovlini koʻring!

— debdi. Podsho hovliga qarasa, supa turibdi.Podsho supa kelganiga sevinmabdi, balki xafa boʻlibdi. Chunki kal tirik kelgan ekan. Podsho vaziridan yana tadbir soʻrabdi. Vazir:— Yurtga sarjin soling!

— debdi.Ming sarjin oʻtin yigʻilibdi. Ikki terak boʻyi qilib terilibdi. Ustiga kalni chiqarib fonar yogʻi quyishni buyuribdi.

Shu holda oʻtin tagidan oʻt qoʻyilibdi. Guliqahqah bilan Qunduz parilar osmonga chiqib kalni tutun ichidan olib, uchib ketishibdi. Bir necha kun oʻtgandan keyin bir duo oʻqib, yangi uzilgan bir qovun paydo qilibdilar. Qovunning ikkita bargi bor ekan, bandidan suv oqib turar ekan. Qovunni kalga qoʻltiqlatib, uni kul ichiga yashirib qoʻyibdilar.Ertasiga podsho kalning oʻlimiga shodiyonalik qilib, butun xalqni toʻplab turgan vaqtida, birdan qovun qoʻltiqlab kul ichidan kal chiqib kelibdi.

Oʻsha vaqtda endigina yerdan qor ketgan, hali qovun pishadigan vaqt emas ekan. Podsho hayron boʻlibdi.Kal podsho bilan soʻrashib:— Men jannatga bordim. Ota-onangiz oʻsha joyda qovun ekkan ekan. Qovun pishibdi, sizni qovun sayliga olib borish uchun meni yubordilar, — debdi.Yurtga yana oʻtin soligʻi solinibdi. Oʻtinni toʻrt terak boʻyi qilib teribdilar. Uning ustiga kal bilan podsho chiqib oʻtiribdi. Fonar yogʻi quyilibdi, oʻt qoʻyilibdi. Tutun ichida ikki pari kelib, kalni koʻtarib ketibdi.

Podsho kuyib kul boʻlibdi.Podshoning kelaman, degan vaʼdasiga bir kun qolganda, kechasi kal kul ichiga kirib yotibdi. Podshoni qarshi olish uchun yigʻilgan hukmdorlar qarab turganda, qoʻlida xat ushlagan kal kul ichidan chiqib kelibdi. Xat oʻqilsa:Podsho vaqtincha ota-onasi oldida qolibdi, oʻrniga kalni podsho qilibdi. Kal podsho boʻlibdi, yurtda adolat oʻrnatib, davr-davron suribdi, murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!