Bahorda qaldirgʻochlar kelgan kuni hoʻkizni yetaklab, dalaga chiqdim, yetti qadam bosdim. Toʻxtab, oyogʻim tagidagi yerni kovladim, bir parcha koʻmir chiqdi. Koʻmirni lattaga oʻrab, hoʻkizimning shoxiga bogʻladim. Oʻzim uyquga ketdim. Uyqudan turib, ogʻilxonaga borib, uni ochib qarasam, bir alvasti chiqdi. Novchadan kelgan, har koʻzi tovoqday, ogʻzi qulogʻida, boshidagi telpagining qulogʻi bir qulochga yetgan, chiqdi-yu ogʻilga kirib yotdi, men qoʻrqdim.
Birdan u oʻrnidan turib kelib, u yogʻimga oʻtdi, bu yogʻimga oʻtdi, boshini qiyshaytirib, sekin meni turtdi. Mening achchigʻim keldi-da, alvastining boshidagi telpagini yulib olib qochdim. Qarasam, u mening orqamdan quvib kelyapti. Oldimdan bir masjid chiqib qoldi, jon holatda oʻzimni masjidga urdim. Alvasti orqamdan kelib, masjidga kirolmay, boʻsagʻada turib, menga qarab:— Endi meni sarson qilma, telpagimni ber, — deb yalina berdi.Men “yoʻq” dedim-da, telpagini kiyib oldim. U meni koʻradi, men uni koʻraman, xolos.
Axir u menga:— Kel, ikkimiz doʻst boʻlaylik, — dedi. Men ham tantilik qilib: “Xoʻp”, dedim.Masjiddan chiqdim, alvastining ketidan boraverdim. Bizlar bir-birimizni koʻramiz.
Ammo bizlarni hech kim koʻrmaydi. Alvasti menga:— Doʻstim, men hozir seni bir boyning uyiga ziyofatga olib boraman. Yemasang ham, bizning hunarni tomosha qilib oʻtirgin, —dedi.Alvasti meni bir boyning uyiga olib bordi. Ichkari-tashqari gumburlagan hovli. Poʻlat darvoza lang ochiq.Alvasti oldin, men uning ketidan kirib bordim. Qarasam, har biri eshakdek keladigan ikki it choʻzilib yotibdi. Sherigim boʻlsa, itlarni tepib-tepib oʻtdi. Itlar seskanib, u yoq-bu yogʻiga qaraydi. Hech narsani koʻrmaydi, yana mudraydi.
Ichkari uyga kirdik. Bizlar bir-birimizni koʻramiz, ammo bizlarni hech kim koʻrmaydi. Alvasti menga:— Toʻrga chiqib, sandiqning yonida oʻtirib, tomosha qil, — dedi. Men ham asta-asta oʻtib, sandiqning yonida oʻtira berdim. Sherigim poygohda turdi.Qarasam, qorni katta boy ikki xotini bilan oʻtiribdi. Dasturxon yozilgan, bir lagan oshni endi yeyishib turgan ekan. Sherigim asta-sekin kelib ikki xotinning orasiga kirib oʻtirib oldi. Hadeb oshni tushiraverdi.
Boy:— Oshni oz qilibsizlar, toʻymadim-ku, — deb, xotiniga:— Bor, bir kosa suv keltir, — dedi.
Shu paytda qarasam, alvasti yugurib borib, koʻzaga tushib olibdi, boyning xotini suv olay desa, alvasti suv oldirmaydi. Bizlar bir-birimizni koʻrib turibmiz, lekin ularning hech biri bizlarni koʻrmaydi. Alvasti qoʻynidan bir idish oldi, undan kosaga suyuq bir narsa solib berdi. Xotin kosani ikki qoʻllab boyga uzatayotganda, men qoʻlimni choʻzib, kosani turtib, tushirib yubordim.
Boy hovliqib:— Yo meni, yo seni jin chalgan, — dedi.Boyning xotini:— Siz oʻzingiz kosani ushlayolmay tushirib yubordingiz-ku, — dedi.Shunday qilib men uch marta kosani turtib yubordim. Alvasti koʻzadan chiqdi, qumursqaday boʻlib laganga tushdi.Boy xotiniga:— Hoy, xotin, lagan ichiga buzoq tushib suzib yuribdi, sen pista poʻchogʻidan chiqayotibsan, — dedi.Men alvastining ishini tomosha qilib, es-hushimni yoʻqotay deb turganimda boshimdan telpagimni tortib olib, alvasti qochib ketdi. Boy birdan meni koʻrib qoʻrqib ketdi.
— Xoʻsh, mening uyimda qaydan paydo boʻlib qolding?
— deb soʻradi.Men boshimdan oʻtgan voqealarni birma-bir aytib berdim. Unga oxiri alvasti kosaga quyib bergan iflos suvni ichirmay toʻkib yuborganimni ham aytdim.Boy mendan bu sirlarni hech kimga aytmaslikka vaʼda oldi. Menga bir sidirgʻa sarpo va pul berib uyidan joʻnatdi.