Oʻtgan zamonda bir yigit bor ekan, u otasidan qolgan mollarning yarmini sarf qilib, bir qizga uylanibdi. Qolgan davlatini xotini bilan yeb yotaveribdi. Davlat kundan-kunga kamayibdi.
Kunlardan bir kuni xotini eriga:— Endi siz bunday bekor yotavermang. Yo qolgan davlatingizni sotib savdogarchilik qiling, yoki biror xizmat qiling, — debdi. Eri:— Men savdoga ketsam seni qanday yolgʻiz qoldiraman. Seni koʻzim qiymaydi, — debdi. Xotini:— Koʻnglingizni toʻq qiling, men siz kelguningizcha uyda oʻtiraman, — debdi. Eri noiloj mollarini sotib savdoga ketmoqchi boʻlibdi.Puliga kerakli mollarni olibdi, yoʻlga chiqishi oldidan xotini unga bir gul berib:— Mana shu gulni oling.
Agar mening boshimga biror ogʻir ish tushsa yoki men biror yomon yoʻlga kirib ketsam, shu gul oʻsha ondayoq soʻladi. Boʻlmasa hech qachon soʻlmaydi, — debdi.Eri gulni olib safarga chiqib ketibdi. Yoʻlda oʻgʻrilar uchrab yigitning mollarini talab olib ketishibdi. Yigit molsiz, pulsiz oʻzining sogʻ-salomat qolganiga shukr qilib bir shaharga boribdi. Shaharda sarson boʻlib yurib bir imorat qiladigan usta bilan uchrashib qolibdi. Ustaga oʻz ahvolini gapiribdi. Usta yigitni oʻziga shogird qilib olibdi.
Yigit bir yilda imorat qilishni oʻrganib, yaxshi usta boʻlib yetishibdi.
Kunlardan bir kun usta oʻlib, uning oʻrniga yigit usta boʻlib qolibdi.Bir kuni podsho yigitni chaqirtirib, bir katta imorat solib berishni topshiribdi. Yigit podshoga juda chiroyli katta imorat qilib beribdi. Podsho yigitdan xursand boʻlib, ziyofatga chaqiribdi. Yigit bilan gaplashib oʻtirib, uning qaydan kelganligini, kimligini soʻrabdi-da, oʻrdasida ishlashga koʻndiribdi. Yigit oʻrdada ishlay boshlabdi. U tez-tez choʻntagidagi gulga qarab qoʻyar ekan.
Vazirlar bu gulning qishin-yozin soʻlmaganiga ajablanib, podshoga aytishibdi. Podsho yigitni chaqirib, choʻntagidagi gulning soʻlmaslik sababini soʻrabdi. Yigit podshoga xotinining soʻzlarini aytibdi. Podsho kulib:— Sen ahmoq ekansan, xotinlarning soʻziga ishonib boʻladimi? Gul berib seni aldabdi-da, — debdi. Yigit xotinining toʻgʻriligiga chin koʻngildan ishonganligini aytibdi.Kunlardan bir kuni podsho yigitning xotinini sinash uchun vazirlaridan birini yuboribdi.
Vazir xotin yashagan shaharga kelib qoʻshnisidan yigitning xotini bilan uchrashtirishni soʻrabdi. Qoʻshnisi xotin oldiga vazirni olib kiribdi:— Qizim, mening bir mehmonim bor edi, oʻshani sen uyingda mehmon qilib joʻnatsang, — debdi. Xotin bu sirga darrov tushunib: “Bunda bir hikmat boʻlsa kerak, bularni bir boplay”, debdi-da, mehmonni qabul qilibdi. Yaxshi ovqatlar, shoʻrvalar, sharoblar tayyorlab uni mehmon qilibdi. Vazir mast boʻlib qolibdi.
Shu paytda yigitning xotini tomonidan tayinlab qoʻyilgan qoʻshni xotin darvozasini taqillatibdi.Xotin:— Voy, birov kelib qoldi, darrov mana bu yerga kirib turing, keyin oʻzim chaqiraman, — deb vazirni uydagi yertoʻlaga tushiribdi. Bir necha kungacha vazirni yertoʻladan chiqarmabdi. Podsho birinchi vazirdan darak boʻlmagandan keyin, ikkinchi vazirini yuboribdi. Xotin ikkinchi vazirni ham avvalgidek yertoʻlaga qamabdi. Podsho ikkinchi vazirdan ham darak boʻlmagandan keyin, oʻzi oddiy kiyim kiyib xotinning uyiga kelibdi.
U podshoni ham avvalgiday ziyofat qilibdi.Yigit ishlab yurib xotini esiga tushib gulga qarasa, gul soʻlmagan, chiroyli, ochilib turibdi. Ancha qarab oʻtirgandan keyin podshoning gapi esiga tushib, “Podshoning aytgan gapi rost boʻlmasin tagʻin, bir xotinimdan xabar olib kelay”, deb shahariga qaytib, darvozani taqillatibdi. Bu vaqt xotin mast boʻlgan podshoni ham yertoʻlaga qamab turgan ekan. Qarasa, eri kelib qolibdi. Suyunib uyga olib kiribdi. Eri uydagi ovqatlarni koʻrib ahvolni soʻrabdi.
Xotin:— Siz kelguncha bir qiziq ish qildim, mana shu odamlar kelaverib meni bezor qilishdi. Men ularni qamab qoʻyaverdim. Oʻzingiz ulardan sababini soʻrang. Mana, koʻring, — deb yertoʻlani ochib uchovini chiqaribdi. Yigit ularning uchovini ham tanibdi:— Podsho boʻlib turib shunday ish qilgani uyalmaysizmi?
— debdi. Podsho:— Xafa boʻlma, biz xotiningni sinamoqchi boʻlib, shu ahvolga tushib qoldik. Sening xotining haqiqatan ham toʻgʻri xotin ekan. Ikkovingiz qoʻsha qaring, — deb joʻnashibdi. Er-u xotin murod maqsadiga yetibdi.