Oʻtgan zamonda bir zolim, qonxoʻr xon boʻlgan ekan. Xonning toʻrt xotini boʻlib, bitta ham farzand koʻrmagan ekan. Xon umrining oxirida eng kichik xotinidan bir oʻgʻil koʻribdi. Kundan kun, oydan oy, yildan yil oʻtibdi. Oʻgʻli oʻsib ulgʻayibdi, qomati kelishgan, aqli raso, rahmdil yigit boʻlib yetishibdi.Xon koʻzining oq-u qorasi, bitta-yu bitta oʻgʻliga shamolni ham ravo koʻrmas ekan. U oʻgʻlining rahmdilligidan, beva-bechoralarga har narsani ayamay berib yuborishidan gʻazablanar ekan.
Lekin oʻgʻliga hech nima deyolmay, u bilan soʻzlashgan odamni oʻldirtirar ekan.Kunlardan bir kun shaharning chetidagi bir oʻrmonda yovvoyi toʻngʻiz paydo boʻlib, ekinlarni payxon qilib, xalqqa koʻp zarar yetkazibdi. Hech kim toʻngʻizni tutolmabdi. Aksincha, toʻngʻiz oʻrmonga borgan odamlarni halok qilar ekan.Buni eshitgan xonning oʻgʻli oʻrmonga borib toʻngʻizni oʻldirib kelish uchun otasidan javob soʻrabdi. Xon javob bermabdi.Axiri xonning oʻgʻli otasiga bildirmay kiyinib, yarogʻ-aslaha olib, bir oʻzi oʻrmonga otlanibdi.
Darvozada turgan soqchilardan biriga:— Men uch kunda qaytib kelsam kelganim, boʻlmasa meni oʻldi deb bilinglar, — debdi. Yigit oʻrmonga qarab yoʻl olibdi.Yosh yigit oʻrmonga borib, ikki kecha-yu ikki kunduz toʻngʻiz bilan olishibdi. Uchinchi kuni toʻngʻiz uni ezgʻilab, majaqlab tashlabdi. U halok boʻlibdi. Xon oʻgʻlining koʻrinmaganiga hayron boʻlib, surishtiribdi. Hech kim aytmabdi. Axiri soqchilardan biri xonning oʻgʻli oʻrmonga ketganini va undan haligacha darak yoʻqligini aytibdi. Xon xavotir olib, oʻrmonga kishilar yuboribdi.
Soqchilar, xizmatkorlar oʻrmonga borib, uni koʻp axtarishibdi, axiri bir joyga borib qarasalar, yigitning kiyimlari va qurol-aslahalari har yer-har yerda yotgan emish, oʻzi bir daraxtning tagida oʻlib yotganmish. Yigitning halokatga uchragani maʼlum boʻlibdi. Xon: “Kimki oʻgʻlim toʻgʻrisida sovuq xabar keltirsa, qornini yorib, qoʻrgʻoshin quyaman”, degan ekan. Xizmatkorlar juda xafa boʻlishibdi. Xonga bildirish yoʻllarini oʻylashibdi. Xonga aytsak, bizni oʻldiradi, deb qoʻrqqanlaridan, nima qilishlarini bilmabdilar.
Zolim xonning aytgan soʻzini eslab, togʻga chiqib ketishibdi. Togʻda soʻzga chechan, qoʻshiqchi Ali degan choʻpon yashar ekan. Saroy xizmatkorlari boʻlgan voqeani choʻponga aytib berishib:— Endi sen bizga yoʻl koʻrsat, podshoga bu voqeani qanday aytamiz,— deyishibdi. Choʻpon:— Xafa boʻlmanglar, hozir sizlar biroz dam olib turinglar. Bu baloni men daf qilaman, — debdi.Choʻpon bir daraxtni kesib, teshik dutor yasabdi.
Xonning xizmatkorlari oldiga kelib:— Qani yuringlar, xonning dargohiga boramiz, — debdi.Ular xon saroyiga kelgandan keyin choʻpon dutorni qoʻliga olib asta-sekin chala boshlabdi. Dutor nola qilibdi:Yosh yigitning oʻrmonga borgani, toʻngʻiz bilan olishgani va oxirida qahramonona halok boʻlgani toʻgʻrisida kuylabdi. Xon dutorning yurakni ezuvchi, gʻamli nolasidan oʻgʻlining halok boʻlganini sezib qolibdi, gʻazablanib baqiribdi:— Jallod, oʻrmonga borib kelgan bu kishilarning qornini yorib, qoʻrgʻoshin quy!Choʻpon oʻrnidan turib:— Ey, xon, bu xabarni senga biz emas, mana bu dutor yetkazdi.
Qoʻrgʻoshinni dutorning qorniga quya ber, — debdi.Zolim xon nima qilishini bilmay, gʻazabiga chidolmay dutorning qorniga qoʻrgʻoshin quydiribdi.Shunday qilib, xizmatkorlar zolim xon zulmidan qutulib qolgan ekanlar.