Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir chol bor ekan. Uning xotini har ikki yilda ikkitadan bola tugʻar ekan. Oradan bir necha yil oʻtibdi, cholning bolalari juda koʻpayib ketibdi. Bu bolalarni boqish juda qiyin boʻlib qolibdi.Oʻzlarining ham qorinlari hech toʻymas ekan. Kunlardan bir kun chol xotiniga:— Bolalarni uxlatgandan keyin bir qozon atala qil, bir toʻyib ichaylik, — debdi. Xotini yarim kechada oʻrnidan turib oshga harakat qilib tursa, bir qizi turib:— Ona, men un elab beraymi? — debdi.Yana biri turib:— Suv keltirib beraymi? — debdi.Yana biri:— Oʻtin keltirib beraymi? — debdi.Yana biri:— Oʻt yoqib turaymi? — debdi.Shunday qilib, bolalari uygʻonib har tomondan turib kelaveribdilar. Chol buni koʻrib, zarda qilib koʻchaga chiqib ketibdi. Xotini atalani pishirib, suzish oldidan bolalariga:— Otangizga ham biroz olib qoʻyay, — debdi-da, bir kosa atala olib qoʻyibdi. Atalani oʻchoq boshida qoldiribdi. Bolalar atalani ichib boʻlgach, yotib uxlabdilar. Bolalardan biri turib, oʻchoq boshidagi oshni topib ichib, oʻrniga suv solib qoʻyibdi. Yotib uxlabdi. Birozdan keyin chol uyga kirsa, hammasi uxlab qolgan ekan. Oʻchoq boshiga borib qarasa, kosada bir narsa turgan emish. Qorongʻida atala deb oʻylab, ichib koʻrsa, suv ekan. Shundan chol qattiq xafa boʻlibdi. Ertasi bolalariga:— Bolalarim, men bilan birga yuringlar. Bugun togʻga borib, doʻlana teramiz, — debdi. U bolalarini ergashtirib, bir togʻga olib chiqibdi. Doʻlanani qoqib, bolalariga:— Men daraxtga chiqib, doʻlana qoqaman. Yuqoriga qaramanglar, zoʻr berib tera beringlar, — debdi. Bolalar doʻlanani teraveribdilar. Chol sekin daraxtdan tushib, uyiga qarab ketaveribdi. Doʻlanani terib, yeb boʻlgan bolalar:— Dada, yana qoqing! — deb yuqoriga qarashsa, hech kim yoʻq. Bolalar yigʻlashib, har tomonga tarqalib ketibdilar. Shu bolalar orasidan bir qiz bilan bir oʻgʻil togʻning bir tarafiga qarab ketibdi. U yerda suv yoʻq ekan. Oʻgʻil bola opasiga:— Opajon, juda chanqadim, — debdi. Shunda bir joyda koʻlmak suv koʻrinibdi. Bola suvni ichay degan ekan, opasi:— Ichma, bu ayiqning ichadigan suvi, — debdi. Yana biroz yurgandan keyin bir suv koʻrinibdi.Bola:— Opa, suv ichaman, — debdi.Opasi:— Ichma, bu kiyikning ichadigan suvi, — debdi.Bola:— Ichsam nima boʻladi? — debdi.Opasi:— Ichsang kiyik boʻlib qolasan, — debdi. Ukasi opasining soʻziga kirmay, shu suvdan ichgan ekan, kiyik suratiga kirib qolibdi. Qiz hayron boʻlib, yigʻlab-yigʻlab kiyik boʻlib qolgan ukasini yetaklab yuribdi. Ular borib-borib, bir koʻprikning tagiga kirib yotibdilar.Oʻsha yurtning podshosi ovga chiqqan ekan. U koʻprik oldiga kelganda oti hurkib, koʻprikdan oʻtmay qolibdi.Podsho:— Kimsan, koʻprik tagidan bu yoqqa chiq! — debdi. Qiz kiyikni yetaklab chiqib kelibdi. Podsho qizni koʻrib yoqtirib qolibdi.Podsho navkarlariga:— Bu qizni oʻrdaga olib boringlar! Kechqurun ovdan qaytib boraman. Shungacha tursin! — debdi. Navkarlari qizni oʻrdaga olib boribdi. Kechqurun podsho ovdan qaytibdi. Qizdan hol-ahvol soʻrab, uni parvarish qilish toʻgʻrisida buyruq beribdi. Podsho avvalgi xotinlaridan bola koʻrmagan ekan. Bir necha kundan keyin xalqqa katta toʻy-tomosha qilib beribdi va qizni oʻz nikohiga olibdi. Qiz homilador boʻlibdi.Podshoning katta xotinlari yosh xotinning homilador boʻlganini bilib, uni yoʻqotish payiga tushibdilar. Kunlardan bir kun podsho ovga ketganda, kundoshlar kenja xotinini yoʻqotmoqchi boʻlibdilar.Kenja xotin podshoning ovdan qaytish kunlari yaqinlashganda hovuz boʻyida sochlarini yoyib oʻtirgan ekan. Kanizaklaridan biri kelib kenja xotinni toʻsatdan hovuzga itarib yuboribdi. Qiz choʻkib ketibdi.Kanizakning oʻzi esa kenja xotinning kiyimlarini kiyib, unga oʻxshagan boʻlib oʻtiribdi. Podsho ovdan qaytib, toʻppa-toʻgʻri kenja xotinning uyiga kiribdi. Qarasa, xotini boshqa ahvolda.— Ey, xotin, senga nima boʻldi? — debdi.Kanizak aytibdi.— Sizni oʻylayverib shu koʻyga tushdim, — debdi. Podsho hayron boʻlib, shu kecha u bilan qolibdi.Xotin ertalab turib:— Mening boshim qorongʻi boʻldi, menga oʻsha kiyikni soʻyib bersangiz, — debdi.Podsho:— Sen bu kiyikni mening ukam, suv ichib kiyik boʻlib qolgan demabmiding? — debdi.Kanizak:— Yolgʻon aytgan edim, — debdi.Podsho navkarlariga:— Kiyikni soʻyinglar! — deb buyruq beribdi.Navkarlar darrov mis qozonlarni osib, oshpichoqlarni qayrab turganlarida, birdan kiyik hovuz atrofida aylanib, tilga kelibdi:
Mis qozonlar osildi,Oshpichoqlar qayraldi,Chiqmaysizmi, opajon,Hovuzingiz tagidan, —
debdi.Opasi:
Oʻng yoqda oltin beshik,Chap yoqda kumush beshik,Tagimda zarvar gilam,Qanday chiqay, ukajon?! —
debdi.Podsho bu soʻzni eshitib, darhol hovuzning suvini chiqarib tashlab, quritishga buyruq beribdi. Hovuzning suvini chiqarib, tagiga qarashsa, bir darcha koʻrinibdi, darchani ochib qarashsa, bir gumbaz koʻrinibdi. Bu gumbazning ichiga kirib koʻrishsa, gumbaz oʻrtasida podshoning kichik xotini oʻtirgan emish. Uning tagida zarvar gilam, oʻng va chap taraflarida beshik. Podsho xotinining oldiga borib soʻrabdi:— Seni kim bu yerga keltirdi?— Meni bir kanizak hovuzga itarib yubordi. Hovuzga tushgandan keyin koʻzimni ochib qarasam, shu uyda oʻtiribman. Oʻsha onda tugʻdim. Bu ilonlarning makoni ekan. Ular menga yordam qildi. Bu yerda salomat oʻtiribman, — debdi xotini.Qiz ikki oʻgʻil tugʻgan ekan. Podsho xotini bilan bolalarini hovuz tagidagi gumbazdan chiqarib, el-yurtga katta toʻy qilib beribdi.Kanizakni esa bir baytal otning dumiga bogʻlab, orqasidan aygʻir qoʻyib yuboribdi.Kiyik boʻlib qolgan bolani esa hakimlarga koʻrsatib, davolatibdilar. Keyin bola oʻz holiga kelibdi. Opa-uka, podsho va uning ikki oʻgʻli birga umr kechirishib, murodlariga yetibdilar.