← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarTabiatOilaTijorat

Murqumomo

1486 soʻz

Bir kambagʻal chol dasht-biyobonlardan oʻtin terib, uni sotib kun koʻrar ekan.

Bir kuni u tush payti oʻtin terib, charchab uxlab qolibdi. Tushida bir qush parvoz qilib uchib kelib, taxlangan oʻtin ichiga kirib tuxum qoʻyibdi-da, yana uchib ketibdi. Chol bir vaqt uygʻonib oʻtinni koʻtarmoqchi boʻlsa, ichidan bir dona tuxum chiqibdi. Chol oʻrnidan turib tuxumni olib bozorga qarab joʻnabdi. Shaharga kelib bozor tomonga ketayotsa, shu shahar podshosining vaziri taxtda qarab turgan ekan. Cholning qoʻlidagi tuxumni koʻrib qolibdi. Darrov kirib podshoga cholning qoʻlida qimmatbaho tuxum bor, deb aytibdi.

Podsho darrov yasovul yuborib, cholni olib keltiribdi. Cholning qoʻlidagi tuxum juda qimmatbaho gavhar ekan. Podsho cholga:— Shu tuxumingni qancha mol-u dunyoga almashtirasan?

— deb soʻrasa, chol:— Oʻzingizga nima maʼqul kelsa, shuni bering, — deb aytibdi.Podsho shu tuxum evaziga juda koʻp mol-dunyo berib, cholni rozi qilibdi. Chol uyga xursand boʻlib qaytibdi. Cholning ikki oʻgʻli bor ekan. Birinchisining oti Majid, ikkinchisining oti Hamid ekan. Bu boyliklar bilan ular ancha yaxshi yashay boshlabdilar. Chol yana oʻtin tergani dashtga joʻnabdi, uxlabdi. Tushida yana oʻsha qush kelib oʻtin ichiga kirib gavhar tuxum qoʻyib ketibdi.Chol uygʻonib qarasa, yana bir dona gavhar tuxum turgan emish.

Chol tuxumni yana podshoga olib boribdi. Podsho tuxumni olib qirq tuyaga zar, qirq xachirga oltin yuklab beribdi. Chunki haligi bir dona tuxumning bahosi bir podsholikning yetti yillik xarajatiga toʻgʻri kelar ekan. Chol haligi zar, oltinlarni olib uyga boribdi. Butun kambagʻal-bechora, uysizlarni chaqirib uy soldira boshlabdi. Tez orada dashtda salqin, chiroyli uylar paydo boʻlib, shahar vujudga kelibdi.Kambagʻallarning bolalarini toʻplab maktablarda oʻqita boshlabdi.

Chol shaharga podsho boʻlibdi.Chol oʻzini shunday baxtli qilgan qushni tutib olib kelmoqchi boʻlibdi. U qushni koʻrmas ekan. Eski choponini kiyib, sahroga chiqib oʻtin terib, yolgʻondan uxlagan kishi boʻlib qushning kelishini kutib turibdi. Bir vaqt qarasa, bir qush kelib oʻtin orasiga kirib ketibdi. Chol oʻrnidan turib choponi bilan oʻtin ustini yopib qushni tutib olibdi. Oltindan taxt yasatib, oltindan qafas qildiribdi. Qafasning ichiga haligi goʻzal qushni solib, taxti oldiga osib qoʻyibdi.

Chol bir kuni xotiniga:— Men bir hajga borib kelay, — deb tayyorlanib hajga joʻnab ketibdi. Cholning oʻrniga uning xotini podsho boʻlib qolibdi.

Shu shaharda bir usta bor ekan. Cholning xotini uyni taʼmirlash uchun shu ustani chaqirtirsa, u aytibdiki:— Agar oʻsha Murqumomo qushni menga soʻyib, shoʻrva qilib bersangiz siznikiga boraman, — debdi. Cholning xotini rozi boʻlibdi. Qafasning ichidagi yetti podsho xirojiga teng keladigan goʻzal qushni soʻyishga buyuribdi. Qushni soʻyib, qozonga solib, qaynatib qoʻyishibdi.Shu vaqt cholning oʻgʻillari Majid bilan Hamid maktabdan qornilari och holda kelishibdi-da, qozonda qaynayotgan qushning tojisini olib boʻlishib yeb qoʻyishibdi.

Bolalar oʻynagani koʻchaga chiqib ketishibdi. Cholning xotini goʻshtni ustaning oldiga olib chiqib qoʻyibdi. Usta pishgan qushning goʻshtini koʻrsa, tojisi yoʻq emish. Usta:— Men bu goʻshtni yemayman, — debdi.

Shunda xotin:— Nima uchun yemaysiz?

— deb soʻrasa, usta:— Men kitobda oʻqiganman. Agar kimda-kim Murqumomoning tojisini pishirib yesa, oʻsha odam davlatga podsho boʻladi, deb yozilgan, — debdi.

— Bu qushning tojisini birov yeb qoʻyibdi.

Endi oʻsha odam podsho boʻladi, — debdi-da, arazlab ketmoqchi boʻlibdi.Cholning xotini yalinib ustani toʻxtatibdi va qushning tojisini kim yegan ekan, — deb surishtirib ketibdi.Shu vaqt uyga oʻgʻillari kirib kelibdilar. Onasi ulardan soʻrasa, biz yedik deb aytishibdi.

Shu vaqt usta xotinga “Hozir ikkala bolangni oʻldirsang ularning jigarida toji turibdi. Menga jigarlarini berasan, shundagina sening uyingni taʼmirlab beraman, — debdi. Usta ketib qolishidan qoʻrqqan xotin jallodlardan biriga:— Uzoq joyga olib borib Hamid bilan Majidni soʻy-da, jigarini olib kel, — deb buyuribdi. Jallod Hamid bilan Majidni otga mindirib jarning oldiga olib boribdi.

Lekin bolalarni soʻyishga qizgʻanibdi. Birini soʻyay desa, “Meni soʻying”, deb ikkinchisi yopishibdi, ikkinchisini soʻyay desa, birinchisi: ”Avval meni soʻying”, deb yalinibdi.Bularning nolishlariga rahmi kelgan jallod oʻylanib qolibdi.

Shu vaqt jar tagidan kuchuklarning gʻingshigan ovozlari eshitilibdi. Jallod darrov jarlikka tushib ikkita kuchukni olib chiqib, soʻyib, qornini yorib, jigarini olibdi. Bolalarni esa otlariga mindirib:— Boshlaringiz oqqan tomonga qarab ketinglar, — deb qoʻyib yuboribdi.Ikki bola birgalikda ketishibdi. Ularning oldilaridan ikki yoʻl chiqibdi. Bir yoʻlga “Borsa kelmas” deb yozilgan, ikkinchi yoʻlga “Borsa kelar” deb yozilgan ekan. Majid oʻylab turib:— Aka, sen “Borsa kelar”ga borgin, men “Borsa kelmas”ga boraman — debdi.

Majid boshqa yoʻlga, Hamid boshqa yoʻlga joʻnabdi.Hamid yoʻl yursa ham moʻl yurib, oxiri bir shaharga kirib boribdi. Xuddi shu kunlarda shaharning shohi oʻlib, xalq davlat qushini uchirib turgan vaqt ekan. Uchib yurgan qush hali otdan tushib ulgurmagan Hamidning boshiga qoʻnibdi. Kishilar kelib qarasalar, qush bir musofir yigitning boshiga kelib qoʻnib turgan emish. Qushni yana uchirishibdi. Qush yana Hamidning boshiga kelib qoʻnibdi. Bu hol uch marta takrorlanibdi. Oxiri Hamidni podsho qilib koʻtarishibdi.

Hamid podsholik davrini suraversin, endigi soʻzni Majiddan eshiting:Majid ketaverib juda koʻp yoʻl yuribdi. Yoʻlda uch kishi qonlariga belanib urishayotgan ekan. Majid ularni urishishdan toʻxtatibdi.

Soʻngra ulardan nima uchun urishayotganliklarini soʻrabdi. Ular urishishning sababini aytibdilar. Ular otadan uch oʻgʻil boʻlib, otalari oʻlgach, ularga bir hassa, qalpoq va toʻrt tevaragiga turli soʻzlar yozilgan gilam meros qolgan ekan.

Shu merosni boʻlisha olmay urishayotgan ekanlar. Majid oʻylanib turib:— Xoʻp, bu narsalarning qanday xosiyati bor?

— deb soʻrabdi.

Shunda kattasi turib bu narsalarning xosiyatlarini soʻzlab beribdi:— Kimki hassani ushlasa, bir qadami ming qadam boʻladi, qalpogʻini kiysa, kishi koʻziga koʻrinmaydi. Gilamga oʻtirib, xatlarini oʻqib xohlagan joyining nomini aytsa, oʻsha yerga olib boradi. Hassaning yana bir xususiyati shuki, koʻr koʻzga surtsa, koʻzi ochiladi.Shunda Majid:— Men sizlarga bir shart qoʻyaman, shu shartni bajarsalaring uchala narsa oʻshanga tegadi, — debdi. Aka-ukalar koʻnibdi.

— Kim soydagi chiroyli toshlardan bir etak terib keltirsa, bu meroslar oʻshanga tegadi, — debdi Majid. Meros narsalar Majidning oldida qolibdi.Uchala aka-uka yugurib ketishibdi.

Shu zamon Majid hassani ushlabdi, qalpoqni kiyibdi-da, gilamga oʻtirib, xatlarni oʻqibdi.

Shu vaqt gilam osmonga koʻtarilibdi. Gilam uchib toʻgʻri bir podshoning juda shinam bogʻiga borib tushib, katta hovuz oldidagi supaga solinib qolibdi.

Shu vaqtda podshoning goʻzal parilardek qizi qirq kanizi bilan bogʻda sayr qilib yurishgan ekan.Shohning qizi supaga solingan gilamni koʻrib, uni tomosha qilmoqchi boʻlib oʻtiribdi. Majidni koʻrmabdi, chunki Majid qalpoqni kiyib olgan ekan. Majid darrov gilamning xatini oʻqibdi. Gilam shu payt osmonga koʻtarilib shohning qizini ham olib uchib ketibdi. Gilam juda uzoq uchib bir daryo yoqasiga qoʻnibdi. Majid boshidan qalpogʻini olibdi. Qiz yigitni koʻrib, unga salom beribdi. Majid qizni sevib qolib:— Birga turmush qilaylik, — debdi. Podshoning qizi avval koʻnmabdi.

Oradan biroz vaqt oʻtgach, qiz rozi boʻlibdi. Yigit unga uylanibdi. Ikki yil oʻtgach, bir qiz, bir oʻgʻil koʻribdilar.Majid juda mehnatsevar ekan, u tinmay mehnat qilib uy quribdi. Har kuni ovga borib, kundalik ovqatlarini topib kelar ekan. Shohning qizi otasining shahriga ketishni istabdi.

Bir kuni malika gilamning sirini soʻrabdi. Majid shu vaqtga qadar gilam, qalpoq, hassaning sirini aytmagan ekan.

Endi ikki bolasi bilan qayerga ketardi, deb gilamning sirini aytibdi.

Bir kun Majid ovga ketgach, xotini bolalarini olib gilamga oʻtiribdi va gilam tevaragidagi xatni oʻqibdi. Gilam koʻtarilib, otasining shahriga qarab uchibdi. Gilam borib bogʻdagi supaga yozilib qolibdi. Qiz otasinikiga kelib turaversin, gapni Majiddan eshiting.Majid ovda koʻp oʻljalarni olib kelsa, uyda chiroqlar yoqilgan, biroq hech kim yoʻq ekan. Uyga kirsa, sehrli gilam yoʻq.

Shunda xotini bolalari bilan otasining yurtiga uchib ketganini bilibdi. Majid darrov berkitgan yeridan hassa bilan qalpoqni olibdi, qalpoqni kiyib, hassani qoʻlga olib, bolalarini izlab ketibdi.Oxiri xotini turgan podsholikka yetib kelibdi.

Shu shaharning bir chetida bir chol bilan kampir turishar ekan. Chol har kuni azonda borib podsho taxtining oldidagi maydonni supurar va shuning evaziga tirikchilik oʻtkazar ekan. Podsho saroyida yurib, u yerda boʻlayotgan ishlardan xabardor boʻlib turar ekan. Majid borib shu chol bilan kampirnikiga tushibdi. Ular bilan hol-ahvol soʻrashgach, chol:— Oʻgʻlim, nima qilib yuribsan?

— debdi.Shunda Majid boshidan oʻtgan hamma voqealarni birma-bir soʻzlab beribdi. Chol gapni tinglab boʻlgach, shunday debdi:— Oʻgʻlim, qaygʻurma, gilam podshoning xazinasida, bolalaring sogʻ va salomat, bogʻda oʻynab-kulib yurishibdi. Erta sahar men bilan borasan. Senga xazinaga kirish yoʻllarini aytib beraman, — debdi.Ertasiga chol Majidga xazinaga kirish yoʻlini koʻrsatibdi.Majid qalpoqni kiyib olgan ekan, hech kim uni koʻrmabdi. U toʻgʻri xazinaga kirib gilamni koʻribdi. Gilam yerda yozigʻliq turgan ekan. Gilamga oʻtirib xatlarni oʻqibdi.

Shu vaqt gilam uchib xazina darchasidan chiqib ketibdi va borib bogʻdagi supaga tushibdi.Hovuz boʻyida bolalari oʻynab yurishgan ekan. Gilamni koʻrishlari bilan bolalar yugurib kelishibdi. Bolalarni gilamga oʻtqazib olib ketibdi. Bu holni koʻrgan podsho va uning qizi dod-voy deganlaricha qolaveribdilar. Majid toʻgʻri ukasi Hamid podsholigiga qarab uchibdi. Ukasi bilan koʻrishib, gaplashibdi. Majid:— Yur, uka, ota-onamiz oldiga boramiz. Ular sogʻ-salomatmikan, — debdi. Maslahatlashib ota yurtiga qarab uchib ketishibdi.

Bular uchib ketishaversin. Soʻzni ota-onasidan eshiting:Jallod onaga kuchuk jigarini olib kelgach, ustaga yediribdi. Usta yeb olgach, butun boyliklarni olib qochib ketibdi. Xotin:— Cholim kelib bolalar qani, desa nima deyman, yaxshisi ikkita goʻr qilay-da, qaroqchilar oʻgʻillaringni oʻldirdi, deyman, deb oʻylab, ikkita goʻr qazitib, katta sagʻana qildiribdi. Biriga Majid, biriga Hamid deb yozdiribdi. Oʻzi esa, shu goʻr oldida “yigʻlab” oʻtiribdi. Bir necha vaqtlar oʻtgach, chol hajdan qaytib kelibdi.

Bu voqealarni koʻrib nihoyatda qaygʻuribdi. Chol ham tarki dunyo qilib, bolalarining “goʻri” oldida yigʻlab oʻtiribdi. Ikkalasining koʻzlari ham yigʻlayverib koʻr boʻlibdi.

Shundan keyin bolalari gilamda uchib kelibdi. Koʻrishsa, shaharlar vayron, izlab yurishib, goʻr oldiga kelib qarashsa, biriga Majid, ikkinchisiga Hamid deb yozib qoʻyilgan emish. Yonida esa ota-onasi yigʻlab koʻr boʻlib yotgan emish. Butun voqeani darrov bilib olibdilar. Ota-onasining oldiga borib koʻrishibdilar. Majid xosiyatli hassani otasining koʻziga surtibdi. Otasining koʻzi ochilibdi.

Lekin onasining koʻziga surtmabdi. Butun boʻlgan voqeani otasiga gapirib berishibdi. Ular gilamga ota-onasini oʻtqazishib, Hamid podsho boʻlgan mamlakatga uchib ketishib, murod-maqsadiga yetishibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!