← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatAdolatJasoratTabiatOilaTijoratUzun

Vospiroxun

6808 soʻz

Oʻtgan zamonda Oq podshoh bilan Qora podshoh boʻlgan ekan. Ikkisi ham doimo bir-biri bilan urushib, bir-birini yengga olmas ekanlar.

Kunlardan bir kuni Oq podshoh oʻz vaziriga: shahardagi butun botir va polvonlarni yigʻib, urush maydoniga joʻnatish uchun buyruq beradi. Vazir polvonlarni qidirmoq uchun bozorga boradi.Vazir bozorda polvonlarni izlab yurganida unga bir kal uchraydi, Vazir kaldan:— E, kal, shu bozorda sen hech bir polvon koʻrganmisan?

— dedi. Kal:— Taqsir, polvon sizga nima uchun kerak boʻlib qoldi?

— dedi. Vazir:— Oq podshohimiz Qora podshoh bilan boʻladigan urushda yengib chiqishi uchun polvon kerak, — dedi. Kal:— E, taqsir, oʻsha siz izlab yurgan polvon, er-sher odamingiz men boʻlaman, — dedi. Vazir asosiy muddaoni aytib:— Agar sen qoʻrqoqlik qilib qochsang, tutib olib shartta kallangni olaman, — dedi. Kal:— Agarda men podshohning buyurganini qila olmasam, meni soʻyib, goʻshtlarimni qiyma qilib, bozorda sarson qiling!

— dedi. Ikkovlari podshoh oldiga keldilar. Podshoh kalning salomiga alik olmay:— Xoʻsh, kal, sen nima uchun kelding, — dedi. Kal podshohga qarab:— Sizning xizmatingizga keldim, buyuring, bajaraman, — dedi. Podshoh vazirga qarab gʻazablanib: “Sen hali menga shu odamni olib keldingmi?” — dedi.Vazir taʼzim qilib podshohga:— Taqsir podshoh, sizning buyrugʻingizga binoan men bozorga polvon va botirlarni qidirgani borgan edim.

Shunda boshini qashib oʻtirgan shu kalni koʻrdim.

Soʻngra men kaldan botirlarni soʻradim. Kal menga qarab:— Sizga botir va polvonlar nima uchun kerak?

— deb soʻradi. Men:— Oq podshohning Qora podshoh ustidan yengishi uchun kerak, — dedim.

Shu vaqtda kal:— Xuddi sizning aytgan kishingiz men boʻlaman, hamma ishingizni men bajaraman, — deb qasamyod qilib, sizning oldingizga keldi, — dedi.Podshoh yostiqqa suyangan holda kalga qarab: “Ha… ha… hali sen Qora podshohni yengib, uning qizini va mol-u dunyosini olib beradigan boʻldingmi”, — dedi. Podshoh biroz oʻylab:— Xoʻp, mayli, kal, sen agar urushda yengilib qolsang, u vaqtda seni oʻldirib, goʻshtingni qiyma qilib, bozorda sarson qilish u yoqda tursin, tanangni tegirmonga solib, un qilib, goʻshtingdan chuchvara pishirtirib, onangga berib bozorda sottiraman, —dedi.

Kal podshohga taʼzim qilib, qoʻrqmay botirlarcha javob qaytardi:— Xoʻp, mayli, agar men yengilsam bilganingizni qiling! Bordi-yu, Qora podshohni yengsam, u vaqtda podshohning qizini oʻzim olaman.

Shu shartni men oldindan aytib qoʻyishim kerak, — dedi. Podshoh: “ha… ha…” deb kuldi va:— Nima boʻlsa-da mayli, ishqilib Qora podshohni yengib, mening obroʻyimni olib ber!

— dedi.Vazir podshohga taʼzim qilib, “Taqsir, boʻlmasa vaqtni oʻtkazmay, ishni boshlaylik”, dedi.

Shu vaqtda podshoh kalga:— Xoʻsh, kal, senga qanaqa ot kerak?

— dedi.

Shunda kal:— Boʻlmasa men sizning otlaringizni bir-bir koʻzdan kechirib chiqay-chi, menga loyigʻi bormikin, shundan soʻng tanlab olaman, — dedi. Podshohning otxonasida bir yuz qirqta oti bor edi. Kal bularning ichidan hech birini yoqtirmadi: kal otlarni qarab yurganida, otboqarlar: “Hali, Qora podshohni yengib, qizini olib beradigan botir shumi, va-a-a” deb, mayna va kalaka qilishdi.

Kalning achchigʻi chiqdi va bularning shu mayna qilishiga bozordan bir ot tanlab olay-chi, soʻngra Qora podshohni yengganimni tomosha qilsinlar, deb oʻziga qattiq ahd qildi. Kal bilan vazir podshoh oldiga chiqdilar. Kal salom berib podshoh oldiga kirdi. Podshoh:— Xoʻsh, kal, senga qaysi ot yoqdi?

— dedi. Kal iljayib yerga qarab:— E, podshoh, bu otlaringiz ichida menga hech biri maʼqul tushmadi, — dedi.Podshoh ancha taʼnalardan soʻng kalning bozordan oʻzi istagan otni sotib olishiga rozi boʻldi. Podshoh vazirga:— Sen bu kalni bozorga olib bor, ana u tokchadagi tillalardan yettitasini ol, shu bilan kalning koʻnglidagidek otni olib kelinglar!

— dedi. Vazir va kal yetti tillani olib bozorga ketishdi. Bozordagi otlar kalga maʼqul tushmadi.

Soʻngra vazir bilan bozorni aylanib yurganda, bir keksa chol dehqon bir otni bozorga yetaklab kirdi. Ot bozorga kirdi-yu, yiqildi. Kal bilan vazir otni koʻrishdi. Kal vazirga: — E, vazir, ana shu ot mening koʻnglimdagidek ekan, qani endi egasi sotsa, men olar edim, uni qarang, ot meni koʻrib uyalib yotib oldi-ya, — dedi. Vazir kalning bu soʻziga kulib:— E, kal, bu otingni it ham iskamaydi-ku, — dedi. Kal:— E, taqsir, vazir, meni yoʻldan chiqarmang va oʻrgatmang! Siz anovi Errayimboyni tanimaysizmi, u ham ochlikdan yiqilib, soʻngra bozorda gadoychilik qilgan.

Endi u gadoychilikdan boy boʻlib, podshohga vazir boʻlibdi. Yaqinda u Errayimboy podshoh qizini olib, uning taxtiga oʻtirmoqchi emish, u men bilan ilgaridan qalin oʻrtoq va tanish edi. Ajab emaski, bu ot ham oʻshanga oʻxshab, mening yonimda yoʻldosh boʻlib, yaxshilanib ketsa, ikkalamiz Qora podshohni yengib, Oq podshohning qizini olsak.

Men shu umidimga erishaman, albatta, — dedi.Kalning qistovi bilan majolsiz, xarob otni savdo qilib, chol yarim tilla soʻrasa, kal uch tilla berib turganda, bozor oqsoqoli:— Nima gap, nima gap, qanchaga bitishdingiz, ota, — deb kelib qoldi. Chol boʻsh boʻlganidan:— Shu oʻgʻlim, mana shu otim uchun uch tilla bermoqchi boʻlib turibdi, — dedi. Oqsoqol va bozor dalloli otning bahosini ming chorak tilla, dedilar. Qolgan tilla bozor va bizning haqimiz uchun, desa, kal bir doʻq qilib, bozor oqsoqoli va dallolni quvib berdi.

Vazir qizarib-boʻzarib, uyalib chetga chiqib turaverdi. Kal cholga uch tillani berdi.Chol duo qilib, xursand boʻlib ketdi. Kal bir aravakashning aravasini kira qilib, otni aravaga solib podshoh oldiga olib keldi. Vazir esa nomus qilganidan kaldan keyin biroz kechikib podshoh oldiga keldi.Podshoh kalning keltirgan otini koʻrib, “qah-qah”… urib:— E, kal, sen hali shu ot bilan Qora podshohni yengmoqchimisan, bu oting shamolga qulaydi-ku!.. Men senga bulutga sakraydigan yaxshi ot olib beray, tashla buni, — dedi.

Kal:— Mayli, nima boʻlsa oʻzimdan, ishingiz boʻlmasin, yengib chiqsam boʻldimi?

— deb podshoh, vazir va otboqarlarning soʻziga quloq solmadi. Kal otni ikki oy-u yetti kun boqdi, yana yetti kun sovitdi.

Soʻngra ot yetilib, yaxshi ot boʻldi. Oldiga boshqa odamni yoʻlatmaydi. Podshoh kalga:— Oting tayyor boʻldimi, urushmoq uchun tayyormisan?

— dedi. Podshoh otni koʻrdi va:— Kal, endi omading kelibdi, mening obroʻyimni endi oladigan boʻlibsan, lekin boshda ichgan qasamingni unutma, — dedi. Otning tayyor boʻlganini koʻrgach, podshoh kaldan soʻradi:— Xoʻsh, kal, endi senga qanaqa qurol va qancha askar kerak, — dedi.Kal:— Menga otimdan boshqa hech narsa kerak emas, na qurol va na askar… Menga ruxsat etsangiz, otamdan qolgan qurol bor edi, shuni borib olib kelsam, — dedi. Podshoh javob berdi. Kal oʻz uyiga borib:— Ona!

Otamdan qolgan urush qurollarini ber, — dedi. Onasi:— Voy bolam, otangdan hech narsa qolgan emas. Hamma mayda-chuyda uy roʻzgʻorlarni ham sotib, seni toʻydirish uchun sarf qilganman, — dedi.Kal:— E, ona, otamdan juda boʻlmasa, eski oshpichoq bilan kosov ham qolgan emasmi?

— dedi.

— Ha, bolam u boʻlsa bor, eshikning tepasidadir, — dedi. Kal oshpichoqni va oʻchoq boshidagi kosovni olib joʻnaydi.Podshoh bu holni koʻrib qoʻrqadi — oʻzidan xavf oladi. Podshoh: “Hech boʻlmasa, bir qilich bilan bir kamon ol” desa, kal:— Yoʻq, menga oshpichoq, kosov ham shu otdan boshqa hech narsa kerak emas, shular menga yoʻldoshdir, — deb ovqatlarni gʻamlab olib, podshoh bilan xayr-xoʻshlashib urushga joʻnaydi.Kal urush maydoniga borib bir tolning tagida yotadi. Qorni ochganida qattiq nonni yeb oʻtiradi.

Shu vaqt kalning oldiga oʻn toʻrt-oʻn besh yoshlardagi chiroyli bir bola keladi. Bola kaldan:— E, kal, sen bu yerda nima qilib yotibsan?

— deb soʻraydi. Kal bolaga:— E, oʻrtoq, mening ishimni qoʻyaver, mening boshimga shunday ish tushganki, togʻdan ogʻir, toshdan qattiq. Bola:— E, kal, ayt siringni, meni sen doʻst deb bilmaysanmi?

— deydi.Kal:— Agar sen mening ishimga yordam bersang, aytaman, — deydi. Bola:— Xoʻp boʻlmasa, sening ishingga men yordam berganim boʻlsin, — deydi.

Shunda kal:— Menga Oq podshoh togʻdan ogʻir, toshdan qattiq, yechib boʻlmaydigan bir ishni berdi. Oq podshoh bilan Qora podshoh urushib, hech bir-birovini yenga olmas ekan. Oq podshoh meni Qora podshoh bilan urushib, yengish uchun yubordi. Vaqt oz qoldi, urush maydonida Qora podshoh meni kutib turibdi.Ikkisi gaplashib turganida Qora podshohning “Urushni boshlaymiz, tayyor boʻl, dushman!” degan xabari keladi. Kal:— Ana, urushga buyruq boʻldi, doʻstim, endi nima qilamiz?

— dedi. Bola:— Qani, boʻlmasa, sen anavi uyga borib ovqatingni qilib oʻtira ber! Otingni menga ber, sen aralashma, oʻzim yengib beraman, — deydi-da, otni minib, Qora podshohga qarshi urush maydoniga otni choptirib ketadi.Bola uch duoni oʻqidi: birinchisida oʻzi poʻlatdan kiyindi, ikkinchisida oti ham poʻlatga aylandi, uchinchisini oʻqiganda, yigʻsa bir gaz, yozib yuborsa qirq gaz boʻladigan bir qilich qoʻlida paydo boʻldi. Qora podshoh urush eʼlon qildi, jang qizib ketdi.

Bola urushib, Qora podshoh askarlarining toʻrtdan uch qismini qirib tashlaydi. Bir boʻlagi qolganda podshoh askarlarining hammasi qochib ketadi. Bola va otning badaniga oʻq kirgan edi, bola bir duo oʻqib, oʻzini va otni silkitsa, duv etib badanlaridagi oʻqlar tutdek toʻkiladi. Urush maydoni dushman askarlarining oʻligi bilan toʻlgan edi. Oqayotgan qon esa otning boʻyniga yetadi.

Bola Qora podshohni yengib, kalning oldiga keladi va dushmanni yengganini, Qora podshoh askarlarining toʻrtdan uch qismini qirib tashlaganini va askarlarining toʻrtdan bir qismi qolgani toʻgʻrisida aytadi.Kal va bola ovqatlanib olishadi. Ovqat yeb turganlarida yana Qora podshoh karnay chaldiradi. Bola shaylanib yana urushga kiradi. Bu oxirgi urushga podshohning oʻzi ham kelgan edi. Podshoh bolani koʻrishi bilan tumtaraqay boʻlib orqasiga qaramay qochib ketadi. Askarlarining hammasi yengiladi.

Bola kalning oldiga keladi va butun voqeani aytib beradi. Bola bilan kal Oq podshoh oldiga kelishadi. Yoʻlda bola kalga:— Men bir oʻzim Qora podshohni yengdim, deb aytgin, — deydi.Kal kelib xursand boʻlib podshohga butun voqeani aytib beradi. Podshoh va uning odamlari bu ishga hayron boʻladilar. Kalning ogʻzi qulogʻiga yetadi. Oq podshoh suyunganidan kalning peshonasidan oʻpadi.

— Mening obroʻyimni olib beribsan, koʻp yasha, kal, deb yelkasiga qoqadi. Ertasiga Qora podshohdan elchilar xat olib keladilar. Bu xatda meni yenggan bahodir kim edi, men oʻshanga qizimni beraman, deyilgan va Oq podshoh odamlari bilan kelsin deb, chaqirtirilgan ekan. Oq podshoh oʻzining eng yaqin kishilari bilan birga kal va bolani olib Qora podshohnikiga boradilar. Kal va bola bir otga mingashib boradi. Har xil ovqatlar bilan Qora podshoh uch kecha-yu uch kunduz mehmon qiladi.

Oq podshoh odamlari endi ketamiz, deb turganlarida, Qora podshohning bir qari vaziri turib:— Ey, doʻstlar, hammamiz bir poyga qilaylik, qaysi birimiz marraga oldin yetib borsak, Qora podshoh qizini shunga bersin, — deydi. Oq podshoh odamlari rozi boʻldilar.

Shu vaqtda bola kalni bir chekkaga chaqirib olib, duo oʻqiydi-da, bir yaxshi ot paydo qiladi va kalga qarab:— Kal, sen shu otga min va poygada ishtirok qil, men qarab turaman, chopish boshlanganda sen jim turaver, boshqalardan uch soat keyin sen chopasan. Sening oting bir sakraganda olti chaqirim yoʻlni bosadi, — deb kalning qulogʻini pishitadi.Chopish boshlandi. Kal uch soat keyin chopdi va ulardan toʻqqiz soat ilgari borib turdi.

Bu ishlarga Qora podshoh qoyil qolib, qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomoshalar bilan qizini kalga nikohlab berdi. Oq podshoh ham qaytadan toʻy qilib berdi. Toʻydan soʻng bola kaldan ketish uchun ijozat soʻraydi. Kal javob bermaydi. Bola: “Juda ishim zarur” deb, ketishga tayyorlanadi. Bola ketayotganida kal:— Ey, qadrdon doʻstim, juda boʻlmasa ketish oldingda ismingni aytib ket va sendan menga birorta nom-u nishona qolsin, — dedi.

Soʻngra bola choʻntagidan pakkisini chiqarib: “Shunga qarab “Vospiroxun” desang, men istagan joyingda, boshingga har qanday qiyinchiliklar tushsa ham yordam qilishga tayyor boʻlaman, bergan oshingga rozi boʻl”, — deb pakkini berib, bola joʻnab ketadi. Toʻydan uch kun oʻtgandan keyin kal xotiniga: “Mahsimni tort!” deydi. Podshohning qizi mahsini tortganda, qoʻnjidan pakki tushadi, shunda kal: “E Vospiroxun” deb, pakkini uch marta oʻpib choʻntagiga soladi. Kalning bu soʻzlarini eshitgan yangasi kalga:— Ey, hali siz Vospiroxunni bilar ekansiz-u, Qora podshohning qizini xotin qilib nima qilasiz?

— deydi.

Shu vaqtda kal:— E, xola, nima dedingiz, yana qaytarib ayting, — deydi. Xotin yana qaytarib aytadi. Kal yangasidan:— Hali Vospiroxun qizmi?

— deb soʻraydi. Yangasi kalga:— Hali Qora podshohni yenggan botir boʻla turib, oʻz oldingizda birga yurgan odamni qizmi, erkakmi ekanligini ajrata olmadingizmi?

— deydi. Kal:— Eh, — deb peshonasiga bir urib, oʻrnidan turib joʻnab ketadi. Kal koʻp yuradi, koʻp yursa ham moʻl yuradi. Choʻl yuradi, soʻngra bir dashtga chiqadi. Dashtda uchta yoʻl uchraydi. Har yoʻlga — biriga “borsa kelar”, ikkinchisiga “borsa dargumon”, uchinchisiga “borsa kelmas”, deb yozib qoʻyilgan. Kal oʻylab turib, borsa kelmasga qarab joʻnaydi. Kal bir joyga boradi va bir cholni uchratadi. Chol kalga:— E, kal, sen bu qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan joyda nima qilib yuribsan?

— deydi. Kal:— Men bir oʻrtogʻimni qidirib keldim, — deydi. Chol:— U oʻrtogʻingning nomi nima, ayt — desa, kal:— Ismi Vospiroxun, — deydi. Chol:— Ey, bolam, Vospiroxunga ovora boʻlmay qoʻya qol, chunki sendan boshqa katta podshohlar ham shu Vospiroxunning bir tola sochi suvda oqib kelarmikin, deb suvga toʻr tashlab, intizor boʻlib yuribdilar, sen ovora boʻlmasang ham boʻladi. Bu yerdan oʻtish mumkin emas, bu qoʻrgʻon ichida devlar poylab yotibdilar, ular seni oʻldirishlari mumkin.

Vospiroxunning oldiga faqat biror nomi-nishoni, tutatqisi boʻlgan odamgina bora oladi va bu yoʻldan oʻta oladi, — deydi. Kal:— Mayli, nima boʻlsa toleyimdan, — deb cholning soʻziga quloq solmay oʻtib ketaveradi. Choldan oʻtib bir joyga borsa, bir darvoza koʻrinadi. Darvozani sekin ochsa, oʻng tomonda tuya, chap tomonda it bogʻlangan.Itning oldida poxol, tuyaning oldida soʻngak turibdi. It suyakka, tuya poxolga tikilganlaricha turishibdi. Har ikkisi zanjir bilan mahkam bogʻlangan.

Kal poxolni tuyaga, soʻngakni itning oldiga qoʻyadi-da, oʻtib ketaveradi. Yana bir eshik keladi. Eshikdan moʻralasa, hovlida devlar uxlagan, faqat bir dev eshik oldida qorovul boʻlib turibdi. Kal Vospiro-xundan oʻrgangan duoni oʻqigach, bu qorovul dev ham tarashaday boʻlib uxlab, qotib qolibdi.

Shu vaqtda kal orqasidan bir mushuk kelayotganini koʻradi. Mushukni sekin ushlab oladi, qarasa mushukning boʻynida qirqta kalit osigʻliq ekan. Kal choʻntagidan pakkini olib, mushukni oʻldiradi va kalitni choʻntagiga soladi. Uyga kirsa, hamma yoq qulflangan, qayerdan chiqib ketishini bilmay qoladi. Qirq kalitning ichidan bir kattasini olib, uy eshigini ochadi. Uyda bir katta dev yotgan ekan. Kal Vospiroxun oʻrgatgan duoni oʻqib, tutatqini tutatsa, Vospiroxunning qilichi paydo boʻladi.

Kal devni qiyma-qiyma qilib oʻldiradi va bu uydan koʻchaga chiqib ketadi. Kal koʻp yuradi, oxirida bir joyga kelib yana qari cholga uchraydi. Chol:— E, bolam, sen bu joyda nima qilib yuribsan?

— deb soʻraydi. Kal:— Men bir odamni izlab yuribman, — deb javob beradi. Chol:— Qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan bu joyda kimni izlab yuribsan, — deydi. Kal:— Ey, ota, mening izlab yurgan kishimni hech kim bilmaydi. Men bir Vospiroxun degan qizni izlab yuribman, — deydi. Chol:— Sen bu yerdan ketaversang bir yoʻl uchga boʻlinadi, sen oʻng tomonga yurgin, soʻngra ancha yurasan. Senga bir katta suv uchraydi, suv yoqalab ketaverasan, uch tarmoqli suv birga qoʻshilib ketadigan joy bor.

Sen suvning haybatidan qoʻrqma va oʻzingni suv ichiga tashla, suvning ichiga tushganingda chuqurroq joyda bir uy koʻrinadi. Sen borishing bilan bu uyning eshigi ochiladi. Sen eshikdan uyga kirasan, uyning toʻrida bir kampir oʻtirganini koʻrasan. Bu kampir Vospiroxunning oyisi. Sen shu kampirga pakkini koʻrsatib, Vospiroxunni soʻraysan va pakkini kampirga berasan, menga Vospiroxunni topib bering, deb aytasan.

Shu bilan kampir senga Vospiroxunni topib beradi. Sening arz-dodingga shu kampir yetadi, — dedi.Kal cholning koʻrsatgan yoʻli boʻyicha aytganini qiladi. Kal oʻzini suvga tashlaydi, suv tagidagi uyga kiradi. Kampirni koʻradi. Vospiroxunni soʻraydi. Kampir:— E, bolam, sen bu yerga qayerdan kelding, seni kim keltirdi, nima uchun kelding?

— dedi. Kal:— Men bir Vospiroxun degan qizni izlab keldim, u menga shu pichoqni belgi qilib bergan, — dedi. Kampir:— E, qizimning baxti senga ochilgan ekan.Kal:— Qani, tezroq ayting, qizingiz qani va qachon keladi?

— deb soʻraydi. Kampir:— E, bolam, mana bu kalitni olib, shu yoʻlakdan toʻgʻri, hu koʻringan uyga borasan. Uy tepasida “Vospiroxun” deb yozib qoʻyilgan, eshikni ehtiyot boʻlib ochib qaragin. Qizim yaqinda uyquga kirgan, u qirq kun uxlaydi, oʻzingga ehtiyot boʻl, tagʻin uning husnini koʻrib oʻz hushingdan ketib qolma. Devorlarga qirqta tilla qoziq qoqilgan, sen qizimning qirq tola sochini shu qoziqlarga bogʻlaysan.

Soʻngra qizning ustiga oʻzingni tashlab, uni mahkam quchoqlab olasan. Tagʻin etaging devorga tegmasin. Qizim uch marta qoʻzgʻaladi, shu qoʻzgʻalishida ehtiyot boʻl, choponingni bari devorga tegmasin, agar bari tegsa, qizim seni qayerdan kelgan boʻlsang, oʻsha joyga otib tashlaydi, — dedi. Kal kampirning aytganini qiladi. Eshikni ochadi, qizning sochini tilla qoziqlarga bogʻlaydi. Oʻzini qizning ustiga tashlaydi. Qiz uch toʻlgʻanadi. Kalning bari devorga tegmaydi.

Qiz uygʻonadi va kalga qarab:— Obbo, kal-yey, meni topib keldingmi, — deydi. Kal va Vospiroxun birga turmush kechiradilar.Kunlardan bir kun kal uyda zerikkanidan Vospiroxunning qilichini olib, ovga ketish oldida qizga:— Men uzoq joyga ketayotirman. Seni sogʻinib qolaman, shuning uchun rasmingni bersang, — dedi. Qiz:— Men senga shu shart bilan suratimni beramanki, shamolda va suv boʻyida koʻrmaysan. Chunki mening soyamga oshiq boʻlgan podshohlarning son-sanogʻi yoʻq.

Mening bir tola sochimga zor boʻlgan podshohlar suvga toʻgʻon solib, toʻr tikib poylab yotibdilar. Agar suvda mening rasmim borib qolsa, sen mendan ajralib qolasan, — dedi. Kal:— Xoʻp, — deb qizning rasmini olib, ovga boradi. Ov juda qizib ketadi. Ovdan qaytadi va yoʻlda qizning aytgan sharti koʻnglidan koʻtarilib, koʻp tutilgan ovga mahliyo boʻlib, birdan suv boʻyiga kelib qoladi. Rasm esiga tushib qoladi.

Qoʻynidan rasmni olib qaraydi, shu vaqt qattiq boʻron boʻlib, kalning qoʻlidagi rasmni shamol uchirib olib borib suvga tashlaydi. Suv rasmni oqizib ketadi. Kal uyiga shalpayib, xafa boʻlib qaytadi. Qiz:— Nima uchun xafasiz?

— deydi. Kal:— Men bugun koʻp ov ovladim.

Shunga qiziqib ketib, sening shartingni unutib, suratingni suv boʻyida koʻrsam boʻladimi?.. Qattiq shamol turib, shu suratni uchirib ketdi, — deydi. Qiz:— E, kal, bu ishni oʻzingga ham, menga ham qilmading, men senga tayinlagan edim-ku, endi, mayli, boʻlar ish boʻlibdi, — dedi. Bular oʻz turmushlarini kechira bersinlar, endi ikki kalima soʻzni suratdan eshiting.Surat oqib kelib bir podshohning toʻriga ilindi. Toʻrni podshohning odami koʻtarsa, bir qizning rasmi chiqdi.

Baliqchi sevinib, yugurib rasmni podshohning oldiga olib boradi va:— E, podshoh, Vospiroxun senga tegmoqchi boʻlibdi, oʻzidan ilgari suratini yuboribdi, — deb podshohga qizning suratini beradi. Podshoh sevinib, qizni kutadi. Podshoh oʻz vazir va baliqchilarini chaqirib “Shu qizni qanday boʻlmasin olib kelsanglar. Kimda-kim shu qizni olib kelsa, umr boʻyi tilla bilan boqaman, agar topib kelmasangizlar boshlaringni olaman”, dedi. Hamma odamlari har yoqqa tarqalishib qidira boshlaydilar, surat podshohda qoladi.

Kunlardan bir kuni podshohning bir vaziri qidirib yurib, bir toʻyga kirib qoladi va u joydagi bir dasturxonchi kampirga bu voqeani aytadi. Kampir: “Vospiroxunni topib beradigan odamingiz men boʻlaman”, deydi. Vazir:— Agar qizni topib kelmasang, podshoh seni mayda-mayda qiladi-ya, — deydi. Kampir:— Agar podshoh mening aytganimni qilib bersa, bajaraman, — deydi. Vazir:— Sen nima istasang podshoh qilib beradi, men bunga seni ishontira olaman, — deydi. Vazir kampirni podshoh oldiga olib boradi.

Dasturxonchi shum kampir podshohga salom berib:— Buyurgan ishingizni bajarish uchun vazir meni bu yerga olib keldi, — dedi. Podshoh:— Falon joyda Vospiroxun degan bir qiz bor, shuni qanday boʻlmasin olib kelishing shart, nima desang beraman, olib kela olmasang, boshing oʻlimda, moling talonda, — dedi. Kampir:— E, taqsir podshoh, siz shartingizni aytib boʻlgan boʻlsangiz, endi mening ham ikki ogʻiz shartim bor, quloq solsangiz aytaman, — dedi. Podshoh:— Xoʻp, ayt!

— dedi. Kampir:— E, podshoh, men nima desam, nima buyursam, shu narsalarni bajarasiz, — dedi. Podshoh:— Aytganingni yuzaga keltiraman — bajarmasam oʻsha kundan boshlab podshohlikdan tushganim boʻlsin, — dedi. Kampir:— Menga bir kema yasab keltirasiz, u juda chiroyli va gʻalati boʻlsin. Chap qulogʻini burasam Vospiroxun eshigida, oʻng qulogʻini burasam sizning uyingiz oldida toʻxtaydigan boʻlsin, kema ichi turli-tuman gazlama-mollar bilan toʻlsin. Bir koʻk eshak va bir bolta ham berasiz, — dedi. Podshoh kampir aytganlarini tayyor qiladi. Kampir kemaga tushib chap qulogʻini buradi, shunda kema Vospiroxun eshigi tagida boʻldi.

Shu vaqt kal ovdan qaytayotgan vaqt ekan. Kampir kalni koʻrib, koʻk eshakning oyogʻiga bir bolta uradi-da, yigʻlab oʻtiradi. Kal yigʻlab oʻtirgan kampirni koʻrib rahmi kelib:— E, ona, nima uchun yigʻlab, dilingizni siyoh qilib oʻtiribsiz, — dedi. Kampir:— E, bolam, hech soʻrama! Men har yili uch marta hajga borar edim.Bu yil ikki marta borib, endi uchinchi marta boray, deb turganimda, sening eshiging oldida eshagimning oyogʻi sindi. Qayoqqa borishimni bilmay, shu joyda toʻxtab qoldim.

Eshagimning oyogʻi tuzalguncha bir-ikki kun uyingga kirib tursam — savob boʻlar axir, bolam, — dedi.Kalning kampir holiga rahmi keladi va onasi ham xotinining “Kerak emas, kirgizma!” deganiga qaramay, kampirni uyiga olib kiradi.Kampir ikki-uch kun kalning uyida turadi. Ikki-uch kundan soʻng Vospiroxunga:— E, kelinim, yuring boshingizni yuvib, tomosha qilib kelasiz, tashqarida — kemada juda koʻp har xil mollar kelibdi, agar yoqsa, eringizga oldirasiz, — deydi. Vospiroxun:— Yoʻq.

Men erimdan soʻrayin, agar u ruxsat etsa, chiqaman, — dedi.

Kechqurun kal kelganda, Vospiroxun kaldan soʻraydi. Kal:— Sen nima bilan xursand boʻlsang, men shunga rozi!

— deydi. Birinchi kun Vospiroxun onasining qarshiligiga qaramay, kemaga kampir bilan birlikda chiqadi. Kal esa ovda boʻladi. Kampir bu paytdan foydalanib:— Qizim, mana bu kiyimliklarni koʻr, juda chiroyli va yaxshi ekan, — deb uni kemaga tushiradi va kemaning oʻng qulogʻini buraydi.Kema podshoh taxti oldiga keladi. Vospiroxun:— E, shum, yalmogʻiz kampir, meni sen qayerga olib kelding?

— deb, kampirning yelkasidan ushlab koʻtarib yerga bir uradi. Kampir yer ichiga kirib ketadi. Podshoh odamlari Vospiroxunni tutib oladilar va podshoh oldiga olib keladilar. Vospiroxun podshohga qoʻrqmasdan botirlarcha:— E, podshoh, meni bu joyga nima maqsadda olib kelding, — dedi.Podshoh:— Vospiroxun, men seni olmoqchiman, shuning uchun bu yerga keltirdim, —desa, Vospiroxun:— Agar meni xotin qilib olmoqchi boʻlsang, u vaqtda bizning shahrimizda bir rasm-odat boʻladi, shuni bajarib, olasan, — dedi. Podshoh:— Xoʻp, xoʻp, ayt!

— dedi. Vospiroxun:— Oʻttiz kun muddat beraman, shu muddat ichida uchta uy solasan, hammasi qoʻsh qavatli boʻlsin, hammasi tilladan ishlansin, — dedi. Podshoh: “Xoʻp” deb rozi boʻladi va odamlariga buyuradi.Oʻttiz kunda uchta tilla uy qurilib bitadi. Toʻy vaqti yaqinlashadi.Endi ikki ogʻiz soʻzni kaldan eshiting. Kal ovdan qaytib uyga kelsa, Vospiroxun yoʻq, onasi esa:— Ana, oʻgʻlim, men senga kampirni kirgizma deb, aytmagan edimmi. U kampir Vospiroxunni olib qochib ketdi, — dedi. Kal: “Eh…” deb peshonasiga bir urdi.

Shunda onasi:— Beri kel, men senga koʻmaklashay, — dedi-da, kalga ogʻzini ochishga buyurdi. Kal ogʻzini ochdi, kampir bir tupurdi. Kal qalandarga aylandi va shaydoyi boʻlib Vospiroxunni izlab ketdi. Izlab keta turib, podshohning shahriga borib, bozorni aylanib yurdi.Endi Vospiroxundan eshiting:Toʻy yaqinlashgan sari Vospiroxun oʻzini kasallikka soladi. Qiz oʻzining kasalligini aytib, yana uch kun muhlat soʻraydi. Podshoh:— Xoʻp, — deb yana uch kun muhlat beradi. Qiz yangi uyga kiradi va podshohga soʻzlamay, diqqinafas boʻlib, xafa holda oʻtiradi.

Shu paytda podshoh qizdan:— Nima uchun xafasiz?

— deb soʻraydi. Qiz:— Men nihoyatda zerikdim, qayerdan boʻlmasin meni ovutadigan odam keltirsang, koʻnglim ochilsa, — deydi.

Shunda podshoh butun mashshoq, oʻyinchi, sozandalarni keltiradi, hech biri qizni xursand qilolmaydi. Eng oxiri vazirlardan biri bozorga tushib qalandar kiyimidagi kalni qizning oldiga olib chiqadi. Qiz qalandarni koʻrib, oʻzining eri — kal ekanini biladi va yotgan joyida imlab qoʻyadi. Podshoh qalandar va qizni sharob bilan mehmon qiladi. Qiz ichmaydi.Sharobning koʻpini podshoh ichib, mast boʻlib qoladi. Qalandar ohangini keltirib gʻazal oʻqiydi-da, podshohni juda mast qilib hushidan ketkazib qoʻyadi. Qiz kalga:— Paytdan foydalanib qochmaymizmi?

— deydi. Kal:— Xoʻp, — deydi. Qiz xazinaga kirib, tilladan olib chiqmoqchi boʻladi. Kal devor tepasida oʻtiradi.

Shu kechasi Vospiroxunni oʻgʻirlash uchun bir qancha oʻgʻrilar kelib, devor orqasida turgan edilar.Kalni koʻrgan oʻgʻrilardan biri, uni bir urib, devordan oʻraga tushirib yuboradi. Oʻzi kalning oʻrniga devorga chiqib oʻtiradi. Qiz xazinadan tillani olib, kal deb oʻylab, haligi oʻgʻriga uzata beradi. Oʻgʻri ham hamma tillani oladi va Vospiroxun qoʻlidan tortib koʻchaga tushiradi va ikkisi kemaga tushib qochadilar. Vospiroxun oʻgʻri boshligʻini kal deb oʻylaydi; qarasa, u boshqa bir kishi boʻlib chiqadi. Kema bir joyda toʻxtaydi.

Oʻgʻri boshligʻining niyati buziladi. Oxiri qizni oʻldirmoqchi boʻladi. Qiz oʻlimiga rozi boʻladi. Oʻgʻri:— Qoʻlingni shu dastgoh ostiga qoʻy, — deydi. Qiz:— Avval oʻzingiz qoʻyib koʻrsating, soʻngra men qoʻyaman, — deydi. Oʻgʻri boshligʻi dastgohga qoʻlini qoʻyishi bilan qiz uning murvatini burab yubordi, oʻgʻrini dastgoh gʻajib tashlaydi. Oʻgʻri oʻladi. Qiz orqasiga qaytadi. Podshohning darvozasi oldiga keladi, oʻgʻrilar uni oʻrab olib “Qayerdan kelding?” deb soʻraydilar.

Oʻgʻrilar oʻzaro bir-biri bilan “Men olaman, men olaman” deb urishib ketishadi.

Shunda Vospiroxun:— Toʻxtanglar, urishmanglar, mening bir shartim bor, shuni kim oldin bajarsa, men shunga tegaman, — deydi. Oʻgʻrilar:— Ayt, Vospiroxun, — deydilar. Vospiroxun:— Mana shu kamarimni otaman, kim oldin olib kelsa, men shunga tegaman, — deydi. Belidan kamarni yechib otadi. Oʻgʻrilar kamarga chopib ketishganida Vospiroxun kemaga tushib, oʻz uyiga joʻnab ketadi.Endi soʻzni podshohdan eshiting. Podshoh erta bilan oʻrnidan turib qarasa, na qalandar va na Vospiroxun bor, hech kim yoʻq; soʻngra vazirni chaqirib soʻraydi. Vazir “Bilmayman” deydi. Podshoh Vospiroxunni qidirishga buyuradi. Hech qayerdan topa olmaydilar.

Soʻngra podshohning oʻzi saroyni qidirib yurib xazinaga kirsa, xazinaning eshigi ochiq, oltinlar yoʻq.

— Eh, meni rosa boplab ketibdi, — deb turganda oʻraga koʻzi tushadi. Oʻraga qarasa, kal voy-voylab yotibdi. Podshoh qalandarni oʻradan tortib olishga buyuradi, arqon solib tortib oladilar. Podshoh kalga: “Sen nima qilib oʻrada yotibsan” deydi. Kal:— Men oʻzim ham qanday qilib oʻraga tushib qolganimni bilmayman. Kechasi meni birov urib, shu oʻraga tushirib yubordi, kim ekanini bilmayman.

Shundan buyon mana siz tortib oldingiz, boshqa hech narsani bilmayman, — dedi.

Shunda podshoh kalning qornini toʻydiradi va “bor, endi ketaver”, deydi. Kal oʻz uyiga qaytib keladi. Kelsa, Vospiroxun bir qancha tillalar bilan oʻz uyida oʻtiribdi. Har ikkisi ham oʻz boshlaridan oʻtgan voqealarni bir-birlariga soʻzlab beradilar. Kal Vospiroxun va onasini olib ota shahriga — Oq podshoh oldiga keladi. Kal kelsa, Oq podshoh hali ham Qora podshoh qizini kalga atab oʻtirgan ekan. Oq podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-u tomosha qilib, Vospiroxunni olib beradi va oʻz oʻrniga podshoh qilib qoʻyadi. Bu toʻyda kalning onasi ham bor edi.

Oradan bir-ikki yil oʻtdi.Kal podshoh boʻlgach, tez-tez ovga chiqib turdi. Ovda yurganida xudodan oʻgʻil tilaydi. Uyiga qaytib kelib, xotinlaridan nima tugʻishlarini soʻraydi. Vospiroxun:— Bir qiz, bir oʻgʻil tugʻaman, boshi tilla-yu, oyogʻi kumushdan boʻladi, — dedi. Oq podshohning qizi esa, men ikki oʻgʻil tugʻaman desa, Qora podshohning qizi:— Men ham bir oʻgʻil, bir qiz tugʻaman, — dedi.

Oradan yana ancha vaqtlar oʻtdi. Vospiroxunning boʻyida boʻldi. Kundoshlari esa jimjit. Podshoh ovga chiqib ketadi. Vospiroxunning oy-kuni yaqinlashadi.Kundoshlari buni koʻra olmaydilar. Har ikki kundosh toʻlgʻoq tutgan Vospiroxunga:— Biz yaxshi doya xotin olib kelamiz, — deb bir kampirni pulga yollab, tugʻiladigan bolani yoʻqotish fikriga tushadilar va kampirga yoʻl oʻrgatadilar. Kampir bolalarni yashirib, oʻrniga oʻsha kuni tugʻilgan ikki it bolasini qoʻyadi-da, chaqaloqlarni bir choʻl-biyobonga olib chiqib tashlaydi.

Kal podshohga: “Xotiningiz bir qiz, bir oʻgʻil tugʻdi”, degan xabar ketadi. Podshoh xursand boʻlib ovdan qaytib kelsa, ikkita it bolasini koʻradi va gʻazablanadi. Kal podshoh vaziriga:— Zindonga tashlanglar!

— deydi. Vospiroxun esa koʻzidan milt-milt yosh toʻkib “It tugʻibman-da”, deb juda xafa boʻladi. Vospiroxunni zindonga tashlaydilar.Endi gapni Vospiroxunning bolalaridan eshiting. Kampir bolalarni choʻlga tashlab ketgandan soʻng Xizr buva keladi va bolalar bigʻillab yigʻlashib yotishganini koʻradi-da, rahmi kelib, qoʻlidagi hassasini bolalar atrofida aylantiradi.

Shunda bir katta, chiroyli temir qoʻrgʻon paydo boʻlib qoladi.

Shundan soʻng Xizr buva endi bu bolalarni kim boqar ekan, deb togʻga tomon yura boshlaydi.

Shu vaqtda Xizr buva oʻz qarshisida bir kiyik xafa boʻlib kelayotganini koʻradi. Xizr buva:— E, kiyik, nima uchun xafa koʻrinasan?

— dedi. Kiyik:— E, taqsir buva, mening ikkita bolam bor edi.

Shular togʻda yotishibdi. Ularga sira sut yetkiza olmayapman, bolalarim och, sutim kam, — dedi. Xizr buva:— E, kiyik, men senga bir gap aytaman, sen shunga xoʻp deysanmi?

— dedi. Kiyik:— Ayting, xoʻp deyman, — dedi. Xizr buva:— Sen oʻz bolalaringni olib, ana u joydagi temir qoʻrgʻonga borgin, u joyda ikkita inson bolasi yotibdi.

Shularni ham oʻz bolalaringga qoʻshib emizgin, sutingga sut qoʻshiladi.Kiyik bolalarni tarbiyalaydi, bolalar ham katta boʻlishaveradi. Oʻgʻilning ismi Sohibqurol, qizning ismi Sohibjamol boʻladi. Bular katta boʻlgach, kiyik oʻz bolalarini olib togʻga ketadi. Bola ov qilib oʻz singlisini boqib yuradi.

Kunlardan bir kun doya kampir temir qoʻrgʻonga keladi. Bola ovda edi. Uyda faqat singlisi qolgan edi. U ham zerikib, tashqariga chiqib oʻynab yurgan payt edi. Kampir kelib qizni taniydi va unga:— Sen uyda bir oʻzing zerikib, yuragingni qon qilib oʻtira berasanmi?

— deydi. Qiz:— Boʻlmasa nima qilay, — deydi. Kampir:— Men senga aytsam, akang kelganda xafa boʻlib oʻtirasan.

Soʻngra akang “Nima uchun xafasan?” deydi.

Shunda sen falon joyda bir gul va bulbul bor ekan, shuni olib kelsangiz, deb buyurasan. Siz ovga ketganingizda men shu gul va bulbullar bilan ovunsam, degin, — deydi.

Kechqurun qizning akasi keladi. Qarasa, singlisi juda xafa koʻrinadi. Akasi:— Xoʻsh, singlim, juda xafa koʻrinasan, nima uchun bunday boʻldi?

— dedi.

Soʻngra qiz kampir aytgan gul va bulbulni keltirishga buyuradi. Akasi:— Bisotimda faqatgina bir singlim — sen bor ekansan-u, aytganingni joyiga qoʻymaymanmi, — deb joʻnab ketadi. Bolaga yoʻlda Xizr buva uchraydi. Bola gul bilan bulbulni qidirib ketayotganini aytadi. Xizr buva:— Ey, oʻgʻlim, juda qiyin va uzoq joy ekan, mana senga yoʻldosh boʻlsin, — deb, yozganda qirq gaz, yigʻganda bir gaz boʻladigan qilich berib, joyni aniqlab, tayinlab joʻnatadi. Bola aytgan joyga keladi. Bir chiroyli bogʻni koʻradi.

Turli-tuman gul va bulbullar sayr etmoqdalar. Eshik oldida bir dev qorovul boʻlib turibdi.Shu vaqtda devning orqasidan kelib qilich bilan shartta kallasini oladi.

Shu bogʻdan yana uch-toʻrtta dev oldinma-keyin chiqa boshlaydi, bola galma-gal hammasining kallasini uzadi.

Soʻngra bogʻga kirib, aytgan gulni tagi bilan oladi-da, joʻnaydi. Bu gul bilan juda bogʻlangan bulbullar gulning atrofida gir-gir aylanib, bola bilan birga keladilar. Qiz gul va bulbulni koʻrib juda sevinadi. Yana ikkinchi martaba kampir keladi. Gul va bulbullarni koʻrib hayron boʻladi va bolaning oʻlmagani uchun ichidan qirindi oʻtadi. Yana qizni ishga soladi:— E, bolam, endi hovling joyiga tushibdi, bulbullar sayragan, gullar ochilgan, kayf qilib, zerikmay yotasan.

Biroq yana bir kamchiligi bor, — deydi. Qiz:— Ayting, onajon, — deydi. Kampir:— Bolam, bu bulbullarning sayrashi, gullarning ochilgan boʻlishi ustiga endi, falon togʻdagi qanotli oq otni olib kelib bersa, oldingda kishnab tursa, — dedi. Qiz kechqurun akasi ovdan qaytib kelgach, oʻzini yana xafalikka soladi. Akasi sababini soʻrasa. Qiz:— Men bir tush koʻrdim. Tushimda bir qanotli oq otni koʻrdim.

Shu oq otni keltirsangiz, oldimda kishnab tursa, — dedi. Bola “xoʻp” deb, otni axtargani chiqib ketadi. Yoʻlda yana Xizr buva uchraydi. Xizr buva boladan soʻraydi. Bola butun voqeani aytadi.

Shunda Xizr buva:— E, bolam, bu uchar oq otni qoʻlga kiritish juda qiyin va mushkul, — deydi. Bola:— Qanday boʻlsa boʻlsin, mayli, men singlimning aytganini bajaraman, — dedi. Xizr buva bolaga:— Bundan bir qamishzorga borasan, kechki paytda bir ot oʻtadi, shu vaqtda irgʻib ustiga minib olasan, ot osmonga koʻtariladi. Borib bir tilla ustunga oʻzini uradi, ustun chil-chil boʻladi. Soʻng ketiga qaytadi. Sen otning boshini oʻz uying tomon burasan va otni keltirasan. Bola Xizr buva aytganining hammasini bajo keltiradi.

Otni oʻz uyiga olib keladi va bogʻlab qoʻyadi. Singlisi juda xursand boʻladi.Uchinchi marta yana kampir qizning oldiga keladi. Gul, bulbul va otni koʻrib hayron qolib, ich-ichidan zil ketadi. Yana qizni ishga soladi.Kampir:— Eh, bolam, yana bir kamchiliging bor. U ham boʻlsa, falon yurtda Sangil sopoltosh degan bir qiz bor, akangga aytib keltirgin, u senga kelin, akangga xotin va yoʻldosh boʻlsin, — dedi. Qiz yana oʻzini xafalikka soldi.

Akasi soʻradi:— Nima uchun xafasan?Singlisi:— Gullar ochilib, bulbullar sayrab, ot kishnab tursa-yu, faqat menga bir ovunchoq, yoʻldosh boʻlmasa.

Shuning uchun falon joyda Sangil sopoltosh, degan bir qiz bor, shuni keltirsangiz edi. Men buni tushimda koʻrdim — dedi. Akasi otni minib qizni axtargani joʻnaydi.Yoʻlda Xizr buva uchraydi va boladan soʻraydi. Bola voqeani anglatgach, Xizr buva:— E, bolam, bu juda ogʻir va mushkul ish-ku! Xayr, mayli, men senga yoʻlini koʻrsatayin, bundan borishingda bir daryo uchraydi, toʻlqinining zarbi otingni qaytaradi, sen yetti-sakkiz marta orqaga tislanib, soʻngra suvni kechib narigi yogʻiga oʻtasan.

Uzoqdan bir qora echki koʻrinadi, borib qarasang, qora tosh boʻlib chiqadi va shu tosh atrofida bir qancha odam va hayvonlarning tosh holida yotishganlarini koʻrasan.

Shu vaqt sen: “Sangil sopoltosh” deb chaqirasan. Birinchi chaqirishingda oyogʻing, ikkinchi chaqirishingda gavdang, uchinchi chaqirishingda tomogʻinggacha tosh boʻladi, toʻrtinchi chaqirishingda butun atrofingdagi toshlar odam va mol boʻlib tiriladi va “Meni kim chaqirdi?” deb, bir qiz paydo boʻladi. Odamlar: “Men, men” deb, qizning atrofini oʻrab oladi.

Shu vaqtda qiz sening oldingga keladi, sen: “Men chaqirgan edim”, deysan. Qiz: “Seni kim yubordi”, deydi. Sen “Meni Xizr buva yubordi”, deb aytasan. Qiz oʻz nomini aytib “Men Sangil sopoltosh — men senga yoʻldosh”, deydi.

Shundan soʻng qiz duo oʻqiydi, odamlar hammasi tosh boʻlib qoladi. Sen bilan qiz oʻz otingga minib joʻnab kelaverasan, — deydi. Bola Xizr buvaning hamma aytganini qiladi, uyiga qizni olib keladi va xotin qilib oladi.Bola ovga chiqib ketadi. Yana kampir keladi. Qizni ham olib kelganini koʻrib:— Ana endi maqsadingga yetibsan, bolam, — deydi.

Shu vaqt kampirni koʻrgan Sangil sopoltosh qizdan:— Siz nima uchun bu kampirni bu yerga keltirdingiz?

— deb soʻraydi. Qiz esa butun narsalarni shu kampirdan oʻrganganini aytadi.

Shu vaqt Sangil sopoltosh:— Attang, bu kampirni bu yerga keltirish kerak emas edi, — deb turganida, eshikdan bola kirib keladi. Kampirni koʻradi va undan:— Sen nima qilib bizning uyda yuribsan?

— deb soʻrasa, kampir “Bu narsalarning hammasini keltirishga men sababchi boʻldim”, dedi.Shu vaqtda bola qilichini chiqarib, kampirni qiyma-qiyma qilib tashlaydi. Bola ertasiga ovga chiqib ketadi. Bola dashtda kal podshoh bilan uchrashadi. Bular bir-biriga yoʻldosh boʻlib ov ovlashadi.

Lekin baxtga qarshi shu kun kal podshoh hech qanday ov qilolmaydi. Bolaning otgan oʻqi esa bekorga ketmaydi. Podshoh ov qila bilmagach, bolaning oʻljasidan soʻraydi. Bola yoʻq demay, otib olgan oʻljalarining bir qismini kal podshohga beradi, podshoh oladi. Bola ikkinchi kuni ovga chiqqanida yana kal podshoh uchraydi. Yana podshoh ov qila olmaydi. Bola esa butun ov qilgan oʻljalarini bir joyga yigʻadi.Podshoh ov qila olmagani uchun alam qiladi. Bu gal ham soʻrab ovning bir qismini kal podshoh olib joʻnaydi.

Uch marta bola ovga chiqqanida shu hol takrorlanadi. Podshoh yana oʻljadan bir qismini soʻrashni oʻziga or deb biladi-da, bolaga qarab:— Sen qanday qilib ovlayotirsan, menga ham oʻrgat, — deydi. Bola:— Qanday ovlash oʻzingizni ixtiyoringizda, men sizning ovlayolmayotganingizni qayerdan bilay? Ey, podshoh, agar sizga bu oʻljalar kerak boʻlsa, olib ketavering, menga birozginasi qolsa bas, chunki menga qarashli oila juda kam kishidan iboratdir, — dedi.

Podshoh: — Boʻlmasa, ertaga men sening uyingga oʻz vazirlarim bilan mehmonga boraman, tayyor boʻlib turgin, — deydi. Bola yoʻlda xafa boʻlib ketayotganida Xizr buva uchraydi. Xizr buva boladan:— Nima uchun xafa koʻrinasan, bolam, — deb soʻraydi. Bola:— Ey, ota, mening oʻzim bir kambagʻal boʻlsam, kundalik turmushimni zoʻrgʻa oʻtkazib turib edim. Ertaga mening uyimga shu shaharning podshohi oʻz vazirlari bilan mehmon boʻlib kelmoqchi.

Endi men ularga ovqatni qayerdan olaman, otlarini qayerga bogʻlayman va kichik uyimda qanday kutaman, deb xafa boʻlib borayotir edim, — dedi.Xizr buva:— Ey, bolam, buning tashvishini tortma, oʻzim hammasini toʻgʻri qilaman. Bolam, podshohingni oʻzim kutaman, ovqatingni oʻzim pishiraman, otlariga joy topib beraman, xullas, u mehmonlarni oʻzim tinchitaman, — dedi. Bola:— Bir kunda qaysi birini tayyor qilasiz, podshohga joy tayyorlaysizmi, osh pishirasizmi, otxona tayyorlaysizmi? Qaysi birini qilasiz?

— dedi.Xizr buva:— Uni sen qoʻyaver, men bularning hammasini bajaraman, uyingga ketaver, balki uyingga borguningcha tayyor boʻlib qolar, xafa boʻlma, bor uyingga, — dedi. Bola:— Xoʻp, mayli, ota, — deb uyiga ketadi. Bola uyiga borib qarasa, qator yangi imoratlar paydo boʻlib qolibdi: ichkari-tashqari hovli, ost-ustli imorat, omborxona, otxona. Qator bir-ikki uy ichi toʻla turli-tuman gʻalla va yemishlar. Bola hayron boʻlib qoladi.

Bola uyga kirishi bilan singlisi va xotini shodlik va xursandchiliklar bilan kutib oladilar. Bularning uyi toʻyga aylandi. Oziq-ovqatlarni tayyorlash va mehmon qilish uchun tegishli boʻlgan xarajatlar bilan mashgʻul boʻladilar. Xizr buva ham kelib, oʻchoqni qazib, oshpazlikka urinib ketadi.Podshohlar ham yetib kelishdi. Podshohni tantana va hurmat bilan kutib olishdi. Xizr buva ularni oʻz joyiga oʻtqizadi, hammasini saranjomlaydi. Oʻzi kichik bir dekcha qozonga olov yoqib, palov damlaydi.

Shu qozonning oshi hamma kelgan mehmonlarga yetib, ortib ham qoladi. Mehmonlarni koʻngildagidek uch kun mehmon qilishadi. Dekchadan oshni suzgan bilan osh tamom boʻlmaydi. Podshoh mehmonlari bilan ketmoqchi boʻlib, oʻrnidan turganda, Xizr buva:— E, taqsir podshoh, agar mumkin boʻlsa, mening ixtiyorimda uch soat oʻtirsangiz, sizga aytadigan muhim soʻzim bor, — deydi.

Kal podshoh:— Xoʻp, mayli, ayting, eshitaylik, — deb turgan oʻrniga oʻtiradi.Xizr buva Sohibqurol va Sohibjamollarning, soʻngra kelini boʻlmish Sangil sopoltoshlarning tarixini soʻzlab ketadi. Soʻzining eng oxirida:— Mana bu yigit oʻgʻlingiz Sohibqurol, mana bu qizingiz Sohibjamol, mana bu keliningiz Sangil sopoltoshdir, — deb tanishtiradi.Podshoh koʻziga jiqqa yosh olib oʻrnidan irgʻib turadi-da;— Voy, bolalarim, bormisizlar, — deb bolalarini oʻz bagʻriga oladi, quchoqlab oʻpadi.

Shu vaqt Xizr buva:— Mana, shu bolalaringni men tarbiya qilib oʻstirdim, endi topib olding, xayr endi, men ketdim, mendan rozi boʻlinglar, — deb gʻoyib boʻladi. Kal podshoh oʻz bolalarini olib, qoʻrgʻondan chiqadi va uyiga ketadi.

Shu vaqt orqasiga qarasa, temir qoʻrgʻondan hech bir asar yoʻq.Podshoh uyga kelgach, Vospiroxunni zindondan chiqaradi va yuvintiradi. Kiyintirib, oʻz bolalarini koʻrsatadi. Vospiroxun kundoshlarini biyaning dumiga bogʻlab, tikanzorga haydab chiqaradi va orqasidan aygʻirlarni qoʻyib yuboradi. Kundoshlarning goʻshti bir burdadan boʻlinadi. Boshqatdan toʻy-u tomoshalar qilib Sangil sopoltoshni oʻgʻliga olib beradi. Kal podshoh oʻz oʻrniga oʻgʻlini podshoh qilib koʻtaradi.

Kal oʻz ajali bilan oʻladi.Kunlardan bir kuni Sohibqurol podshohning xotini uch oʻgʻil tugʻadi. Uchalasi ham oldinma-keyin katta boʻladi. Sohibqurol otasidan qolgan meroslarni tekshirib yurib, bir uyga kiradi. Uyda otasidan qolgan bir oynayi jahon boʻladi.

Shunga qarab uxlab qoladi. Podshoh tushida shu oynayi jahon ichida bir qiz chiqib turganini koʻradi. Uygʻonib qarasa, qiz yoʻq. Bu holni vazir va oʻgʻillariga aytadi. Oʻgʻillari:— E, ota, biz borib qidirib, siz istagan qizingizni keltiramiz, — deydilar. Otasi yoʻl bermaydi. Bolalar ham boʻsh kelmagach, ruxsat etishga majbur boʻladi. Katta oʻgʻliga miltiq, oʻrtanchasiga xanjar, eng kichigiga kamarini beradi. Bolalar joʻnaydi.

Bu uch ogʻayni bir muyulish koʻchaga keladilar, bu yoʻlda uch yoʻl boʻlib: biriga “borsa kelar”, biriga “borsa kelmas”, uchinchi yoʻlga “borsa xatar” deb yozilgan edi. Uch ogʻayni maslahat qilishadi. Kattasi “borsa kelarga”, eng kichigi “borsa kelmasga”, oʻrtanchasi “borsa xatarga” joʻnaydilar. Kichik oʻgʻil uzoq yurgandan soʻng, qorni ochib qayerga borarini bilmay, bir hovuz boʻyiga keladi. Hovuzdan bir kampir suv ololmay, qiynalib turganini koʻradi.

Bola yugurib borib kampirning qoʻlidagi chelakni olib, hovuzdagi suvga botirib oladi-da, kampirning uyiga eltib beradi. Kampir bolani toʻygʻizadi va:— E, bolam, qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan bu joyda nima qilib yuribsan, — deydi. Bola:— E, ona, hech soʻramang, men juda bir zarur ish bilan shu yoʻllarga tushib qoldim, — deb aytmaydi. Kampir:— Men shu joyda yolgʻiz oʻzim yashayman, oʻgʻil va qizim yoʻq, sen menga oʻgʻil boʻlmaysanmi?

— deydi. Qayoqqa borishni bilmagan bola:— E, ona, oʻgʻli yoʻqqa oʻgʻil, qizi yoʻqqa qiz boʻlaman.Bola kampir uyida bir necha kun yashaydi. Bola kechasi tashqariga chiqaman desa, kampir yoʻl bermaydi, eshikni mahkamlab tashlaydi. Bu holni koʻrgan bola kechasi hovliga chiqishni har kun soʻraydi va kampirdan:— Nima sababdan tashqariga chiqarmaysiz?

— deb soʻraydi. Kampir javob beradi:— Osmonda ikki oy bor. Biri osmonning oyi, ikkinchisi kun botish podshosi qizining osmonga tushgan shuʼlasi. Bu shuʼlaga qaragan har qanday yigit oshiq boʻlmay, shu qizni qidirib topish azobiga uchramay qolmaydi. Bu qizga yetisha olmay qancha podshoh va uning odamlari xazon boʻldi.

Shuning uchun kechasi seni tashqariga chiqarmayman.Bola otasining tushidagi oynayi jahonda koʻringan qiz shu boʻlsa kerak, deydi-da, kampirning qarshiligiga qaramay, kechasi oydinga chiqadi. Podshoh qizining shuʼlasini koʻrib, hushidan ketadi. Kampir nima qilishini bilmaydi. Bola oʻziga kelib, tez shu qizning oldiga qanday borish yoʻlini kampirdan soʻraydi. Kampir aytib berishga majbur boʻladi. Bola beliga uch nonni tugib, katta yoʻlga tushib olib, joʻnaydi. Bola yoʻlda xafa boʻlib ketaveradi. Yoʻlda Xizr buva uchraydi.

Bolaning hol-ahvolini soʻragandan soʻng, bolaning qoʻliga bir gazli qilich beradi. Bola Xizrdan oʻtib bir qoʻrgʻonga keladi. Bu qoʻrgʻon dev podshosiniki ekan. Qilich bilan eshik oldida mudrab turgan devni oʻldiradi va ichkariga kiradi. Uyda juda koʻp devlar uxlab yotgan ekan. Bola bir chekkadan hammasining kallasini oladi. Otxonada bir oq uchar ot turibdi. Otni borib yolidan mahkam ushlasa, ot kishnab, yoli uzilib, bola qoʻlida qoladi. Ot uchib ketadi.

Soʻngra bola oʻz yoʻliga tushib, bir joyga kelib charchab dam olib oʻtirsa, qarshisidan bir arslon chiqadi. Bola qoʻrqqanidan nonining yarmini beradi. Arslon nonni yeb, oʻz yolidan berib, bolani oʻtkazib yuboradi, bola bir joyga kelsa, koʻcha toʻla chumoli.

Shu vaqt chumolilar podshosi toʻy qilmoqda ekan. Bola chumolilarning koʻchadan oʻtib boʻlishini kutadi. Ular tamom boʻlmaydi. Bola bir nonni burdalab koʻchaga tashlaydi. Chumolilar talab ketadi. Chumolilarni bosib oʻtishni lozim koʻrmaydi, ularni ayaydi.

Shunda chumolilar podshosi:— E, inson farzandi, sen bizni hurmat qilding, ovqat berding, endi nima istaysan?

— dedi. Bola:— Faqat men shu yoʻldan oʻtib ketsam, bas, — dedi. Chumolilar podshosi yoʻlni boʻshatadi, bola oʻtib ketadi. Uzoq yurgandan soʻng bir podshoh saroyiga keladi. Bu saroy kun botish podshosining saroyi ekan. Podshohning qizi qirq gaz balandlikdagi shiyponda osmonga qarab yotar ekan. Uning aksi osmonga tushar ekan. Buni izlab kelgan har qanday odam ham yoʻlda devlarga uchrar, ular dabdala qilar yoki arslon yer, chumolidan oʻtolmay xarob boʻlib ketar ekanlar.

Butun xatarlardan qutulgan bola sekin saroy ichiga kiradi. Saroyda turli mamlakatlardan shu qiz ishqida kelgan podshohlar, vazirlar, botirlar toʻla. Qiz kunduzi yerga tushar, kechasi shu minora tepasida yotar ekan. Qizning ishqida kelgan odamlarga qizning otasi:— Kimda-kim tegirmon toshini otib, shu qirq gaz balandlikdagi uychani qulatsa, shunga qizimni beraman, — der ekan. Uch kungacha kishilar turli yoʻllar bilan chirana-chirana bu toshni oʻrnidan qoʻzgʻatolmagan.

Hech kim topilmagach, podshoh odamlarga “mayli, kim boʻlmasin — musofir boʻlsa ham mayli”, degach, “Men shu ishni bajaraman”, deydi bola. Podshoh ruxsat etadi. Bola toshni yerdan koʻtarishda arslon tutatqisini tutatadi. Arslon kishilar koʻziga koʻrinmagan holda toshni koʻtaradi.

Soʻngra bola otning tutatqisini tutatadi. Ot ham koʻzga koʻrinmay paydo boʻladi. Arslon toshni sekin otning ustiga qoʻyadi. Ot osmonga koʻtariladi. Toshni imorat ustidan tashlaydi. Minora yer bilan yakson boʻladi. Uy chilparchin boʻlib ketadi. Podshoh qizini bolaga toʻy-u tomosha qilib beradi, oʻz oʻrniga podshoh qilmoqchi boʻlganda, bola rozi boʻlmaydi. “Agar istasangiz men bir ota-onamni borib koʻrib kelay”, deydi-da, otning tutatqisini tutatadi. Oq otga qizni mindirib uchadi. Akalari bilan xayrlashgan joyga kelsa, ular yoʻq.

Soʻngra ularni qidirib topadi. Katta akasi oshpaz, oʻrtancha akasi goʻloh boʻlib qolgan ekan. Har ikkisini topib oladi.

Soʻngra ketishga hozirlanadilar. Bolaning xotini, ikki akasi yoʻlda keta beradilar.

Shu vaqt ikki akasi bir-biri bilan maslahat qiladi. Kattasi oʻrtanchasiga:— Sen bilan men shunday qup-quruqmiz, otamizning oldiga nima deb boramiz, — deydi. Oʻrtanchasi:— Boʻlmasa, ukamizni oʻldiramiz-da, chuqurga tashlab, qizni biz keltirdik, deb olib boramiz, — deydi. Yarim yoʻlda ukasining qoʻl-oyoqlarini bogʻlab, oʻldirishga, koʻzi qiymay, bir chuqurga tashlab ketadilar. Otalari oldiga boradilar. Podshoh kichik oʻgʻlini esga ham olmaydi.

Shu vaqt qiz hadeb yigʻlay beradi, ovqat yemaydi.

Soʻngra qizdan sababini soʻraydilar. Qiz butun voqeani aytib, “Meni bu yerga olib kelishga sababchi boʻlgan bu ikki oʻgʻlingiz emas, oʻsha eng kichik oʻgʻlingizdir,” deydi. Podshoh odam choptirib, qidirishga buyuradi.Bolani topa olmaydilar. Bola yoʻlda qizning qoʻliga otning tutatqisini bergan ekan.

Shu vaqt qiz ot tutatqisini tutatadi. Ot tayyor boʻladi. Qiz borib qarasa, yigit chalaoʻlik boʻlib yotibdi. Darrov otga bolani oʻngarib oladi. Ot yana uchadi, podshoh saroyiga keladi. Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-u tomoshalar bilan qizni kichik oʻgʻliga olib beradi. Muttahamlik qilganlari uchun ikki katta oʻgʻlini biyaning dumiga bogʻlab, tikanzorga choptirib, goʻshtlarini burda-burdadan qildiradi. Bu oʻgʻlini oʻzi oʻrniga podshoh etib koʻtaradi.

Bola bir necha kundan soʻng qaynatasinikiga — kun botish podshosi tomon qiz bilan uchadi. U yerda ham toʻy-u tomoshalar boʻladi. Yigitni oʻz oʻrniga podshoh qiladi. Qudalar bir-biriga borish-kelish qilishadi.

Shunday qilib, bola ham kun chiqish, ham kun botish mamlakatining podshohi boʻladi. Oq uchar ot yigitni bir kun kun chiqishga, bir kun kun botishga olib boradi.

Shunday qilib, Qora podshohni yenggan bizning kal podshohning nabirasi ikki mamlakatning podshohligini soʻraydi. Murod-maqsadiga, soqoli koʻksiga yetadi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!