Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, oʻtgan zamonda Maʼruf yamoqchi degan bir odam boʻlgan ekan. U faqat yamoqchilik qilib, arang kun kechirar ekan. Maʼruf domla-imomning maslahati bilan Ruzvon otin degan bir tul (beva) xotinga uylanibdi. Ruzvon otin juda firibgar xotin ekan. Uning kasbi rom ochish, fol boqish kabi xurofiy ishlar ekan.Ruzvon otin erining yamoqchilik qilib topgan puliga qanoat qilmas ekan.Bir kun Maʼruf yamoqchi bozorda kun boʻyi ishsiz oʻtirib, kechqurun uyiga qup-quruq qaytibdi.
Ruzvon otin erini qargʻab-qargʻab uydan haydabdi.Maʼruf yamoqchi ham rosa jonidan toʻygan ekan. U shahardan chiqib ketibdi. Karvonlarga qoʻshilib, ularning tuya, otlarini boqib, qorovullik qilib, ming azob-uqubatlar bilan Xoʻtan shahriga yetib boribdi.Xoʻtanda Maʼrufning tanishlaridan Ali degan bir katta savdogar bor ekan. U Maʼrufni koʻrib qolib, uni tekinga ishlatmoqchi boʻlib, hiyla-nayrang bilan uyiga olib boribdi.Uni darhol hammomga tushirib, yangi kiyim-bosh kiydirib, katta ziyofat qilibdi.
Ertasiga Maʼrufga alohida doʻkon ochib beribdi.Maʼrufning qoʻli juda ochiq ekan. U oldiga tilanib kelgan gadoylarga doʻkondagi mollardan, puldan berib joʻnataveribdi. Xullas, oʻsha kunning oʻzidayoq doʻkonning ming tillalik dastmoyasini shahardagi gadoylarga, yetim-yesirlarga berib, tamom qilibdi.Ertasiga Ali Maʼrufga yana ming tillalik mol berib, “Endi bunday qilmagin” deb joʻnatibdi. Maʼruf xoʻjayinning gapiga kirmay, doʻkondagi mollarni tilanib kelgan gadoylarga yana berib tamomlabdi.
Maʼrufning ovozasi Xoʻtan podshosiga yetibdi. Podshoh uni chaqirtiribdi. Maʼrufning kelishiga dasturxonlar yozilib, rang-barang taomlar hozir qilinibdi. Ovqatdan soʻng podshoh Maʼruf yamoqchidan qaysi shahardan kelganini, kasbi-kori nima ekanini soʻrabdi.Maʼruf katta savdogar ekanini aytibdi. Podshoh uni sinash uchun qoʻlidagi uzugini chiqarib, koʻzi qanday toshdan ekani va narxi qancha ekanini soʻrabdi.Maʼruf uzukni tishi bilan sinab koʻraman deb, sindirib qoʻyibdi.
Soʻngra podshohga:— Shohim, bu yaramas tosh ekan, ming tillaga arzimaydi. Menda yuz ming tillaga arziydigan asl toshlar bor,— debdi. Podshoh uzukni ming tillaga olgan ekan.Podshoh vazir bilan maslahatlashib, yamoqchi taʼrif qilgan yuz ming tillali qimmatbaho toshlarni olish uchun qizi Jahonoroni Maʼrufga bermoqchi boʻlibdi.Vazirlar Maʼrufdan podshohning yagona qizi Jahonoroni xotin qilib olishini iltimos qilibdilar.
Maʼruf “Mening mollarim, tuyalarim yoʻlda, ular kelgandan keyin toʻy qilsak, qanday boʻlar ekan” desa ham koʻnmabdilar. Qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomosha qilib, Maʼrufga Jahonoroni olib beribdilar.Maʼruf Jahonoro bilan uch oy turmush kechiribdi.
Soʻngra “Yoʻlda kelayotgan mollardan xabar olib kelaman” deb, Xoʻtan shahridan chiqib ketibdi, shu bilan boshini oʻlimdan saqlab qolmoqchi boʻlibdi.Maʼruf yamoqchi Xoʻtandan chiqib, ancha yoʻl yuribdi. Yoʻlda ketayotganida qarasa, dehqonlar yer haydayotgan ekan.Maʼruf yoʻl yuraverib, juda charchabdi, ochlikdan qiynalibdi, bir dehqondan non bilan qatiq soʻrabdi. Dehqon: “Oʻgʻlim, mening uyim hov anavi tepalikda, sen hoʻkizlarimga qarab turgin, men borib non bilan qatiq olib kelaman” deb uyiga joʻnabdi.
Maʼruf biroz dam olib, “Dehqon kelguncha yerni haydab turay” deb, yer hayday boshlabdi. Bir vaqt qarasa omoch tishi bir narsaga qadalibdi. Maʼruf shuncha harakat qilsa ham, hoʻkizlar yurolmasdan toʻxtab qolibdi. Maʼruf oʻzicha: “Endi meni xudo urdi, peshonam shoʻr ekan. Dehqon kelsa nima deb javob beraman” deb qaygʻurib, omoch tishini chiqazib olishga unnabdi.
Lekin omoch tishi bir marmar toshga taqalib qolganidan sira siljimabdi.Maʼruf tuproqni kavlab, toshni olib tashlamoqchi boʻlibdi. Axiri toshni bazoʻr koʻtarib, bir chetga irgʻitibdi. Qarasa, toshning tagida bir zinapoya bor ekan.Maʼruf oʻz baxtini sinab koʻrmoqchi boʻlib, koʻzini chirt yumib, zinapoya bilan chuqurga tushaveribdi. Qadami yerga tekkanda koʻzini ochibdi. Qarasa, hamma yoq kunduzdek yop-yorugʻ emish.
Lekin u yerda na chiroq bor emish, na sham. Maʼruf hayron boʻlib, buning sirini bilolmabdi, ammo eshik qubbalariga oʻrnatilgan gavharlarni koʻrib, yorugʻlik shulardan ekanini bilibdi.Maʼruf bu joyda qirq uy koʻribdi. Ularning eshiklari qimmatbaho yogʻochlardan yasalgan boʻlib, eshiklariga oppoq pardalar tortilgan emish.
Shu uylarning biriga kirsa, qator-qator sandiqlar turgan emish. Har qaysi sandiqning kaliti burnida emish.Maʼruf darhol bir sandiqni ochib qarasa, ichi oltin-lal kabi qimmatbaho narsalar bilan liq toʻla emish. Oxirgi uyga kiribdi. Bu uy hammasidan katta boʻlib, judayam yaxshi bezatilgan emish.
Ammo bu uyda sandiq, oltin yoʻq emish. Uyning toʻrida taxt boʻlib, u eng qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan emish. Taxt ustidagi bir oltin sandiqcha ichida zumrad koʻzli kumush uzuk porlab turgan emish.Maʼruf uzukni olib, barmogʻiga taqibdi. Uning koʻzini sinchiklab koʻrmoqchi boʻlib, qoʻli bilan silagan ekan, birdaniga qattiq gulduragan tovush eshitilibdi. Maʼruf qoʻrqib, hushidan ketayozibdi.Qaysi koʻzi bilan koʻrsin, ikkita billur shoxli katta bir dev uning oldida taʼzim qilib turgan emish. Dev Maʼrufga qarab:— Ey Said, nima xizmat buyurasiz, togʻlarni daryoga uraymi yo shaharlarni suvga gʻarq qilaymi?
— deb ikki bukilibdi.Maʼruf qoʻrqa-pisa undan:— Sen oʻzing kimsan?
— deb soʻrabdi. Dev:— Ey Said,— debdi, — meni Raʼdiqosif deydilar. Koʻhiqofdagi devlarning podshosi boʻlaman. Yetti yuz ming lashkarim bor. Kimki shu uzukni qoʻliga olsa, men uning xizmatkori boʻlaman. Xohlasa bir shaharni koʻchirib, daryoga tashlayman, xohlasa bir lahzada choʻllarda shaharlar barpo qilaman, — deb yana ikki bukilib taʼzim qilibdi.Maʼruf es-hushini yigʻib turib, devga bunday debdi:— Darhol toʻqqiz yuz eng yaxshi ot, toʻqqiz yuz eng yaxshi nor tuya hozirlab, shu yerdagi oltin va qimmatbaho toshlarni ortib, tashqariga shohona chodir tikasan.
Oʻn mingta jangchi polvonlarni hozir qilasan, dunyoda hech kim kiymagan shohona kiyim-boshlar, qimmatbaho toshlardan qilingan yaroqlar tayyor qilib qoʻyasan!Raʼdiqosif ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib, taʼzim qilibdi va “Buyrugʻingizni darrov bajo keltiraman” deb koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. Maʼruf tashqariga chiqsa, Raʼdiqosif hamma narsani hozirlab, Maʼrufni kutib turgan emish. Maʼruf darhol qimmatbaho ust-boshlarni kiyib, Raʼdiqosif tayyorlagan taxt ustiga chiqib oʻtiribdi.
Uning atrofida odam suratiga kirgan devlar, Raʼdiqosif olib kelgan kishilar, chiroyli qizlar qoʻl qovushtirib, farmonga hozir boʻlib turgan emishlar.Endi soʻzni dehqondan eshiting.Dehqon bir kuvacha qatiq bilan toʻrtta qotgan non olib kelar ekan, uzoqdan oʻz yeriga qurilgan chodirlar va ajoyib otlarni koʻrib, esini yoʻqotayozibdi. Maʼrufning amri bilan dehqonni ichkariga olib kiribdilar.
Dehqon Maʼrufni podshoh deb oʻylab, unga taʼzim qilibdi, quruq kelgani uchun kechirim soʻrabdi.Maʼruf oʻrnidan turib, dehqonni quchogʻiga olibdi.
— Otajon, sizning bu olib kelgan non bilan qatigʻingiz menga yetti iqlim podshohligidan ham ortiq. Tilang tilagingizni!
— debdi.Dehqon Maʼrufga taʼzim qilib, debdi:— Podshohim, men bu yerni ekish uchun bir boydan ijaraga olganman. Boy meni koʻp xoʻrlaydi. Menga turli-tuman jabr-zulmlar qiladi. Olgan hosilimdan toʻqqiz hissasini boy tortib oladi, oʻzimga atigi bir hissa qoladi. Yil boʻyi bola-chaqam bilan ishlayman, oxiri och-yalangʻoch qolamiz. Tilagim shuki, siz oʻsha zolim boyning jazosini bersangiz, toki men ham roʻyobga chiqsam.Maʼruf darhol uzuk koʻziga qoʻl tegizibdi.
Shu onda hozir boʻlgan Raʼdiqosif taʼzimni bajo keltirib, yer oʻpib xizmatga tayyor turibdi.Maʼruf devga shu yer egasini olib kelishni buyuribdi.Boy Maʼrufni podshoh deb oʻylabdi. Maʼruf sudxoʻr boyga qarab:— Laʼnati, sen nega dehqonlarni ezasan?
— deb xitob qilibdi.Boy esankirab, Maʼrufning soʻrogʻiga javob berolmabdi. Maʼruf devlarga buyurib, boyning boshini tanasidan judo qildiribdi. Yerni dehqonga umrbod vasiqa qilib beribdi.Soʻngra dehqonga qarab bunday debdi:— Otajon, endi yer oʻzingizniki boʻldi. Sizga hech kim zugʻum qilolmaydi. Men sizga oʻn sandiq tilla ham beraman.
Siz shu sudxoʻr boyga oʻxshab, boshqa kambagʻal dehqonlarni ezmasdan, tillalarni boshqa kambagʻal dehqonlarga ham boʻlib bering, oʻzingiz ham bahuzur xarjlab yuravering.Shu bilan Maʼruf dehqonga oʻn sandiq tilla beribdi.Endi soʻzni Xoʻtan podshosidan eshiting.Maʼrufning qochib ketganini Xoʻtan podshosi bilib qolibdi.Podshoh darhol Maʼruf orqasidan choparlar yuborib, uni qayerda topsalar ham bogʻlab, kishanlab olib kelishga buyuribdi.Podshoh qasamyod qilib: “U nobakorni shunday azob berib oʻldirayki, bu voqea boshqalarga katta ibrat boʻlsin, bundan keyin hech kim meni aldayolmasin!” debdi.Xoʻtan podshosining choparlari ot qoʻyib, Maʼrufni izlab ketibdilar.
Ular bu yerdagi shohona chodirlarni koʻrib, hayron qolibdilar, chunki umrlarida bunday qimmatbaho chodirlarni aslo koʻrmagan ekanlar. Choparlar otdan tushib, ruxsat soʻrab, chodir ichiga kiribdilar, Maʼrufga taʼzim qilibdilar. Maʼruf ularga qarab:— Xush kelibsiz, Xoʻtan shohining choparlari! Xoʻsh, nima xizmat bilan keldingiz?
— debdi. Choparlar yer oʻpib:— E shahanshoh, janobingizning qaynotalari yoʻlga chiqib sizni kutib olish uchun yubordilar,— deb ikki bukilib taʼzim qilishibdi.Maʼruf oʻsha onda xazinachini chaqirib: “Har bir choparga ming tilladan pul berilsin” deb buyuribdi. Choparlar oltinni olib, Maʼrufga qulluq qilibdilar, soʻngra podshohga xabar berish uchun joʻnab ketibdilar.Choparlar orqasidan Maʼruf ham oʻziga qarashli odamlarni yasantirib, chiroyli otlarga mindirib, dunyo-dunyo oltinlar, qimmatbaho toshlar, laʼl-gavharlarni nor tuyalarga yuklab, Xoʻtan shahriga ravona boʻlibdi.Choparlar tezlik bilan podshoh huzuriga borib, Maʼrufning davlatini, shon-shavkatini podshohga shunday taʼrif-tavsif qilibdilarki, Xoʻtan podshosining ogʻzi ochilib qolibdi.
Choparlar ertasi erta bilan Maʼrufning shaharga kelishini podshohga maʼlum qilibdilar.Ertasiga choshgoh paytida shaharning kunchiqar tomonida chang paydo boʻlibdi.
Oradan sal fursat oʻtmay, yaxshi otlarga mingan chiroyli yigit-qizlar, Rustamdek polvonlar, yuk ortilgan nor tuyalar yaqinlashib kelaveribdilar. Bularning oldida qanchadan-qancha soqchi askarlar bilan birga shohona kiyingan Maʼruf asʼasai-dabdaba bilan kelmoqda ekan.Maʼruf shaharga jar soldirib, gʻarib-faqirlarni oʻz yoniga chaqiribdi, ularga qanchadan-qancha mol-dunyo berib, xursand qilibdi.