Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, odamlarning aytishiga qaraganda Balx shahrida bir zolim podshoh bor ekan. Uning zolimligi boshqa podshohlardan ham oʻtib ketgan ekan. U oʻz bilganidan qolmas, birovga quloq solmas ekan. Uning bir-biridan chiroyli toʻrtta xotini bor ekan-u, lekin bitta ham farzandi yoʻq ekan.
Shu toʻgʻrida koʻp qaygʻurar ekan. Hech ilojini topa olmay, alamini xalqdan olar ekan. Uning juda chiroyli saroyi bor ekan. Hovlisida har xil gullar ochilib, bulbullar erta-yu kech tinmay sayrar ekan. Podshohning bir chol xizmatkori shu bogʻda ishlar ekan. U boʻsh vaqtlarida oʻtin terib kelib, uni sotib kun oʻtkazar ekan.
Kunlardan bir kun chol oʻtin terishga togʻga borsa, bir daraxt shoxchasida koʻzlari endi ochilayotgan, qanotlari ham endi oʻsib kelayotgan bir kichkina toʻtiqushni koʻribdi. Rahmi kelib uni uyiga olib kelibdi, yaxshi parvarish qilib, gapga oʻrgatibdi.Qush katta boʻlganda ancha gap oʻrganib olibdi. Cholning kundan-kunga beli bukchayib, sochi oqarib, tishlari tushib, kuch-quvvatdan ketib, oʻtin ham tera olmaydigan boʻlib qolibdi.
“Shu qushimni podshohga olib borsam, rahmi kelib biror narsa berar, quruq qoʻymas”, deb qushini koʻtarib shoh oldiga boribdi. Podshohning qushga havasi kelib, cholga bunday debdi:— Bu qushni nimaga koʻtarib yuribsan, uni qayerdan topding?Chol ikki bukilib salom beribdi-da, soʻz boshlabdi:— Men bu qushni oʻtin terib yurganimda topib olgan edim. Parvarish qilib, gapga oʻrgatdim.
Endi qarib qoldim, biroz choy-chaqa berarsiz deb, shu qushni sizga olib kelgan edim, — debdi.
— Mana qushing uchun, — deb shoh ozgina pul berib joʻnatibdi.Podshoh ustalarga tilla qafas yasashni buyuribdi. Toʻtiqush qafasni eshitishi bilan oltin qafasdan koʻra cholning zax, qorongʻu uyi afzalligini oʻylab, afsuslanibdi. Tez vaqt ichida qafas tayyor boʻlibdi. Podshoh toʻtiqushni qafasga solib, taxtining tepasiga osib qoʻyibdi. Har kuni toʻti bilan gaplashib oʻtiradigan boʻlibdi. Podshoh toʻtiqushga:— Qayerga borsam ham seni birga olib boraman, — deb vaʼda qilibdi.Kunlarning birida podshoh amaldorlari bilan ovga chiqibdi.
Lekin toʻtiqushni esidan chiqaribdi. Podshoh ketgandan keyin uning toʻrtinchi xotini yaxshi kiyinib taxt ustiga chiqib oʻtirib toʻtiqushdan gap soʻrabdi:— Toʻtiqushjon, toʻtiqushjon, qani menga aytib ber-chi, dunyoda men chiroylimi yoki mendan ham chiroyli, mendan ham suluv, mendan ham ozoda odam bormi?
— debdi. Toʻtiqush biroz oʻylab turib:— Bibishim, koʻnglingizga qarab aytaymi, koʻrganimni aytaymi?
— debdi. Malika qah-qahlab kulib:— Ey, toʻtiqush, koʻp ajab ekansan. Koʻnglimga qarab nima qilasan, koʻrganingni ayt, — debdi. Toʻtiqush:— Bibishim, men sizning koʻnglingizdagini bildim. Juda uzoqda, Nil daryosi boʻyida, tilla qoʻrgʻonda: oʻzi hur, tishlari dur, xushmuomala, sochi sumbul bir Mislabu degan qiz bor. Siz uning kavushining tagiga ham oʻxshamaysiz, — debdi. Malika gʻazablanib xizmatkor qizga:— Bu qushni menga pishirib ber, — debdi.Xizmatkor qiz nima qilishini bilmay, qafasdagi qushni oshxonaga olib boribdi.
Endi soʻymoqchi boʻlganda, toʻtiqush boʻgʻot ostida oʻtirgan musichani koʻrib qizga yalinibdi:— Ey, qiz, sen meni pishirma, podshoh kelganda senga koʻp yaxshilik qilarman. Sen ana shu musichani malikaga pishirib ber.Qizga bu gap maʼqul tushibdi. Toʻtini qoʻyib, musichani pishirib malikaga beribdi.Malika toʻtiqush deb musichani yebdi.
Qiz qushni qayerga yashirishni bilmay turganda, qush:— Ey, qiz, meni togʻga olib bor, qafas bilan osib kel, — debdi.Qiz tilla qafasni togʻga olib borib, bir daraxtga osib kelibdi.Ovga ketgan shohning tuzoqlariga hech narsa tushmabdi, gʻazablanib oʻtirganda, toʻtiqushi esiga tushib qolibdi. Darrov ot-anjomini hozirlab yoʻlga tushibdi. Ot choptirib uyga kelibdi, qarasa, taxt tepasida na qafas bor, na qush bor, gʻazablanib shahar va qishloqlarga jarchi qoʻydiribdi.
Jarchilar shaharma-shahar koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurib: “Odamlar-u odamlar, eshitmadim demanglar, kecha shohimizning toʻtiqushi yoʻqolibdi. Koʻrgan-bilgan boʻlsa, erta bilan kun chiqmay saroyga borsin. Podshoh hisobsiz tilla berib, amaldor qiladi”, — deb jar chaqiribdilar. Qushni topish uchun uch kun muhlat berilibdi.Shohga toʻtini olib kelgan chol ochlik azobiga chidolmay biroz oʻtin terish uchun togʻga chiqib ketgan ekan. U kunning issigʻiga toqat qilolmay bir daraxt soyasiga kelib oʻtiribdi.
Daraxt shoxiga osilgan qafas ichidagi toʻtiqush cholni koʻrib:— Ey, hurmatli bobo, meni shoh oldiga olib borsang, podshoh senga behisob tilla beradi, — debdi. Chol oʻtin terishga boshlabdi. Toʻtiqush yana cholga yalinibdi. Chol:— Mayli, bu oʻzimning toʻtiqushim-ku, men uni har vaqt toʻgʻri soʻzlashga oʻrgatganman. Olib borsam bora qolay, — deb qushni olib, tergan oʻtinini orqalab podshoh oldiga kelibdi. Soʻzini ham gapira olmay shohga qushni uzatibdi.
Podshoh cholni koʻrishi bilanoq jallodini chaqirib:— Birinchi martaba bu qushni olib kelib, qancha pulimni olib ketgan, “Beli ogʻrimaganning non yeyishini qara” degandek, qushni oʻzi oʻgʻirlab yana olib kelibdi, kallasini olinglar, — debdi. Jallodlar cholni savalab, dorga olib ketayotganlarida toʻtiqush:— Jallodlar, cholni urmanglar, — debdi. Jallodlar cholni urishdan toʻxtabdi.
Toʻtiqush:— Ey, vaʼdasiz podshoh, doim oʻzim bilan birga olib yuraman deb, vaʼda qilgan eding, vaʼdangga vafo qilmading, — deb butun voqeani aytib beribdi. Podshoh cholga va xizmatkor qizga qimmatbaho mukofotlar beribdi.Podshoh qushning gapini eshitib, Mislabuga gʻoyibona oshiq-u beqaror boʻlibdi va Mislabu mamlakatiga olib borishni toʻtiqushdan soʻrabdi.Toʻtiqush yoʻl mashaqqatlarini, qirq yil yoʻl yurish kerakligini aytibdi, shoh rozi boʻlibdi.Ertasiga xiyonatkor malikaning koʻzlarini oʻyib, oʻzini zindonga tashlatibdi.
Taxtini oʻzining eng ishongan vaziriga topshirib, amaldorlaridan oq fotiha olib, yoʻlga ravona boʻlibdi. Birinchi kuni yam-yashil bogʻlardan oʻtibdi, ikkinchi kuni katta-katta shahar va qishloqlardan oʻtibdi, uchinchi kuni daryolardan, baland-baland togʻlardan oʻtib ketibdi.
Shunday qilib kunlar, oylar yurib, oradan oʻn yil ham oʻtibdi.Endi gapni malikadan eshiting. Podshoh ketganda malikaning gumonasi bor ekan. Zindonda yotganda vaqt-soati yetib bir oʻgʻil tugʻibdi. Malika oʻz oʻgʻliga Bahodir deb ism qoʻyibdi. Bahodirning uch yoshda tili chiqibdi.
Lekin shu vaqtgacha uni hech kim bilmabdi.Kunlarning birida vazir zindon oldidan oʻtib ketayotib, zindondan bola tovushini eshitibdi. Zindondagi bolani onasi yonidan olib chiqibdi. Uni maktabga berib oʻqitibdi. Bahodir oq-qorani biladigan, yaxshi-yomonni ajratadigan zehnli, aqlli bola boʻlibdi. Oʻn yoshga yetganida yigirma yoshlardagi yigitlardek baquvvat, sergʻayrat boʻlibdi. Uni otasi oʻrniga taxtga oʻtkazishibdi.
Bahodir onasini zindondan chiqarmoqchi boʻlsa ham onasi: “Otang kelmay, chiqmayman”, — deb zindonda yotaveribdi.Podshohning qirqta uyi bor ekan. Ota-bobolari “Oʻttiz toʻqqiz uyga kir, qirqinchi uyga kirma”, — deb nasihat qilib oʻtgan ekanlar.
Shu sababli podshoh qirqinchi uyga kirmas ekan. Podshoh ketganda qirqta uyning kalitini vaziriga berib ketgan ekan. Vazir shu kalitlarni Bahodirga beribdi.
Bir kuni Bahodir shu uylarni tomosha qilmoqchi boʻlib birinchi uyga kiribdi. Uyning ichida rang-barang gullar ochilgan, bulbullar sayrab turgan emish. Ikkinchi uyga kirsa, har xil qushlar: toʻti, mayna, chumchuq, musicha, kaklik va boshqa qushlar sayrab turgan emish. Uchinchi uyda turli-tuman hayvonlar, toʻrtinchi uy devorida har xil rasmlar ishlangan emish.
Shunday qilib oʻttiz toʻqqizta uyni tomosha qilib chiqib, qirqinchi uyga kiribdi. Qarasa, uyning ichida hech narsa yoʻq, uyning oʻrtasida boʻyra yozilgan. Bahodir hayron boʻlib : “Ota-bobolarimiz hamma uyga kirsang ham qirqinchi uyga kirma degan ekanlar. Bunda shu quruq boʻyradan boshqa narsa yoʻq.
Shu boʻyrani koʻrma, degan ekanlar”, deb butun uy atrofini aylanib qarabdi. Soʻng oʻylab turib “Qani shu boʻyrani bir koʻtarib koʻray-chi, nima bor ekan?” deb koʻtarib qarashi bilan hushidan ketibdi.
Shu bilan bir qancha vaqt oʻziga kelmay yotibdi. Vazirlar shahzodani qidirib topa olmabdilar. Ulardan biri:— Bu yosh narsa, balki uylarni tomosha qilayotgandir, borib koʻrish kerak, — debdi. Vazirlar oʻttiz toʻqqizta uyni ham koʻrishibdi, hammasi berk. Qirqinchi uyning eshigi ochiq. Kirib qarasalar, Bahodir hushidan ketib yiqilib yotibdi. Vazirlar Bahodirni uyga olib kelib, zoʻrgʻa hushiga keltirishibdi. Bahodir boʻyra tagidagi Mislabuning rasmini koʻrib, hushidan ketgan ekan.
Shu kundan boshlab Mislabuga oshiq boʻlibdi. Kundan-kunga rangi sargʻayibdi. Vazirlar hol-ahvolini soʻrasa ham aytmay, ich-ichidan kuyib yuraveribdi.Avvallari uzoq safarga chiqib ketgan shohning barcha narsasi tugabdi. U choʻl-u sahrolarda oʻt va ildizlarni yeb kun kechiribdi. Podshoh ichishga suv topa olmay, sarson boʻlib yurganda, oldidan bir katta daryo chiqib qolibdi. Daryodan suv ichib, biroz oʻzini oʻnglab olib, endi oʻtmoqchi boʻlib qarasa, hech koʻprik yoʻq emish.
Daryo boʻyida yotgan ikkita yogʻochni olib, bir-biriga bogʻlab daryoga tashlabdi-da, taxtaga yopishib suvda oqib ketaveribdi. Toʻtiqush esa havoda orqasiga qaramay uchib ketaveribdi. Podshoh qushni yoʻqotib, adashib qolibdi. Koʻp ovora boʻlib daryoning u tomoniga chiqibdi. Toʻtiqushdan ajralib qayerga borishini bilmay, axiri oldinga tomon yuraveribdi. Qumning issigʻidan oyoqlari kuyib, yura olmay qolibdi. Sekin-sekin yurib, oldiga qarasa, uzoqdan bir qora nuqta gʻivirlab kelayotgan emish. Podshoh tavakkal qilib oʻsha tomon yuribdi.
Nihoyat bir odamga duch kelibdi va: “Assalomu alaykum,” debdi.Haligi odam:— Vaalaykum assalom. Qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan yerlarda nima qilib yuribsiz?
— debdi.
— Men Balx shahrining podshosi boʻlaman. Mening toʻrtta xotinim bor.
Lekin bolam yoʻq. Bir toʻtiqushim bor edi.
Shu toʻtiqush: “Nil daryosi boʻyida, temir qoʻrgʻonda bir Mislabu degan qiz bor”, degan edi. Men shu Mislabuga gʻoyibona oshiq boʻlib yoʻlga chiqdim. Mana, oʻttiz toʻqqiz yil boʻldi, hali ham izlab yuribman, — debdi. Bobo:— Ey, ahmoq, shunday taxting-baxting, toʻrtta xotining bor ekan. Oʻzing qarib qolibsan, Mislabu juda yosh qiz boʻlsa, seni xohlarmidi. U qiz uchun qancha-qancha pahlavon yigitlar halok boʻlib ketishdi, senga yoʻl boʻlsin. Agar xohlasang, men yer tanobini tortaman, qizni koʻr-sataman, — debdi.
Podshoh sevinib ketibdi.Bobo yer tanobini tortib, qizning rasmini koʻrsatibdi. Podshoh qizning rasmini koʻrishi bilan hushidan ketibdi, birozdan keyin hushiga kelib, “Qaysi yoʻl bilan boraman?” deb soʻramoqchi boʻlib koʻzini ochsa, bobo yoʻq emish. Joyidan turib soydan oʻtib, yurib-yurib bir charx yigirib oʻtirgan jodugar kampirga uchrabdi. Kampirga salom berib, hol-ahvol soʻrabdi. Kampir:— Sen qayerdan kelyapsan, bu yerda odam yashamaydi, — debdi. Podshoh boʻlgan voqeani aytibdi.
Kampirning shohga rahmi kelib:— Ey, podshoh, mening senga rahmim keldi. Men hech kimga bu sirni aytganim yoʻq edi. Faqat senga aytaman. Sen mana shu yoʻl bilan ketsang, Mislabuning qoʻrgʻoniga borasan. U uxlasa qirq kun uxlaydi, qirq kun uygʻoq turadi, — debdi. Podshoh kampir koʻrsatgan yoʻl bilan borib qoʻrgʻonni topibdi. Qoʻrgʻonning atrofini aylanib hech eshik topa olmabdi. Devor ustiga qarasa, koʻzi qamashibdi. Nima qilishini bilmay, yana kampir oldiga kelib qoʻrgʻonga kirish yoʻlini soʻrabdi.
Kampir bir tilsim oʻqib podshohni kaptar qilib uchiribdi. Kaptar uchib borib devorga qoʻnibdi. Mislabuni koʻrishga qancha urinsa ham koʻra olmay, yana kampir oldiga qaytibdi. Kampir yana bir tilsimot oʻqib, olma qilibdi. Olma uchib borib qizning koʻrpasi orasiga yashirinibdi. Koʻrpa orasida yotib hech narsa koʻra olmay, yana kampirning oldiga qaytib kelibdi. Kampir:— Boʻlmasa, sen devor tagidan lahim kavla. Lahim Mislabuning hovlisidagi bir tup qizil olma daraxti tagidan chiqsin.
U olmaning tagida bir oltin qoziq bor, shu qoziqqa Mislabuning oti bogʻlangan. Ot sening borganingni bilmasin, bilsa, kishnab yuboradi. Mislabu oʻrnidan turib, kelgan dushmanni oʻldiradi.
Shuning uchun mana shu toʻrvadagi kishmishni otga ber, yegandan keyin kishnamaydi, — debdi. Podshoh devor tagidan lahim kavlab oltin qoziq yonidan chiqibdi. Boshini sekin koʻtarib qarashi bilan ot kishnab yuboribdi. Mislabu otining kishnaganini eshitib oʻrnidan turib kelib, otga minib uchib ketibdi. Yuqoridan qarab hech kimni koʻrmay, yana qaytib tushib uxlabdi. Podshoh boshini koʻtarib qarasa, ot yana kishnabdi. Mislabu oʻrnidan turib kelib otiga minib uchibdi. Yana hech kimni koʻrmay, otiga bir qamchi urib, uyiga kirib ketibdi. Ot yosh boladek koʻzidan yoshini toʻkib qolibdi.
Shunda podshoh boshini koʻtarib, ot oldiga kishmish solibdi-da, uyga kiribdi. Qarasa, Mislabu yuziga qirqta parda tutib, barq urib uxlab yotibdi. Podshoh asta-sekin qirq qoziq qoqib, qizning qirqta kokilini qoziqqa bogʻlabdi. Qoʻl-oyoqlarini ham bogʻlabdi. Oʻtirib Mislabuning dutorini qoʻliga olib ogʻziga kelgan ashulani ayta beribdi. Mislabuning qirq kunlik uyqusi qonib, uygʻonib turay desa, kokili tortilib, tura olmabdi.
Mislabu:— Bu ishni kim qildi, bu yerda kim bor, odammisan, parimisan.Sochlarimni yechib qoʻy, — debdi. Podshoh:— “Jononi kalon, jonidan”, desang, kokilingni yechaman, — debdi. Mislabu:— Kim senga bu gaplarni oʻrgatdi. Agar men bu gapni aytsam parilik qanotim qirqilib, osmonda ucha olmay qolaman.
Shuning uchun aytmayman, — debdi. Podshoh qizning kokilini bir necha kungacha yechmabdi. Mislabu koʻp azob tortib, oxiri “Jononi kalon, jonidan” deyishga majbur boʻlibdi. Mislabu podshohni otga mindirib Nil daryosiga olib borib tushiribdi. Podshoh suvdan yigirma yoshlik yigit boʻlib chiqibdi. Ikkovi podshohning shahriga joʻnamoqchi boʻlibdi. Mislabu eng katta qora devni chaqirib:— Mana shu qoʻrgʻonni ustingga qoʻyib, Balx shahriga qancha vaqtda olib borasan?
— debdi. Dev:— Bir soatda olib boraman, — debdi. Mislabu devni kaftiga qoʻyib “puf” deb uchirib yuboribdi. Yana qizil devni chaqirib:— Shu qoʻrgʻonni Balx shahriga qancha vaqtda olib borasan?
— debdi. Qizil dev:— Yarim soatda olib boraman, — debdi. Mislabu uni ham uchirib yuborib, oq devni chaqiribdi:— Sen qanchada olib borasan?
— debdi.Oq dev:— Koʻzingni ochib yumguncha olib boraman, — debdi. Dev temir qoʻr-gʻonni ustiga qoʻyib, koʻz yumib ochguncha Balx shahrining yoniga tushibdi.Bu xabar shahar xalqiga tarqalibdi. Xalq Mislabuning husnini tomosha qilish uchun kelibdi. Podshoh Mislabuning yonida oʻtirib yuzidan bitta-bitta niqobini koʻtarib turibdi. Eng oxirgi pardasi qolganda parilarning boshligʻi Yunus pari Mislabuni qidirib kelib qolibdi.Mislabu podshohga:— Ey, podshoh, ehtiyot boʻl. Parilarning boshligʻi kelyapti. U kelib seni jangga chaqiradi.
Sen mening aytganimni qil, boʻlmasa yengilasan, — debdi. Yunus pari yaqinlashib kelib, podshohni jangga chaqiribdi. Podshoh Mislabuning aytganlarini qilib Yunus pari askarlari bilan jang qilib, uni yengibdi. Yunus pari osmonga chiqib ketibdi. Bu voqea oʻgʻli Bahodirga yetibdi. Bahodir otasi Mislabuni olib kelganini bilib, ziyofat tayyorlab, eshik oldiga poyandozlar soldiribdi. Ikki choparini yuborib, podshohni ziyofatga taklif qilibdi. Mislabu bilan podshoh saroyga yaqinlashib kelibdi.
Yoʻlga podshohning uch xotini chiqib turgan ekan. Mislabu hammasi bilan koʻrishib podshohga:— Ey, podshoh, toʻrtinchi xotining qayerda?
— debdi. Podshoh:— Zindonda, — debdi. Mislabu:— Malikani zindondan olib chiqinglar, — debdi. Malikani zindondan olib chiqibdilar. Mislabu:— Koʻzi qani, — debdi. Podshoh sababini aytibdi. Mislabu bir tilsim oʻqib, malikaning koʻzini olib, oʻz joyiga keltirib qoʻyibdi. Koʻzi ravshan boʻlib ochilib ketibdi. Mislabu malika bilan soʻrashib mehmonxonaga kiribdi. Mislabu Bahodirni koʻrib sevib qolibdi. Ziyofat tamom boʻlgandan keyin kenja shoh Mislabuni qoʻrgʻonga olib kelibdi.
Zolim podshoh bu ishdan gʻazablanib, oʻgʻlini oʻldirmoqchi boʻlibdi va jangga chaqiribdi. Bahodir otasini yengibdi. Qirq kecha-qirq kunduz toʻy-tomosha qilib, Bahodir Mislabuni olibdi.Bahodir ham, Mislabu ham, onasi malika ham murod-maqsadlariga yetishibdi.