← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunSehrliPodsholarTabiatOilaTijorat

Choʻloq boʻri

745 soʻz

Bir boyning uch oʻgʻli bor ekan. Boyning katta bogʻi ham bor ekan. Bogʻida bir tup chinori bor ekan. Bu chinor tilladan ekan. Har kuni bir bargi yoʻqolib qolar ekan. Boy gʻazablanib, katta oʻgʻlini poylatibdi. Ertasiga oʻrtanchasini poylatibdi. Uchinchi kuni eng kichkinasini qoʻyibdi. Oʻsha kuni bir tilla qush kelib, chinorning bitta bargini uzib ketibdi. Kichik oʻgʻli:— Ota, bir tilla qush kelib, bargini uzib ketdi.

Otishga koʻzim qiymadi, — debdi.Otasi uch oʻgʻliga gʻazab qilibdi:— Topsalaring topganing, topmasalaring boshlaring oʻlimda, — debdi. Ikki oʻgʻli kulcha-koʻmachini gʻamlab, yoʻlga ketibdi. Eng kichigi hech narsa olmasdan yigʻlab ketibdi.Uch ayrilish yoʻlga borishibdi. U yerda bir tosh bor ekan, u toshga: “borsa kelmas”, “borsa kelar”, “borsa xatar” deb yozib qoʻyilgan ekan. Eng kattasi “borsa kelar”ga, oʻrtanchasi “borsa kelmas”ga, kichigi “borsa xatar”ga ketibdi.

Kichigi bir suvning boʻyiga borib, bir dona nonni suvga tegizib yeb oʻtirgan ekan, bir choʻloq boʻri kelib qolibdi. Qoʻrqqanidan nonning yarmini boʻriga beribdi. Oʻrnidan turgan vaqtda:— Qayoqqa borasan?

— deb soʻrabdi boʻri.

— “Borsa xatar”ga boraman, — debdi u.Boʻri:— “Borsa xatar” olti oylik yoʻl, yetolmassan. Ustimga mingin, koʻzingni yumgin, olti hatlab yetkazay, — debdi. Bola shunday qilibdi. Boʻri:— Koʻzingni och, — debdi. Bola koʻrsa, taxt tagida turibdi. Boʻri:— Qirq pogʻonali shotiga chiqasan, qushni olsang, chakkasini olma, — debdi. Bola qushni olibdi. “Uzoq yoʻlda yerga qoʻyamanmi”, debdi-da, chakkasini ham olibdi. Chakkasida qoʻngʻiroqlar bor ekan, jarang-jurung qilibdi. Vazirlar bolani qoʻlga tushirib olib, podshohning oldiga olib kiribdilar. Podshoh:Sen qaysi eldan kelding?

— debdi.

— Bogʻbondan keldim, — debdi bola.

— Nima uchun kelding?

— debdi podshoh.

— Qush uchun keldim, — debdi bola.

— Qush uchun kelgan boʻlsang, Magʻribda bir podshohning qizi bor, olib kelib bergin, qushimni beraman, — debdi podshoh.Bola qaytib pastga tushibdi. Choʻloq boʻri:— Kallasi katta boyvachcha, nima ish qilding?

— debdi.Bola boʻlgan voqealarni aytib beribdi. “U qizning shahri sakkiz oylik yoʻldir. Ustimga min, koʻzingni yum!” debdi boʻri va sakkiz hatlab bolani yetkazibdi. Bola oʻzini taxt tagida koʻribdi.

— Qizni olsang, roʻmolini olma, roʻmolini olsang, qizni olma, — deb gap oʻrgatibdi boʻri. Bola chiqib, qizni uxlab yotgan yeridan olibdi.“Uzoq yoʻlda boshyalang olib ketamanmi”, deb roʻmolini ham olibdi.Tagʻin qoʻlga tushibdi. Uni podshohning oldiga olib kirishibdi. Podshoh: “Falon joyda yalmogʻiz kampirning bir oti bor, shuni olib kelib bersang, soʻng qizimni beraman”, debdi. Bola boʻrining oldiga chiqib:— Toʻrt oylik yoʻlda bir ot bor, shuni olib kelib bersang, qutulasan, deydi, — debdi.

— Ustimga min, koʻzingni yum!

— debdi boʻri.Toʻrt hatlab unga ham olib boribdi. Koʻzini ochsa, oʻzini bir Changalimozandaronda koʻribdi. Boʻri:— Yer tagidan teshib kirasan, oxurning yonidan chiqasan. Bosh chiqargan vaqtingda ot bir kishnaydi. Kampir yotgan yeridan bezovta boʻlib chiqib, otini uradi. “Haromgina oʻlgur, sen nimaga kishnay berasan, nimani bilding”, deb urib-urib kirib ketadi, — debdi.Bola shularning hammasini aytganidek bajaribdi. Otni olib chiqibdi. Choʻloq boʻri ikkalasi podshohning oldiga joʻnabdi. Yoʻlda boʻri:— Ey, kallasi katta boyvachcha, shu otni podshohga berasanmi?

— debdi.

— Nima qilamiz?

— debdi bola. Boʻri:— Bir yumalab bundan ham yaxshi ot boʻlaman. “Bitta ot deb edingiz, ikkita qilib keldim”, deysan. “Tanlab oling”, deganingda, meni tanlab oladi. Sen qizni mingashtirib olib ketasan. Orqangdan men koʻk kaptar boʻlib uchib, yetib olaman, — debdi.Bola boʻri aytganini bajo keltiribdi. Podshohning oldiga kiribdi.

— Ikki otdan bittasini tanlab oling, — debdi. Podshoh choʻloq boʻrini tanlab olibdi. Yigit qizni olib ketibdi. Orqasidan koʻk kaptar boʻlib boʻri yetib olibdi.

— E, kallasi katta boyvachcha, shu qizni podshohga berasanmi?

— debdi.

— Nima qilamiz boʻlmasa?

— Men bir yumalab bir qiz boʻlay. Podshoh meni tanlaydi. Sen qizni ham, qushni ham olib keta berasan. Men orqangdan koʻk kaptar boʻlib uchib boraman, — debdi.Bola shunday qilibdi. Bola:— Bitta qiz deb edingiz, ikki qiz keltirdim, tanlab oling, — debdi.Podshoh choʻloq boʻrini tanlab olibdi. Uchalasini olib yigit joʻnab keta beribdi. Bola qush, qiz va otni olib, boyagi yeriga — non yegan joyiga yetibdi. Boʻri ham yetib kelibdi.

Choʻloq boʻri:— Bir qush deb eding, shuncha narsali qilib qoʻydim, bergan yarimta noningga rozi boʻlgin, — deb koʻzdan gʻoyib boʻlibdi.Bola akalarini istab, “borsa kelar”, “borsa kelmas” koʻchalarga kiribdi. Ularni topibdi. Biri oshpazga oʻt yoqar, biri hammomda goʻloh ekan. Akalarini chaqirib:— Endi ketaylik, — debdi.Yoʻlga tushibdi. Yoʻlda ikkala akasi ukasini oʻldirishga maslahat qilibdi. Ukasining koʻzini oʻyib, bir chuqurga tashlabdilar. Bari narsalarini olib joʻnabdilar. Otalarining oldiga boribdilar.

Otasi kichik oʻgʻlidan bexabar, toʻy-tomoshalarni qilib beribdi. Qiz, qush, otlar ovqat yemay, yigʻlasharmish.

— Nimaga bunaqa qilasizlar?

— deb soʻrabdi boy. Bilsaki, bularni kichkina oʻgʻli olib kelgan ekan. Akalari uning koʻzini oʻyib, chuqurga tashlab kelgan ekanlar.Qiz ularni boyning kichik oʻgʻli yotgan joyga boshlab olib boribdi. Qarasalar, bola chala oʻlik boʻlib yotgan ekan. Olib kelibdilar, tabibga koʻrsatib davolagandan soʻng, boy ikkala katta oʻgʻlini jazolashga buyuribdi. Boy qizni kichik oʻgʻliga beribdi. Xiyonat qilganlar jazolarini tortibdilar. Bular murod-u maqsadiga yetibdilar.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!