Bor ekan-da, yoʻq ekan, och ekan-da, toʻq ekan, eng qadim zamonlarning birida kana, tulki va toshbaqa doʻst boʻlgan ekan. Ular birgalikda bahor vaqti bugʻdoy ekishibdi. Tulki ayyorlik qilib ishlamay yotibdi. Bugʻdoy yaxshi boʻlibdi. Bugʻdoy pishgandan keyin toshbaqa bilan kana bugʻdoyni bir joyga toʻplashibdi. Buni endi qanday qilib boʻlamiz, deb maslahat qilishibdi. Tulki:Bir joyga nishona qoʻyib, shu yerdan chopamiz. Qaysi birimiz oldin kelsak, shunimiz bugʻdoyni olamiz, — debdi. Uchalasi chopishib ketishibdi.
Tulkining dumiga kana yopishib olibdi.Toshbaqa bir doʻngga chiqib yumalabdi. Tulki hansirab kelib, bugʻdoyni men olaman, deb turganda, kana: — Meni bosma, qachon kelding, — deb turibdi. Bugʻdoyni kana bilan toshbaqa boʻlib olib, tulki quruq qolibdi.