Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim-qadim zamonlarda, uzoq bir yerda juda katta va baland togʻ boʻlib, uning tevarak-atrofi adirlikdan iborat ekan.
Bir kun shu togʻning baland choʻqqisiga bir kiyik in qoʻyib, uch bolalik boʻlibdi. U oʻz bolalarini boqish uchun ov ovlab yurar ekan. Kiyik uzoq-uzoqlarga borib, oʻtlab kelar ekan.
Shu atrofda togʻlikka yaqin bir yerda bir Jugutboy yashar ekan. Jugutboyning sakkiz tanob yeri bor ekan.
Shu sakkiz tanob yeriga har yili arpa ekar ekan.
Lekin u hosilini sira pishirib ololmas ekan.
Shu yaqin oʻrtadagi hayvonlar uni payhon qilib, yeb ketar ekanlar.Kunlardan bir kun arpalar odam barobar koiarilganda, ovqat qidirib yurgan kiyik koʻm-koʻk arpalarni koʻrib, arpa shudgoriga kiribdi. Jugutboy esa, bu yil boplab arpalarni pishirib olmoqchi ekan.
Shuning uchun u koʻp yerlarga qopqon va tuzoqlar qoʻyibdi. Kiyik shudgorda qornini toʻydirib: chiqib ketayotganda, toʻsatdan qopqonga tushibdi. Bundan xabardor boʻlgan Jugutboy darrov kelib, kiyikni olib, soʻyib shoʻrva qilmoqchi boʻlibdi.
— Qoʻlga tushdingmi, shuncha vaqtdan beri shudgorimni bosib oyoqosti qilayotgan sen ekansan-da, — debdi. Jugutboy oshpichoq va qiymataxtani olib kelib, kiyikni soʻymoqchi boʻlganda, toʻsatdan bir kishi paydo boʻlib qolibdi. U kishi:— Ey Jugutboy, sendan iltimos, shu kiyikni qoʻyib yubor. U borib bolalarini boqib kelsin, — debdi. Jugutboy koʻnmabdi.
Shunda begona kishi:— Men uning oʻrniga kafilga turaman. U albatta borib keladi, — debdi. Oxiri Jugutboy begona kishini kiyikning oʻrniga olib qolib, kiyikni qoʻyib yuboribdi. Kiyik ne mashaqqatlar bilan toqqa chiqib ketibdi. Bolalari oldiga kelib, koʻz yoshini toʻkib, bolalarini boqib, ular bilan xayrlasha boshlabdi:— Endi tez-tez toʻyib olinglar.
Shu bugundan keyin onalaring chuqurda yotadi. Siz mehribonlarimni boqadigan onangiz hozir oʻlimga boradi. Sekin-sekin togʻdan tushib, oʻzlaring ovqatlaninglar, — debdi. Yurishni yaxshi bilmaydigan kiyikchalar onalariga:— Biz sizdan qolib nima qilamiz. Oʻlsak ham bir chuqurda oʻlaylik. Sizdan keyin yashashimiz qiyin, — deyishibdi. Kiyik bolalari onalaridan qolmay unga qoʻshilib Jugutboyning uyi tomon yoi olishibdi.
Ular koʻp yurib, Jugutboyning uyiga yaqinlashganda, Jugutboy ularni koʻrib:— Bir kiyigim uchta boʻlib kelayapti, — debdi. Kiyik bolalari bilan qumalab-sumalab yetib kelibdi. Buni koʻrgan Jugutboyning rahmi kelib, kiyikka va uning bolalariga javob berib yuboribdi. Oʻlmagan boʻlsa hozir ham uzoq togʻlarda shu kiyik bolalari bilan yashayotgandir.