← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunSehrliPodsholarAql-zakovatTabiatTijorat

Toʻtiqush

840 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, boʻri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, gʻoz karnaychi ekan, musicha surnaychi ekan, qargʻa qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, qirgʻovul qizil ekan, dumlari uzun ekan.Eski zamonda bir podsho bor ekan, davlati bisyor ekan, toj-u taxti ziyod ekan. Bu podsho bir kun bir shaharda bir toʻtiqush bor ekanini eshitib qolibdi. Oʻsha toʻtiqush juda aqlli ekan. U qush kimda boʻlsa bir davlatiga oʻn davlat, oʻn davlatiga yuz davlat qoʻshar ekan, deb eshitib qolibdi.

Podsho shu toʻtiqushni olib kelish harakatiga tushibdi. Podsho haligi qushni ne xil yoʻllar bilan oldirib kelibdi. Podsho toʻtiqushni tarbiya qilibdi, uni tilla qafasning ichida saqlabdi.Toʻtiqush podshoning boshiga qanday ish tushishini oldindan aytib turar ekan. Toʻtiqush shunday qilib, podshoga yordam qilibdi.

Shuning uchun podsho uni yaxshilab boqibdi.Bir kuni toʻtiqush:— Podsho-podsho, arz, — debdi. Podsho:— Qani, arzing boʻlsa ayt, — debdi. Toʻtiqush:— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytaman, — debdi. Podsho:— Ayt, kechdim, — debdi. Toʻtiqush:— Ey podsho, siz bu shaharning podshosisiz, men boʻlsam sizning bir xizmatkoringizman.

Endi mening sizdan talabim shuki, siz menga javob bersangiz, mening ham ota-onam, aka-ukam, qarindosh-urugʻlarim bor. Qoʻni-qoʻshnilarim bor, yor-u birodarlarim bor.

Shularni bir koʻrib kelsam. Menga qirq kun muhlat bersangiz, — debdi. Toʻtiqushning bu gapiga podsho goh ishonib, goh ishonmay, javob beradigan boʻlibdi. Goh javob bermaydigan boʻlib, oʻylab-oʻylab juda boʻlmaganidan keyin:— Mayli, borib qirq kun deganda yana qaytib kel. Agar oʻz soʻzingda turmay, qaytib kelmasang, seni qayerda boʻlsang ham toptirib olishga qudratim yetadi, — debdi. Podsho toʻtiqushni qirq kunda qaytib keladigan qilib qafasdan chiqarib yuboribdi.

Toʻtiqush juda suyunib, podsho bilan xayr-maʼzur qilib uchib ketibdi. Qush uzoq uchib, oʻz ota-onasining yurtiga borib yetibdi. Toʻtining ota-onalari suyunishib-quvonishib, bolasining qaytib kelganiga vaqti chogʻ boʻlib yurishibdi.Toʻtiqush bir kam qirq kun deganda ota-onasidan qaytib ketishga rozilik soʻrabdi. Ota-onalari rozilik berishmabdi. “Nimaga kelding, yana tagʻin nimaga ketaman deysan”, — deyishibdi. Toʻtiqush ota-onasiga:— Ey ota, ey ona, men falon shahar podshosining qoʻlidaman. Podsho menga juda yaxshi qaraydi.

Men shu podshodan qirq kunga muhlat olib, qirq kunda qaytib kelaman, deb kelganman.

Endi bormasam boʻlmaydi, podsho juda jahldor, uning bir jahli chiqsa, ota-onasini ham tanimaydi.

Shuning uchun men bormasam, bu yerda yuraversam, u qidirib kelib meni va sizlarni topadi, soʻng xarob qilishi turgan gap, — debdi.Ota-onalari nochor, noiloj:— Mayli, boʻlmasa, deb rozilik berishibdi.

— Sen endi podshoga nima sovgʻa olib borasan? Yaxshisi mana shu urugʻni olib bor. Bu urugʻni yetti iqlim podsholari ham topisholmagan. Bu urugʻdan bir daraxt oʻsib chiqadi. U daraxt mevasi bu yetti iqlimda yoʻq. Uning mevasini qari yesa yosh boʻladi. Oʻlik yesa tiriladi, — deb urugʻni bolasiga berishibdi.Toʻtiqush ota-onasi bilan xayrlashib ketibdi, ular orqasidan zor-zor yigʻlab qolaveribdi.Toʻtiqush koʻp uchibdi, koʻp uchsa ham moʻl uchibdi. Qirq kun deganda toʻti podshoning saroyiga kirib boribdi.

Podsho toʻtiqushning oʻz vaʼdasi ustidan chiqolganiga juda ham hayron boʻlib, juda xursand boʻlibdi.Toʻtiqush ota-onasi bergan urugʻni podshoga beribdi. Podsho:— Bu qanaqa urugʻ, mayli, bogʻbonga ektirib koʻraylik, — debdi. Toʻtiqush haligi urugʻ taʼrifini gapirib beribdi.

— Taqsir, bu urugʻni sizga ota-onam sovgʻa qilib berib yubordi. Bu urugʻni yetti iqlim podshosi ham topa olmagan. Bir daraxt boʻlar ekan. U daraxtning mevasini qari yesa, yosharar ekan. Oʻlik yesa tirilar ekan, — debdi. Podsho urugʻni bogʻbonga berib ekdiribdi. Urugʻdan bir daraxt unib chiqibdi. Haligi daraxt voyaga yetib gullabdi. Mevasi pishibdi. Bogʻbon daraxtning qilgan mevasiga hayron qolib yuribdi.

Bir kun bogʻbon qarasa, daraxtning mevasi pishibdi. Bogʻbon: “Endi meva toza yetilibdi. Uni uzib, podshoning oldiga olib kirayin, undan bir inʼom olayin”, deb oʻylab, daraxtning tagiga kelib qarasa, bir dona meva tagiga tushib yotibdi. U daraxt ustidagi mevadan ham tiniq, toza, sara meva emish. Bogʻbon daraxtdagi mevalardan uzib, tilla laganga solibdi, yerga tushgan bir dona chiroyli mevani ham lagandagi mevalarning ustiga qoʻyib, podshoning oldiga olib kiribdi.Podsho tilla lagandagi chiroyli mevalarni koʻrib ogʻzi ochilib, hushi boshidan uchibdi.

Podsho mevani avval oʻzi yeyishdan qoʻrqibdi. Podshoning vazirlari toʻtiqushning donoligini koʻra olmasdilar. Ular toʻtining ustidan podshoga arz qilishib yurishardi. Podsho avval mevani zindonda yotganlardan qirq-yelligini olib chiqib, oʻshalarga yediray. Qani, qarini yoshartirarmikan, debdi. U zindondagilardan olib chiqtiribdi. Podsho laganning ustidagi chiroyli bir dona mevani bir zindonbandga beribdi. Haligi zindoni mevani yebdi-yu, oʻlibdi. Podsho buni koʻrib jahli chiqibdi.

“Ha, oʻzimning vazirlarim aytgan gap toʻgʻri ekan-da. Bu toʻtiqush meni oʻldirmoqchi ekan-da”, deb dargʻazab boʻlib, toʻtiqushni tilla qafasdan oldiribdi va oʻz qoʻli bilan shartta kallasini uzib tashlabdi.

Keyin podsho qolgan mevalarni zindonilarga yediribdi. Qarasa, u zindonilarning qarisi yosh boʻlib qolibdi. Podsho hayron boʻlibdi.

Keyin podsho bogʻbonni chaqirtirib soʻrabdi:— Ey bogʻbon, haligi tilla tovoqning eng ustidagi bir dona chiroyli mevani daraxtning ustidan olganmiding? Yoki daraxtning tagidan olganmiding?

— debdi. Bogʻbon:— Eng ustidagi nihoyatda chiroylisi yerga tushib qolgan ekan. Yerdan olgan edim. Qolgan hammasini daraxt ustidan terib olgan edim. Ey taqsir, bir qoshiq qonimdan kechsangiz bir sir aytaman, — debdi. Podsho bogʻbonga:— Kechdim, ayt, — debdi.Bogʻbon:— Ey taqsir, ancha vaqt boʻldi, shu bogʻda bir chagʻir ilon yurardi. Men buning payiga tushib, hech oʻldira olganim yoʻq edi. Ehtimol, shu ilon tushgan bir dona chiroyli mevaga zahar sochgandir.

Shu sababli mevani yegan odam oigandir. Agar mevaning hammasiga zahar solinganda boshqalar daraxt mevasini yegan odamlarning hammasi oʻlishi kerak edi, — debdi.Podsho bogʻbonning bu gapiga ishonibdi. U vazirlarining gapi yolgʻonligini bilibdi va ularning hammasini qattiq jazoga tortib, podsho oʻzining qilgan ishidan koʻp afsus-nadomat yeb, toʻtini oʻldirganiga achinibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!