Bor ekan, yoʻq ekan, och ekan, toʻq ekan, boʻri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qargʻa qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, gʻoz karnaychi ekan, oʻrdak surnaychi ekan, toshbaqa tarozbon ekan, qurbaqa undan qarzdor ekan.Qadim zamonlarda ajoyib bir shahar bor ekan. Unga hech qanaqa yov tegolmagani uchun bu shaharni Tinch shahar deb atashar ekan. Podshoh shaharni yovdan qoʻriqlash uchun hisobsiz lashkar, pahlavonlar saqlar ekan. Pahlavonlar orasida Qahramon degan bir yigitning dongʻi olamga tarqalgan ekan.
Qahramon pahlavonlar ichida eng kichigi ham eng botiri va kuchlisi ekan.Tinch shaharga yov hujum qilib kelsa, Qahramonning bir hamlasi bilan tumtaraqay boʻlib ketar ekan.
Shuning uchun xalq Qahramonni juda hurmat qilar ekan.Kunlardan bir kuni Tinch shahar podshosiga uzoq mamlakat podshohi Zabun shohdan chopar noma keltiribdi. Podshoh nomani oʻqibdi: “Men kim Zabun, Siz ulugʻ martabali shohga maʼlum qilamanki, mening shahrimda uch kundirki, nomaʼlum bir dev paydo boʻlib, butun pahlavonlarimni qirib tashladi.
Endi tinch xalqni qirayotibdi. Siz oʻz zabardast pahlavonlaringizni yuborib, meni va xalqimni bu balodan qutqarsangiz, deb iltimos qiluvchi, Zabunshoh”.Podshoh vazirlarini, lashkarboshlarini va atoqli pahlavonlarini maslahat uchun saroyga chaqiribdi, nomani hammaga eshittiribdi.Keyin pahlavonlarga qarab: “Zabunshohga yordam berishga kim talabgor?” deb soʻrabdi. Pahlavonlardan ovoz chiqmabdi. Shoh yana qaytarib soʻrabdi. Yana hech kim indamabdi. Podshoh gʻazab bilan uchinchi marta soʻrabdi.
Shunda Qahramon oʻrnidan irgʻib turib, taʼzim bilan javob beribdi:— Shohim, avvalgi ikki marta soʻraganingizda bu yerda oʻtirgan, mendan yoshi ulugʻ polvonlar javob berarmikan deb, odob yuzasidan jim turdim, ammo hech kim gʻing demadi, uchinchi marta soʻraganingizda gʻayratimga chidolmay oʻrnimdan turdim. Agar loyiq topsangiz, menga ijozat bering, nomaʼlum dev bilan olishib, oʻz kuchimni va toleyimni bir sinab koʻrsam.Podshoh ijozat beribdi. Qahramon saroydan chiqib, safar jabduqlarini hozirlashga kirishibdi.
Aslaha-yarogʻlarini qirq karkidonga ortibdi, oʻzi katta bir karkidonga minib, yoʻlga ravona boʻlibdi.Qahramon kecha-yu kunduz yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi, choʻlma-choʻl, togʻma-togʻ yurib, bir baland togʻga yetib kelibdi. Dam olay deb karkidondan tushibdi. U yoq-bu yoqni tomosha qilibdi. Bir gʻorga roʻpara kelib qolibdi. Qarasa, gʻorga uzun yoʻl tushgan ekan. Qahramon hayron boʻlib: “Bu qanaqa yer ekan?” deb oʻylab qolibdi.
Keyin: “Ha, mayli, nima boʻlsa boʻlar, tavakkal”, deb gʻorning ichiga kirib ketibdi. Qarasa, roʻparasida bir temir darvoza turganmish. Darvozaning oʻrtasida Qahramonning nomi yozilgan. Qahramon hayron boʻlibdi. Zoʻr bilan temir darvozani ochib ichkariga kiribdi. Qarasa, ichkarida boʻyinlariga yoʻgʻon zanjir osilgan oʻn ikki dev yotgan emish.
— Sizlarni kim bandi qildi?
— deb soʻrabdi Qahramon. Devlarning orasida Sanggi degan bir barvasta dev bor ekan, hamma devlar ichida eng zoʻri oʻsha dev ekan. Sanggi dev:— Bizni sening Sakvon degan bobong band etib, taslim qilib ketgan, — deb javob beribdi.Qahramon Sanggi devdan bu gapni eshitib, devlarning boʻynidan bandlarini uzib tashlabdi. Ularni ozod qilibdi. Devlar xursand boʻlib, Qahramondan “Qayoqqa ketyapsan” deb soʻrabdilar. Qahramon nomaʼlum dev bilan olishishga ketayotganini aytibdi. Sanggi dev Qahramonga qarab:— Sen bizni banddan ozod qilding.
Endi biz oʻn ikki dev xizmatingda boʻlamiz, nomaʼlum devni yoʻq qilishga yordamlashamiz, — debdi.Qahramon ularni yoniga olib, yoʻlga ravona boʻlibdi.Qahramon yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi. Oxiri Zabunshohning shahriga yetibdi. Qahramon yonidagi devlarga qarab:— Har bittang shaharning har tomonidan naʼra tortib kirasan. Nomaʼlum dev kimning qoʻliga tushsa oʻldirmasdan, Zabunshohga olib borib topshirsin!
— debdi.Devlar oʻn ikki tomondan hujum qilib, shaharga kiribdilar. Qahramon boʻlsa, shaharning katta temir darvozasini dast koʻtarib, irgʻitib tashlabdi, hayqirib shaharga kiribdi.Nomaʼlum dev bu naʼralarni eshitib, darhol devlarning oldiga yetib kelibdi. Ular bilan jang qila boshlabdi. Uzoq olishgandan keyin, oxiri oʻn bir devni yarador qilibdi. Yaralanmagan yolgʻiz Sanggi dev qolibdi. Nomaʼlum dev Sanggi dev bilan olishib turganda, Qahramon yetib kelibdi. Nomaʼlum dev Qahramonning ovozini eshitib, Sanggi dev bilan olishishni qoʻyib, unga hamla qila ketibdi. Ikkalasi gurzibozlik qilishibdi.Jang ajrim boʻlmabdi.
Keyin nayzabozlik qilishibdi. Yana jang bir yoqli boʻlmabdi.
Shu zayilda yetti kecha-yetti kunduz dam olmay, harb-u zarb qilishib, oxiri gal qilichbozlikka kelibdi. Qilichbozlik qilisha-qilisha oxiri Qahramonning qilichi nomaʼlum devning oʻng jimjilogʻini uzib tashlabdi. Nomaʼlum dev Qahramondan sogʻ qutulmasligiga koʻzi yetib, afsus bilan darrov koʻzdan gʻoyib boʻlib ketibdi.Qahramon oʻz raqibining birdan gʻoyib boʻlganini koʻrib juda hayron boʻlibdi.
Keyin Sanggi devga:— Tezda oʻn bir devni olib, nomaʼlum devni qayerdan boʻlsa ham topib kel, men Zabunshoh saroyida boʻlaman, — deb buyruq qilibdi, oʻzi Zabunshoh saroyiga qarab joʻnabdi. Sanggi dev boʻlsa, yoniga oʻn bir devni olib, nomaʼlum devni axtarib ketibdi.Nomaʼlum devning ovozi oʻchganini va Qahramonning oʻz saroyiga kelayotganini bilgan Zabunshoh karnay-surnay chaldirib, Qahramonni tantana bilan kutib olibdi.
Keyin Qahramonning sharafiga yetti kecha-yu yetti kunduz el-u yurtga toʻy beribdi.Bular shu yerda toʻy qilib tura tursin, ikki ogʻiz gapni Sanggi devdan eshiting:Sanggi dev oʻz sheriklari bilan nomaʼlum devni qidirib, bormagan yeri, qadam qoʻymagan manzili qolmabdi. Sanggi dev oʻn bir kecha-yu oʻn bir kunduz nomaʼlum devni axtarib, topolmabdi. Axiri noiloj Qahramonning oldiga kelib: “Nomaʼlum devni topolmadik”, debdi. Qahramon bu xabarni eshitib, xafa boʻlibdi.
Keyin Zabunshohga:— Bu dom-u daraksiz boʻlib ketgan dev qanaqa dev edi? Nima uchun u sizning shahringizni vayron qildi?
— deb soʻrabdi. Zabunshoh:— Bu devning nomi Akvon. U juda zabardast, makkor va zolim bir dev. U bir kuni menga sovchi yuborib: “Qizi malika Zubayda Zulfiqorani menga bersin, unasa-unagani, unamasa xalqini qiraman, shahrini vayron qilaman, oʻzini oʻldiraman, qizini asir olaman”, debdi. Men: “Akvon dev odamzod emas, shuning uchun qizim Zubayda Zulfiqorani unga bermayman”, deb sovchilarni joʻnatib yubordim.
Shundan keyin Akvonning gʻazabi kelib, shahrimga yurish qildi.Qahramon bu soʻzlarni eshitib hayron boʻlibdi va: “Shahringizga hujum qilgan Akvon dev ekan, nega boʻlmasa bizga yuborgan xatingizda uning nomini yashirib, nomaʼlum dev deb yozdingiz”, deb soʻrabdi. Zabunshoh:— Bunday qilganimga sabab shuki, agar Akvon devning nomini yozsam, uni eshitgan polvonlar qoʻrqib, menga yordam berishga kelmaydi, deb oʻyladim, — deb javob beribdi.
Keyin Zabunshoh:— Bizni oʻlimdan qutqarding, sendan juda minnatdormiz, barakalla, — debdi.Shundan keyin Zabunshoh Qahramonning sharafiga qirq kecha-yu qirq kunduz karnay-surnay chaldirib, yurtga tomosha qilib beribdi.Toʻydan keyin Qahramon Zabunshohga: “Meni juda siyladingiz. Meni deb qirq kecha-yu qirq kunduz yurtga toʻy berdingiz, men juda xursandman, ammo oʻz yurtimni sogʻindim, agar ruxsat bersangiz, endi oʻz shahrimga ketsam”, debdi.Zabunshoh Qahramondan: “Yana bir necha kun turing”, deb iltimos qilibdi, ammo Qahramon unamabdi.
Oxiri noiloj javob berib, behisob sovgʻalar, izzat-u ikromlar bilan Qahramonni oʻz yurtiga joʻnatibdi.Qahramon sovgʻalarni karkidonlarga ortib, karkidoniga minib, kechasi salqinda shahrim qaydasan, deb yoʻlga ravona boʻlibdi.Bir vaqt Qahramon shahardan chiqib, togʻning etagiga yetgan ekan, orqasidan “Toʻxta, Qahramon!” degan ovoz eshitilibdi. Qahramon karkidonini toʻxtatib, orqasiga qayrilib qarasa, niqobdor bir odam kelayotgan emish.
Qahramon uni koʻrib, yana biror dushman boʻlmasin, deb qilichini gʻilofidan sugʻurib, jangga hozirlanib turibdi. Bir vaqt niqobdor Qahramonning oldiga yetib kelib, yuzidan niqobini olsa, kecha kunduzga aylanib ketibdi. Qahramon qarasa, qarshisida moh talʼatli ajoyib bir yigit turibdi. Qahramon yosh yigitning husniga qoyil qolib soʻrabdi: “Goʻzal yigit, kimsan? Nima uchun meni toʻxtatding? Menda nima ishing bor?” Niqobdor: ”Qahramon, men Zabunshohning qizi Zubayda Zulfiqoraman.
Sening botirliging, mardligingga qoyil qoldik.
Endi sendan bir iltimosim bor: dushman tirik boʻlsa, hamma vaqt dushmanlik qilaveradi, dushmandan qutulmoq uchun uni oʻldirish, yoʻq qilish kerak.
Shuning uchun sen avval, qayerda boʻlmasin, Akvon devni topib oʻldirsang”, debdi.Zubayda Zulfiqoraning bu iltimosi Qahramonga maʼqul boʻlibdi. U Zulfiqoraga:— Men shu soatdan boshlab Akvon devning payiga tushaman. Yetti qavat yerning tagiga kirib ketsa ham topaman, to uning kallasini olmaguncha, kelmayman, — debdi.Shunday qilib, ikkalasi maslahatni bir yerga qoʻyib, tong bilan shaharga qaytishibdi. Zubayda Zulfiqora oʻz koʻshkiga ketibdi. Qahramon boʻlsa, Zabunshohning saroyiga boribdi.Zabunshoh Qahramonning qaytib kelganini koʻrib, juda xursand boʻlibdi.
Ammo Qahramon nima uchun qaytib kelganini Zabunshohga bildirmabdi:— Iloji boʻlsa, jami qurʼachilaringizni yigʻdirib, qurʼa ochdirsangiz, Akvon dev qayoqqa qochganini menga bilib bersalar, — debdi. Zabunshoh qurʼachilarni chaqirib, qurʼa ochdiribdi. Qurʼachilar Akvon devning yetti zulmat daryosining nariyogʻidagi Qavs degan bir shaharga oʻtib ketganidan xabar beribdilar. Qahramon qurʼachilardan:— Bu yetti zulmat daryosidan qanday qilib oʻtib boʻladi, — deb soʻrabdi. Qurʼachilardan biri:— Yetti zulmat daryosidan oʻtishning hech iloji yoʻq, ammo semurgʻ degan bir qush bor, faqat oʻshagina olib oʻta oladi.
Lekin semurgʻni bu ishga hech kim koʻndira olmaydi, — deb javob beribdi. Qahramon:— Semurgʻning uyasi qayerda?
— deb soʻrabdi. Qurʼachilar:— Shaharning chekkasida bir yuz yetmish yoshga kirgan bir moʻysafid bor. Oʻshandan borib soʻrasang, aytib beradi, — debdilar. Qahramon saroydan chiqib, toʻgʻri oʻsha moʻysafidning oldiga borib, muddaosini aytibdi. Chol Qahramonga semurgʻning yashash yerini aytib:— Semurgʻ har yili bola ochadi, ammo har yili uning bolalarini bir ajdar kelib yeb ketadi.
Agarda sen oʻsha ajdarni oʻldirib, semurgʻning bolalarini oʻlimdan qutqarsang, semurgʻ ham yetti zulmatdan seni oʻtkazib qoʻyadi, — debdi.Qahramon choldan bu soʻzlarni eshitib, yarogʻ-aslahalarini taqib semurgʻ uya solgan manzilga qarab ravona boʻlibdi.Qahramon yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi. Oxiri katta bir togʻga yetibdi. Togʻ juda baland ekan, uning choʻqqisida bir katta chinor bor ekan, semurgʻning uyasi oʻsha chinorning uchida ekan. Semurgʻ bir oy, bir yarim oy yoʻq boʻlib ketib, bolalariga ovqat yigʻib kelar ekan.
Xuddi ana shunday semurgʻ uyida boʻlmagan vaqtlarida ajdar uning bolalarini yeb ketar ekan.Qahramon togʻga chiqibdi. Chinorning yoniga kelib, semurgʻning uyasiga koʻz solibdi. Semurgʻ bolalari ajdarning kelishidan qoʻrqib, yigʻlab turishgan ekan. Qahramon atrofni qarab chiqib, hali ajdardan darak yoʻqligini bilibdi va “Hoynahoy ajdar yaqinda kelsa kerak”, deb chinorning yaqinidan bir choh qazib, ichiga tushib, ajdarni poylab yotibdi.Bir vaqt uzoqdan bir narsa daryoga oʻxshab, yaltirab koʻrinibdi. Bu ajdar ekan.
U pishqirib ogʻzidan oʻtlar sochib, yaqinlasha boshlabdi. Uni koʻrib semurgʻ bolalari chirqillashib, qaltirashib, onalarini yoʻqlay boshlabdilar.Qahramon ajdar kelayotganini bilibdi.Qahramon oʻq-kamonini tayyorlab kutib turibdi. Bir vaqt ajdar yetib kelib, chinorga tirmashib chiqa boshlabdi. U semurgʻning bolalariga yaqinlashib, endi yeyman deb qoʻlini choʻzgan paytda, Qahramon kamondan ketma-ket ikki oʻq uzibdi. Ikki oʻq gʻizillab borib ajdarning ikki qoʻlidan teshib oʻtib chinorga qadalibdi.
Ajdarning qoʻllari chinorga mixlanib qolibdi. Ajdar ogʻzidan oʻt sochib, toʻrt oyogʻi bilan harakat qilgan ekan, Qahramon kamondan yana ketma-ket toʻrtta oʻqni boʻshatib, oyogʻini ham chinorga taqa-taq mixlab tashlabdi.
Shundan keyin gʻazablangan ajdar semurgʻ bolalarini damiga tortgani ogʻzini ochibdi. Qahramon kamondan ustma-ust yettita oʻqni boʻshatib, ajdarning boshini ham chinorga mixlabdi. Miyasidan yetti oʻq teshib oʻtgan ajdar semurgʻ bolalarining qarshisida xuddi daraxtga kerib qoʻyilgan mol terisiday boʻlib oʻlib qolibdi.Semurgʻ bolalari ajdarning bunday holga tushganiga hayron boʻlishib: “Bizga bunday yaxshilik qilgan kim ekan?”— deb uyalaridan boshlarini chiqarib qarasalar, bir odamzod kamonini boʻyniga ilayotgan emish, semurgʻ bolalari: “Ajdarni oʻldirib, bizni oʻlimdan qutqargan shu odamzod boʻlsa kerak”, deb Qahramonni oʻz yonlariga chaqiribdilar.
Qahramon semurgʻ bolalarining oldiga chiqibdi. Semurgʻ bolalari Qahramonning mardligiga qoyil qolib: “Ey odamzod, ajdarni oʻldirib, bizni oʻlimdan qutqarishdan maqsading nima?”—deb soʻrabdilar. Qahramon semurgʻ bolalariga oʻz boshidan kechirgan voqealarni birma-bir aytib beribdi.
Keyin: “Mening sizlarga qilgan bu yaxshiligim uchun semurgʻ meni yetti zulmatdan oʻtkazib qoʻyarmikan?” deb soʻrabdi. Semurgʻ bolalari:— Albatta, oʻtkazib qoʻyadi. Agar onamiz unamasa, biz oʻzimiz birinchi marta qanot chiqarib uchganimizda seni oʻtkazib qoʻyamiz, — deb javob beribdilar.
Shunday qilib, maslahatni bir yerga qoʻyib, semurgʻning kelar vaqtini kutibdilar.Bir kun havo bulut boʻlib, boʻron turib, chaqmoq chaqib, jala quyib hamma yoq toʻs-toʻpolon boʻlibdi. Qahramon: “Bu nima gap?” deb soʻrabdi. Semurgʻ bolalari:— Qoʻrqma, nafasidan boʻron qoʻzgʻalib, ohidan chaqmoq chaqilib, koʻz yoshidan jala quyilib onamiz kelayotibdi, — deb javob beribdilar.
Keyin: “Onamiz yonimizda odamzod turganini koʻrib, birdan dargʻazab boʻlmasin”, deb Qahramonni qanotlarining ostiga yashirib qoʻyibdilar.Bir vaqt semurgʻ yetib kelibdi. Qarasa, bolalari tirik, ajdar oʻlib yotibdi. Bu ahvolni koʻrgach, juda xursand boʻlib ketibdi.
Keyin bolalaridan: “Ajdarni kim oʻldirdi?” deb soʻrabdi. Bolalari:— Bir qoshiq qonimizdan kechsang aytamiz, — debdilar.Semurgʻ: “Kechdim, aytinglar”, debdi. Semurgʻ bolalari qanotlari ostidagi Qahramonni chiqarib: “Ajdarni oʻldirib, bizni oʻlimdan qutqargan Qahramon mana”, deb onalariga koʻrsatibdilar, Qahramon oʻz qarshisidagi qanotlari yuz gaz, oyoqlari qirq gaz, boʻyi oʻn gaz bahaybat qushni koʻrib, birdan kayfi uchib ketibdi.
Semurgʻ:— Qoʻrqma, bolalarimga qilgan yaxshiliging uchun rahmat senga, tila tilagingni, — debdi. Qahramon:— Meni yetti zulmatdan oʻtkazib qoʻyishingizni soʻrayman, — debdi.Semurgʻ:— Juda qiyin bir ishni soʻrading, mayli, shu ikki bolamni oʻlimdan qutqarganing uchun seni yetti zulmatdan oʻtkazib qoʻyaman. Boʻlmasa, sen ikki oyga yetarli ovqat va suv tayyorla, yetti kundan keyin yoʻlga tushamiz, — debdi.Qahramon yetti kun ichida ikki oylik oziq-ovqat va suv hozirlab, semurgʻning oldiga olib kelibdi.
Ularni semurgʻning ustiga ortibdi. Semurgʻ bolalari bilan xayrlashib, ustiga Qahramonni mindirib, Qavs shahriga qarab uchibdi.Semurgʻ Qahramonni zulmat ichiga olib kirib ketibdi. Qahramon ikki oy ichida bir marta ham yorugʻlik koʻrmabdi. Pastga qarasa, suv; osmonga qarasa, zulmat. Qahramon yoʻl-yoʻlakay semurgʻga oʻng yoniga qarasa — ovqat, chap yoniga qarasa — suv berib boribdi. Ovqat, suv endi tugay deganda, yorugʻlikka chiqibdi. Qahramon pastga qarasa, katta bir shahar koʻrinibdi.
Semurgʻ:— Ana, Qavs shahriga yetdik,— deb pastga tushib, shahardan tashqariroq bir yerga qoʻnibdi.Bu shaharning yeri poʻlatdan ekan. Shaharning sirini bilmagan odam yurolmas ekan. Chunki Akvon bu yerga koʻchib kelgandan keyin, hoynahoy, Qahramon izlab kelib, meni qoʻymaydi deb, shahar atrofini tilsimlangan poʻlat sim bilan oʻrab qoʻygan ekan. Bu tilsimlarga kimda-kim tegib ketsa, ular darrov ovoz chiqarib, Akvon devni ogohlantirar ekan.Qahramon semurgʻning ustidan tushib, shaharga yaqinlashibdi.
Bilmasdan simga tegib ketibdi. Birdan simlardan ovoz koʻtarilib, shahar ichidan katta-katta barzangi devlar chiqib, Qahramonga hamla qila boshlabdilar. Qahramon ham qoʻliga qilichini olib, jangga kirib ketibdi.Semurgʻ qarasa, Qahramonning yolgʻiz oʻzi mingtacha dev bilan jang qilayotibdi. Semurgʻ “Qahramon yolgʻiz, devlar koʻp, agar Qahramonga yordam bermasam, devlar koʻplik qilib ketar”, deb tezda togʻga uchib borib, togʻdan katta-katta toshlarni koʻchirib kelib, devlarning ustiga yogʻdira boshlabdi.
Devlarning koʻpi shu zamoniyoq til tortmay oʻlibdi. Tirik qolganlari tum-taraqay boʻlib, har tomonga qochibdi. Qahramon boʻlsa, devlarni tutday toʻkibdi. Bir vaqt qarasa, bularning ichida Akvon dev yoʻq. Qahramon devlarning qonidan kechib yurib, Akvon devni qidira boshlabdi. Oxiri uni bir gʻorda bir toʻda devlar bilan ichkilik ichib, bazm qilib oʻtirgan holda topibdi. Akvon dev noiloj Qahramon bilan jangga tushibdi.
Ikkalasi qirq kecha-yu qirq kunduz dam olmay jang qilibdi, oxiri Qahramon Akvonning tinkasini quritibdi, kallasini qilich bilan shartta kesib, katta bir qanorga solibdi.
Keyin qanorni orqalaganicha semurgʻning oldiga yetib kelibdi. Semurgʻ yana Qahramonni orqasiga mindirib, osmonga koʻtarilibdi; yetti zulmatdan oʻtib Zabunshohning shahriga kelib qoʻnibdi. Qahramon semurgʻga koʻp rahmatlar aytib, xayrlashib, Akvonning kallasi solingan qanorni orqalab, shahar ichiga kirib ketibdi. Semurgʻ esa, bolalarining oldiga qaytibdi.Qahramon toʻgʻri Zabunshohning saroyiga yoʻl olibdi. “Qahramon Akvon devni oʻldirib, boshini olib kelibdi”, degan gap bir pasda butun shaharga tarqalib ketibdi. Bu gap hash-pash demay Zubayda Zulfiqora va Zabunshohning qulogʻiga ham borib yetibdi.
Shundan keyin Zubayda Zulfiqora oʻz kanizaklari, Zabunshoh oʻz vazir-vuzarolari bilan katta tantanalar bilan Qahramonni kutib olibdilar.Qahramon bir necha kun saroyda dam olibdi.
Keyin Zabunshoh qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomosha qilib, Zubayda Zulfiqorani Qahramonga beribdi.Zabunshoh Tinch shaharning podshohi va uning polvonlarini ham toʻyga chaqiribdi. Hamma Qahramonga ofarinlar aytibdi.Tinch shaharning podshohi xushvaqt boʻlib, polvonlari bilan oʻz shahriga joʻnabdi.Qahramon Zubayda Zulfiqora bilan uzoq yillar yashab, murod-u maqsadiga yetibdi.