← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatAdolatSabrAql-zakovatTabiatOilaTijoratUzun

Gʻulombachcha

3910 soʻz

Bor ekanda yoʻq ekan, qadim zamonlarda bir mamlakat bor ekan. U mamlakatning qoidasi boʻyicha kambagʻallar oʻz bolalarini sotar ekanlar.

Shu shaharda bir kambagʻal kampirning bir oʻgʻli bor ekan. Bu kampirning tirikchiligi tang boʻlib, bir bolani boqishga ham ojiz ekan. Axiri shu bolasini bozorga olib chiqishga majbur boʻlibdi.Podshohning ham bir qizi bor ekan. U ham yetti-sakkiz yoshlariga yetganda, bir kuni otasiga:— Ey, otajon, menga bozordan bir qul sotib olib bersangiz, menga yugurdaklik qilsa, — debdi. Podshoh xizmatkorlarini chaqirib:— Bozorga chiqib bir yaxshi, xushsurat, boaql bolani topib, sotib olib kelinglar, — debdi.

Xizmatkorlar bozorga borib aylanib yurib shu kampirning bolasiga koʻzlari tushib, bir-birlari bilan maslahatlashib “Podshoh aytgan bola shundan ortiq boʻlmas, shu bolani savdo qilaylik”, deyishib, bolaga xaridor boʻlibdilar. Kampirdan:— Ona, bolangizning bahosini ayting!

— deyishibdi. Kampir bolasiga qarab achinib, xoʻrlanib, yigʻlamsirab:— Ming tilla, — debdi, ularga kampirning oʻgʻlini nochor sotayotgani taʼsir qilib, uch hissa pul berishibdi. Kampirning qoʻlidagi bolani olib, podshoh oʻrdasiga qarab ketishibdi. Kampir bechora shu turgan joyida goʻyoki azroil jonini olayotganday boʻlib, bellari munkayib, yosh oʻrniga qonlar toʻkib, falakning gardishidan shikoyatlar qilib oʻtirganicha bir necha soatlar oʻtirib qolibdi. Axiri oʻzini ustivor tutib uyiga kelibdi.

Kampir bolasini yoʻqotgan qoʻydek, yurish-turishlarini bilmasdan kunini oʻtkazib yuraveribdi. Kampir bu yerda tura bersin, ikki kalima soʻzni podshoh oʻrdasidan eshiting.Gʻulombachchani podshoh oʻrdasiga olib borgandan keyin, podshoh bolani koʻrib, xushnud boʻlibdi. Qizi ham koʻrib, oʻzi istaganidek bola ekaniga suyunibdi.

Soʻngra podshoh Gʻulombachcha bilan qizning ikkovini maktabga beribdi. Bir necha yillar maktabda oʻqib, uyda bir-birlariga xizmat qilib, katta boʻlgan sari bir-birlariga muhabbatlari orta boshlabdi.Podshohning bir maslahatdon vaziri bor ekan. Uning ham bir oʻgʻli bor ekan. Podshohning maslahatlarini shu vazir hal qilar ekan. Vazir vaqtni gʻanimat topib, podshohning qizi bilan oʻz oʻgʻli toʻgʻrisida gap ochib, “Qizingiz mening oʻgʻlimga lozim” deb qoʻyar ekan.

Xususan, podshohning qizi bilan Gʻulombachchaning balogʻatga yetishib, husnlarining bir-biridan ortiq boʻlib ketayotganini koʻrib, “Yo darigʻ, avvalgi vaʼda podshohning yodidan chiqib ketayotganga oʻxshaydi” deb qoʻyar ekan. Bir qancha vaqtlardan keyin, vazir har kuni va har soatda qiz bilan Gʻulombachchaning birga yurganini koʻrib, yuragi ezilar ekan.

Bir kuni vazir podshohni uyiga chaqirib, ziyofat berib sharobxoʻrlik qilishibdi.Vazir podshohga:— Sizning qizingiz bilan mening oʻgʻlim bir yilda, bir oyda tugʻilgan.

Endi katta boʻlib qolishdi. Ikkovimiz quda boʻlsak, ikkovini topishtirsak, — debdi. Podshoh oʻylanib turib bir vaqtdan keyin boshini koʻtarib vazirga qarab:— Ey, vaziri dono, mening ham yoshim keksaygan vaqtda koʻrgan bittagina qizim bor, uni hali oʻqitayotibman.

Lekin aytgan gapingni qizim bilan maslahatlashib koʻramiz. Agar qizimning koʻngliga toʻgʻri kelib oʻz ixtiyoricha rozi boʻlsa, u vaqtda men hech nima deya olmayman, — debdi. Bir necha kun oʻtgandan keyin podshoh xotini oldiga kirib, vazirning gapini aytibdi:— Vazir shunday maslahat qilayotibdi. Men gapirsam qizim uyaladi. Sen gapir, qani, nima der ekan, — debdi. Xotini qizning oldiga kirib boʻlgan voqeani bir-bir bayon qilibdi.

Qiz birpas oʻylanib turib:— Ey, onajon, birinchidan, men hali yoshman, ikkinchidan, oʻqishda boʻlsam, ilm oʻrgana olmasdan fikrim buzilib, oʻrgangan ilmlarimni ham esimdan chiqarib qoʻyaman. Necha yillar oʻrgangan ilmlarim suvga oqib ketadi.

Shuning uchun bir necha yil oʻz ixtiyorimga qoʻysanglar, — debdi. Onasi podshoh yoniga chiqib qizining gaplarini birma-bir aytib beribdi. Podshoh ham qizining fikriga qoʻshilib, qizga rahmatlar aytibdi. Vaziriga ham qizning ixtiyori oʻzida ekanligini aytibdi. Vazir dam urmasdan ketibdi-yu, lekin bu gapni vaqt-vaqti bilan pod-shohning yodiga solib turar ekan.

Kunlardan bir kun podshoh bilan vazirning gaplari Gʻulom-bachchaning qulogʻiga chalinibdi. Gʻulombachcha maktabdagi bolalardan epchil, ziyrak, farosatli ekan, shuning uchun hamma unga ofarin aytar ekan. Baʼzilar: “Podshoh bir qulbachchani oʻqitib odam qildi”, desa, baʼzilari “Podshoh qizini oʻshanga beradiganga oʻxshaydi”, der ekan. Gʻulombachcha haligi gaplarni eshitib qiz bilan maslahatlashibdi.

Qiz Gʻulombachchaga:— Ey, doʻstim, mehribonim, men seni yoshligimda sotib oldim va oʻqitdim, oʻzimdan ziyoda tarbiyalatdim, har xil hunarlar oʻrgatdim. Hattoki jang asboblarini ham baʼzi podshohlar lashkaridan ziyodroq oʻrganding. Men sening bilan birga boʻlaman, vaʼdamdan aynimayman, — deb tasalli beribdi.Bir necha kunlardan keyin vazir haligi gapni podshohga aytibdi. Podshoh qizining oldiga kelib:— Ey, qizim, vazir shu xususda koʻp gapiryapti. Yana nima deysan?

— debdi. Qiz:— Ey, ota, menga kim talab boʻlsa, shu mamlakatdan chiqib ketib, safardan qaytishda obroʻmand, dunyodor boʻlib qaytib kelsin. Oʻshandan keyin ixtiyorimni oʻsha odamga beraman, — debdi.

Bir kuni vazir yana shu haqda gapiribdi. Podshoh qizining gapini vaziriga aytibdi. Vazir oʻylanib, uyiga qaytib oʻgʻli bilan maslahat qilibdi. Bu gaplar arkoni davlatga eshitilibdi. Lashkarboshisining oʻgʻli ham bu qizdan umid qilar ekan. Vazir bilan lashkarboshi maslahatlashib:“Qiz toʻgʻri aytibdi, boʻlmasa, men sovchi qoʻysam, sen xafa boʻlar eding, sen sovchi yuborsang, men xafa boʻlar edim, endi bolalarning baxti. Podshoh qizining aqli raso ekan,” deyishibdi.

Uylariga borib, oʻgʻillarini yaxshi kiyintirib, bir ot, bir taraqi xurjun, xurjunga har xil javohirlardan toʻldirib berishib, podshoh huzuriga olib kelishibdi. Podshoh bularni koʻrib qiziga xabar beribdi. Qiz ham Gʻulombachchani oʻsha yigitlardek kiyin-tirib, qoʻliga otasining shamshirini va bir uzuk beribdi. Uzuk bilan shamshirni bir-biriga “urishtirib” Hamma vaqt men seniki, sen meniki. Bu vaʼdadan sen ham chiqma, men ham chiqmayman”, deb qiz uzukni oʻziga olib qolibdi.

Oq fotiha berib, yigitni tashqariga chiqarib yuboribdi. Podshoh uchovini ham yoʻlga rost qilib: “Ey oʻgʻillarim, bu ajoyib bir baxt sinashdir, baxtlaring ochilsin”, deb duo qilib yigitlarni yoʻlga solibdi. Uchovi “Hayyo huv” deb yoʻlga ravona boʻlibdilar. Qancha koʻllardan, qancha daryolardan, bir qancha togʻlardan oshib, uch kundan keyin, uch yoʻlning boshiga yetishibdi. Qaysi biriga borishlarini bilmay, toʻxtab turganlarida bir toshga yozib qoʻyilgan xatni koʻrishibdi.

Xatda “Birinchi yoʻl “Borsa kelar”, ikkinchisi “Borsa xatar”, uchinchisi “Borsa kelmas” deb yozilgan ekan. Xatni oʻqiganlaridan keyin Gʻulombachcha yigitlarga:— Ey, birodarlar, shu “Borsa kelmas” yoʻlga ketishga ruxsat beringlar, — debdi. Ikki yigit bir-biriga “Ey, ogʻayni, koʻngildagiday boʻldi-ku”, deb Gʻulombachchaga ruxsat beribdilar. Gʻulombachcha bular bilan xayrlashib, borsa kelmas yoʻlga kiribdi.

Shu ketganicha yoʻl yurib, kechasi ham boshqa bir tomonga tushmasdan keta beribdi. Axiri oti charchab, yurishga holi ham qolmabdi. Otidan tushib, otini yetaklab bir qancha yoʻl yurgandan keyin bir xaroba qishloqqa borib qolibdi. Qaysi uyga borib qarasa ham, hech jon zoti koʻrinmasmish. Bir joyga borsa, katta suv shaldirab oqib turganmish. Suvning yonida tegirmon, pastligida bir katta hovuz bormish. Gʻulombachcha tegirmonga kiribdi. Qarasa, tegirmonning ichida tegirmon toshi bilan gʻalladoni turganmish.

Tegirmon toshiga otini bogʻlab, oʻzi gʻalladonning ichiga kirib yotibdi. Birozdan keyin haligi hovuzning girdiga har xil vahshiy hayvonlar yigʻilishib bir-birlari bilan olishib, baʼzilari bir-birlarini yeyishib, keyin yana har tomonga tarqalib ketishibdi. Gʻulombachcha gʻalladon ichida yotib tush koʻribdi. Tushida bir odam: “Ey yigit, shu qishloqning narigi chekkasida bir tepalik bor.

Shu tepalikda ajdarning makoni bor. Bu ajdar kunduzi uxlaydi, kechasi chiqib hamma qishloqlarni aylanib, nima toʻgʻri kelsa tutib yeydi. Bu qishloqning xarob boʻlishiga shu ajdar sababchi. Sen ertaga oʻrmonga borib, bir qancha yogʻochlarni yigʻib, shu jar ustiga olib chiq. Xuddi shu ajdar uyasining ustiga koʻmma qilib ichki tomonini bir-biriga matashtirib qoʻy. Yogʻochlarning har qaysi uchini ir bilan bogʻla, oʻrtasiga tosh qoʻy. Ajdar chiqadigan vaqtda haligi irlarni birdaniga kesib yubor.

Yogʻochlar tegib ajdarning boshi yarador boʻladi, oʻlsa ham ajab emas”, debdi. Gʻulombachcha uygʻonib atrofiga qarasa, oldida hech kim yoʻq, tong otib qolibdi. Gʻulombachcha joyidan turib, otlanib ohista-ohista haligi oʻrmon tomonga joʻnabdi, borib yetgandan keyin oʻrmonga kirmasdan otining oyogʻini bogʻlab, oʻtlash uchun qoʻyib yuborib, oʻzi yotib birpas uxlabdi. Oʻrnidan turib qarasa, juda vahimali, baland chakalakzor oʻrmon, bir tomonidan shamol chiqqanday boʻ-libdi.

Shiririndilar, daraxt barglari xuddi ajinaning girvotidek bir gʻordan chiqib, yana bir gʻor ichiga kirib ketarmish. Yaqinroq borib qarasa, ajdarhoning burnidan chiqqan nafasi ekan. Shamol hatto oʻzini ham olib ketgudaymish. Gʻulombachcha shamoldan uchib ketmaslik uchun yerga yotib, daraxtlarni ushlay-ushlay oʻz yoʻliga qaytibdi. Otining hamma yogʻini tikanli daraxtlar bilan bekitibdi. Oʻzi bir daraxt ustiga chiqibdi. Undan ikkinchi daraxtga sakrab, daraxtma-daraxt yurib haligi gʻorning orqasiga oʻtibdi.

Kunduzi koʻp daraxtlarni kesib tepaning ustiga olib chiqib koʻmma qilib qoʻyibdi. Daraxtlarning uchiga ir bogʻlabdi. Oʻrtasiga tosh qoʻyibdi. Bir necha kun shu ishni qilgandan keyin tepaning ustiga chiqib ajdarning chiqishini poylab oʻtiribdi. Qosh qoraygach, ajdar pishqira-pishqira oʻrmonni larzaga keltirib qichqirib chiqa boshlabdi. Gʻulombachcha oʻq-yoyini tayyorlab turib, ajdarhoning koʻzini koʻzlab chunon oʻq uzibdiki, ajdarning koʻzi koʻr boʻlib, ogʻrigʻiga chidamay tepaga qarab hamla qilibdi.

Gʻulombachcha vaqtni gʻanimat topib haligi iplarni darhol kesib yuboribdi. Oʻrtaga qoʻygan toshlar birin-ketin ajdarning ustiga tushib, kallasiga, tanasiga urilib, goʻyoki tepa yiqilganday boʻlib bosib qolibdi. Gʻulombachcha ajdarho ustiga yiqilgan daraxtlarga oʻt qoʻyib yuboribdi. Koʻzi koʻr, yaralangan ajdarho toʻlgʻana-toʻlgʻana olovda omuxta boʻlib, oʻz yogʻi bilan oʻzi qovurilib ketibdi. Gʻulombachcha oʻz ishidan xursand boʻlib, bir joyga borib yotib uxlab qolibdi.

Ertalab turib qarasaki, ajdarning yarmi kuyib, kul boʻlib ketibdi. Bir chekkada kallasi qolibdi. Qariyalardan “Ajdarhoning kalla magʻizi bilan koʻhna kasallarni davolasa, shifo topadi” degan gapni eshitgan ekan.

Shu gap koʻngliga kelib, tezda shamshirini sugʻurib olib ajdarhoning boshini yorib kalla magʻzini bir shishaga toʻldirib olibdi. Ajdarhoning uyasiga qarasa behisob dunyo, mol turibdi. Gʻulombachcha “Kerak boʻlib qolar” deb gʻorning ogʻzini mahkamlab bekitib qoʻyib, qilgan ishlaridan koʻngli tinib, otiga minib, “Bir odamli joy toparmikanman?” deb joʻnab ketibdi. Bir qancha yoʻl yurganidan keyin bir baland qirga yetibdi. Otini toʻxtatib atrofga qarab, uzoqdan bir daraxtzorni koʻribdi.

Shu daraxtzorni koʻzlab borsa, u yerdagi odamlar Gʻulombachchani kutib olib, hol-ahvol soʻrashib: “Ey yigit, qaydan kelasan, qayerga borasan? Odamzodmisan yo parimisan? Bu togʻlardan odamzod hech chiqqan emas. Sen qanday qilib kelding?” deyishibdi. Gʻulombachcha boshidan oʻtgan voqealarni aytibdi. Haligi kishilar podshohning xabarchilari ekan. Gʻulombachchani izzat-ikromlar bilan podshoh oldiga olib boribdilar. Podshohga ham boʻlgan voqeani aytib berishibdi.

Podshoh “Ey nodon bola, oʻzing kichkinagina boʻlsang ham bunday uydirma gaplarga usta ekansan-da, yolgʻon ham evi bilan boʻladi. Men u joyga uch martaba lashkar yuborgan edim, qaytib kelmadi. Sen bir oʻzing qanday oʻtding?” debdi. Podshoh oʻz navkarlarini chaqirib:— Bu bola shu yerda tursin, sizlar bir guruh lashkar boʻlib oʻsha joyga borib, haqiqiy ahvolni bilib kelinglar. Agar shu bolaning gapi haq boʻlsa, koʻnglimga kelgan ishni qilaman, agar yolgʻon boʻlsa, boshini kesib dorga tortaman.

Yolgʻonchilarga ibrat boʻlsin, — debdi.Lashkarboshi oʻrnidan turib, bir qancha lashkar toʻplab bahyaga qarab ketishibdi. Bahyaga yetgandan keyin ohista-ohista yurib borib, ajdar jasadi yoniga borishibdi. Ajdarning kuygandan qolgan yarim jasadini koʻrib qaytib kelishibdi. Podshohga ajdar oʻlganligi rost ekanligidan xabar berishibdi. Podshoh Gʻulombachchadan xursand boʻlib, quchoqlab, “Barakalla, seni oʻstirgan ota-onangga rahmat”, debdi.

Gʻulombachchani shahar oʻrtasiga olib chiqib, ustidan tilla, javohirlar sochibdi, shundan keyin har bir shahar podshohlari kelib, u podshohning ajdar kulfatidan qutulganligi bilan muborakbod qilishibdi.

Bir kuni muborakbodga kelgan bir podshoh oʻgʻlining olti yildan beri ogʻir kasalga yoʻliqib qolganini gapirib oʻtirganda, bu gapni Gʻulombachcha eshitib: “Oʻgʻlingizning kasali qanday?”— debdi. Podshoh oʻgʻlining kasalini bayon qilib beribdi, Gʻulombachcha:— Agar otamiz, podshoh ijozat bersalar, men oʻzim borib bolani davolayman. Mening tabiblik hunarim ham bor, — debdi. Podshoh boladan bu gapni eshitib:— E, podshohim, shu oʻgʻlingizni menga qoʻshib yuborsangiz, keyin oʻzim keltirib qoʻyaman.

Shoyad shu bolaning qoʻlidan shifo topib, yaxshi boʻlsa ajab emas, — debdi.Podshoh Gʻulombachchaga javob beribdi. Mehmon boʻlib kelgan podshoh Gʻulombachchani shahariga olib ketib, oʻz oʻrdasida izzat-ikromlar bilan bir necha kun ziyofat qilibdi.

Keyin oʻrdasiga olib kirib oʻgʻlini koʻrsatibdi. Tashqariga chiqqandan keyin Gʻulombachcha:— Bugundan boshlab hammom qizitilsin. Ertaga oʻgʻlingizni hammomga solaman. Issiq xolida sulayganicha yotqizib, oʻtkir dorilar bilan davolayman. Agar yaxshi boʻlsa baxtingiz, yomon boʻlsa mendan xafa boʻlmaysiz, — debdi. Podshoh rozi boʻlib hammomchilarga hammomni qizitishga buyuribdi.

Ertasi yigitlari podshohning oʻgʻlini hammomga olib kirib, issiq toshning ustiga choʻziltirib yotqizib qoʻyishibdi.Hammom shunchalik issiq boʻlibdiki, shahzodaning yigitlari chiday olmasdan qochib chiqib, “Gʻulombachcha tabibmisan yoki odamkushmisan? Bu issiqqa odamzod dosh bera olmaydi. Shahzoda oʻlishga yaqinlashdi”, deyishibdi. Gʻulombachcha haligi ajdarhoning miyasini shahzoda-ning badanlariga surtib, xizmatkorlariga uqalattiribdi. Shahzoda tez orada hushiga kelib, oʻrnidan turibdi.

Uni hammomdan boshqa uyga olib chiqishibdi.Podshoh oʻgʻlining shifo topganidan xursand boʻlib, Gʻulombachchani shahar oʻrtasiga olib borib ustidan tilla socha beribdi. Xalq Gʻulombachchaning shahzodani davolaganiga xursand boʻlibdi. Podshoh oʻgʻlining yaxshi boʻlganligiga toʻy-u tomoshalar beribdi. Gʻulombachchani oʻz oʻgʻlidek koʻrib:— E, oʻgʻlim, nima muroding boʻlsa tila, hech uyalma.

Agar oʻzimda boʻlmasa, sening uchun gadolik qilurman, istasang, oʻz oʻrnimni ham berurman, — debdi.Gʻulombachcha oʻrnidan turib, taʼzim-tavozeʼ bilan:— Ey, podshohim, podshohligingiz oʻzingizga va shahzoda birodarimga nasib boʻlsin. Menga oq yoʻl bersangiz, shu kifoya.

Lekin menga biroz muhlat bilan oʻz pulimga oʻn ming tuya, oʻn ming qoramol va bir qancha beva-bechora fuqaroyingizdan bersangiz, — debdi. Podshoh:— Ey, kamhimmat oʻgʻlim, bu narsalar sal narsadir. Bu narsalar uchun ogʻzingni ham bulgʻama. Bundan ziyodroq narsa soʻra, — debdi.Gʻulombachcha:— Men bundan ziyod narsa tilamayman, bersangiz shu, bermasangiz, oq yoʻl soʻrayman, ketaman, — debdi. Podshoh:— Ey, jonim, qachon desang sening aytganingni beraman, — deb Gʻulombachchaga ijozat beribdi.

Gʻulombachcha podshohdan ijozat olib, ilgarigi podshoh oldiga boribdi. U podshohdan ham oʻz shahariga ketishga ruxsat soʻrabdi. Podshoh:— Ey, oʻgʻlim, mendek otang boʻlsa-yu, tagʻin qayerga borasan. Agar zerikkan boʻlsang, shaharlarni aylanib tomosha qil, — debdi. Gʻulombachcha koʻnmasdan:— Yor-doʻstlarimni sogʻindim, — debdi. Podshoh:— Boʻlmasa tila tilagingni, hech kim tilagan narsalardan boʻlmasin, — debdi.

Gʻulombachcha oʻrnidan turib, qoʻl qovushtirib:— Agar ijozat boʻlsa, shu ajdarho oʻlgan tomondagi oʻrmonlar, xaroba qishloqlar hamda oʻsha tepalik, jazira-yu choʻl-biyobonlarni mening ixtiyorimga bersangiz. Men shu vayrona-larni tiklab, oʻsha yerlardan ajdarho zulmidan qochib ketgan xalqlarni oʻz joylariga qaytarsam, ilgari qishloq boʻlgan joylarni obod shaharga aylantirsam, — debdi. Podshoh:— Ey, himmati past oʻgʻlim, dunyoga kelib shu arzimagan narsa uchun ogʻiz ochdingmi. Men senga podshohligimni bersam, deb umid qilgan edim.

Xayr mayli, sening xohlaganing boʻlsin, — deb Gʻulombachcha nomiga shu joylarni oʻtkazish uchun ahdnoma yozib muhr bosibdi. Gʻulombachcha podshohdan ijozat olib, bir necha kundan keyin kasaldan tuzalgan shahzodaning otasi oldiga borib, ilgari vaʼda qilgan narsalarni talab qilibdi. Podshoh oʻz odamlarini koʻchalarga chiqarib “Kimki falon bahyadan qochgan boʻlsa, kambagʻal, bebisot odamlar boʻlsa, Gʻulombachcha bilan borsin”, deb jar chaqirtiribdi.Gʻulombachcha kambagʻal-bechoralarni yigʻib, tuya va qoramollarni olib podshohning ijozati bilan shu bahyaga joʻnabdi.

Gʻulombachcha bahyaga borgandan keyin, avval tepalikka podshoh oʻrdasidek baland devor tiklatibdi. Tartibi bilan katta imoratlar qurdiribdi. Kambagʻal-bechoralarga tilla-javohirlar, yeyishlariga ovqat beribdi. Yaxshi uylarga qoʻyibdi. Xalq Gʻulombachchani juda sevarkan, qarilar oʻz farzandidek, yoshlar esa aka-ukalaridek koʻrar ekan. Shaharning obodonchiligi kundan-kunga orta boribdi. Boshqa shaharlardan naqqoshlarni yigʻib kelib har xil saroylar, bogʻlar, maktablar, hammomlar barpo qilibdilar.

Har shaharlardan podshohzodalar kelib shaharni tomosha qilar ekanlar.Kunlardan bir kuni ikki kishi Gʻulombachcha oldiga kelib ish talab qilishibdi. Gʻulombachcha taniganday boʻlib razm solib qarab tursa, haligi oʻzi bilan birga yoʻlga chiqqan vazir oʻgʻli bilan lashkarboshining oʻgʻliga oʻxshabdi. Gʻulombachcha oʻzining odamlarini chaqirib yigitlarni hammomga olib borib, yaxshi kiyimlar kiygizib, kechqurun mehmonxonaga olib borib bazm qilishga buyuribdi. Hamma ishni Gʻulombachcha aytganicha qilishibdi.

Bazm qizigan vaqtda Gʻulombachcha kelibdi. Biroz oʻtirgandan keyin yigitlardan:— Ey, doʻstlarim, sizlar qayerdan boʻlasizlar?

— debdi. Yigitlar oʻzlarining uch kishi boʻlib yoʻlga chiqqanliklarini, uch yoʻl uchrab uchovi uch yoʻlga ketganliklarini, bular yana ikkovi uchrashib qimorbozlik qilib, mol-u dunyodan ayrilib, shaharma-shahar yurib, axiri shu shahar-ning hukmdori mehribon, xalqparvar deb eshitib kelganliklarini birma-bir gapirib berishibdi. Gʻulombachcha bularning oʻzi bilan birga yoʻlga chiqqan yigitlar ekanini aniq bilib olibdi, ertasi kuni oʻzini tanitmasdan ularni yaxshi ishlarga joylashtirib, oʻzi amaldorlardek yura beribdi.

Gʻulombachcha ularni ziyofat qilib turar ekan.Bir kuni bazm vaqtida Gʻulombachcha yigitlardan:— Sizlarni uylantirib qoʻysam nima deysizlar?

— debdi. Yigitlar oʻylanib turib, bir fursatdan keyin biri oʻrnidan turib:— Ey birodar, bunchalik mehr-shafqat qilib, bizlarday musofirning koʻnglini olsangiz, albatta, biz ham xursand boʻlamiz. Biz hozir oʻz kiyim-boshimizni oʻzimiz yuvib, baʼzi bir roʻzgʻor ishlarini ham oʻzimiz qilamiz. Agar uylantirib qoʻysangiz bu qilgan yaxshiligingizni unutmaymiz, — debdi.Gʻulombachcha shu shahardagi qizlardan oʻzlari xohlaganini toʻy-tomosha qilib olib beribdi.

Bular shu shaharda bir necha yil yashab ikkitadan farzand koʻribdilar.Bir kuni bular bir joyda sharobxoʻrlik qilib oʻtirganda, ikkovi bir-biri bilan gaplashib “Bizning podshohimiz koʻp saxiy kishi, nimaiki soʻrasak beradi. “Bir necha tuya bilan bir qancha dunyo bersangiz. Biz aslida savdogarmiz, savdogarchilikni puxta bilamiz. Shaharma-shahar yurib bergan narsalaringizni ziyodroq qilib kelarmiz.

Ham oʻsha shaharlardagi hunarmand, kambagʻal kishilarni oldirib kelamiz”, desak, uning bergan mollarini olib, xotin bola-chaqalarimizni tashlab ota vatanimizga qaytib ketsak, bizlarni qayerdan topadi, gardimizni ham topa olmaydi”, deyishib maslahatlashishibdi.Bir kuni ikkovi Gʻulombachcha oldiga kelib maslahatlashgan narsalarini soʻrabdi. Gʻulombachcha:— Bu fikrlaring juda yaxshi, xohlaganlaringcha mol-dunyo beraman, lekin mening bir shartim bor. Boʻynilaringga olsanglar. Shartim shundan iboratki, orqangizga muhr bosaman.

Siz shunga rozi boʻlsangiz, men ham roziman, — debdi. Yigitlar bir-birlariga qarashib, oʻylanib turib oʻzaro “Bizning shahrimiz juda uzoq safarlik yoʻl. Qancha daryolar, jazirama togʻlar oʻtib borish kerak.

Shuncha uzoq joyga qanday topib boradi”, deyishib rozi boʻlishibdi. Gʻulombachcha muhrni olovda qizitib ikkovining ham orqasiga bosibdi. Ertasi bularga bir qancha tuyalarda zari-zevar, istaganlaricha tilla tanga beribdi. Gʻulombachcha bilan xayrlashib ketishibdi. Ular oʻz shaharlariga yetibdilar. Oydan oy oʻtib, kundan kun oʻtib bir kechasi Gʻulom-bachcha tushida podshohning qizini koʻribdi. Qiz Gʻulombachchaga qarab: “Xalq orasida vaʼda qarzdir degan gap bor. Vaʼdaga vafo qilmading-ku”, deb gʻoyib boʻlibdi.

Gʻulombachcha choʻchib uygʻonib qarasa, yonida hech kim yoʻq, azon vaqti boʻlibdi. Joyidan turib, xalqini yigʻib:— Mening ota-onam, el-u xeshlarim bor edi.

Shularni borib koʻrib, sayohat qilib qaytsam, nima deysizlar, — deb maslahat qilibdi.Shahar xalqi rozi boʻlishibdi. Gʻulombachcha shahar xalqiga:— Bulgʻordan bir baland qoʻrgʻon yasanglar. Bir joydan bir joyga koʻchib yurganda yigʻib olib ketadigan boʻlsin. Hovuzlari, rasta-rusta bogʻlar, bozorlar, hammomlar, hammasi bulgʻordan boʻlsin. Qachonki bir joyga borib tushib qoʻndirsak, bir shahri azim boʻlsin, — deb amr qilibdi. Ustalar xuddi aytganidek va undan ham ziyodroq qilib tayyor qilishibdi.

Gʻulombachcha shahar xalqining yarmini oʻzi bilan olib, qoʻrgʻonni va mol-u dunyoni tuyalarga yuklab, shaharda qolgan odamlar bilan xayrlashib joʻnabdi. Yoʻl yuribdilar, yoʻl yursalar ham moʻl yuribdilar, suvsiz choʻl yuribdilar.

Bir kuni Gʻulombachcha kechasi tekislik joyni moʻljallab tushib qarasa, oʻz shahriga yaqin kelib qolishibdi. Gʻulombachcha xizmatkorlariga:— Ey, birodarlar, shu kechasi tong otguncha qoʻrgʻonni va rasta-rustalarni, hovuz, hammomlarni, rost koʻcha va past koʻchalarni barpo qilinglar. Koʻrgan odamlar hayron qolsin. Goʻyoki osmondan tushgan deb bilsinlar, — debdi. Xizmatkorlar to erta tonggacha aytilgandek shaharni taxt qilib qoʻyishibdi.

Erta bilan shu shahar podshosi turib atrofiga qarasa, ikki tomondan kun chiqqanday boʻlib turibdi. Oʻz-oʻzicha: “Vo ajabo, bu nima sir ekan. Tushimmi-oʻngimmi. Bir tomondan chiqqan oʻzimizning kun, bu ikkinchi tomondagisi qanday shuʼla ekan”, deb xizmatkorlarini chaqirib, ular bilan maslahatlashibdi:— Shu ishning haqiqatini bilib kelinglar, — debdi.

Xizmatkorlar asta-sekin borib Bulgʻor shahriga yaqinlashib qarasalar, bir shahri azim rasta-yu bozorlar, rost koʻcha-yu past koʻchalar, qancha hovuzlar, suvi toʻlib turibdi, bozorlarda odamlar savdo-sotiqlar qilib yuribdi. Bular ham qiziqib, shaharga kirib, rost koʻcha-yu past koʻchalarni tomosha qilib yurib, bir joyga borib shohona imoratlar, baland-baland koʻshklarni koʻrib, tomosha qilishibdi. Bularga yosh yigitlar uchrab bir katta imoratga olib kirib, oldilariga taomlar qoʻyib ziyofat qilibdilar.

Bir tomonda sozandalar, bir tomonda hofizlar ashula aytib turibdi. Bularga inʼom-yehsonlar berib, xoʻshlashib, kuzatib qoʻyibdilar. Xizmatkorlar podshoh huzuriga qaytib, koʻrgan voqealarini bir hissaga yuz hissa qoʻshib hikoya qilishibdi. Podshoh bu gaplarni eshitgandan keyin qalam-siyoh olib “Ey, podshoh, qayerdan va nima uchun ruxsat soʻramay kelding?

Shu noma borgandan keyin bu yerga kelganingning sababini va doʻstmisan, dushmanmisan hammasini ayon-bayon qilib, uch kun ichida javobini ber. Agar uch kun ichida javobini berib, kelgan yoʻlingga qaytmasang urush boshlayman, oʻlgan odamlarning xuniga zomin boʻlasan. Maqsadingni bildirib noma yoz”, deb noma yozib muhr bosibdi. Xatni bir vaziriga berib, ahli donishmand akobirlarni hamroh qilib Bulgʻor shahriga joʻnatibdi.

Bular yoʻlda bora bersin, endi gapni Gʻulombachchadan eshiting.Gʻulombachcha koʻnglida “Podshohning yuborgan xizmatchilariga shahrimni tomosha qildirib, ziyofat qilib yubordim. Bizning shahrimizda boʻlgan narsalar uning shahrida yoʻq edi. Bu yerdagi ajoyib hashamatli binolar, bogʻlar, hovuzlarni xizmatkorlar podshohga borib gapirganlaridan keyin podshoh albatta rashk qilib bir shulturni boshlasa ham ajab emas”, deb yoʻlga bir qancha poyloqchilarni qoʻyibdi.

Xizmatchilariga:— Podshoh tomonidan bir qancha ahli suluklar, donishmandlar kelib qolsa, yoʻllariga poyandoz solib, ustlaridan tilla-tangalar sochib, izzat-u obroʻlar bilan shaharga olib kirib ziyofat qilinglar. Bu yogʻini oʻzim toʻgʻrilayman. Agar podshoh tomonidan dovul qoqilib lashkarlari urush uchun kelsa, u vaqtda yetti yoshdan yetmish yashargacha tigʻjavorlaringni koʻtarib, ulardan ilgari shahardan chiqib saf toʻgʻrilab taxt boʻlib turinglar, — debdi.

Xizmatkor ham lashkarlar yoʻlga chiqib nima voqea boʻlar ekan, deb tursalar, shahar darvozasidan ahli suluk akobirlar birin-ketin asta-asta kela boshlabdilar. Gʻulombachcha ularni koʻrib poyandozlar soldirib bir qancha qariyalarni chaqiribdi. Qarilar, yoshlar qoʻl qovushtirib turibdi. Ular yaqinlashganda Gʻulombachcha peshvoz chiqib, otidan tushib, odob bilan salomlashib, shaharga taklif qilib, saroyga olib boribdi.

Saroydagi kashta bilan yasatilgan saroy devorlarini, koʻm-koʻk suvlarning bulgʻor hovuzlarga tushib turganini koʻrib, akobirlarning hushi boshidan uchganday boʻlib, bir-birovlariga: “Bu yerlar dashti-biyobon edi, bir shahri azimga aylanibdi. Bu qanday sir ekan. Bu shahar podshohi sehrgarmi, yo jodugarmi. Har qanday boʻlsa ham oʻz oyogʻimiz bilan kelib oʻz boʻynimiz bilan tuzoqqa ilindik. Agar sehrgar yoki jodugar boʻlsa, shu bilan umrimizning oxiri boʻladi, deyishibdi.

Gʻulombachcha ularni hushyorlik va sezgirlik bilan joy-joyiga oʻtqazib:— Bizdek bir kambagʻal kamina farzandlarini aziz podshohning shunday akobirlari yoʻqlab kelgani uchun xush koʻrdik, — deb ziyofat boshlabdi. Xushsurat yigitlar har xil taom, mevalar olib kelib, mehmonxona oʻrtasiga keltirib, dasturxonni toʻldirib tashlabdi. Biroz ovqat yeganlaridan soʻng mehmonlardan biri Gʻulombachchaga qarab:— E, oʻgʻlim, bizlarni shunchalik izzat-yeʼzoz qildingiz.

Endi bizga ijozat bersangiz. Sizga birozgina soʻzimiz bor edi. U ham boʻlsa podshohimiz bir kichkina noma yuborgan edi, shuni oʻqib, javobini aytsalar, — debdi. Gʻulombachcha oʻrnidan turib, odob bilan nomani qoʻliga olib, javob xati yozibdi: “Ey, podshohi oliyjanob, sizning yozgan nomangizni olib oʻqidim. Men yoʻlda oʻtkinchi bir baxt qidiruvchiman. Baxt qushimni qoʻlimdan uchirib, sargardon boʻlib, kecha-yu kunduz beorom-u beqaror boʻlib yurgan bir kamina qulman.

Ruxsat bersalar bir necha kun shu yerda turib qaytib ketsam, agar ruxsat bermasalar, biz bir oʻtkinchi odammiz, oʻz yoʻlimizga ketamiz. Maqsadlari xusumat qilish boʻlsa, u vaqtda bir iloj qilarmiz”, deb muhrini bosib, nomani ikki buklab qoʻllariga beribdi va podshohni taklif qilibdi. Ziyofat tamom boʻlgandan soʻng mehmonlarga tovoqlarda tilla javohirlar ulashibdi. Podshoh akobirlari ijozat olib, oʻz podshohlari oldiga qaytibdi.

Podshohga boʻlgan voqeani gapirib, oʻzini taklif qilganini aytib, nomani qoʻliga beribdilar. Podshoh nomani oʻqibdi.

Soʻngra oʻziga xos kishilarni olib, qirq kishi boʻlib Bulgʻor shahriga ketishibdi. Gʻulombachcha podshohni poyandozlar solib kutib olibdi, ustidan tilla sochib shaharga olib kiribdi. Podshoh umrida koʻchma shaharni koʻrgani ham, eshitgani ham yoʻq ekan. Podshoh goʻyoki jannatga kirganday boʻlib, oʻziga-oʻzi “Hay darigʻ, shunday yigitga qizimning taqdiri ketgan boʻlsa edi”, deb qoʻyibdi. Gʻulombachcha bilan birga ketgan ikkita yigit shu ziyofatga podshoh amaldori, vazirlari bilan birga kelgan ekan. Vazirlar podshohga: “Bizning oʻgʻillarimiz badavlat boʻlib keldi.

Endi qachon toʻy qilamiz”, deb qistar ekanlar. Podshohning qizi “Qachon shu ketgan uch yigit bir joyga yigʻilsa, kimga tegishim oʻshanda aniq boʻladi, hozir hech kimga tegmayman”, debdi. Bu gapni eshitgan amaldor vazir-vuzarolar: ”Bu uchovining ketganiga yetti yil boʻldi. Oʻz vaʼdalariga binoan oʻgʻillarimiz dunyodor-badavlat boʻlib keldi. U yigit balki oʻlib ketgandir, agar tirik boʻlsa kelar edi. Agar qizini bersa, shu vazirzodadan ziyodroq kishi bu shaharlarda boʻlmaydi.

Podshoh ham ahmoq, qizi ham ahmoq, deb gapirar ekanlar. Gʻulombachchaning saroyida katta ziyofat boshlanib, sozandalar soz chala, hofizlar hofizlik qila boshlabdi. Gʻulombachcha oʻrnidan turib, taʼzim bilan podshohga:— Ey, podshohi olam, sultoni bokaram, koʻnglimga bir gap keldi, ijozat bersangiz gapirsam, lekin shu yerda oʻtirgan akobirlar, vazirlaringiz xafa boʻlmasa, — debdi. Podshoh:— Nima gapingiz boʻlsa gapiring, — deb ijozat beribdi. Gʻulombachcha:— Mening ikkita xizmatkorim bor edi.

Ular mendan olti oyda qaytib kelamiz, deb qancha oltin-javohirlar olib ketib, muddatlari oʻtganda ham qaytib kelmagan edilar. Hozir shu ikkita xizmatkorni shu ziyofatda koʻrdim, — deb ikkita oʻzi bilan birga ketgan vazirbachchalarni koʻrsatibdi. Yigitlarning otalari bu gapni eshitib oʻrinlaridan turib, goʻyoki tuklari kiyimlarini teshib chiqqanday boʻlib jahl bilan: “Senday shahzoda ziyofatga chaqirib, oxiri-oqibat shu boʻldimi, bizni sharmanda qilishni istaysanmi”, deyishibdi.

Shahzoda:— Men xafachilik boʻlmasin, deb aytib qoʻygan edim, — debdi.Podshohning aqlli kishilaridan biri turib:— Ha, birodarlar, bir haqiqat bordir. Agar shahzodaning gapi toʻgʻri boʻlsa, bir nishonalari bordir, boʻlmasa oʻzlari sharmanda boʻladilar, — debdi. Podshoh:— Ey, shahzoda, buning uchun biror nishona yoki guvohingiz bormi?

— debdi. Gʻulombachcha:— Ey, podshohi olam, albatta, nishonam ham, dalillarim ham bor.

Shularni asos qilib gapirdim.

Shu ikki yigitni oʻzim uylantirdim, joylantirdim. Bularning xotin-bolalari bor. Ularni birga olib yuribman. Agar ishonmasangiz xotin-bolalariga roʻpara qilamiz. Agar unga boʻyin egmasalar, boshqacha nishonam bor.

Shu ikki yigitning oʻzlaridan soʻranglar, — debdi. Ikki yigit bir-biriga qarab: “Ey, joʻra, qofiya tang keldi-ku, ziyofatga kelmay oʻlaylik, yeganlarimiz burnimizdan chiqdi. Yaxshisi haqiqatni aytaylik. Agar aytmasak haligi muhrni koʻrsatishni buyursa, sharmanda boʻlamiz”, deyishib, shahzoda oldiga borib koʻrishib, “Haqiqatan biz xizmatkoringizmiz” deb boʻyin egib turishibdi.

Vazir bilan qushbegining yegan ziyofatlari zaharga aylanib, pushaymon qilishibdi.Gʻulombachcha ziyofatdan keyin boshidan oʻtganlarini gapirib, oʻzini oshkora qilibdi. Podshoh Gʻulombachchaning qilgan ishlaridan xursand boʻlib, oʻz odamlari bilan joʻnashibdi. Ertasi Gʻulombachcha podshohga sovchi yuboribdi. Podshoh katta-kichiklar bilan maslahatlashib, “Qoʻsha qarisinlar” deb duo qilib, non ushatibdilar. Gʻulombachcha oʻzi ajdarhodan qutultirgan shahar podshosi bilan oʻgʻlini tabiblik qilib sogʻaytirgan podshohni toʻyga taklif qilibdi.

Ular ham koʻp sovgʻalar olib kelibdi. Podshoh katta toʻy-tomoshalar qilib, qizini Gʻulombachchaga beribdi. Ikki oshiq bir-birovining visollariga yetibdi. Gʻulombachcha podshoh oʻrniga podshoh boʻlibdi. Bir necha farzand koʻribdi. Gohida onasi boʻyniga ir solib sotib yurganlari esiga tushib, bagʻri ezilib, badanlari susayib ketar ekan.Gʻulombachcha umrining oxirigacha baxtli boʻlib, murod-maqsadiga yetibdi. Bizlar ham yetaylik murodga, sizlar ham yeting murodga, oʻqib, eshitganlar ham yetsin murodga, dushmanlar qolsin uyatga.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!