Bor ekan, yoʻq ekan, och ekan, toʻq ekan, qargʻa qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan. Qadim zamonda Sharq mamlakatlarining birida Kalla bozor mahallasida juda ham kelishgan, oʻn besh yoshlardagi Karomatxon ismli qiz opalari bilan yashar ekan. U qiz bir kuni qoʻliga katta savat koʻtarib chiqib, bozorga borib uyga kerakli goʻsht-yogʻ, guruch, sabzi-piyoz va shunga oʻxshagan mayda-chuyda narsalarni olibdi. Olgan narsalarni koʻtarib olib borish uchun bozordan bir hammol yollab, uyiga qarab joʻnabdi.
Hammol qoʻlidagi narsalarni koʻtarib, qizning hovlisiga kelibdi. Hammol umrida bunday hovlini koʻrmagan ekan, hayron boʻlib ogʻzi ochilib qolibdi. Bu hovlining ichi juda ajoyib ekan. Katta hovli, uylari ostin-ustun, hovlida har turli meva daraxtlar, mevalarni ogʻzingga olsang asaldan ham shirin. Hovlining oʻrtasida katta hovuz. Hovuzning toʻrt tarafida chiroyli toʻrtta supa bor. Supalarning ustiga anorrang qizil gilamlar yozilib, atlas, shohi koʻrpachalar solingan edi.
Supalarning atroflarida turli xush isli gullar ochilib turar edi. Uning zinasida oltin zanjirga boylangan ikki ot turar edi. Hammol bu ziynatlangan toza hovliga kirib tomosha qilib turdi. Karomatxon uyga kirib bir tilla olib chiqib hammolga berdi. Hammol qoʻliga tillani olib, bir tillaga, bir Karomatxonga qaradi.
Shunda opasi Moʻtabarxon: “Karomatxon, hammolga yana bir tilla olib chiqib ber, oz koʻrmasin!”— dedi. Karomat uyga kirib yana bir tilla olib chiqib hammolga berdi. Hammol bu tillani olib yanada hayron boʻldi. Moʻtabarxon hammolga:— Nimaga hayronsiz, tilla ozmi?
— dedi, hammol:— Men bu ikki tillani bir yilda topar edim. Sizlarning ozgina narsangizni koʻtarib olib kelganimga ikki tilla berganingizga hayronman. Menga hazillashib berdingizmi yoki rostdanmi?
— deb soʻradi.Moʻtabarxon:— Siz bilan nega hazillashamiz, albatta rostdan berdik, — dedi.Hammol sevinib, xursand boʻlib tillalarni choʻntagiga soldi.
Shu vaqtda koʻcha darvozasini birov taqillatdi. Karomatxon yugurib chiqdi. Koʻchada uchta koʻr yigit turgan ekan. Ular:— Biz musofir yigitlarmiz. Agar mumkin boʻlsa, bugun sizlarning hovlingizda qoʻnsak, ertaga boradigan yerlarimizga ketar edik, — dedilar. Karomatxon:— Men opamdan soʻray, — deb uyga kirib bu soʻzlarni Moʻtabarxonga aytdi. Moʻtabarxon musofirlar boʻlsa, ayt, kirsinlar!
— dedi.Karomatxon chiqib koʻrlarni boshlab kirdi. Koʻrlar kirib Moʻtabarxonga salom berdi. Moʻtabarxon bularning salomini qabul qilib, bezatilgan supalarga oʻtirishga taklif qildi. Koʻrlar chiqib oʻtirdilar. Moʻtabarxon mehmonlar oldiga dasturxon yozib, katta patnisga turli mevalar va shirinliklar qoʻydi. Karomatxon samovarni keltirdi. Moʻtabarxon achchiq famil choy damlab, piyolaga quyib mehmonlarga uzatdi. Moʻtabarxon singlisi Mukarramxonga:— Sizlar ovqatga harakat qiling!
— dedi. Mukarramxon goʻsht, sabzi, piyozni toʻgʻrab, palovga harakat qildi. Palovni damlab qoʻydi.Musofirlar choy ichib boʻldilar. Moʻtabarxon dasturxonlarni yigʻishtirib olib, Mukarramxonga:— Uydagi cholgʻu asboblarini olib chiq, kelgan mehmonlarga bir soz chalib beraylik!
— dedi.Mukarramxon uyga kirib, dutor, tanbur, gʻijjak olib chiqdi, Moʻtabarxon gʻijjak, Mukarramxon tanburni, Karomatxon dutor chalib, opa-singillar ashula boshladilar.Bular oʻyin-tomosha qilib tursin.
Endigi soʻzni boshqa yoqdan eshiting.Shu shaharning odil podshohi shu kuni oʻzining dono vaziri bilan maslahatlashdi. “Kechalari xalqimiz nima ishlar bilan mashgʻul boʻlar ekan, bir sinaylik”, dedi.Vazir bu soʻzni maʼqul koʻrdi. Ikkalasi savdogar kiyimini kiyib, ikkita otni minib shaharni aylanib yurib, Moʻtabarxonlarning mahallasiga kelib qoldi. Moʻtabarxonlarning musiqa bilan ashulalari podshohning qulogʻiga eshitildi. Podshoh bu mungli ovozlarni eshitib, ajablandi.
Bir oz eshitib turib, vaziriga:— Shu hovliga kirib koʻraylik, — dedi. Vazir rozi boʻldi. Darhol otdan tushib, koʻcha darvozasini taqillatdilar. Karomatxon bu ovozni eshitib, dutorini qoʻyib, yugurib chiqdi. Podshoh:— Biz musofir savdogarlar edik, kechasi qay joyga borishimizni bilmay, shul joyga kelib qoldik. Sizlar hali yotmagan ekansizlar, shu bugun bir kecha bizga hovlingizdan joy bersangiz, yotib ertaga boradigan joylarimizni topib ketsak, — dedi. Karomatxon bu ahvolni Moʻtabarxonga aytdi.
Moʻtabarxon:— Musofirlar boʻlsa, kirsin!
— dedi.Karomatxon chiqib musofirlarni olib kirdi. Podshoh salom berib hammalari bilan koʻrishdi. Moʻtabarxon joy koʻrsatgandan keyin ular oʻtirishdi. Moʻtabarxon bu mehmonlarga ham boshqatdan patnis yasab, koʻrlar qatoridan joy berdi. Choy ichilib boʻlgandan keyin, Moʻtabarxon kelgan mehmonlar oldiga bir masala qoʻydi:— Sizlar musofirsizlar, endi bizlar nima harakat qilsak, ajablanib savol bermanglar. Agarda harakatimiz ustida savol bersangiz qattiq jazo beramiz, — dedi.Kelgan musofirlar bu gapga rozi boʻldilar.
Moʻtabarxon oʻrnidan turib bir oltin tovoqqa palov suzib podshoh bilan vazir oldiga qoʻydi. Ikkinchi tovoqdagini uchta koʻrlarga qoʻydi. Uchinchi tovoqdagini hammolga, toʻrtinchi tovoqdagi palovni oʻzlariga qoʻydi. Ovqatdan keyin choy ichildi, choy ichib boʻlingandan keyin dasturxonlar yigʻishtirib olindi. Yana ashula, soz, oʻyin qildilar. Yarim soat oʻtgandan keyin, sozlarni uyga olib kirib qoʻyib yotdilar. Moʻtabarxon Mukarramxonga:— Ikkita kuchukni keltir!
— dedi.Karomatxon qozondagi oshni ikkita oltin tovoqqa suzib keltirdi. Moʻtabarxon qamchi bilan ikkita kuchukni oʻlguncha urdi. Kuchuklar xuddi odamdek yigʻlar edilar. Moʻtabarxon urib-urib charchab qoʻlidagi qamchinni tashlab, kuchuklarning boshlarini silab, yuzlaridan oʻpib, oltin tovoqdagi oshni berdi. Kuchuklar yeb toʻygandan keyin ularni yana oʻz joyiga bogʻlashdi. Bu ahvolni koʻrgan musofirlar hayron qoldi. Ayniqsa, podshoh ajablanib toqat qilolmasdan, majbur boʻlib soʻradi:— Moʻtabarxon, nima uchun kuchuklarni urdingiz va nima uchun bosh-koʻzlarini silab, oʻpib, oltin tovoqda osh berdingiz?!
— dedi.Moʻtabarxonning achchigʻi kelib:— Men sizlarga aytgan edim-ku! Nimaga savol berdingiz!
Endi mendan xafa boʻlmang, oʻz gunohlaringiz oʻz boʻyningizda, — dedi-da, oʻrnidan turib uy yoniga borib, bir tugmachani bosdi, shu onda uch polvon chiqib:— Nima xizmat, — dedilar. Moʻtabarxon: — Mana bu ikki savdogar bilan uchta koʻrning oyoq-qoʻllarini bogʻlangiz, — deb buyruq berdi. Polvonlar shu zahoti bularning oyoq-qoʻllarini bogʻladilar.Moʻtabarxon polvonlarga:— Endi sizga ruxsat, joylaringizga kiring!
— dedi.Polvonlar tugmacha bosilgan uyga kirib ketdilar. Moʻtabarxon musofirlarga:— Hoy, aka-ukalar, endi sizlar menga dunyoda qanday yaxshiliklar koʻrdingiz va qanday azoblar chekdingiz, shularni birma-bir aytib beringiz. Men shu sizlarning tortgan rohat va azoblaringizga qarab jazo beraman, — dedi.Oyoq-qoʻllari boylangan bechoralar rozi boʻldilar. Moʻtabarxon birinchi koʻrni gapga soldi.Birinchi koʻr boshidan oʻtganlarini hikoya qildi:— Men Dogʻiston mamlakati podshohining oʻgʻli Shoh Akbar shahzoda boʻlaman.
Oʻn toʻrt yoshimda otam dono vaziri bilan meni ovga olib chiqdi. Men otam bilan ov ovlab, u yoq-bu yoqni aylanib yurdim. Ovni ovlab boʻlganimizdan keyin otam bilan vazir ikkalasi dam olib oʻtirdi. Men ham oʻtirdim. Bir vaqt miltiqni qoʻlimga olib qarasam, oʻq turadigan joyi kirlanib qolibdi. Ichida oʻqi borligini bilmasdan, otiladigan joyini bosib yuboribman. Oʻq borib toʻgʻri vazirning bir koʻziga tegib, koʻr qildi. Otam meni soʻkdi.
Men:— Ota, miltiq ichida oʻq yoʻq deb bosgan edim, qachon oʻq solganimni oʻzim ham bilmayman, — deb qoʻrqib yigʻladim.Vazirning juda achchigʻi keldi.
Lekin otamdan qoʻrqqanidan hech narsa qilolmadi.
Shuning bilan ovlagan narsalarimizni olib shaharga ketdik.
Oradan uch-toʻrt oy oʻtgandan keyin otam menga:— Oʻgʻlim, endi sen amaking oldiga borib, oʻsha yerda oʻqigin. Vazirning koʻzi koʻr boʻlgandan beri avzoyi boshqacha boʻlib qoldi. Men qoʻrqaman, yana men yoʻq vaqtimda seni bir narsa qilib qoʻymasin!
— dedi.Men otamning gapiga koʻndim. Otam meni bir necha askarlar bilan ertasiga Boʻston shahriga kuzatdi. Biz kemaga tushib, bir necha kunlar yurib Boʻston shahriga keldik. Amakim Boʻston shahrining podshohi edi. Otam mening ketganimni amakimga xabar qilgan ekan. Amakim bir qancha askarlar bilan kelib, meni qarshi oldi. Uylariga borib bir-ikki oy mehmon boʻlganimdan keyin, amakimning oʻgʻli bilan qizi oʻqiydigan maktabga kirib oʻqib yurdim. Amakimning oʻgʻli mendan toʻrt yosh katta edi.
Orada ikki yil oʻqiganimizdan keyin amakimning oʻgʻli Xoʻja Tursun shahzoda oʻz singlisi Toʻlganoyga xushtor boʻlib qoldi. Toʻlganoy ham akasiga xushtor boʻldi. Men bu ahvolni koʻrib hayron qoldim, lekin amakimga bu ahvolni aytmadim. Kunlarning birida amakim bu masalani eshitib qolibdi. Achchigʻi kelib qizi Toʻlganoyga alohida bir saroy soldirdi, maktabdan chiqarib saroyga qoʻydi. Qirqta kanizak qizlari boʻlsa ham, podshoh ishonmasdan bir qancha yasovullarni qorovul qilib qoʻydi.
— Agarda oʻgʻlim shul joyga keladigan boʻlsa, tutib olib mening huzurimga keltiring, — deb buyruq berdi.
Oradan bir yil oʻtgandan keyin amakimning oʻgʻli meni chaqirib olib:— Ukam, bizning ahvolimiz juda ogʻir.
Shul ogʻirliklarni koʻraman desang, bugun men seni bir joyga olib boraman, — dedi. Men ajablanib:— Mayli, borsam boray!
— dedim. Amakimning oʻgʻli “xuddi nomozgarda ketamiz”, dedi. “Xoʻp” dedim. Oʻqishni oʻqib qaytib uyga keldik, ovqatlarni yeb chiqib ketdik. Bozorlarga borib aylanib tomosha qilib, kunni kech qildik. Nomozgarda aytgan joyiga meni olib bordi.Ul vaqtda qorongʻu tushgan edi. Meni koʻchada qoldirib oʻzi bir hovliga kirib ketdi, birozdan keyin bir qopni yelkasiga qoʻyib koʻtarib chiqdi.
— Yur!
— dedi. Men ham yuraverdim. Shaharning chetiga chiqib qopning ogʻzini ochdi. Qarasam, qopning ichidan singlisi Toʻlganoy chiqdi. Men juda hayron boʻldim. Amakimning oʻgʻli oʻn qadam olgʻa borib qumni tortdi. Bir eshik bor ekan, eshikni ochib singlisini kirgizib yubordi-da, menga qoʻlini berib, “xayr, ukam, endi sen bizdan rozi boʻl, qiyomatda koʻrisharmiz. Bizlarning oxirgi ahvolimiz mana shul boʻldi. Bu koʻrgan sirni hech kimga aytmagin, ketar vaqtingda shu eshikni yopib, qumlarni boyagiday qilib ket!
— deb xayrlashdi-da, uyga kirib eshikni yopdi, men aytganicha qilib, qumlarni eshik yoniga toʻplab yopib ketdim. Uyga borsam amakim:— Tursunni koʻrdingmi?
— deb soʻradi. Men: — Ertalabdan kechgacha birga edik, bir joyga boraman deb ketgandan beri koʻrmadim”, — dedim.Ertasiga uyqudan tursam, qiz-oʻgʻil yoʻq deb amakilar xafa boʻlib oʻtiribdilar. Men maktabga ketdim.
Oradan ikki oy oʻtganda men oʻqishimni tamom qildim va oʻz otam shahriga joʻnamoqchi boʻldim. Qarasam, amakim oʻgʻli bilan qizini axtarib charchadi va juda ogʻir ahvolda qoldi. Bularning ahvolini koʻrib rahmim kelib, boʻlgan ishlarning hammasini amakimga aytdim. Amakim:— Meni oʻsha joyga boshlab borgin, — dedi. Men amakimni boshlab borib, haligi eshikni ochdim. Amakim ikkalamiz kirsak, bular yer ostiga bir uy soldirgan ekan.
Ikkalasi birgalashib quchoqlashib yotgan joyda jon berib, qop-qora koʻmir boʻlib kuyib ketgan ekanlar. Amakim bu ahvolni koʻrib: “Senlarning tortadigan azoblaring shu edi. Men senlarga bu azoblarni berishga xudodan qoʻrqqan edim.
Ammo senlarning qilgan yaramas ishlaringga xudoi taoloning qahri kelib, mening koʻnglimdagiday azobni beribdi”, — deb uydan chiqdi.Men ham birga chiqib eshikni yopib, boyagiday qilib qumni surib qoʻydim.
Shuning bilan amakim ikkalamiz uyga ketdik. Bu ahvolni koʻrgandan keyin amakimning qaygʻu oʻtlari oʻchdi.
Oradan bir hafta oʻtgandan soʻng men amakimdan shahrimga ketishga ijozat soʻradim. Amakim:— Sen ketmagin, menga oʻgʻil boʻlgin!
— dedi. Men:— Otam yoniga borib, koʻrib, undan keyin kelay!
— dedim. Amakim rozi boʻlib, bir qancha sovgʻalar berib, bir qancha askarlar bilan yoʻlga solib yubordi. Otamning nomiga “oʻgʻling ketdi”, deb xat berib yubordi. Biz kemaga tushib joʻnadik. Bir necha kun yoʻl yurib, shahar chetidagi sohilga tushdik. Ovqatlanib, yangi kiyimlarimni kiyib tursam, bir toʻp askarlar koʻrindi.Men:— Otamning askarlari meni qarshi olish uchun kelayotibdi, — deb qarab tursam, askarlar mening qoʻl-oyogʻimni bogʻlab, hamma askarlarimni qirib, meni olib ketdi. Bir vaqt zindonga tashladi.
Zindonda ikki kun och yotdim. Uchinchi kuni podshoh oldiga olib chiqishdi. Qarasam, otam oʻlib, otamning oʻrniga koʻr vazir podshoh boʻlgan ekan. Mendan oʻch olmoq uchun bu ishlarni qilgan ekan. Podshoh boʻlgan vazir gʻazab bilan yonimga kelib:— Esingda bormi, mening koʻzimni koʻr qilgansan!
— deb qoʻlini koʻzimga tiqib, shul zamon bir koʻzimni koʻr qildi. Bu azobni oz koʻrib, darhol jallodni chaqirib:— Bu badbaxtni chop!
— deb buyurdi.Jallodlar meni chopishga olib ketdilar. Men jallodlarga yalindim, yolvordim, oʻzimni ularga tanitdim. Bular otamning jallodlari edi. Menga rahmlari kelib: “Bu shahardan qochib, boshqa shaharga ketgin. Agarda podshoh bilsa, sening ham, bizning ham kallamizni oladi”, dedi.
Shul shahardan ketishga qasam ichdim. Jallodlar meni qoʻyib yubordi. Men ularga ming-ming rahmatlar aytib, qochdim. Jallodlar ketdilar. Men shul qochganimcha oʻn kun yoʻl yurib, shahringiz choyxonasiga kirib choy ichib oʻtirgan edim, bul ikki oʻrtoq ham shu yerga kirdilar. Bular bilan tanishib, bir-birimizning hol-ahvollarimizni bilishib, uchalamiz oʻrnimizdan turib sizning huzuringizga qadam bosgan edik, — deb soʻzini toʻxtatdi. Moʻtabarxon:— Karomatxon, bu akangning oyoq-qoʻllarini yechib yubor.
Oʻzining tortgan azoblari ham oz emas ekan, — dedi.Karomatxon darhol uning qoʻllarini yechib yubordi. Moʻtabarxon ikkinchi koʻrga:— Qani, yigit, endi sizga navbat, — dedi.Ikkinchi koʻr ham boshidan oʻtganlarini hikoya qila boshladi:— Men Kanʼon shahri podshohining oʻgʻli Gʻolib shahzoda boʻlaman.Meni otam oʻqitdi, yaxshi ilmdor boʻldim. Juda chiroyli xat yozardim.Mening yozgan xatlarimni koʻrganlar juda havas qilar edilar.
Mening chiroyli xat yozishimni Hirot shahrining podshohi eshitib; “Oʻgʻlingni menga yuborgin, men oʻzimga kotib qilaman” deb otamga noma yozibdi.Otam bu soʻzni menga aytdi. Men rozi boʻlmadim. Otam:— Oʻgʻlim, seni yoʻqlatgan katta podshoh. Men unga boʻysunaman, agar seni yubormasam, boʻlmaydi, — dedi. Otamning bu soʻzini eshitib:— Mayli, borsam boray, — dedim. Ertasiga otam meni besh yuz askari bilan Hirot shahriga joʻnatdi. Biz kema bilan bir necha kunlar yoʻl yurib, Hirot shahrining bir chetiga borib tushdik.
U dengiz boʻyidagi shahar buzilib ketgandan keyin odamlar boshqa yoqqa koʻchib ketgan ekan. Biz bilmasdan shu yerga tushib ovqatlanib yotdik. Bir mahal hammamiz miltiqlarni bir joyga toʻplab dam olib yotgan edik.
Oradan biroz vaqt oʻtgach, otlarning oyoq tovushi keldi. Bizni kutib olishga podshoh askar yuboribdi-yu, deb turgan edim, haligi otliq askarlar birdaniga bizlarga hujum qildilar. Mening askarlarimni otganini otdi, chopganini chopdi, men qoʻrqqanimdan oʻliklar orasiga kirib yotib oldim. Mening bitta ham askarlarim qolmadi. Hammasini oʻldirib, mollarini, miltiqlarini olib qochdilar. Oʻylasam, bularning hammasi qaroqchilar ekan. Ertasiga ertalab u yoq-bu yoqqa qarasam jimjitlik.
Sekin oʻliklar orasidan chiqib, molboqar bolaning kiyimini topib kiyib, shaharga qarab joʻnadim. Bu ahvolim bilan podshoh oldiga borishga nomus qildim. Aylanib yurib bir tikuvchi doʻkoniga uchradim. Kirib salom berdim. Ul kishi alik olib, menga joy koʻrsatdi. Oʻtirdim. Ul kishi:— Siz kim boʻlasiz, qayerdan keldingiz?
— deb soʻradi. Men boshimdan oʻtgan ishlarni gapirdim, ham:— Shu podshohingiz oldiga ketayotib, qaroqchilarga uchrab, bu falokatlarga qoldim. Podshoh oldiga borishga nomus qilaman, agarda imkoniyat boʻlsa, sizning oldingizda bir necha vaqt ishlab, oʻzimni tuzatib, keyin podshoh oldiga borsam, — deb iltimos qildim. Tikuvchi:— Bolam, men bu gaplardan xabardorman. Podshoh oldiga bormay, mening oldimga kelib yaxshi qilibsan. Baxtingga yarasha koʻradigan umring bor ekan, — dedi.
Men:— Bu nima deganingiz, men tushuna olmadim, — dedim.Tikuvchi soʻzni boshlab: “Bu podshohimiz sening otangga oʻchakishgan. Qanday boʻlmasin seni bu yerga olib kelib, otangni podshohligidan boʻshatmoqchi edi”, dedi.Men:— Siz bu ishlarni qaydan bilasiz?
— dedim. Tikuvchi:— Men podshohning kiyimlarini tikadigan ustaman. Bir vaqt vazir bilan podshoh sening toʻgʻringda maslahatlashib turganida eshitdim. Men podshohning bu buzuq fikrini eshitib xafa boʻldim. Usta yaxshi odam ekan, “Xafa boʻlma, oʻgʻlim, ertaga men seni oʻtinchilarga qoʻshib qoʻyayin, biroz vaqt oʻtin sotib yurib, kiyimlaringni tuzatib olib, bu shahardan qaytib ketarsan”, dedi.Men bu gapga juda sevindim. U kuni ustaning uyida mehmon boʻlib yotdim. Ertasiga usta bir necha oʻtinchilar bilan tanishtirib, ularga qoʻshib qoʻydi.
Shul kundan boshlab qoʻlimga arqon, tesha olib oʻtinchilarga qoʻshildim. Bir necha kunlar oʻtin sotib yurdim.
Bir kun oʻtinchilardan bir soat burun turib arqon, boltani olib oʻtinga ketdim. Togʻlarni oralab yursam, bir joyda bir quruq daraxt turibdi. Men “Bu quruq daraxtni yiqitsam, bir qancha oʻtin qilib sotaman” deb oʻylab, daraxtning tagini bolta bilan chopdim. Belidan arqon solib tortgan edim, qars-qurs qilib ildizlari bilan qoʻporilib yiqildi. Daraxtni maydalab qopga solmoqchi boʻlib tursam, ildizi tagida bir gʻor koʻrindi. Bu qanday gʻor ekan deb, ichiga kirsam, yoʻl bor ekan, nariroqda bir eshik koʻrindi. Eshikni ochsam, bir qiz oʻtiribdi. Oy desa, ogʻzi bor, kun desa koʻzi bor.
Shunday kelishgan chiroyli qiz olamda shudir, dedim. Qiz:— Voy oʻlay, odamzodmisiz?
— dedi. Men:— Albatta, — dedim. Qiz yugurib kelib:— Odamzodni ham koʻrar ekanman, — deb koʻrishib yigʻlayverdi. Menga atlas koʻrpachalar solib, oʻtirishga taklif qildi. Men oʻtirdim.Oʻrnidan turib, yenglarini shimarib, ovqat qilib, mening oldimga qoʻydi. Men ovqat yeb oʻtirib:— Siz kim boʻlasiz, bu yerda nima qilib yuribsiz!
— dedim. Qiz soʻz boshlab:— Men Fors yurti podshohining qizi Kumushxon boʻlaman, oʻn besh yoshimda menga bir dev xushtor boʻlib, bir kechada oʻgʻirlab olib qochib kelgan. Meni shu yerda boqib yuradi, — dedi. Men:— Qachon olib qochgan?
— dedim. Kumushxon:— Ikki yil boʻldi, — dedi.
— Bu gʻorning ichida yurguncha qochib ketsangiz boʻlmaydimi?
— dedim. Qiz:— Hech qochishning iloji yoʻq, padari laʼnatlardan qutulish qiyin, — dedi. Men:— Dev qayerda va qachon keladi?
— dedim. Kumushxon:— Hozir Koʻhiqofda. Qirq kunda bir kelib ketadi, — dedi.
— Agarda uyda bir narsadan qoʻrqsangiz devni qanday chaqirasiz?
— deb soʻradim. Kumushxon:— Menga kerak boʻlsa, mana bu tugmachani bossam, shul zamon dev keladi, — dedi. Qiz u yoq-bu yoqqa qaraganda, men oʻynab haligi tugmachani bosib qoʻydim.
Shul zamon havo bulutlanib, qor-yomgʻirlar yogʻib, boʻron boʻlib ketdi. Kumushxon:— Voy endi oʻlmay qachon oʻlaman? Siz devni chaqirib qoʻyibsiz! Kelayotibdi, qoching, — deb yigʻlab, menga boshqa yoʻl koʻrsatdi. Men qochib ketdim. Bir uyga borib qoʻrqqanimdan qimirlamay yotaverdim. Dev kelib qizdan:— Nima gap, nima soʻz?
— deb soʻradi. Qiz:— Hech gap yoʻq, yaxshi ovqat pishirgan edim, birgalashib yeylik deb chaqirdim, — dedi. Dev indamay ovqatni yeb, gʻor ogʻzidagi arqon bilan boltani olib, odam suratiga kirib, shaharga, toʻgʻri tikuvchi yoniga borib:— Bu bolta bilan arqon kimniki?
— debdi. Tikuvchi:— Bilmayman, oʻtinchilardan soʻrang, hali bitta oʻtinchi qaytib kelgan edi.
Shunikimikin, — debdi. Dev mening yonimga odam suratida qaytib kelganidan xabarim yoʻq. “Arqon bilan bolta siznikimi?” deb soʻradi. Men nima deyishimni bilmay, toʻgʻrisini aytib “meniki”, dedim. Dev: “Usta sizni chaqiryapti, yuring, chiqamiz”, dedi. Yuragim shuv etib, qoʻrqib ketdim. Dev meni qoʻltigʻiga qisib, havoga koʻtarildi, toʻgʻri Kumushxon oldiga olib kirib, qoʻlimga bir qilich berdi, qizni chop!
— dedi. Men:— Bekordan-bekorga qizni nimaga chopaman, — deb unamadim. Mendan qilichini tortib olib, Kumushga berdi. Yigitni choping!
— dedi. Qiz ham:— Men bekorga nega chopaman, gunohi boʻlmasa, — dedi. Dev achchigʻi bilan qizning qoʻlidan qilichni tortib olib, qizni burda-burda qilib tashladi. Qizni chopib boʻlib, “Endi seni qanday oʻldiray”, dedi.Men “Ixtiyor oʻzingda” dedim. Bir vaqt bir narsani oʻqib menga puflagan edi, men shul zamon maymun boʻlib qoldim. Dev meni osmonga koʻtarib, uchib yurib bir qoʻrqinchli biyobonga tashlab yubordi. Men maymun boʻlib daraxtma-daraxt sakrab besh-olti kun shul joylarda yurdim.
Maymun suratida boʻlganim bilan aqlim bor, faqat tilim yoʻq. Bir haftadan keyin daraxtga chiqib oʻtirsam, bir kema kelayotir.Darrov daryo boʻylab kemaning orqasidan borsam, u sohilda toʻxtadi. Men chetga qarab turdim. Odamlar tushdilar, yana chiqdilar. Kemada qoʻngʻiroq chalinganda men kemaga sakrab chiqib oldim. Oʻtirgan odamlar bu kema haydovchining maymuni boʻlsa kerak deb yoʻl boʻshatdilar.Men toʻgʻri kema boshligʻi yoniga kirib, koʻrishgani qoʻlimni uzatdim. Kema boshligʻi kulib qoʻl berdi. Uning yordamchisi bor edi.
U hayron boʻlib qoldi. Kema boshligʻi: “Bu birovlarning boqqan maymuni boʻlsa kerak, adashib bizga kelibdi” deb gapirganiga arang tushunib oʻtirdim. Orada bir necha kun yoʻl yurgandan keyin, bir kuni boshliq bilan yordamchisi shaxmat oʻynadilar. Men bularning oʻynaganiga qarab oʻtirdim. Boshliq ikki marotaba mot qoldi.
Shundan keyin oʻyinni toʻxtatdilar. Men boshliq bilan oʻynamoqchi boʻlib, unga ishorat qildim. Boshliq mening bu soʻzimga tushundi, shaxmat oʻynadik. Men boshliqni mot qildim. Boshliq bilan yordamchisi menga hayron boʻldilar. Oʻyinni tamom qildik. U kuni tong otgandan keyin Quddus shahriga kelib toʻxtadik. Bir vaqt qarasam, kema ichidagi odamlar ariza yozib har birlari uni alohida jildga soldilar. Men boshliqdan ishorat bilan qalam-qogʻoz soʻradim. Boshliq soʻzimga tushunib menga qalam-qogʻoz berdi. Men oʻtirib ariza yozdim.
Boshliq mening xatimga qarab ajablandi. Yozib boʻlib, jildga solib, boshliqqa berdim. Boshliq hamma odamlarning arizalarini yigʻib, shu shaharning podshosiga olib ketdi. Ariza yozishimizning sababi, podshohga chiroyli xat yozadigan kotib kerak boʻlgan ekan. Boshliq arizalarni olib, podshohga beribdi. Podshoh xatlarni ochib koʻrib, mening yozgan xatimni yaxshi koʻrib:— Shul odamni menga keltiring!
— debdi. Boshliq podshohga qarab kulib:— Podshohim, buni yozgan odamzod emas, maymun, — debdi.Podshoh ajablanib, bunday xat yozadigan qanday maymun, sizning maymuningizmi?
— deb soʻrabdi. Boshliq:— Meniki emas, falon sohilda adashib kemaga tushdi. Biz ham birga olib kelaverdik, — debdi. Podshoh:— Mayli, menga keltiring!
— debdi. Boshliq meni podshoh oldiga keltirdi. Podshoh meni koʻrib, qoʻlimga qogʻoz berdi, xat yoz deganday boʻlib turdi. Men bu safar oshiqmasdan ilgarigidan ham chiroyli qilib ariza yozdim. Podshoh:— Maymunning xat yozganini endi koʻrdim, — deb kuldi va meni oʻziga kotiblikka olib qoldi. Boshliq ketdi. Ertasiga podshoh meni xotini oldiga olib kirib oʻtirdi. Xotini menga ovqatlar berdi, yedim.Podshohning juda koʻp oʻqib, ilmdor boʻlgan oʻn sakkiz yoshlardagi bir qizi bor ekan.
Podshoh u qizini keltirish uchun xizmatkorlardan birini yubordi. Xizmatchisi borib qizni olib keldi. Qiz eshikni ochib, kirmasdan orqasiga qaytdi. Podshoh:— Kir, qizim, bu joyda men, onang, maymundan boshqa hech kim yoʻq!
— dedi. Qiz:— Kirmayman, ul maymun emas, odam, — dedi. Podshoh:— Men seni koʻrsin deb chaqirtirgan edim, kiraver, — dedi. Qiz kirdi, meni koʻrib podshohga:— Ota, bu maymun emas, odamzod, — dedi. Podshoh:— Qaydan bilding?
— dedi. Qiz: “Albatta, bilaman. Bu odam jodu qilingan”, dedi. Podshoh qizdan: “Oʻz asliga keltirish mumkin boʻladimi?” dedi. Qiz: “Boʻladi, lekin juda qiyin”, dedi. Podshoh:— Qizim, agarda asliga keltirib, odam qilishning iloji boʻlsa, sen oʻqib qaytargin, men oʻzimga kotib qilib olaman, — dedi.Qiz otasining soʻzini qaytara olmay, xoʻp, dedi.
Shu kuni kechasi bilan oʻqib, tong otganda meni odam suratiga kirgizdi. Podshoh bilan xotini men bilan qaytadan koʻrishdi. Birozdan keyin podshohning bogʻiga chiqib oʻtirgan edik, shu orada osmonda bir kaptar paydo boʻldi. Qiz oʻrnidan turib: “Jodu qilgan dev men bilan kurashishga keldi”, dedi. Oʻzi duo oʻqib bir katta qora qush boʻldi, kaptar bilan olishdi. Bir vaqtda kaptar yerga tushib, yumalab it boʻldi. Qiz yumalab sher boʻldi — yana olishdi.
Oxirida turli narsalar boʻlib, bir-birlarini yenga olmadi. Qizning achchigʻi kelib, bir katta oʻt boʻlib devni kuydirdi.
Shu vaqtda oʻt uchquni koʻzimga sachrab, koʻzim koʻr boʻldi. Qiz devni kuydirib, oʻzi ham oʻldi. Bu ahvolni koʻrib turgan onasining yuragi yorilib oʻldi. Podshohning gʻazabi kelib:— Yoʻqol haromi, mening shahrimda turma, men senga yaxshilik qilaman deb, xotin va bolamdan ajraldim, — deb meni haydab yubordi.Oʻldirmay haydab yuborganiga ming bor shukrlar qilib, shu qochganimcha, koʻp azoblar chekib, necha kunlar yoʻl yurib, shu shaharga kelib, choyxonaga kirib, bu oʻrtoqlar bilan tanishib, choy-xonadan chiqib, sizning uyingizga keldik, — deb soʻzini tamom qildi.
Moʻtabarxon:— Karomatxon, bu akangning ham oyoq-qoʻllarini yechib yubor, oʻzining tortgan azoblari ham yetar ekan, — dedi. Karomatxon shu zahoti uning oyoq-qoʻllarini yechib yubordi. Moʻtabarxon uchinchi koʻrga:— Qani, yigit, sizga navbat!
— dedi.Uchinchi koʻr boshidan oʻtganlarini hikoya qila boshladi:— Men ham Misr podshohining oʻgʻli shahzoda Bahrom boʻlaman. Men har yili bir marotaba oʻrtoqlarim bilan kemaga tushib Quddus shahriga borib, tomosha qilib qaytar edim. Kunlarning birida Quddus shahriga boradigan vaqtim boʻldi. Oʻrtoqlarimni olib kemaga tushib, Quddus shahriga joʻnadik. Biz har doim Quddus shahriga olti kunda yetar edik. Bu gal juda qattiq boʻron boʻlib, toʻlqindan daryo toshib ketdi.Olti-yetti kun boʻldi, hech yetolmadik. Boʻronlar ham toʻxtadi.
Men kema boshligʻi oldiga kirib: “Bugun yetti kun boʻldi, nima uchun yetolmaymiz”, deb soʻradim. Boshliq xafa boʻlib turib:— Shahzodam, boʻron-toʻlqinlarda yoʻldan adashdik, endi oʻzingizning joningizni qutultiring. Mana bu koʻringan yonar togʻ bizlarni oʻziga tortyapti, — deb yigʻlab yubordi.Men qoʻrqqanimdan shu zamon oʻzimni daryoga tashladim. Kema yonar togʻga yaqinlashib, togʻga urilib, halok boʻldi. Men daryoda oqib-oqib ikki kecha-kunduzda bir orolga kelib qoldim, qarasam, toʻrt tarafim suv, ichimda: “Endi oʻlarkanman”, dedim.
Oʻyladim-oʻyladim, bu falokatdan qanday qutulishni bilmadim. Suvda oqib juda holsizlangan ekanman, shu yerda dam olib tavakkal qilib uxladim. Bir mahal tush koʻrdim. Tushimda Xizr ota:— Oʻgʻlim, xafa boʻlma, oʻrningdan turib, oʻn besh qadam oldinga qarab yurgil, shul joyda bir eski uy bor, qoʻrqmasdan, eshikni ochib kir. Oʻng tarafdagi tomda hazrat Alidan qolgan bir oʻq-yoy osigʻliq turibdi, qoʻlingga olib yigirma qadam oʻng qoʻlga qarab yursang, bir tepada misdan yasalgan ot bor.
Otning ustida qalqon ushlab oʻtirgan bir odam bor, koʻziga koʻrinmasdan, yashirinib turib, haligi odamni koʻzlab kamondan oʻq otsang, ul odam daryoga yumalab tushadi-da, yoningga bir kema keladi, sen gapirmasdan, kemaga tushgin, seni daryodan bir chetga chiqarib qoʻyadi. U odam suv egasi boʻladi, — dedi. Oʻrnimdan sakrab turdim-da, tushimda koʻrgan narsalarni qilib koʻray deb, tavakkal deb oʻn besh qadam oldinga qarab yurdim.
Bir eski uyga uchradim, eshikni ochib uyga kirsam, bitta oʻq-yoy oʻng tarafdagi devorda osigʻliq turibdi. Olib chiqib yigirma qadam oʻng qoʻl tarafga yurdim. Qarasam, bir tepalikda misdan yasalgan ot ustida qalqon tutgan odam oʻtiribdi, koʻziga koʻrinmay, yiroqdan otgan edim, oʻq ul odamga tegib, daryoga yumalab tushdi.
Shu onda kemada bir odam kelib menga qaradi. Men indamasdan kemaga tushdim. Daryoning chetiga yaqin qolganda yuragim hovliqdi. Qoʻrquv paydo boʻldi.
Shul vaqtda haligi odam meni suvga tashlab, kema bilan gʻoyib boʻldi, qancha azoblar bilan zoʻrgʻa suvdan chetga chiqdim. Boʻrilarning ovozlari eshitildi. Qoʻrqqanimdan shul joydagi bir katta daraxtga chirmashib chiqib oʻtirdim.
Oradan bir kun oʻtgandan keyin, daraxt ustidan daryo tomonga qarasam, bir kema kelayotir. Indamay turdim. Haligi kema toʻxtab, undan uch kishi tushdi, yuz qadam yurib tikanli yerga kelib, bir tikanni olib tashladi-da, yer ostiga kirib ketdi. Men hayron boʻlib qarab turdim. Bir vaqt yer ostiga kirib ketgan odamlarning biri qolib, ikkitasi chiqib kemaga tushib ketdilar. Ular ketgandan keyin daraxtdan tushib haligi joyga bordim.
Qurigan tikan shoxini olib tashlasam, bir eshik paydo boʻldi, eshikni ochib kirsam, yer ostida uzun ketgan yoʻl bor ekan. Haligi yoʻl bilan yurdim. Yana bir eshikni ochdim, qarasam ostin-ustunli uy. Ajablanib tursam, bir yigit uydan chiqib:— Jon shahzodam Bahrom, meni oʻldirmang!
— deb oyogʻimga yiqilib yigʻladi. Men bu bolani hech tanimayman, mening ismimni ham, shahzoda ekanimni ham bilganiga ajablanib:— Siz mening ismimni qayerdan bildingiz?
— deb soʻradim. Yigit: — Men Kanʼon shahridagi Jalol boyning oʻgʻli Ibrohim boʻlaman. Otam bir kuni bir katta munajjimga mening taqdirimni bilish uchun fol ochirgan ekan, ul kishi: “oʻgʻlingizning oʻlimi Bahrom shahzoda qoʻlida, qirq kunda Misrdan kelib oʻldiradi”, degan ekan. Otam qoʻrqib shul joyga imorat qilib, meni sizdan qochirib saqlab yurardi. Mana bugun qirqinchi kun edi, — dedi.
— Men seni nega bekordan-bekorga oʻldiraman, menga hech zarar qilgan emassan, sen bilan tanishdim. Oʻz boshimga ogʻir kunlar tushib, shul joylarga adashib kelib qoldim.
Endi sen menga ini boʻl, men aka boʻlay,— dedim. Yigit juda sevinib, oʻrnidan turib pastdagi uyga boshlab kirdi. Uylari juda yasatilgan ekan, havasim keldi. Yigitning har turli pishirilgan tayyor ovqatlari bor ekan, oldimga qoʻydi, men necha kunlardan beri och edim, yeb toʻydim. Bir vaqt Ibrohim:— Yuqoridagi uyda tarvuz bor, olib chiqay, — dedi.
— Siz oʻtiring, men olib chiqay, — dedim. Zinaga chiqayotsam, Ibrohim: “Bahrom aka, pichoq ham shul joyda, ola chiqing!” dedi. Xoʻp deb kirdim. Tarvuz juda katta ekan, pichoqni olib tarvuzga sanchib, zinadan tushib kelayotib qoqilib ketdim, tarvuz qoʻlimdan tushib ketib, pichoq haligi yigitning yuragiga sanchilib oʻlib qoldi. Juda xafa boʻlib yigʻladim. “Tarvuzni yemay oʻlay”, dedim. Oʻrnimdan turib nima qilarimni bilmay, qaytib haligi daraxt ustiga chiqib, bir kechani oʻtkazdim, ertasiga daryoda yana kema koʻrindi.
Nazar solsam, haligi Ibrohimni olib kelgan kema. Bu kemada besh kishi koʻrindi. Kemani toʻxtatib, Ibrohim yotgan joyga kirib ketdilar, biroz vaqtdan keyin yigʻlashib Ibrohimni koʻtarib chiqib kemaga solib ketdilar. Ular ketgandan keyin daraxt ustidan tushib Ibrohim turgan uyga borib, qolgan ovqatni yeb, bir necha kun turdim.
Bir kuni daryoga chiqsam, daryoning suvi oʻzidan-oʻzi kamayib qurib ketibdi. Men sevinib daryoning ul tarafiga oʻtdim. Ul tarafga oʻtib, chap tomonga qarab yurdim.
Bir kun yurganimdan keyin bir shaharga keldim. Shaharda bir masjid bor ekan. Masjidda qalandarlar zikr qilib yigʻlab oʻtiribdi.
— Hoy aka, bu nima gap, nima uchun yigʻlaysizlar?
— deb soʻradim.Ular:— Agarda bu sirni bilmak istasang, bozorga borib, bir katta qoʻy olib kel, soʻyib goʻshtini bizlarga ber, oʻzing terisiga kirib tursang, shundan keyin biz senga bu sirlarni aytamiz, — dedi.Shundan keyin shu qalandarlarning sirlarini bilay dedim-da, qoʻy olib kelib soʻyib, goʻshtini ularga berib, oʻzim terisiga kirib yotdim.
Bir vaqt bir katta semurgʻ qush uchib tushib, meni koʻtarib ketdi.Bir choʻl-biyobonga borganda meni yemoqchi boʻlgan edi, men teri ichidan chiqishim bilan semurgʻ mendan qoʻrqib uchib ketdi. Men yana choʻl-biyobonda qoldim. Toʻrt tarafimga qarasam, hech yaqin shahar koʻrinmaydi. Tavakkal deb bir necha kun yurganimdan keyin bir bogʻ koʻrindi.
Shul bogʻ tomonga borsam, juda katta bir uy bor ekan. Eshigini taqillatdim. Bir qiz yugurib chiqdi. Men ul qizga oʻzimning ahvolimni bayon qildim. “Bu joy parilar podshohi qizining joyi, men kirib soʻray, ruxsat bersa, chiqib aytaman”, deb qiz kirib ketdi. Birozdan keyin bir necha qizlar chiqib, meni boshlab parilar podshohining qizi oldiga olib kirib qoʻydilar-da, oʻzlari chiqib ketdilar. Men bu joyda oʻtirib boshimdan oʻtgan ishlarni qizga aytib berdim.
Nima sababdan oʻz shahrida turmay, bu choʻl-biyobonda oʻtirganini qizdan soʻradim. Qiz aytdi:— Mening otam parilarning podshohi, menga devlar xushtor boʻlib yurganda, otam ulardan qochirib shul choʻl-biyobonga bogʻ-boʻston, imoratlar qilib, olib kelib qoʻydi. Har uch oyda otamni koʻrib kelaman. Mening otimni Mohipari, deydilar, — deb boshidan oʻtganlarini aytib berdi.Shul joyda bir-birimizga muhabbatimiz tushib, Mohipari menga tegishga rozi boʻlib: “Men uch kundan keyin ota-onam oldiga borib, ularni koʻrib, sizga tegish maslahatini qilib, ruxsat olib kelaman.
Undan keyin toʻy-tomosha qilib, turmush quramiz”, dedi.Shundan keyin Mohipariga ikki kun mehmon boʻldim, uchinchi kuni u menga bir necha kalitlarni berib:— Men kelguncha bogʻlarni tomosha qiling, lekin qirqinchi bogʻga kirmang. Men oʻzim kelganda sizni olib kiraman, — dedi. Qiz qirq kanizaklari bilan bir-bir yumalashib qirq bir kaptar boʻlishib uchib ketdilar.
Shul joyda oʻzim yolgʻiz qoldim. Bu bogʻlar bir-biridan ortiq darajada ziynatlangan.
Endi Mohipari “Ochmagin” degan qirqinchi bogʻga keldim. “Nima bor ekan”, — deb havas qilib, eshikni ochib kirdim. Bogʻga kirsam, bu bogʻ oʻttiz toʻqqiz bogʻdan ham ortiq ziynatlangan. Turli gullar ochilgan, turli mevalar pishgan, bulbullar sayragan. Hech chiqqim kelmay qoldi. Bogʻning oʻrtasida oltin-kumushdan yasalgan katta hovuz, tiniqlikdan hovuzning tagi koʻrinar edi, Shul hovuzning boʻyida butun asboblari bilan bir ot suratdek qotib turibdi. Havasim kelib otning ustiga minib, bir qamchi urdim.
Ot shul zamon meni osmonga koʻtarib uchib bir choʻl biyobonga tashlab, quyrugʻi bilan koʻzimga bir urdi, shul vaqtda bir koʻzim oqib, koʻr boʻlib qoldim.Ot boʻlsa gʻoyib boʻlib ketdi, men yana choʻl-biyobonlarda yolgʻiz qoldim. Bir necha kun yoʻl yurib, sizning shahringizga kelib, choyxonaga kirdim. Bu ikki hamroh bilan suhbatlashib, ular bilan birga shul uyga qadam qoʻygan edik, — deb uchinchi koʻr hikoyasini tamom qildi.
Moʻtabarxon Karomatxonga:— Bu akangning ham oyoq-qoʻllarini yechib yubor, oʻzining tortgan azobi ham yetarli ekan, — dedi. Karomatxon shul zamon uchinchi koʻrning ham oyoq-qoʻllarini yechib yubordi. Moʻtabarxon:— Endi sizga navbat, gapiring, — deb ikkita savdogarning biridan soʻradi. Savdogarlarning bittasi:— Men shul shahar podshohining vaziri boʻlaman, mana bu mening yonimda turgan podshohning oʻzi boʻladi, — dedi.Bu gapni eshitib Moʻtabarxon darrov borib ularning qoʻl-oyoqlarini yecha berdi.
Podshoh bilan vazir oʻrinlaridan turib, otlarini minib uylariga ketdilar. Qolgan mehmonlar yotib qoldilar. Ertasiga podshoh taxtga chiqib oʻtirib, bir yasovulni chaqirib:— Kalla bozor mahallasida turuvchi uch qizni uydagi mehmonlari bilan tez olib kel!
— deb buyruq berdi.Yasovul shul ondayoq Moʻtabarxonni ikkita singlisi va uydagi mehmonlari bilan birga podshoh oldiga olib keldi. Podshoh bularga oʻrin koʻrsatdi. Bular oʻtirdilar. Podshoh Moʻtabarxonga:— Kecha uylaringizda boʻlgan ishlarni aytib bering. Nima uchun itlarni urdingiz va nima uchun quchoqlab, oʻpib, ularga oltin tovoqda osh berdingiz?
— dedi.Moʻtabarxon oʻzining boshidan oʻtganlarni bayon qildi:— Bizlar shul oʻzingiz koʻrgan mahallalik, Gʻulomboy degan boyning qizlari boʻlamiz. Bizlar bir ota, bir onadan besh qiz edik. Kunlarning birida ota-onamiz oʻldi. Otamizdan koʻp mol-dunyo qoldi. Biz besh opa-singil maslahatlashib, to oʻlguncha erga tegmasdan, ota-onamizdan qolgan dunyoni yeb yotishga hammamiz rozi boʻldik. Oʻz hovlimizda oʻyin-tomosha qilib yurdik. Kunlarning birida mendan kichik ikkita singlim — Adolatxon bilan Salomatxon erga tegmoqchi boʻlib, menga maslahat soldilar. Men “Erga tegmanglar”, — deb ularga koʻp nasihatlar qildim.
Lekin ular mening nasihatlarimni quloqqa olmadilar, shundan keyin men otamdan qolgan mol-dunyolarni beshga boʻlib, ikki boʻlagini ikki singlimga berdim. Ular erga tegib, uydan chiqib ketdilar. Biz oʻzimizning hayotimizni burungiday davom ettirib yuraverdik.Oradan besh-olti oy oʻtgandan keyin bir kun bizning darvozamizni birov kelib urdi. Karomatxon yugurib chiqsa, Adolatxon ekan. Uyga kirishdi. Adolatxon kirishi bilan yigʻlab yubordi. “Opajon, men sizning soʻzingizga kirmay bekor qilgan ekanman.
Erim dunyolarimni yeb, uydan haydab chiqardi”, dedi. Jigar boʻlgani uchun men hech narsa deb aytmadim. Bir qorindan tushgandan keyin rahming kelar ekan.
Oradan yana besh-olti kun oʻtgandan keyin darvozani birisi urdi. Karomatxon chiqsa, Salomatxon ekan. U ham kirib yigʻlab yubordi. Salomatxon ham yomon ahvolda qolibdir. Uni ham eri mol-mulkini yeb, urib haydab yuboribdi.
Shunday qilib, bu ikkita singlimning gunohini kechib, oʻz oramizga qoʻshdik, tomoshamizni qilib yuraverdik.
Oradan yana bir-ikki oy oʻtgandan keyin Adolatxon bilan Salomatxon ikkalasi yana erga tegmoq boʻlib, menga maslahat soldilar. Men unamadim. Bular menga boʻysunmadilar. Men: “Agarda erga tegadigan boʻlsangiz yana qaytib kelmang.
Endi burungi ahvolda keladigan boʻlsangiz, uyimga kirgizmayman”, dedim. Singillarim:— Endi unday ishlarni qilmaymiz, — dedilar. Hech narsa deyolmadim. Yana mol-dunyolarimdan boʻlib berdim. Bular erga tegib ketdilar.Yana uch qiz qoldik. Oʻyin-kulgimizni qilib yuraverdik. Kunlarning birida Adolat bilan Salomatning erlari dunyolarini yeb, yana haydab yuboribdi. Koʻz yoshlarini oqizib zor-zor yigʻlab oʻtirdilar. Yana rahmim kelib oramizga qoʻshdim. Bir necha vaqtlargacha oʻz oʻyinlarimizni oʻynab, tomosha qilib yurdik. Qarasam, otamdan qolgan dunyo ozayib borayotir.
Bir kuni oʻtirib:— Singillarim, endi biz bekor yotmaylik, ikki-uchtamiz shaharlarga borib savdo qilaylik, tomoshamizni ham qilarmiz. Kim men bilan savdoga boradi?
— dedim. Adolatxon bilan Salomatxon “Bizlar boramiz”, dedilar. Xoʻp, dedim. Ertasiga uchalamiz erkakcha kiyimlarni kiyib, yarim molimizni olib, kemaga oʻtirib joʻnadik.
Bir necha kundan keyin ertalab bir shaharga borib tushdik. Qarasak, bu shaharning odamlari tosh boʻlib qotib qolibdi. Mollarni dengiz boʻyiga qoʻyib, shaharni aylandik. Qimirlagan odamzod yoʻq. Bu ahvolga ajablanib, kechgacha shaharni aylanib yurdik.
Kechqurun yiroqda bir chiroq koʻrindi. Uchalamiz shul chiroq bor uyga kirsak, bir yosh, kelishgan yigit oldiga kitob qoʻyib oʻqib oʻtiribdi. Bizlar kirgandan keyin koʻrpachalar solib, oʻtirishga taklif qildi. Bizlar oʻtirdik. Men soʻz boshlab:— Aka, shahar odamlari bu ahvolga tushib qolganining sababi nima?
— deb soʻradim. Ul yigit aytdiki: “Bu shaharning odamlari, maishat va ichkilik bilan mashgʻul boʻlganlari uchun shu ahvolga giriftor boʻldilar, — dedi.Yigitning muloyimligi va yumshoq soʻzligini koʻrib oʻzimga munosib koʻrdim. Oʻzimning qiz ekanimni yigitga tushuntirdim. Ikkimiz rozi boʻldik. “Bizning shaharga borasiz, toʻy-tomosha qilib, nikohlab olasiz, dedim. Yigit rozi boʻldi. Ertasiga birgalashib olib kelgan mollarimizni ham sotmasdan shahrimizga joʻnadik.
Shahrimizga bir kunlik joy qolganda kechasi hammamiz yotib uxladik. Biz uxlagandan keyin Adolat bilan Salomat oʻrinlaridan turib, sekin maslahatlashib yigitni daryoga tashlamoqchi boʻlibdilar-da, bir qop keltirib, yigitni qopga solib daryoga tashlab yuborishibdi. Ertasiga tong otganda qarasam, haligi yigit koʻrinmadi. Singillarimdan soʻrasam, “Biz koʻrganimiz yoʻq”, deyishdi. Yugurib kirib kema boshligʻidan soʻradim.
U:— Kechasi ikki singlingiz yigitni qopga solib, daryoga tashlab yubordi, — dedi.Shul joyda oʻtirib koʻp xafa boʻlib yigʻladim. Singillarimni qargʻadim. Shahrimizga kelib kemadan tushib: “Sizlarga qancha yaxshiliklar qildim, sizlar menga dushmanlik qildingiz, endi men sizlardan ham, mol-dunyodan ham kechdim”, deb ularni qoldirib, choʻl-biyobonlarga qarab yigʻlab ketdim. Ikki kun yoʻl yurganimdan keyin bir yerda borayotsam, bir oq ilon yoʻlda kelayotir. Men yoʻldan chiqib oʻzimni chetga tortdim. Ilon oʻtib ketdi.
Yana yoʻlga tushib ketayotsam bir qora ilon kelayotir. Oʻzimni chetga tortib, bir katta toshni olib turdim. Ilon yaqin kelganda toshni otib ilonning boshini yanchib oʻldirdim. Yurib-yurib charchab, bir yerda yotib uxlab qolibman. Bir vaqt oʻrnimdan tursam, juda ham kelish-gan bir chiroyli qiz yonimda oʻtiribdi. Qiz men bilan koʻrishdi va hol-ahvol soʻradi. Men boshimdan oʻtgan ishlarning hammasini aytdim. Qiz:— Qoʻying, opa, xafa boʻlmang, uyingizga qayting!
— dedi. Men “Bormayman”, dedim. “Ikkita singlingizni koʻnglingizdagiday qilib keldim. Siz meni oʻlimdan qutqardingiz, men ham sizga yordam qildim”, dedi.Men hayron boʻlib: “Sizni shu bugun koʻrib turibman”, dedim. Qiz soʻz boshlab:— Men parilar podshohining qizi edim. Bir dev xushtor boʻlib, meni olmoqchi boʻlib kelganda men qochib, oq ilon boʻlib ketayotgan edim. Siz yoʻlda kelayotgan ekansiz, menga yoʻl boʻshatib berdingiz, oʻtib ketdim. Mening orqamda qora ilon boʻlib kelayotgan dushmanim — dev edi.
Siz uni oʻldirdingiz; agarda siz oʻldirmasangiz, u meni oʻldirar edi. Sizning yaxshiligingizga binoan, sizni ranjitgan ikkita singlingizni kuchuk qilib hovlingizga bogʻlab keldim.
Endi siz uyingizga borib, oʻyin-tomoshangizni qilib yuravering: hech narsadan qoʻrqmang, boshingizga ogʻir kun tushsa, mana shu sochimni kuydirsangiz, men kelib sizga yordam beraman, — deb sochidan uch dona yulib berib, gʻoyib boʻldi. Men bu gaplarni eshitib, qaytib uyimga keldim. Qarasam, haqiqatan ikkita singlimni ikkita kuchuk qilib bogʻlab ketibdi. Biz uch opa-singil oʻyin-kulgi qilib yuraverdik.
Kuchuklarga ovqat berar oldida urganim, haligi yaxshi koʻrgan yigitimni daryoga tashlab yuborishganiga xafa boʻlganim, erkalab quchoqlaganim, it boʻlsa ham jigarim, deb rahmim kelgani, — dedi. Podshoh:— Haligi uchta polvon qanday kishilar?
— dedi. Moʻtabarxon:— Ul polvonlarga mol-dunyo berib saqlaganman, boshimga ogʻir kun tushsa yordamchi boʻladi, — deb soʻzini tamom qildi. Podshoh Moʻtabarxonga:— Shul ikki kuchukni odam qilish mumkinmi?
— dedi. Moʻtabarxon:— Bilmadim, odam qilsa, shul qizning oʻzi qilar, — dedi. Podshoh:— Boʻlmasa, shul qizning sochini kuydiring, kelsin, — dedi.Moʻtabarxon hovliga chiqib qizning sochini kuydirdi, qiz shul zahoti “xizmat”, deb keldi. Moʻtabarxon qizni podshoh oldiga olib kirdi. Podshoh pari qizidan: “Ikki kuchukni oʻz asliga keltirish mumkinmi?” deb soʻradi. Pari qiz:— Agarda Moʻtabarxon opam rozi boʻlsalar, men asliga keltiraman, —dedi. Kuchuklarni keltirdilar. Pari qiz ularni avvalgi holiga keltirdi. Bu qizlar bir-biridan chiroyli edi. Podshoh koʻz musofirlarni koʻrsatib:— Bularning koʻzini tuzatish mumkinmi?
— dedi. Pari qiz:— Jodudan boʻlsa, tuzatish mumkin, bittasini tuzatib boʻlmaydi. Chunki bu jodu emas, odamdan boʻlgan, — dedi. Podshoh:— Mayli, boʻlmasa ikkalasining koʻzini tuzating, — dedi. Pari qiz ikki koʻrning koʻzini avvalgiday qildi. Pari qiz: “Endi buyursangiz ketsam”, dedi. Podshoh ruxsat berdi. Pari qiz xayr-xoʻsh deb, gʻoyib boʻldi. Podshoh oʻzining dono vaziri bilan maslahatlashib oʻtirib, Moʻtabarxonni oʻziga munosib koʻrdi, hammadan kichik Karomatxonni oʻgʻliga munosib koʻrdi.
Qolgan uchta qizni uchta koʻr nomini olgan shahzodalarga olib bermoqchi boʻldi. Bu maslahatni qizlarga, yigitlarga aytdi. Bular ham rozi boʻldilar. Podshoh ikki shahzodaning otasiga noma yozdi. Bolalarini yoʻqotgan podshohlar sovgʻa-salomlar bilan yetib keldilar. Qirq kecha-kunduz toʻy-tomoshalar qilib, toʻydan keyin ikkita podshoh oʻgʻil va kelinlarini olib shaharlariga joʻnashib ketdilar.
Otasi oʻlgan Shoh Akbar shahzodani podshoh olib qolib, oʻziga vazir qildi.Tortgan azoblar esdan chiqib, hammalari baxtli turmush, davr surdilar.