Bagʻdod shahrida shohi Odil degan podshoh oʻtgan edi. Shohi Odil oʻz zamonasida oʻzini koʻp Odil podshoh deb tanitgan edi. Odil shohning uchta xotini boʻlgan. Xotinlari uzoq vaqt tugʻmadi. Oxiri kichik xotini Diloroyim bir oʻgʻil tugʻdi. Unga Shavkat deb ot qoʻydilar. Shavkatni atlas, kimxobga oʻradilar, necha enaga uni tarbiya qila boshladi.Shavkat koʻp chiroyli, xuddi osmondagi choʻlpon yulduzday goʻzal edi.
Shoh Odil yoshi bir joyga borib oʻgʻilli boʻlgani uchun koʻp xursand boʻldi, mamlakat xalqini chaqirib, birqancha kun toʻy-tomosha qilib, elga osh-non berdi, jami kambagʻalga inʼomlar ulashdi.Oydan oy, yildan yil oʻtdi. Shahzoda Shavkatning yoshi yetti-sakkizga yetdi. Otasi Bagʻdod shahrining barcha ulamolarini toʻplab olib, shahzodani oʻqita boshladi. Shahzoda Shavkat koʻp biyron va aqlli, tetik bola edi. Muallim-lari bergan darslarini tez va oson oʻqir va berilib oʻrganar edi.
U oʻn besh yoshlarga yetguncha otasining oʻrdasida toʻplangan peshqadam muallimlar-da oʻqib, mulla boʻldi. Dunyoda u bilmagan ilm kam qoldi. Shavkat turli ilmlar-dan tashqari sozandalik, ashulachilik va oxirida urush ilmini ham oʻrgandi. Otasi Shavkatdan koʻp minnatdor boʻlib, unga bino qoʻyar edi.Shavkatning yoshi oʻn yetti-oʻn sakkizlarga bordi. Bu vaqt Shavkat urush ilmidan yaxshi xabardor boʻlib, oʻz yoniga askar toʻplab, ikki-uch ming xos askarga bosh boʻldi.Kunlardan bir kuni Shavkat askarlari bilan shikorga chiqdi.
Bir togʻning vodiysida qoʻndi. Bu vodiy serdaraxt, sersuv, gulzor, chamanzor, obod yer, turli ilvasinlarga va boshqa ov hayvonlariga boy edi.Shahzoda askarlari bilan chodir chamanini qurib, ov ovlab, ovdan tushgan ilvasinlarini kabob qilib va turli xil ovqatlar bilan oʻzlarini parvarishlab, kayf qilib yota berdi.
Oradan uch kun oʻtdi. Toʻrtinchi kun Shavkat oʻz merganlari bilan togʻ darasida gʻoz ovlab yurgan edi, birdan uning qarshisidan ajoyib bir kiyik chiqib keldi. Bu kiyikning toʻrttala oyogʻidagi tuyogʻi sadafdan, har qaysi oyogʻida ikkitadan sakkizta oltin halqasi bor; ikki shoxiga oltindan, kumushdan, marvariddan, gavhardan naqshlar oʻyilgan. Kiyikning junlari oq, qora, koʻk, qizil, sariq, pushti, noparmon, qoʻyingki, oʻttiz ikki xil boʻlib tovlanadi.
Bu kiyik shahzodaga oʻzini koʻrsatib, necha gʻamza va jilvalar qilib, turli maqomda oʻyinlar koʻrsatadi. Oʻynaganida oyoqlaridagi oltin halqalardan turli xil ovozlar chiqadi. Shahzoda bu kiyikni koʻrib koʻp hayron qoldi:— Men butun umrimda bunday kiyikni endi koʻrishim!
— dedi va askarlariga: “Shu kiyikni tirik ushlanglar!” — deb buyruq berdi. Askarlar kiyikni quvlab-quvlab ushlayolmadilar. Shahzoda achchiqlanib, oʻzi ushlamoqchi boʻldi. Oʻzi ham quvlab ushlay olmadi. Oxiri kiyikning atrofini qurshab, oʻrtaga olib ushlamoqchi boʻldilar. Shavkat askarlariga: “Kiyikni oʻrtadan chiqarmangiz, kimki oradan chiqarib yuborsa, oʻldiraman!” deb gʻazab qildi. Askarlar kiyikning atrofini qurshab, sekin-sekin doirani toraytib, kiyikka yaqinlasha bordilar.
Kiyik boʻlsa oʻrtada, hech narsani pisand qilmay, dikillab turli gʻamza va turli oʻyinlarni koʻrsatib yura berdi. Oxiri doira torayib, necha askar oldingi safga sigʻmay, ikkinchi safda qolib kela berdilar. Bular kiyikka yaqin kelib qolgan edilarki, kiyik bir irgʻishda shahzoda Shavkatning oti sagʻrisiga tushdi, undan bir irgʻib, safdan tashqariga tushdi-da, togʻga qarab qochib keta berdi.
Shahzoda kiyikni oʻzi oradan chiqarib yuborgani uchun boshqalarni ayblay olmadi va ulardan uyalganidan, kiyikni ushlab kelish uchun yakka oʻzi ot qoʻyib ketdi.Kiyik chopib keta berdi, shahzodaning oti kuchli va yugurik edi, yoʻlni tersiga solib, kiyikning oldidan chiqdi.
Lekin shahzoda har qancha harakat qilsa ham kiyikni ushlay olmadi.Shahzoda kiyikni ushlay olmasligiga aqli yetdi va otib, oʻligini boʻlsa ham olib ketishga qaror qildi va otdan tushdi. Bir toshga suyanib, yoy bilan kiyikni moʻljallab otdi.
Biroq oʻq kiyikka tegmadi. Yana otdi, kiyik bir tomonga qiyshayib oʻqni bir yonidan oʻtkazib yubordi. Tagʻin otsa, u yonidan oʻtkazib yubordi.
Shunday qilib, shahzoda ota berdi, kiyik uni pisand qilmay, turli qiyofada oʻynab, shahzodaning koʻzini kuydirib, otgan oʻqini u yonidan-bu yonidan oʻtkazib yubora berdi. Shahzodaning besh yuz oʻqi bor edi, hammasini otdi-yu, lekin kiyikni urolmadi.Kiyik togʻga qarab qochdi. Shahzoda uning ketidan quvladi. Kiyik togʻga yetib, toshning ustiga chiqib ketdi. Ketidan shahzoda ham oti bilan chiqib ketdi. Kiyik togʻning ustiga chiqib, shahzodaga qarab yana bir jilva berdi-da, togʻning narigi tomoniga tushib ketdi.
Togʻ juda ham baland edi. Shahzodaning oti baquvvat edi. Togʻning past-balandligi bilan oʻrlab, u ham togʻning uchiga chiqdi. Shavkatning fikri-yodi kiyikda, ishqilib shu kiyikni yo tiriklayin, yoki oʻldirib boʻlsa ham ushlasam der edi. Shavkat togʻning narigi tomoniga qarasa, u yogʻi keng diyor ekan. Bir tomoni kengdan keng koʻkalamzor yerlar, bir tomoni daraxtzor.
Kiyik shu maydonda turli maqomda oʻyinlar koʻrsatib, shahzodaning koʻzini kuydira berdi.Shahzoda egarga mahkam yopishib, otini pastga haydadi, otiga hordiq bermay, kiyikning ketidan quvladi. Kiyik oʻrmonzorga kirib, shahzodaning koʻzidan gʻoyib boʻldi.Shahzoda kiyikning orqasidan ot qoʻyib oʻrmonzorga kirdi. Bu oʻrmonzor turli-tuman daraxtlar, gullar bilan toʻla edi.
Shunday ajoyib va xushqomat daraxtlar bor ediki, buni shahzoda ilgari sira koʻrmagan edi. Oʻrmonzorda turli-tuman xushovoz qushlar, bulbullar sayrab yotibdi. Shahzoda oʻrmonzorni qidira-qidira kiyikni topolmadi.
Shu kuni kech boʻldi. Shahzoda quruq qaytishni oʻziga ep koʻrmadi va bugun shu yerda tunab, ertasi kuni ham kiyikni qidirishga qaror qildi. Shavkat oʻrmonning bir ochiq joyiga chiqdi. Otiga dam berdi, terlarini quritib, ustidan egar, toʻqimini oldi va otiga:— Ey jonivor, bu yaxshi oʻtlarni yeb, qorningni toʻqlagin!
— deb boshidan yuganini olib, boshvogʻini boʻyniga bogʻlab, haydab yubordi va oʻzi toʻqim, terlikni ostiga solib, boshiga egarni qoʻyib uxlashga yotdi. Shahzodaning koʻzi endigina ilingan edi, qulogʻiga qattiq bir ovoz eshitilib, choʻchib uygʻondi. Uygʻonib qarasa, har tarafdan har xil qoʻrqinchli ovozlar keldi; bu oʻrmonzorda har turli yirtqich hayvonlar bor edi, ular kechalari har tarafni ovlab, baqirib-chaqirib yurar edi. Shavkatning qulogʻiga eshitilgan ayiq, sher, yoʻlbars, boʻrilarning ovozlari hamma yoqqa dahshat solar edi.
Shunda Shavkatning koʻzidan uyqu qochdi va “balodan hazar” deganlaridek, katta bir daraxtning tepasiga chiqib ketdi, oti pastda qola berdi.
Oradan biroz vaqt oʻtgach, bu yerga yoʻlbarslar, arslonlar, qoplonlar, ayiqlar, boʻrilar va har turli vahshiylar, ilonlar kelib-ketishdi. Shavkat daraxtning ustida ertalabgacha uxlay olmadi. Erta bilan daraxtdan tushdi. ”Endi otim eson qoldimi, vahshiylarga yem boʻldimi?” deb xabar oldi. Xabar olsa, oti bir joyda dam olib yotibdi.
Bundan xursand boʻldi-da, otini yetaklab kelib, qashlab, silab, egarlab, minib, kiyikni izlagani ketdi.Shu kuni shahzoda peshingacha oʻrmonni aylanib, kiyikni topolmay, katta bir toʻqayzordan chiqdi. Shavkat shu toʻqayzorni ham qarab koʻrish uchun uni oralab ketdi. Toʻqayni namozgargacha oralab yurdi, kiyikni topolmadi. “Endi qaytib ketsammikan?” deb oʻyladi.
Lekin oʻzining qaydan kelgani va qaysi tomondan chiqib ketishini bilmasdi.
Shu sababli, bugun ham shu toʻqayda qoldi. Kechasi oti pastda, oʻzi daraxtning tepasida boʻldi. Bu kecha oʻtgan kechagidan ham vahimali boʻlib oʻtdi.Tong otdi. Shahzoda daraxtdan tushdi, qarasa, oti omon ekan. Otini egarlab mindi-da, tavakkal qilib shu toʻqayni yoqalab ketaverdi. Taxminan, toʻrt soatcha yurgan edi, bir boʻshliq yerdan chiqdi. Boʻshliqning bir tomonida — adirlikda kichkina bir qoʻrgʻon koʻrindi. Shavkat, shu qoʻrgʻonda odam boʻlsa kerak, shundan borib yoʻl soʻrayin deb, qoʻrgʻonga qarab ot qoʻydi.
Yurib-yurib adirlikka yetdi va adirning ustiga chiqdi. Qarasa, adirning naryogʻi pastlik, bir tomonda katta bir soy oqyapti, ikki tomoni serdaraxt, boyagi qoʻrgʻoncha shu soyning yoqasida. Shavkat soy yoqalab yurdi, oxirida qoʻrgʻonga yetdi. Bu qoʻrgʻon toʻrtburchak shaklida tushgan, chor atrofidagi devorlari baland, hammasi havorang marmardan ishlangan. Ustidagi kungurasi oltindan, qoʻr-gʻonning darvozasi oltin, kumush va sadafdan ishlangan, ikki qanoti ham ochiq.Shavkat darvozadan kirdi.
Qoʻrgʻonning ichkarisida katta bir hovli bor. Bir tomoni qoʻrgʻon devori boʻlsa, uch tomoni qator ketgan uy, bu uylarning biri yashil, biri qizil, biri sariq, biri pushti, biri zangori va turli xildagi chinnilardan ishlangan ekan. Hovlining oʻrtasida katta marmar hovuz, hovuzning suvi xuddi shishadek tiniq. Hovuzning toʻrt burchagida toʻrtta daraxt bor. Bunday daraxtni Shavkat ilgari koʻrmagan edi. Bir tomonda otxona; oxurlari marmardan, birida beda, birida mayiz, birida yem.
Oxurlar juda koʻp, biroq bu hovlida birorta ham odam yoʻq. Shavkat hayron boʻldi va:— Shu yerda bir dam olayin, odami boʻlsa chiqar, biror joyga ketgan boʻlsa kelar, odami yoʻq boʻlsa, chiqib ketarman, — dedi va otdan tushib: “Bor, jonivor, beda va yemlardan yeb, qorningni toʻqlab olgin!” deb otni oxurga haydadi va oʻzi koʻp charchagan edi, hovuz boʻyidagi daraxt tagiga kelib yotib uxladi. Bir tovush qulogʻiga kirib uygʻondi.
Qarasa, boyagi uylardan birisining eshigi ochilib, undan yoshi oʻn sakkizlarga borgan, boʻy-basti oʻziga kelishgan, zagʻcha koʻz, qunduz qosh, oq badan, irakka oʻralgan, nozanin bir qiz, qoʻlida oltin koʻza koʻtarib sekin-sekin oyoq bosib hovuzning boʻyiga keldi va koʻzani toʻldirib yana boyagi eshikka kirdi.
Biroq u Shavkatga gapirmadi, loaqal bir boqib ham qoʻymadi. Shavkat:— Iyi, bu nima degan gap boʻldi. Bu qiz chiqib, menga gapirmay, qaramay, yana kirib ketdi!
— dedi. Qiz juda ham nozanin, barno edi. Uni koʻrib Shavkatning yuragi oʻynab ketdi.
Oradan biroz vaqt oʻtgan edi, boyagi eshik yana ochildi. Bu safar eshikdan yoshi ellik beshlarga borgan, soqoli moshguruch, juda chiroyli, ikki yuzidan nur tomib turgan bir kishi chiqib kelib, Shavkatga qarab:— Ha, mehmon, keling!
— deb qoʻl uzatdi. Shavkat tavozeʼ bilan salom qilib, kelib soʻrashdi. Bu odam:— Nima xizmat, mehmon?
— dedi. Shavkat:— Men yoʻlda ketayotib, charchadim, joyingiz salqin ekan, bir dam olay deb kirgan edim, sizdan iznsiz bu bogʻga kirdim, gunohimni kechiring!
— dedi.
— Turing oʻrningizdan! Marhamat qilib mening ketimdan yuring!
— dedi u kishi. Shavkat turli xayollarga borib:— Qayoqqa boramiz?
— deb soʻradi.
— Mening orqamdan yura bering, otingizdan xavotir boʻlmang, otingizga qaraydigan odamlar bor, — dedi va oʻzi boyagi chiqqan eshikka qarab yurdi. Ketidan Shavkat ham yurdi. Shavkat bu odamning ketidan yurib, boyagi eshikdan ichkariga kirdi va yana bir boshqa hovlidan chiqdi.
Lekin bu hovli undan allaqancha obod. Hovlining chor tomoni qator uylar. Bu uylar shu qadar chiroyliki, bunday uylar Shavkat otasining oʻrdasida ham yoʻq. Hovlining ichi gulzor, turli xil mevalar pishib turibdi. Shavkatning mevalarga koʻp havasi keldi, birini uzib olish uchun qoʻl uzatgan edi, meva tosh singari qattiq va sira uzilmaydigan darajada mahkam ekanini koʻrdi. Bu daraxtning mevalari haqiqiy mevalar boʻlmay, balki hammasi qimmatli toshlardan edi. Hovlining bir tomonida marmar supa.
Panjaralari oltindan ishlangan. Supada qip-qizil irak gilam, uning ustiga atlas, shohi kimxob koʻrpachalar toʻshalgan. Haligi kishi Shavkatni supaga taklif qildi. Supaning chiqa berishida ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib, bir xotin taʼzim bilan Shavkatni kutib oldi. Mehmon va mezbon supadan joy olishgach, haligi xotin Shavkat bilan salomlashdi. Bu xotinning yoshi yigirma besh-yigirma sakkiz oʻrtalarida, ikki yuzi naqsh olmadek, badani oppoq durday.
Oʻzi toʻladan kelgan, ikki qoshi xuddi yoyday qayrilgan, qaragan kishiga goʻyo oʻq otadiganday, boʻyni ilon boʻyin, ikki koʻzi shahlo, ikki labi piyozning poʻstiday yupqa va qip-qizil, labining bir chetida qop-qora xoli bor, baq-baqasi kumushday. Soch degan qop-qora, goʻyo ikki ilondek qilib orqasiga tashlangan, uchi borib toʻpigʻiga tegadi. Bu xotin kelib cholning yoniga oʻtirdi, birozdan keyin boyagi suvga chiqqan qiz ham keldi va Shavkatga necha martadan egilib salom qilib:— Xush kelibsiz, qadrli mehmon!
— dedi.
Shunda haligi xotin:— Mehmonning oldiga dasturxon keltiring!
— dedi. Qiz, “qulluq” qilib uyga kirib ketdi. Birozdan soʻng shu qizga oʻxshagan, balki undan ham goʻzal va latif bir qiz yuz gʻamza va noz bilan ishvali boqish qilib, Shavkatning qoshida qaddini bukdi va:— Keling, aziz mehmon!
— dedi. Shavkat ham oʻrnidan turib, “qulluq” qildi. Qiz orqasiga qaytib boyagi uyga kirdi va bir dasturxon koʻtarib chiqib, bularning oldilariga yozdi. Dasturxon kimxobdan (oʻrishi ipak, arqogʻi zardan toʻqilgan), hoshiyalaridagi zarpopuklarining har biriga bittadan oltin taqilgan edi.
Shu payt yana bir qiz chiqib kelib salom berdi va alik javobi olgandan keyin, u ham qaytib kirib ketdi.
Soʻngra qizlar turli idishlarda turli-tuman ovqatlar koʻtarib chiqib, dasturxonga qoʻya boshladilar. Idishlar qimmatbaho toshlardan yasalgan edi. Idishlarda sut va yogʻ solib pishirilgan oppoq non, qatlama, varaqi, boʻgʻirsoq, qand, asal, novvot, qiyom, pista-bodom, tovuq goʻshti kabi ovqatlar bor edi. Cholning yonidagi boyagi nozanin xotin nonlarni sindirdi va mehmonni ovqat yeyishga taklif qildi.Shu payt birinchi qiz bir oltin samovarni qaynatib chiqdi va jonon piyolalar keltirib, choy quyib: oldin Shavkatga, keyin mezbonlarga uzatdi; oʻzi ham oʻtirib, bular bilan hamtomoq boʻldi.
Choy ichilib boʻlgach, u yoq-bu yoqdan gaplar boʻlib oʻtdi.
Shunda chol qizlarga: “Mehmon charchab kelgan, joy tayyorlanglar! Bir uxlab olsin!” dedi. Qizlar hovuz boʻyidagi daraxt tagiga oltin karavotni qoʻyib, ustiga qavat-qavat koʻrpachalar va shohi koʻrpalar yozib, par yostiqlar qoʻydilar. Shavkat uxladi.Shavkat uygʻonib ikki qizning navbatma-navbat uni yelpib turganini koʻrdi. Shavkat uygʻonishi bilan qizlar oltin oftobada suv keltirdilar. Shavkat yuz-qoʻllarini yuvdi va oppoq irak sochiqlarga artindi.Shunda kech ham kirgan edi. Chol bilan xotini Shavkatning yoniga kelib:— Mehmon, yaxshi uxlab turdingizmi?
— dedilar.
Shunda qizlardan biri kelib, kechki ovqat tayyor boʻlganidan xabar berdi. Dasturxonlar yozilib, kechki ovqat keltirildi. Bu ovqatlar turli ilvasinlarning goʻshtidan tayyorlangan. Ovqatlar keltirib qoʻyilgach, qizlardan biri oltin koʻzada may keltirdi va oltin piyolalarga quyib, oʻtirganlarga birin-ketin uzatdi; oʻzi oʻrnidan turib: “Qoʻlingizdagi mayni kelgan aziz mehmonning sharafiga ichishingizni soʻrar edim!” dedi. Maylar ichildi, ovqatlar yeyildi.
Oʻtirganlar shirakayf boʻlganda boyagi uydan boʻy-bastlari birdek, yoshlari oʻn yetti-oʻn sakkizlarda, boʻyinlariga marvarid va gavharlar, quloqlariga oltin isirgʻalar taqqan, nozik, harir koʻylaklar kiygan, qalamqosh, qora koʻz, nozik badan qizlardan bir toʻdasi chiqib keldilar va Shavkat bilan eson-omonlik soʻrashgach, oʻtirdilar. Bularning qoʻllariga soz keltirib berdilar.
Biri ud, biri tanbur, biri gʻijjak, biri dutor, biri nay, biri chang, biri childirma olib mayin bir maqomga chaldilar, ashulalar aytdilar va turli-tuman oʻyinlar qildilar.
Shu kuni sahargacha bazm boʻldi, oxiri hamma charchab, oʻtirgan joyida yotib uxladi.Ertasi erta bilan hamma uygʻondi. Shavkatning atrofida qizlar parvona boʻlib, unga xizmat qilardilar: biri oltin oftobada yuz-qoʻliga suv keltirib berdi, biri oppoq sochiq keltirib tutdi.
Soʻngra nonushtaga oʻtirdilar. Nonushtaga ham turli-tuman ovqatlar tortildi. Shavkatning huzurida shoʻx, barno qizlar birga oʻtirib, hamtomoq boʻlganidan, har safargi ovqat uning uchun juda ham koʻngilli oʻtar edi. Nonushtadan soʻng shahzodani bogʻ sayriga taklif qildilar, hammalari birga shu hovlining orqasidagi bogʻga oʻtdilar. Bu bogʻ juda obod va kishining bahridilini ochadigan joy ekan. Unda rang-barang gullar ochilgan, hidlari hammayoqqa sochilgan, gul ishqida bulbullar sayragan.
Ular shahzodani bogʻda uzoq sayr qildirdilar. Sayr-tomoshadan soʻng tushlik ovqatni yedilar, maylarni ichdilar. Kechgacha aysh-ishrat, oʻyin-kulgi bilan oʻtirdilar va kunduzgi xursandlik kechki ovqatga, undan soʻng tungi xursandchilikka ulanib ketdi. To sahargacha shunday aysh-ishrat, bazm, oʻyin-kulgilar boʻldi, sozanda qizlarning sozlari va yoqimli ovoz bilan aytgan ashula tovushlari koʻklarga yetdi. Bazmdan soʻng hamma oʻz oʻrnida dong qotib uxladi.Ertalab tong otdi.
Nonushtadan soʻng chol qizlarning har birini har ishga buyurdi va bu yerda chol, xotini va Shavkat uchalasi qoldilar.
Shunda chol:— Kechirasiz, mehmon! Kelganingizga ikki kecha boʻldi. Kelgan kuningizda sizning kim ekanligingizni soʻrash odobdan emas edi. Mana, ancha hordiq chiqardingiz.
Endi oʻzingizning kim ekaningiz va qanday qilib bu joylarga kelib qolganingizni bizga aytsangiz!
— dedi.
Shunda Shavkat soʻz boshladi:— Men shu togʻ orqasidagi Bagʻdod shohining shahzodasiman. Otamni shohi Odil deydilar. Men kunlardan bir kun askarlarim bilan ovga chiqdim. Togʻning darasida ov ovlab yursam, qarshimdan bir kiyik chiqdi: u kiyikning toʻrtala oyogʻi oppoq sadafdan, ikki shoxi oltin, kumush, marvarid va gavhardan naqshlangan. Har qaysi oyogʻida ikkitadan sakkizta oltin halqasi bor, ustidagi yunglari oʻttiz ikki xil tovlanadi. Bu kiyik yuz gʻamza va noz bilan turli maqomda oʻyinlar koʻrsatdi.
Men askarlarimga shu kiyikni tiriklay ushlashni buyurdim, tirik ushlab boʻlmadi, uni otib olishga qaror berdim. Otdan oʻzimni tashlab besh yuzta oʻq otsam ham tegmadi.
Shundan keyin togʻga qarab yugurdi, uning ketidan ot qoʻydim, kiyik togʻga ulashdi. Men ham ulashdim.
— Kiyik togʻning bu tomoniga oʻtganda oʻrmonzorga kirib yoʻqoldi, men ham uni izlab oʻrmonzorga kirdim, — dedi.Shu paytda qarshimdagi uylardan birining eshigi ochildi. Eshik ochilishi bilan uy ichidan bir shuʼla chiqib, butun hovlini yoritganday boʻldi. Undan yoshi oʻn oltiga borgan, ikki koʻzi charosdek, ikki qalam qoshi qulogʻiga yetgan, qop-qora sochlari buram-buram boʻlib orqasini tutib ketgan, xipcha bel, lablari piyozning qobigʻidek, ilon boʻyin, labining ustida qop-qora xoli, oppoq yuzi anordek, baqbaqasi momiqday, tishlari durdek, oʻzi misoli jannatdagi hurdek, sarvi qad, shoʻx bir qiz qah-qah urib yugurib chiqdi, shahzodaga bir namoyish berib, yana kulganicha orqasiga qaytib kirib, eshikni berkitdi, gʻoyib boʻlib ketdi.
Chol esa unga qoʻlini bulgʻab “Ha, shumtaka!” deganicha qoldi.Hikoya qilayotgan shahzoda bu qizni koʻrgach, xayoli tamoman unga ogʻgan edi. Hikoyasini ham unutib, boshidan aqli, ogʻzidan gapi qochdi va soʻzdan toʻxtadi. Chol:— Gapni davom ettira vering, Shavkatbek!
— dedi.Shavkat cholning gapidan keyin aql-hushini toʻpladi va chol bilan xotinidan izza tortib, gapni davom ettirdi:— Men kiyikni oʻrmonga quvlab kirdim, kechgacha qidirib topolmadim.
Shu kuni oʻrmonda qoldim, ertasi yana izlab, topolmay, oxiri bir toʻqayzorga chiqdim. Bu joyda kiyikni tutolmaslikka aqlim yetgach, qaytib ketmoqchi boʻldim, biroq yoʻldan adashdim, qayoqqa ketishni bilmay, tavakkal qilib bir tomonga qarab yura berdim.
Oxirida sizning joyingizga keldim, — dedi.
Shunda haligi eshik yana ochilib, boyagi shoʻx qiz yana bir chiqib koʻrinish berdi va cholning “Ha, shum!” degan soʻzini eshitib, qah-qah urib kulib, yana qaytib kirib ketdi.Shahzoda yana hushidan ketdi. Birozdan soʻng shahzoda hushini toʻplab:— Men oʻzimning kimligimni aytdim, endi gap navbati sizga keldi, —dedi. Chol:— Bizning hikoyamiz har vaqt boʻla veradi. Oldin oʻyin-kulgi qilib olish kerak, — dedi va qizlarni chaqirib, hammalari yana bogʻ sayriga ketdilar.
Oradan uch-toʻrt kun oʻtdi. Bogʻ sayridagi oʻyin-kulgilar vaqtida shahzoda juda shodlanib, chehrasi ochilar edi.
Biroq shu kuni u qovogʻini ochmadi, qizlar bundan tashvishlanib, “Mehmon nimadan xafalandi ekan?” deb uni xursand qilish uchun tobora yaxshi gaplar va yaxshi oʻyinlar koʻrsatar edilar.Biroq shahzoda ochilmas edi, ovqat vaqtlarida va bazmlarda ham u jilmayib kulmadi. Qah-qah urib kulib qochgan qiz uni maftun qilgan edi.
Bir kuni shahzoda choldan:— Siz ham kim ekanligingizni va bu kimsasiz joylarda bir oʻzingiz makon tutib oʻltirganingizning sababini ayting!
— deb yana soʻradi. Chol soʻzni boshqa yoqqa bursa ham, shahzoda unamadi, shunda chol oʻzining kim ekanini aytishga kirishdi:— Men Hirot shahridan boʻlaman. Otam katta savdogar edi. Otamning bir qancha ming tuyasi boʻlib, u Hirotdan boshqa shaharlarga va turli joylardan Hirotga mol keltirib sotar edi. Otam keksaydi, men oʻsib yigit boʻldim.
Bir kuni otam meni oʻz qoshiga chaqirib aytdi:— Oʻgʻlim Sodiq!
— endi yigit boʻlding, aqling toʻla. Har ishni buyursam udda qila olasan. Men boʻlsam qaridim, bundan buyon karvon bilan, shaharma-shahar yurish qoʻlimdan kelmaydi.
Endi men savdo ishlarimni senga topshiraman, sen shaharma-shahar yurib mening savdo ishlarimni oʻzing olib borgin!
— dedi.
Shunda men otamning izzatini joyiga keltirib:— Xoʻp, otajon! Agar siz buyursangiz, yoʻl-yoʻriq koʻrsatsangiz jon-dilim bilan qilaman!
— dedim.Oradan koʻp vaqt oʻtmay, shahrimizdan bir karvon Hindistonga joʻnamoqchi boʻldi. Otam yuz tuyaga mol ortib berdilar. Men yuz tuya molni olib, qancha tuyachilarim bilan Hindistonga joʻnadim. Tuyalarga Hindiston aholisi suyadigan turli-tuman mollar ortilgan, oldi zarlar, iraklar bilan yasatilgan edi.Tuyalarning boʻynidagi qoʻngʻiroqlarning jarang-jurungi hamma yoqni buzib yuborguday boʻlardi.Biz shahardan shahar, qishloqdan qishloq oshib, oxiri keng sahroga chiqdik.
Suvsiz, oʻt-oʻlansiz dashtlarda bir qancha kunlar yoʻl yurdik. Yoʻl azobini koʻp koʻrdik. Oxiri Hindistonga bordik. Bir shaharga yetib, har qaysi karvon bittadan karvonsaroyni egallab tushdik.Shul kuni karvonga dam berdik. Oʻzim saroyda bir hujrada turdim. Ertasi kuni bu shahar savdogarlari mollarimizga xaridor boʻla boshladilar. Keltirilgan mollarni sotishga kirishdik.
Shu kuni kech boʻldi, uxladik. Sahar oʻrnimdan turdim, yuvinib, namoz oʻqigani machitga kirdim. Namozni oʻqib boʻlgach, odamlar shoshilgan holda tashqariga chiqa boshladilar. Men ham ularning orasida tashqariga chiqdim. Koʻchada shu qadar odam koʻpki, boʻsh joy yoʻq. Bu odamlar orasida yosh bolalar, yigitlar, oʻrta yasharlar, qarilar, qizlar, kelinlar, xotinlar, kampirlar — hamma bor. Ular bir tomonga qarab oqib boradilar. Machitdan chiqqan kishilar ham oʻz uylariga qaytmay, shu olomonga qoʻshilib keta berdilar.
Men: “Odamlar qayerga borar ekan?” deb, shularga aralashib keta berdim. Olomon yurib-yurib shaharning chekkasiga chiqdi. Oldinda qandaydir haybatli bir darvoza koʻrindi. Kishilar shu darvozaga kirdilar, men ham kirdim.Darvozaning ikki biqinida murti shopday, dargʻazab, yaroq taqingan kishilar turibdi. Ichkariga kirganda qarasam, juda keng bir maydon: bir tomoni uzun va baland devor. Uch tomoni daraxtzor. Maydonning bir tomonida qator ot mingan kishilar turibdi.
Seryol, serdum, koʻkrakdor, gajak boʻyin, novcha va semiz koʻk otlarda bir-biridan chiroyli bir xil kiyimli yosh yigitchalar, otliqlar oldida qir-qizil irakda kamzul va shim kiygan, beliga tilla kamar bogʻlab, boshiga toj oʻrnatgan, oʻn sakkiz yashar bir yigit turibdi. Bu yigit shu qadar hushqomat, qora koʻz, qora qosh, qizil yuz yigitki, misoli ikki yuzidan qon tomganday koʻrinadi.Bu maydonga kirgan odamlar maydonning boʻsh joyiga kirib joylana berdilar. Odamlar kirib boʻldi.
Men umrimda hali bu qadar koʻp odamni koʻrgan emas edim. Odamlar otliqlarga, ularning oldidagi qizil kiyimli yigitga qarab:— Hay, attang! Juda ham yaxshi yigit ekan-da!
— dedilar. Bunda turganlarning chehrasi gʻamgin, xafa. Hammasining ogʻzida “Hay, attang, shunday yigit nobud boʻladimi?!” — degan soʻz.Baʼzi qari kishilar va kampirlar yigitga qarab yigʻlaydilar. Bu fursat menga juda qoʻrqinchli tuyuldi.
Oradan bir qancha vaqt oʻtgandan keyin, otliqlar oldidagi qora otdagi qizil kiyimli yigit ilgariga qarab yurdi va bir joyga borib otdan tushdi.
Shu joyda ikki ustunga katta bir nogʻora oʻrnatilgan ekan, bola ustunga osilgan nogʻora choʻpni olib, nogʻorani uch-toʻrt urdi.
Shu paytda odamlar maydonning bir tomonidagi devorga koʻz tashladilar. Bu devorning ikki joyida darvoza bor. Darvozalardan birining devorlariga odam kallalari osib qoʻyilibdi. Nogʻora tovushi chiqqandan keyin, darvoza ochildi va ichkaridan oʻn nafar yoshi oʻn toʻqqiz-yigirmalarga borgan, qora soch, qora qosh, qora koʻz, oq badan va oq harirlarga oʻralgan nozanin qizlar, yuzlarida tabassum bilan yugurgilab chiqdilar va yigitni oʻrtaga olib ichkariga olib kirib ketdilar. Bular kirgandan keyin darvoza ham yopildi.
Shu payt olomon juda ham bezovtalandi.
Oradan ikki soatcha oʻtdi. Ichkaridan karnay-surnayning mungli tovushi eshitildi, darvoza tezda ochildi.
Shunda oldiga shapaloq-shapaloq qizil dogʻlar tekkan, oq ola yopqich tutgan, basharasi burishgan, afti xunuk bir kishi, oʻng qoʻlida pichoq, chap qoʻlida boyagi yigitning kallasini qulogʻidan ushlab, qonini oqizib chiqdi va devordagi kallalar yoniga olib borib mixladi. Bu jallod koʻrinishi bilan olomon orasida birdan qiy-chuv koʻtarildi. Necha kishi: “Dod!” deb oʻzini yerga tashladi-da, hamma birdan “Voy attang, shunday yosh yigit oʻlib ketdi-ya!”—deyishdi.
Baʼzi xotinlar: — “Voy seni onang tugʻmay oʻlsin, seni jallodning qoʻliga yem boʻlish uchun tugʻgan ekan-da!” deb yigʻlar va baqirar edilar. Jallod kallani devorga qoqib, ichkariga kirdi. Darvoza yopildi.
Shunda odamlar koʻz yoshlarini artib, yana kelgan tomonlariga tarqaldilar. Men ham karvonsaroyga borib, hujramga kirdim.
Biroq shu vaqt ichida boʻlib oʻtgan dahshatli voqeaning sababini anglamadim. Biror kimsadan gap soʻrash menga juda oʻngʻaysiz tuyulgan edi.
Shu payt koʻcha tomondan:— Illolloh! Yo doʻst!
— degan tovush eshitildi, shoshilib tashqariga chiqdim. Qarasam, hassali bir moʻysafid koʻcha tomondan “Hay attang, ey darigʻ!” deb kelayotir. Bu kishi saroy hujralaridan birining qulfini ochib kirib ketdi.Men cholning hujrasini chertdim. Chol kelib hujraning eshigini ochdi va: “Marhamat, bolam, marhamat!” dedi. Men ichkariga kirdim va chol bilan koʻrishdim. Chol oʻrin koʻrsatdi. Oʻtirdim. Chol mening kirganimdan ajablanib:— Bu gʻarib otangizning hujrasiga qanday shamol uchirib kirdi, mehmon bolam!
— dedi. Men ham bunga yarasha javob qildim va birga soʻzlashib oʻtirdim. Chol meni choy-non bilan siyladi.
Shunda men bu cholga oʻzimning musofirligimni bildirib, erta bilan boʻlib oʻtgan fojianing sababini soʻradim. Chol:— Oʻgʻlim, siz musofir ekansiz. Bu voqeaning tagini bilmas ekansiz.
Shu sababli bilmaganingizcha keta bering, men buni sizga aytmay ham qoʻya qolay, — dedi.Cholning soʻzini qaytarib “Aytsang ham aytasan!” deb turib olish oʻngʻaysiz koʻrinib, biroz oʻylandim va oʻyimga kelgan narsani cholga:— Ey, ota! Men shahringizga kelib shu voqeani koʻrdim. Shahrimga qaytib borib ota-onalarimga, tanishlarimga soʻzlasam, ular buning sababini soʻrab qolsalar, “Men bilmayman” deb javob bersam yaxshi boʻlmas, — dedim.Chol mening soʻzimni chamalab koʻrdi, maʼqul tushdi, shekilli:— Boʻlmasa, aytsam aytayin!
— deb soʻz boshladi:— Bizning podshohimizni shoh Salom deydilar. Shoh Salomning bir qizi bor. Uning oti Mohistara. Bu qiz, bilmadim, odamdan tugʻilganmi, paridan tugʻilganmi, goʻzallikda butun mamlakatda yagona. Hech qayerda bu qizdan oʻzadigan husndor qiz hali olamga kelgan emas. Bu goʻzal Mohistaraning taʼrif-tavsifi butun olamga ketgan. Bunga xushtor boʻlmagan shohlar, shahzodalar, boylar va boyvachchalar qolmagan. Mohistaraga xushtor boʻlgan yigitlar uning saroyiga kelib kiradilar.
Unga koʻrinish berib, arz-hollarini aytadilar. Mohistara yigitning oldiga shart qoʻyadi va: “Shu shartni bajarsangiz sizga xotin boʻlaman. Agar bajara olmasangiz oʻldirtiraman!” deydi. Yigit Mohistaraning ishqida kuyib-yonib, oʻzini shamga urgan parvonaday, koʻziga oq-qora koʻrinmay, shartni bajarishga koʻnadi va bajara olmagandan keyin, jallodlar yigitning kallasini kesib, devorga qoqadi. Mohistaraning nomi ketgandan beri juda koʻp kallalar kesildi.
Kallalar kesila berganidan keyin, shoh Salom mamlakat ahli shu voqeani oʻz koʻzi bilan koʻrib, ibrat olsin deb, qiziga sovchi kelgan kuni butun shaharga xabar beradigan boʻldi. Odamlar uning oʻrdasiga borib toʻplanadi va fojiani oʻz koʻzlari bilan koʻrib, dillari vayron boʻlib qaytadi. Mana, bugun ham shunday fojia boʻlib oʻtdi. Bugun kallasi kesilgan yigit Basra mamlakatining shahzodasi ekan, — dedi.Men choldan voqeani anglab, cholga rahmat aytib, oʻz hujramga chiqdim.Odamlarim mollarni sotib ham boʻldilar.
Shahrimizga olib ketish uchun mol olishimiz kerak edi. Men bozorda yursam bir joyda bir kampir tugunni yerga qoʻyib:— Shu tugunni kim oʻn ming tillaga sotib oladi?
— deb, xaridor chaqiryapti. Men kampirdan:— Ona, tugunda nima bor?
— deb soʻradim. Kampir:— Ichida nima borligi aytilmaydi. Bahosi oʻn ming tilla. Uyingizga borib ochasiz. Nima chiqsa, baxtingizdan!
— dedi.Men qiziqib, shu tugunni oʻn ming tillaga sotib oldim va shoshilganimcha hujraga olib borib ochdim. Ochsam, ichidan bir koʻylak chiqdi. Koʻylak nuqul zardan va oltindan ishlangan, tangachalar tikilgan xotinlar koʻylagi ekan. U shu qadar chiroyli tikilganki, men olamda shu qadar chevar tikuvchilar borligiga hayron qoldim. Koʻylakning u yoq-bu yogʻini koʻrdim. Koʻylakning old tomonida, koʻkragida bir qizning surati bor. Ostiga “Malikai Mohistara” deb yozib qoʻyilibdi.
Suratga qarab, bu qizning chiroyini koʻrib, husniga mast boʻlib, hushimdan ketib yiqilibman.Bir vaqt hushimga kelib, koʻzimni ochib qarasam, tepamda odamlarimdan va birga kelgan karvonboshilardan bir toʻdasi turishibdi. Ular mening koʻz ochganimni koʻrib:— Ana koʻzini ochdi. Xayriyat tirik ekan!
— deyishdi. Ular meni oldin uxlayapti deb gumon qilib, indamabdilar.
Keyin uygʻotibdilar, turmaganimdan keyin yuzimga suv sochibdilar, koʻzimni ochmabman. Men uch kecha-kunduz deganda hushimga kelibman. Koʻzimni ochgandan soʻng, ular mendan hol soʻrashdi. Men:— Koʻchada issiqda yurib kelib, shu ahvolga tushdim, — dedim va sir bildirmadim. Ular xursand boʻlib, hujradan tarqalishdi. Ular ketgach, Mohistaraning suratini yana bir koʻrish yuragimga orzu boʻlib tushdi. Koʻylakni qoʻlga olib, suratga qarab, yana hushimdan ketibman. Bu safar ham uch kecha-uch kunduz deganda hushimga kelibman.
Hushimga kelsam, yana tepamda sheriklarim, bu safar ham sirni ularga bildirmadim.Men bilan birga kelgan karvonlar mollarini sotib boʻlib, ketishga hozirlandilar. Ular tez-tez huzurimga kelib, mening ham tezroq hozirlanishim kerakligini aytar edilar.
Biroq menga mol-dunyoning keragi yoʻq, faqat es-u hushim malikai Mohistarada edi.
Oradan bir qancha kunlar oʻtdi. Sheriklarim yoʻl hozirligini koʻrib, saharda joʻnash uchun mening oldimga keldilar. Bunda men Mohistara oyimning xayolini surib, hujramda tuz totmay, ranglarim sargʻayib yotgan edim. Ular meni bu ahvolda koʻrib hayron boʻldilar va menga “Qachon ketamiz?” deb savol berdilar. Men ularga:— Sizlar keta beringiz, men ketmayman!
— dedim. Sheriklarim mening soʻzimdan ajablandilar va holimning ogʻirligini koʻrib, ketmasligimning sababini soʻray boshladilar. Men aytmadim, ulardan biri boshqa sheriklarni ketkazib, mendan astoydil hol soʻradi. Men voqeani unga bayon qildim va Mohistaraning saroyiga borishimni, uning shartini bajarishga ahd qilganimni aytdim.
Shunda u odam:— Ey birodar! Siz bilan biz musofirmiz, savdo ishi bilan kelganmiz. Eson-omon oʻz joyimizga yetib olaylik, qoʻying bunday ishlarni. Mohistaraning taʼrif-tavsifini biz ham eshitdik. Unga xushtor boʻlgan kishilar uning shartini bajara olmay oʻlar ekan, siz ham oʻlib ketmang, — dedi.
— Bir Mohistara uchun yuzta kallam boʻlsa ham tikkanman. Mohistaraning shartini bajara olmasam, bir marta uning jamolini koʻrib oʻlsam, armonim yoʻq!
— dedim.Sherigim koʻp nasihatlardan soʻng:— Axir siz Mohistaraga xushtor boʻlsangiz, odamlaringizni, bundagi mol, tuyalaringizni sarson qilib qoʻymang. Siz kerakli mollarni oling, birgalashib joʻnaylik. Otangizning omonatlarini oʻziga olib borib topshiring.
Keyin bir oʻzingiz kelib, Mohistaraga oshiqligingizni qila bering!
— dedi.Sherigimning gapi menga maʼqul tushdi va joʻnashga soʻz berdim.
Shunda bu odam menga yordamlashib, yoʻl hozirligimga kirishdi.
Oradan ikki kun oʻtgach, biz bu shahar bilan vaqtincha xayrlashib shahrimizga joʻnadik. Bir qancha kun yoʻl yurib, boyagi poyonsiz qum sahrosiga borib yetdik. Charchagan yerlarda toʻxtab, dam olib, qumlar ichida borar edik.
Bir kuni kechasi havo aynidi va asta shamol keldi. Shamol tobora kuchayib, sahroning qumlarini uchirib, hamma yoqni chang-toʻzon bilan qopladi. Shamolning shiddati va changning zoʻridan tuyachilar va tuyalar yurishdan toʻxtadi. Tuyalarni toʻxtatdik va choʻktirib, ustlaridan yuklarni tushirdik. Shamol zoʻrayib, choʻlning qumlarini boshqa tomonlarga koʻchirib olib ketmoqda. Bu yoʻllarda ilgari ham yurib koʻrgan tuyachilar vahimaga tushdilar, ular agar shamol zoʻrayib ketsa, hammamiz qumning ostida qolamiz deb xavflanar edilar. Hammamiz allaqanday qoʻrqinchli xayollarga choʻmib oʻtirar edik.
Shu payt uzoqdan bir qum quyuni paydo boʻldi. Bu quyun yerdan koʻkka tegar, goʻyo yer bilan osmon oʻrtasidagi yoʻgʻon bir ustunga oʻxshar va ilondek buralib, kamonning oʻqidek shitob bilan kelar edi. Bu quyun yoʻlini biz tomonga qarab burdi va keldi-da, meni oʻrab, oʻzi bilan birga olib ketdi. Men quyunning ichida uchib ketayotib, oʻzimdan ketibman. Bir zamon oʻzimga kelib koʻzimni ochib qarasam, shu bogʻdagi shu supada yotibman, tepamda bir qancha nozanin qizlar bor. Men bu ahvoldan “Ajinalar orasiga tushib qoldim shekilli”, deb juda qoʻrqib ketdim.
Biroq qizlar:— Qoʻrqmang, endi oʻrningizdan turing, yuvining!
— dedilar. Men qoʻrqa-pisa oʻrnimdan turdim. Qizlar meni yuvintirdilar. Oppoq ust-boshlar kiygizdilar va juda ham goʻzal, nozanin bir qizning yoniga olib ketdilar. Qiz meni yaxshi qarshi oldi va kulib boqib, oldimga keldi-da, qoʻlimdan yetaklab borib, oltin kursiga oʻtqazdi, oʻzi ham oltin kursiga oʻtirib, mening koʻnglimni olish uchun noz-u istigʻno bilan har xil yoqimli soʻzlar ayta boshladi. Men nima voqea boʻlganini bilmas edim, qoʻrqib, hadeganda gapira olmadim va qizning savollariga qarshi:— Men qayerdaman?
— deb soʻradim.Qiz qah-qah urib kuldi va kelib qoʻlimdan ushladi-da, turgʻizib, boshimni koʻksiga qoʻydi, yuzimni asta silay boshladi, yana joyimga oʻtqazib gap boshladi:— Ey goʻzal yigit, men parilar mamlakatida pari malikalaridan biri boʻlaman. Otim Sanobar. Parilar mamlakatida bir gunoh ish qilib qoʻyganim uchun malikalar malikasi meni shu joyga koʻchirib yubordi. Men bu joyga oltmish yilga kelganman. Bu joylarni malikamiz qurib bergan. Bu qizlar mening xizmatimda.
Men malikamdan birorta odamzodni topib, erga tegishga ruxsat olganman. Kelganimdan beri koʻp joylarni qidirib, koʻnglimga toʻgʻri kelgan yigitni uchratmadim. Bu kun choʻlda kaptar boʻlib uchib yurganda sizni koʻrdik va quyun boʻlib borib olib keldik. Siz choʻlda qolgan mol-dunyolaringizdan qaygʻurmang. Ular eson-omon otangizning qoʻliga borib tegadi. Bizda otangiznikidan ham koʻp mol-dunyolar bor.
Endi gap shulki, siz meni nikohingizga oling. Ikkimiz shu joyda rohatda yashaylik, — dedi. Men qizning gapidan soʻng voqeani angladim va ancha dadillandim.
Endi nima qilmoq kerak?
— deb oʻylandim. Qiz esa, mening atrofimda par-vona boʻlib, qanday qilib boʻlsa ham meni koʻndirish harakatida edi. Men oʻylana-oʻylana oʻz-oʻzimga dedim:— Men Mohistara oyimni yaxshi koʻrdim. Mening fikr-yodim unda edi. Unga yetishim xatarli, baxtim yoʻl berib yetishsam yetishaman, yetishmasam oʻlib ketaman. Bu qiz pari boʻlsa, buning husni ham oʻn toʻrt kunlik oyday, bir mamlakatga bergisiz qiz ekan.Shu kuni men bunda mehmon boʻldim. Meni juda ham siylab, yaxshilab ziyofat qilishdi. Ertasi Sanobar oyimga nikohladilar. Men u bilan bunda rohatda yashay boshladim.
Shundan beri oradan qirq yil oʻtdi. Unda yoshim oʻn sakkizda edi, hozir ellik sakkizga kirdim. Oʻsha Sanobar oyim mana bu kishi, — deb yonidagi boyagi nozanin xotinni koʻrsatdi, xotin kulimsirab yerga qaradi va chol soʻzini davom etib: — Bundan bir qiz tugʻildi!
— dedi.Shul payt boyagi eshik ochilib, yana ilgari chiqib jilva berib qochib kirib ketgan goʻzal qiz chiqdi-da, yana kirib ketdi.Chol shu qizni koʻrsatib, “Oʻsha mening qizim. Bu qiz shu qadar shoʻx boʻldiki, goho gul boʻlib ochilib, tepasida bulbul boʻlib sayraydi, goho kaptar boʻlib uchadi, goho baliq boʻlib suvda suzadi. Goho kiyik boʻlib togʻlarga chiqib ketadi. Siz ov qilib yurganda, sizga koʻringan kiyik ham shu mening qizim. U sizni yaxshi koʻrib, sizni bu yerga ergashtirib kelgan.
Siz turgan yer bilan bu yerning oraligʻi bir yarim oylik yoʻl”, dedi.Shunda Shavkat uyalinqirab yerga qaradi. Qiz yana koʻrindi, otasi uni: “Ha, shum! Akangni bu qadar qiynamasdan, toʻgʻri boshlab kela bersang boʻlmasmidi?” — dedi.
— Endi, oʻgʻlim, siz bu joyga kelibsiz. Bizning qizimiz sizga boʻlsin. Siz bizga kuyov boʻling, birga shu joyda yashaylik!
— dedi.Shavkat cholning boshidan oʻtkazganlarini eshitib, ichida unga tahsinlar aytdi va kiyik qiyofasida oʻzini ergashtirib kelgan qizga yanada mehr qoʻya boshladi.
Lekin u cholning taklifiga biror javob aytmadi.Shu payt qizlar tushlik ovqat tayyor boʻlganini aytdilar. Shahzoda, chol, uning xotini Sanobar oyim va hamma qizlar kelib oʻtirdilar. Chol qizlardan biriga:— Sayyoraga aytingiz, akasidan uyalmay chiqa bersin!
— dedi. Sanobar oyim esa: “Qoʻying, uyaladi!” dedi.Cholning gapiga qarshi aytilgan bu gapga shahzoda ichida juda ham norozi boʻldi.
Shu payt u qizlarga qarab: “Kiring, olib chiqing!” degisi keldi-yu, biroq bunday deyish mumkin emasdi.Sanobar oyim “uyaladi” degandan keyin qizlardan biri: — Uyalsa bizning yonimizda oʻtirar-da, olib chiqaylik!
— dedi va uyga kirib ketdi.Katta hovlidan oʻtib kiriladigan shinamgina bogʻchada cholning “kiyik” qizi Sayyora oyim oʻz kanizaklari bilan oʻyin-kulgiga mashgʻul edi. Qiz borib Sayyora oyimni shahzoda bilan birga ovqatlanishga taklif qildi. “Kiyik” qiz uyalishini aytsa ham, qizlarning qistovi bilan chiqishga majbur boʻldi. Tashqaridagilarning shahzodadan boshqasi beparvo, har qaysisi oʻz gapi bilan, biroq shahzodaning fikri yodi “kiyik” qizda va koʻzi oʻshal eshikda edi.
Qizning uydan chiqishi subh sodiq boʻlib, togʻning narigi yogʻidan asta-sekin quyosh zarralari butun olamga namoyon boʻlayotganday tuyular edi. Kun ham chiqib, butun olam munavvar boʻldi. Uning atrofidagi sayyoralar quyoshni olqishlab keldilar. Oʻltirganlar ularga kulib boqdilar. Quyosh — Sayyora uyalgan, qizargan va yerga qaragan holda, goho orqaga qarab kulib, qochmoqchi, goho kaptar boʻlib uchib ketmoqchi boʻlib, qadamini shiddat bilan bosib keldi, marmar supaga chiqib, shahzodaga: “Keling, mehmon!”— dedi-da, qizlarning orasiga borib oʻtirdi.
Oʻltirganlar ovqatlanishga boshladilar, bu shunday bir zavqli payt boʻldiki, shahzodaning nazarida butun tabiat tabassum bilan unga “qayliq muborak!” deyayotganday; bulbullar, toʻti va qumrilarning sayragan ovozlari yor-yor kuyini kuylayotganday tuyuldi. Sayyora bilan shahzodaning koʻzlari tez-tez bir-biri bilan uchrashishda davom etdi. Ovqatdan soʻng Sayyora shahzodaga koʻz qirida “xayr” dedi, yana oʻz ravzasiga kirib ketdi.Shahzoda bilan Sayyoraning bu nozik muomalalarini payqagan Sanobar pari koʻnglida juda ham shodlandi.
Chol bilan suhbatlashib oʻtirgan shahzoda:— Oʻsha koʻylakni nima qildingiz?
— deb soʻradi.
— Ul koʻylakni yoʻqotganim yoʻq, uyda turibdi, — deb javob berdi chol.Shunda shahzoda choldan oʻsha koʻylakni koʻrsatishni soʻradi. Chol Sanobar oyimning lab va qovogʻi bilan: “boʻlmaydi!” degan ishorasidan keyin:— Bolam, qoʻying, koʻrmay qoʻya qoling!
— dedi.Shahzoda yana bu joyda bir qancha kun turdi. Har kuni qizlar bilan suhbatlashdi. Sayyora bilan doim birga boʻldi. Sayyoraning oydek jamoli va oʻtdek soʻzlari shahzodani juda ham maftun qildi, uning Sayyoradan hech ajralgisi kelmas edi. Chol bilan xotini esa, endi Sayyora bilan shahzodani nikohlash fikriga tushgan edilar. Sanobar oyim bir kuni qizlar bilan kaptar boʻlib, atrofni tomosha qilib kelmak uchun uchib ketdilar. Chol yakka qoldi. Shahzoda shu paytdan foydalanib, boyagi koʻylakni koʻrsatishni choldan soʻradi.
Chol qancha qaytarsa hamki, shahzoda qistay berdi. Oxiri chol tugunchani olib chiqib shahzodaning oldida yechdi. Tugundan bir koʻylak chiqdi. Chol koʻylakni shahzodaga koʻrsatdi. Shahzoda koʻrsa, koʻylak haqiqatan qimmatbaho va juda ham yaxshi tikilgan. U shu koʻylakni Sayyoraga kiygizib, uning jamolini va qaddini tomosha qilishni xotiridan oʻtkazdi. Shahzoda koʻylakning u yoq-bu yogʻini tomosha qilayotib, old tomonda, koʻkragidagi Mohistaraning suratiga koʻzi tushdi.
Shahzoda suratga qarasa, shunday goʻzal bir qizki, bu husnning oldida Sayyoraning husni hech narsa emas. Mohistara katta bir uyni yoritib turgan ravshan chiroq boʻlsa, Sayyoraning chiroyi uning oldida xira chiroqdek koʻrindi, uning husniga mast-alast boʻlib, hushidan ketib yiqildi.
Oradan bir qancha vaqt oʻtib, shahzoda hushiga keldi. Qarasa, tepasida chol, uning xotini va qizlar juda xomush boʻlib turibdilar. Sanobar pari cholga: “Men sizga koʻylakni koʻrsatmang, deb koʻp tayinladim. Nega koʻrsatdingiz! Mana endi nima boʻldi!” — deb gʻazab qilib turibdi. Chol xafa. Sayyora esa ikki koʻziga yosh olib, yigʻlayapti.Shahzoda hushiga kelgandan soʻng, hammalari suyundilar.
Biroq shahzodaning muhabbatini Mohistara oʻziga tamom tortgan edi.
Shu sababli u Sayyoraga nazar ham solmadi va yana bir marta koʻylakni koʻrsatishni soʻradi.
Lekin koʻylakni koʻrsatmadilar.
Shu paytdan boshlab, shahzodaning vajohati oʻzgardi. U ilgarigidek lab ochib gapirmadi, qovoq ochib kulmadi, uning bu ahvolidan hammalari tashvishda edilar. Ayniqsa, Sayyora juda ham bezovta boʻldi. Ertasi shahzoda cholga:— Otimni beringiz! Men ketaman, — dedi.
Biroq chol otini bermadi va qanday qilib boʻlsa ham uni ovutmoq harakatiga tushdi. Sanobar oyim xafa boʻlib, tez-tez choldan oʻpkalar, koʻylakni koʻrsatgani uchun tanbeh berar edi.Oradan yana ikki-uch kun oʻtdi. Bu orada shahzodaning xafachiligi yozilmadi. Sayyora unga qanchalik yalingan, yolvorgansimon muomalada boʻlsa ham shahzoda bunga parvo qilmadi. Shahzodaning fikri-yodi tamoman malikai Mohistaraga ketdi.
Bir kuni shahzoda ketishga astoydil harakat qilib, otini talab qildi. Otini bermaganlaridan soʻng “Boʻlmasa piyoda ketaman” dedi.
Shunda chol otni berishga majbur boʻldi va otni keltirib, shahzodaga toʻgʻri qildi, shahzoda xayrlashish oldida cholga:— Ota, siz menga koʻylakni koʻrsatdingiz, men koʻylakdagi suratni koʻrib, malikai Mohistaraga gʻoyibona oshiq boʻldim.
Endi men Mohistarani izlab boraman. Siz menga Mohistaraning yurtiga borish yoʻllarini aytib bering!
— dedi. Chol aytdi:— Ey, bolam, siz u yerlarga yakka oʻzingiz borolmaysiz. U koʻp uzoq shahar, yoʻllari juda xatarli.
Shuning uchun men u yerga borishni sizga maslahat bermayman. Shahzoda aytdi:— Agar sizga yoʻlni aytib berish malol kelsa, mayli, tavakkal qilib keta beraman!
— dedi.Chol koʻrdiki, shahzoda yoʻldan qaytmaydi.
Endi bunga yoʻlni tayinlab bermasam, yosh yigit biror joyda nobud boʻlmasin, deb Hindistonga boradigan yoʻllarni tushuntirdi.
Shunda shahzoda choldan, Sanobar oyimdan bergan tuzlariga rozi boʻlishni, qizlardan esa qilgan yaxshiliklariga rozi boʻlishlarini soʻradi.
Biroq Sanobar oyimning roziligi boʻlmadi.
Shunday qilib shahzoda bular bilan xayrlashib joʻnadi. Sayyora esa suygan yoridan ajrab, ogʻzida oshi, koʻzida yoshi bilan qoldi.Shahzoda otini oʻynatib, soʻlugʻini chaynatib, yoʻl yurdi, yoʻl yursa ham moʻl yurdi.
Oradan olti kun oʻtganda bir togʻga yetib bordi. Togʻ juda azim ekan. Shahzoda togʻning u yoq-bu yogʻiga boqib, qoraygan bir narsani koʻrdi. U shu qoraygan tomonga yetib bordi. Borsa, togʻning pastida oʻn-oʻn besh tup daraxt bor, daraxtlarning tagida bir qoʻrgʻoncha, ichida ikkita chordevor uy. Togʻning bir joyidan suv teshib chiqib, nov bilan pastga tushib turibdi. Undan ariq boʻlib oqib, qoʻrgʻonchaga kiradi, undan chiqib, pastga qarab oqib ketyapti.Shahzoda otdan tushdi va qamchisi bilan qoʻrgʻonchaning eshigini qoqdi.
Biroz oʻtgach, qoʻrgʻonchadan eshikni ochib bir chol chiqdi.Chol qarasa, qora yol, qora dum, qilichboʻyin, sagʻrisining ustiga tuxum qoʻysa turadigan, beldor saman otini yetaklab, boshida shahzodalar kiyadigan toji, egnida harir va kimxob ust-boshlar, qilich-yarogʻ taqqan, yoshi oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz oʻrtalarida barkamol bir yigit turibdi. Yigit cholni koʻrib taʼzim qildi, otning yuganini qoʻyib yuborib, kelib cholga qoʻl berdi. Chol ham u bilan koʻrishib, otni ushladi va ichkariga olib kirdi.
Chol shahzodaning otini daraxtga bogʻlab, uyidan bir poʻstak chiqarib ariq boʻyiga yozdi, shahzodani shu joyga oʻtqazib, “Xush kelibsiz” dedi.
Soʻngra bir choydish qaynatib, ikkita qotgan non, pishirilgan kaklik goʻshti bilan mehmon qildi va u bilan suhbatlashib oʻtirdi. Shahzoda choydan soʻng cholga aytdi:— Ota, men yoʻl yurib kelib charchaganman. Agar malol kelmasa, shu joyda biroz mizgʻisam!
— dedi. Chol:— Jonim bilan, bolam. Yoʻl azobi goʻr azobi deganlar. Uxlab, hordigʻingizni chiqaring, — dedi va uyidan ikkita loʻla bolish chiqarib shahzodaning boshiga qoʻydi.Shu kun oʻtdi, tong ham otdi, biroq chol shahzodani juda ham xafa va dardli koʻrdi. Chol aytdi:— Bolam, biz shahardan yiroq shu togʻlarda ota-bobolarimizdan qolgan yerlarda yashab kelamiz. Biz oʻlib ketsak, bolalarimiz qola beradi. Mana men shu joyda bir xotin va bir oʻgʻlim bilan turaman. Uch kun boʻldi, bolalar elga ketishgan.
Bizning tirikchiligimiz ov bilan. Siz dam olib oʻtiring. Men ovga borib sizning rizqingizga nima tushsa, olib kelaman, — dedi. Shahzoda ovga qiziqar edi. Cholning gapini eshitib:— Boʻlmasa, meni ham olib bormaysizmi!
— dedi.Chol bilan yigit ov qilish uchun togʻga chiqib ketdilar.
— Chol yoʻl-yoʻlakay oʻz xotiralarini aytib borar edi.Shahzoda goho diqqat bilan tinglar, goho oʻz-oʻzidan uh tortar edi.
Shu kuni kechgacha kaklik otdilar. Kechga yaqin togʻning baland bir joyidagi toshning ustida qulogʻini ding qilib, butun atrofga koʻz tashlab turgan bir kiyikni koʻrdilar. Shahzoda kiyikni otmoqchi boʻldi. Chol uni otish juda qiyinligini aytdi.
Shunda shahzoda bir toshga suyandi, kiyikni moʻljallab otdi. Kiyik tosh ustidan pastga qarab toʻntarilib tushdi. Chol shahzodaning merganligiga qoyil qoldi, ikkisi borib kiyikni koʻtarib keldilar.Shunday qilib oradan uch-toʻrt kun oʻtdi, bir kuni shahzoda cholga oʻzining ketishini aytib, Hindistonga qaysi yoʻl bilan borish maʼqul ekanini soʻradi. Chol undan Hindistonga borish soʻzini eshitib, Hindiston yoʻlining uzoq va xatarli ekanini, bir kishi borishi mumkin emasligini aytdi.
Biroq shahzoda uchun hech qanday xavf-xatar pisand emas edi.
Shu sababli ketishga qatʼiy qaror qilganini aytdi.
Shunda chol ikki mesh suv va oziq-ovqatlar berib shahzodani Hindistonga joʻnatdi.Shahzoda cholning tayinlagan yoʻli bilan ikki kecha, ikki kunduz yoʻl yurgandan soʻng togʻ tugadi va poyonsiz bir biyobonga borib taqaldi. Shahzoda shu choʻlga qarab ot soldi. Rosa uch kecha-kunduz yoʻl yurgandan soʻng qumli choʻlga kirdi. Oʻn besh kun yoʻl yurdi.
Bir kuni otining orqasiga qandaydir bir narsa irgʻib mindi va shahzodaning boshiga bir shapati urdi. U shapatining qattiqligidan shahzodaning koʻzidan oʻt chaqnaganday boʻldi. Shahzoda hayron boʻlib orqasiga qarasa, bir maxluq mingashib olibdi. Har koʻzi shokosaday, burni yalpoq, junlari qarichga keladi, odam desa odamga, maymun desa maymunga oʻxshamaydi. Shahzodaga qarab goho hiringlab kuladi, goho ogʻzini irjaytirib, tishlarini gʻijirlatib irillaydi. Shahzoda: “Qanday maxluqqa duch keldim, buni nima qilsam boʻladi!” deb oʻyladi. Goho biror narsa demaslik va tegmaslik fikriga, goho oʻldirish fikriga keldi.
Shunda bu maxluq ot ustiga tikka chiqdi, ikki qoʻlini shahzodaning yelkasiga solib, uning ustiga mindi. Shahzoda qarasaki, bu maxluq bor kuchi bilan shahzodani ezib boryapti va shunday qoʻyib bersa, ezib majaqlaydigan. Buni ot payqab, quloqlarini chimirib, etlari dir-dir uchib, pishqirib, dikir-dikir sakrab borar edi.Shahzoda bu maxluqning ikki qoʻlidan mahkam ushlab bor kuchini yigʻib qattiq siqdi-da, otdan koʻtarib yerga bir urdi.
Shunda bu maxluqning bir oyogʻi sinib, qiyqirgan boʻyicha qochib koʻzdan gʻoyib boʻldi. Shahzoda bu balodan qutulganiga shukrlar qildi.
Oradan biroz vaqt oʻtgandan keyin orqasidan duvur keldi. Shahzoda otni burib qarasa, qumni changitib bir toʻda maxluqlar kelyapti. Shahzoda haligi baloning sheriklari deb gumon qildi. Qochay desa, yetib oladi. Qochmayin desa, ulardan bir shikast yetishi mumkin.
Shunda shahzoda tavakkal qilib bu maxluqlarga qarab ot soldi. Haqiqatan, haligi maxluqning yuzga yaqin sheriklari ekan. Kelishib shahzodani oʻrab oldilar. Bu maxluqlar yo shahzodaga yaqinlashmaydi, yo oradan chiqarmaydi. Shahzodani uch kecha-kunduz qamrab yurdilar. Oxiri shahzoda bulardan qutulish qiyin ekanini bildi va yonidagi qilichini chiqarib, tavakkal qilib ot soldi, ular bilan olishib, koʻplarini oʻldirib, yarador qilib, bazoʻr qutuldi. Shahzoda yoʻl-yoʻlakay choʻlning turli vahshiylariga yoʻliqib, ular bilan olishib boraverdi.
Oradan bir oy vaqt oʻtdi. Meshdagi suv ham tugadi. Choʻl qizigan vaqtda qizigan qozonday oʻtli boʻladi. Peshinda ot ham, shahzoda ham hushsizlanadi, kechasi shabada esib, yerlar soviganda hushiga keladi, vaqtni gʻanimat bilib joʻnaydi. Kunduzi yana hushidan ketib yiqiladi; tunda hushiga kelib, yana yoʻl yuradi.
Shu ahvolda oʻn besh kun yoʻl yurgach, shahzodaning oti oʻldi. Shahzoda qattiq xafa boʻldi, noiloj piyoda yurdi. Yana oʻn besh kun yoʻl bosdi.
Bir kuni kechasi bir narsaning tovushi eshitildi. Orqasiga burilib qarasa, butun atrofdan chirillagan ovoz keldi. Bu ovoz tobora yaqinlasha boshladi. Shahzoda vahimaga tushib tez-tez yurdi va bir qumtepa ustiga borib yetdi. Uning oldidan bahaybat ilonlar oʻta berdi. Shahzoda tong otguncha shu joydan jilmadi. Saharga borib subh kozib yaqinlashganda ilonlar qaytib oʻtdi. Ular ketishda ham, kelishda ham tepalikka chiqmadilar. Erta bilan shahzoda yana yoʻlga tushdi.
Shahzoda qancha koʻp yoʻl bosmasin, choʻlning qirgʻogʻi hech koʻrinmas edi. “Yoʻl yura beray, ishim oʻngidan kelsa, chiqib ketarman, oʻngidan kelmasa, oʻlsam oʻlarman!” dedi-da, keta berdi.Oradan bir qancha kun oʻtgandan soʻng uzoqdan bir qora koʻrindi. Shahzoda shu qoraga qarab yurdi. Bir qancha vaqt yoʻl yurgandan keyin koʻringan qoraning daraxt ekani bilindi. Borib qarasa, yerdan buloq qaynab chiqib, katta ariq boʻlib ketyapti. Buloq atrofida bir qancha daraxt bor. Daraxtlarning shoxlari yerga soya solib turibdi.
Shahzoda suvga yetib kelolmasdan oʻn qulochcha narida madorsiz yiqildi. Biroz vaqtdan soʻng oʻziga kelib zoʻrgʻa suvga yetdi, xursandligidan koʻzlaridan yoshlari oqib, toʻyib suv ichdi, shu joyda orom olib uxladi. Ertasiga turib qarasa, juda ozib-toʻzib ketibdi. Shahzoda yaxshilab yuvindi. Holsizlangan oyogʻiga tosh qizdirib bosdi va oʻsimliklarni siqib bogʻladi.
Shundan shifo topib oyoqlari tuzala boshladi. Shahzoda besh-olti kunda oʻziga kelib, biroz tetiklashdi.Bir kuni havo aynidi. Osmonni qora bulut bosib, butun olam qorongʻulashdi. Bir soatdan soʻng qorongʻilik tarqab, uzoqdan toʻrtta quyun paydo boʻldi. Bu quyun shahzoda turgan tomonga qarab joʻnadi. Quyun yaqin kelganda tarqaldi, orqasidan boʻyi bulutga tegadigan, har burni xumdonning minorasiday toʻrtta dev chiqib keldi. Shahzoda devlardan qoʻrqqanidan daraxtga chiqib ketdi. Devlar buloq boʻyiga kelib, uzala tushib yotishdi.
Shahzoda qoʻrqqanidan daraxt shoxini quchoqlab, jim tura berdi.Bir zamon devlardan biri gap boshladi:— Ukalar, endi biz bir ittifoqqa kelmasak boʻlmaydi.Yana bir dev aytdi:— Ittifoqqa kelishimiz juda qiyinga oʻxshaydi.
— Nimaga?
— Men olaman, deganimni sen olaman deysan; sen olaman desang, mana bular biz olamiz deb talashadi. Qanday qilib ittifoqqa kelamiz.
— Endi bizga xolis bir kishi kerak boʻlib qoldi.
Shu kishi hech birimizning gapimizga quloq solmasdan, mana bu senga, mana bu unga deb boʻlib bersa, chekingga chiqsa chekchayma deganday, har qaysimiz oʻzimizga tekkanga rozi boʻlib keta bersak.Bu gap boshqa devlarga ham maʼqul tushib:— Bu juda toʻgʻri maslahat, lekin shunday xolis kishini qaydan topamiz?
— dedilar. Haligi gapni aytgan dev:— Xolis kishini topish qiyin emas, hozirning oʻzida topamiz, — dedi-da, daraxtdagi shahzodaga qarab:— Hoy, shahzoda, pastga tush!
— dedi.
Shunda shahzoda bu soʻzni eshitib, juda ham qoʻrqib ketdi. Dev aytdi:— Biz senga ziyon yetkizmaymiz. Tush! Hojatimizni chiqar! Biz ham sening hojatingni chiqaramiz, — dedi.Shahzoda qoʻrqqanidan tushish u yoqda tursin, devning gapiga gap ham qaytarolmadi. Devlar kutdi. Shahzoda tushmadi.
Shunda devlardan biri yotgan joyidan turmasdan qoʻl uzatdi, shahzodani koʻtarib yerga qoʻydi. Yumshoq gaplar gapirib, shahzodani koʻndirdilar.
Shunda shahzoda:— Nima hojatlaring bor?
— dedi. Devlardan biri:— Biz toʻrttalamiz ogʻa-ini boʻlamiz. Otamdan bizga bir telpak, bir gilamcha, bir kamon, bir oltin jom meros qolgan.Shuni toʻrttalamiz toʻrt yildan beri boʻlib ololmay janjaldamiz. Sen shu narsalarni bizga boʻlib bergin!
— dedi.Shahzoda devlarning shu arzimaydigan narsalarni boʻlolmasligiga hayron qolgan edi, devlar unga shunday izoh berishdi:— Bu narsalarning xosiyati zoʻr. Mana bu telpakni kim kiyib olsa, kishining koʻziga koʻrinmaydi. Gilam ustiga oʻtirib ”koʻtar!” desa, osmonga koʻtarib chiqadi va butun dunyoni sayohat qildiradi.Mana bu jomga suv quyib, shu suvga qarab nima desang, aytganing boʻla beradi.
Mana bu kamonga oʻq solib otsang, koʻzlagan yeringga tegadi, tekkan narsasini birga qaytarib oʻzingga olib kelib beradi.Shunda shahzoda, unday boʻlsa buni qanday qilib boʻlsam ekan, deb koʻp oʻyladi va devlarga aytdi:— Men shu toʻrttala narsani aʼlo avsat qilib boʻlaman. Chunonchi: qalpoq — birinchi, gilamcha — ikkinchi, jom — uchinchi, kamon — toʻrtinchi boʻladi. Men shu kamonga toʻrtta oʻq solib otaman. Hammang barobar chopasan. Qaysi biring oʻqni tutib, oldin kelsang, qalpoqni olasan.
Ikkinchi kelganing gilamchani, uchinchi kelganing jomni, toʻrtinchi kelganing kamonni olasan, — dedi.Bu gap devlarga juda maʼqul tushdi.
Shunda shahzoda yoyga toʻrtta oʻq soldi va bir chekkaga chiqib otishga hozirlandi va oʻqlarga qarab:— Ey, oʻqjonlar, men sizlarni otaman, birortang ham devlarga yetkizmagin va biror joyda toʻxtamay uchib yura bergin!
— deb toʻrtta oʻqni toʻrt tomonga qaratib otdi.Devlar oʻq ketidan chopib gʻoyib boʻldilar. Shahzodaning oʻzi bu narsalar bilan qoldi. Shahzoda gʻanimat fursatni qoʻldan bermadi; narsalarni oldi, gilamni yozib ustiga oʻtirdi va gilamga: “Meni malikai Mohistaraning shahriga yetkazgin!”— dedi. Gilam shahzodani koʻtarib osmonga olib chiqib ketdi va tez orada bir shaharga kelib qoʻndi. Shahzoda gilamdan yerga tushdi, gilamni buklab qoʻltiqqa urdi va asta-sekin shaharga kirdi. Shahardagi bir karvonsaroyga tushdi.
Shahzoda kamonni va qalpoqni qoziqqa ildi. Gilamni va jomni tokchaga qoʻydi. U necha oylardan beri oziq-ovqatning yuzini koʻrmagan, och va oriq edi. Hujrada oʻtirib bir ovqatlangisi keldi.
Biroq ovqatga puli yoʻq edi.
Shunda jomni koʻtarib tashqariga chiqdi. Saroy oʻrtasidagi hovuzdan jomga suv toʻldirib hujraga kirdi va:— E jom, bir xalta tilla hozir boʻlsin!
— dedi.
Shu ondayoq bir xalta tilla hozir boʻldi. Shahzoda bu tillalarni katta-katta sarf qilib, qorinni toʻqladi, ustini butladi va tabiblarga boqizib, yara-chaqalarini tuzatdi.Bir kuni shahzoda hujrada uxlab yotganda qulogʻiga qattiq bir ovoz kirib uygʻondi. Quloq solsa, karnay-surnayning ovozi keldi. Shahzoda: “Bu tunda nega karnay-surnay chalinadi, yo birovga toʻy keldimi!?” deb oʻrnidan turdi va kiyinib tashqariga chiqdi. Qarasa, saroyning tomida qirq karnaychi, qirq surnaychi, qirq bolobomchi, qirq nogʻorachi chalib yotibdi, bularning ovozi hamma yoqni buzib yotibdi.
Biroq cholgʻuchilardan boshqa hech kim yoʻq. Shahzodaning uyqusi kelmadi. Soʻfi azon aytdi. Shahzoda machitga kirdi. Odamlar bilan namoz oʻqidi. Shahzoda ham boshqalar bilan koʻchaga chiqsa, koʻcha toʻla odam, yosh-qari hammasi shoshilganicha, kech qolgan bozorchiday bir tomonga ketib bormoqda. Machitdan chiqqan odamlarga qoʻshilib shahzoda ham keta berdi. Kecha Mohistaraning shartini bajarishga kelgan yigitning taqdirini bilish uchun odamlar podshohning oʻrdasiga qarab borayotgan edi.Olomon podshoh oʻrdasiga yetib bordi. Yoshi oʻn sakkiz-oʻn toʻqqizdagi bir barno yigit hozir boʻldi va maydonning oʻrtasidagi nogʻorani chaldi.
Shu payt darvoza ochilib, undan oppoq irakka oʻrangan, “mana men” degan bilqillama nozik qizlar chiqishdi, yigitni oʻrdaga olib kirib ketdilar, darvoza bekildi. Xalq esa, hayajonga tushib, uning taqdirini kutdi.
Oradan bir soat oʻtgandan keyin jallod bir kallani koʻtarib chiqdi va xaloyiqqa koʻrsatib devorga mixladi.
Shu payt xaloyiq oʻrtasida dod-voy koʻtarildi, kampirlar “dod!” deb oʻzini yerga urdi. Xaloyiq oʻz joyiga tarqab ketdi. Shavkat bu voqeani oʻz koʻzi bilan koʻrgach, Mohistaraning oʻrdasi shu ekanini bilib, hujrasiga qaytdi.
Oradan bir qancha kun oʻtdi. Shahzoda hujrada yotib dam oldi va biroz oʻziga keldi.
Bir kuni malikai Mohistaraning oʻrdasiga borishga qaror qildi. Kamonini boʻyniga taqdi, jomni va qalpoqni gilamchaga oʻrab qoʻltiqqa qisdi, asta-sekin Mohistaraning oʻrdasiga ravona boʻldi. Oʻrdaga ham yetdi.
Shu joyda biroz turdi.
Lekin bundan bir qancha kunlar ilgari necha oʻn minglab kishilar bilan toʻlgan bu maydonda endi shahzodaning bir oʻzidan boshqa hech kimsa yoʻq edi. Shahzoda nogʻoraning ostiga keldi va chala boshladi.Mohistara oʻrdada qirqin qizlari bilan oʻyin-kulgiga mashgʻul, otasi ham oʻz xonasida allanimalarni oʻylab oʻtirar edi. Birdan nogʻoraning tovushini eshitdilar.
Shunda Mohistara:— Yana qanday kuni bitgan keldi?!
— dedi.Otasi shoh Salom: “Yana qanday shoʻrli otaning oʻgʻli keldi ekan!” dedi va bezovtalandi. Mohistara magʻrurona kular, qizlar va boshqa oʻrda ahllari yana tashvishga tushgan edilar.
Nihoyat, Mohistaraning odamlaridan biri oʻrda darvozasini ochib maydonga chiqdi. Maydon kishilardan xoli, biroq kimdir hadeb nogʻora qoqish bilan mashgʻul. Bu kishi nogʻoraning tagiga bordi va shahzodani koʻzdan kechirdi, unga birmuncha vaqt qarab-qarab, kulimsirab soʻradi:— Ha, birodar! Nima uchun nogʻorani qoqasan?Shahzoda aytdi:— Men malikai Mohistaraga oshiq boʻlib keldim. Uning huzuriga kirib oshiqligimni izhor qilmoqchiman, — dedi. Mohistaraning kishisi oʻrdaga kirib:— Ey malikam! Maydonga bir devona kelibdir.
Boʻynida kamon, qoʻltigʻida eski-tuski narsalari ham bor. “Men malikai Mohistaraga oshiq boʻlib keldim. Uning huzuriga kirib, oshiqligimni bayon etmoqchiman!” deydi, — dedi.Malikai Mohistara oyim muloyim kuldi va: “Unday devonalarga yoʻl boʻlsin!” dedi.Shahzoda nogʻoraning tagida kutdi.
Biroq kirib ketgan kishidan darak boʻlmadi. U yana nogʻorani chaldi.
Biroq Mohistara unga parvo qilmadi. Mohistaraning otasi oʻz mulozimlaridan biriga nogʻora chalayotgan kishini olib kirishni buyurdi. Mulozim shahzodani koʻrib, ermaklagan kabi jilmaydi va uni oʻrdaga boshladi. Oʻrdaning ichi keng hovli, butun yerlar marmardan ishlangan. Atrofda naqshinkor uylar, qarshida alohida bir uy bor. Mulozim shahzodani shu uyga boshladi. Uyga qirq zina bilan chiqdilar. Uyni qurolli yigitlar qoʻriqlab turibdi. Bular katta bir xonaga kirdilar.
Uyga qip-qizil gilamlar toʻshal-gan, devorlari arslonlar, yoʻlbarslar, ajdarlarning qoʻrqinchli va haybatli suratlari bilan naqshlangan. Bu Mohistaraning otasi turadigan uy edi. Bu shohona uydagi oltin taxtda soqoli mosh-guruch bir kishi oʻtiribdi. U:— Marhamat qiling, ey aziz yigit!
— dedi va joy koʻrsatdi.Shahzoda bu kishining Mohistaraning otasi ekanini taxminladi va koʻrsatgan joyiga oʻtirmay, turgan joyida egilib, taʼzim qildi. Taʼzimdan bosh koʻtarib, ikki qadam yurib yana taʼzim qildi.
Shunday qilib shoh Salomning qoshiga borguncha, yetti yerda taʼzim qilib, uning qoʻlini olib oʻpdi va orqasi ila yurib borib yana joyida tikka turdi. Shohning ikkinchi marta qilgan taklifidan soʻng oʻtirdi. Shoh Salom shahzodaning odobiga va axloqiga qoyil boʻlib, uning yoniga oʻtirdi, xizmatchilarini chaqirib, dasturxon keltirishni buyurdi. Shohning odamlari shohona dasturxonlar yozdilar va turli-tuman noz-u neʼmatlar tortdilar. Shoh shahzodani ziyofat qildi. Ziyofat tamom boʻldi. Dasturxonlar yigʻilgach, shoh Salom shahzodadan nima ish bilan kelganligini soʻradi. Shahzoda:— Ey, shohi olam! Mening bir qoshiq qonimdan keching!
— dedi.Shoh soʻzlashga ijozat bergach, shahzoda yana dedi:— Oshiqlar uyalishni bilmaydilar. Men oshiqman. Qizingizning nomi butun olamga ketdi. Unga qancha kishilar oshiq-beqaror boʻlibdilar. Men ham oʻsha oshiqlarning biri, Mohistaraning shartini bajarib, sizga farzand boʻlsam, deyman, — dedi.Shunda shoh Salom aytdi:— Ey, oʻgʻlim! Xudo menga farzand bermadi, balki bir balo berdi. Siz shunday yosh, yaxshi yigit ekansiz, siz oʻzingizni u baloga urmang. U qiz emas, bir jallod. Jallod xalqi oshiqlikni biladimi?Agar siz uylanmoqchi boʻlsangiz men sizga Mohistaradan ham chiroyli qiz topib beraman.
Ammo siz Mohistaraga roʻpara boʻla koʻrmang!
— dedi.Shahzoda: “Meni sinash uchun shunday deyayotgan boʻlsa kerak”, degan fikrni xayolidan oʻtkazib:— Mohistaraning yomonlik bilan emas, balki goʻzalligi bilan nomi chiqqan. Mening koʻnglimni sovitish uchun bu soʻzlarni aytayotibsizmi? Mohistaraning oʻzi emas, balki koʻzi jalloddir, — dedi.
Shunda shoh:— Xudo Mohistaraga haqiqatan shunday goʻzal husn berdi.
Lekin u shu chogʻgacha hech kimni yoqtirmadi. Uni gʻoyibona sevib, shohlar, shahzodalar, boylar, boyvachchalardan juda koʻplari keldilar. Men ularni qaytardim, qaytmadilar, Mohistaraning shartlarini bajara olmay, nobud boʻldilar. Oʻrdaning devoriga qoqilgan kallalar ikki mingga yetdi. Bilmadim, bu qonlar kimning boʻyniga tushar ekan! Toʻkilgan qonlar uchun juda ham bezovtaman. Bu jallod qiz yo birovni yoqtirib tegib ketmadi, yoki oʻlmadi!
— dedi. Podshoh shahzodani shu xil gaplar bilan koʻp qaytardi.
Biroq shahzoda qaytmadi:— Oshiq kishi uchun oʻlim chikora?! Agar uning shartlarini bajara olmasam, bir diydorini koʻrib oʻlsam ham armonim yoʻq, — dedi.Shahzodaning qaytmasligini bilib, podshoh qizlarni chaqirib, “Uni Mohistara bilan uchrashtiringlar”, dedi. Qizlar Mohistaraga yoʻliqib qaytdilar va “Unday devonalar bilan soʻzlashishga vaqtim yoʻq!” degan javobini aytdilar.
Shunda shoh: “Oshiqlik shohga ham bir, gadoga ham bir!” dedi. Qizlar “qulluq” qilib shahzodani boshladilar. Qizlar shahzodani oʻng qoʻldagi uylardan biriga olib kirdilar, ichkaridan ruxsat boʻlgandan soʻng shahzoda ichkariga kirdi. Uyning oʻrtasiga oppoq ipakdan necha qavat koʻrpa toʻshalgan. Pardaning narigi tomonida bir chiroq butun uyni yoritib turibdi. Shahzoda kirgandan soʻng, pardaning narigi yogʻidan ovoz chiqdi:— Keling, mehmon yigit! Marhamat qilib oʻtiring!Shahzoda oʻtirdi.
Soʻngra qizlar shahzodaning oldiga dasturxon yozib, turli-tuman ovqatlar qoʻyib, uni mehmon qildilar. Dasturxon yigʻishtirib olingandan soʻng, yana pardaning orqasidan tovush keldi. Bu malikai Mohistaraning tovushi edi. Malikai Mohistara goʻzal, oʻzi misoli chiroqdek nur berib, butun uyni yoritar edi. Jamolining munavvarligi, nurining oʻtkirligi kirgan kishining koʻzini olar edi.
Shu sababli uyning oʻrtasi yetti qavat parda bilan toʻsib qoʻyilgan edi. Mohistara aytdi:— Ey mehmon, nima xizmat bilan keldingiz?Shahzoda aytdi:— Jonim joningizga tasadduq boʻlsin, tovushlaringizdan oʻrgilay. Mohistaraxon, men sizga oshiqi beqaror boʻlib keldim. Yo maqsadga yetkazing yoki jonimni oling!
— dedi. Unga javoban:— Mehmonjon, siz yaxshi yigit ekansiz. Bu fikrdan qayting. Men oshiqlarga shart qoʻyaman. Shartimni bajarsa, meni oladi. Bajara olmasa, boshi kesiladi. Mening shartim ogʻir, bajara olmasdan siz ham oʻlib ketmang!
— dedi Mohistara. Shahzoda aytdi:— Ey Mohistaraxon! Sizning yoʻlingizda bir kallam ekan, agar ming kallam boʻlsa ham tikar edim.
— Agar sizga xotin kerak boʻlsa, men boshqa nozanin qizlardan topib beraman, — dedi Mohistara.
— Oshiqning dili uchar qush emaski, goho bu gulga, goho u gulga qoʻnsa, u holda oshiqlikning nimasi qoladi. Men sizning haqiqiy oshigʻingizman, — deb javob berdi shahzoda.Shunda Mohistara:— “Men Mohistaraga oshiq boʻlib keldim. Agar shartini bajara olmay oʻlib ketsam, hech kim daʼvogar boʻlmasin” deb tilxat berasiz va muhringiz boʻlsa, uni bosasiz. Shartim shuki, siz bu kecha oʻrdada qolasiz. Ertaga kechqurun shahar xalqi toʻplanadi. Siz shularga oʻzingizni koʻrsatib, nogʻorani qoqasiz, qizlar sizni ularning koʻz oldida oʻrdamga olib kiradi.
Soʻngra sizga bu kecha muhlat, shu muhlat ichida meni gapirtirsangiz, men siznikiman, — dedi.Shahzoda qabul qildi.Ertasi shaharga karnay-surnay bilan xabar qilindi. Maydonga xalq toʻplandi. Bir zamon bir chekkadan eski-tuskilarini qoʻltiqlab shahzoda chiqib keldi, borib nogʻorani qoqdi. Xalq buni koʻrib, barisi “Bu devona-ku! Bunga Mohistara tegarmidi?” dedi.
Biri: “Bu haqiqiy oshiqqa oʻxshaydi, oʻzini devonasifat qilib olibdi”, desa, biri: “Bu devonani Mohistara xonasiga kirgizmay, haydab soladi” dedi; biri esa: “Hay attang, yosh ekan, bekordan-bekorga oʻlib ketadi”, derdilar.Darvoza ochilib, shahzodani qizlar oʻrdaga olib kirdilar. Xalqqa ertaga erta bilan kelinglar, deb xabar qilindi, xalq tarqaldi. Shahzoda oldin qizning otasi shoh Salomga yoʻliqib, salom berdi.
Soʻngra uni Mohistaraning kechagi boʻlmasiga olib kirdilar. Shahzoda kechagi oʻrinda oʻtirdi, Mohistara oyim pardaning narigi yogʻida oʻzini koʻrsatmay oʻtirdi. Mohistara shahzodani shirin gaplar bilan qarshi oldi. Oldiga shohona dasturxon yozdirdi. Shirin-shirin soʻzlar qildi. Vaqt xuftondan oʻtgan edi. Mohistara:— Mana, endi sizga ruxsat, mening shartimni bajarishga kirishing, — dedi va oʻtirgan joyiga uzala tushib yotdi. Shahzoda Mohistarani gapirtirish uchun turli-tuman gaplarni soʻradi. Mohistara javob bermadi.
Har xil hikoyalar aytib, kishi ixtiyorsiz gapirishi mumkin boʻlgan gaplarni aytsa ham gapirmadi. Gapira-gapira charchadi, oxirida loaqal bir kular-ku, deb har xil qiziqchiliklar, masxarabozliklar qildi, lekin qiz gapirmadi. Mohistara uxlab qoldi, men ham dam olayin deb shahzoda uyquga ketdi. Bir vaqt Mohistara sekin pardani koʻtarib qarasa, shahzoda uxlab yotibdi. Mohistara aytdi:— Ey, bechora oshiq! Ahvoling shu ekan-ku, mana endi ertaga ertalab oʻlasan, kallang devorga qoqiladi!
— dedi. Shahzoda uxlamasdan oʻzini uxlagan kishiga solib yotgan edi. Koʻzini sal ochib qarasa, Mohistara juda ham chiroyli, juda ham nozanin ekan. Shahzoda mahliyo boʻlib tamoman erib ketdi.Mohistara pardani qoʻyib yubordi va narigi yoqdagi eshikni ochib, boshqa bir uyga kirib ketdi.
Shu payt uy qorongʻulashib qoldi. Shahzoda hayron boʻlib oʻrnidan turdi. Qalpoqni kiydi, qolgan narsalarini qoʻltiqqa urib, pardani koʻtarib ichkariga kirdi. Undan Mohistara kirgan uyga kirdi.
Shu payt Mohistara undan narigi uyga kirdi. Orqasidan shahzoda ham kirdi. Mohistara qaysi uyga kirsa, uning oʻn tort kunlik oydek jamoli qorongʻu uyni yoritar edi. Bu soʻnggi uyning butun devorlariga urush kiyimlari va yaroq-aslaha osilgan. Mohistara ust kiyimlarini yechdi. Devordan boshqa kiyim olib kiydi. Xuddi oʻn sakkiz yashar bir yigit boʻldi. Yana devordan uchiga changak bogʻlangan qayish oldi-da, bu uydan chiqib ketdi. Orqasidan shahzoda ham chiqdi. Bu tomon katta bir bogʻ ekan.
Mohistara shu bogʻni oralab, bogʻning chekkasiga yetdi va devorga arqonni tashladi. Arqon devorning narigi tomoniga oshib tushdi. Mohistara arqonni tortib, changakni devorga ilintirib, soʻngra arqonga ilashib devorga chiqdi.Undan changakni devorning bu tomoniga sanchib, arqonga osilib, devorning narigi tomoniga tushdi.Shunda shahzoda gilamni yozdi va ustiga oʻtirib, bu ham devordan oshdi. Qarasaki, Mohistara ketib boradi, har qadamda yuz chaqirimlik joyni qadamlaydi.
Mohistara shu xil dev qadamlar bilan bir soatcha yurib bir qoʻrgʻonga kirib ketdi. Shahzoda ham kirdi va gilamni qoʻltiqlab oldi. Qoʻrgʻon ichkarisida bir uydan chiroqning yorugʻi koʻrindi. Mohistara shu yorugʻ chiqqan uyga qarab yurdi. Qalpoqning ostida shahzoda ham bora berdi. Mohistara uyning eshigini ochib, ichkariga kirdi.
Uni bir kampir qarshi oldi va:— Keldingmi, qizim Mohistara, oʻrtoqlaring senga mahtal boʻlib qarab qolishdi, — dedi.Mohistara kampir bilan soʻrashib, yoʻl kiyimlarini yechib, yaxshi kiyimlar kiyib, ichkari uyga kirdi. Ichkari uy benihoyat chiroyli bezalgan uy ekan. Bu uyda oʻn toʻrt kunlik oydek toʻlib, ikki barno qiz oʻltirgan ekan, ular turib kelib Mohistara bilan koʻrishdilar va: “Ey, oʻrtoqjon, nega bugun kechikdingiz?” dedilar.
Shunda Mohistara:— Ey oʻrtoqlar, oʻrdamga bir devona kelibdi. “Senga oshiqman” deydi, kechadan beri boshimni qotiradi. Uni uxlatib kelyapman. Ertaga kallasi kesiladi, borib tomosha qilasizlar!
— dedi. Qizlar: “Bechora oshiq”, deb kulishdilar.
Shunda kampir:— Osh tayyor, keltiraveraymi?
— dedi. Boyagi qizlardan biri:— Keltiring, kech qoldik!
— dedi. Kampir qizlarning qoʻliga suv quydi va osh keltirdi, oʻzi ham qizlarning yoniga oʻtirdi. Bularga bildirmay shahzoda ham oʻtirdi. Osh yeyila boshlandi.Bu holat shahzodaga oʻz yorining yonida, xuddi er va xotinlarcha oʻtirgandek tuyular edi. Osh yeyilib boʻlgach, qizlardan biri:— Ona, bugun oshni oz qilganmidingiz, toʻymadik, — dedi. Kampir aytdi:— Bilmadim, qizim! Kunda solgan guruchni solgan edim, oʻzim ham toʻymadim, hammalaring kech qolgan bozorchini yeguday boʻlib qolgan ekansiz, — dedi.
Shunda qizlar qah-qah urib kulishdi. Kampir dasturxonni yigʻishtirib olib, choy keltirdi, hammalari bir piyoladan choy ichib boʻlgach, malikai Mohistara:— Boʻlmasa tezroq qoʻzgʻalaylik, opamiz bizga intiq boʻlib qolmasin!
— dedi. Qizlar oʻrinlaridan turib, tashqariga chiqdilar. Tashqarida bir oltin soʻri bor ekan. Qizlarning hammasi shu soʻriga chiqib oʻtirdilar. Qizlardan biri soʻrining murvatini buragan edi, soʻri oʻz-oʻzidan qoʻzgʻalib, osmonga koʻtarilib ketdi. Shahzoda qarasaki, qizlar osmonga uchib ketib boradilar.
Shunda shahzoda ham gilamga oʻtirib, qizlarning ketidan osmon-falakka uchib chiqib, qizlar bilan qorama-qora keta berdi. Bir necha fursat oʻtgandan keyin qizlar pastlay boshladilar, shahzoda ham pastlab uchdi. Bir vaqt shahzoda pastga qarasa, bir joyda yorugʻ koʻrindi. Qizlar shu yorugʻlikka qarab bordilar va oxirida shu joyga kelib qoʻndilar. Shahzoda ham qoʻndi. Bu joyda katta bir bogʻ boʻlib, yorugʻlik shul bogʻdan chiqar edi. Qizlar soʻrini tashqarida qoldirdilar, shoshilgancha bogʻga kirib ketdilar.
Shahzoda gilamni qoʻltiqqa joylab, qalpogʻining ostida hech kimga koʻrinmay, qizlar ketidan kirib bora berdi. Bogʻning chor atrofi marmardan, kungiralari oltindan edi. Bogʻ ichida turli tomonga yoʻlaklar ketgan, yoʻlakning ikki chekkasida ariqcha, ariqchada oppoq sutga oʻxshash suv limmo-lim, bir ariqdan bir yoqqa, ikkinchi ariqdan orqaga qarab oqib boradi. Yoʻlakka oʻrnatilgan gavharning yorugʻidan butun bogʻlar munavvar boʻlib turibdi. Ariqchalar boʻyiga turli-tuman gullar ekilgan, gul ishqida bulbullar sayrashib yotibdi.
Bu gulzorlarning atrofiga har xil, xushqomat daraxtlar ekilgan. Yoʻlak juda ham toza, xuddi yogʻ tushsa, yalaguday. Qizlar bogʻ oʻrtasidagi maydonga borib yetdilar. Bu maydonning osti marmar va chinnilardan ishlangan, butun atrofiga oltin kursilar oʻrnatilgan, bir tomoniga oltin taxt qurilgan. Maydon atrofidagi hamma kursilar zebo qizlar bilan liq toʻlgan, oltin taxt ustida shu goʻzallarning malikasi oʻtirar edi. Qizlar maydonga kirgandan soʻng, bundagilar:— Ana, ana Mohistaralar ham kelishdi, — dedilar.
Qizlar oldin oltin taxt ustidagi malikaga, soʻngra atrofdagi sanamlarga qarab egilib-bukilib salom qildilar.
Shunda taxt ustidagi goʻzallar malikasi:— Singlim, Mohistara! Bugun juda kech qolding! Hammamiz senga koʻz tutdik, nega kechikding?
— dedi. Mohistara:— Opajonim, kechiring, bugun kechikishimning sababi bor. Bir bechora devona menga oshiq boʻlib kelibdi, sizni sevaman, deydi, sizga yetmasam, oʻlaman, deydi.
Shu devonani aldab-suldab uxlatguncha qiynaldim. Uxlatib kelmoqdaman, ertaga uning oʻlimini tomosha qilasiz, — dedi.Malikai Mohistara va u bilan birga kelgan goʻzal qizlar oʻzlari uchun belgilangan joyga oʻtirdilar. Oʻzaro biroz chaq-chaqlashishgandan soʻng, malikaning ruxsati bilan qizlar oʻyin-kulgi boshlamoqchi boʻlishdi. Bu joy parilar mamlakati edi. Mohistaraning onasi shu parilardan boʻlib, har kuni kechasi shu joyga kelib, parilar bilan oʻyin-kulgi qilar edi.
Bu bogʻ shu parilar mamlakati podshohining goʻzal qizi Badia parining bogʻi edi. Oltin taxtda oʻtirgan xircha bel, yupqa tomoq, bodom qovoq, qora koʻz, qora qosh, tannoz oyim shul Badia pari edi. Qizlardan bir guruhi turli sozlar chaldilar. Cholgʻu sadosiga bogʻdagi qushlar ham quloq soldilar. Cholgʻu ketidan ashula va oʻyinlar boshlandi.
Soʻngra tanaffus eʼlon qilindi. Qizlar ikkita-ikkita, uchta-uchta boʻlishib, bogʻni aylanib ketishdi. Malikai Mohistara qizlarga aytdi:— Oʻrtoqjonlar! Men juda uyqudan qolganman. Loaqal tanaffus oʻtguncha uxlab olayin deb soʻriga uzala tushib uxladi.
Shunda shahzoda oltin jomni suvga toʻldirib: “Ey jom shul paytda mening jonim Mohistaraning jasadiga, Mohistaraning joni mening jasadimga kirsin”, dedi.Aytgani boʻldi, Mohistaraning joni shahzodaning jasadiga kirib, soʻrida uxlab qola berdi. Shahzoda Mohistara boʻlib, bogʻga kirib ketdi. Tanaffus tugab, qizlar toʻplandilar. Shahzoda Mohistara boʻlib, uning oʻrnida oʻtirdi. Yana oʻyin, ashulalar boshlandi. Qizlardan birisi turib: “Endi Mohistara oʻynab bersin!”— dedi. Hamma qarsak chaldi.
Shunda shahzoda Mohistara boʻlib oʻynab ketdi. Ular bunday yoqimli oʻyinni endigina koʻrardilar. Shahzoda oʻyindan toʻxtagach, hamma oʻyinchini olqishladi. “Mohistara ashula aytib bersin!” degan taklif tushdi. “Mohistara” oʻrtaga tushib shu qadar ashula aytdiki, qizlarning boʻgʻinlari boʻshab, simobday erib ketdilar. Qizlar ustma-ust qarsaklar chalishib, “Mohistara”ga qayta-qayta ashula ayttirdilar.
Shunda parilar malikasi xursand boʻlib, “Mohistara”ni oʻz huzuriga chaqirdi:— Qaddingdan ketay, Mohistaraxon!
Shunchalik oʻyin va ashulalar bilar ekansan, shu qadar yoqimli ovozing bor ekan, nega shu kungacha bildirmading? Oʻyin va ashulalaring menga yoqqanidan hozir ustingdan zarlar sochmoqchi edim, biroq xazinadan uzoqdaman. Kel, qoʻzim! Senga oz boʻlsa ham, shu kun yangi tiktirib kelgan koʻylagimni kiydiray!” dedi va ustidagi qimmatbaho shohona koʻylagini yechib, “Mohistara”ga kiydirdi, “Mohistara”ning peshonasidan oʻpib oldi. Bu marosimni hamma olqishladi.
Soʻngra yana tanaffus boʻldi. Shahzoda darrov bogʻdagi soʻri oldiga chiqdi va jomga qarab: “Endi mening jonim oʻz jasadimga, Mohistaraning joni oʻz jasadiga kirib, Mohistara uygʻonsin!” dedi. Aytgani boʻldi va oʻzi darhol qalpoqni kiyib, koʻrinmaydigan boʻlib oldi. Mohistara bir aksirib oʻrnidan turdi, “Voy oʻlmasam, uxlab qolibman, tezroq kirayin!”—dedi-da, oʻrnidan turib, darhol bogʻga kirdi. Bogʻga kirsa hali tanaffus tugamabdi, hamma qizlar bogʻni sayr qilib yurishibdi.
Mohistara oradan qancha vaqt oʻtganini bilmay, “Xayriyat, kechikmabman!” deb borib oʻz oʻrniga oʻtirdi. Oʻyin boshlanar chogʻda, “Mohistara oʻynab bersin!” degan taklif tushib, uzoq vaqt chapak chalindi. Mohistara “Men oʻyinni bilmayman!” degan edi, malika “Singlim, yana bir oʻynab ber, oʻyinni bilmaganing shu boʻlsa, bilganing qanaqa boʻlar ekan?!” dedi. Mohistara oʻrtaga tushib oʻynashga majbur boʻldi.
Biroq Mohistaraning oʻyini sira qovushmadi, “ilgarigidek” qilib oʻynolmadi.
Shunda qizlar “Boʻlmasa ashula aytib bersin!” dedi. Mohistara ashula aytdi, ovozi hech kimga yoqmadi.
Shunda malika aytdi:— Mohistara, singlim! Hali bir yaxshi oʻynagan, ashula aytgan eding! Tanaffusda bogʻda yurib shamollabsan, tobing qochganga oʻxshaydi, ovozlaring daranglab qolibdi. Oʻyining ham, ashulang ham kelishmadi!
— dedi. Mohistara esa:— Bilmadim, opajon, shunday boʻlsa kerak!
— dedi.Soʻngra boshqa qizlar oʻyin-kulgi qildilar. Tun gʻildiragi gʻildirab bir joyga borganda, sahar qushlarining tovushi kela boshlagan edi, qizlarga ketishga ruxsat boʻldi. Ular malika bilan xayrlashib, har qaysisi oʻzi kelgan joyiga keta boshladi. Mohistara va boyagi ikki qiz chiqib, soʻriga oʻtirib parvoz qildi. Ketlaridan shahzoda ham uchdi. Bular kampirnikiga tushib, soʻrini shu joyda qoldirib, kampir bilan xayrlashib, oʻz joylariga joʻnadilar. Shahzoda ham Mohistaraning ketidan yoʻl oldi.
Bir damda Mohistaraning oʻrdasiga yaqinlashdilar.Shahzoda malikadan oldin uyga kirdi va oʻrniga yotib, uxlagan kishi boʻlib xurrak ota berdi.Mohistara uyga kirib, safar kiyimlarini yechib, oʻz kiyimlarini kiyib, oʻz xonasiga kirdi. Kirib qarasa, shahzoda xurrak tortib uxlamoqda. Mohistara shahzodaga qarab: “Ey bechora, ahvoling shu ekan-ku, senga oshiqlikni kim qoʻygan edi.
Mana endi, erta bilan sen ham oʻlasan!”— dedi-da, oʻz oʻrniga uzala tushib yotdi.Oradan biroz fursat oʻtgach, shahzoda ust-ust ikki marta aksirib, goʻyo uyqudan uygʻongan boʻlib, hovliqib oʻrnidan turdi-da, yoriga qarata soʻzladi; Mohistara shahzodaning bu ahvoliga oʻz-oʻzicha kulgan boʻldi, joyida yotib, uning ahvolini tomosha qilmoqchi boʻldi, shahzoda aytdi;— Ey jonim va suyukligim, goʻzal Mohistara! Men juda ham ajab tush koʻribman.
— Mohistara bu devona nima tush koʻrgan ekan deb kulimsiradi.
— Quloq solib turing, koʻrgan tushimni aytaman. Tushimda siz oʻrindan turib, narigi uyga kirib erkakcha kiyim kiyinib, tashqariga chiqibsiz. Orqangizdan men ham chiqibman. Siz bogʻni oralab devordan oshib, bir tomonga joʻnabsiz. Ketingizdan men ham joʻnabman. Bir qoʻrgʻonga yetib, qoʻrgʻondagi bir uyga kiribsiz. Sizni bir kampir xotin kutib olibdi. Ichkarida oʻrtoqlaringiz bilan koʻrishibsiz. Kampir osh keltiribdi, yebsizlar. Men ham yebman, oshga toʻymabsizlar.
Oshdan soʻng oltin soʻri bilan uchib borib bir bogʻga tushibsizlar. Bogʻda bir toʻda goʻzallar va ularning malikasi sizlarni kutib turgan ekan. Siz malikaga: “Bugun kechikdim, sababi shu boʻldiki, menga bir devona oshiq boʻlib kelibdir.
Shuni uxlatib kelayotirman. Ertaga oʻlimini tomosha qilasiz!” debsiz. Oʻyin-kulgi boshlanibdi, yarim soatlik tanaffus vaqtida siz soʻriga chiqib uxlabsiz.
Shunda men, sizning jasadingizga oʻzimning jonimni, oʻz jasadimga sizning joningizni kiritib, men siz boʻlib, qizlarning ichiga kirib qizlar oʻrtasida yoqimli oʻyinlar oʻynab, yoqimli ashulalar aytibman. Mening oʻyin va ashulalarim bazmdagilarga juda ham maʼqul boʻlibdi.
Shunda parilar malikasi Badiaxon mening yuzimdan oʻpib, ustidagi koʻylagini yechib, menga kiygizibdi. Agar ishonmasangiz, mana dalili, — deb koʻylakni Mohistaraning oldiga tashladi. Mohistara koʻylakni koʻrsa, haqiqatan malikaning koʻylagi, shunda hayronlikdan malikaning tili lol boʻldi. Shahzoda soʻzini davom ettirib, barcha boʻlib oʻtgan voqealarni aytib berdi.Shunda Mohistara oyim, badanlari muloyim, shahzodaning gaplarini toʻla eshitib, uning hamma aytganlari rost ekanini bilib, hayron va sarosimada qolib, telbalardek bezovtalandi va beixtiyor pardani koʻtarib:— Ey qaddi shamshod, soʻzlari shahd-u shakar, goʻzal yigit!
Dunyoda mening oshiqlarim koʻp edi. Men shu goʻzal husnim bilan husnlar shohi edim, oshiqlarimni esa husnimga hujum etuvchi dushmanlar hisoblab, oʻlimga hukm qilardim. Bu uyga kirganlardan birortasi mening shartlarimni bajara olmadi va oʻrda darvozasidan tirik qaytib chiqmadi.Siz ham oshiqsiz. Men husn podshohi boʻlsam, siz oshiqlar podshohisiz, ikki podshohning jangida husnlar podshohi yengildi, — dedi.
Shunday qilib, shahzoda malikai Mohistaraning shartlarini bajardi. Umid gʻunchalarining gullari ochilib, gullarning ochilishini bulbullar, toʻtilar, qumrilar olqishladilar.Malikai Mohistaraning oshiqlari uning shartini bajarishga tutingan chogʻlarda butun shahar xalqi va butun oʻrda ahlining koʻksida oʻtlar yonib, ogʻir gʻam va oʻy yuki ostida qolar, oshiqning taqdirini kutar edilar. Shahzoda Shavkat Mohistaraning xonasida uzoq qolgach, koʻplar uxlay olmadilar. Shahzodaning gʻamida qaygʻurib chiqdilar.
Tong otdi. Jallod oʻrnidan turdi, qoziqqa ilingan qindan qonli pichoqni chiqarib, toshga qayrab, yana qiniga solib, taqinib oldi. Butun tunning tezroq oʻtishini kutgan, oʻzini yosh bir gʻunchaning koʻzlarini baqraytib kallasini olayotganday tasavvur qilib zavqlangan bu xunuk va sovuq kishi malikaning oʻrdasidan “gunohkor”ning chiqishini kutar edi. Maydonga xalq toʻplandi. Mohistaraning oldiga kirgan oshiqning chiqish vaqti yaqinlashdi. Har kimning ogʻzida: “Agar yigit malikaning shartini bajargan boʻlsa, shu choqqacha chiqar edi.
Shu choqqacha chiqmadi, demak, shartini bajara olmadi. U eng soʻnggi daqiqada ham harakat qilib koʻray deb, urinib yotgan boʻlsa kerak. Baribir bajara olmaydi. U ham bugun oʻladi” degan vahimali gaplar yurar edi. Hamma uni oʻlimga bichib qoʻydi. Mana, yigitning chiqish vaqti boʻldi. Xona tashqarisidagi qizlar ham koʻz yoshi toʻkib yigitning chiqishini kutdilar, biroq yigit chiqmadi. Qizning otasini xabardor qildilar. Shoh Salom ham hayron qoldi.
Oradan biroz vaqt oʻtdi, shahzoda chiqmadi. Tashqarida xalq darvoza ochilishini va qoʻlida qonli kalla koʻtargan jallodning chiqishinigina kutar edilar. Hamma gʻamgin.
Oradan bir soat oʻtdi. Mohistara bilan yigitdan darak yoʻq.
Shunda shoh Salom bu ahvoldan xavfsiradi, Mohistaradan ruxsatsiz boʻlsa ham uyiga kirib, xabar olishga farmon berdi. Qizlar sekingina Mohistara uyining eshigini ochib, ichkariga kirdilar. Yigit oʻz oʻrnida yoʻq. Shoshilib pardani koʻtardilar va Mohistara bilan shahzodaning birga oʻtirganlarini koʻrdilar. “Oshiq Mohistaraning shartini bajaribdi”, dedilar-da, ahvolni shoh Salomga bildirdilar.
Shoh Salom xushxabardan shodlanib, xazinachini chaqirdi va xabarchi qizning boʻyi barobar tilla sochdi, shodiyona karnay-surnaylar chalindi. Ahvol tezdan hammaga maʼlum boʻlib, hamma xursand boʻldi. Xalq xursand boʻlib, shahzodaga ofarinlar aytib tarqaldi. Faqatgina oʻrdadagi jallod bu ishdan xafa edi, xolos. Karnay-surnay tovushi bilan Mohistara va shahzoda ham oʻrinlaridan turdilar. Shoh Salom qizning orqasidan koʻp qonlar toʻkila berganidan, “Yo shu qizim birortaga tegsa, yo oʻlsa edi!” der edi.
Bu kun u oʻzining shu tilagiga yetdi, shahzoda bilan qizini tabriklab, shahzodaga shohona kiyimlar kiydirib, xursandlikdan mamlakatga toʻy berdi, xazinadan tilla-tangalarni socha berdi.Oradan bir hafta oʻtdi.
Bir kuni Mohistara bilan shahzoda Mohis-taraning Eram bogʻida sayr qilib yurishgan edi. Osmonda toʻrtta kaptar paydo boʻldi. Kaptarlar yerga qoʻngʻach, darhol pari qizlarga aylandilar. Mohistaraga bir xat topshirdilar. Bu xatni parilar malikasi Badia pari yozgan edi. Mohistara xatni oʻqisa, Badia oyim Mohis-taraning bir haftadan beri bormaganidan xafa boʻlibdi. Mohistara oyim qoʻliga qalam va qogʻoz oldi va butun voqeani bayon qilib xat yozdi, xatni pari qizlarga topshirdi.
Parilar xatni olib, kaptar boʻlib uchib ketdilar va Badia oyimning huzuriga borib, xatni topshirdilar. Badia oyim xatning mazmuni bilan oshna boʻlgach, rangi-quti oʻchdi, butun badanini titroq bosdi, peshonasiga bir shapati urdi-da, “Ishim xarob boʻlibdi!” dedi va oh urib, oʻzini koʻrpaga tashladi. Badia paridagi bu oʻzgarishni koʻrgan pari qizlarni qoʻrquv bosdi. Har birlari Badia parining atrofida parvona boʻlib: “Nima boʻldi, opajon, biror narsa boʻldimi, nega bezovta boʻlyapsiz?” deb hol soʻray boshladilar.
Badia pari xafalikdan ularga bir soʻz ham aytmadi.
Shundan keyin Badia oyim qoʻliga qogʻoz va qalam olib, Mohistaraga quyidagilarni bildirib, salom xat yozdi:“Singlim, Mohistara! Salomdan soʻng maʼlum boʻlsinki, men bir haftadan beri sening uchun koʻp tashvishda edim. Xatingni olgach, voqeadan xabardor boʻldim. Sen xatingda, meni xudo urib qoldi, debsan, senga qoʻshib meni ham uribdi. Bilasanki, bu ishlar biz parilar uchun juda mushkul narsa, ayniqsa, men uchun.
Endi gap shuki, sen yoring bilan tezdan huzurimga kelgaysan, nima maslahat boʻlsa, kelganingdan soʻng boʻladi”.Kaptar qizlar xatni olib uchdilar va Mohistaraning bogʻiga borib tushdilar. Mohistara oyim Eram bogʻidan endi uyga kirib ketayotgan edi. Ular xatni Mohistaraga topshirdilar. Mohistara xatni olib oʻqidi, yuzi tovlanib oldi. Safar kiyimlarini kiyib, kerakli sovgʻa-salomlarini olib chiqdi, oʻzini va Shavkatni kaptar holiga kiritib, kelganlar bilan birga uchdilar va Badia parining gulbogʻiga tushdilar.
Mohistara yuz fikr va andishalar bilan Badia oyimga roʻpara kelib salom berdi va Shavkatni ham Badia oyimga taqdim qildi. Badia oyim Mohistaraning yuzida izza boʻlganlik alomatin koʻrib, unga taskin berish uchun muloyim gaplashib oʻtirdi.Shu kuni Badia oyim butun shahardagi qizlarini chaqirib, Mohistara va uning kuyovi sharafiga juda katta ziyofat berdi.Ertasi Badia pari Mohistarani bir xoli uyga chaqirib: “Goʻzal Mohistara! Ishlar nima boʻldi endi? Sen qanday qilib oʻsha kuni bu yigit — odamzodni boshlab kelding!
Men oʻsha kecha uning ashula va oʻyinlariga tahsin aytib, goʻyo bu oʻyin va ashulalarni ijro etuvchi sensan, deb uning peshonasidan oʻpibman. Sen bilasanki, pari xalqining taniga odamzodning tani tegmasligi kerak, agar tegdimi butun parilar olamiga dogʻ tekkan, sharmanda sanaladi. Uni parizodga emas, odamzodga berish kerak boʻladi. Men ham endi shunday boʻldim. Boʻlar ish boʻldi. Agar sen rozi boʻlsang, eringga meni ham nikohlab qoʻy.
Ikkalamiz ittifoq boʻlib, oʻla-oʻlguncha shuning xotini boʻlib oʻtamiz, u qayerga boshlasa, shu joyga ketamiz”, — dedi.Mohistara Badia parining taklifiga joni dili bilan rozi boʻldi, kechqurun Shavkatbekka Badia parini nikohladilar.Ertasiga Mohistaraning yurtiga koʻchib keldilar. Mohistaraning otasi qiziga qirq kecha-kunduz toʻy berdi.
Badia oyimning toʻyi ham birga boʻlib, qirq kecha-kunduz mamlakatda xursandlik boʻldi.Qirq kunlik toʻydan soʻng Shavkatbek qaynotasidan ruxsat olib, ikki xotini va pari qizlarni gilamga, qolganlarini Mohistaraning oltin soʻrisiga oʻtqazib uchdi. Bular osmonda bir qancha vaqt uchib borib, Sayyora oyimning bogʻiga tushdilar.
Osmondan uchib tushgan bu bir toʻda mehmonlarni koʻrgandan keyin Sayyora oyim, onasi Sanobar, otasi va tamomi pari qizlar shodlik bilan bularni kutib oldilar, qancha eʼzoz va ikromlar bilan yaxshi joylarga oʻtqazdilar. Sayyora oyim Shavkatbek ketgandan soʻng, uzoq vaqtgacha vaqtni yigʻi-sigʻi bilan oʻtkazgan va kecha-kunduz uning yana bir qaytib kelishini orzu qilar edi. Uning ota-onasi ham qizlarining ahvolidan xabardor boʻlganidan, u bilan teng azob tortar edilar.
Shavkatbek kelgandan keyin Sayyora oyim chuqur bir oh urib, uning quchogʻiga oʻzini tashladi.Mehmonlar oʻtirishdi, ular bilan mezbonlar hol-ahvol soʻrashgach, Sodiq savdogar va Sanobar oyim shahzoda Shavkatning malikai Mohistaraga uylanib kelganini koʻrib, uning gʻayrati va himmatiga tahsin va ofarinlar oʻqidilar.
Shu kecha mehmonlar sharafiga katta ziyofat, oʻyin-kulgilar boʻldi. Ertasi erta bilan choydan soʻng Sanobar oyim Badia paridan hol-ahvol soʻrab:“Ey parilar shohi, goʻzal Badiaxon! Qanday qilib bu joylarga qadam ranjida qildingiz?” dedi.
Shunda Badia oyim boshidan oʻtgan sarguzashtlarni va Shavkatbekning qanday qilib Mohistaraga uylanganini, Badia oyimni ham oʻz nikohiga olganini bir-bir soʻzlab berdi.Shunda Sanobar oyim aytdi: “Ana shunday boʻladi, Badiaxonim! Bir zamon men ham bir odamzod bilan qoʻl berib koʻrishib qoʻyganim uchun siz meni aybdor qilib, oltmish yilga surgun qilib yuborgan edingiz. Oʻzingizning boshingizga ham shunday ish tushibdi-ku!” deb taʼna qildi.
Shunda Badia pari Sanobar pariga aytdi: “Men ham taʼna qilasiz, deb oʻylab turgan edim. Sizning oldingizda izza tortib turishimning oʻzi yetar edi-ku!” dedi.Sanobar oyim mehmonlarni toʻrt-besh kun mehmon qildi, koʻngillarini chogʻ qildi. Shahzoda Shavkat oʻynab-kulib vaqt oʻtkazdi. Sayyora oyim yori shahzoda Shavkat kelgandan beri goho gul boʻlib ochiladi, sumbulday sochiladi, goho bulbul boʻlib sayraydi. Goho kiyik boʻlib sakraydi.
Bir kuni Sanobar oyim Mohistara bilan Badia oyimga aytdi:— Shavkatbekni yorim deb qayerlardan topib kelgan mening qizim Sayyoraxon edi. Taqdir shunday ekan, gulimizni hidlash sizlarga nasib boʻlibdir.
Endi Sayyoraxon ham oʻksinmasin, Sayyoraxonni ham Shavkatbekka beraylik, uchalalaring murosa qilib, kun oʻtkazinglar!
— dedi. Sanobar oyimning bu taklifiga Mohistara va Badia parilar xursand boʻldilar.
Shundan soʻng Sayyoraxon bilan Shavkatbekning toʻy taraddudiga kirishdilar. Bular shu joyda parilar mamlakatiga xat joʻnatdilar. Parilar mamlakati koʻchib kelganday, hamma yoqni pari bosib ketdi. Bu bogʻda qirq kecha-kunduz toʻy-tomosha qilib, Sayyoraxonni Shavkatbekka nikohlab berdilar.Shunday qilib, Shavkatbek parizod xotinlarni oʻz ota yurtiga olib borib, u joyda ham toʻy-tomoshalar qildilar. Shavkatbek goho parilarni oʻz ota yurtlariga olib borib, olib kelib, goho parilarning ota-onalari bu joylarga kelib-ketib, bordi-keldi, aloqalarini quyuq qilib, dunyoda qolgan umrini farogʻat bilan oʻtkazdi va murod-maqsadiga yetdi.